Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-TADQIQ MAQOLASI

Oxirat yaqinlashar ekan, qalin do‘stlik rishtalarini rivojlantiring

Oxirat yaqinlashar ekan, qalin do‘stlik rishtalarini rivojlantiring

Chin do‘st hamma vaqt sevadi. HIK. 17:17

101-QO‘SHIQ Bahamjihat xizmat qilaylik

BU MAQOLADA *

«Buyuk musibat» paytida yaxshi do‘stlarga muhtoj bo‘lamiz (2-xatboshiga qarang.) *

1–2. Butrusning birinchi maktubi 4:7, 8 ga ko‘ra, qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lishga nima yordam beradi?

«OXIRZAMON» o‘z nihoyasiga yetib borar ekan, dahshatli qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkin. (2 Tim. 3:1) Misol uchun, g‘arbiy Afrikadagi bir mamlakatda saylov o‘tgach, ijtimoiy notinchliklar boshlanib, to‘dalar zo‘ravonlik qiladigan bo‘ldi. Birodar-u opa-singillar urush bo‘lgan hududda yashagani tufayli, olti oydan oshiq vaqt davomida erkin harakat qila olmadi. Bu kabi qiyinchilikni yengishga ularga nima yordam berdi? Ba’zilar xavfsizroq joylarda yashaydigan imondoshlarimizning uyida qo‘nim topdi. Bitta birodar quyidagicha dedi: «Bunday vaziyatda yonimda do‘stlarim borligidan juda xursand edim. Bir-birimizga dalda bera oldik».

2 «Buyuk musibat» boshlanganda, yonimizda bizni sevadigan ajoyib do‘stlarimiz bo‘lganidan suyunamiz. (Vah. 7:14) Shu bois, hozirda qalin do‘stlik rishtalarini rivojlantirish o‘ta muhim. (1 Butrus 4:7, 8 ni o‘qing.) Yeremiyoning misolidan ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Zero, Quddus vayron bo‘lishidan avvalgi og‘ir paytlarda yaqin do‘stlari unga omon qolishiga yordam bergan *. Xo‘sh, Yeremiyoga qanday taqlid qila olamiz?

YEREMIYONING MISOLIDAN O‘RNAK OLING

3. a) Yeremiyo o‘zini boshqalardan olib qochishiga nima sabab bo‘lishi mumkin edi? b) Yeremiyo kotibi Boruxga nima haqida aytgan va natijasi qanday bo‘lgan?

3 Yeremiyo ona shahri Onoto‘tda sadoqatsiz odamlar, jumladan, qo‘shnilari va balki qarindoshlari orasida kamida 40 yil yashagan. (Yerm. 11:21; 12:6) Lekin u odamlardan o‘zini olib qochmagan. Darhaqiqat, u tuyg‘ularini sadoqatli kotibi Borux bilan bo‘lishgan va ular yozib qoldirilgani tufayli bundan xabardormiz. (Yerm. 8:21; 9:1; 20:14–18; 45:1) Borux Yeremiyo bilan yuz bergan barcha narsani yozar ekan, kun sayin ularning o‘zaro mehri va hurmati oshib borganini tasavvur qilsak bo‘ladi. (Yerm. 20:1, 2; 26:7–11)

4. Yahova Yeremiyoga nima qilishni aytdi va qay yo‘sin bu vazifa Borux bilan bo‘lgan do‘stlik rishtalarini mustahkamladi?

4 Yeremiyo ko‘p yillar davomida Quddus bilan nimalar yuz berishi haqida Isroil xalqini jasorat ila ogohlantirgan. (Yerm. 25:3) Yahova xalqni tavba qilishga undaganda, Yeremiyoga ogohlantiruvini o‘rama bitikka yozishni aytgan. (Yerm. 36:1–4) Yeremiyo va Borux bu ilohiy vazifani bajarish uchun, ehtimol, bir necha oy mobaynida yaqindan hamkorlik qilishgandir. Shubhasizki, bu vaqt davomida ular imonni mustahkamlaydigan suhbatlar qurishgan.

