Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-TADQIQ MAQOLASI

Boshqalarning tuyg‘ularini inobatga oling

Boshqalarning tuyg‘ularini inobatga oling

Barchangiz... hamdard... bo‘linglar. 1 BUTR. 3:8

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

BU MAQOLADA *

1. Butrusning birinchi maktubi 3:8 ga ko‘ra, nega tuyg‘ularimizni inobatga oladigan va manfaatimizni ko‘zlaydigan insonlar orasida bo‘lishni yoqtiramiz?

BARCHAMIZ tuyg‘ularimizni inobatga oladigan va manfaatimizni ko‘zlaydigan insonlar orasida bo‘lishni yoqtiramiz. Ular o‘zini bizning o‘rnimizga qo‘yib, fikrlarimizni-yu tuyg‘ularimizni tushunishga harakat qilishadi. Hatto yordam so‘rashimizdan oldin ham, ular biz nimaga muhtoj ekanimizni ko‘rib, ko‘maklashishni taklif qilishadi. Bizga «hamdard» * bo‘lgan insonlarni qadrlaymiz va juda minnatdormiz. (1 Butrus 3:8 ni o‘qing.)

2. Nima uchun hamdard bo‘lishga intilishimiz lozim?

2 Masihiylar sifatida barchamiz insonga achinishni yoki hamdard bo‘lishni istaymiz. Aslini olganda bunday qilish doim ham oson emas. Nega? Buning sabablaridan biri, biz nomukammalmiz. (Rim. 3:23) Shuning uchun, faqat o‘zimizni o‘ylash kabi tug‘ma moyilligimiz bilan kurashishimiz lozim. Qolaversa, ba’zilarimiz uchun hamdard bo‘lish ayniqsa qiyin kechar, chunki ulg‘aygan muhitimiz yoki o‘tmishimiz o‘zgacha bo‘lgandir. Buning ustiga, atrofimizdagi insonlarning nuqtai nazari bizga ta’sir qilishi hech gap emas. Ushbu oxirzamonda ko‘plar boshqalarning tuyg‘ularini inobatga olmaydi. Ular «o‘zini sevadi». (2 Tim. 3:1, 2) Xo‘sh, o‘zgalarning hissiyotlarini inobatga olishga xalaqit beradigan bu qiyinchiliklarni yengishimizga nima yordam berishi mumkin?

3. a) Qanday qilib hamdardlik fazilatini rivojlantira olamiz? b) Bu maqoladan nimalarni bilib olamiz?

3 Xudovand Yahova hamda Uning O‘g‘li Iso Masihga taqlid qilgan holda bu fazilatni rivojlantira olamiz. Yahova sevgi Xudosidir. U boshqalarga hamdard bo‘lishda a’lo o‘rnak. (1 Yuhan. 4:8) Iso Otasiga mukammal tarzda taqlid qilgan. (Yuhan. 14:9) Yer yuzida bo‘lganda, Iso insonlar qay yo‘sin hamdard bo‘la olishini ko‘rsatgan. Ushbu maqolada, avvalambor Yahova hamda Iso boshqalarning tuyg‘ularini qay yo‘sin inobatga olishayotgani haqida gap yuritamiz. Ularga qanday qilib taqlid qila olishimiz mumkinligini ham bilib olamiz.

YAHOVA BOSHQALARGA HAMDARDDIR

4. Qay yo‘sin Ishayo 63:7–9 dagi so‘zlardan Yahova O‘z xizmatchilarining hissiyotlariga befarq emasligini bilib olyapmiz?

