Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-TADQIQ MAQOLASI

Qadimgi Isroildagi sevgi va haqqoniyat

Qadimgi Isroildagi sevgi va haqqoniyat

U adolat va haqqoniyatni sevadi. Yer yuzi Yahovaning mehr-sadoqatiga to‘ladir. ZAB. 33:5

3-QO‘SHIQ Qudratim, umidim, tayanchim O‘zing

BU MAQOLADA *

1–2. a) Barchamiz nimani istaymiz? b) Nimada ishonchimiz komil bo‘lishi mumkin?

BARCHAMIZ sevilishni istaymiz. Qolaversa, bizga adolat ila munosabat qilishlarini xohlaymiz. Qayta-qayta sevgi va haqqoniyatni topa olmaganimizda, o‘zimizni keraksiz va umidsiz his etamiz.

2 Yahova sevgiga muhtoj ekanimizni va haqqoniyat bo‘lishini istashimizni biladi. (Zab. 33:5) Shunda amin bo‘lishimiz mumkinki, Alloh Yahova bizni juda yaxshi ko‘radi va bizga nisbatan adolat ila munosabat ko‘rsatilishini istaydi. Yahova Muso orqali Isroil xalqiga bergan Qonunga yaxshilab diqqat qaratsak, buni yaqqol ko‘ra olamiz. Sevgiga tashna bo‘lsangiz yoki adolatsizlik dastidan ruhingiz tushgan bo‘lsa, Musoning Tavrot kitobi * Yahova biz haqimizda qayg‘urishini ochib berishiga e’tibor bering.

3. a) Rimliklarga 13:8–10 da tushuntirilganiday, Musoning Tavrot kitobini tadqiq qilganimizda, nima haqida bilib olamiz? b) Ushbu maqolada qanday savollarga javob topamiz?

3 Musoning Tavrot kitobini tadqiq qilganimizda, Tangri Yahovaning sevgisi to‘g‘risida bilib olamiz. (Rimliklarga 13:8–10 ni o‘qing.) Bu maqolada Isroil xalqiga berilgan bir nechta qonunni ko‘rib chiqamiz va quyidagi savollarga javob topamiz: nima uchun Tavrot sevgiga asoslangan deb ayta olamiz? Nega Tavrotdagi qonunlar odamlarni haqqoniyat ila yo‘l tutishga undagan deb xulosa qilishimiz mumkin? Hokimiyatga ega bo‘lgan kishilar bu qonunlarga qay yo‘sin amal qilgan? Tavrot aynan kimlarni himoya qilgan? Bu savollarga javob topish bizga tasalli va umid baxsh etishi hamda mehribon Otamizga yanada yaqinroq qilishi mumkin. (Havor. 17:27; Rim. 15:4)

SEVGIGA ASOSLANGAN QONUN

4. a) Nima uchun Musoning Tavrot kitobi sevgiga asoslangan deb ayta olamiz? b) Matto 22:36–40 da qayd etilganiday, Iso qaysi amrlarga e’tibor qaratgan?

4 Musoning Tavrot kitobi sevgiga asoslangan edi, chunki Yahova doim sevgi ila yo‘l tutadi. (1 Yuhan. 4:8) Yahova qonunlarini ikkita muhim amrga asoslagan — Uni va yaqinimizni sevish. (Lev. 19:18; Qonun. 6:5; Matto 22:36–40 ni o‘qing.) Shunday ekan, Tavrotdagi 600 dan oshiq qonunning har biri Yahovaning sevgisi haqida nimanidir ochib beradi. Keling, bir nechta misolga diqqat qarataylik.

5–6. Yahova er-xotindan nimani kutadi va U nimadan xabardor? Misol keltiring.

5 Turmush o‘rtog‘ingizga sadoqatli bo‘lib, farzandlaringizga g‘amxo‘rlik qiling. Yahova turmush o‘rtoqlar bir-birini butun umr qattiq sevishlarini istaydi. (Ibt. 2:24; Mat. 19:3–6) Inson sodir etishi mumkin bo‘lgan eng jirkanch gunohlardan biri zinodir. Shu bois, O‘nta amrning yettinchisida zino qilish taqiqlangan. (Qonun. 5:18) Bu «Xudoga qarshi» gunoh va umr yo‘ldoshga nisbatan qabihlikdir. (Ibt. 39:7–9) Zinoning qurboni bo‘lganlar o‘nlab yillar davomida xiyonat og‘rig‘ini his etishi mumkin.

