Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45-TADQIQ MAQOLASI

Muqaddas ruh bizga qanday qilib ko‘maklashadi?

Muqaddas ruh bizga qanday qilib ko‘maklashadi?

Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman. FILIP. 4:13

104-QO‘SHIQ Allohning muqaddas ruh hadyasi

BU MAQOLADA *

1–2. a) Qiyinchiliklarimizda har kuni bardoshli bo‘lishimizga nima yordam beryapti? Tushuntiring. b) Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

«DUCH KELGAN qiyinchiligimni eslaydigan bo‘lsam, uni yolg‘iz o‘zim yenga olmagan bo‘lardim, deb o‘ylayman». Sizga ham shu kabi fikr kelganmi? Ha, ko‘pchiligimiz shunday deb o‘ylaymiz. Ehtimol, jiddiy kasallikka yo‘liqqandirsiz yoki yaqiningiz hayotdan ko‘z yumgandir, hozir esa buni qanday yenga olganman deb o‘ylayotgandirsiz. Ortga qarab, har kuni faqat Yahova «insonlarnikidan ustun turgan kuch», ya’ni muqaddas ruh berayotgani uchun muammolarni yenga olganingizni tushunasiz. (2 Kor. 4:7–9)

2 Bu yovuz dunyoning ta’siriga qarshi tura olishimiz uchun ham muqaddas ruhning yordamiga muhtojmiz. (1 Yuhan. 5:19) Buning ustiga, «yovuz ruhlar»ga qarshi kurashish uchun bizga muqaddas ruh kerak. (Efes. 6:12) Bu maqolada barcha muammolarimizda muqaddas ruh yordam bera olishining ikkita yo‘lini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, uning to‘liq foydasini ko‘rish uchun biz qanday yo‘l tutishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

MUQADDAS RUH BIZGA KUCH ATO ETADI

3. Yahova qiyinchiliklarimizda bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashadigan yo‘llaridan biri qanday?

3 Yahovaning muqaddas ruhi bizga kuch-qudrat ato etib, qiyinchiliklarimizga qaramay vazifalarimizni bajarishga ko‘maklashyapti. Havoriy Pavlus «Masihning qudrati»ga tayangani uchun qiyinchiliklar girdobida ham Xudoga xizmat qila olgan. (2 Kor. 12:9) Ikkinchi va’zgo‘ylik safarida u nafaqat xushxabarni va’z qilishga harakat qilgan, balki xarajatlarini qoplash uchun mehnat qilgan. U Korinfda Akila va Priskillaning uyida yashardi. Bu juftlik chodirlar tikardi. Pavlus ham chodir tikishni bilgani uchun, bir necha kun ular bilan bu ishda qatnashardi. (Havor. 18:1–4) Muqaddas ruh unga ham ishlashga, ham xizmat qilishga kuch berardi.

4. Korinfliklarga ikkinchi maktub 12:7b–9 ga ko‘ra, Pavlus qanday qiyinchilikka duch kelgan?

4 Korinfliklarga ikkinchi maktub 12:7b–9 ni o‘qing. Ushbu oyatlarga ko‘ra, Pavlus badanidagi tikan haqida aytganda, nimani nazarda tutgan? Tasavvur qiling, agar badaningizga tikan kirib qolsa, bu sizga ancha azob keltiradi. Demak, Pavlus shaxsan unga azob keltirayotgan qiyinchilikni nazarda tutgan. U bu qiyinchilik haqida: «Shaytonning farishtasidek meni qiynab turadigan bir dard berildi»,— degan. Ehtimol, Shayton yoki uning jinlari Pavlusning badaniga go‘yo tikan sanchib, u duch kelgan qiyinchiliklarning sababchisi bo‘lishmagandir. Lekin bu yovuz ruhlar o‘sha «tikanni» ko‘rib, uni yanada chuqurroq kirgizishga intilishgandir, ya’ni Pavlusning azob-uqubatini kuchaytirishgandir. Qiziq, Pavlus nima qilgan?

