Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning ovoziga quloq soling

Yahovaning ovoziga quloq soling

Bu Mening... O‘g‘limdir... Unga quloq solinglar. MAT. 17:5.

89-QO‘SHIQ Tingla, quloq sol va ol baraka

BU MAQOLADA *

1–2. a) Yahova odamlar bilan qay yo‘sin gaplashgan? b) Mazkur maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

YAHOVA biz bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘radi. Qadimda U O‘z fikrlarini payg‘ambarlar, farishtalar va O‘g‘li Iso Masih orqali ayon qilgan. (Amos 3:7; Galat. 3:19; Vah. 1:1) Bugungi kunda esa, U Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali bizga gapiradi. Uning fikrlari-yu nuqtai nazarini tushunishimiz uchun bizga Muqaddas Kitobni taqdim etgan.

2 Iso yer yuzida bo‘lganida Yahova uch marta osmondan gapirgan. Keling, Yahova nima deganini, Uning so‘zlaridan qanday saboq olishimizni va bu bizga qanday foyda keltirishini ko‘rib chiqaylik.

«SEN MENING SEVIKLI O‘G‘LIMSAN»

3. Mark 1:9–11 da o‘qiganimizday, Iso suvga cho‘mganida Yahova nima degan va uchta muhim omil nimalarni tasdiqlayapti?

3 Mark 1:9–11 da (o‘qing) Yahova ilk bor osmondan gapirgani to‘g‘risida yozilgan. U: «Sen Mening sevikli O‘g‘limsan, sendan mamnunman»,— deb aytgan. Iso Otasi uni sevishi va ishonishi haqida eshitib, juda ta’sirlangan bo‘lsa kerak! Yahovaning so‘zlari Iso haqida uchta muhim omilni tasdiqlagan. Birinchidan, Iso Uning O‘g‘li. Ikkinchidan, Yahova Isoni yaxshi ko‘radi. Uchinchidan, Yahova Isodan mamnun. Keling, ushbu har bir vaziyatni batafsil muhokama qilaylik.

4. Qanday qilib Iso suvga cho‘mganida, o‘zgacha tarzda Xudoning O‘g‘liga aylandi?

4 «Sen Mening sevikli O‘g‘limsan». Bu so‘zlar bilan Yahova shuni ko‘rsatdiki, sevikli O‘g‘li Iso endi U bilan yangi munosabatlarga ega bo‘ldi. Iso osmonda bo‘lganida Xudoning ruhiy o‘g‘li edi. Lekin suvga cho‘mganida muqaddas ruh bilan moylandi. O‘shanda Xudo endi Iso moylangan O‘g‘li sifatida osmonga qaytib, U tayinlagan Shoh va Oliy ruhoniy bo‘lish umidiga ega ekanini ko‘rsatdi. (Luqo 1:31–33; Ibron. 1:8, 9; 2:17) Shu bois, Iso suvga cho‘mganida Yahova: «Sen Mening... O‘g‘limsan»,— deb aytishga asosli sababi bor edi. (Luqo 3:22)

Bizni maqtab dalda berishganda xursand bo‘lamiz (5-xatboshiga qarang.) *

5. Sevgimizni ko‘rsatishda va dalda berishda Yahovaning o‘rnagiga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?

5 «Sen Mening sevikli O‘g‘limsan». Yahova O‘z sevgisini va mamnun ekanini izhor etgani bizni boshqalarga dalda berish imkoniyatlarini izlashga undaydi. (Yuhan. 5:20) Boshqalar bizga sevgisini ko‘rsatsa va qilgan ishimiz uchun maqtasa, xursand bo‘lamiz. Shunga o‘xshab, jamoatdagi birodar-u opa-singillarimiz va oila a’zolarimiz sevgimiz-u daldamizga muhtojdir. Boshqalarni maqtaganimizda ularning imonini mustahkamlaymiz va Tangri Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishlariga yordam beramiz. Ayniqsa, ota-onalar farzandlariga dalda berishi kerak. Ota-onalar ularni maqtab, mehr ko‘rsatsa, farzandlar gullab-yashnaydi.

