Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tashqi ko‘rinishga qarab hukm qilmang

Tashqi ko‘rinishga qarab hukm qilmang

Tashqi ko‘rinishga qarab hukm etishni bas qilinglar, hukmingiz adolatli bo‘lsin. YUHAN. 7:24

QO‘SHIQLAR: 54, 53

1. Ishayo payg‘ambar Iso haqida nimani bashorat qilgan va nega bu daldali?

ISHAYO payg‘ambarning Iso Masih haqidagi bashorati qalbimizga iliqlik hamda tinchlik baxsh etadi. Uning bashoratiga ko‘ra, Iso «ko‘zlari bilan ko‘rganiga asoslanib hukm qilmaydi, qulog‘i bilan eshitgani bo‘yicha tanbeh bermaydi». Aksincha, «bechoralarni u haqqoniyat ila hukm qiladi». (Ishayo 11:3, 4) Nima uchun bu daldali? Chunki hozir odamlar ko‘rganlari bilangina baho beradigan, ya’ni yuzxotirchilikka to‘lib-toshgan dunyoda yashayapmiz. Barchamiz tashqi ko‘rinishimizga qarab hukm qilmaydigan mukammal Hakamni, Isoni kutyapmiz!

2. Iso bizga nima qilishni buyurgan va ushbu maqolada nima haqida gap boradi?

2 Har kuni insonlar borasida muayyan xulosaga kelamiz. Ammo nomukammal bo‘lganimiz sabab, Iso kabi mukammal darajada hukm qila olmaymiz. Ko‘rgan narsalar bizga osonlikcha ta’sir qiladi. Shu bois ham Iso yer yuzida bo‘lganida quyidagicha buyurgandi: «Tashqi ko‘rinishga qarab hukm etishni bas qilinglar, hukmingiz adolatli bo‘lsin». (Yuhan. 7:24) Shunisi aniqki, Iso unga o‘xshashimizni va boshqalarni tashqi ko‘rinishiga qarab hukm qilmasligimizni istaydi. Ushbu maqolada odamlar odatda tashqi ko‘rinishga qarab baho beradigan uchta narsa — irq yoki millat, boylik va yosh haqida gap boradi. Mazkur har bir masalada Isoning buyrug‘iga qay yo‘sin bo‘ysunishimiz mumkinligini bilib olamiz.

IRQ YOKI MILLATGA QARAB HUKM QILISH

3, 4. a) Butrus o‘zga xalq vakillari borasidagi nuqtai nazarini ko‘rib chiqishiga qaysi voqealar sabab bo‘ldi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) b) Yahova Butrusga qaysi yangi tushunchani anglashga yordam berdi?

3 Butrus Kesariyaga o‘zga xalqdan bo‘lgan Korniliyning oldiga borishi kerak bo‘lganida, xayolidan qanday fikrlar o‘tganini bir tasavvur qiling. (Havor. 10:17–29) Butrus ham zamondoshlari bo‘lgan yahudiylar kabi o‘zga xalq vakillari nopok degan fikr bilan ulg‘aygan. Ammo u nuqtai nazarini qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan vaziyatlarga duch kelgan. Masalan, Butrus Xudodan vahiy olgan. (Havor. 10:9–16) Xo‘sh, u nimani ko‘rdi? Osmondan nopok hayvonlarga to‘la dasturxonga o‘xshash narsa tushadi va bir ovoz: «Butrus, qani tur, bularni so‘yib yeyaver!» — deydi. Butrus buni uch marta rad etadi. U har gal rad etganida osmondan: «Bas endi! Xudo halol qilgan narsani harom dema»,— degan ovoz eshitiladi. Vahiy olgach, Butrus bu ovoz unga nima demoqchi ekanini tushunmay hayron bo‘ladi. Shu payt Korniliy yuborgan xabarchilar keladi. Butrus muqaddas ruh boshqaruvi ostida xabarchilar bilan birga Korniliyning uyiga boradi.

