Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-TADQIQ MAQOLASI

Jabr ko‘rganlarga tasalli berish

Jabr ko‘rganlarga tasalli berish

U... har qanday vaziyatda tasalli beradigan Allohdir. U barcha qayg‘ularimizda bizga tasalli beradi. 2 KOR. 1:3, 4

134-QO‘SHIQ Farzandlar — Yahovadan merosdir

BU MAQOLADA *

1–2. a) Qaysi misol odamlar tasalliga muhtoj bo‘lishi tabiiy ekanini va uni taqdim eta olish qobiliyatiga ega ekanini ko‘rsatyapti? b) Ba’zi bolalar qanday jarohatlardan azob chekadi?

INSONLARDA tasalliga muhtojlik kabi tabiiy istak bor. Qolaversa, barcha odamlar tasalli berish kabi ajoyib qobiliyatga ega. Masalan, bolakay yiqilib, tizzasini shikastlab olsa, onasi yoki dadasining oldiga yig‘lab keladi. Ota-ona bolasini shikastdan forig‘ qila olmasa-da, unga tasalli berishi mumkin. Ular nima bo‘lganini so‘rashi, uning ko‘z yoshlarini artib qo‘yishi va uni quchoqlab yupatishi mumkin. Shuningdek, ota-ona bolaning yarasiga biron dori surkab, uni bog‘lab qo‘yar. Ko‘p o‘tmay bola yig‘idan to‘xtab, hatto o‘ynashda davom etadi. Vaqt o‘tib yarasi bitib ketadi.

2 Ammo ba’zida bolalar dahshatli tarzda jarohatlanadi. Ayrimlar jinsiy tahqirlarga duch keladi. Bunday holat bir marotaba yoki yillar mobaynida davom etgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, bolaning nomusiga tegish unda og‘ir hissiy jarohatlar qoldiradi. Ba’zida bu ishni sodir etgan kishi qo‘lga tushib, jazolanadi. Gohida esa, u hech qachon jazolanmaydiganday tuyuladi. Lekin bolaning nomusiga tekkan kishi shu zahoti jazolansa ham, tahqirlangan bola katta bo‘lganida ham azob chekishi mumkin.

3. Korinfliklarga ikkinchi maktub 1:3, 4 ga ko‘ra, Yahova nimani istaydi va qanday savollarga javob topamiz?

3 Bolaligida jinsiy tahqirlarga duch kelgan masihiy ulg‘ayganida ham hissiy jarohatlardan azob chekayotgan bo‘lsa, unga qanday yordam berish mumkin? (2 Korinfliklarga 1:3, 4 ni o‘qing.) Shunisi aniqki, Yahova Uning aziz xizmatchilari sevgini his etishlarini va muhtoj bo‘lganida tasalli olishlarini istaydi. Keling, uchta savolga diqqat qarataylik: 1) Bolaligida jinsiy tahqirlarga duch kelganlar nega tasalliga muhtoj bo‘lishi mumkin? 2) Ularga kim tasalli bera oladi? 3) Qanday qilib ularga tasalli bera olamiz?

NIMA UCHUN TASALLI BERISH KERAK?

4–5. a) Nima uchun bolalar kattalardan farq qilishini tushunish muhim? b) Bola tahqirlansa, uning boshqalarga bo‘lgan ishonchi bilan nima yuz berishi mumkin?

4 Bolaligida zo‘rlanganlarning ba’zilari ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa ham, tasalliga muhtoj bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, nega? Buni tushunish uchun, avval bolalar kattalardan ancha farq qilishini anglab olishimiz kerak. Ko‘pincha bolalar tahqirlarga duch kelganda, kattalarga qaraganda, bu ularga boshqacha ta’sir qiladi. Bir nechta misolga diqqat qarataylik.

5 Bolalar ularni tarbiyalagan va g‘amxo‘rlik qilgan insonlar bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirib, ularga ishonishadi. Bunday tuyg‘ular tufayli u o‘zini xavfsiz his etib, unga g‘amxo‘rlik qilgan insonga ishonishga o‘rganadi. (Zab. 22:9) Afsuski, ko‘pincha bunday tahqirlar bolaning uyida yuz beradi va bu ishga qo‘l urgan kishi yaqin qarindosh yoki oilaning do‘stlari bo‘lib chiqadi. Bunday qilmish orqali bolaning ishonchi poymol bo‘lib, u yillar davomida boshqalarga ishonishga qiynalishi mumkin.