6 Turmush o‘rtoqlar bir-biriga qanday munosabat qilayotganini Yahova ko‘rib turadi. Masalan, U Isroil ayollariga yaxshi munosabat qilishlarini istagan. Tavrotda yozilganlarni hurmat qilgan er xotinini sevib, arzimagan sababni deb u bilan ajrashmas edi. (Qonun. 24:1–4; Mat. 19:3, 8) Bordi-yu, jiddiy muammo yuz berib, er xotini bilan ajrashsa, unga taloq xatini yozib berishi kutilardi. Bu xat ayolni axloqsizlikka qo‘l urmaganini tasdiqlab, yolg‘on ayblovlardan himoya qilardi. Bundan tashqari, aftidan, er xotiniga taloq xatini berishdan avval shahar oqsoqollari bilan maslahatlashishi kerak bo‘lgan. Bu tufayli oqsoqollar juftlikka nikohini saqlab qolishga imkon bergan. Isroillik kishi g‘arazli niyatlar ila xotini bilan ajrashsa, Yahova doim ham, masalan, oqsoqollar yoki payg‘ambarlar orqali bunga aralashmasdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Xudo ayol kishi to‘kkan ko‘z yoshlarni ko‘rgan va uning og‘rig‘ini his etgan. (Mal. 2:13–16)

Nohaqlikka duch kelgan imondoshimiz qayg‘u chekyapti. (7-8-xatboshilariga qarang.) *

7–8. a) Yahova ota-onalarga nima qilishni buyurgan? (Muqovadagi rasmga qarang.) b) Qanday saboqlar olyapmiz?

7 Shuningdek, Tavrotga ko‘ra, Yahova farzandlar baxtiyor va himoya ostida bo‘lishlarini istaydi. Alloh Yahova ota-onaga nafaqat ularning jismoniy, balki ma’naviy ehtiyojlariga ham g‘amxo‘rlik qilishni buyurgan. Ota-ona bolasiga Yahovaning qonunini tushuntirish va uni sevishga yordam berish uchun har qanday imkoniyatdan foydalanishi kutilardi. (Qonun. 6:6–9; 7:13) Yahova isroilliklarni jazolaganining sabablaridan biri — ular ba’zi bolalari bilan dahshatli tarzda yo‘l tutganida edi. (Yerm. 7:31, 33) Ota-ona farzandlarini qadrsiz narsa emas, balki meros, Yahovaning hadyasi deb bilishlari va ularga g‘amxo‘rlik qilishlari kerak edi. (Zab. 127:3)

8 Saboqlar: Yahova turmush o‘rtoqlar bir-biriga qanday munosabat qilayotganiga diqqat qaratadi. U ota-ona farzandini sevishini istaydi. Ota-ona farzandiga yomon munosabat qilsa, Yahova ularni javobgarlikka tortadi.

9–11. Nima uchun Yahova birovning narsasiga ko‘z olaytirmaslik borasida qonun bergan?

9 Birovning narsasiga ko‘z olaytirmang. O‘nta amrning oxirgisida birovning narsasiga ko‘z olaytirish yoki yomon istaklarni rivojlantirish taqiqlanardi. (Qonun. 5:21; Rim. 7:7) Bu amr orqali Yahova muhim saboq bermoqchi edi: xalqiga qalbini, ya’ni fikrlarini, tuyg‘ulari-yu niyatlarini himoya qilishni o‘rgatmoqchi edi. U yovuz harakatlarning ildizi fikrlar-u tuyg‘ularga borib taqalishini bilardi. (Hik. 4:23) Isroillik kishi yomon istaklar qalbida nish urishiga yo‘l qo‘ysa, boshqalar bilan xudbinlik ila yo‘l tutishi mumkin edi. Masalan, shoh Dovud bu tuzoqqa ilindi. Umuman olganda, u yaxshi inson edi. Lekin bir safar u boshqa kishining xotiniga ko‘z olaytirdi va yomon istaklari uni gunohga yetakladi. (Yoqb. 1:14, 15) Dovud ayol kishi bilan zino qildi, uning erini esa aldadi va o‘ldirdi. (2 Shoh. 11:2–4; 12:7–11)

10 Isroilliklar ko‘z olaytirmaslik borasidagi qonunga itoatsizlik qilganda, Yahova buni bilardi. Zero, U fikrlarimiz-u tuyg‘ularimizni ko‘radi. (1 Sol. 28:9) Birovning narsasiga ko‘z olaytirmaslik borasidagi qonun xalqqa yomon harakatlarga yetaklaydigan fikrlardan qochishga yordam bergan. Ha, Yahova naqadar dono va mehribon Xudo!

