Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

29-TADQIQ MAQOLASI

«Boringlar... shogird tayyorlanglar»

«Boringlar... shogird tayyorlanglar»

Boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar. MAT. 28:19

60-QO‘SHIQ Najotbaxsh xabar

BU MAQOLADA *

1–2. a) Isoning Matto 28:18–20 da keltirilgan amriga ko‘ra, masihiy jamoatlarning asosiy vazifasi nima? b) Ushbu maqolada qanday savollarni ko‘rib chiqamiz?

HAVORIYLAR tog‘ yon bag‘rida yig‘ilganda zavqqa to‘lgan edi. Iso tirilganidan so‘ng ular bilan o‘sha yerda ko‘rishishni so‘ragandi. (Mat. 28:16) Ehtimol, o‘shanda Iso «birdaniga 500 dan ortiq birodarlarga ko‘rindi». (1 Kor. 15:6) Qiziq, nima uchun Iso bu uchrashuvni tashkillashtirdi? U ularga muhim bir amrni berib: «Boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar»,— dedi. (Matto 28:18–20 ni o‘qing.)

2 Isoning so‘zlarini tinglagan shogirdlar birinchi asrdagi imonlilar jamoatining bir qismiga aylandi. O‘sha jamoatning eng muhim vazifasi ko‘proq odamlarga Masihning shogirdi * bo‘lishga ko‘maklashishdan iborat edi. Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab Masihning shogirdlaridan iborat yuz mingdan oshiq jamoatlar bor va ularning ham asosiy maqsadi shogird tayyorlashdir. Ushbu maqolada to‘rtta savolni ko‘rib chiqamiz: «Nega shogird tayyorlash ishi shunchalik muhim? Bu nimani o‘z ichiga oladi? Shogird tayyorlash ishida hamma qatnashadimi? Nima uchun bu vazifani bajarishda sabrli bo‘lishimiz kerak?»

NEGA SHOGIRD TAYYORLASH ISHI SHUNCHALIK MUHIM?

3. Yuhanno 14:6 va 17:3 ga ko‘ra, nega shogird tayyorlash ishi shunchalik muhim?

3 Nega shogird tayyorlash ishi shunchalik muhim? Boisi faqat Masihning shogirdlari Xudoning do‘sti bo‘lishi mumkin. Qolaversa, Isoga ergashganlar hozirdanoq hayotini yaxshilab, kelajakda jannatda abadiy baxtli yashash umidiga ega bo‘ladi. (Yuhanno 14:6; 17:3 ni o‘qing.) Shubhasizki, Iso bizga muhim mas’uliyatni ishonib topshirdi, lekin bu vazifani o‘zimiz bajarmaymiz. Havoriy Pavlus o‘zi va yaqin hamkorlari haqida: «Tangrining xizmatdoshlarimiz»,— deb aytgan. (1 Kor. 3:9) Darhaqiqat, Yahova hamda Iso nomukammal insonlarga ajoyib sharaf bergan!

4. Ivan va Matilde bilan bo‘lgan voqeadan qanday saboq olyapmiz?

4 Shogird tayyorlash ishi bizga ulkan quvonch baxsh etishi mumkin. Kolumbiyadagi Ivan va xotini Matildening misoliga diqqat qarataylik. Ular Deyvir ismli yigitga va’z qilgandi va u: «Hayotimni o‘zgartirishni istayman, ammo bu qo‘limdan kelmaydi»,— dedi. Deyvir professional bokschi va giyohvand bo‘lib, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilardi, Erika ismli qiz bilan rasmiy nikohsiz yashardi. Ivan quyidagicha bo‘lishdi: «Unikiga tashrif buyurish uchun olisdagi qishloqqa borardik. Bu esa, bir necha soat velosipedda loy yo‘llardan yurishni anglatardi. Deyvirning shaxsiyati va munosabati yaxshilanayotganini payqagan Erika ham Muqaddas Kitob tadqiqiga qo‘shildi». Vaqt o‘tgach, Deyvir giyohvandlikni, ichishni va boksni tashladi. Shuningdek, Erika bilan nikohini rasmiylashtirdi. Matilde shunday dedi: «2016-yili Deyvir va Erika suvga cho‘mganida, Deyvir: “Hayotimni o‘zgartirishni istayman, ammo bu qo‘limdan kelmaydi”,— deb bir necha bor aytganini esladik. Ko‘z yoshlarimizni tiya olmadik». Shubhasizki, odamlar Masihning shogirdi bo‘lganida, rosa quvonamiz.

SHOGIRD TAYYORLASH ISHI NIMANI O‘Z ICHIGA OLADI?

