Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-TADQIQ MAQOLASI

«Ehtiyot bo‘ling, hech kim sizlarni... tuzoqqa ilintirmasin»!

«Ehtiyot bo‘ling, hech kim sizlarni... tuzoqqa ilintirmasin»!

Ehtiyot bo‘ling, hech kim sizlarni faylasuflik va quruq gaplar bilan tuzoqqa ilintirmasin. Bu narsalar insoniy urf-odatlarga... asoslangan. KOLOS. 2:8

96-QO‘SHIQ Allohning Kalomi — xazinadir

BU MAQOLADA *

1. Kolosaliklarga 2:4, 8 ga ko‘ra, Shayton qanday qilib fikrlarimizni asirlikka olmoqchi?

SHAYTON bizni Yahovaga qarshi qayrab qo‘ymoqchi. O‘z maqsadiga erishish uchun u fikrlash tarzimizga ta’sir qilmoqchi va natijada fikrlarimizni asirlikka olib, o‘ziga bo‘ysundirmoqchi. Shayton yolg‘on ishlatib, bizni avramoqchi. Shu yo‘sin xohish-istaklarimizga berilib ketishimiz hech gap emas. (Kolosaliklarga 2:4, 8 ni o‘qing.)

2–3. a) Kolosaliklarga 2:8 ga binoan, nega ehtiyot bo‘lishimiz kerak? b) Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Qiziq, haqiqatdan ham Shayton tomonidan aldanib qolish xavfi ostidamizmi? Ha! Unutmang-ki, havoriy Pavlus Kolosaliklarga 2:8 dagi so‘zlarni Yahovaga xizmat qilmaydiganlarga emas, balki muqaddas ruh bilan moylangan masihiylarga yozgan. (Kolos. 1:2, 5) O‘sha paytdagi masihiylar bunday xavf ostida qolishgan bo‘lsa, biz haqimizda gapirmasa ham bo‘ladi. (1 Kor. 10:12) Nima uchun? Sababi, Shayton yer yuziga otildi va u butun diqqatini Xudoning sodiq xizmatchilarini to‘g‘ri yo‘ldan urishga qaratgan. (Vah. 12:9, 12, 17) Buning ustiga, yomon insonlar va yolg‘onchilar «tobora razillashib borayotgan» davrda yashayapmiz. (2 Tim. 3:1, 13)

3 Bu maqolada Shayton fikrlash tarzimizga ta’sir o‘tkazish maqsadida qay yo‘sin «quruq gaplar»dan foydalanayotganini ko‘rib chiqamiz. U qo‘llayotgan uchta «hiyla-nayrang» to‘g‘risida bilib olamiz. (Efes. 6:11) Keyingi maqolada esa, nuqtai nazarimizga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan usullarning salbiy ta’siridan qanday qilib uzoqlashish mumkinligi haqida gap boradi. Avvalambor, keling, isroilliklar va’da qilingan yurtga kirgach Shayton ularni aldaganidan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.

BUTPARASTLIKKA BERILISH VASVASASI

4–6. Qonunlar 11:10–15 ga ko‘ra, isroilliklar va’da qilingan yurtga kirgach, hosil yetishtirish borasida nimalarga o‘rganishi kerak edi?

4 Shayton ayyorlik ila Isroil xalqini butparastlikka og‘dirgan. Qiziq, u buni qanday uddalagan? U isroilliklar yegulikka muhtoj ekanini bilib, bundan foydalanib qolgan. Ular va’da qilingan yurtga kirishganda, hosil yetishtirishning yangi usullariga o‘rganishi kerak edi. Misrda bo‘lganda ular hosil yetishtirish uchun Nil daryosidagi suvdan foydalanardi. Lekin va’da qilingan yurtda bu kabi keng daryo bo‘lmagan va ular hosilni sug‘orish uchun yomg‘ir, jumladan, shudringga muhtoj edi. (Qonunlar 11:10–15 ni o‘qing; Ishayo 18:4, 5) Shu bois ham, hosil yetishtirishning yangi usullariga o‘rganish ehtiyoji paydo bo‘lgan. Bu uncha oson emas edi, chunki hosil yetishtirish sohasida qandaydir tajribaga ega bo‘lgan kishilarning aksariyati sahroda hayotdan ko‘z yumgan edi.

