Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-TADQIQ MAQOLASI

Xizmatda hamdardlik ko‘rsating

Xizmatda hamdardlik ko‘rsating

Iso tumonat xaloyiqni ko‘rib, ularga achindi... So‘ng ularga ko‘p narsalarni o‘rgata boshladi. MARK 6:34.

70-QO‘SHIQ Munosib bo‘lganlarni izlaylik

BU MAQOLADA *

1. Isoning qalblarga iliqlik baxsh etuvchi qobiliyatlaridan biri qanday? Tushuntiring.

ISONING qalblarga iliqlik baxsh etuvchi qobiliyatlaridan biri biz nomukammal insonlar duch kelayotgan muammolarimizni tushunishidir. U yer yuzida bo‘lganda sevinayotganlar bilan sevingan, yig‘layotganlar bilan yig‘lagan. (Rim. 12:15) Masalan, uning 70 ta shogirdi samarali va’z qilganidan xursand bo‘lib qaytganda, Iso «quvonchga va muqaddas ruhga to‘lgan» edi. (Luqo 10:17–21) Qolaversa, do‘sti Lazarning o‘limidan keyin yaqinlari qayg‘urayotganini ko‘rib, «Iso ruhan ezilib, chuqur xo‘rsindi». (Yuhan. 11:33)

2. Iso nima tufayli hamdard bo‘la olgan?

2 Garchi Iso mukammal bo‘lsa-da, nomukammal insonlarga nisbatan rahm-shafqatli va hamdard bo‘lgan. Unga bunday qilishga nima yordam bergan? Avvalambor, Iso insonlarni yaxshi ko‘rgan. Oldingi maqolada aytilganiday, u «odamzodni nihoyatda yaxshi ko‘rardi». (Hik. 8:31) Aynan bu sevgi uni insonlarning fikrlash tarzini tushunishga undagan. Havoriy Yuhanno: «U har bir kishining qalbini ko‘ra olardi»,— deb yozgan. (Yuhan. 2:25) Iso odamlarga juda hamdard edi. Odamlar ularga nisbatan uning sevgisini his etardi va Shohlik haqidagi xabarni yaxshi tinglardi. Xizmatda odamlarga qanchalik ko‘p shu kabi hamdardlikni ko‘rsatsak, shunchalik samarali bo‘lamiz. (2 Tim. 4:5)

3–4. a) Hamdard bo‘lsak, xizmatga nisbatan nimani his etamiz? b) Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Havoriy Pavlus va’z qilishga burchli ekanini bilgan, biz ham buni tushunamiz. (1 Kor. 9:16) Lekin hamdard bo‘lsak, xizmat qilishni shunchaki burch deb bilmaymiz. Odamlarga g‘amxo‘rlik qilish va ularga yordam berish istagimiz borligini ko‘rsatishni xohlaymiz. «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta» ekanini bilamiz. (Havor. 20:35) Buni yodda tutgan holda va’z qilsak, ko‘proq quvonchga to‘lamiz.

4 Ushbu maqolada xizmatda qay yo‘sin hamdardlik ko‘rsatishimiz mumkinligi haqida gap boradi. Avvalo, Iso insonlarga nisbatan nimani his etganidan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, uning o‘rnagiga ergashishimiz mumkin bo‘lgan to‘rtta usulni bilib olamiz. (1 Butr. 2:21)

ISO XIZMATDA HAMDARDLIK KO‘RSATGAN

Iso hamdard bo‘lgani tufayli tasalli baxsh etuvchi xabarni va’z qilgan (5–6-xatboshilariga qarang.)

5–6. a) Iso kimlarga achingan? b) Ishayo 61:1, 2 da yozilgan bashoratga ko‘ra, nega Iso o‘zi va’z qilgan kishilarga nisbatan achingan?