11 Saboqlar: Yahova insonning tashqi ko‘rinishdan ko‘ra ko‘proq narsani payqaydi. U ich-ichimizdan qanday inson ekanimizni biladi. (1 Shoh. 16:7) Hech qaysi fikr, tuyg‘u va harakatimizni Undan yashira olmaymiz. U nazar solib, bizda bor yaxshi narsalarni payqaydi. Biroq Yahova noto‘g‘ri istaklarimiz yomon ishlarga yetaklashidan avval ularni aniqlashimizni va nazorat qilishimizni istaydi. (2 Sol. 16:9; Mat. 5:27–30)

QONUNDA HAQQONIYAT AKS ETGAN EDI

12. Musoning Tavrot kitobidan nima haqida bilib olamiz?

12 Musoning Tavrot kitobidan Yahova haqqoniyatni sevishini bilib olyapmiz. (Zab. 37:28; Ishayo 61:8) U boshqalarga adolat ila munosabat qilishda mukammal o‘rnak ko‘rsatgan. Isroilliklar Yahova ularga bergan qonunga amal qilganda, barakalarga ega bo‘lardi. Adolatli qonunlarga amal qilishmaganida esa, jabr ko‘rishardi. O‘nta amrning yana ikkitasiga diqqat qarataylik.

13–14. Ilk ikkita amrda nima deyilgan va ularga amal qilish isroilliklarga qanday foyda keltirgan?

13 Yahova mutlaq sadoqatni kutadi. Ilk ikkita amrda Isroil xalqidan faqat Yahovaga topinish talab qilingandi va ular butlarga sajda qilishdan ogohlantirgan edi. (Chiq. 20:3–6) Bu amrlar Yahovaga emas, Isroil xalqiga foyda keltirgan. Xalq Yahovaga sadoqatli qolganida gullab-yashnagan. Boshqa xalqlarning xudolariga sajda qilganda esa, azob chekkan.

14 Kan’onliklar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Ular barhayot va haq Xudoga emas, jonsiz butlarga sig‘ingan. Bu tufayli o‘zlariga jabr qilgan. (Zab. 115:4–8) Sajda qilishning bir qismi sifatida ular jinsiy axloqsizlik bilan shug‘ullangan va dahshatlisi, bolalarni qurbonlikka keltirgan. Shunga o‘xshab, isroilliklar Yahovani rad etib, butlarga sajda qilishni tanlaganda, o‘zlariga zarar yetkazgan va oilalariga og‘riq keltirgan. (2 Sol. 28:1–4) Hokimiyatga ega bo‘lgan kishilar Yahovaning adolatli me’yorlarini rad etgan edi. Ular kuchidan noto‘g‘ri foydalanib zaif va himoyasiz bo‘lganlarga zolimlik qilishgan. (Hiz. 34:1–4) Yahova isroilliklarni ogohlantirib, himoyasiz ayollar-u bolalarga yomon munosabatda bo‘lganlarni hukm qilishini aytgan. (Qonun. 10:17, 18; 27:19) Bundan farqli ravishda, xalq Xudoga sadoqatni saqlab, bir-biri bilan haqqoniyat ila munosabat qilganida, U ularga barakalar yog‘dirgan. (3 Shoh. 10:4–9)

Yahova bizni sevadi va nohaq azob chekayotganimizdan xabardor (15-xatboshiga qarang.)

15. Yahova haqida nimalarni bilib olyapmiz?

15 Saboqlar: Yahovaga topinyapman deb, ammo shu bilan bir vaqtda Uning me’yorlarini qabul qilmaydigan va xizmatchilariga zarar yetkazadigan insonni U ma’qullamaydi. Shuningdek, Yahova bizni sevadi va nohaq azob chekayotganimizni biladi. Yahova og‘rig‘imizni ona go‘dagining og‘rig‘ini his etganidan ham qattiqroq his etadi. (Ishayo 49:15) Garchi U shu zahoti vaziyatga aralashmasa-da, boshqalarga yomon munosabat ko‘rsatayotgan, tavba qilmayotgan gunohkorlarni o‘z vaqtida javobgarlikka tortadi.

TAVROTGA QAY YO‘SIN AMAL QILISHGAN?

16–18. Musoning Tavrot kitobi hayotning qaysi sohalariga tegishli bo‘lgan va bundan qanday saboqlar olyapmiz?

16 Musoning Tavrot kitobi isroilliklar hayotining turli sohalariga tegishli edi va Yahovaning xalqini haqqoniyat ila hukm qilish uchun oqsoqollar tayinlanishi muhim hisoblangan. Ular faqatgina ma’naviy tarafdan emas, kelishmovchiliklar va jinoyat yuz berganda ham masalani hal qilishga yordam berardi. Quyidagi bir nechta misolga e’tibor beraylik.