5. Shogird tayyorlashda qo‘yiladigan birinchi qadam qanday?

5 Shogird tayyorlashda qo‘yadigan ilk qadamimiz Yahova haqida o‘rganishga tayyor bo‘lganlarni «izlashdir». (Mat. 10:11) Biz uchratgan har bir insonga shohidlik bersak, chinakamiga Yahovaning Shohidlari ekanimizni isbotlaymiz. Ha, Masihning va’z qilish amriga bo‘ysunib, Xudoning xizmatchilari ekanimizni yaqqol ko‘rsatamiz.

6. Xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lishda nima yordam beradi?

6 Ba’zilar Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rganishni juda istaydi, ammo ko‘plar boshida uncha qiziqish bildirmasligi mumkin. Bunday insonlarda qiziqish uyg‘otishimiz kerak. Xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz darkor. Siz uchratadigan insonlarni qiziqtirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan o‘zgacha mavzularni tanlang. So‘ng qanday qilib o‘sha mavzu borasida suhbat boshlashni rejalashtiring.

7. Qay yo‘sin suhbat boshlay olasiz va nima uchun kishini tinglash, nuqtai nazarini hurmat qilish muhim deb o‘ylaysiz?

7 Balki uy egasidan shunday deb so‘rarsiz: «Bir mavzu borasida fikringizni bilsam maylimi? Hozirgi kunda ajrashish jiddiy muammoga aylangan. Nima deb o‘ylaysiz, oilamizni mustahkamlash uchun nimalar qilsak bo‘ladi?» Keyin Matto 7:12 ni muhokama qilsangiz bo‘ladi. Yoki qo‘shningizdan: «Bolalarni yaxshi tarbiyalashda nima asqatadi? Bu borada qanday fikrdasiz?» — deb so‘rasangiz bo‘ladi. Keyin esa, Qonunlar 6:6, 7 ni muhokama qiling. Qanday mavzu tanlashingizdan qat’i nazar, sizni tinglaydigan insonlar haqida o‘ylang. Muqaddas Kitob aslida nimaga o‘rgatishini bilib, ular qanday foyda olishi borasida fikr yuriting. Odamlar bilan suhbatlashganda, ularni tinglashingiz va nuqtai nazarini hurmat qilishingiz muhim. Shunda ularni yaxshiroq tushuna olasiz va ular ham sizni tinglash ehtimoli oshadi.

8. Nima uchun doimiy ravishda takroriy tashriflar qilish kerak?

8 Kishi Muqaddas Kitobni tadqiq qilish qaroriga kelguniga qadar, vaqtingizni ajratib takroriy tashriflar qilishingiz zarur bo‘ladi. Nima uchun? Boisi insonnikiga tashrif buyurganimizda, u uyda bo‘lmasligi mumkin. Qolaversa, tadqiq o‘tish uchun siz bilan o‘zini bemalol his qila olguniga qadar bir necha marotaba takroriy tashriflar qilishga to‘g‘ri kelishi hech gap emas. Unutmangki, gulga muntazam ravishda suv quyib turilsagina, u o‘sadi. Shu singari, qiziqish bildirgan inson bilan doimiy ravishda Muqaddas Kitob haqida suhbatlar qursak, uning Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgisi oshish ehtimoli ko‘payadi.

SHOGIRD TAYYORLASH ISHIDA HAMMA QATNASHADIMI?

Dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari samimiy kishilarni qidiradi (9–10-xatboshilariga qarang.) *

9–10. Nima sababdan har bir masihiy samimiy kishilarni topishda qatnashadi deb ayta olamiz?

9 Har bir masihiy samimiy insonlarni topishga hissa qo‘shadi. Buni yo‘qolib qolgan bolani topish bilan solishtirsa bo‘ladi. Qanaqasiga deysizmi? Hayotiy bir voqeaga e’tibor bering. Uch yoshli bolakay yo‘qolib qolgan edi. Uni izlashda taxminan 500 kishi qatnashdi. Nihoyat, bolakay yo‘qolganidan deyarli 20 soat o‘tib, bir kishi uni makkajo‘xori dalasidan topdi. Ixtiyoriy tarzda yordam bergan o‘sha kishi odamlar uni maqtashini istamadi. U: «Axir uni yuzlab kishi izladi»,— dedi.

10 Ko‘plar yo‘qolib qolgan o‘sha bolakayga o‘xshaydi. Ularda hech qanday umid yo‘q va ular yordamga muhtoj. (Efes. 2:12) Xudoning sakkiz milliondan oshiq xizmatchilari bunday odamlarni topish ishida qatnashyapti. Balki Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga qiziqqan insonni shaxsan topa olmassiz. Biroq o‘sha hududda xizmat qilgan boshqa va’zgo‘ylar Muqaddas Kitob haqiqatlarini o‘rganishni istagan kishini topa olar. Imondoshimiz kimgadir Masihning shogirdi bo‘lishga yordam bersa, har birimizda quvonish uchun asos bo‘ladi.