4 Muqaddas Kitobdan Yahova O‘z xizmatchilarining hissiyotlariga befarq emasligini bilib olyapmiz. Misol uchun, isroilliklar turli qiyinchiliklar dastidan azob chekkanda, Yahova nimalarni his etganiga diqqat qarataylik. Xudoning Kalomida: «Ular azob chekkanda, U ham azob chekdi»,— deb yozilgan. (Ishayo 63:7–9 ni o‘qing.) Keyinchalik, Yahova Zakariyo payg‘ambar orqali Uning xalqiga qilingan yomon munosabat xuddi Uning O‘ziga qilinganday bo‘lishini aytgan. Yahova O‘z xalqiga: «Kim sizlarga tegsa, Mening ko‘z qorachig‘imga tekkan bo‘ladi»,— degan. (Zakr. 2:8) Yahova O‘z xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatadigan naqadar yaqqol misol!

Yahova Misr qulligida bo‘lgan Isroil xalqini hamdardlik ila qutqargan (5-xatboshiga qarang.)

5. Yahova azob chekayotgan xizmatchilariga yordam berish niyatida qanday chora ko‘rganini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

5 Yahova azob chekayotgan xizmatchilariga nisbatan hamdardlikni his etishdan ham ko‘proq narsa qiladi. Xudo ularga yordam berish uchun chora ko‘radi. Masalan, Isroil xalqi Misr qulligida azob chekkanda, Yahova ularning og‘rig‘ini tushunib, ularni qutqarmoqchi bo‘ldi. Yahova Musoga shunday dedi: «Men Misrdagi xalqimning chekayotgan azob-uqubatini ko‘rib,.. chekayotgan fig‘onini eshitdim. Ular qanchalik azob tortayotganini yaxshi bilaman. Men pastga tushib, ularni misrliklar qo‘lidan xalos etaman». (Chiq. 3:7, 8) Yahova ularga hamdard bo‘lgani tufayli, qullikdan xalos etdi. Asrlar o‘tgach, Isroil xalqi va’da qilingan yurtda dushmanlarning hujumiga duch keldi. Qiziq, bu Yahovaga qanday ta’sir qildi? «Zulmkorlar va shafqatsiz munosabatda bo‘lganlar dastidan xalqning qilgan nolalarini eshitib, Yahovaning ularga rahmi keldi». Bu safar ham Yahova O‘z xizmatchilariga achinib, ularga yordam berdi. U isroilliklarni dushmanlaridan qutqarish niyatida hakamlarni tayinladi. (Hak. 2:16, 18)

6. Yahova kimdir to‘g‘ri fikr yuritmasa ham uning tuyg‘ularini inobatga olishini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

6 Yahova O‘z xizmatchilarining, hatto ular gohida to‘g‘ri fikr yuritmasa ham tuyg‘ularini inobatga oladi. Keling, Yunusning misoliga e’tibor qarataylik. Alloh Yunusni nineviyaliklarga qarshi chiqarilgan hukm xabarini e’lon qilish uchun yuborgan edi. Ular tavba qilganda, Xudo ularni yo‘q qilib yubormaslikka qaror qildi. Lekin Yunusga bu qaror xush kelmadi. Ularni yo‘q qilish borasidagi bashorat amalga oshmagani uchun uning «g‘azabi qaynab ketdi». Biroq Yahova Yunusga nisbatan sabrli bo‘lib, fikrlash tarzini o‘zgartirishiga ko‘maklashdi. (Yunus 3:10–4:11) Vaqt o‘tgach, Yunus bundan saboq oldi va Yahova bizning foydamizni ko‘zlab bu voqea yozib qoldirilishi uchun hatto undan foydalandi. (Rim. 15:4) *

7. Yahova O‘z xizmatchilariga ko‘rsatadigan munosabat bizni nimaga ishontirmoqda?

7 Yahova O‘z xalqiga ko‘rsatgan munosabat U xizmatchilariga ham hamdard bo‘lishiga bizni ishontirmoqda. Xudo har birimizning og‘rig‘imiz-u azob-uqutamizdan xabardor. Faqat Yahova inson yuragida nima borligini biladi. (2 Sol. 6:30) U barcha fikrimiz-u ich-ichimizdagi tuyg‘ularni va kamchiliklarimizni tushunadi. «Dosh bera olmaydigan darajada» vasvasa qilinishimizga U yo‘l qo‘ymaydi. (1 Kor. 10:13) Naqadar tasalli baxsh etuvchi so‘zlar!

