Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tangri Yahova uchun «omin» deb aytganimiz ahamiyatli

Tangri Yahova uchun «omin» deb aytganimiz ahamiyatli

TANGRI YAHOVA topinishimizni juda qadrlaydi. O‘z xizmatchilarini diqqat bilan tinglaydi va Uni sharaflash uchun qilayotgan har bir harakat nazaridan chetda qolib ketmaydi. (Mal. 3:16) Masalan, juda ko‘p marta aytiladigan so‘zga e’tibor qarataylik. Bu so‘z «omin». Qiziq, Yahova bu so‘zni muhim deb biladimi? Ha, albatta. Buning sababini bilish uchun, keling, uning ma’nosini va Muqaddas Kitobda u qanday qo‘llanilayotganini bilib olaylik.

«BUTUN XALQ: “OMIN!” — DESIN»

«Omin» so‘zi «shunday bo‘lsin» yoki «shubhasiz» degan ma’noga ega. Ibroniy tilidagi bu so‘zning o‘zagi «sodiq, ishonchli bo‘lish» ma’nolarini bildiradi. Bu so‘z ba’zida sud ishlarida ishlatilgan. Odam qasam ichgach, aytganlari rost ekanini va buning oqibatini qabul qilishga rozi ekanini tasdiqlash uchun «omin» derdi. (Sah. 5:22) Omma oldida «omin» deb aytganda, u so‘zlarining ahamiyatini yanada kuchaytirardi. (Naxim. 5:13)

Qonunlar 27- bobdagi «omin» so‘zi ajoyib tarzda ishlatilgan. Va’da qilingan yurtga kirgandan so‘ng, isroilliklar Ebal va Garizim tog‘lari orasida birga yig‘ilib, Xudoning Qonunini tinglashi kerak edi. Shuni aytish joizki, ular nafaqat tinglashi, balki uni qabul qilayotganini tasdiqlashi kutilardi. Itoatsizlikning oqibati qanday bo‘lishi o‘qilganda, ular: «Omin!» — deb buni tasdiqlashgan. (Qonun. 27:15–26) Minglab erkag-u ayollar va bolalar javoban baland ovozda bu so‘zni aytishayotganini tasavvur qiling. (Yoshua 8:30–35) O‘sha kuni ular aytgan so‘zlarni yodidan chiqarmasliklari shubhasiz. Bu isroilliklar o‘z va’dasida turishgan. Ular haqida quyidagicha yozilgan: «Isroil xalqi, Yoshuaning butun umri davomida hamda Yoshuadan keyin qolgan va Yahovaning Isroil xalqiga qilgan barcha ishlaridan xabardor bo‘lgan oqsoqollar hayotligida Yahovaga xizmat qildi». (Yoshua 24:31)

Iso ham so‘zlari ishonchli ekanini tasdiqlash maqsadida «omin» deb aytgan, ammo u buni o‘zgacha tarzda qilgan. Aytganlarini takrorlashning o‘rniga u rost gapirganini tasdiqlash uchun «omin» derdi (o‘zbek tilida «ishonavering» deb o‘girilgan). Gohida u «omin, omin» deb bu so‘zni qayta-qayta aytardi. (Mat. 5:18; Yuhan. 1:51) Shu yo‘sin Iso tinglovchilarini so‘zlari chindan ham rost ekaniga ishontirardi. Iso qat’iylik ila gapirganining sababi, u Xudoning barcha va’dalarini amalga oshirish vakolatiga ega. (2 Kor. 1:20; Vah. 3:14)

«BUTUN XALQ: “OMIN!” — DEB YAHOVANI MADH ETDI!»