6. Nega bolaning nomusiga tegish shafqatsizlik bo‘lib, uni jarohatlaydi?

6 Bolalar o‘zlarini himoyalay olmaydi va ularning nomusiga tegish shafqatsizlik bo‘lib, ularni jarohatlaydi. Bola ulg‘ayganda oila qurib jinsiy munosabatda bo‘lishga jismonan, hissan va aqlan tayyor bo‘lishidan avval uni axloqsiz ishlarga majburlash unga qattiq jarohat yetkazadi. Tahqirlangani tufayli bolaning jinsiy munosabatga, o‘ziga va u bilan do‘stlashishga intilganlarga bo‘lgan nuqtai nazari umuman o‘zgarib ketishi mumkin.

7. a) Nega tahqirlovchiga bolani aldash oson bo‘lishi mumkin va u buni qay yo‘sin qiladi? b) Bunday yolg‘onlar bolaga qanday ta’sir qilishi mumkin?

7 Bolalarda o‘ylash, qaror chiqarish, tushunish va xavfdan qochish qobiliyati to‘liq rivojlanmagan. (1 Kor. 13:11) Shu bois, bolani aldab, uni tahqirlash oson. Tahqirlovchi bu bolaning aybi ekanini, buni sir saqlash kerakligini, bordi-yu, bu haqda aytsa, unga hech kim ishonmasligini va yordam bermasligini yoki aslida kattalar va bolalar o‘rtasidagi jinsiy munosabatlar samimiy sevgi izhori ekanini aytib, uni aldaydi. Bu bolaning fikrlash tarziga ta’sir qilishi va u bularning barchasi yolg‘on ekanini tushunishi uchun ko‘p yillar kerak bo‘lishi mumkin. Bunday bola endi hech kim, hatto Xudo bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘la olmayman deb o‘ylashi mumkin. Ustiga-ustak, bu uning xatosi bo‘lmasa ham, o‘zini aybdor his etishi hamda sevgi va tasalliga noloyiq deb bilishi mumkin.

8. Tahqirlarga duch kelganlarga Yahova tasalli bera olishiga nega amin bo‘lishimiz mumkin?

8 Bularni bilish nima uchun jinsiy tahqirlarga duch kelgan bola uzoq yillar davomida buning asoratini his etishini tushunishga yordam beradi. Bu o‘taketgan yovuz jinoyatdir. Bu kabi muammo keng tarqalgani oxirzamonda yashayotganimizni aniq ko‘rsatyapti. Zero, hozirda ko‘pchilik «mehrsiz» bo‘lib, «yomon insonlar va yolg‘onchilar... tobora razillashib» boryapti. (2 Tim. 3:1–5, 13) Shaytonning hiylalari razillikka to‘la va odamlar u istaganday yo‘l tutayotganini ko‘rish achinarli. Ammo Yahova Shayton va uning xohishini bajarayotganlardan ancha kuchliroqdir. Tangri Shaytonning qilmishlaridan xabardor. Shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, Yahova qanchalar azob chekayotganimizni biladi va biz muhtoj bo‘lgan tasallini taqdim eta oladi. «Har qanday vaziyatda tasalli beradigan Alloh»ga xizmat qilish kabi barakaga egamiz. «U barcha qayg‘ularimizda bizga tasalli beradi. Shu tariqa biz ham, Xudodan olgan tasalli bilan turli qayg‘ularga duchor bo‘lganlarga tasalli bera olamiz». (2 Kor. 1:3, 4) Tasalli berish uchun Yahova kimdan foydalanadi?

KIM TASALLI BERA OLADI?

9. Shoh Dovudning Zabur 27:10 dagi so‘zlariga ko‘ra, oila a’zolari tashlab ketgan insonlar uchun Yahova nima qiladi?

9 Ayniqsa, ota-onasi tashlab ketganlar va bolaligida yaqinlari tomonidan tahqirlanganlar tasalliga muhtoj bo‘lishi mumkin. Sano bastakori Dovud Yahova doim tasalli bera olishiga ishonishimiz mumkinligini aytgan. (Zabur 27:10 ni o‘qing.) Dovud shuni bilganki, yaqinlari tashlab ketgan insonlarga Yahova bee’tibor emas. Xo‘sh, Yahova buni qay yo‘sin qiladi? U sadoqatli xizmatchilaridan foydalanadi. Yahovaga topinayotgan imondoshlarimiz ma’naviy oilamizdir. Misol uchun, Iso Yahovaga topinishda unga qo‘shilganlar u uchun aka-uka, opa-singil va ona bo‘lishini aytgan. (Mat. 12:48–50)

