Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-TADQIQ MAQOLASI

Yahova bizni qattiq sevadigan Otamizdir

Yahova bizni qattiq sevadigan Otamizdir

Sizlar esa shunday ibodat qilinglar: «Osmondagi Otamiz». MAT. 6:9

135-QO‘SHIQ Yahova mehr ila chorlar: «O‘g‘lim, dono bo‘l»

BU MAQOLADA *

1. Fors shohiga murojaat qilmoqchi bo‘lgan inson nima qilishi kerak edi?

TASAVVUR QILING, taxminan 2 500 yil muqaddam Fors imperiyasida yashayapsiz. Siz bir masala bo‘yicha yurt shohiga murojaat qilmoqchisiz. Shu sababli shoh yashaydigan Shushan shahriga yo‘l oldingiz. Ammo shohga murojaat qilishdan avval uning ruxsatini olishingiz kerak. Aks holda hayotingizdan mahrum bo‘lasiz! (Est. 4:11)

2. Yahova Unga murojaat qilganimizda nimani his qilishimizni istaydi?

2 Yahova Fors shohiga o‘xshamagani uchun naqadar minnatdormiz! Yahova har qanday insoniy hukmdordan anchayin yuksak bo‘lsa ham, istagan paytimizda Unga murojaat qilishimiz mumkin. Xudo Unga bemalol murojaat qilishimizni xohlaydi. Garchi Yahova Ulug‘ Parvardigor, Qodir Xudo va Oliy Hukmdor kabi yuksak unvonlarga ega bo‘lsa ham, biz o‘zimizga tanish bo‘lgan «Ota» unvonini qo‘llab Unga murojaat qilishga taklif etilyapmiz. (Mat. 6:9) O‘zimizni Unga juda yaqin tutishimizni istayotganidan baxtiyorlikni his qilamiz.

3. Nega Yahovani «Ota» deb atashimiz mumkin va ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

3 Yahova hayotimiz Manbai ekan, biz Uni haqli ravishda «Ota» deb atashimiz mumkin. (Zab. 36:9) U Otamiz ekan, biz Unga bo‘ysunish mas’uliyatiga egamiz. U bizdan so‘ragan narsani qilganimizda ajoyib barakalardan bahramand bo‘lamiz. (Ibron. 12:9) Bunday barakalarga osmonda yoki yerda abadiy yashash kiradi. Shuningdek, hozirning o‘zidayoq barakalar olyapmiz. Ushbu maqolada Yahova sevuvchi Ota sifatida hozir nimalar qilayotganini va kelajakda ham bizni aslo tark etmasligiga nega amin bo‘lishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Biroq avvaliga samoviy Otamiz sevuvchi va g‘amxo‘r ekaniga bizni nima ishontirayotganini bilib olamiz.

YAHOVA SEVUVCHI VA G‘AMXO‘R OTA

Ota bolalariga yaqin bo‘lishni xohlaganidek, Yahova ham bizga yaqin bo‘lishni istaydi (4-xatboshiga qarang.)

4. Nega ba’zilarga Xudoni Ota sifatida qabul qilish qiyin?

4 Xudoni Ota sifatida qabul qilish sizga qiyinmi? Ayrimlar Yahova shunchalik buyukki, biz U uchun muhim emasmiz, deb o‘ylaydi. Qodir Xudo shaxsan ular bilan ishi yo‘q deb shubha qiladi. Lekin sevuvchi Otamiz bunday fikrga borishimizni istamaydi. U bizga hayot ato etdi va biz bilan munosabatga ega bo‘lishni istaydi. Mazkur haqiqatni havoriy Pavlus ham ta’kidlab o‘tgach, Afinadagi tinglovchilariga Yahova «har birimizga yaqin» ekanini tushuntirgan. (Havor. 17:24–29) Bola sevuvchi va g‘amxo‘r ota-onasiga murojaat qilgandek, Xudo ham har birimiz Unga shunday murojaat qilishimizni istaydi.

5. Bir opamizning misolidan nimani o‘rganyapmiz?

5 Ayrimlar oilada otasidan ozgina yoki umuman sevgi va mehr ko‘rmagani uchun Yahovani o‘z Otasi sifatida qabul qilishi qiyin kechadi. Bir opamizning so‘zlariga e’tibor bering: «Otam meni qattiq haqoratlardi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganimda, o‘zimni samoviy Otamga yaqin his qilish menga qiyin bo‘lgan. Ammo Yahovani tanib-bilganimdan keyin, hammasi o‘zgardi». Bu tuyg‘ular sizga tanishmi? Unda ruhingiz tushmasin. Vaqti kelib siz ham Yahova eng yaxshi Ota ekanini his qila olasiz.

6. Matto 11:27 ga ko‘ra, sevuvchi Ota ekanini tushunishimizga Yahova qanday yordam berdi?

6 Yahova turli yo‘llar bilan sevuvchi Ota ekanini tushunishimizga yordam berdi. Masalan, U buni Muqaddas Kitobda yozilgan Isoning so‘zlari va ishlari orqali qildi. (Matto 11:27 ni o‘qing.) Iso Otasining shaxsiyatini mukammal darajada aks ettirgani uchun: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi»,— deb aytgan. (Yuhan. 14:9) Yahova Ota sifatida O‘z vazifasini bajargani haqida Iso tez-tez gapirib turgan. To‘rtta Injil bayonotining o‘zida Iso Yahovaga ishora qilib taxminan 200 marta «Ota» so‘zini ishlatgan. Nega Iso Yahova haqida bunchalik ko‘p gapirgan? Sabablaridan biri odamlarni Yahova sevuvchi Ota ekaniga ishontirish bo‘lgan. (Yuhan. 17:25, 26)