5 Keling, Iso qanday qilib hamdardlikni namoyon etganini ko‘rib chiqaylik. Bir safar Iso va uning shogirdlari juda charchagan edi, chunki dam olmay xushxabarni va’z qilishgan. «Ularning hatto ovqatlanishga ham vaqti yo‘q edi». Shu bois, Iso shogirdlari bilan «xilvat joyga borib, u yerda bir oz dam olmoqchi» bo‘lgan. Biroq tumonat xaloyiq ular borayotgan joyga ulardan oldin yugurib borgan. Iso ularni ko‘rib, nimalarni his etgan? Iso «ularga achindi *, chunki ular cho‘ponsiz qo‘ylarday edi. So‘ng ularga ko‘p narsalarni o‘rgata boshladi». (Mark 6:30–34)

6 Nima sababli Iso ularga achingan? U odamlar «cho‘ponsiz qo‘ylarday» ekanini kuzatgan. Ehtimol, Iso ularning ayrimlari kambag‘al va oilasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun peshona ter bilan mehnat qilganini ko‘rgandir. Boshqalari esa yaqinlari hayotdan ko‘z yumganidan qayg‘urgandir. Darhaqiqat, Iso ularning vaziyatini yaxshi tushuna olgan. Oldingi maqoladan bilib olganimizday, Iso bu muammolarning ba’zilariga o‘zi ham duch kelgandir. U odamlarga qayg‘urgan va ularga tasalli baxsh etuvchi xabarni aytishni xohlagan. (Ishayo 61:1, 2 ni o‘qing.)

7. Isoning o‘rnagiga qay yo‘sin ergasha olamiz?

7 Isoning o‘rnagidan qanday saboq olyapmiz? Iso kabi biz ham «cho‘ponsiz qo‘ylarday» yurgan odamlar orasida yashayapmiz. Ular anchagina muammolar bilan kurashyapti. Bizda ular muhtoj bo‘lgan Shohlik xabari bor. (Vah. 14:6) Shuning uchun Xo‘jayinimizga taqlid qilib, xushxabarni va’z qilamiz. Zero, «xokisor va kambag‘alga» jonimiz achiydi. (Zab. 72:13) Biz ularga rahm-shafqatli bo‘lishni va yordam qo‘lini cho‘zishni istaymiz.

QAY YO‘SIN HAMDARD BO‘LA OLAMIZ?

Har bir kishining ehtiyojlarini inobatga oling (8–9-xatboshilariga qarang.)

8. Xizmatda hamdard bo‘lishimizga ko‘maklashadigan birinchi usul qanday? Misol keltiring.

8 Biz va’z qilayotgan insonlarga hamdard bo‘lishimizga nima yordam beradi? Biz o‘zimizni xizmatda uchratayotgan insonlarning o‘rniga qo‘yib, bizga qanday munosabat ko‘rsatilishini xohlaganimizday, ularga xuddi shunday munosabat ko‘rsatishga intilamiz *. (Mat. 7:12) Buni qilishimizga ko‘maklashadigan to‘rtta usulni ko‘rib chiqamiz. Birinchidan, har bir kishining ehtiyojlari haqida o‘ylang. Va’z qilishimizni shifokor bemorlariga yordam berish uchun qiladigan harakatlari bilan solishtirsak bo‘ladi. Yaxshi shifokor har bir bemorning ehtiyojlari haqida o‘ylaydi. U savollar berib, bemor o‘zining ahvoli yoki kasallik belgilarini tushuntirayotganda uni diqqat ila tinglaydi. Bemorga shu zahotiyoq muolajalarni tavsiya etishdan oldin, kasallik belgilarini kuzatadi, keyin esa kerakli davolash usullarini taklif qiladi. Shunga o‘xshab, xizmatda suhbat boshlamoqchi bo‘lsak, hammaga bir xil yondashmaymiz. Aksincha, har bir kishining muayyan vaziyati va nuqtai nazarini inobatga olamiz.

