Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

40-TADQIQ MAQOLASI

«Oxirgi kunlarning» so‘ngida doim band bo‘ling

«Oxirgi kunlarning» so‘ngida doim band bo‘ling

Barqaror va mahkam turinglar. Doimo Rabbimizning ishi bilan band bo‘linglar. 1 KOR. 15:58

58-QO‘SHIQ Mo‘min qalblarni izlaymiz

BU MAQOLADA *

1. «Oxirgi kunlarda» yashayotganimizga bizni nima ishontiradi?

1914-YILDAN keyin tug‘ilganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, hayotingizning aksar qismi bu zamonaning «oxirgi kunlarida» o‘tgan. (2 Tim. 3:1, izoh) Barchamiz Isoning bu zamona haqidagi bashoratlari amalga oshgani to‘g‘risida eshitganmiz. Bu urush, oziq-ovqat yetishmovchiligi, zilzila, yuqumli kasalliklarning tarqalishi, o‘sib borayotgan qonunbuzarlik va Yahovaning xizmatchilari quvg‘un qilinishini o‘z ichiga oladi. (Mat. 24:3, 7–9, 12; Luqo 21:10–12) Buning ustiga, odamlarning xatti-harakatlari havoriy Pavlusning bashoratlariga mos keladi. («Bugungi kundagi odamlar» nomli ramkaga qarang.) Yahovaga topinar ekanmiz, «oxirgi kunlarda» yashayotganimizga aminmiz. (Mixo 4:1)

2. Qanday savollarga javob topishimiz kerak?

2 1914-yildan ancha vaqt o‘tgan ekan, hozir «oxirgi kunlarning» so‘ngida yashayapmiz. Bu zamonaning oxiri yaqin ekan, quyidagi ba’zi muhim savollarga javob topishimiz kerak: «“Oxirgi kunlarning” so‘ngida qanday voqealar yuz beradi? O‘sha voqealarni kutar ekanmiz, Yahova nimalar qilishimizni istaydi?»

«OXIRGI KUNLARNING» SO‘NGIDA NIMA YUZ BERADI?

3. Salonikaliklarga birinchi maktub 5:1–3 ga ko‘ra, dunyo rahbarlari qanday e’lon aytadi?

3 Salonikaliklarga birinchi maktub 5:1–3 ni o‘qing. Pavlus «Yahovaning kuni» haqida eslatgan. Mazkur oyatda aytilganiday, bu vaqt soxta din imperiyasini anglatadigan «Buyuk Bobil»ga hujum qilinish bilan boshlanib, Armageddon jangi bilan yakun topadi. (Vah. 16:14, 16; 17:5) O‘sha «kun» boshlanishidan avval, dunyo rahbarlari «tinchlik va xavfsizlik» e’lonini aytadi. (Ba’zi tarjimalarda «tinch va osoyishta» deb yozilgan.) Dunyo rahbarlari xalqlar orasidagi munosabatlarni yaxshilash to‘g‘risida gaplashganda, shunga o‘xshash iboralarni qo‘llashadi *. Lekin Muqaddas Kitobda bashorat qilingan «tinchlik va xavfsizlik» e’loni bundan farq qiladi. Nega? Mazkur e’lon aytilganda, odamlar rahbarlar dunyoni xavfsiz va ancha tinch joy qilishda muvaffaqiyatga erishdi, deb o‘ylashi mumkin. Aslida esa, «nogahon halokat» yuz berib, «buyuk musibat» boshlanadi. (Mat. 24:21)

Dunyo rahbarlari aytgan «tinchlik va xavfsizlik» e’loniga aldanib qolmang (3–6-xatboshilariga qarang.) *

4. a) «Tinchlik va xavfsizlik» e’loni borasida nimalarni bilmaymiz? b) Mazkur e’lon borasida nimalardan xabardormiz?

4 «Tinchlik va xavfsizlik» e’loni borasida ayrim narsalarni bilamiz, ammo ba’zi narsalar bizga qorong‘i. Misol uchun, bu e’lonni aytishga nima turtki bo‘lishi-yu u qay tarzda aytilishini bilmaymiz. Bundan tashqari, bitta e’lon aytiladimi yoki bu bir nechta e’lon bo‘ladimi, bexabarmiz. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, quyidagini bilamiz: dunyo rahbarlari chindan ham tinchlikka erishadi degan fikrga laqqa tushmasligimiz kerak. Aksincha, Muqaddas Kitobga ko‘ra, bu biz hushyorlik bilan kutishimiz kerak bo‘lgan e’lon. Ha, bu «Yahovaning kuni» boshlanishining belgisi bo‘ladi!

