Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18-TADQIQ MAQOLASI

Masihiylar jamoatidagi sevgi va haqqoniyat

Masihiylar jamoatidagi sevgi va haqqoniyat

Bir-biringizning og‘irliklaringizni ko‘taringlar va shu tarzda Masihning qonunini bajaringlar. GALAT. 6:2

12-QO‘SHIQ Buyuk Alloh Yahova

BU MAQOLADA *

1. Qaysi ikkita narsada shubhalanmaymiz?

TANGRI YAHOVA O‘z xizmatchilarini yaxshi ko‘radi. U ilgari ham shunday edi, kelajakda ham shunday bo‘ladi. Alloh haqqoniyatni ham yaxshi ko‘radi. (Zab. 33:5) Shu bois, ikkita narsada shubhalanmaymiz: 1) bizga nohaq munosabat ko‘rsatilganda bu Yahovaga juda qattiq botadi. 2) Adolat o‘rnatilishiga U bizni ishontirmoqda. Ushbu to‘plamdagi maqolalarning birinchisida * Xudo Isroil xalqiga Muso orqali bergan Tavrot sevgiga asoslanganini bilib oldik. Unga binoan barchaga, ayniqsa o‘zini himoyalay olmaydigan kishilarga adolat ko‘rsatilishi kerak edi. (Qonun. 10:18) Tavrotda Yahova O‘z xizmatchilariga qanchalar g‘amxo‘rlik qilishi ochib berilgan.

2. Qanday savollarga javob olamiz?

2 Musoning Qonuni mil. 33-yili masihiylar jamoati tashkil topganda o‘z kuchini yo‘qotgan. Xo‘sh, ular sevgiga asoslangan va haqqoniyatni olg‘a suradigan qonunning himoyasisiz qolganmi? Aslo. Masihiylarga yangi qonun berilgan. Mazkur maqolada bu qanday qonun ekanini bilib olamiz. Shuningdek, quyidagi uchta savolni muhokama qilamiz: «Nega bu qonun sevgiga asoslanadi deb ayta olamiz? Nima uchun u haqqoniyatni olg‘a suradi degan xulosaga kelishimiz mumkin? Bu qonunga binoan, mas’uliyatga ega bo‘lganlar boshqalarga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?»

«MASIHNING QONUNI» NIMA DEGANI?

3. Galatiyaliklarga 6:2 da tilga olingan «Masihning qonuni» nimani o‘z ichiga oladi?

3 Galatiyaliklarga 6:2 ni o‘qing. Xudoning xizmatchilari «Masihning qonuni» ostidadir. Iso o‘z izdoshlariga qonunlar ro‘yxatini yozib qoldirmagan, lekin ular amal qilishi kerak bo‘lgan yo‘l-yo‘riq, amr va prinsiplarni bergan. «Masihning qonuni» Isoning barcha ta’limotlaridan iborat. Bu qonunni yaxshiroq anglashimiz uchun, keling, u haqida ko‘proq bilib olaylik.

4–5. Iso qay yo‘sin va qachon ta’lim bergan?

4 Iso qay yo‘sin ta’lim bergan? Avvalambor, u so‘zlari orqali ta’lim bergan. Uning so‘zlari kuchli ta’sirga ega edi, chunki u Alloh to‘g‘risida haqiqatni aytgan, hayot mazmuni nimada ekanini tushuntirgan va Samoviy Shohlik odamlarning barcha azob-uqubatlarini bartaraf etishini ta’kidlagan. (Luqo 24:19) Qolaversa, Iso o‘z o‘rnagi orqali ta’lim bergan. Hayot tarzi bilan izdoshlari ham qanday yashashi kerakligini ko‘rsatgan. (Yuhan. 13:15)

