Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Saxovatli insonlar baxtlidir

Saxovatli insonlar baxtlidir

Berishning baxtiyorligi. HAVOR. 20:35

QO‘SHIQLAR: 16, 14

1. Nega Yahova saxiy Xudo deb ayta olamiz?

TANGRI YAHOVA yaratishni boshlashdan avval yolg‘iz O‘zi mavjud bo‘lsa-da, faqat O‘zi haqida o‘ylamagan edi. Aksincha, U barcha ongli mavjudotlarga, ya’ni farishtalaru odamlarga hayot in’omini ato etgan. «Baxtiyor Tangri» Yahovaga yaxshi narsalarni ulashish yoqadi. (1 Tim. 1:11; Yoqb. 1:17) Biz ham baxtiyor bo‘lishimiz uchun Xudo bizni saxiy bo‘lishga o‘rgatyapti. (Rim. 1:20)

2, 3. a) Nima uchun saxiylik bizni baxtiyor qiladi? b) Nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Alloh odamni O‘ziga o‘xshash qilib yaratgan. (Ibt. 1:27) Bu degani, biz Undagi fazilatlarni aks ettira olamiz. Shuning uchun, baxtli bo‘lishni istasak, Yahovaning o‘rnagiga ergashib, o‘zgalarga qiziqish ko‘rsatishimiz va saxovat bilan berishimiz lozim. (Filip. 2:3, 4; Yoqb. 1:5) Qiziq, nega? Javobi oddiy, Yahova mehr ila bizni shu tarzda yaratgan. Nomukammal bo‘lishimizga qaramay, Yahovaga saxiylikda taqlid qila olamiz.

3 Muqaddas Kitobdan qanday qilib saxovatli bo‘la olishimiz mumkinligini bilib olyapmiz. Keling, bu borada u yerda nima deyilganini yana bir bor yodga olaylik. Saxiylikni namoyon etgan holda Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lishimizga va bu fazilatni rivojlantirish, U bizga topshirgan vazifani bajarishimizga qanday qo‘l kelishi haqida so‘z yuritamiz. Saxiylik baxtiyorligimiz bilan qanday bog‘liq ekanini va nega uni rivojlantirishda to‘xtamasligimiz kerakligini ko‘rib chiqamiz.

QAY YO‘SIN XUDONING MARHAMATIGA SAZOVOR BO‘LISH MUMKIN?

4, 5. Yahova hamda Iso saxiylik borasida qanday o‘rnak ko‘rsatishgan?

4 Yahova biz Unga taqlid qilishimizni xohlaydi. Saxiy ekanimizni ko‘rib, U baxtiyor bo‘ladi. (Efes. 5:1) Tangri biz ham baxtli bo‘lishimizni istashi shubhasiz! Chunki U bizni ajoyib tarzda yaratgan, yerni go‘zal qilib barpo etgan va unda bor narsa bizga zavq keltiradi. (Zab. 104:24; 139:13–16) Shunday ekan, boshqalarni baxtli qilishga harakat qilganimizda, Xudoga sharaf keltiramiz.

5 Qolaversa, saxiylik borasida mukammal o‘rnak ko‘rsatgan Isoga taqlid qilamiz. Uning o‘zi shunday degan: «Inson O‘g‘li ham o‘ziga xizmat qildirishga emas, aksincha xizmat qilgani va ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida bergani kelgan». (Mat. 20:28) Havoriy Pavlus ham masihiylarni quyidagicha undagan: «Iso Masih kabi fikr yuritinglar. [...] U o‘zini barcha narsadan mahrum etib, qul qiyofasiga kirdi». (Filip. 2:5, 7) Har birimiz o‘zimizdan: «Qanday qilib Isoning ibratiga yanada yaxshiroq taqlid qila olaman?» — deb so‘rab ko‘rsak oqilona bo‘lardi. (1 Butrus 2:21 ni o‘qing.)

6. Iso samariyalik kishi haqidagi misol orqali bizni nimaga o‘rgatmoqchi edi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

6 Yahova biz Uning va Isoning mukammal o‘rnagiga taqlid qilsak quvonadi. Buning uchun boshqalarning farovonligini o‘ylab, ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish yo‘llarini izlasak bo‘ladi. Darhaqiqat, Iso samariyalik kishi haqidagi misolni aytib berib, izdoshlari hatto kelib chiqishi turlicha bo‘lgan odamlarga ham yordam berishlari kerakligini aniq ko‘rsatgan. (Luqo 10:29–37 ni o‘qing.) Esingizdami, Iso bu misolni nima uchun aytib bergan? Chunki yahudiy bo‘lgan bir kishi undan: «Mening yaqinim kim?» — deya so‘ragan edi. Isoning javobiga ko‘ra, agar biz Allohning marhamatiga sazovor bo‘lishni istasak, samariyalik kishi kabi saxiylik ko‘rsatishimiz zarur.