ISO BOSHQALARGA HAMDARDDIR

8–10. Qanday omillar tufayli Iso hamdard bo‘lishga o‘rgangan?

8 Iso yer yuzida bo‘lganda, odamlarga juda hamdard edi. Unga o‘zgalarning tuyg‘ularini inobatga olishga yordam bergan kamida uchta omil bor. Birinchidan, yuqorida aytilganiday, u Otasiga mukammal tarzda taqlid qilgan. Iso Otasiga o‘xshab odamlarni sevgan. Iso Xudoga barcha narsani yaratishda yordam berishdan sevinardi hamda «odamzodni nihoyatda yaxshi ko‘rardi». (Hik. 8:31) Sevgi tufayli u boshqalarning hissiyotlarini inobatga olardi.

9 Ikkinchidan, Yahova kabi Iso ham odamning qalbida nima kechayotganini biladi. U insonlarning niyatlarini-yu his-tuyg‘ularini biladi. (Mat. 9:4; Yuhan. 13:10, 11) Shu bois, Iso dili vayron kishilarni ko‘rganda, ularga hamdard bo‘lib, tasalli bergan. (Ishayo 61:1, 2; Luqo 4:17–21)

10 Uchinchidan, Isoning o‘zi ham odamlar duch kelgan ba’zi qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Masalan, Iso kambag‘al oilada ulg‘aygandir. U tutingan otasi Yusuf bilan ishlab, og‘ir mehnat qilishga o‘rgangan. (Mat. 13:55; Mark 6:3) Shuningdek, Iso xizmatini boshlashidan avval Yusuf hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, u yaqinidan ayrilish keltiradigan og‘riqni ham his etgandir. Iso e’tiqodi turlicha bo‘lgan qarindoshlar bilan yashash nimaligini ham bilgan. (Yuhan. 7:5) Bu va boshqa vaziyatlar tufayli Iso oddiy odamlarning qiyinchiligu tuyg‘ularini tushuna olgan.

Xaloyiqlan nariroqda Iso kar kishini mehrila sog‘aytirmoqda (11-xatboshiga qarang.)

11. Ayniqsa qachon Iso hamdard ekanini ko‘rsatgan? Tushuntiring. (Muqovadagi rasmga qarang.)

11 Iso ayniqsa mo‘jizalar qilib, hamdard ekanini ko‘rsatgan. Iso ularni majburiyat yuzasidan qilmagan. Uning azob chekkan odamlarga «rahmi kelgan». (Mat. 20:29–34; Mark 1:40–42) Masalan, kar odamni sog‘aytirish uchun xaloyiq orasidan chetroqqa olib chiqqanida yoki beva ayolning yakka-yu yagona o‘g‘lini tiriltirganida o‘zini qanday his etganini tasavvur qiling. (Mark 7:32–35; Luqo 7:12–15) Iso bu odamlarga hamdard bo‘lib, ularga yordam bermoqchi edi.

12. Qay yo‘sin Yuhanno 11:32–35 dan Iso Marta bilan Maryamga hamdardlik ko‘rsatganini bilib olyapmiz?

12 Iso Marta bilan Maryamga hamdardlik ko‘rsatgan. Ular hayotdan ko‘z yumgan akasi Lazar tufayli qayg‘urayotganda, «Isoning ko‘zidan yosh oqdi». (Yuhanno 11:32–35 ni o‘qing.) U shunchaki jonajon do‘stidan ayrilib qolgani uchun yig‘lamagan. Negaki, u Lazarni tiriltirmoqchi edi. Iso uning aziz do‘stlariga bu o‘lim qanchalar og‘ir botayotganini tushungani uchun yig‘lagan.