5. Borux Yeremiyo uchun yaxshi do‘st ekanini qay yo‘sin isbotladi?

5 O‘rama bitik yozilgach, undagi xabarni yetkazish uchun Yeremiyo do‘sti Boruxga ishonishi kerak edi. (Yerm. 36:5, 6) Borux bu xavfli vazifani jasorat ila bajardi. Borux ma’bad hovlisiga kirib, o‘rama bitikni o‘qiganida, Yeremiyo qanchalar faxrlanganini tasavvur qila olasizmi? (Yerm. 36:8–10) Yahudo beklari Borux nima qilganini eshitgach, ularga ham bitikda yozilganlarni ovoz chiqarib o‘qib berishni buyurishdi. (Yerm. 36:14, 15) Beklar Yeremiyoning aytganlarini shoh Yohayiqimga yetkazishga qaror qilishdi. Ular mulohazakorlik ila yo‘l tutib Boruxga shunday deyishdi: «Bor, yashirin. Sen ham, Yeremiyo ham yashirininglar. Hech kim qayerda ekaningizni bilmasin». (Yerm. 36:16–19) Ha, bu yaxshi maslahat edi!

6. Yeremiyo va Borux qarshilikka duch kelganda qanday yo‘l tutishdi?

6 Yeremiyoning so‘zlarini eshitgach, shoh Yohayiqim shu qadar darg‘azab bo‘ldiki, hatto bitikni yondirib yubordi hamda Yeremiyo va Boruxni hibsga olishni buyurdi. Ammo Yeremiyo qo‘rquvga berilmadi. U boshqa bitikni oldi-da, Boruxga berdi. Yeremiyo «Yohayiqim olovda yondirgan o‘rama bitikdagi barcha so‘zlarni aytib turdi», Borux esa ularni yozdi. (Yerm. 36:26–28, 32)

7. Yeremiyo va Borux o‘zaro hamkorlik qilganida nimalar yuz bergan bo‘lishi mumkin?

7 Qiyinchiliklarni birga yenggan odamlar o‘rtasida ko‘pincha qalin rishtalar paydo bo‘ladi. Yovuz shoh Yohayiqim yo‘q qilgan bitikning o‘rniga boshqasini yozish uchun, Yeremiyo va Borux birgalikda hamkorlik qilib, yaqinroq tanishishganini va do‘stlik rishtalari mustahkamlanganini tasavvur qilsak bo‘ladi. Ushbu sadoqatli ikkita kishining misolidan qanday foyda olishimiz mumkin?

CHIN DILDAN SUHBAT QURISH

8. Qalin do‘stlik rishtalarini rivojlantirishga nima xalaqit qilishi mumkin va nega taslim bo‘lmaslik kerak?

8 O‘tmishda kimdir bizni xafa qilgan yoki ko‘nglimizni qoldirgan bo‘lsa, boshqalarga dilimizdagini aytish qiyin bo‘lishi mumkin. (Hik. 18:19, 24) Yoki yaqin munosabatlarni rivojlantirish uchun vaqtimiz-u kuchimiz yo‘qday tuyulayotgandir. Ammo taslim bo‘lmaslik kerak. Og‘ir damlarda imondoshlarimiz yonimizda bo‘lishini istasak, hozirdan ular bilan fikrimiz-u tuyg‘ularimizni bo‘lishishga o‘rganishimiz kerak. Chin do‘st bo‘lish uchun bu muhim qadam. (1 Butr. 1:22)

9. a) Iso do‘stlariga ishonganini qanday ko‘rsatgan? b) Qay yo‘sin ochiq suhbat qurish boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlaringizni mustahkamlashi mumkin? Misol keltiring.