10. Havoriy Pavlus oqsoqol sifatida nima qilgan?

10 Qanday qilib masihiylar jamoatida oila a’zolar kabi yaqin munosabatlarni rivojlantirish mumkinligini misol yordamida ko‘rib chiqaylik. Havoriy Pavlus mehnatsevar va sadoqatli oqsoqol bo‘lgan. U ajoyib o‘rnak qoldirgan va o‘zi Masihga taqlid qilgani kabi boshqalarga ham unga taqlid qilishni ilohiy ilhom ostida aytgan. (1 Kor. 11:1) Pavlus oqsoqollarning mehnati to‘g‘risida nima deganiga e’tibor bering: «Sizlarga xuddi bolalarini pahpahlab boqadigan ona kabi yumshoq muomala qilganmiz». (1 Salon. 2:7) Bugungi kunda ham sadoqatli oqsoqollar daldaga muhtoj bo‘lganlarga Muqaddas Kitob asosida tasalli berish uchun yumshoqlik va muloyimlik ila gapirishadi.

Ko‘pincha ma’nan yetuk opa-singillar ajoyib tarzda tasalli bera oladi (11-xatboshiga qarang.) *

11. Tasalli berishga faqatgina oqsoqollar mas’ul emasligini nimadan ko‘ryapmiz?

11 Bolaligida nomusiga tekkanlarga faqat oqsoqollar tasalli bera oladimi? Yo‘q. Barchamiz «bir-biringizga tasalli beringlar» degan undovga amal qilishga mas’ulmiz. (1 Salon. 4:18) Ayniqsa, daldaga muhtoj opa-singillarimizga yoshi nechada bo‘lishidan qat’i nazar, ma’nan yetuk opa-singillarimiz tasalli berishi mumkin. Shuningdek, Yahova O‘zini xuddi o‘g‘lini yupatayotgan onaga o‘xshatgan. (Ishayo 66:13) Muqaddas Kitobda qayg‘uda bo‘lganlarga dalda bergan ayollarning misollari keltirilgan. (Ayub 42:11) Bugungi kunda Yahova hissan azob chekayotgan opa-singillarga tasalli berishga intilayotgan masihiy ayollarni ko‘rib juda quvonadi. Ba’zi hollarda oqsoqollar ma’nan yetuk imondoshimizdan azob chekayotgan opamizga yordam bera olish-olmasligi haqida shaxsan so‘rashi mumkin *.

QAY YO‘SIN TASALLI BERA OLAMIZ?

12. Nima qilishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak?

12 Albatta imondoshimiz aytishni istamagan ma’lumotni surishtirmaymiz. (1 Salon. 4:11) Unda yordam va daldaga muhtoj bo‘lganlar uchun nima qila olamiz? Keling, qay yo‘sin Muqaddas Kitobga asoslanib ularga yordam bera olishimiz mumkinligining beshta usuliga diqqat qarataylik.

13. Shohlar tarixi uchinchi kitob 19:5–8 da keltirilganidek, Yahovaning farishtasi Ilyos uchun nima qildi va biz o‘sha farishtaga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?

13 Amaliy yordam taqdim eting. Ilyos payg‘ambarning hayoti xavf ostida bo‘lganida, u shunchalik tushkunlikka tushganidan hatto o‘lishni istagan. Yahova ko‘ngli cho‘kkan bu xizmatchisiga dalda berish uchun qudratli farishtasini yuborgan. Farishta unga amaliy yordam bergan. U Ilyosga issiq yegulik berib, uni yeb olishga undagan. (3 Shohlar 19:5–8 ni o‘qing.) Bu voqeadan shunday saboq olyapmizki, gohida oddiy ishlar orqali mehrni ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. Ehtimol, taom, oddiygina sovg‘a yoki puxta o‘ylangan so‘zlarimiz yozilgan otkritka yordamida tushkunlikda bo‘lgan birodar yoki opa-singlimizni sevgimiz-u mehrimizda ishontira olamiz. Hatto shaxsiy yoki og‘riqli mavzular borasida gaplashish biz uchun noqulay bo‘lsa ham, ularga amaliy yordam taqdim etishimiz mumkin.