13. Nega Iso odamlarga hamdard bo‘lganini bilish bizga dalda baxsh etyapti?

13 Iso odamlarga hamdard bo‘lganini bilish bizga dalda baxsh etyapti. Albatta, biz u kabi mukammal emasmiz. Iso boshqalarga hamdard bo‘lgani uchun, uni yaxshi ko‘ramiz. (1 Butr. 1:8) Hozir u Samoviy Shohlikda hukm surayotganini bilish biz uchun daldali. Yaqinda u barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yadi. Iso yer yuzida inson sifatida yashagani bois, Shaytonning boshqaruvi insonlarga keltirgan dahshatli jarohatlarni tiklashga a’lo tarzda yordam bera oladi. Ha, bunday Shohimiz borligi barakadir! Zero, u «zaifliklarimizni tushunmaydigan zot emas». (Ibron. 2:17, 18; 4:15, 16)

YAHOVA HAMDA ISOGA ERGASHING

14. Efesliklarga 5:1, 2 ga binoan, qanday yo‘l tutishga jon kuydiryapmiz?

14 Yahova hamda Iso ko‘rsatgan o‘rnak borasida fikr yuritsak, yanada hamdard bo‘lishga urinamiz. (Efesliklarga 5:1, 2 ni o‘qing.) Ular kabi odamning qalbida nima kechayotganini bilishga qodir emasmiz. Shunday bo‘lsa-da, o‘zgalarning tuyg‘ulari-yu ehtiyojlarini tushunishga harakat qila olamiz. (2 Kor. 11:29) Xudbinlikka to‘lgan dunyodagi odamlardan farqli ravishda: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar»,— degan maslahatga amal qilishga jon kuydiramiz. (Filip. 2:4)

(15–19-xatboshilariga qarang.) *

15. Ayniqsa kimlardan hamdard bo‘lish kutiladi?

15 Ayniqsa oqsoqollardan hamdard bo‘lish kutiladi. Ular qaramog‘i ostidagi birodar-u opa-singillarga g‘amxo‘rlik qilishga mas’uliyatli ekanini bilishadi. (Ibron. 13:17) Imondoshlariga yordam berish uchun hamdard bo‘lishlari kerak. Xo‘sh, qay yo‘sin oqsoqollar hamdard bo‘la oladi?

16. Rahmdil oqsoqol qanday yo‘l tutadi va nega bu muhim?

16 Rahmdil oqsoqol imondoshlari bilan vaqt o‘tkazadi. Ularga savollar berib, diqqat va sabr ila tinglaydi. Birorta imondoshi ich-ichidagini aytmoqchi bo‘lsa-yu, lekin buni aytishga qiynalsa, oqsoqollar shunday yo‘l tutishi ayniqsa muhim. (Hik. 20:5) Oqsoqol birodar-u opa-singillar bilan tayyorlik ila vaqt o‘tkazganda, ular orasidagi ishonch, do‘stlik va sevgi yanada kuchayadi. (Havor. 20:37)

17. Aksariyat imondoshlarimizning fikricha, oqsoqollar qanday fazilatga ega bo‘lishi kerak? Misol keltiring.

17 Aksariyat imondoshlarimizning fikricha, oqsoqollar ega bo‘lishi kerak bo‘lgan eng muhim fazilat hamdardlikdir. Nega? Adelaida shunday dedi: «Oqsoqollar meni tushunayotganini bilganim uchun, ularga murojaat qilish osonroq. Oqsoqollar bilan gaplashganimda ular bunga qanday munosabat bildirayotganidan hamdard ekanini payqayman». Oqsoqollarning munosabati uchun minnatdor bo‘lgan birodar quyidagicha bo‘lishdi: «O‘z vaziyatimni aytib berayotganimda, bitta oqsoqolning ko‘zlari yoshga to‘lganini ko‘rdim. Bu butun umr yodimda qoladi». (Rim. 12:15)