5. Yahova Pavlusning ibodatlariga qanday javob bergan?

5 Avvaliga Pavlus o‘sha «tikandan» qutulmoqchi edi. U: «Bundan qutulish uchun Rabbimga [Yahovaga] uch marta yolvordim»,— deb aytgan. Ammo ibodatlariga qaramay, u tikandan qutulmagan. Xo‘sh, Yahova uning ibodatlariga javob bermagan deb ayta olamizmi? Aslo. U Pavlusga javob bergan. Yahova uning muammosini bartaraf qilmagan, biroq uni yengish uchun unga kuch ato etgan. Yahova shunday degan: «Mening qudratim zaif bo‘lganingda kamol topadi». (2 Kor. 12:8, 9) Xudoning ko‘magi bilan Pavlus quvonchini saqlab, xotirjam bo‘lib qolgan. (Filip. 4:4–7)

6. a) Yahova ibodatlarimizga qanday javob berishi mumkin? b) Xatboshida keltirilgan oyatlardagi qaysi va’dalar sizga kuch ato etmoqda?

6 Pavlus kabi qiyinchiligingizdan qutulishni Yahovadan yolvorib so‘raganmisiz? Agar muammoingiz borasida sidqidildan ibodat qilsangiz-da, u davom etgan yoki hatto undan ham battar bo‘lib ketgan bo‘lsa, Yahova mendan rozimikan deb tashvishlanganmisiz? Unday bo‘lsa, Pavlusning misoli yodingizda bo‘lsin. U bilan bo‘lganiday, Yahova sizning ham ibodatlaringizga albatta javob beradi! Yahova muammoni bartaraf etmasligi mumkin. Ammo U muqaddas ruh orqali qiyinchiligingizni yengishga kerakli bo‘ladigan kuchni beradi. (Zab. 61:3, 4) Ha, qulashingiz mumkin, lekin Yahova sizni tashlab qo‘ymaydi. (2 Kor. 4:8, 9; Filip. 4:13)

MUQADDAS RUH OLG‘A INTILISHGA KO‘MAKLASHADI

7–8. a) Muqaddas ruhni qaysi ma’noda shamol bilan taqqoslash mumkin? b) Butrus muqaddas ruhning ta’sirini qanday tushuntirgan?

7 Muqaddas ruh yana qanday qilib yordam beradi? Muqaddas ruhni shamol bilan taqqoslashimiz mumkin. Masalan, kema hatto dengizda bo‘ron bo‘layotganda, shamolning esishi bilan to‘g‘ri yo‘nalishda suzib, manzilga xavfsiz yeta oladi. Shu kabi, muqaddas ruh qiyinchiliklarimizga qaramay, Xudo va’da qilgan yangi dunyoga yetgunimizga qadar Unga xizmat qilishimizga yordam beradi.

8 Havoriy Butrus baliqchi bo‘lgani uchun kemalar haqida anchagina ma’lumotga ega edi. Shuning uchun ham u muqaddas ruhning ta’sirini tushuntirganda, kemalar bilan bog‘liq fikrlarni aytgandir. U shunday yozgan: «Bashorat hech qachon insonning xohishi bo‘yicha aytilmagan. Aksincha, odamlar muqaddas ruh boshqaruvi bilan Allohning fikrlarini gapirishgan». (2 Butr. 1:21)

9. Butrus «boshqaruv» so‘zini qo‘llaganda, odamlarning ko‘z o‘ngida qanday tasvir gavdalanishini xohlagan?

9 «Boshqaruv» so‘zini eshitganingizda, ko‘z o‘ngingizda qanday tasvir gavdalanyapti? Luqo Havoriylar kitobida kema shamol esgan tomonga suzib ketayotgani haqida yozganda, Butrus qo‘llagan o‘sha yunoncha so‘zni qo‘llagan. (Havor. 27:15) Bir ilohiyotshunosning aytishicha, Butrus Muqaddas Kitobni yozgan kishilarni muqaddas ruh «boshqargan» deganda, kemalar bilan bog‘liq iboradan foydalangan. Darhaqiqat, Butrus kema manzilga yetib borishi uchun shamol uni boshqarganday, Muqaddas Kitobni yozgan kishilarni ham ular o‘z vazifasini bajara olishi uchun muqaddas ruh ularni boshqargan deb aytgan. O‘sha ilohiyotshunos shuningdek, Muqaddas Kitobni yozgan kishilarni «yelkanlarini yozgan» kemalarga o‘xshatgan. Ular muqaddas ruhning boshqaruvi bilan vazifasini ado etishga tayyor edi. Yahova O‘z ishini bajardi. U «shamolni», ya’ni muqaddas ruhni berdi. Muqaddas Kitobni yozgan kishilar ularga topshirilgan vazifani bajarishdi. Ular muqaddas ruhning boshqaruviga muvofiq yo‘l tutishdi.