4 Agar Butrus faqatgina ko‘rganlari asosida hukm qilganida, Korniliyning uyiga hech qachon bormagan bo‘lardi. Chunki yahudiylar o‘zga xalq vakillarining uyiga kirmas edi. Nega Butrus qalbida chuqur ildiz otgan yuzxotirchilikka qaramay, uning uyiga bordi? Ko‘rgan vahiysi va muqaddas ruh orqali olgan yo‘l-yo‘rig‘i unga qattiq ta’sir qilgan edi. Korniliyni tinglagach, Butrus muqaddas ruh ostida shunday degan: «Endi tushundim, Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Ammo Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (Havor. 10:34, 35) Ha, Butrus uchun bu o‘zgacha yangi tushuncha edi va boshqa barcha masihiylarga ham ta’sir qilishi kerak edi. Ammo qanday qilib?

5. a) Yahova barcha masihiylar nimani tushunishlarini istaydi? b) Haqiqatni bilsak-da, qalbimizda qanday tuyg‘ular uyg‘oq bo‘lishi mumkin?

5 Yahova Butrusdan foydalanib, yuzxotirchilik qilmaydigan Xudo ekanini barcha masihiylarga ko‘rsatmoqchi edi. U odamlarni irqiga, millatiga, qabilasiga yoki tiliga qarab ajratmaydi. Xudo Undan qo‘rqadigan va Unga ma’qul bo‘lgan ishlarni qiladigan har qanday erkakni yoki ayolni qabul qiladi. (Galat. 3:26–28; Vah. 7:9, 10) Shubhasizki, bu haqiqat ekaniga qo‘shilasiz. Biroq siz tug‘ilib o‘sgan yurtda yoki oilangizda yuzxotirchilik keng tarqalgan bo‘lsa-chi? O‘zingizni yuzxotirchilik qilmayman deb hisoblasangiz-da, qalbingizning tubida bu tuyg‘u uyg‘oq bo‘lishi mumkin. Butrus Yahova yuzxotirchilik qilmaydigan Xudo ekanini boshqalarga tushuntirish sharafiga ega bo‘lgan. Ammo shunda ham u yuzxotirchilik namoyon etgan. (Galat. 2:11–14) Qay yo‘sin Isoga quloq solib, tashqi ko‘rinishga qarab hukm etishni bas qila olamiz?

6. a) Qalbimizdan yuzxotirchilikni sug‘urib tashlashga nima yordam beradi? b) Mas’uliyatli birodarning hisoboti nimani oshkor etdi?

6 Qalbimizda yuzxotirchilik bor-yo‘qligini ko‘rish uchun Xudoning Kalomi yordamida o‘zimizni yaxshilab tekshirishimiz zarur. (Zab. 119:105) Qolaversa, bizda yuzxotirchilik qilish moyilligi bor-yo‘qligi haqida ishonchli do‘stimizdan so‘rasak bo‘ladi. Chunki bu o‘zimizga bilinmasligi mumkin. (Galat. 2:11, 14) Yuzxotirchilik qilish moyilligi bizga shunchalik singib ketgan bo‘lishi mumkinki, uni namoyon etayotganimizni sezmaymiz. Quyidagi misol borasida bir o‘ylab ko‘ring. Mas’uliyatli birodar to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etayotgan ajoyib bir er-xotin haqida filialga hisobot yuboradi. Er boshqalar odatda past nuqtai nazar bilan qaragan millatdan edi. Ehtimol, mas’uliyatli birodar o‘sha millatga nisbatan yuzxotirchilik qilganini sezmagandir. U o‘z hisobotida er haqida ko‘p yaxshi fikrlarni yozadi. Lekin maktubining oxirida, o‘sha birodar odamlar past nuqtai nazar bilan qaraydigan millatdan bo‘lsa-da, o‘z yurish-turishi va yashash tarzi bilan boshqalarga bu millat vakili bo‘lish, iflos yoki uncha yaxshi bo‘lmagan hayot tarzini olib borish kerak degani emasligini ko‘rsatayotganini aytadi. Mag‘zini chaqdingizmi? Ha, qanday mas’uliyatga ega bo‘lmaylik, qalbimizda o‘rnashgan yuzxotirchilikning har qanday belgisini aniqlash uchun o‘zimizni yaxshilab tekshirishimiz va yordamni qabul qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Xo‘sh, yana nima qilsak bo‘ladi?