5 Iso qachon ta’lim bergan? U yer yuzida yashaganda buni qilgan. (Mat. 4:23) Tirilganidan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, Iso izdoshlariga ta’lim bergan. Masalan, u bir guruh shogirdlariga, ehtimol, 500 dan oshiq kishiga ko‘ringan va ularga «shogird tayyorlashni» buyurgan. (Mat. 28:19, 20; 1 Kor. 15:6) U osmonga qaytganda ham, jamoat boshi sifatida shogirdlariga yo‘l-yo‘riqlar berishda davom etgan. Misol uchun, taxminan mil. 96-yili Masih havoriy Yuhannoni moylangan masihiylarga dalda va maslahat berish uchun tayinlagan. (Kolos. 1:18; Vah. 1:1)

6–7. a) Isoning ta’limotlarini qayerdan topish mumkin? b) Masihning qonuniga qay yo‘sin bo‘ysuna olamiz?

6 Isoning ta’limotlarini qayerdan topish mumkin? Injilning to‘rtta yozuvchisi ham Iso yer yuzida aytgan ko‘pgina so‘zlari-yu qilgan ishlarini qalamga olgan. Butun Yunoncha yozuvlar, muqaddas ruh ta’siri ostida bo‘lgan va «Masih kabi fikr yuritgan» kishilar orqali yozilgan. Shunday ekan, ular bizga Isoning fikrlash tarzini tushunishimizga ko‘maklashadi. (1 Kor. 2:16)

7 Saboqlar: Isoning ta’limotlari hayotning barcha sohalari uchun foydalidir. Shu bois, Masihning qonuni uyda, ish yoki maktabda va jamoatda qilayotgan ishlarimizga ta’sir qiladi. Yunoncha yozuvlarni o‘qib, bilib olayotganlarimiz borasida fikr yuritsak, uni yaxshiroq o‘rgana olamiz. Muqaddas Kitobning mazkur qismidan olayotgan yo‘l-yo‘riq, amr va prinsiplarga muvofiq hayot kechirsak, bu qonunga bo‘ysunayotganimizni ko‘rsatgan bo‘lamiz. Masihning qonuniga bo‘ysunganimizda, mehribon Xudovand Yahovaga bo‘ysunamiz. Zero, U Iso o‘rgatgan barcha ta’limotlarning Manbaidir. (Yuhan. 8:28)

QONUN SEVGIGA ASOSLANGAN

8. Masihning qonuni qanday poydevorga asoslangan?

8 Yaxshi uy mustahkam poydevorda quriladi va uning ichida yashovchilar o‘zini xavfsiz his etadi. Xuddi shunday, insonlar mustahkam poydevorga asoslangan a’lo qonun bo‘yicha yashashsa, o‘zini xavfsiz his etishadi. Masihning qonuni eng a’lo poydevor bo‘lmish sevgiga asoslanadi. Xo‘sh, nima sababli bunday deb ayta olamiz?

Boshqalarga sevgi ila munosabat qilsak, «Masihning qonuni»ga bo‘ysungan bo‘lamiz (9–14-xatboshilariga qarang.) *

9–10. Qaysi misollardan Isoni sevgi undaganini ko‘ryapmiz va biz unga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

9 Birinchidan, Iso barcha ishlarni sevgi tufayli qilgan. Sevgi achinishda yoki rahmdillikda aks etadi. Aynan bu tufayli Iso xaloyiqqa ta’lim bergan, odamlarni sog‘aytirgan, to‘ydirgan va o‘lganlarni tiriltirgan. (Mat. 14:14; 15:32–38; Mark 6:34; Luqo 7:11–15) Garchi buning uchun Iso anchagina vaqti va kuchini sarflagan bo‘lsa-da, u boshqalarning ehtiyojlarini o‘zinikidan ustun qo‘yishga tayyor edi. Eng muhimi esa, u hayotini boshqalar uchun qurbon qilib ulkan sevgini namoyon etgan. (Yuhan. 15:13)

10 Saboqlar: biz ham boshqalarning ehtiyojlarini o‘zimiznikidan ustun qo‘yib, Isoga taqlid qilishimiz mumkin. Boz ustiga, hududimizdagi insonlarga ko‘proq mehr-shafqatli bo‘lib, unga ergashgan bo‘lamiz. Bunday mehr-shafqat tufayli xushxabarni va’z qilib, ta’lim berganimizda, Masihning qonuniga bo‘ysunamiz.