1-QADAM: ma’naviy ishlarni muntazam ravishda bajaring

2-QADAM: ma’naviy ishlarni eng a’lo qobiliyatingizni ishga solib qiling (11-xatboshiga qarang.) *

10–11. Muqaddas ruh bizni boshqarayotganiga amin bo‘lish uchun qaysi ikkita narsani qilishimiz kerak? Misol keltiring.

10 To‘g‘ri, bugungi kunda muqaddas ruh boshqaruvi bilan kitoblar yozilmayapti. Lekin Yahova O‘z xizmatchilarini yo‘naltirish uchun muqaddas ruhidan foydalanyapti. Xudo hanuzgacha O‘z ishini bajaryapti. Ammo muqaddas ruh bizni yo‘naltirayotganiga qay yo‘sin amin bo‘lishimiz mumkin? Bizga topshirilgan vazifani bajarishda davom etayotganimizga ishonch hosil qilishimiz lozim. Buni qanday qila olamiz?

11 Bir misol borasida fikr yuritib ko‘ring. Kemachi shamol foyda keltirishi uchun ikkita narsani qilishi kerak. Birinchidan, u kemani shamol esayotgan joyga olib boradi. Chunki kema sohildan uzoqlashib, shamol esayotgan joyga bormasa, oldinga suza olmaydi. Ikkinchidan, kemachi yelkanlarni ko‘tarib, ularni imkon boricha kengroq yozishi kerak. Shamol esgan taqdirda ham, kemachi yelkanlarni shamol tomonga to‘g‘ri qaratibgina oldinga qarab suza oladi. Shu singari, muqaddas ruhning yordamiga ega bo‘libgina xizmatimizni davom ettira olamiz. Muqaddas ruhning foydasini ko‘rish uchun ikkita narsani qilishimiz lozim. Birinchidan, ma’naviy ishlarni muqaddas ruhning ta’siri ostida bajarib, u ko‘rsatayotgan yo‘l tomonga yurishimiz darkor. Ikkinchidan, ushbu ishlarda eng a’lo qobiliyatlarimizdan foydalangan holda to‘liq qatnashish orqali «yelkanlarimizni yozishimiz» kerak. (Zab. 119:32) Bularni qilsak, muqaddas ruh qarshiliklar-u qiyinchiliklar to‘lqinlaridan o‘tishimizga va Xudoning yangi dunyosigacha sadoqat ila Unga xizmat qilishimizga yordam beradi.

12. Hozir nimaga diqqat qaratamiz?

12 Ko‘rib turganimizday, muqaddas ruh bizga ikkita yo‘l orqali yordam beradi. Muqaddas ruh bizga kuch ato etib, qiyinchiliklar to‘lqinlarida sadoqatli qolishimizga ko‘maklashadi. Shuningdek, u olg‘a intilishimizga va abadiy hayot yo‘lida qolishimizga yordam beradi. Endi, keling, muqaddas ruhning ta’siridan to‘liq foyda olish uchun qilishimiz kerak bo‘lgan to‘rtta narsaga diqqat qarataylik.

QANDAY QILIB MUQADDAS RUHNING TA’SIRIDAN TO‘LIQ FOYDA OLISHIMIZ MUMKIN?

13. Timo‘tiyga ikkinchi maktub 3:16, 17 ga binoan, Xudoning Kalomi bizga qanday foyda keltirishi mumkin, ammo bizdan nima kutiladi?