6. Nima uchun Isoga ishonishimiz mumkin?

6 «Sendan mamnunman». Bu so‘zlar bilan Yahova Iso Uning irodasini sadoqat ila bajarishiga amin ekanini ko‘rsatdi. Yahova O‘g‘liga nisbatan shunday ishonch bildirgan ekan, biz ham Iso Yahovaning va’dalarini sadoqat ila bajarishiga butunlayin amin bo‘lishimiz mumkin. (2 Kor. 1:20) Isoning misoli haqida mulohaza yuritganimizda, undan o‘rganish va izidan og‘may yurish qarorimiz yanada mustahkamlanadi. Yahova O‘g‘liga ishonganiday, biz ham xalq sifatida Isodan o‘rganishda davom etishimizga ishonadi. (1 Butr. 2:21)

«UNGA QULOQ SOLINGLAR»

7. Matto 17:1–5 ga ko‘ra, Yahova qanday vaziyatda osmondan gapirgan va nimalar degan?

7 Matto 17:1–5 ni o‘qing. Yahova ikkinchi marotaba osmondan gapirganda Isoning «qiyofasi o‘zgargan» edi. O‘shanda Iso Butrus, Yoqub va Yuhannoni u bilan birga baland tog‘ga chiqishga taklif qilgan edi. Ular bu yerda o‘zgacha vahiy ko‘rdi. Isoning yuzi yarqirardi va kiyimlaridan nur taralardi. Muso va Ilyosga o‘xshash ikki kishi paydo bo‘lib, Iso bilan uning o‘limi hamda tirilishi haqida suhbatlasha boshladi. Garchi uchta havoriyni «qattiq uyqu bosgan» bo‘lsa-da, uyg‘onib ketganda ajoyib vahiyni ko‘rdi. (Luqo 9:29–32) Keyin ularni bulut qopladi va ular bulut ichidan Xudoning ovozini eshitdi! Iso suvga cho‘mganida Yahova undan mamnun ekanini va sevgisini ko‘rsatganiday, bu gal ham: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman»,— deb aytdi. Lekin bu safar Yahova: «Unga quloq solinglar»,— deb qo‘shib qo‘ydi.

8. Iso hamda havoriylar ko‘rgan vahiy ularga qanday ta’sir qildi?

8 Bu tufayli Iso kelajakda qanday ulug‘vorlikka hamda Xudoning Shohligida qudratga ega bo‘lishi ayon bo‘lgan. Shubhasizki, bu Isoga dalda bergan va azoblar-u og‘riqli o‘limida sabr-bardoshli bo‘lishiga kuch ato etgan. Qolaversa, bu vahiy havoriylarning imoniga imon qo‘shgan va ularni kelajakda kutayotgan sinovlarda benuqson qolishlari uchun mustahkamlagan. Deyarli 30 yil o‘tib, havoriy Butrus o‘sha vahiy hali ham esidan chiqmaganini ko‘rsatib, unga ishora qilgan. (2 Butr. 1:16–18)

9. Iso shogirdlariga qanday amaliy maslahat bergan?

9 «Unga quloq solinglar». Yahova Uning O‘g‘liga quloq solishimizni va itoatli bo‘lishimizni istashini aniq ko‘rsatgan. Iso yer yuzida bo‘lganida nimalar haqida gapirgan? U juda ko‘p muhim narsalar haqida so‘zlagan. Masalan, u izdoshlariga xushxabarni va’z qilishni mehr ila o‘rgatgan va ularni hushyor turishga qayta-qayta undagan. (Mat. 24:42; 28:19, 20) Bundan tashqari, ularni jon kuydirishga va taslim bo‘lmaslikka chorlagan. (Luqo 13:24) Shuningdek, Iso izdoshlari bir-birini sevishi va yakdil bo‘lishi hamda uning amrlariga rioya etishlari lozimligini ta’kidlagan. (Yuhan. 15:10, 12, 13) Darhaqiqat, Iso shogirdlariga juda amaliy maslahat bergan! Mazkur maslahat bugungi kunda ham xuddi o‘shandagidek muhimdir.

10–11. Isoga quloq solayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

10 Iso: «Haqiqat tarafida bo‘lganlar ovozimga quloq solishadi»,— degan. (Yuhan. 18:37) Bir-birimizga chidamli bo‘lib va chin dildan kechirib Isoning ovoziga quloq solayotganimizni ko‘rsatamiz. (Kolos. 3:13; Luqo 17:3, 4) Qolaversa, «qulay paytda ham, noqulay paytda ham» xushxabarni g‘ayrat ila va’z qilib Isoga quloq solayotganimizni namoyon etamiz. (2 Tim. 4:2)