9 Iso do‘stlari bilan ochiq suhbat qurib, ularga ishonishini ko‘rsatgan. (Yuhan. 15:15) Xursandchiligimiz, tashvishlarimiz va ko‘nglimizni tushirgan vaziyatlar haqida boshqalar bilan bo‘lishib, unga taqlid qila olamiz. Kimdir sizga biron nima aytib bersa, uni diqqat ila tinglang. Ehtimol, shunda ko‘p fikr, tuyg‘u va maqsadlaringiz o‘xshash ekanini payqarsiz. Yoshi 20 dan oshgan Sindi ismli imondoshimizning misoliga diqqat qarataylik. U 60 dan oshgan Mari-Luiz ismli kashshof opamiz bilan do‘stlashib qoldi. Sindi va Mari-Luiz har payshanba ertalab birga va’zgo‘ylik xizmatiga chiqishadi va turli mavzular borasida o‘zaro bemalol suhbat qurishadi. Sindi shunday dedi: «Do‘stlarim bilan chuqur suhbatlar qurishni yoqtiraman. Bu ularni yaxshiroq bilib olishimga yordam beradi». Do‘stlaringiz bilan o‘z his-tuyg‘ularingizni bo‘lishsangiz va ularni tinglasangiz, do‘stlik rishtalaringiz mustahkamlanadi. Sindi kabi boshqalar bilan ochiq va dildan suhbat qurish uchun tashabbus ko‘rsatsangiz, ular bilan bo‘lgan munosabatlaringiz qalinlashishi mumkin. (Hik. 27:9)

BIRGALIKDA MEHNAT QILING

Yaxshi do‘stlar xizmatda hamkorlik qiladi (10-xatboshiga qarang.)

10. Hikmatlar 27:17 ga binoan, imondoshlar bilan hamkorlik qilganda qanday natijalarga erishamiz?

10 Yeremiyo va Boruxning vaziyatida bo‘lganidek, imondoshlar bilan hamkorlik qilganda, ularning yaxshi fazilatlarini ko‘ramiz, ulardan o‘rganamiz va munosabatlarimiz qalinlashadi. (Hikmatlar 27:17 ni o‘qing.) Masalan, xizmatda do‘stingiz e’tiqodini jasurlik ila himoya qilganda yoki Yahova hamda Uning va’dalari to‘g‘risida chin dildan aytib berganida nima his etasiz? Ehtimol, unga bo‘lgan sevgingiz yanada oshadi.

11–12. Xizmatda hamkorlik qilish do‘stlik rishtalarini mustahkamlashini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

11 Xizmatda hamkorlik qilish insonlarni bir-biriga yaqinlashtirishini ko‘rsatuvchi ikkita misolga diqqat qarataylik. 23 yoshli Adelayn ismli imondoshimiz do‘stlaridan biriga — Kandisga kamdan-kam va’z qilinadigan hududda birga hamkorlik qilishni taklif qildi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Yanada g‘ayrat bilan va’z qilishni va xizmatdan ko‘proq quvonch topishni istagandik. Ikkalamiz ham ma’naviy daldaga muhtoj edik». Birga hamkorlik qilishdan ular qanday foyda oldi? «Kun oxirida his-tuyg‘ularimizni, qurgan suhbatlarimizdan qalbimizga nima ta’sir qilganini va xizmatda Yahova bizni qanday yo‘naltirganini bo‘lishardik,— dedi Adelayn,— Ikkovimiz ham bunday suhbatlardan zavq olardik va yaqindan tanishardik».

12 Fransiyalik turmush qurmagan ikkita imondoshimiz Layla va Marianna Markaziy Afrika Respublikasining gavjum poytaxti Bangida besh hafta xizmat qildi. Layla shunday eslaydi: «Marianna bilan qiyinchiliklarga duch keldik, lekin yaxshi suhbat va samimiy sevgi tufayli do‘stligimiz qalinlashdi. Marianna moslashuvchan ekanini, mahalliy xalqni sevishini va xizmatdagi g‘ayratini ko‘rganim sayin, unga bo‘lgan hurmatim oshdi». Bunday foyda olish uchun boshqa mamlakatga ko‘chishga majbur emassiz. Har safar hududingizdagi birodar yoki opa-singil bilan hamkorlik qilganda, ular bilan yaqinroq tanishish va do‘stlik rishtalaringizni mustahkamlash imkoniga egasiz.