11–12. a) Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishini qayerdan bilamiz? b) Yahovaning sevgisiga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

11 Ikkinchidan, Iso Otasining sevgisini ayon qilgan. Xizmati davomida, Iso Yahova O‘z xizmatchilariga juda ham g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatgan. Iso yana shularni oshkor etgan: samoviy Otamiz uchun har birimiz qadrli va qimmatbahomiz. (Mat. 10:31) Yahova yo‘qolgan «qo‘yi» tavba qilib, jamoatga qaytsa, uni qarshi olishni juda ham istaydi. (Luqo 15:7, 10) Yahova O‘g‘lini biz uchun to‘lov sifatida bergani bilan sevgisini isbotlagan. (Yuhan. 3:16)

12 Saboqlar: Yahovaning sevgisiga qanday taqlid qilishimiz mumkin? (Efes. 5:1, 2) Har bir birodar-u opa-singlimizni juda qadrlaymiz va qimmatbaho deb bilamiz, «yo‘qolgan qo‘y» Yahovaga qaytsa, uni qarshi olishdan sevinamiz. (Zab. 119:176) Imondoshlarimizga nisbatan sevgimizni fidoyi bo‘lib, masalan, ular muhtoj bo‘lgan pallada yordam qo‘lini cho‘zib isbotlay olamiz. (1 Yuhan. 3:17) O‘zgalarga sevgini ko‘rsatganimizda, Masihning qonuniga bo‘ysungan bo‘lamiz.

13–14. a) Yuhanno 13:34, 35 ga binoan, Iso izdoshlariga nima qilishni amr etgan va nega bu amr yangi? b) Yangi amrga qanday bo‘ysuna olamiz?

13 Uchinchidan, Iso izdoshlariga fidoyi sevgi ko‘rsatishni amr etgan. (Yuhanno 13:34, 35 ni o‘qing.) Isoning amri yangi edi, chunki unga ko‘ra sevgini boshqacha tarzda namoyon etish talab qilinadi, Xudo Isroil xalqiga bergan Tavrotda u haqida aytilmagan. Imondoshlaringizni Iso sizni yaxshi ko‘rganday yaxshi ko‘ring. Buning uchun fidoyi sevgini * ko‘rsatish talab etiladi. Birodar-u opa-singillarimizni o‘zimizni yaxshi ko‘rganimizdan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rishimiz darkor. Imondoshlarimizni shu qadar qattiq sevishimiz kerakki, hatto ular uchun hayotimizni fido qilishga tayyor bo‘lishimiz lozim. Iso biz uchun aynan shunday qilgan.

14 Saboqlar: yangi amrga qay yo‘sin bo‘ysuna olamiz? Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, birodaru opa-singillarimizning manfaati uchun fidoyiliklarga borishimiz darkor. Albatta, shunchaki qimmatbaho qurbonlik, ya’ni hayotimizni berishga tayyor bo‘libgina qolmay, mayda-chuyda ishlarda ham bunga tayyor bo‘lamiz. Masalan, qariya imondoshlarimizga doim yig‘ilishlarga borishga ko‘maklashish uchun muayyan choralar ko‘rib, yaqinimizni baxtli qilish uchun biron nimani qurbon qilishga tayyor bo‘lib yoki tabiiy ofatlardan zarar ko‘rganlarga yordam berish niyatida ta’til kunlarimizni sarflab, Masihning qonuniga bo‘ysunamiz. Jamoatda har bir inson o‘zini xavfsiz his etishi uchun ham qo‘limizdan kelganini qilamiz.