11 Iso quyidagicha aytgan: «Qo‘ylarim ovozimga quloq soladi». (Yuhan. 10:27) Masihning izdoshlari nafaqat uning so‘zlariga e’tibor qaratib, balki ularni amalda qo‘llab unga quloq solayotganini ko‘rsatadi. Ular «turmush tashvishlari» bilan chalg‘imaydi. (Luqo 21:34) Aksincha, ular hatto og‘ir vaziyatlarda ham hayotda nima ustuvor bo‘lishi borasida Isoning amrlariga itoat etadi. Misol uchun, ko‘pgina imondoshlarimiz shiddatli qiyinchiliklarda, jumladan, ularga qarshi chiqqanlar hujum qilganda, qashshoqlikda va tabiiy ofatlarda sabr-bardoshli ekanini ko‘rsatmoqda. Bu qanchalik qimmatga tushmasin, ular bunday sinovlarning barchasida Yahovaga sodiq qolmoqda. Iso ularni shunday deb ishontirmoqda: «Amrlarimni qabul qilib, ularga amal qilgan kishi meni sevadi. Meni sevganni Otam sevadi». (Yuhan. 14:21)

Xizmatimiz Isoga quloq solishda davom etishga yordam beradi (12-xatboshiga qarang.) *

12. Isoga quloq solishimizni ko‘rsatishning yana bir yo‘li qanday?

12 Isoga quloq solishimizni ko‘rsatishning yana bir yo‘li — u oramizda rahbarlik qilish uchun tayinlagan birodarlar bilan hamkorlik qilish. (Ibron. 13:7, 17) So‘nggi yillarda Xudoning tashkiloti juda ko‘p o‘zgarishlar qildi. Masalan, xizmatdagi yangi asboblar-u usullar, hafta o‘rtasida bo‘ladigan uchrashuv qay tarzda o‘tayotgani, Yig‘ilish zalini qurish, qayta ta’mirlash va ta’minlash shular jumlasidandir. Mehr ila berilgan va puxta o‘ylangan yo‘l-yo‘riqlar uchun minnatdormiz! Tashkilot o‘z vaqtida taqdim etayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish uchun qilayotgan harakatlarimizga Yahova baraka berishiga aminmiz.

13. Isoga quloq solish qanday foyda keltiradi?

13 Iso o‘rgatgan barcha narsalarga amal qilib foyda olamiz. U shogirdlarini ta’limotlari ularga rohat baxsh etishiga ishontirgan. «Jonlaringiz rohat topadi. Zero mening bo‘yinturug‘im qulay va yukim yengildir»,— deb aytgan edi Iso. (Mat. 11:28–30) Uning hayoti va xizmati bayon etilgan to‘rtta kitobni o‘z ichiga olgan Xudoning Kalomi bizga tetiklik baxsh etadi, qaytadan ma’naviy kuch beradi va dono qiladi. (Zab. 19:7; 23:3) Iso: «Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltirganlar baxtlidir!» — degan. (Luqo 11:28)

ISMIMNI «ULUG‘LAYMAN»

14–15. a) Yuhanno 12:27, 28 da keltirilgan Yahova osmondan gapirgan uchinchi vaziyat qanday bo‘lgan? b) Nega Yahovaning so‘zlari Isoga dalda va kuch bergan deb ayta olamiz?

14 Yuhanno 12:27, 28 ni o‘qing. Yuhannoning bayonotida Yahova osmondan uchinchi marotaba gapirgani haqida o‘qiymiz. O‘limiga bir necha kun qolganida, Iso Fisih bayramini so‘nggi marotaba nishonlash uchun Quddusda edi. U: «Yuragim siqilyapti»,— dedi. Keyin esa, ibodat qilib shunday dedi: «Ota, ismingni ulug‘la». Otasi bunga javoban osmondan: «Ulug‘ladim va yana ulug‘layman»,— deb aytdi.

15 Iso Yahovaga sodiq qolish kabi ulkan mas’uliyatdan xavotirga tushgan edi. U, shuningdek, uni beshafqatlarcha qamchilashlaridan va og‘riqli o‘limdan azob chekishi kerakligini bilardi. (Mat. 26:38) Lekin bularning bariga qaramay, Iso Otasining ismini ulug‘lashni istagan. Ustiga-ustak, Isoni haqoratlashardi va u o‘limi Xudoning ismiga dog‘ tushirishidan tashvishlangan. Yahovaning so‘zlari Isoga qanchalar dalda bergan bo‘lsa kerak-a? U Yahovaning ismi ulug‘lanishiga amin bo‘lishi mumkin edi. Otasining so‘zlari Isoga dalda bergani va oldinda kutayotgan azoblarda sabr-bardoshli bo‘lishi uchun kuch baxsh etgani turgan gap. Garchi o‘shanda Otasi nima deyayotganini faqatgina Iso tushungan bo‘lsa-da, Yahova bu so‘zlar barchamiz uchun yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qildi. (Yuhan. 12:29, 30)