DO‘STLARINGIZNING FAZILATLARIGA DIQQAT QARATIB, KECHIRIMLI BO‘LING

13. Do‘stlar bilan hamkorlik qilganda, qanday qiyinchilikka duch kelishimiz mumkin?

13 Gohida do‘stlar bilan yaqindan hamkorlik qilganda, nafaqat kuchli tomonlarini, balki zaifliklarini ham bilib olamiz. Bu qiyinchilikni yengishimizga nima yordam berishi mumkin? Keling, yana Yeremiyoning misoliga qaytaylik. Boshqalarning yaxshi taraflariga diqqat qaratib, xatolarini kechirishga unga nima yordam bergan?

14. Yeremiyo Yahova haqida nimani bilib olgan va bu unga qanday yordam bergan?

14 Yeremiyo Muqaddas Yozuvlardagi uning ismi bilan atalgan kitobni hamda ehtimol, Shohlar tarixi uchinchi va to‘rtinchi kitoblarni ham yozgan. Bu vazifa unga Yahova nomukammal odamlarga qanchalar mehr-shafqatli ekanini ko‘rishga yordam bergani shubhasiz. Masalan, Axab qilmishlaridan tavba qilganida, Yahova u tirikligida xonadonidagilarining hech biriga falokat keltirmasligini aytganini Yeremiyo bilgan. (3 Shoh. 21:27–29) Shunga o‘xshab, Yeremiyo Manashe Axabdan ham battar yovuz ishlar qilib, Yahovani ranjitganidan xabardor edi. Lekin shunda ham Yahova Manasheni kechirdi, boisi u tavba qilgan edi. (4 Shoh. 21:16, 17; 2 Sol. 33:10–13) Bu voqealar Yeremiyoga yaqin do‘stlari bilan munosabat qilganida, Xudoning sabri-yu mehr-shafqatiga taqlid qilishga yordam bergandir. (Zab. 103:8, 9)

15. Borux vazifasidan chalg‘iganida, Yeremiyo Yahovaning sabriga qanday taqlid qilgan?

15 Borux bir oz vaqtga vazifasidan chalg‘iganida, Yeremiyo u bilan qanday munosabat qilganiga diqqat qarating. U do‘stini shu zahoti tashlab ketmadi, aksincha, unga Xudoning mehr ila, lekin ochiqchasiga berilgan xabarini aytdi. (Yerm. 45:1–5) Bu voqeadan qanday saboq olyapmiz?

Yaxshi do‘stlar bir-birini chin dildan kechiradi (16-xatboshiga qarang.)

16. Hikmatlar 17:9 da keltirilganiday, do‘stlik rishtalarini mustahkam saqlash uchun nima qilishimiz kerak?

16 Ochig‘ini aytganda, birodar-u opa-singillardan mukammallikni kuta olmaymiz. Shu bois, kim bilandir yaqin do‘st tutinsak, bu rishtalar mustahkamlanishi uchun jon kuydirish kerak. Do‘stimiz xatoga yo‘l qo‘ysa, mehr ila, ammo ochiqchasiga Xudoning Kalomiga asoslangan maslahat berishimizga to‘g‘ri kelar. (Zab. 141:5) Agar bizni xafa qilishsa, kechirishimiz kerak. Kechirgach esa, xafagarchiliklarni yana eslash vasvasasidan qochishimiz zarur. (Hikmatlar 17:9 ni o‘qing.) Ha, ushbu og‘ir paytlarda imondoshlarimizning zaif emas, balki kuchli taraflariga diqqat qaratishimiz juda muhim! Shunday yo‘l tutib, ular bilan bo‘lgan munosabatlarimizni mustahkamlaymiz. Axir buyuk musibat paytida yaqin do‘stlarga muhtoj bo‘lamiz.