HAQQONIYAT O‘RNATUVCHI QONUN

15–17. a) Qay yo‘sin Isoning xatti-harakatlari uning haqqoniyatga bo‘lgan nuqtai nazarini oshkor etmoqda? b) Qanday qilib Isoga taqlid qila olamiz?

15 Muqaddas Kitobga ko‘ra, «haqqoniyat» so‘zi asosan Alloh to‘g‘ri deb bilgan ishni qilishni va buni yuzxotirchiliksiz amalga oshirishni anglatadi. Nega Masihning qonuni haqqoniyat o‘rnatuvchi deb ayta olamiz?

Iso ayollarni, jumladan, boshqalar pisand qilmagan ayollarni hurmat qilib, ularga nisbatan mehribon edi (16-xatboshiga qarang.) *

16 Birinchidan, Isoning xatti-harakatlari haqqoniyatga bo‘lgan nuqtai nazarini qay yo‘sin oshkor etgani borasida o‘ylab ko‘ring. Uning davrida yahudiy din peshvolari yahudiy bo‘lmagan insonlardan nafratlangan, ular o‘zini yahudiy din maktabida ta’lim olmagan yahudiylardan yuqoriroq hisoblagan va ayollarni hurmat qilishmagan. Iso esa doimo har bir kishiga hurmat ko‘rsatgan va yuzxotirchilik qilmagan. Iso unga ishongan yahudiy bo‘lmagan kishilarga uning ortidan ergashishga to‘sqinlik qilmagan. (Mat. 8:5–10, 13) U yuzxotirchilik qilmay, barchaga, jumladan, boy-u kambag‘allarga va’z qilgan (Mat. 11:5; Luqo 19:2, 9) Ayollarga kelsak, ular bilan ham Iso xushmuomala bo‘lib, ularni kamsitmagan. Aksincha, u ayollarni va hatto boshqalar pisand qilmagan ayollarni ham hurmat qilgan va ularga nisbatan mehribon edi. (Luqo 7:37–39, 44–50)

17 Saboqlar: boshqalarga yuzxotirchilikdan holi munosabat ko‘rsatganda biz ham Isoga taqlid qilib, boy, kambag‘al yoki qaysi din vakili bo‘lishidan qat’i nazar xushxabarni tinglashga tayyor bo‘lgan barchaga va’z qilamiz. Masihiy erkak kishilar ham ayollarga hurmat ila munosabat qilib Isoga ergashgan bo‘ladi. Bunday yo‘l tutib, Masihning qonuniga bo‘ysungan bo‘lamiz.

18–19. Iso adolat masalasida nimalarga o‘rgatgan va biz bundan qanday saboq olyapmiz?

18 Ikkinchidan, Iso haqqoniyat masalasida nimaga o‘rgatganiga diqqat qarataylik. U izdoshlariga boshqalarga adolat ila munosabat ko‘rsatishga yordam beradigan prinsiplarni o‘rgatgan. Masalan, oltin qoida haqida bir o‘ylab ko‘ring. (Mat. 7:12) Hammamiz bizga adolat ila munosabat qilishlarini xohlaymiz. Shu sababli, biz ham o‘zgalarga adolat ila munosabat qilishimiz darkor. Bunday qilsak, ular ham xuddi shunday qilishga intiladi. Lekin biz adolatsiz munosabatga duch kelayotgan bo‘lsak-chi? Iso shuningdek, izdoshlarini «kecha-yu kunduz yolvorayotgan tanlanganlari uchun [Yahova] adolatni o‘rnatishiga» umid bog‘lashga o‘rgatgan. (Luqo 18:6, 7) Ha, bu quyidagi va’dani anglatadi: ushbu oxirzamonda duch kelayotgan qiyinchiliklarimizdan adolatli Allohimiz xabardor va o‘z vaqtida biz uchun adolat o‘rnatadi. (2 Salon. 1:6)

19 Saboqlar: Iso o‘rgatgan prinsiplarga amal qilsak, boshqalarga adolat ila munosabat qilamiz. Agar Shaytonning dunyosida adolatsizlik qurboniga aylangan bo‘lsak, Yahova biz uchun o‘z vaqtida adolat o‘rnatishini bilishdan tasalli topishimiz mumkin.