5. Qanday qilib 1 Salonikaliklarga 5:4–6 dagi so‘zlar «Yahovaning kuni»ga tayyor bo‘lishimizga yordam beradi?

5 Salonikaliklarga birinchi maktub 5:4–6 ni o‘qing. Pavlusning undovidan «Yahovaning kuni»ga tayyorligimizni aniqlash uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olyapmiz. Biz «boshqalarga o‘xshab uxlamasligimiz» kerak. «Hushyor turishimiz» va ogoh bo‘lishimiz darkor. Masalan, dunyoning siyosiy masalalariga aralashib, betarafligimiz masalasida yon berish xavfidan ogoh bo‘lishimiz zarur. Ularga sherik bo‘lsak, «dunyoga tegishli» bo‘lib qolishimiz hech gap emas. (Yuhan. 15:19) Faqatgina Xudoning Shohligi dunyoga tinchlik keltirishiga umid qilamiz.

6. Odamlarga qanday yordam berishni istaymiz va nima uchun?

6 O‘zimiz hushyor turishdan tashqari, boshqalarga uyg‘onishga, ya’ni ular ham Muqaddas Kitobdan bu dunyo bilan nimalar yuz berishini bilib olishlariga yordamlashishni xohlaymiz. Shuni unutmaylikki, buyuk musibat boshlanganda, odamlar Yahovaga xizmat qilishiga kech bo‘ladi. Shu bois ham, va’zgo‘ylik ishimiz shoshilinch *!

VA’ZGO‘YLIK BILAN DOIM BAND BO‘LING

Bugun va’z qilar ekanmiz, faqatgina Xudoning Shohligi bu dunyoga xavfsizlik va tinchlik keltirishi mumkinligini ko‘rsatamiz (7–9-xatboshilariga qarang.)

7. Yahova hozir nima qilishimizni kutadi?

7 Yahovaning «kuni» boshlanishiga oz vaqt qolgan ekan, U va’zgo‘ylik bilan doim band bo‘lishimizni kutadi. «Doimo Rabbimizning ishi bilan band» ekanimizga ishonch hosil qilishimiz kerak. (1 Kor. 15:58) Iso nima qilishimiz kerakligini bashorat qilgan. Oxirgi kunlarda yuz berishi kerak bo‘lgan muhim hodisalar haqida aytish bilan birga u: «Avvalo barcha xalqlarga xushxabar e’lon etilishi lozim»,— degan. (Mark 13:4, 8, 10; Mat. 24:14) Bir o‘ylab ko‘ring, har safar xizmatga chiqqaningizda, mazkur bashorat amalga oshishiga hissa qo‘shgan bo‘lasiz!

8. Va’zgo‘ylik ishi rivojlanib borayotganini qayerdan bilamiz?

8 Va’zgo‘ylik ishining rivojlanishi haqida nima desa bo‘ladi? Bu ish yildan-yilga ildamlab bormoqda. Masalan, oxirgi kunlarda Shohlik xabarchilarining soni o‘sgani to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. 1914-yili 43 ta mamlakatda 5 155 ta va’zgo‘y bor edi. Hozir esa, 240 ta mamlakat va hududda deyarli 8,5 million va’zgo‘y bor! Ammo bu ish tugadi degani emas. Faqatgina Xudoning Shohligi insonlarning muammosini hal qila olar ekan, bu haqida va’z qilishdan to‘xtamasligimiz kerak. (Zab. 145:11–13)

9. Nima uchun Shohlik haqidagi xabarni va’z qilishda davom etamiz?

9 Yahova bo‘ldi demagunicha, Shohlik haqidagi xabarni va’z qilishda davom etamiz. Odamlar Tangri Yahova hamda Iso Masihni tanib bilishi uchun qancha vaqt qoldi? (Yuhan. 17:3) Buni bilmaymiz. Ammo shuni bilamizki, buyuk musibat boshlanmaguncha, «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan»lar xushxabarga quloq tutishi mumkin. (Havor. 13:48) Kech bo‘lmasidan bu odamlarga qanday yordam bera olamiz?