7. Qanday qilib Tangri barcha narsani a’lo tarzda bajarayotganiga amin ekanimizni ko‘rsata olamiz? Tushuntiring.

7 Masihiylar saxiy bo‘lishiga ko‘pgina sabablar bor. Misol uchun, bu fazilat Shayton Adan bog‘ida ko‘targan munozarali masala bilan bog‘liq. Qanday qilib deysizmi? Shayton Odamato bilan Momohavo va umuman olganda butun insoniyat faqat o‘zlarini o‘ylab, o‘z manfaatlarini Xudoga bo‘ysunishdan ko‘ra ustun qo‘yishsa baxtliroq bo‘lishadi deb ta’kidlagan. Momohavo Xudo kabi bo‘lish ilinjida xudbinlarcha yo‘l tutgan. Odamato esa Momohavoning ko‘nglini topaman deb xudbinlik qilgan. (Ibt. 3:4–6) Ular qilgan ishining natijasi hech kimga sir emas. Ha, xudbinlik baxt kushandasi bo‘lib, unga umuman qarama-qarshidir. Saxiy bo‘lsak, Tangri barcha narsani a’lo tarzda bajarayotganiga amin ekanimizni ko‘rsatamiz.

XUDO XALQIGA TOPSHIRGAN ISHNI BAJARISH

8. Nega ilk juftlik boshqalar haqida o‘ylashi kerak edi?

8 Gap shundaki, ilk juftlik Adan bog‘ida bo‘lganidayoq Alloh ularga boshqalarning manfaatini ko‘zlash borasida yo‘l-yo‘riqlar bergan. Yahova Odamato bilan Momohavoni qutlab, ularga serfarzand bo‘lishni va yer yuzini to‘ldirib, tobe qilishni buyurgan (Ibt. 1:28) Parvardigori Olam O‘z ijodlarining farovonligi haqida shu qadar qayg‘urgan bo‘lsa, unda ilk juftlik bo‘lajak farzandlarining baxtiyorligi haqida qanchalar qayg‘urishi kerak edi-a?! Xudo Odamatoning avlodi yer yuzini jannatga aylantirishini xohlagan. Bu ulkan loyiha amalga oshishi uchun o‘sib borayotgan oilaning hamkorlik qilishi kutilardi.

9. Nima uchun yer yuzini jannatga aylantirish xursandchilik baxsh etgan bo‘lardi?

9 Mukammal insonlar yer yuzini jannatga aylantirib, Yahovaning irodasini amalga oshirish uchun U bilan yaqindan hamkorlik qilishlari kerak edi. Shu yo‘sin, ular Uning farog‘atiga kira olishardi. (Ibron. 4:11) Bu loyiha qanchalik zavq baxsh etishi mumkinligini bir tasavvur qiling! Ular fidoyi bo‘lib, boshqalarga g‘amxo‘rlik qilganda, Yahova ularga qut-barakalar yog‘dirishi mumkin edi.

10, 11. Qay yo‘sin va’z qilish va shogird tayyorlash topshirig‘ini bajara olamiz?

10 Bugungi kunda Yahova O‘z xalqiga va’zgo‘ylik ishini va shogird tayyorlashni topshirgan. Ushbu vazifani bajarish uchun boshqalarning farovonligi borasida chin dildan qayg‘urishimiz darkor. Bu ishni faqat to‘g‘ri niyat ila, ya’ni Allohga va yaqinimizga bo‘lgan sevgi tufayli amalga oshira olamiz.

11 Milodiy birinchi asrda Pavlus o‘zini va ayrim yaqin hamkorlarini «Tangrining xizmatdoshlarimiz» deb atagan. Boisi, ular Shohlik haqidagi haqiqat urug‘ini ekib, sug‘orishgan edi. (1 Kor. 3:6, 9) Bugun ham biz vaqtimiz, mablag‘imiz va kuchimizni voizlik ishiga saxiylik ila sarflab «Tangrining xizmatdoshlari» bo‘la olamiz. Naqadar ulkan sharaf!