MAS’ULIYATGA EGA BO‘LGANLAR BOSHQALARGA QANDAY MUNOSABAT QILISHI KERAK?

20–21. a) Mas’uliyatga ega bo‘lgan kishilar boshqalarga qanday munosabat ko‘rsatishi lozim? b) Qay yo‘sin erlar fidoyi sevgini ko‘rsatishi mumkin va otalar bolalariga qanday munosabat qilishi kerak?

20 Masihning qonuniga binoan, mas’uliyatga ega bo‘lgan kishilar boshqalarga qanday munosabat ko‘rsatishi lozim? Ushbu qonun sevgiga asoslangan ekan, bunday kishilar ularning qaramog‘idagi odamlarni hurmat qilib, ularga sevgi ila munosabat ko‘rsatishlari kerak. Ular Masih biz qilayotgan har bir ishda sevgi ko‘rsatishimizni istayotganini unutmasligi darkor.

21 Oilada. Er xotinini Masih jamoatni sevganday sevishi kerak. (Efes. 5:25, 28, 29) Er xotinining ehtiyojlari-yu manfaatlarini o‘zinikidan ustun qo‘yib, Masihning sevgisiga taqlid qilishi darkor. Ba’zi erlar bunday sevgini namoyon etishga qiynalishi mumkin, balki, ular boshqalarga adolatsiz munosabat qilgan va sevgi kamroq bo‘lgan atrof-muhitda ulg‘aygandir. Ular yomon odatlarini o‘zgartirishga qiynalayotgan bo‘lishlari mumkin, ammo ular Masihning qonuniga bo‘ysunish uchun bunday o‘zgarishlarni qilishlari kerak. Fidoyi sevgi ko‘rsatadigan er xotinining hurmatini qozona oladi. Bolalari bilan adolat ila munosabat qilgan ota ularni hech qachon so‘zi yoki harakati bilan kamsitmaydi. (Efes. 4:31) Aksincha, farzandlari o‘zlarini yaxshi va xavfsiz his etishlari uchun ularga o‘z sevgisini izhor etib, dalda beradi. Bunday otalar jigarbandlarining sevgisi-yu ishonchiga sazovor bo‘lishadi.

22. Butrusning birinchi maktubi 5:1–3 ga binoan «qo‘ylar» kimga tegishli va ularga qanday munosabat ko‘rsatilishi kerak?

22 Jamoatda. Oqsoqollar «qo‘ylar» ularga tegishli emasligini yodda tutishlari lozim. (Yuhan. 10:16; 1 Butrus 5:1–3 ni o‘qing.) «Allohning suruvi», «Xudoning oldida» va «Tangrining omonati» degan iboralar oqsoqollarga o‘sha kishilar Yahovaga tegishli ekanini eslatib turadi. Xudo uning suruvidagilarga sevgi ila va yumshoq muomala qilinishini xohlaydi. (1 Salon. 2:7, 8) G‘amxo‘rlik qilish uchun mas’ul kishilar sifatida sevgi ila munosabat qilgan oqsoqollar Yahovaning marhamatiga ega bo‘lishadi. Ular shuningdek, birodar-u opa-singillarining sevgisi va hurmatiga sazovor bo‘la olishadi.

23–24. a) Jamoatdan kimdir gunohga qo‘l ursa, oqsoqollar qanday mas’uliyatga ega? b) Ular bunday vaziyatlarni hal qilayotganda, nimalarni yodda tutadi?

