Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Iso chindan ham men uchun o‘lganmi?

Iso chindan ham men uchun o‘lganmi?

MUQADDAS KITOBDA «biz kabi inson»larning his-tuyg‘ulari yozilgan anchagina misollar bor. (Yoqb. 5:17) Masalan, Pavlusning Rimliklarga 7:21–24 da keltirilgan quyidagi so‘zlarini o‘qiganimizda, u nima demoqchi bo‘lganini shu zahoti tushuna olamiz: «To‘g‘ri bo‘lgan narsani qilmoqchi bo‘lsam, yonimda yomonlik turadi. [...] Eh, qanday baxtsiz odamman-a!» Biz ham nomukammalligimiz bilan kurashganda, Pavlusning mazkur so‘zlari dalda baxsh etadi.

Pavlus boshqa his-tuyg‘ular to‘g‘risida ham yozgan. Misol uchun, Galatiyaliklarga 2:20 da Iso uni sevganiga va u uchun o‘zini fido qilganiga amin ekanini aytgan. Siz ham xuddi shunday tuyg‘ularni his qilyapsizmi? Ehtimol, doim ham emasdir.

O‘tmishda qilgan gunohlarimiz tufayli o‘zimizni arzimas his etayotgan bo‘lsak, Yahovaning sevgisi-yu kechirimini qabul qilishimiz qiyin bo‘lishi mumkin. Buning ustiga, Iso shaxsan biz uchun o‘zini qurbon qilganini his etish oson bo‘lmaydi. Xo‘sh, Iso to‘lovga nisbatan chindan ham shunday nuqtai nazarda bo‘lishimizni istaydimi? To‘lovni shaxsan o‘zimizga qo‘llashga nima yordam beradi? Keling, bu ikkita savolni ko‘rib chiqaylik.

ISONING O‘Z QURBONLIGIGA BO‘LGAN NUQTAI NAZARI

Iso to‘lov qurbonligini shaxsan bizga qilingan hadya deb bilishimizni xohlaydi. Bunga qay yo‘sin amin bo‘la olamiz? Luqo 23:39–43 da keltirilgan voqeani tasavvur qiling. Isoning yonida ustunga mixlangan bir kishi bor edi. U yomon ishlar qilganini tan olgan. Ehtimol, uning qilmishi jiddiy bo‘lgandir. Boisi, og‘ir jinoyatlar uchun shu kabi jazo tayinlanardi. O‘z ahvolidan g‘amga botgan bu kishi Isoga yolvorib: «Shoh bo‘lganingizda meni eslang»,— dedi.

Iso qanday javob berdi? Iso og‘riqli bo‘lsa ham, unga qarash uchun boshini u tarafga o‘girganini ko‘z oldingizga keltiring. Garchi azob chekayotgan bo‘lsa-da, Iso iliq tabassum qilib unga quyidagicha dalda beradi: «Sizga va’da beraman, siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz». Iso o‘sha kishiga shunchaki: «Inson O‘g‘li... ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida bergani kelgan»,— deb aytishi mumkin edi. (Mat. 20:28) Lekin Iso uning to‘lov qurbonligi o‘sha jinoyatchiga ham shaxsan tegishli ekanini mehr ila ta’kidlaganiga e’tibor berdingizmi? U do‘stona ruhda gapirib, «siz» va «men» so‘zlarini ishlatgan. Shuningdek, Iso unga kelajak borasidagi umid, ya’ni yer yuzidagi jannatda abadiy yashash borasida aytgan.

Shubhasizki, Iso o‘sha kishi uning to‘lov qurbonligini shaxsan unga qilingan hadya sifatida qabul qilishini istagan. Xudoga xizmat qilishga imkoni bo‘lmagan jinoyatchiga nisbatan Iso bunday tuyg‘ularni his qilgan bo‘lsa, suvga cho‘mib, Xudoga xizmat qilayotgan masihiyga nisbatan ham u xuddi shunday tuyg‘ularni his qiladi. O‘tmishdagi gunohlarimizga qaramay, Masihning qurbonligi shaxsan bizga ham foyda keltirishini his etishimizga nima yordam bera oladi?