17 Agar isroillik kishi biron kimni o‘ldirib qo‘ysa, uni shu zahoti qatl etishmagan. Shahar oqsoqollari uni o‘limga mahkum etishdan avval vaziyatni oydinlashtirardi. (Qonun. 19:2–7, 11–13) Bundan tashqari, oqsoqollar bir qancha kundalik masalalarda — mol-mulkka tegishli masalalardan tortib oilaviy hayotga tegishli kelishmovchiliklargacha hakamlik qilardi. (Chiq. 21:35; Qonun. 22:13–19) Oqsoqollar adolat ila yo‘l tutganda va isroilliklar Tavrotda yozilganlarga itoatli bo‘lganida, barcha foyda olardi va xalq Yahovaga ulug‘vorlik keltirardi. (Lev. 20:7, 8; Ishayo 48:17, 18)

18 Saboqlar: hayotimizning har bir sohasi Yahova uchun muhim ahamiyatga ega. U boshqalar bilan munosabat qilganimizda haqqoniy bo‘lishimizni va sevgi ila yo‘l tutishimizni istaydi. Shu bois, Tangri hatto uyda yolg‘iz bo‘lganimizda so‘zlarimizga va ishlarimizga diqqat qaratadi. (Ibron. 4:13)

19–21. a) Oqsoqollar va hakamlar Xudoning xalqiga qanday munosabatda bo‘lgan? b) Yahova himoya qiluvchi qanday qonunlar bergan va bundan qanday saboqlar olyapmiz?

19 Yahova xizmatchilarini qo‘shni xalqlarning yomon ta’siridan himoya qilishni xohlagan. Mana shu sababdan U oqsoqollar va hakamlardan Tavrotda yozilganlarga yuzxotirchiliksiz yondashishni talab qilgan. Ammo hakamlik qilganlar xalq bilan qattiqqo‘llik va qo‘pollik ila munosabat qilmasligi kerak edi. Aksincha, ular haqqoniyatni sevishi kutilardi. (Qonun. 1:13–17; 16:18–20)

20 Yahova xizmatchilariga rahm qiladi, shu sababli, qonunlar berganida insonlarni adolatsizlarcha munosabatdan saqlamoqchi bo‘lgan. Masalan, Tavrot tufayli inson jinoyat sodir etganlikda nohaq ayblanish ehtimoli kamaygan. Ayblanayotgan kishi kim uni ayblayotganini bilishga haqli edi. (Qonun. 19:16–19; 25:1) Shuningdek, uni aybdor deb topishdan avval kamida ikkita guvoh ko‘rsatma berishi kutilardi. (Qonun. 17:6; 19:15) Agar isroillik kishi jinoyat sodir etganini faqat bitta guvoh ko‘rgan bo‘lsa-chi? U jazodan qutuldim deb o‘ylay olmasdi. Boisi, Yahova uning qilmishini ko‘rgan. Oilada otalarga muayyan hokimlik berilgan edi, lekin u cheklangan edi. Ayrim oilaviy mojarolarga shahar oqsoqollari aralashib, oxirgi qarorni chiqarish mas’uliyatiga ega edi. (Qonun. 21:18–21)

21 Saboqlar: Yahova adolat ila yo‘l tutishda mukammal o‘rnak ko‘rsatmoqda. (Zab. 9:7) Tangri Uning me’yorlari bo‘yicha yashayotgan sadoqatli kishilarni mukofotlaydi, lekin kuchidan noto‘g‘ri foydalanganlarni jazolaydi. (2 Shoh. 22:21–23; Hiz. 9:9, 10) Ba’zilar yovuzlarcha yo‘l tutib, jazodan qutulib qolganday tuyulishi mumkin, biroq Yahova o‘z vaqtida ularni hukm qiladi. (Hik. 28:13) Bordi-yu, ular tavba qilmasa, tez orada «barhayot Allohning qo‘liga tushish dahshatli» ekanini bilib oladi. (Ibron. 10:30, 31)

QONUN AYNIQSA KIMLARNI HIMOYA QILGAN?

Mojarolarni hal qilishda, oqsoqollardan Yahovaning xalqiga va haqqoniyatga bo‘lgan sevgisiga taqlid qilish kutilardi (22-xatboshiga qarang.) *

22–24. a) Tavrot ayniqsa kimlarni himoya qilgan va bundan Yahova to‘g‘risida nimani bilib olyapmiz? b) Chiqish 22:22–24 da qanday ogohlantirish yozilgan?