23 Jiddiy gunoh sodir etilgan vaziyatlarda oqsoqollarning o‘rni qanday? Ularning o‘rni Xudo Isroil xalqiga bergan qonunga ko‘ra, hakamlar va oqsoqollarnikidan farq qiladi. Qadimda, tayinlangan kishilar nafaqat Yahovaga topinish bilan bog‘liq masalalarni, balki topinish bilan bog‘liq bo‘lmaganlarini ham hal qilardi. Ammo Masihning qonuniga binoan, oqsoqollar faqat Yahovaga topinish bilan bog‘liq vaziyatlarni hal qilishadi. Ular fuqarolik va jinoiy ishlarni hal qilishga Xudo hukumat a’zolarini mas’ul qilganini tushunishadi. Hukumat a’zolari jarima solish yoki hibsga olish uchun ham mas’uldir. (Rim. 13:1–4)

24 Jamoatdan kimdir jiddiy gunoh qilib qo‘ysa, oqsoqollar qanday yo‘l tutadi? Ular Muqaddas Kitob asosida vaziyatni o‘rganib chiqib, qaror chiqarishadi. Oqsoqollar Masihning qonuni sevgiga asoslanganini yodda tutishadi. Sevgi ularni quyidagilar borasida fikr yuritishga undaydi: «Gunoh qurbonlariga aylangan jamoatning har bir a’zosiga qanday yordam berilishi darkor?» Gunohga qo‘l urgan kishiga kelsak, sevgi oqsoqollarni shunday fikr yuritishga undaydi: «U tavba qilyaptimi? U Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarini tiklay olishiga qay yo‘sin ko‘maklasha olamiz?»

25. Navbatdagi maqolada qaysi savolga javob topamiz?

25 Masihning qonuni ostida ekanimizdan juda ham minnatdormiz! Barchamiz unga bo‘ysunishga jon kuydirsak, har bir kishi jamoatda o‘zini sevikli, qadrli va xavfsiz his eta oladi. Hozircha, biz «tobora razillashib» borayotgan «yomon insonlar» to‘lib-toshgan dunyoda yashayapmiz. (2 Tim. 3:13) Shunday ekan, sergak turishimiz kerak. Bolaning jinsiy tahqirlanishiga duch kelganda, masihiylar jamoati Xudoning haqqoniyatini qay yo‘sin aks ettira olishi mumkin? Navbatdagi maqolada bu savolning javobini topamiz.

15-QO‘SHIQ Yahovaning O‘g‘lini madh eting!

^ 5- x.b. Ushbu to‘plamdagi maqolalarning bu va keyingi ikkitasida nega Yahova sevgi hamda haqqoniyat Xudosi ekaniga amin bo‘lishimiz mumkinligi haqida gap boradi. Xudo boshqalar Uning xalqi bilan haqqoniyat ila yo‘l tutishlarini xohlaydi va bu yovuz dunyoda adolatsizlikka duch kelayotganlarga tasalli beradi.

^ 1- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2019 yil fevral sonidagi «Qadimgi Isroildagi sevgi va haqqoniyat» nomli maqolaga qarang.

^ 13- x.b. IBORA MA’NOSI. Fidoyi sevgi bizni boshqalarning ehtiyojlari-yu manfaatlarini o‘zimiznikidan ustun qo‘yishga undaydi. Boshqalarga yordam berish yoki ularning foydasi uchun biron nima qilish maqsadida o‘zimizni nimadandir mahrum etishga yoki nimanidir berishga tayyor bo‘lamiz.

^ 61- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Iso yolg‘iz o‘g‘li hayotdan ko‘z yumgan beva ayolga qarayapti. Iso achinib, ayolning o‘g‘lini tiriltiryapti.

^ 63- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Iso Simun ismli farziyning uyida mehmonda. Bir ayol, ehtimol, fohisha ayol Isoning oyoqlarini ko‘z yoshlari bilan yuvib, sochlari bilan quritib, ularga moy surtyapti. Simun ayolni qilgan ishi uchun koyib beryapti, lekin Iso ayolni himoya qilyapti.