10. Odamlarga haqiqatni o‘rgatishimiz uchun Yahovaning tashkiloti qanday yordam bermoqda?

10 Odamlarga haqiqatni o‘rgatishimiz uchun Yahova tashkiloti orqali barcha narsani taqdim etmoqda. Masalan, har hafta «Hayot tarzimiz va xizmatimiz» uchrashuvi orqali ta’lim bermoqda. Bu dastur yordamida birinchi yoki takroriy tashriflarda nimalar deyishni o‘rganamiz. Shuningdek, qay yo‘sin Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish haqida bilib olamiz. Qolaversa, Yahovaning tashkiloti taqdim etgan «Ta’lim berish “qutimizdagi” asboblar» bor. Bu asboblar quyidagilarda yordam beradi:

  • suhbatlar boshlashga,

  • qiziqish uyg‘otishga,

  • odamlarni Muqaddas Kitob haqida ko‘proq bilib olishga undashga,

  • Muqaddas Kitob asosida haqiqatni o‘rgatishga va

  • qiziqish bildirganlarni saytimizga kirishga yoki Yig‘ilish zaliga kelishga undashga.

Albatta, bu asboblarga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Ulardan foydalanishimiz kerak *. Masalan, qiziqish bildirgan kishi bilan yaxshi suhbat qursangiz, unga buklama yoki jurnal qoldirsangiz bo‘ladi. Shunda o‘sha inson u bilan qayta bog‘languningizga qadar, ko‘proq bilib olishi mumkin. Har oy Shohlik haqidagi xabarni va’z qilish bilan band bo‘lish shaxsiy mas’uliyatimizdir.

11. Nima sababdan Onlayn Muqaddas Kitob darslari tashkillashtirildi?

11 Yahova odamlarga haqiqatni o‘rganishga yordam berayotganining yana bir misoli jw.org® saytidagi Onlayn Muqaddas Kitob darslari. Nima sababdan bunday darslar tashkillashtirildi? Har oy dunyo bo‘ylab minglab odamlar Internetda Muqaddas Kitob tadqiqlarini izlaydi. Saytimizdagi bu darslar yordamida odamlar Xudoning Kalomidagi haqiqatni bilib olishi mumkin. Siz bilan suhbatlashgan odamlarning ba’zilari Muqaddas Kitobni shaxsan tadqiq qilish taklifini qabul qilishga ikkilanishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, ularga saytimizdagi mazkur turkumni ko‘rsating yoki darslarga havola yuboring *. Imkon bo‘lsa, darslarni ular tushunadigan tilda ko‘rsatishingiz mumkin.

12. Kishi Onlayn Muqaddas Kitob darslaridan nimalarni bilib olishi mumkin?

12 Onlayn Muqaddas Kitob darslari quyidagi mavzularni o‘z ichiga oladi: «Muqaddas Kitob va uning Muallifi», «Muqaddas Kitobdagi asosiy qahramonlar» va «Muqaddas Kitobdagi umidbaxsh xabar». Kishi bu mavzularni tadqiq qilar ekan quyidagilar to‘g‘risida bilib oladi:

  • Qay yo‘sin Muqaddas Kitob odamga yordam bera oladi?

  • Yahova, Iso va farishtalar qanday shaxslar?

  • Nega Xudo odamlarni yaratgan?

  • Nega azob-uqubat va yovuzlik bor?

Shuningdek, o‘sha darslarda Yahova quyidagilarni amalga oshirishi aytiladi:

  • Qanday qilib Yahova azob-uqubat va o‘limga chek qo‘yadi?

  • Qay yo‘sin U o‘lganlarni hayotga qaytaradi va

  • insoniy hukumatlarning o‘rniga O‘z Shohligini o‘rnatadi?

13. Onlayn darslar Muqaddas Kitob tadqiqining o‘rnini egallaydimi? Tushuntiring.

13 Onlayn darslar Muqaddas Kitob tadqiqining o‘rnini egallamaydi. Iso shogird tayyorlash sharafini bizga topshirgan. Umid qilamizki, qiziqish bildirganlar onlayn darslarni ko‘rib chiqqach, bilib olganlarini qadrlaydi va ko‘proq bilishni istaydi. Agar shunday bo‘lsa, ular Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tishga rozi bo‘lishi mumkin. Har bir darsning oxirida kishiga Muqaddas Kitobni kim bilandir shaxsan tadqiq qilish taklif qilinadi. Muqaddas Kitob tadqiqi o‘tkazilishi uchun dunyo bo‘ylab veb-saytimiz orqali har kuni 230 dan oshiq kishi murojaat qiladi! Darhaqiqat, yuzma-yuz tadqiq o‘tish muhim!