Qanday qilib Shayton isroillik dehqonlarning fikrlash tarzini o‘zgartirgan? (4–6-xatboshilariga qarang.) *

5 Yahova O‘z xalqiga ularning vaziyati o‘zgarganini tushuntiradi. Bunga qo‘shimcha tariqasida, bir qarashda hosil yetishtirishga aloqasi yo‘qday tuyuladigan quyidagi ogohlantiruvni aytadi: «Ehtiyot bo‘linglar, qalbingiz aldanmasin, yo‘ldan ozib boshqa xudolarga sig‘inmanglar va ularga sajda qilmanglar». (Qonun. 11:16, 17) Nima uchun Yahova hosil yetishtirishning yangi usullariga o‘rganish haqida aytib, soxta xudolarga sajda qilmaslikdan ham ogohlantirgan?

6 Yahova isroilliklarda atrofidagi butparast xalqlardan hosil yetishtirishning ba’zi mahalliy usullarini o‘rganish vasvasasi tug‘ilishini bilgan. To‘g‘ri, o‘sha xalqlar isroilliklarga qaraganda bu sohada ko‘proq bilimga ega edi. Xudoning xalqi ulardan o‘rganib, ayrim qobiliyatlarini yaxshilay olardi, ammo bu muayyan xavf tug‘dirgan. Kan’onlik dehqonlar Baal xudosiga sajda qilgani ularning fikrlash tarziga ta’sir qilgan edi. Ular Baal osmon egasi ekaniga va yomg‘ir berishiga ishonishgan. Yahova Uning xalqi bu kabi soxta ta’limotlarga og‘ib ketishini xohlamagan. Biroq isroilliklar Baalga qayta-qayta sajda qilishgan. (Sah. 25:3, 5; Hak. 2:13; 3 Shoh. 18:18) Endi esa, Shayton qanday qilib isroilliklarni tuzog‘iga ilintirishga muvaffaq bo‘lganiga e’tibor qarataylik.

SHAYTON ISROILLIKLARNI TUZOG‘IGA ILINTIRISHDA FOYDALANGAN UCHTA USUL

7. Isroil xalqi va’da qilingan yurtga kirganda, qanday sinovga duch kelgan?

7 Shaytonning birinchi usuli tabiiy istaklardan foydalanib qolishdan iborat edi. Masalan, isroilliklar hosil yomg‘ir bilan sug‘orilishini xohlashgan. Va’da qilingan yurtda har yili aprelning oxiridan to sentyabrgacha yomg‘ir juda kam yog‘ardi. Isroil xalqining hayoti va serhosilligi odatda deyarli oktyabrda boshlanadigan yomg‘irga bog‘liq edi. Shayton isroilliklarni aldab, muvaffaqiyati atrofidagi butparast xalqlarning odatlariga taqlid qilish bilan bog‘liq ekaniga ishontirgan. O‘sha xalqlar shunda amin ediki, muayyan diniy odatlari bilan xudolariga sajda qilishsa, ular yomg‘ir yog‘diradi. Yahovaga uncha ishonmagan kishilarning fikricha, bu uzoq vaqt davom etadigan qurg‘oqchilikning oldini olishning yagona usuli edi. Shu bois, ular soxta xudo Baalga sajda qilish uchun diniy odatlarni qilishgan.