9. Nimani bilaman deb o‘ylamasligimiz kerak? Tushuntiring.

9 Xizmatda kimnidir uchratsangiz, uning vaziyati, e’tiqodi yoki nega bunga ishonayotgani borasida bilaman deb o‘ylamang. (Hik. 18:13) Buning o‘rniga, u haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish uchun xushmuomalalik ila savollar bering. (Hik. 20:5) Agar madaniyatingizda o‘rinli bo‘lsa, ishi, oilasi, kelib chiqishi va nuqtai nazari haqida so‘rang. Shunday yo‘l tutganimizda, ular nega xushxabarga muhtoj ekanini aytishimizga imkon tug‘iladi. O‘shanda, Iso kabi biz ham ularning muayyan ehtiyojlarini inobatga olgan holda hamdardlik ko‘rsatib, kerakli yordamni bera olamiz. (1 Korinfliklarga 9:19–23 ni solishtiring.)

Siz shohidlik bergan biron kishining hayoti qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘z o‘ngingizga keltiring (10–11-xatboshilariga qarang.)

10–11. Korinfliklarga yo‘llangan ikkinchi maktub 4:7, 8 ga ko‘ra, xizmatda hamdard bo‘lishimizga ko‘maklashadigan ikkinchi usul qanday? Misol keltiring.

10 Ikkinchidan, ularning hayoti qanday bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Qaysidir jihatdan ularning vaziyatini tushunarmiz. Axir biz ham barcha nomukammal kishilar duch kelayotgan muammolarni boshdan kechiryapmiz. (1 Kor. 10:13) Bu yovuz dunyodagi hayot juda ham mushkul bo‘lishini bilamiz. Faqat Yahovaning ko‘magi bilan sabr-bardosh qila olamiz. (2 Korinfliklarga 4:7, 8 ni o‘qing.) Lekin Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lmagan insonlar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Bu dunyoda Xudoning yordamisiz yashash qanchalar og‘ir bo‘lsa kerak. Iso kabi biz ham bu odamlarga achinamiz va «yaxshilik to‘g‘risida xushxabar»ni ularga aytamiz. (Ishayo 52:7)

11 Sergey ismli akamizning misoliga diqqat qarataylik. Haqiqatni bilib olishdan avval, u nihoyatda tortinchoq edi. Boshqalar bilan suhbatlashishga qiynalardi. Vaqt o‘tgach, u Muqaddas Kitob tadqiqini boshladi. «Muqaddas Kitobni tadqiq qilganim sayin, masihiylar e’tiqodi haqida boshqalarga aytishga burchli ekanini tushundim. Ammo o‘zim hech qachon bunday qila olmayman degan fikrda edim»,— dedi Sergey. Biroq u haqiqatni hali eshitmagan insonlar haqida o‘ylardi va ular Yahovani tanib-bilmagani uchun juda qiynalib yashayotganini tushungan. U yana shunday deb bo‘lishdi: «Bilib olgan yangi fikrlar menga baxt va ichki xotirjamlik ato etdi. O‘zgalar ham bu haqiqatlarni bilib olishi zarur ekanini angladim». Sergey yanada hamdard bo‘ldi va xizmatda ko‘proq jasoratli bo‘la olayotganini payqadi. «Qizig‘i shundaki, xushxabarni boshqalar bilan baham ko‘rganim tufayli o‘zimga nisbatan ishonchim ham oshdi. Ularga e’tiqodim haqida gapirib o‘z imonimni ham mustahkamladim»,— deb aytdi Sergey *.

Biron kishi ma’nan ulg‘ayishi uchun vaqt kerak bo‘lishi mumkin (12–13-xatboshilariga qarang.)

12–13. Nega biz ta’lim berayotgan kishilarga nisbatan sabrli bo‘lishimiz lozim? Misol keltiring.

12 Uchinchidan, siz ta’lim berayotgan kishilarga nisbatan sabrli bo‘ling. Shuni unutmangki, biz juda yaxshi bilgan Muqaddas Kitobdagi ayrim haqiqatlar haqida bunday kishilar sira ham o‘ylamagandir. Ko‘plar o‘z e’tiqodiga juda ham bog‘lanib qolgandir. Din borasidagi nuqtai nazari ular uchun muhim bo‘lib, oila a’zolari, madaniyati va qo‘shnilari-yu do‘stlari bilan bog‘lab turadi. Xo‘sh, bunday insonlarga qay yo‘sin yordam bera olamiz?