SHOGIRD TAYYORLASHGA HARAKAT QILISHDAN TO‘XTAMANG

14. Isoning Matto 28:19, 20 da keltirilgan yo‘l-yo‘rig‘iga ko‘ra, qaysi ishda qo‘limizdan kelgancha qatnashishimiz kerak va nega?

14 Matto 28:19, 20 ni o‘qing. Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazganda, insonlarga Iso «amr etgan hamma narsaga amal qilishni» o‘rgatish va «shogird tayyorlash» uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Odamlar Yahovaning va Uning Shohligi tarafini egallash ular uchun qanchalar muhim ekanini tushunishiga yordam berishimiz lozim. Bu odamlarga bilib olganlarini amalda qo‘llab, haqiqatni o‘zlashtirishga, hayotini Yahovaga bag‘ishlab suvga cho‘mishga undashni o‘z ichiga oladi. O‘shandagina ular Yahovaning kunida omon qolishi mumkin. (1 Butr. 3:21)

15. Nima qilmaymiz va nega?

15 Yuqorida aytilganiday, ushbu zamonaning oxiri kelishiga juda oz vaqt qoldi. Shu bois, Masihning shogirdi bo‘lish niyati yo‘q odamlar bilan Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazmaymiz. (1 Kor. 9:26) Axir ishimiz shoshilinch! Vaqt borligida Xudoning Shohligi haqidagi xabarni hali ko‘p odam eshitishi kerak.

SOXTA TOPINISH BILAN BOG‘LIQ HAR QANDAY NARSADAN YIROQ BO‘LING

16. Vahiy 18:2, 4, 5, 8 ga ko‘ra, barchamiz nima qilishimiz kerak? (Izohga ham qarang.)

16 Vahiy 18:2, 4, 5, 8 ni o‘qing. Bu oyatlarda Yahova xizmatchilaridan nimani kutishi ochib berilgan. Xudoning barcha xizmatchilari Buyuk Bobil bilan bog‘liq ishlarga aralashib qolmaganiga amin bo‘lishi kerak. Kishi haqiqatni bilishdan avval soxta dinga e’tiqod qilgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, u diniy marosimlarda va tadbirlarda qatnashgandir. Yoki u soxta din bilan bog‘liq qandaydir tashkilotga ehson qilgan bo‘lishi mumkin. Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishi suvga cho‘mmagan va’zgo‘y bo‘lishga mos kelishdan avval soxta din bilan aloqasini butunlayin uzishi zarur. Kishi oldingi cherkoviga yoki Buyuk Bobil bilan bog‘liq tashkilotga endi ularning a’zosi emasligi to‘g‘risida voz kechish xatini yozishi kerak *.

17. Masihiy qanday ishni rad etadi va nega?

17 Xudoning xizmatchisi uning ishi Buyuk Bobil bilan bog‘liq emasligiga ishonch hosil qilishi kerak. (2 Kor. 6:14–17) Masalan, u cherkovda ishlamaydi. Qolaversa, masihiy kimningdir qo‘lida ishlasa ham (masalan, vodoprovodchi yoki elektrotexnik), soxta din bilan bog‘liq ishlarni olg‘a suradigan binolarda majburiyatidan ortiq xizmat ko‘rsatmaydi. Shaxsiy biznesi bo‘lsa ham, u Buyuk Bobil bilan bog‘liq ish yoki taklifni qabul qilmaydi. Nega bu masalada qat’iy bo‘lishimiz kerak? Chunki Xudoning nazarida nopok hisoblangan diniy tashkilotlarning ishlari-yu gunohlariga sherik bo‘lishni istamaymiz. (Ishayo 52:11) *