18. Qanday qilib hamdardlik fazilatini rivojlantira olamiz?

18 Shuni aytish joizki, hamdard bo‘lish faqatgina oqsoqollardan kutilmaydi. Har birimiz bu fazilatni rivojlantirishimiz kerak. Qanday qilib? Oila a’zolarimiz va imondoshlarimiz duch kelayotgan qiyinchiliklarni tushunishga harakat qilaylik. Jamoatdagi o‘smirlarga, jumladan, bemor, yoshi ulug‘ va yaqinidan ayrilgan insonlarga g‘amxo‘rlik qiling. Ulardan hol-ahvol so‘rang. Tuyg‘ulari bilan bo‘lishayotganda, yaxshilab tinglang. Ularning vaziyatini chindan ham tushunayotganingizni ularga bildiring. Qo‘lingizdan keladigan yordamni ularga taklif qiling. Shunday yo‘l tutganimizda, sevgimizni amalda ko‘rsatgan bo‘lamiz. (1 Yuhan. 3:18)

19. Boshqalarga yordam bermoqchi bo‘lsak, nega moslashuvchan bo‘lishimiz kerak?

19 Boshqalarga yordam bermoqchi bo‘lsak, moslashuvchan bo‘lishimiz kerak. Nima uchun? Chunki odamlar duch kelgan qiyinchilikda o‘zlarini turlicha tutadi. Ba’zilar muammosi haqida jon deb aytib beradi, boshqalar esa yo‘q. Shuning uchun ularga yordam berish istagimizni aytganimizda, xijolat qilib qo‘ymaslik uchun ortiqcha savollar bermasligimiz lozim. (1 Salon. 4:11) Hatto ular ochilib, hammasini gapirib berayotganda ham, biz boshqacha nuqtai nazarda ekanimizni payqashimiz mumkin. Lekin, shuni unutmasligimiz kerakki, bu ularning his-tuyg‘ulari. Biz so‘zlashga shoshilmay, tinglashga tayyor bo‘lishni istaymiz. (Mat. 7:1; Yoqb. 1:19)

20. Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

20 Jamoatdagilarga hamdard bo‘lishdan tashqari, va’zgo‘ylikda ham bu go‘zal fazilatni namoyon etishni istaymiz. Qanday qilib shogird tayyorlash faoliyatida hamdard bo‘la olamiz? Buni navbatdagi maqolada ko‘rib chiqamiz.

130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik

^ 5- x.b. Yahova hamda Iso boshqalarning tuyg‘ularini inobatga oladi. Ulardan qay yo‘sin o‘rnak olishimiz mumkinligini bu maqoladan bilib olamiz. Qolaversa, nega biz hamdard bo‘lishimiz kerakligini va qanday qilib buni qila olishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

^ 1- x.b. IBORALAR MA’NOSI. Boshqalarga «hamdard» bo‘lish ularni tushunishga va o‘zimizni ularning o‘rniga qo‘yishga intilish demakdir. (Rim. 12:15) Ushbu maqolada tilga olingan «hamdard» bo‘lish va «inobatga olish» bitta ma’noga ega.

^ 6- x.b. Yahova shuningdek, ruhi tushgan yoki qo‘rqqan sadoqatli xizmatchilariga hamdard bo‘lgan. Xanna (1 Shoh. 1:10–20), Ilyos (3 Shoh. 19:1–18) va Obidmalek (Yerm. 38:7–13; 39:15–18) haqidagi voqealar ustida mulohaza yuriting.

^ 65- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yig‘ilish zalida yordam berishning ko‘pgina yo‘llari bor. Rasmlarda 1) oqsoqol muloyimlik ila yosh va’zgo‘y va uning onasi bilan gaplashayotganini, 2) birodar va uning qizi opamizga mashinagacha borishga ko‘maklashayotganini va 3) maslahat so‘ragan imondoshimizni ikkita oqsoqol diqqat ila tinglayotganini ko‘ryapmiz.