7. Bag‘rimizni keng ochayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

7 Bag‘rimizni keng ochsak, yuzxotirchilik o‘rnini sevgi egallashiga yo‘l qo‘yamiz. (2 Kor. 6:11–13) Faqatgina sizning irqingiz, millatingiz, qabilangizdagi yoki muayyan tilda gapiradigan insonlar bilan suhbatlashishga moyilmisiz? Shunday bo‘lsa, bag‘ringizni keng qiling. Kelib chiqishi boshqacha bo‘lgan imondoshingizni birga xizmat qilishga yoki uyingizga ovqatlanishga, suhbatlashishga taklif qila olasizmi? (Havor. 16:14, 15) Bunday yo‘l tutsangiz, qalbingiz sevgiga to‘ladi va yuzxotirchilikka hech qanday joy qolmaydi. Ammo tashqi ko‘rinishga qarab hukm qilishimizga sabab bo‘ladigan yana boshqa narsalar ham bor. Keling, endi boylikni ko‘rib chiqaylik.

BOY YOKI KAMBAG‘AL EKANIGA QARAB HUKM QILISH

8. Levilar 19:15 ga ko‘ra, inson boy yoki kambag‘al ekani unga bo‘lgan munosabatimizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

8 Boshqalarga bo‘lgan nuqtai nazarimizga ta’sir qiladigan yana bir omil boylikdir. Levilar 19:15 da quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Kambag‘alning tarafini olmanglar, boyga ham yon bosmanglar. Yaqiningizni adolat bilan hukm qilinglar». Qiziq, inson boy yoki kambag‘al ekani unga bo‘lgan munosabatimizga qanday ta’sir qiladi?

9. Sulaymon qaysi achchiq haqiqatni yozgan va undan nimani bilib olyapmiz?

9 Sulaymon ilohiy ilhom ostida nomukammal insonlar haqida achchiq bir haqiqatni yozgan. Hikmatlar 14:20 da: «Qashshoqdan hatto yaqini ham nafratlanadi, boyning do‘stlari esa ko‘p bo‘ladi»,— deyilgan. Bu hikmatdan nimani bilib olyapmiz? Ehtiyot bo‘lmasak, kambag‘al imondoshlarimizdan qochib, boy bo‘lgan imondoshlar bilan do‘stlasha boshlashimiz hech gap emas. Nima uchun odamlarni moddiy farovonligiga qarab ajratish xavfli?

10. Yoqub qanday muammo haqida ogohlantirgan?

10 Odamlarni boyligiga qarab ajratsak, jamoatda bo‘linishlarni yuzaga keltiramiz. Isoning shogirdi Yoqub birinchi asrda mazkur muammo ba’zi jamoatlarda bo‘linishlarni keltirib chiqarayotgani to‘g‘risida ogohlantirgan edi. (Yoqub 2:1–4 ni o‘qing.) Bunday nuqtai nazar jamoatimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ehtiyot bo‘lishimiz zarur. Odamni ega bo‘lgan narsasiga qarab hukm qilishdan qanday qocha olamiz?

11. Qay yo‘sin odamning mol-mulki uning Yahova bilan bo‘lgan munosabatlariga ta’sir qiladi? Tushuntiring.

11 Imondoshlarga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarshimiz kerak. Yahova odamni boy yoki kambag‘al ekaniga qarab qadrlamaydi. Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimiz mol-mulkimiz yoki bizda yo‘q bo‘lgan narsalar bilan belgilanmaydi. Garchi Iso: «Boy kishining Osmon Shohligiga kirishi qiyin bo‘ladi»,— degan bo‘lsa-da, bu umuman imkonsiz deb aytmagan. (Mat. 19:23) Qolaversa, Iso: «Ey kambag‘allar, sizlar baxtlisiz, boisi Xudoning Shohligi sizlarnikidir»,— degan. (Luqo 6:20) Ammo bu, barcha kambag‘allar o‘zgacha tarzda baraka olib, Isoning ta’limotini qabul qilganini anglatmaydi. Ko‘p kambag‘allar unga ishonmagan. Xullas, insonning mol-mulkiga qarabgina, uning Yahova bilan bo‘lgan munosabatlariga baho bera olmaymiz.