Yahova O‘z ismini ulug‘lab, xalqini qutqaradi (16-xatboshiga qarang.) *

16. Nima uchun Yahovaning ismiga dog‘ tushishidan ba’zida xavotirlanishimiz mumkin?

16 Isoga o‘xshab biz ham Yahovaning ismiga dog‘ tushishidan qo‘rqarmiz. Ehtimol, bizga Iso kabi nohaqlarcha munosabat qilishar. Yoki bizga qarshi chiqqanlar biz haqimizda tarqatgan yolg‘onlar dastidan xavotirlanayotgandirmiz. Buning ustiga, yolg‘on ma’lumot Yahovaning ismini hamda Uning tashkilotini bulg‘ashi to‘g‘risida o‘ylarmiz. Bunday paytlarda Yahovaning so‘zlari biz uchun dalda manbai bo‘lishi mumkin. Haddan ortiq tashvishlanishimizga hojat yo‘q. «Har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi» qalbimizni va ongimizni «Iso Masih orqali himoya qilishiga» ishonishimiz mumkin. (Filip. 4:6, 7) Yahova doim O‘z ismini ulug‘laydi. Xudo O‘z Shohligi orqali Shayton va uning dunyosi sadoqatli xizmatchilariga yetkazgan zararni yo‘q qiladi. (Zab. 94:22, 23; Ishayo 65:17)

YAHOVAGA QULOQ SOLIB FOYDA OLING

17. Ishayo 30:21 ga binoan, bugungi kunda Yahova bizga qay yo‘sin gapirmoqda?

17 Yahova bugun ham bizga gapirmoqda. (Ishayo 30:21 ni o‘qing.) To‘g‘ri, bugungi kunda Xudoning ovozini osmondan eshitmaymiz. Ammo U yo‘l-yo‘riqlari keltirilgan Muqaddas Kitobni bizga bergan. Shuningdek, Yahova muqaddas ruhi orqali «ishonchli... boshqaruvchi»ni xizmatchilarini ma’naviy ozuqa bilan ta’minlashga undaydi. (Luqo 12:42) Chindan ham, bosma va onlayn ma’lumot, video hamda audio mahsulotlar orqali mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqa olamiz!

18. Qay yo‘sin Yahovaning so‘zlari imoningizni mustahkamlab, jasorat baxsh etmoqda?

18 Iso yer yuzida bo‘lganida Yahova unga aytgan so‘zlarni doim yodimizda saqlaylik. Shuningdek, Muqaddas Kitobda yozib qoldirilgan Yahovaning so‘zlari hamma narsa Uning nazorati ostida ekanligiga va U Shayton hamda uning dunyosi yetkazgan zararni yo‘q qilishi borasida ishonch baxsh etsin. Doim Yahovaga quloq solaylik. Shunda hozir duch kelayotgan har qanday muammo va kelajakda bo‘ladigan qiyinchiliklarni yengishda sabr-bardoshli bo‘la olamiz. Zero, Muqaddas Kitobda shunday eslatma bor: «Tangrining irodasini bajarib, va’da etilgan narsalarga erishish uchun sabr-bardoshli bo‘lishingiz kerak». (Ibron. 10:36)

4-QO‘SHIQ «Yahova mening Cho‘ponimdir»

^ 5- x.b. Iso yer yuzida bo‘lganida Yahova uch marotaba osmondan gapirgan. Masalan, bir safar Yahova xizmatchilarini Isoga quloq solishga undagan. Bugungi kunda Yahova Isoning ta’limotlarini o‘z ichiga olgan Muqaddas Kitob va tashkiloti orqali bizga gapiradi. Ushbu maqolada Yahova hamda Isoga quloq solib, qanday foyda olishimiz haqida bilib olamiz.

^ 52- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Oqsoqol jamoat xizmatkori Yig‘ilish zalini yig‘ishtirayotganini va adabiyot taqsimlashda yordam berayotganini ko‘radi. Oqsoqol uni iliq maqtab qo‘yadi.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Syerra-Leonedagi bir juftlik baliqchini yig‘ilishga taklif qilyapti.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Faoliyatimiz cheklangan hududda Shohidlar uyda yig‘ilish o‘tkazyapti. O‘zlariga e’tibor qaratmaslik uchun ular odatdagiday kiyingan.