13 Mana bu misol borasida fikr yuritib ko‘ring. Aytaylik, eski ko‘prik bor va uning o‘rniga boshqasi qurilishi kerak. Odatda, yangisi qurilmaguncha, odamlar eskisidan foydalanib turadi. Yangi ko‘prik qurilganda esa, eskisi buzib tashlanadi. Xuddi shunday, odamlar bilan ular qadrlaydigan «eski» e’tiqodidan xalos bo‘lishi haqida suhbatlashishdan avval, avvalo ularga «yangi» haqiqatlarga, ya’ni ular Muqaddas Kitobni tadqiq qilishdan oldin bilmagan ta’limotlarga mehr bog‘lashga yordam berishimiz lozim. Shunday qilibgina, ular oldingi e’tiqodidan xalos bo‘lishga tayyor bo‘la oladi. Bu kabi o‘zgarishlarni qilishga yordam berish uchun vaqt sarflashimiz kerak bo‘ladi. (Rim. 12:2)

14–15. Abadiy hayot umidi haqida ko‘p narsani yoki umuman hech nimani bilmaydigan odamlarga qanday qilib yordam bera olamiz? Misol keltiring.

14 Xizmatda sabrli bo‘lsak, odamlar haqiqatni ilk bor eshitganidayoq uni tushunadi yoki qabul qiladi deb kutmasligimiz kerak. Aksincha, hamdard bo‘lib, Muqaddas Kitob asosida muzokara yuritishiga yordam berish uchun muayyan vaqt kerakligini tushunamiz. Masalan, kimdirga yer yuzidagi abadiy hayot umidi to‘g‘risida muzokara yuritishga qanday ko‘maklasha olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik. Aksariyat kishilar bu umid haqida ko‘p narsani yoki umuman hech nimani bilmaydi. Ular odam o‘limi bilan hamma narsa yakun topishiga ishonadi. Yoxud ular yaxshi odamlar osmonga ketadi deb o‘ylaydi. Ularga qanday qilib yordam bera olamiz?

15 Bitta birodar bu kabi vaziyatlarda muzokara yuritishga yordam beradigan fikrlar bilan bo‘lishdi. U avvalambor Ibtido 1:28 ni o‘qib beradi. So‘ng uy egasidan Xudo odamlarning qayerda va qanday sharoitlarda yashashini xohlaydi deb so‘raydi. Ko‘pchilik: «Yerda, yaxshi sharoitlarda»,— deb javob beradi. Keyin u Ishayo 55:11 ni o‘qiydi va Xudoning niyati o‘zgarganmi deb savol beradi. Odatda, uy egasi yo‘q deb aytadi. Oxirida birodar Zabur 37:10, 11 ni o‘qiydi va odamlarning kelajagi qanday bo‘lishi haqida so‘raydi. Muqaddas Kitobni shu tarzda qo‘llab, u bir nechta kishiga Xudo yer yuzidagi jannatda yaxshi odamlar yashashini xohlashini tushunishga ko‘maklasha oldi.

Daldali xat yuborish kabi mehrga to‘la kichik ishlar yaxshi natija keltirishi mumkin (16–17-xatboshilariga qarang.)

16–17. Hikmatlar 3:27 dagi so‘zlarni yodda tutgan holda, hamdardlik ko‘rsatish uchun qanday yordam berishimiz mumkin? Misol keltiring.

16 To‘rtinchidan, insonlarga qay yo‘sin g‘amxo‘rlik qila olishingiz haqida fikr yuriting. Masalan, uy egasi uchun noqulay bo‘lgan vaqtda kelgan bo‘lsak-chi? Uzr so‘rab, u uchun qulayroq vaqtda qaytishimizni aytsak bo‘ladi. Mabodo, uy egasiga qandaydir mayda-chuyda ishda ko‘maklashish kerak bo‘lsa-chi? Kasal bo‘lgani yo keksaligi tufayli uyidan chiqa olmayotgan kishi yumushlarida yordamga muhtoj bo‘lsa-chi? Bu kabi vaziyatlarda odamlarga ko‘maklasha olamiz. (Hikmatlar 3:27 ni o‘qing.)