PAVLUSGA NIMA YORDAM BERGAN?

Pavlusning Iso o‘z jonini qurbon qilganiga bo‘lgan nuqtai nazari uning xizmatiga ta’sir qilgan. Qanaqasiga? U shunday deb tushuntirgan: «Menga kuch ato etgan Hazratimiz Iso Masihdan minnatdorman, chunki u meni ishonchli hisoblab, xizmatga tayinladi. Garchi men ilgari shakkok, ta’qib qiluvchi va surbet bo‘lgan bo‘lsam-da, menga rahm-shafqat ko‘rsatildi». (1 Tim. 1:12–14) Pavlus Iso unga topshirgan xizmat orqali rahm-shafqat-u sevgi ko‘rsatganini va ishonganini tushungan. Shunga o‘xshab, Iso shaxsan har birimizga va’z qilish ishini topshirgan. (Mat. 28:19, 20) Bu bizga ham xuddi shunday ta’sir qila oladimi?

Albert deyarli 34 yil davomida jamoatdan chetlatilgan edi. Yaqinda u Yahovaga qaytdi va quyidagicha bo‘lishdi: «Qilgan gunohim hecham xayolimdan ketmayapti. Ammo xizmatda bo‘lganimda havoriy Pavlus singari Iso xizmatni shaxsan menga topshirganini his etaman. Bu menga kuch beradi va o‘zim, hayotim hamda kelajagim borasida ijobiy nuqtai nazarni saqlashga yordam beradi». (Zab. 51:3)

Turli insonlar bilan tadqiq o‘tkazganda, Iso ularga rahm-shafqat va sevgi ko‘rsatishiga ishontiring

Allan haqiqatni bilishidan oldin jinoyatchi va zo‘ravon edi. U shunday dedi: «Men zarar yetkazgan odamlar haqida haligacha o‘ylayman. Ba’zida bu tufayli tushkunlikka tushaman. Lekin Yahova men kabi gunohkorga boshqalarga xushxabarni yetkazish imkonini berganidan minnatdorman. Odamlarning haqiqatga bo‘lgan munosabatini ko‘rganimda, Yahova qanchalar himmatli va sevuvchi ekanini eslayman. O‘tmishi menikiga o‘xshash odamlarga yordam berish uchun U mendan foydalanayotganini his etaman».

Xizmatga chiqqanimizda savob ish qilamiz va ijobiy narsalar haqida o‘ylaymiz. Qolaversa, Iso bizga rahm-shafqat, sevgi ko‘rsatganiga va ishonishiga amin bo‘la olamiz.

YAHOVA QALBIMIZDAN ULUG‘DIR

Shaytonning yovuz dunyosi yo‘q bo‘lib ketguniga qadar, qalbimiz o‘tmishdagi qilmishlarimiz uchun bizni ayblashda davom etishi hech gap emas. Bunday tuyg‘ularni yengishimizga nima yordam beradi?

Yoshligida ikki xil hayot tarzini kechirgani uchun aybdorlik hissi bilan kurashadigan Jen: «“Xudo qalbimizdan ulug‘” ekani menga tasalli beradi»,— deb aytdi. (1 Yuhan. 3:19, 20) Yahova hamda Iso biz gunohkor ekanimizni juda yaxshi tushunishini bilishdan tasalli olishimiz mumkin. Unutmangki, Yahova hamda Iso mukammal emas, tavba qilgan gunohkorlar uchun to‘lovni sevgi ila taqdim etgan. (1 Tim. 1:15)

Iso nomukammal odamlarga qanday munosabat qilgani va u bizga ishonib topshirgan xizmatni bajarish uchun qo‘limizdan kelganini qilish ustida ibodat ila mulohaza yuritsak, yuqoridagi bebaho haqiqatga qalbimizni ishontiramiz. Shunday yo‘l tutib, Pavlus singari: «[Iso] meni sevgan va men uchun o‘zini fido qilgan»,— deb ayta olasiz.