11. Garchi Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazmayotgan bo‘lsangiz-da, qaysi boshqa yo‘llar orqali shogird tayyorlashda yordamlasha olasiz?

11 Hozirda kim bilandir tadqiq o‘tmayotgan bo‘lsangiz ham, boshqa yo‘llar orqali shogird tayyorlash ishida ko‘maklasha olasiz. Masalan, Yig‘ilish zaliga endi kelganlarni ko‘rsangiz, ularni qarshi olib yordam berishingiz mumkin. Shunda ularga Xudoning chinakam xizmatchilari sevgisi bilan ajralib turishini ko‘rishga ko‘maklashgan bo‘lasiz. (Yuhan. 13:34, 35) Yig‘ilish paytida bergan hatto qisqa sharhlaringiz ularga o‘z e’tiqodi borasida samimiy va xushmuomalalik ila gapirishga turtki bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, yangi va’zgo‘ylar bilan hamkorlik qilib, ularga Muqaddas Kitob asosida insonlar bilan muzokara qilishga ko‘maklasha olasiz. Bunday yo‘l tutib ularga Masihga taqlid qilishni o‘rgatgan bo‘lasiz. (Luqo 10:25–28)

12. Shogird tayyorlash uchun o‘zgacha qobiliyatlar kerakmi? Tushuntiring.

12 Boshqalarga Masihning shogirdi bo‘lishiga ko‘maklashish uchun o‘zgacha qobiliyatlarga ega bo‘lishimiz kerak degan fikrga bormaylik. Qiziq, nega? Boliviyadagi Faustinaning misoliga e’tibor beraylik. U Yahovaning Shohidlari bilan suhbatlashishni boshlaganida o‘qiy olmas edi. Keyin u oz-moz o‘qishni o‘rgandi. Hozir u suvga cho‘mgan va boshqalarga ta’lim berish uning jon-u dili. Odatda u har hafta beshta Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazadi. Garchi Faustinaning o‘zi tadqiq o‘tkazayotgan kishilarning aksariyati singari yaxshi o‘qiy olmasa-da, oltita insonga suvga cho‘mishga ko‘maklashdi. (Luqo 10:21)

13. Garchi band bo‘lsak-da, shogird tayyorlash ishida qatnashish qanday barakalar keltiradi?

13 Ko‘pgina masihiylar mas’uliyatli muhim ishlar bilan band. Bunga qaramay, ular Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish uchun vaqt ajratadi va quvonishadi. Misol tariqasida Melanini olaylik. U Alyaskada sakkiz yashar qizini yolg‘iz tarbiyalardi. Bundan tashqari, u kun bo‘yi ishlab, saraton kasalligiga chalingan otasiga g‘amxo‘rlik qilardi. Melani olis hududda yashardi va u yerdagi yagona Shohid edi. U kim bilandir Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni juda istagani uchun sovuqlarda bardoshli bo‘lish hamda va’z qilish uchun kuch so‘rab ibodat qilardi. Nihoyat u Xudoning ismi borligini bilishdan suyungan Sarani uchratdi. Bir oz vaqt o‘tib, Sara Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga rozi bo‘ldi. Melani shunday aytdi: «Juma kuni oqshomlari rosa charchardim, lekin qizim bilan tadqiqqa borib, ko‘p foyda olardim. Saraning savollari ustida izlanish olib borishdan zavq olardik va u Yahova bilan do‘stlashayotganini ko‘rish yoqimli edi». Sara qiyinchiliklarda jasoratli bo‘la oldi: cherkovni tark etdi va suvga cho‘mdi.

NIMA UCHUN SHOGIRD TAYYORLASH ISHIDA SABRLI BO‘LISHIMIZ KERAK?

14. a) Shogird tayyorlash va baliqchilik o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor? b) Pavlusning 2 Timo‘tiyga 4:1, 2 da keltirilgan so‘zlari sizga qanday ta’sir qilmoqda?