17 Bir imondoshimiz uncha muhim deb tuyulmagan bitta ishda yordam bergan. U hamdardlik ko‘rsatib, o‘g‘li hayotdan ko‘z yumgan bir oilaga xat yozgan. Imondoshimiz tasalli baxsh etuvchi bir nechta oyatni keltirgan. Xo‘sh, bu xat oilaga qanday yordam berdi? Qayg‘urgan ona quyidagicha yozdi: «Kecha rosa siqilgan edim. Xatingiz bizga juda yordam berdi. Bizga tasalli ato etgan xatingiz uchun nihoyatda minnatdorman. Menimcha, kecha uni qariyb 20 marta o‘qib chiqdim. U qanchalar mehrga to‘la, tasalli va dalda baxsh etuvchi ekanini aytishga til ojiz. Sizdan chin dildan minnatdorman». Shubhasizki, azob chekayotgan insonlarning hayotini ko‘z oldimizga keltirsak va ularga yordam berish uchun biron nima qilsak, yaxshi natijalarga erisha olamiz.

MUVOZANATLI BO‘LING

18. Korinfliklarga yo‘llangan birinchi maktub 3:6, 7 ga binoan, xizmatda qanday muvozanatli nuqtai nazarni saqlashimiz darkor?

18 Albatta, xizmatda muvozanatli bo‘lishni istaymiz. Boshqalarga Alloh haqida bilim olishga yordam berayotganimiz juda ahamiyatli, biroq bu faoliyatning eng muhim qismini biz bajarmayapmiz. (1 Korinfliklarga 3:6, 7 ni o‘qing.) Tangri Yahova odamlarni O‘ziga jalb qiladi. (Yuhan. 6:44) Bundan tashqari, har bir kishi o‘z qalbining holati asosida xushxabarga nisbatan munosabat ko‘rsatadi. (Mat. 13:4–8) Unutmangki, ko‘pchilik Iso, ya’ni yer yuzida yashagan eng ulug‘ Ustoz aytgan xabarni qabul qilmagan. Demak, ko‘p odamlar xushxabarni tinglamasa ruhimiz tushmasligi darkor.

19. Xizmatda hamdardlik ko‘rsatsak qanday natijalarga erishamiz?

19 Xizmatda hamdardlik ko‘rsatsak, yaxshi natijalarga erishamiz. Va’zgo‘ylik ishini ko‘proq yoqtiramiz. Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta ekanini his etamiz. Qolaversa, shu yo‘sin «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» kishilarga xushxabarni qabul qilish osonroq bo‘ladi. (Havor. 13:48) Darhaqiqat, «fursatimiz bor ekan, hammaga... yaxshilik qilaylik». (Galat. 6:10) O‘shanda, samoviy Otamizni sharaflash bizga ko‘pdan-ko‘p quvonch keltiradi. (Mat. 5:16)

64-QO‘SHIQ O‘rim-yig‘imda quvonch ila qatnashamiz

^ 5- x.b. Xizmatda hamdardlik ko‘rsatsak, ko‘proq quvonchga to‘lishimiz va odamlar xushxabarni tinglashga moyilroq bo‘lishi mumkin. Nega deysizmi? Bu maqolada Isoning o‘rnagini va xizmatda hamdard bo‘lishimizga ko‘maklashadigan to‘rtta usulni ko‘rib chiqamiz.

^ 5- x.b. IBORA MA’NOSI. Muqaddas Kitobda qo‘llanilgan achinish so‘zi, azob chekayotgan yoki qo‘pol munosabatga duch kelayotgan biron kishiga nisbatan nozik tuyg‘ularni his etishni anglatadi. Bu his-tuyg‘ular tufayli odam boshqalarga yordam berish uchun qo‘lidan kelganini qiladi.

^ 8- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2014-yil, 15-may sonidagi «Xizmatdagi oltin qoidaga amal qiling» nomli maqolaga qarang.

^ 11- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2011-yil, 1-avgust sonidagi (rus) 21–22-sahifalarga qarang.