14. Ilyos to‘g‘risidagi voqeadan qanday saboq olyapmiz?

14 Ko‘ngli cho‘kkan inson o‘zini bexatar va bemalol his eta olishi uchun harakat qiling. Ilyos bilan bo‘lgan voqeadan yana bir saboq olishimiz mumkin. Payg‘ambar olisdagi Xorev tog‘iga yetib olishi uchun Yahova u muhtoj bo‘lgan kuchni ato etib, unga mo‘jizaviy tarzda yordam berdi. Balkim bu olis joyda Yahova asrlar ilgari xalqi bilan ahd tuzgandir va Ilyos u yerda o‘zini xavfsiz his etgan. Ehtimol, Ilyos uni o‘ldirmoqchi bo‘lganlardan uzoqda ekanini his etgandir. Bundan nimaga o‘rganyapmiz? Tahqirlar qurboniga aylanganlarga tasalli berishni istasak, avvalo ular o‘zlarini bexatar his etishlariga yordam berishimiz kerak. Masalan, oqsoqollar shuni unutmasligi kerakki, tushkunlikka tushgan opamiz yo singlimiz odam gavjum joydan ko‘ra, uyda bir piyola choy ustida suhbatlashsa, o‘zini bemalolroq va xavfsizroq his etishi mumkin. Boshqa kishi uchun esa, aksincha bo‘ladi.

Sabr ila tinglab, iltijolar qilib va tasalli baxsh etuvchi so‘zlarni tanlab kishining qalbiga shifo berishimiz mumkin (15–20-xatboshilariga qarang.) *

15–16. Yaxshi tinglovchi bo‘lish nimani o‘z ichiga oladi?

15 Yaxshi tinglovchi bo‘ling. Muqaddas Kitobda shunday maslahat yozilgan: «Har bir kishi tinglashga tayyor bo‘lsin. So‘zlashga... esa shoshilmasin». (Yoqb. 1:19) Biz yaxshi tinglovchimizmi? Ehtimol, yaxshi tinglovchi bo‘lish odamga qarab turishni va hech nima demaslikni anglatadi deb o‘ylarmiz. Ammo bu ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Misol uchun, Ilyos dard-alamlarini Yahovaga to‘kib solgan va U uni chinakamiga tinglagan. Yahova shuni tushunganki, Ilyos qo‘rqqandi, o‘zini yolg‘iz his etgandi va qilgan ishlari behuda deb o‘ylardi. Yahova sevgi ila u har bir xavotirini yengishiga yordam berdi. U Ilyosni chinakamiga tinglaganini ko‘rsatdi. (3 Shoh. 19:9–11, 15–18)

16 Qanday qilib insonni tinglayotganda, sevgimizni namoyon etib hamdardlik va mehr-shafqat ko‘rsatishimiz mumkin? Ba’zida bir-ikkita muloyim va iliq so‘z orqali nimalarni his etayotganingizni ko‘rsata olasiz. Masalan, quyidagicha desangiz bo‘ladi: «Siz bilan bu voqea yuz bergani juda qayg‘uli! Bu hech bir bolaning boshiga tushmasin!» Ehtimol, bitta yoki ikkita savol berib, qayg‘uga botgan do‘stingizning aytganlarini tushunganingizga ishonch hosil qilarsiz. Quyidagicha so‘rashingiz mumkin: «Sizni oxirigacha tushunmoqchiman. Iltimos, yordam bera olasizmi?» yoki «Sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam,.. Shuni nazarda tutyapsizmi?» Inson sevgiga to‘la bu kabi gaplaringizni eshitib, uni chinakamiga tinglayotganingizga va tushunishga harakat qilayotganingizga ishonishi mumkin. (1 Kor. 13:4, 7)

17. Nima uchun sabrli bo‘lib «so‘zlashga... shoshilmasligimiz» kerak?

17 Lekin «so‘zlashga... shoshilmang». Maslahat berish yoki uning fikrlash tarzini to‘g‘rilash uchun gapini bo‘lmang. Shuningdek, sabrli bo‘ling. Ilyos qalbidagilarni Yahovaga to‘kib solganida, u iztirobga to‘la edi va gaplaridan qanchalik g‘amga botgani sezilib turardi. Yahova Ilyosning imonini mustahkamlaganidan keyin, u yana his-tuyg‘ularini to‘kib soldi va bu safar ham o‘sha-o‘sha so‘zlarni aytdi. (3 Shoh. 19:9, 10, 13, 14) Bundan nimaga o‘rgansak bo‘ladi? Ba’zi hollarda qayg‘uga botgan kishi qalbidagilarni bir necha marotaba aytishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Biz ham Yahova singari sabr bilan tinglashni istaymiz. Muammoning yechimini aytishdan ko‘ra, ularga hamdardlik va mehr-shafqat ko‘rsatishga intilamiz. (1 Butr. 3:8)