Isroil xalqi «omin» so‘zini shuningdek Yahovani madh etib, ibodat qilganda qo‘llardi. (Naxim. 8:6; Zab. 41:13) Ibodatdan so‘ng bu so‘zni aytib, uni eshitganlar aytilganlarga qo‘shilayotganini ko‘rsatishardi. Barcha yig‘ilganlar Yahovaga shu tarzda topinayotganini namoyon etishardi. Shoh Dovud Yahovaning sandig‘ini Quddusga olib borishi kerak bo‘lganda bu yuz berdi. Bu voqea nishonlanayotganda, u 1 Solnomalar 16:8–36 da o‘qishimiz mumkin bo‘lgan shukrona qo‘shig‘ini aytib, sidqidildan ibodat qilgan. Bu so‘zlardan ta’sirlangan butun xalq: «Omin!» — deb Yahovani madh etgan. Ha, ular yakdillik ila bunday javob bergani quvonchiga quvonch qo‘shgan!

Birinchi asrdagi masihiylar ham Yahovani madh etganda, «omin» so‘zini aytishgan. Muqaddas Kitobni yozganlar ko‘p hollarda uni qo‘llashgan. (Rim. 1:25; 16:27; 1 Butr. 4:11) Vahiy kitobida o‘qiganimizday, hatto ruhiy shaxslar ham osmonda Yahovani sharaflab: «Omin! Yahga hamdlar bo‘lsin!» — deb aytishadi. (Vah. 19:1, 4) Ilk masihiylar odatda yig‘ilishlarda ibodat qilgach, «omin» deb aytishardi. (1 Kor. 14:16) Lekin bu o‘ylamay shunchaki aytiladigan so‘z emas.

NEGA «OMIN» DEB AYTGANIMIZ AHAMIYATLI?

Yahovaning xizmatchilari bu so‘zni qay yo‘sin qo‘llaganini bilgach, nega uni ibodatning oxirida aytishimiz muhimligini tushundik. Shaxsiy ibodatimiz oxirida uni aytib, aytganlarimiz rost ekanini ko‘rsatamiz. Agar omma oldida qilingan ibodatning yakunida hatto ichimizda «omin» desak, aytilganlarga qo‘shilayotganimizni namoyon etamiz. Nega «omin» deb aytishimizning boshqa sababini ham bilib olaylik.

Topinishimizning muhim qismi. Nafaqat ibodatda aytilgan so‘zlarga qo‘shilganimiz, balki ibodat paytida o‘zimizni qanday tutganimiz bilan ham Yahovaga topinamiz. «Omin» so‘zini chin yurakdan aytish, ibodatga nisbatan o‘rinli nuqtai nazarni rivojlantirishga va unga diqqat qaratishga yordam beradi.

Xudoning xizmatchilari sifatida birlashganmiz. Omma oldida aytilgan ibodatga jamoatdagilarning barchasi diqqat qaratadi. (Havor. 1:14; 12:5) Birodar-u opa-singillarimiz bilan birga «omin» deb aytganimizda ular bilan yanada yakdil bo‘lamiz. «Omin» so‘zini ovoz chiqarib yoki ichimizda aytamizmi, Yahova ibodatimizni eshitib, unga muvofiq yo‘l tuta oladi.

«Omin» deb aytganimiz bilan Yahovani madh etamiz

Yahovani madh etamiz. Xudo Unga topinish uchun qilayotgan hatto kichik ishlarimizni ham ko‘radi. (Luqo 21:2, 3) U niyatlarimizni va qalbimizdagilarni yaxshi biladi. Jamoat uchrashuvini telefon orqali tinglaganimizda ham, kamtarlik ila «omin» deb aytganimiz Yahovaning nazaridan chetda qolib ketmasligi aniq. «Omin» deganimizda jamoatdagilar bilan birga Yahovani madh etgan bo‘lamiz.

«Omin» deb aytganimiz uncha ahamiyatga ega emasday tuyulishi mumkin, biroq u juda ham muhim. «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasiga binoan, Xudoning xizmatchilari «bu so‘zni qo‘llaganda amin, butunlayin rozi va qalblarini to‘ldirib turgan ajoyib umidga ega ekanini» ko‘rsatishadi. Iloyim, «omin» deb tasdiqlagan har bir ibodatimiz Yahovaga manzur bo‘lsin. (Zab. 19:14)