8. Shaytonning ikkinchi usuli nima bilan bog‘liq edi? Tushuntiring.

8 Shaytonning ikkinchi usuli axloqsiz istaklar bilan bog‘liq edi. Butparast xalqlar jirkanchli axloqsiz ishlarga qo‘l urib, o‘z xudolariga sajda qilardi. Bu sajda qilish usuli ibodatxona fohishasi va bachchalarining ishlari bilan ham bog‘liq edi. O‘sha xalqlar gomoseksualizm va jinsiy axloqsizlikning boshqa turlariga nafaqat ko‘z yumgan, balki buni oddiy hol deb bilgan. (Qonun. 23:17, 18; 3 Shoh. 14:24) Ular jirkanch odatlari bilan xudolarining ko‘nglini topishsa, ular yerni yanada hosildor qilishiga umid bog‘lashgan. Ko‘pgina isroilliklar ularning jinsiy axloqsiz odatlariga qo‘shilib, soxta xudolariga sajda qilishdan tab tortishmadi. Xullas, Shayton ularni tuzoqqa ilintirdi.

9. Ho‘sheya 2:16, 17 ga muvofiq tarzda Shayton qay yo‘sin Isroil xalqining Yahova haqidagi nuqtai nazarini bulg‘agan?

9 Shaytonning uchinchi usuli isroilliklarning Yahova haqidagi nuqtai nazarini bulg‘ashdan iborat edi. Yeremiyo payg‘ambar davrida, Yahova soxta payg‘ambarlar dastidan Uning xizmatchilari «Baalni deb» muqaddas ismini unutishini ma’lum qilgan. (Yerm. 23:27) Ular Xudoning ismini tilga olmay, o‘rniga «ega» yoki «xo‘jayin» degan ma’noni bildiradigan Baalning nomini ishlatishgandir. Bu tufayli ularning ongi bulg‘anib, Yahova hamda Baalning farqiga bormay qolishdi va bemalol ham Baalga sajda qilish bilan bog‘liq odatlarni qilishardi, ham Yahovaga topinishardi. (Ho‘sheya 2:16, 17 va izohni o‘qing.)

SHAYTONNING HOZIRGI USULLARI

10. Bugungi kunda Shayton qanday usullardan foydalanmoqda?

10 Shaytonning usullari o‘zgarmagan. U odamlarning tabiiy istaklaridan foydalanib, ularni tuzog‘iga ilintiryapti va jinsiy axloqsizlikni olg‘a surib, ularning Yahova haqidagi nuqtai nazarini bulg‘ayapti. Keling, Shayton odamlar Yahovaning nuqtai nazarini unutishga qanday hissa qo‘shayotganini bilib olaylik.

11. Qay yo‘sin Shayton odamlarning Yahova haqidagi nuqtai nazarini bulg‘amoqda?

11 Shayton odamlarning Yahova haqidagi nuqtai nazarini bulg‘amoqda. Havoriylarning o‘limidan so‘ng, o‘zini masihiy deb bilgan ba’zilar soxta ta’limotlarni tarqatadigan bo‘ldi. (Havor. 20:29, 30; 2 Salon. 2:3) Bunday murtadlik dastidan haq Xudoning shaxsiyatiga dog‘ tusha boshladi. Masalan, ular Muqaddas Kitobning nusxalarini ko‘paytirayotganda, muqaddas ismni qo‘llamay, uning o‘rniga «Rab» kabi unvonni ishlatishardi. Bu tufayli, Muqaddas Kitobni o‘qiydigan kishilar uchun qanday qilib Yahova bu yozuvlarda tilga olingan boshqa «rablar»dan farq qilishini tushunish qiyin bo‘lib qolgan. (1 Kor. 8:5, Turkiya 1998) Ular Yahovani hamda Isoni «rab» deb atashgan. Shu yo‘sin, insonlar Yahova hamda Uning O‘g‘li turli shaxslar va har xil o‘ringa ega ekanini tushunishga qiynalishadi. (Yuhan. 17:3) Buning dastidan Muqaddas Kitobning hech bir oyatida uchramaydigan uchlik ta’limoti paydo bo‘ldi. Natijada, ko‘plar Allohni sirli deb biladi va Uni tanib-bilish imkonsiz deb hisoblaydi. Bu g‘irt yolg‘on! (Havor. 17:27)