12. Muqaddas Yozuvlarda boy va muhtojlikda bo‘lganlarga qanday maslahat yozilgan?

12 Tangri Yahovaga sevgi ila sidqidildan xizmat qiladigan boy va muhtojlikda bo‘lgan ko‘pgina birodaru opa-singillarimiz borligidan xursandmiz. Muqaddas Yozuvlarda boy kishilarga quyidagi maslahat berilgan: «Bevafo boylikka emas,.. Allohga tayansinlar». (1 Timo‘tiyga 6:17–19 ni o‘qing.) Shu bilan birga, Xudoning Kalomida Uning xizmatchilari, xoh boy bo‘lsin, xoh kambag‘al, pulparastlikka berilishdan ogohlantirilyapti. (1 Tim. 6:9, 10) Chindan ham, imondoshlarga Yahova kabi munosabatda bo‘lsak, ularni ega bo‘lgan narsalariga qarabgina hukm qilishdan qochamiz. Xo‘sh, insonning yoshi haqida nima desa bo‘ladi? Bu ham yuzxotirchilik qilishga sabab bo‘la oladimi? Keling, buni bilib olaylik.

YOSHGA QARAB HUKM QILISH

13. Yoshi ulug‘ kishilarni hurmat qilish borasida Muqaddas Yozuvlardan nimalarni bilib olyapmiz?

13 Yoshi kattalarni hurmat qilishimiz kerakligi borasida Muqaddas Yozuvlarda bir necha bor aytilgan. Masalan, Levilar 19:32 da quyidagicha o‘qiymiz: «Mo‘ysafid kishining oldida o‘rningizdan turinglar va keksa insonni hurmat qilinglar. Xudoyingizdan qo‘rqinglar». Hikmatlar 16:31 da ham shunga o‘xshash so‘zlar yozilgan: «Odillik yo‘lida oqargan sochlar go‘zallik tojidir». Bundan tashqari, havoriy Pavlus Timo‘tiyni yoshi katta kishilarga qo‘pol gapirmaslikka va ularni otasidek ko‘rishga undagan. (1 Tim. 5:1, 2) Garchand Timo‘tiy yoshi ulug‘ birodarlar orasida boshqarish huquqiga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, ularga hamdardlik va hurmat ila muomala qilishi kerak edi.

14. Qanday vaziyatda o‘zimizdan katta bo‘lgan odamlarga maslahat berish o‘rinli?

14 Xo‘sh, mazkur prinsipga qanchalik amal qilamiz? Masalan, yoshi ulug‘ kishi bila turib gunoh qilsa yoki Yahovaga ma’qul bo‘lmagan ishlarni olg‘a sursa, qanday yo‘l tutamiz? Yahova tashqi ko‘rinishga qarab hukm qilmaydi va bila turib gunoh qilayotgan kishining yoshi ulug‘ bo‘lgani uchungina, bunga ko‘z yummaydi. Ishayo 65:20 da yozilgan prinsipga e’tibor bering: «Gunohkor esa yuz yoshda bo‘lsa ham, la’natga uchraydi». Hizqiyo payg‘ambar ko‘rgan vahiyda ham shunga o‘xshash prinsip keltirilgan. (Hiz. 9:5–7) Shu bois, biz uchun eng muhim narsa hamisha Azaliy Nuroniy Tangri Yahovaga hurmat ko‘rsatish bo‘lishi zarur. (Don. 7:9, 10, 13, 14) Shunda, odamning yoshi nechada bo‘lishidan qat’i nazar, uni to‘g‘ri yo‘lga solish kerak bo‘lganda maslahat berishdan qo‘rqmaymiz. (Galat. 6:1)

Yoshroq birodarlarga hurmat ko‘rsatyapsizmi? (15- xatboshiga qarang.)

15. Pavlusning misolidan yoshroq birodarlarga hurmat ko‘rsatish borasida nimani bilib olyapmiz?

15 Jamoatdagi yoshroq birodarlar haqida nima desa bo‘ladi? Ularga qanday nuqtai nazar bilan qaraysiz? Havoriy Pavlus yosh Timo‘tiyga shunday deb yozgan: «Hech kim seni yosh deb kamsitmasin. Aksincha nutqda, xulq-atvorda, sevgida, imonda va poklikda ishonchli kishilarga o‘rnak bo‘lgin». (1 Tim. 4:12) Pavlus mazkur so‘zlarni yozganida, Timo‘tiy o‘ttiz yoshlarda bo‘lgandir. Ammo Pavlus unga jiddiy mas’uliyatlarni ishonib topshirgan. Xo‘sh, bundan qanday saboq olyapmiz? Yoshroq birodarlarga shunchaki ular yosh bo‘lgani uchun noto‘g‘ri baho bermaslik kerak. Qolaversa, Iso 33 yoshida qanday ishlar qilgani haqida o‘ylab ko‘ring.