18. Qay yo‘sin ibodatlarimiz qayg‘urayotgan kishiga tasalli berishi mumkin?

18 Qayg‘urayotgan inson bilan iltijolar qiling. Qattiq g‘amga botganlar ibodat qilishga qiynalishi mumkin. Balki u o‘zini Yahovaga murojaat qilishga noloyiq his etar. Bunday insonga tasalli berishni istasak, uning ismini tilga olib birga ibodat qilishni taklif qilsak bo‘ladi. Ibodat qilganimizda, tushkunlikdagi bu qadrli imondoshimiz biz va jamoat uchun qanchalar qadrli ekanini aytishimiz mumkin. Ehtimol, Yahovadan bu aziz xizmatchisining qalbiga xotirjamlik va tasalli berishini so‘rarmiz. Bunday ibodatlar juda daldali bo‘lishi aniq. (Yoqb. 5:16)

19. Boshqalarga tasalli bera olishimiz uchun bizga nima yordam berishi mumkin?

19 Shifo va dalda baxsh etuvchi so‘zlarni tanlang. Biron narsa aytishdan oldin fikr yuritib ko‘ring. O‘ylamay aytilgan gaplar jarohatlashi mumkin. Mehr bilan aytilgan so‘zlar esa, shifo bera oladi. (Hik. 12:18) Shu sababdan, Yahovaga ibodat qilib mehrga to‘la, tasalli baxsh etuvchi va yupatuvchi so‘zlarni topishga yordam berishini so‘rang. Shuni yodda tutingki, Yahovaning Muqaddas Kitobda keltirilgan gaplari eng a’lo tarzda yordam bera oladigan so‘zlardir. (Ibron. 4:12)

20. Nomusiga tekkanlarning ba’zilari nimaga amin bo‘lishi mumkin va ularga nima haqida eslatishni istaymiz?

20 O‘tmishda jinsiy tahqirlarni boshdan kechirganlarning ba’zilari o‘zini bulg‘angan, noloyiq, uni hech kim yaxshi ko‘rmaydigan va sevgiga arzimaydigandek his etishi mumkin. Bu achchiq yolg‘ondir! Muqaddas Yozuvlardan foydalanib, Yahova ularni juda ham sevishini eslatib turing. (« Muqaddas Kitobdan tasalli» nomli ramkaga qarang.) Doniyor o‘zini zaif va tushkun his etganda, farishta uni mehr ila mustahkamlaganini eslang. Yahova bu qadrli xizmatchisi U uchun aziz ekanini bilishini istagan. (Don. 10:2, 11, 19) Shu singari, tushkunlikka tushib qolgan birodar-u opa-singillarimiz Yahova uchun azizdir!

21. Tavba qilmagan yovuzlarni qanday kelajak kutmoqda va hozirda qanday yo‘l tutish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

21 Boshqalarga tasalli berganda, Yahova ularni sevishi haqida eslatamiz. Qolaversa, shuni unutmasligimiz kerakki, Yahova haqqoniyat Tangrisidir. Hatto hech kim bilmasa ham, Yahova jinsiy tahqirga duch kelgan har bir kishini biladi. Yahova barchasini ko‘rib turibdi va tavba qilmagan yovuz kishilar jazolanmay qolishiga U yo‘l qo‘ymaydi. (Sah. 14:18) Shunday ekan, keling, bunday tahqirlarni boshdan kechirganlarga sevgimizni ko‘rsatish uchun qo‘limizdan kelganini qilaylik. Boz ustiga, Shayton va uning dunyosida taxqirlarga duch kelganlarning jarohatlariga Yahova batamom shifo berishini bilish rosa daldalidir! Tez orada bu og‘riqlar boshqa hech qachon esga olinmaydi va ko‘ngilga ham kelmaydi! (Ishayo 65:17)

109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi

^ 5- x.b. Bolaligida jinsiy zo‘rlanganlar uzoq yillar o‘tib ham qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Ushbu maqolada buning sabablarini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, bunday insonlarga kim yordam bera olishi haqida bilib olamiz. So‘ng ularga tasalli berishning bir nechta amaliy yo‘lini muhokama qilamiz.

^ 11- x.b. Tahqirlangan kishi tibbiy yordam olish-olmaslik masalasida o‘zi qaror chiqaradi.

^ 76- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Ma’nan yetuk opamiz hissiy og‘riqlarni boshdan kechirayotgan imondoshimizga tasalli beryapti.

^ 78- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Ikkita oqsoqol tushkunlikda bo‘lgan imondoshimiznikiga tashrif buyurgan. Imondoshimiz ma’nan yetuk opamizni ham taklif qilgan.