Qanday qilib Shayton soxta dindan foydalanib, axloqsiz istaklarga erk beryapti? (12-xatboshiga qarang.) *

12. Rimliklarga 1:28–31 da tushuntirilishicha, soxta din nimani olg‘a suradi va buning oqibati qanday?

12 Shayton axloqsiz istaklarni olg‘a suradi. Qadimda Shayton soxta dindan foydalanib axloqsizlik rivojlanishiga zamin yaratgan. Bugungi kunda ham u xuddi shunday qilyapti. Soxta din axloqsiz xulq-atvorga ko‘z yumib, uni hatto oddiy holday qabul qilyapti. Buning oqibatida, Xudoga xizmat qilyapman deb ta’kidlayotganlarning aksariyati yuqori axloqiy me’yorlardan bosh tortgan. Havoriy Pavlus Rimliklarga yo‘llagan maktubida buning asoratlarini aytib o‘tgan. (Rimliklarga 1:28–31 ni o‘qing.) «Lozim bo‘lmagan ishlar» qatoriga jinsiy axloqsizlikning barcha turlari, jumladan, gomoseksualizm ham kiradi. (Rim. 1:24–27, 32; Vah. 2:20) Muqaddas Kitobdagi yaqqol ta’limotlarga amal qilish o‘ta muhimdir!

13. Shayton yana qaysi usuldan foydalanadi?

13 Shayton tabiiy istaklardan foydalanadi. O‘zimizga va oila a’zolarimizga g‘amxo‘rlik qilish niyatida biror hunarga ega bo‘lishday tabiiy istagimiz bordir. (1 Tim. 5:8) Bu maqsadda to‘garakka borib, qunt bilan o‘qishimiz mumkin. Ammo ehtiyot bo‘lishimiz zarur. Ko‘p mamlakatlardagi ta’lim berish sohasida o‘quvchilarga nafaqat hunar beriladi, balki falsafa darsi ham o‘tiladi. Masalan, o‘quvchilarni Xudo mavjudligidan shubhalanishga undab, Muqaddas Kitobga nisbatan hurmatsizlik rivojlantiriladi. Qolaversa, ularga evolyutsiya nazariyasi hayot qanday paydo bo‘lganini tushuntiruvchi eng to‘g‘ri talqin deb uqtiriladi. (Rim. 1:21–23) Bunday ta’limotlar «Allohning hikmati»ga umuman zid. (1 Kor. 1:19–21; 3:18–20)

14. Odamlarning nuqtai nazari nimalarni keltirib chiqaradi?

14 Insonlarning falsafasi Yahovaning me’yorlarini rad etadi yoki umuman qarama-qarshi. Bu muqaddas ruh samarasini emas, «tana ishlari»ni keltirib chiqaradi. (Galat. 5:19–23) Oqibatda, odamlar kekkayib, takabbur bo‘lib ketadi va «o‘zini sevadigan» bo‘lib qoladi. (2 Tim. 3:2–4) Ushbu illatlar Xudoning xizmatchilari ega bo‘lishi kerak bo‘lgan kamtarona nuqtai nazarga mutlaq zid. (2 Shoh. 22:28) Universitetda ta’lim olishga intilgan ba’zi masihiylar ularning fikrlash tarzini Xudoning emas, odamlarning nuqtai nazari shakllantirishiga yo‘l qo‘yishdi. Bu ogohlantirishga beparvo bo‘lsak, nima yuz berishi mumkinligiga nazar solaylik.

Qay yo‘sin insonlarning falsafasi nuqtai nazarimizni buzishi mumkin? (14–16-xatboshilariga qarang.) *

15–16. Bir imondoshimiz bilan yuz bergan voqeadan qanday saboq oldingiz?