18. Bitta birodar ish borasida Muqaddas Kitob prinsiplariga qanday amal qildi?

18 Yillar avval shaxsiy biznesi bo‘lgan oqsoqoldan u bilan shartnoma tuzgan bir kishi, o‘sha oqsoqol yashagan shahardagi bir cherkovda duradgorlik bilan bog‘liq kichik bir ishni qilib berishni so‘ragan. O‘sha kishi birodarimiz cherkov bilan bog‘liq ishlarni rad etishini bilgan. Ammo bu safar u bu ish uchun boshqa odamni topa olmaganidan chorasiz vaziyatda edi. Lekin shunda ham birodar Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilib, o‘sha ishni rad etdi. Keyingi hafta mahalliy gazetada boshqa bir duradgor o‘sha cherkovga xochni o‘rnatayotganining surati keltirilgan edi. Agar birodarimiz yon berib, o‘sha ishni qabul qilganida, gazetada uning surati bo‘lishi mumkin edi. Bu uning imondoshlari orasidagi obro‘yiga qanday zarar yetkazishi mumkinligini bir tasavvur qiling! Qolaversa, Yahova nimalarni his qilgan bo‘lardi?

NIMALARNI BILIB OLDIK?

19–20. a) Nimalarni bilib oldik? b) Yana nimalarni bilib olishimiz kerak?

19 Muqaddas Kitobdagi bashoratga ko‘ra, dunyo sahnasida yuz berishi kerak bo‘lgan navbatdagi muhim voqea dunyo rahbarlari «tinchlik va xavfsizlik» deb e’lon qilganda yuz beradi. Yahova bizni o‘rgatgani tufayli qorong‘ilikda emasmiz. Zero, bu dunyoning rahbarlari haqiqiy va abadiy tinchlikka erisha olmaydi. Bu voqea yuz berishidan va nogahon halokat kelishidan avval nima qilishimiz kerak? Yahova doim Shohlik haqidagi xabarni va’z qilish bilan band bo‘lishimizni va ko‘proq shogird tayyorlash uchun harakat qilishimizni istaydi. Shu bilan birga soxta din bilan bog‘liq barcha narsadan yiroqlashishimiz lozim. Bu Buyuk Bobil bilan bog‘liq tashkilotlarning a’zosi bo‘lmaslikni va u uchun biror ish qilmaslikni o‘z ichiga oladi.

20 «Oxirgi kunlarning» so‘ngida boshqa voqealar ham yuz berishi kerak. Yahova bizdan yana boshqa ishlarni ham kutadi. Bular nima va yaqin kelajakda bo‘ladigan voqealarga qanday tayyorlana olamiz? Navbatdagi maqolada bu savollarga javob topamiz.

71-QO‘SHIQ Biz — Yahovaning lashkarimiz!

^ 5- x.b. Tez orada dunyo rahbarlari «tinchlik va xavfsizlikka» erishganini e’lon qilishini kutyapmiz. Bu buyuk musibat boshlanayotganining belgisi bo‘ladi. O‘sha e’lon aytilguniga qadar, Yahova nima qilishimizni kutadi? Ushbu maqoladan mazkur savolning javobini topamiz.

^ 3- x.b. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining saytida yozilganiday, ular «xalqaro tinchlik va xavfsizlikni rivojlantirmoqchi».

^ 6- x.b. Ushbu sondagi «Xudoning hukmlari. U doim yetarlicha ogohlantiradimi?» nomli maqolaga qarang.

^ 10- x.b. «Ta’lim berish qutimiz»dagi asboblardan qanday foydalanish borasida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2018-yil oktabr sonidagi «Haqiqatni o‘rgatish» nomli maqolaga qarang.

^ 11- x.b. Bu darslar hozirda ingliz va portugal tillarida mavjud, ko‘proq tilga o‘girilishi kutilmoqda.

^ 16- x.b. Soxta din bilan bog‘liq yoshlar oromgohlariga bormaymiz yoki ularning tadbirlarida qatnashmaymiz. Masalan, ba’zi hududlarda diniy tashkilotlar tomonidan o‘quv markazlari, ommaviy suv havzalari yoki davolanish maskanlari tashkillashtiriladi. Garchi mazkur mahalliy tashkilotlar diniy tadbirlarni o‘tkazmasa ham, diniy g‘oyalarni va maqsadlarni olg‘a suradi.

^ 17- x.b. Diniy tashkilotlar bilan bog‘liq ishlar masalasida Muqaddas Kitobning nuqtai nazarini ko‘proq bilish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 1999-yil 15-aprel (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

^ 83- x.b. RASMGA SHARHLAR. Kafeda odamlar «tinchlik va xavfsizlik» haqidagi tezkor xabarlarni tomosha qilyapti. Xizmatda tanaffus qilayotgan bir juftlik bu xabarga laqqa tushmayapti.