16, 17. a) Oqsoqollar birodarni jamoat xizmatkori yoki oqsoqol sifatida tavsiya qilish uchun nimaga asoslanib qaror chiqarishi kerak? b) Qay yo‘sin shaxsiy nuqtai nazar yoki mahalliy madaniyat Muqaddas Kitobda yozilganlarga mos kelmasligi mumkin?

16 Ba’zi madaniyatlarda odamlar yoshroq bo‘lganlarga uncha hurmat ko‘rsatishmaydi. Bu tufayli ba’zi oqsoqollar hatto talablarga mos kelayotgan yosh birodarlarni jamoat xizmatkori yoki oqsoqol sifatida xizmat qilishga tavsiya etmaydi. Barcha oqsoqollar shuni unutmasligi kerakki, jamoat xizmatkori yoki oqsoqol etib tayinlanish uchun Muqaddas Kitobda muayyan yosh belgilanmagan. (1 Tim. 3:1–10, 12, 13; Titus. 1:5–9) Bordi-yu, oqsoqol madaniyatga asoslanib qoida o‘rnatsa, u Muqaddas Yozuvlarga muvofiq yo‘l tutmayotgan bo‘ladi. Yoshroq birodarlarga shaxsiy nuqtai nazar yoki mahalliy madaniyatga emas, balki Xudoning Kalomida keltirilgan talablarga asoslanib baho berish kerak. (2 Tim. 3:16, 17)

17 Muqaddas Kitobga asoslanmagan bunday nuqtai nazar talablarga mos keladigan birodarlarni xizmat qilishdan to‘xtatishi haqida o‘ylab ko‘ring. Bir mamlakatda jamoat xizmatkoriga jiddiy mas’uliyatlar ishonib topshirilgan edi. Garchi uning jamoatidagi oqsoqollar bu yosh birodarni oqsoqol bo‘lish uchun Muqaddas Kitobdagi talablarga mos keladi, deb topgan bo‘lsa-da, uni tavsiya etishmagan. Chunki yoshi katta bir nechta oqsoqol u oqsoqol bo‘lish uchun juda yosh deb turib olgan. Afsuski, u yosh deb hisoblangani uchungina oqsoqol etib tayinlanmagan. Garchi bu faqat bir misol bo‘lsa-da, hisobotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bunday fikrlash tarzi ko‘plarga ta’sir qilmoqda. Darhaqiqat, madaniyatimiz yoki o‘z nuqtai nazarimizga emas, Muqaddas Yozuvlarga tayanish juda muhim! Shunday yo‘l tutibgina, Isoga itoatli bo‘lamiz va odamlarni tashqi ko‘rinishiga qarab hukm qilishni bas qilamiz.

«HUKMINGIZ ADOLATLI BO‘LSIN»

18, 19. Boshqalarga Yahovaning nazari bilan qarash uchun nima qilishimiz kerak?

18 Nomukammal bo‘lsak ham, boshqalarga Yahovaning nuqtai nazari bilan, ya’ni yuzxotirchilik qilmay qarashni o‘rgana olamiz. (Havor. 10:34, 35) Buning uchun o‘zimiz tinmay harakat qilishimiz lozim. Shuningdek, Xudoning Kalomidan muntazam olayotgan eslatmalarga muhtojmiz. Mazkur eslatmalarga amal qilsak, tashqi ko‘rinishga qarab hukm qilishni bas qiling degan Isoning buyrug‘iga bo‘ysungan bo‘lamiz. (Yuhan. 7:24)

19 Tez orada Shohimiz Iso Masih insoniyatni hukm qiladi, lekin ko‘rgani yoki eshitgani bo‘yicha emas, balki haqqoniyat ila hukm qiladi. (Ishayo 11:3, 4) Bu ajoyib vaqtni intiqib kutyapmiz!