Boshqalarga haqiqatni bilishga ko‘maklashib quvonchga to‘lasiz (12- xatboshiga qarang.)

12, 13. Shogird tayyorlash ishi keltiradigan barakalar haqida nima deya olasiz?

12 Va’zgo‘ylikda hamda shogird tayyorlash ishida saxovat ila vaqtimizu kuchimizni sarflab ulkan quvonch topamiz. Boshqalar bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish sharafiga ega bo‘lganlar, bu juda ko‘p baraka keltirayotgani haqida sizga aytib bera oladi. Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishi ma’nan ulg‘ayib, imoni mustahkamlanganda, hayotini o‘zgartirganda va xushxabarni baham ko‘rishni boshlaganda his etgan xursandchiligini ko‘rib, biz ham rosa baxtiyor bo‘lamiz. 70 ta shogirdi xizmatda ajoyib voqealarga duch kelgani uchun «xursand bo‘lib qaytishganda» Iso ham suyungan edi. (Luqo 10:17–21)

13 Bugungi kunda butun dunyodagi va’zgo‘ylar xushxabar odamlarning hayotiga ijobiy ta’sir qilayotganini ko‘rib quvonishadi. Masalan, Anna ismli turmush qurmagan yosh singlimiz xizmatini kengaytirish maqsadida Sharqiy Yevropaning va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududiga ko‘chib o‘tdi *. U shunday deb yozdi: «Bu yerda Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish imkoniyatlari juda ko‘p, bu menga rosa yoqyapti. Xizmat menga quvonch keltiryapti. Uyga qaytganimda o‘zimga haddan ortiq diqqat qaratishga vaqt qolmaydi. Men tadqiq o‘tkazayotgan kishilar, ularning muammolari va tashvishlari haqida o‘ylayman. Ularga dalda va yordam berish yo‘llarini izlayman. Chindan ham: “Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta”». (Havor. 20:35)

Xonadonlarga tashrif buyurib, odamlar Shohlik xabarini eshitishi uchun imkon beramiz (14- xatboshiga qarang.)

14. Agar unchalik samarali bo‘lmagan hududda va’z qilayotgan bo‘lsak, qanday qilib xizmatdan quvonch topishimiz mumkin?

14 Hatto odam bizni tinglashni xohlamagan taqdirda ham, unda xushxabarni eshitish imkoni bo‘lganidan xursand bo‘lishimiz mumkin. Topshirig‘imiz Hizqiyo payg‘ambarnikiga o‘xshaydi. Yahova unga: «Seni tinglashadimi yoki yo‘qmi, Mening so‘zlarimni ularga ayt»,— degan. (Hiz. 2:7; Ishayo 43:10) Ba’zilar biz va’z qilayotgan xabarni qadrlamasa ham, Yahova harakatlarimizni juda qadrlaydi. (Ibroniylarga 6:10 ni o‘qing.) Bir va’zgo‘y bu borada ajoyib nuqtai nazarga ega ekanini namoyon etdi. Xizmati haqida u quyidagilarni yozdi: «Biz xushxabar urug‘ini ekib, sug‘oramiz va uni o‘stirsin deya Yahovaga ibodat qilamiz». (1 Kor. 3:6)

QANDAY QILIB BAXTGA ERISHAMIZ?

15. Odamlar minnatdor bo‘lsagina saxiy bo‘lishimiz kerakmi? Tushuntiring.

15 Iso biz saxiy bo‘lib baxtga erishishimizni xohlagan. Ko‘p odamlar saxiy kishilarga yaxshi munosabat ko‘rsatadi. U shunday deb undagan: «Boshqalarga berib turinglar, shunda ular ham sizlarga berishadi: yaxshilab bosilgan, silkitilgan, to‘lib-toshgan o‘lchov bilan qo‘yningizga solib qo‘yishadi. Chunki sizlar qanday o‘lchov bilan o‘lchasangiz, ular ham sizlarga shunday o‘lchov bilan o‘lchab berishadi». (Luqo 6:38) Albatta, hamma ham biz ko‘rsatgan saxiylik uchun minnatdorchilik bildirmas, ammo bu, ayrimlarini saxiy bo‘lishga chorlashi mumkin. Shunday ekan, odamlar minnatdor bo‘ladimi yoki yo‘qmi, berishda davom eting. Zero, saxovat ila qilgan birgina ishingiz qanchalik ko‘p yaxshi natija keltirishini bilmaysiz-ku!