MEHR-SADOQAT KO‘RSATING

17. Yeremiyo og‘ir paytda chin do‘st ekanini qanday isbotladi?

17 Yeremiyo payg‘ambar og‘ir paytlarda chin do‘st ekanini isbotladi. Misol uchun, saroy amaldori Obidmalek Yeremiyoni sardobadagi balchiqda o‘lib ketishdan qutqargan, lekin bu ishi uchun beklar unga zarar yetkazishidan qo‘rqqan. Yeremiyo bundan xabar topgach, do‘stim o‘z muammosini o‘zi hal qiladi, deb qo‘l qovushtirib o‘tirmagan. Garchi o‘zi qamab qo‘yilgan bo‘lsa-da, do‘sti Obidmalek bilan Yahovaning tasalli baxsh etuvchi va’dalarini bo‘lishib, qo‘lidan kelganini qilgan. (Yerm. 38:7–13; 39:15–18)

Yaxshi do‘stlar muhtoj bo‘lgan birodar-u opa-singillariga yordam qo‘lini cho‘zadi (18-xatboshiga qarang.)

18. Hikmatlar 17:17 ga ko‘ra, do‘stimiz qiyinchiliklarga duch kelganida, nima qilishimiz kerak?

18 Bugungi kunda birodar-u opa-singillarimiz turli qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti. Masalan, ba’zilar tabiiy yoki insonlarning o‘zi sababchi bo‘layotgan ofatlardan azob chekadi. Bunday voqealar yuz berganida, ayrimlarimiz bu do‘stlarimizni uylarimizga taklif qila olarmiz. Boshqalarimiz esa moddiy tarafdan yordam berishimiz mumkin. Lekin birodar-u opa-singillarga ko‘maklashish uchun barchamiz Yahovadan yordam so‘rasak bo‘ladi. Birodar yoki opa-singlimiz tushkunlikda ekanidan xabar topganimizda, nima deyishni yoki qanday yo‘l tutishni bilmasmiz. Ammo yordam berish barchamizning qo‘limizdan keladi. Masalan, do‘stimiz uchun vaqt ajratishimiz mumkin. U biron nima bilan bo‘lishganda, uni hamdardlik ila tinglarmiz. Shuningdek, u bilan dalda baxsh etuvchi sevimli oyatimizni bo‘lishsak bo‘ladi. (Ishayo 50:4) Eng asosiysi, do‘stlaringiz sizga muhtoj bo‘lganida ularning yonida bo‘lishdir. (Hikmatlar 17:17 ni o‘qing.)

19. Hozirdanoq do‘stlik rishtalarini mustahkamlash kelajakda qanday yordam beradi?

19 Hozirdanoq birodar-u opa-singillar bilan bo‘lgan munosabatlarimizni mustahkamlash qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak. Nega? Chunki dushmanlar yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumot orqali oramizda bo‘linishlar yaratishga intiladi. Ular imondoshlarimizga ishonmasligimiz va ularni qo‘llab-quvvatlamasligimiz uchun harakat qiladi. Ammo ularning harakatlari puchga chiqadi. Ular sevgi rishtalarimizni uza olmaydi. Do‘stlik rishtalarimizga hech narsa putur yetkaza olmaydi. Darvoqe, bu do‘stlik nafaqat ushbu zamonada, balki abadiy davom etadi!

24-QO‘SHIQ Yahovaning tog‘iga keling

^ 5- x.b. Oxirat yaqinlashar ekan, barchamiz imondoshlar bilan bo‘lgan munosabatlarimizni mustahkamlashimiz kerak. Bu maqolada Yeremiyoning misolidan nimani o‘rganish mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, hozirdan qalin do‘stlik rishtalarini rivojlantirish qiyinchiliklarda qanday yordam berishiga diqqat qaratamiz.

^ 2- x.b. Yeremiyo kitobidagi voqealar davriy tartibda yozilmagan.

^ 57- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. «Buyuk musibat» paytida vaziyat qanday bo‘lishi mumkinligi tasvirlangan. Bir nechta birodar-u opa-singillar chordoqda yig‘ilgan. Ular do‘st bo‘lgani tufayli bir-biriga dalda bera olyapti.O‘sha birodar-u opa-singillar buyuk musibat kelishidan avval qalin do‘stlik rishtalarini rivojlantirgan.