14 Xizmatingiz samarasizday tuyulsa ham, samimiy insonlarni izlashda taslim bo‘lmang. Esingizda bo‘lsa, Iso shogird tayyorlash ishini baliqchilik bilan solishtirgan. Baliqchilar birgina baliqni tutish uchun bir necha soat vaqtini sarflashi mumkin. Ko‘pincha ular kechasi yoki sahar tongda ovga chiqadi va gohida uzoq masofaga suzib borishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. (Luqo 5:5) Shunga o‘xshab, ayrim va’zgo‘ylar «ovlash» uchun sabr ila bir necha soat vaqtini ketkazishadi va turli hududlarga borishadi. Nega deganda, shunday yo‘l tutib ko‘proq odamlarni uchratish mumkin. Jon-jahdi bilan harakat qilganlar ko‘p hollarda xushxabarga qiziqish bildirgan insonlarni uchratishga muvaffaq bo‘ladi. Odamlarni uchratish ehtimoli ko‘proq bo‘lgan joyda xizmat qilib ko‘rish uchun vaqtingizni moslashtira olasizmi? (2 Timo‘tiyga 4:1, 2 ni o‘qing.)

Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlarga ma’naviy qadamlar qo‘yishga ko‘maklashing (15–16-xatboshilariga qarang.) *

15. Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazishda nima uchun sabrli bo‘lish kerak?

15 Nima sababli Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish uchun sabrli bo‘lish kerak? Buning sabablaridan biri shundaki, insonga Muqaddas Kitobdagi ta’limotlarni bilishga va ularni yaxshi ko‘rishga yordamlashishdan ko‘ra ko‘proq narsani qilishimiz zarur. Unga Muqaddas Kitobning Muallifini — Yahovani tanib-bilishga va sevishga ko‘maklashishimiz lozim. Kishiga Iso shogirdlaridan nimani talab qilishini o‘rgatishdan tashqari, qanday qilib Xudoning haqiqiy xizmatchisi kabi yashash kerakligini tushunishga yordam berishimiz ham kutiladi. Agar u Muqaddas Kitob prinsiplarini qo‘llashga qiynalsa, sabr ila unga tirgak bo‘lishimiz kerak. Ba’zilar atigi bir necha oy ichida fikrlash tarzi-yu odatlarini o‘zgartira olsa, boshqalar uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi mumkin.

16. Raulning misolidan qanday saboq oldingiz?

16 Peruda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilgan imondoshimiz bilan yuz bergan voqea sabrli bo‘lish foyda keltirishini ko‘rsatmoqda. U quyidagicha hikoya qildi: «Raul ismli kishi bilan ikkita kitobni ham tugatgan edik. Ammo u hali ham hayotiga jiddiy o‘zgarishlar kiritishi kutilardi. Oilasidan urush-janjal arimasdi, haqoratli so‘zlarni ishlatardi va o‘zini tutishi tufayli farzandlari uni hurmat qilishga qiynalardi. Raul yig‘ilishlarga muntazam ravishda kelardi. Shuning uchun, unga va oilasiga yordam berish maqsadida takroriy tashriflar qilishda davom etdim. Uni uchratganimdan uch yildan oshiq vaqt o‘tgach, u suvga cho‘mishga munosib bo‘ldi».

17. Keyingi maqolada nimani bilib olamiz?

17 Iso bizga: «Boringlar... barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar»,— deb aytgan. Bu vazifani bajarish uchun ko‘pincha fikrlash tarzi biznikidan farq qiladigan odamlarni, jumladan, o‘zini hech qaysi dinga tegishli emas yoki Xudo borligiga ishonmaydigan kishilarni uchratishimiz mumkin. Keyingi maqolada bu kabi insonlarga qay yo‘sin xushxabarni va’z qila olishimiz to‘g‘risida bilib olamiz.

68-QO‘SHIQ Shohlik urug‘ini sepaylik

^ 5- x.b. Masihiylar jamoatiga muhim vazifa — odamlarga Masihning shogirdi bo‘lishga yordam berish topshirilgan. Ushbu maqolada vazifamizni bajarish uchun asqatadigan amaliy maslahatlarni ko‘rib chiqamiz.

^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Masihning shogirdlari Iso o‘rgatganidan ko‘ra ko‘proq narsani bajaradi. Ular bilib olganlarini amalda qo‘llaydi. Ular Isoning o‘rnagiga ergashib, imkon boricha uning izidan og‘may yurishga harakat qiladi. (1 Butr. 2:21)

^ 52- x.b. RASMGA SHARH. Ta’tilga ketayotgan bir kishi aeroportda Yahovaning Shohidlaridan adabiyot oldi. Keyinchalik u ta’tilda aylanib yurganida jamoat joyida va’z qilayotgan Shohidlarni ko‘rib qoladi. Uyiga qaytgach, Yahovaning Shohidlari uning eshigini taqillatadi.

^ 54- x.b. RASMGA SHARH. O‘sha kishi Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshlaydi. Nihoyat suvga cho‘madi.