16. Saxiy bo‘lishga bizni nima undashi kerak?

16 Chinakam saxiy bo‘lgan kishi biron nima olish evaziga yaxshilik qilmaydi. Iso bu borada quyidagicha degan: «Ziyofat qilganingizda, kambag‘al, mayib, cho‘loq va ko‘rlarni chaqiring. Shunda baxtiyor bo‘lasiz. Boisi, ular sizni mehmon qila olishmaydi». (Luqo 14:13, 14) Shuningdek, Muqaddas Kitobda: «Saxiy inson baraka topadi»,— deb yozilgan. Bundan tashqari: «Bechoraga yordam qo‘lini cho‘zgan inson baxtlidir»,— deb aytilgan oyat ham bor. (Hik. 22:9; Zab. 41:1) Ha, boshqalarga berishimiz kerak, zero odamlarga yordamlashib baxtiyorlikni his etamiz.

17. Saxiylik ila berishning qaysi turlari sizni baxtiyor qiladi?

17 Pavlus Isoning: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— degan so‘zlarini keltirganda, nafaqat moddiy narsalarni baham ko‘rishni, balki dalda berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va muhtojlarga ko‘maklashish kerakligini ham nazarda tutgan. (Havor. 20:31–35) Ham so‘zi, ham o‘rnagi bilan bu havoriy vaqt, kuch, e’tibor va sevgimizni saxiylik ila ulashish muhimligiga o‘rgatgan.

18. Tadqiqotchilar saxiylik masalasida qanday fikr bildirishmoqda?

18 Odamlarning yurish-turishi borasida izlanish olib boradigan tadqiqotchilar ham, berish kishini baxtiyor qilishini tasdiqlashdi. Bir maqolada shunday ma’lumot yozilgan: «Insonlar savob ish qilgach, ko‘proq baxt his qilishganini aytishdi». Tadqiqotchilarning fikricha, inson yaxshilik qilib «odamlarning asosiy ehtiyojlarini qondirgani tufayli» hayotida «ma’no va maqsad borligini his etadi». Shu bois, ular odatda odamlar eson-omon bo‘lib, baxt his etishlari uchun o‘zgalarga ixtiyoriy ravishda yordam ko‘rsatishni tavsiya qilishadi. Bu natijalardan hayron emasmiz, chunki mehribon Parvardigorimiz Yahova kishi boshqalarga berib tursa baxtli bo‘ladi deb aytgan. (2 Tim. 3:16, 17)

SAXIY BO‘LISHDA DAVOM ETING

19, 20. Nima sababli saxiy bo‘lishni istaysiz?

19 Atrofimizni nuqul o‘zini o‘ylaydigan insonlar qamrab tursa, saxiy bo‘lish qiyin kechishi mumkin. Biroq Iso ikkita muhim amr bergan, ya’ni Yahovani butun qalb, jon, ong va quvvatimiz bilan hamda yaqinimizni o‘zimizni sevganday sevishimiz darkor. (Mark 12:28–31) Mazkur maqoladan bilib olganimizday, kim Yahovani sevsa, Unga taqlid qiladi. Yahova boshqalarga beryapti va Iso ham xuddi shunday qilyapti. Ularning undoviga ko‘ra biz ham shu tarzda yo‘l tutsak, chinakam baxtga erisha olamiz. Allohimiz va boshqa odamlar uchun saxovat ila qilishga intilayotgan ishlarimiz Unga sharaf keltirib, ham o‘zimiz, ham o‘zgalar uchun foydali bo‘ladi.

20 Shubhasizki, siz hozir ham boshqalarga va ayniqsa, imondoshlaringizga yordam berishga harakat qilyapsiz. (Galat. 6:10) Shunday yo‘l tutishda davom etsangiz, odamlar sizni qadrlab, yaxshi ko‘radi, natijada esa baxtli bo‘lasiz! Hikmatlar 11:25 da: «Saxiy inson ravnaq topadi, suv berganga suv beriladi»,— deb yozilgan. Albattaki, hayotimizu xizmatimizning anchagina sohasida turli yo‘llar bilan chin dildan berib, mehribonlik va saxiylikni namoyon etishimiz mumkin. Buning mukofoti buyuk! Kelasi maqolada buning bir nechta yo‘lini ko‘rib chiqamiz.

^ 13- x.b. Ism o‘zgartirilgan.