22 Tavrot ayniqsa yetim, beva hamda musofirlar kabi o‘zini himoya qila olmaydiganlarni himoyalagan. Isroildagi hakamlarga shunday aytilgan edi: «Musofir yoki yetimning ishini ko‘rib chiqayotganda, adolatsiz hukm chiqarmang. Berilgan qarz evaziga garov sifatida bevaning kiyimini olmang». (Qonun. 24:17) Yahova xalq orasidagi zaif kishilarga mehr ila shaxsiy qiziqish ko‘rsatgan. Qolaversa, U bunday insonlarga yomon munosabat qilganlarni jazolagan. (Chiqish 22:22–24 ni o‘qing.)

23 Boz ustiga, Tavrotda qarindoshlar orasida jinsiy aloqa qilish taqiqlangani bois, oila a’zolari o‘zini jinsiy aloqa bilan bog‘liq gunohlardan himoya qila olgan. (Lev. 18:6–30) Bunday ishlarga ko‘z yumgan yoki hatto o‘zlari shug‘ullangan qo‘shni xalqlardan farqli ravishda, isroilliklar Yahova kabi buni jirkanch deb bilgan.

24 Saboqlar: Yahova muayyan hokimiyatga ega xizmatchilaridan ularning nazorati ostida bo‘lgan barchaga sevgi ila g‘amxo‘rlik qilishini istaydi. U jinsiy aloqa bilan bog‘liq gunohdan nafratlanadi. Yahova barcha, ayniqsa, juda zaif bo‘lganlar himoya ostida bo‘lishiga va ular haqqoniyat ila hukm etilishiga ishontirmoqda.

TAVROT «KELAJAKDAGI BARAKALARNING... SOYASIDIR»

25–26. a) Nima uchun sevgi va haqqoniyat nafas va hayot kabidir deb ayta olamiz? b) Ushbu maqolalar to‘plamining navbatdagisida nima haqida bilib olamiz?

25 Sevgi va haqqoniyat nafas va hayotdir; yer yuzida ular bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi. Yahova biz bilan haqqoniyat ila yo‘l tutayotganiga amin bo‘lsak, Unga bo‘lgan sevgimiz oshadi. Allohni va Uning adolatli me’yorlarini yaxshi ko‘rsak, boshqalarni sevishni hamda ularga haqqoniyat ila munosabat ko‘rsatishni istaymiz.

26 Musoning Tavrot kitobi isroilliklarga Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishga yordam bergan. Ammo Isoning to‘lov qurbonligidan so‘ng, Xudoning xalqi Tavrot qonuni ostida emas. Buning o‘rniga yanada yaxshiroq narsaga ega bo‘ldik. (Rim. 10:4) Havoriy Pavlus Tavrotni «kelajakdagi barakalarning... soyasi» deb atagan. (Ibron. 10:1) Ushbu maqolalar to‘plamining navbatdagisida mazkur barakalarning ba’zilari va masihiylar jamoatida sevgi hamda haqqoniyatning ahamiyati to‘g‘risida bilib olamiz.

109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi

^ 5- x.b. Ushbu maqola Yahova biz haqimizda g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatuvchi to‘rtta maqolaning birinchisi. Qolgan uchta maqola «Qo‘riqchi minorasi»ning 2019-yil may sonida chiqadi. Mazkur maqolalar «Masihiylar jamoatidagi sevgi va haqqoniyat», «Yomonlikka duch kelganda, sevgi va haqqoniyat» hamda «Jabr ko‘rganlarga tasalli berish», deb nomlanadi.

^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Yahova Muso orqali Isroil xalqiga bergan 600 dan oshiq qonun «Tavrot», «Musoning Qonuni», «Musoning Tavrot kitobi» va «amrlar» deb nomlanadi. Shuningdek, Muqaddas Yozuvlarning birinchi beshta kitobi (Ibtidodan Qonunlargacha) ko‘pincha Tavrot deb ataladi. Gohida bu so‘z ostida barcha Ibroniycha yozuvlar nazarda tutiladi.

^ 60- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Isroillik ona ovqat tayyorlayotganda qizlari bilan maza qilib suhbatlashyapti. Sal nariroqda otasi o‘g‘liga qo‘ylarga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rgatyapti.

^ 64- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Shahar darvozasi oldida o‘tirgan oqsoqollar mahalliy savdogardan jabr ko‘rgan beva ayol va uning bolasiga mehr ila ko‘maklashyapti.