13 Birinchidan, Xudoning Kalomini tadqiq qiling. (2 Timo‘tiyga 3:16, 17 ni o‘qing.) Yunonchadan tarjima qilingan «Xudo tomonidan ilhomlantirilgan» iborasi tom ma’noda «Xudo puflagan» deganidir. Alloh muqaddas ruhidan foydalanib, Muqaddas Kitobni yozgan kishilarning ongiga O‘z fikrlarini «puflagan». Muqaddas Kitobni o‘qiganimizda va bilib olganlarimiz ustida fikr yuritganimizda, Xudoning yo‘l-yo‘riqlari ongimiz-u qalbimizga kirib boradi. Ushbu ilhomlantirilgan fikrlar Xudoning irodasiga muvofiq hayot kechirishimizga turtki bo‘lib turadi. (Ibron. 4:12) Lekin muqaddas ruhning ta’siridan to‘liq foyda olishni xohlasak, Muqaddas Kitobni muntazam ravishda tadqiq qilib, ustida yaxshilab mulohaza yuritish uchun vaqt ajratishimiz kerak. O‘shanda Xudoning Kalomi barcha so‘zlarimiz-u ishlarimizga ta’sir qiladi.

14. a) Nega jamoat uchrashuvlarimizni «shamol esgan» joy deb ayta olamiz? b) Muqaddas ruhning ta’siridan to‘liq foyda olishimizga bizga nima yordam beradi?

14 Ikkinchidan, Allohga birgalikda topinish. (Zab. 22:22) Jamoat uchrashuvlarimizni «shamol esgan» joy deb aytsak bo‘ladi. U yerda Yahovaning ruhi bor. (Vah. 2:29) Nega bunday deb ayta olamiz? Sababi, topinish uchun birodar-u opa-singillarimiz bilan yig‘ilganimizda, muqaddas ruhni so‘rab ibodat qilamiz, Xudoning Kalomi asosidagi hamd-u sano qo‘shiqlarini kuylaymiz va muqaddas ruh orqali tayinlangan birodarlar tomonidan berilgan Muqaddas Kitobga asoslangan yo‘l-yo‘riqlarni tinglaymiz. O‘sha-o‘sha muqaddas ruh opa-singillarimizga tayyorgarlik ko‘rishga hamda vazifalarini bajarishga yordam beradi. Biroq muqaddas ruhning ta’siridan to‘liq foyda olishni xohlasak, uchrashuvlarda qatnashish uchun sharhlar tayyorlab kelishimiz kerak. Shu yo‘sin, yig‘ilishda bo‘lganimizda, xuddi yelkanlari yozilgan kemalarday muqaddas ruhni olishga tayyor bo‘lamiz.

15. Muqaddas ruh va’zgo‘ylikda qanday yordam beradi?

15 Uchinchidan, va’zgo‘ylik xizmatida qatnashing. Va’zgo‘ylik hamda ta’lim berish faoliyatida Muqaddas Kitobdan foydalanganimizda, muqaddas ruh xizmatimizda yordam berishiga yo‘l qo‘yamiz. (Rim. 15:18, 19) Muqaddas ruhning ta’siridan to‘liq foyda olish uchun, muntazam ravishda va’z qilib, imkon tug‘ilganda Xudoning Kalomidan foydalanishingiz kerak. Xizmatingizni yanada samarali qilishning usullaridan biri, «Ta’lim dasturi»dagi taxminiy suhbatlarni qo‘llashdan iborat.

16. Muqaddas ruhga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ega bo‘lishni istasak nima qilishimiz kerak?

16 To‘rtinchidan, Yahovaga ibodat qiling. (Mat. 7:7–11; Luqo 11:13) Muqaddas ruhga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ega bo‘lishni xohlasak, uni ibodatda Yahovadan so‘rashimiz kerak. Yahovaga bu haqda ibodat qilishimizga yoki bu ruhga ega bo‘lishimizga hech narsa — qamoq ham va hatto Shayton ham to‘sqinlik qila olmaydi. (Yoqb. 1:17) Muqaddas ruhning ta’siridan to‘liq foyda olish uchun, qanday ibodat qilishimiz kerak? Bu savolga javob topish uchun, keling, ibodat mavzusini faqat Luqo bayon etgan xushxabarda tilga olingan misol yordamida batafsil ko‘rib chiqaylik *.