15 To‘la vaqtli xizmatda 15 yildan oshiq vaqt mobaynida ishtirok etayotgan imondoshimiz quyidagilar bilan bo‘lishdi: «Suvga cho‘mgan masihiy edim, universitetda ta’lim olishga intilish xavfli ekani haqida o‘qigandim va buni eshitgandim, ammo bunday ogohlantirishlarga parvo qilmasdim. Bu boradagi maslahat menga taalluqli emas deb o‘ylardim». Xo‘sh, u qanday qiyinchiliklar bilan to‘qnashdi? U shunday dedi: «O‘qish uchun juda ko‘p vaqt hamda kuch sarflaganimdan Yahovaga ibodat qilishga vaqt topa olmas edim, xizmatda Muqaddas Kitob borasida zavq ila suhbatlashish va yig‘ilishlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun kuchim qolmasdi. Ming shukurki, oliy ma’lumotli bo‘lishga intilish Yahova bilan munosabatlarimga putur yetkazayotganini payqab qoldim va bunga chek qo‘yish kerakligini tushundim. Shunday qildim ham».

16 Qiziq, oliy ma’lumoti uning fikrlash tarziga qanday ta’sir qilgan? U quyidagilarni aytib berdi: «Ming afsuski, olgan ta’limim boshqalarning, ayniqsa, imondoshlarimning kamchiligiga diqqat qaratishga, ulardan haddan ziyod narsani kutishga va o‘zimni ulardan olib qochishga undardi. Bunday fikrlash tarzidan qutulishga nihoyatda ko‘p vaqt kerak bo‘ldi. Boshimdan o‘tganlar, samoviy Otamiz tashkiloti orqali berayotgan ogohlantirishlarga parvo qilmaslik qanchalar xavfli ekanini tushunishimga hissa qo‘shdi. Yahova meni o‘zimdan ham yaxshiroq bilar ekan! Attang, Unga quloq solmagan ekanman».

17. a) Nima qilishga qat’iy qaror qildingiz? b) Navbatdagi maqolada nima haqida so‘z yuritiladi?

17 Shaytonning dunyosi «faylasuflik va quruq gaplar bilan» bizni tuzoqqa ilintirishiga yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy qaror qilishimiz darkor. Shaytonning usullariga qarshi turishda davom etishimiz kerak. (1 Kor. 3:18; 2 Kor. 2:11) U Yahova haqidagi nuqtai nazarimizni bulg‘ashiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Keling, Yahovaning yuqori axloqiy me’yorlari bo‘yicha yashaylik va Shayton Uning maslahatiga parvo qilmaslikka undayotganda, taslim bo‘lmaylik. Ammo bu dunyoning fikrlash tarzi sizga ta’sir qilganini payqasangiz qanday chora ko‘ra olasiz? Navbatdagi maqolada, Xudoning Kalomi yordamida hatto «mustahkam qal’alar»day bo‘lgan fikr-xayol va odatlarni yenga olishimiz mumkinligi haqida so‘z yuritiladi. (2 Kor. 10:4, 5)

49-QO‘SHIQ Yahovaning qalbini quvontiraylik

^ 5- x.b. Shayton odamlarni ahmoq qilishda ustasi farang. U ko‘pchilikni erkin ekanligiga ishontiradi-yu, aslida esa ularni o‘z mahbuslariga aylantiradi. Bu maqolada Shayton odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun qo‘llaydigan bir qancha usullarini ko‘rib chiqamiz.

^ 48- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Isroilliklar kan’onliklarga qo‘shilgani dastidan Baalga sajda qilish va axloqsizlikka qo‘l urish vasvasasiga duch kelishgan.

^ 51- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Cherkov reklamasidagi ranglar uning a’zolariga gomoseksualizm ijozat berilganini ko‘rsatyapti.

^ 53- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Singlimiz universitetda o‘qiyapti. U va uning kursdoshlari ilm-fan va texnologiyalar yordamida odamlarning muammolarini hal qilish mumkin degan professorning g‘oyasini tinglashyapti. Keyinchalik, u Yig‘ilish zalida qiziqmay, tanqidiy nuqtai nazarda o‘tiribdi.