QAYTA-QAYTA IBODAT QILING

17. Luqo 11:5–9, 13 dagi Isoning misolidan ibodat borasida qanday saboq olishimiz mumkin?

17 Luqo 11:5–9, 13 ni o‘qing. Isoning misolidan muqaddas ruhni qanday so‘rashimiz kerakligini bilib olyapmiz. Misoldagi kishi «qayta-qayta so‘rayvergani tufayli» kerak bo‘lgan narsasini oldi. U og‘aynisinikiga hatto yarim kechada ham kelib, yordam so‘rashdan qo‘rqmagan *. Qiziq, bu misol ibodat mavzusi bilan qanday bog‘liq? Iso shunday degan: «So‘rab turinglar va sizlarga beriladi, izlab turinglar va topasizlar, taqillatib turinglar va sizlarga eshik ochiladi». Xo‘sh, qanday saboq olyapmiz? Muqaddas ruhning yordamini olish uchun, uni qayta-qayta so‘rab ibodat qilishimiz kerak.

18. Isoning misoliga ko‘ra, nega Yahova bizga muqaddas ruh berishiga ishonishimiz mumkin?

18 Isoning misolidan shuningdek, Yahova bizga muqaddas ruhini berishiga nega ishonishimiz mumkinligini ko‘ryapmiz. Misoldagi kishi yaxshi mezbon bo‘lishni istagan. Yarim kechada unikiga kelgan do‘stiga biron yegulik tortiq etmoqchi bo‘ladi, lekin hech nimasi yo‘q edi. Iso o‘sha kishi qo‘shnisidan qayta-qayta non so‘rayvergani uchun, non olganini aytgan. Iso bu bilan nima demoqchi edi? Agar nomukammal inson undan qayta-qayta so‘ragan kishiga yordam berishga tayyor bo‘lgan bo‘lsa, unda mehribon samoviy Otamizda Undan qayta-qayta muqaddas ruhni so‘raganlarga yordam berish istagi bundan ham ko‘proq! Shu bois, Yahova biz Undan muqaddas ruh so‘rab qilgan iltijolarimizga javob berishiga amin bo‘lib ibodat qilishimiz mumkin. (Zab. 10:17; 66:19)

19. Nega qiyinchiliklarimizni yenga olishimizga ishonamiz?

19 Shunga ishonishimiz mumkinki, hatto Shayton hujumlarini to‘xtatmasa ham qiyinchiliklarimizni yenga olamiz. Nima uchun? Chunki muqaddas ruh bizga ikkita yo‘l orqali ko‘maklashadi. Birinchidan, u qiyinchiliklarimizda bardoshli bo‘lishimiz uchun kuch beradi. Ikkinchidan, bu kuch Xudoning yangi dunyosigacha Unga xizmat qilishimiz uchun olg‘a intilishimizga yordam beradi. Shunday ekan, keling, muqaddas ruhning ta’siridan to‘liq foyda olish qarorimiz qat’iy bo‘lsin!

41-QO‘SHIQ Yo Rab, qabul et duomni

^ 5- x.b. Ushbu maqoladan Xudoning muqaddas ruhi qiyinchiliklarimizni yengishimizga qanday yordam bera olishini bilib olamiz. Shuningdek, muqaddas ruhning to‘liq foydasini ko‘rish uchun nima qilishimiz mumkinligi haqida gap yuritiladi.

^ 16- x.b. Injil yozuvchilari orasida Isoning hayotida ibodat muhim ahamiyatga ega bo‘lganini eng ko‘p Luqo ta’kidlagan. (Luqo 3:21; 5:16; 6:12; 9:18, 28, 29; 18:1; 22:41, 44)

^ 17- x.b. «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi»ning 2018-yil, iyul sonidagi «Qayta-qayta so‘rayvergani» nomli tadqiq uchun ma’lumotga qarang.

^ 60- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. 1-QADAM. Imondoshlarimiz Yig‘ilish zaliga keldi. Ular boshqalar bilan birga Yahovaning ruhi bor bo‘lgan joyda topinishyapti. 2-QADAM. Imondoshlarimiz yig‘ilishda ishtirok etish uchun tayyor. Ushbu ikkita qadam mazkur maqolada tilga olingan boshqa faoliyatlarga ham taalluqli: Xudoning Kalomini tadqiq qilish, va’zgo‘ylik faoliyatida qatnashish va Yahovaga ibodat qilish.