7. Yahova O‘g‘li bilan qanday muomala qilganidan nimani o‘rganyapmiz?

7 Yahova O‘g‘li Iso bilan qay yo‘sin muomala qilganidan nimani bilib olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Yahova hamisha Isoning ibodatlarini eshitgan. U nafaqat ibodatlarini eshitgan, balki ularga javob ham bergan. (Yuhan. 11:41, 42) Qanday sinovlarga duch kelmasin, Iso hamisha Otasining sevgisi va madadini his qilgan. (Luqo 22:42, 43)

8. Yahova Isoni qaysi yo‘llar bilan ta’minlagan?

8 Isoning: «Men Otam orqali yashayapman»,— degan so‘zlaridan U Otasini hayot Manbai va hayotini ta’minlovchi Zot deb tan olganini bilish mumkin. (Yuhan. 6:57) Iso butunlay Otasiga ishongan va Yahova uni hayoti uchun zarur narsalar bilan ta’minlagan. Eng muhimi esa, Yahova Isoga ma’nan g‘amxo‘rlik qilgan. (Mat. 4:4)

9. Yahova sevuvchi va g‘amxo‘rlik qiluvchi Ota ekaniga Isoni qanday ishontirgan?

9 Yahova sevuvchi Ota sifatida Isoni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirgan. (Mat. 26:53; Yuhan. 8:16) Garchi Yahova Isoni barcha zarardan himoyalamagan bo‘lsa-da, sinovlarni yengishiga ko‘maklashgan. Iso esa ko‘radigan har qanday zarari vaqtinchalik ekaniga amin bo‘lgan. (Ibron. 12:2) Isoning ibodatlarini eshitib, hayoti uchun zaruriy narsalar bilan ta’minlab, ta’lim berib va uni qo‘llab-quvvatlab Yahova unga g‘amxo‘rlik qilganini ko‘rsatgan. (Yuhan. 5:20; 8:28) Endi keling, qanday qilib samoviy Otamiz bizga ham xuddi shunday g‘amxo‘rlik qilayotganini bilib olaylik.

SEVUVCHI OTAMIZ BIZGA QANDAY G‘AMXO‘RLIK QILYAPTI?

Sevuvchi ota farzandlarini 1) eshitadi, 2) ta’minlaydi, 3) ta’lim beradi va 4) himoya qiladi. Sevuvchi samoviy Otamiz ham shu kabi bizga g‘amxo‘rlik qiladi (10–15-xatboshilariga qarang.) *

10. Zabur 66:19, 20 ga ko‘ra, Yahova bizni sevishini qanday ko‘rsatyapti?

10 Yahova ibodatlarimizni eshitadi. (Zabur 66:19, 20 ni o‘qing.) U ibodat qilganimizda, o‘zimizga cheklov qo‘yishimizni istamaydi, aksincha, bizni tez-tez ibodat qilishga chorlaydi. (1 Salon. 5:17) Qaerda bo‘lishimizdan qat’i nazar, biz istagan paytimizda ehtirom ila Unga murojaat qilishimiz mumkin. Bizni tinglash uchun U juda band emas; U hamisha tinglashga hozir va ibodatlarimizga diqqatli. Yahova ibodatlarimizni tinglayotganini tushunganimizda Unga nisbatan sevgimiz oshib boradi. Sano bastakori: «Men Yahovani yaxshi ko‘raman, boisi.., U... eshitadi»,— degan. (Zab. 116:1)

11. Yahova ibodatlarimizga qanday javob beradi?

11 Otamiz nafaqat ibodatlarimizni eshitadi, balki ularga javob ham beradi. Havoriy Yuhanno bizni ishontirib shunday degan: «Uning [Xudoning] irodasiga muvofiq nimaiki so‘rasak, U bizni eshitadi». (1 Yuhan. 5:14, 15) Albatta, Yahova ibodatlarimizga biz kutgandek javob bermasligi mumkin. U bizga nima yaxshiroq ekanini bilgani bois, ba’zan yo‘q deb javob berishi yoki kutishimizni istashi mumkin. (2 Kor. 12:7–9)

12–13. Qaysi yo‘llar bilan samoviy Otamiz bizni ta’minlab kelmoqda?

12 Yahova bizni ta’minlaydi. U barcha otalardan talab qilgan narsaga O‘zi ham amal qiladi. (1 Tim. 5:8) U farzandlarining moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qiladi. Biz yegulik, kiyim yoki boshpana haqida tashvishlanishimizni istamaydi. (Mat. 6:32, 33; 7:11) Sevuvchi ota-onaga o‘xshab, Yahova hatto kelajakdagi ehtiyojlarimizni qondirish chorasini ham ko‘rib qo‘ygan.

13 Eng muhimi, Yahova ma’naviy ehtiyojlarimizni qondirib kelmoqda. Kalomi orqali O‘zi, niyati, hayot mazmuni va kelajak to‘g‘risida haqiqatni oshkor etgan. U haqida bilib olishimiz uchun ota-onamiz yoki boshqa kishidan foydalanib bizga haqiqatni o‘rgatganda bizga shaxsan e’tibor qaratdi. Sevuvchi jamoat oqsoqollari va yetuk birodar-u opa-singillar orqali bizga mehr ila yordam berishda davom etmoqda. Bundan tashqari, Yahova jamoat yig‘ilishlari orqali ma’naviy oilamizga va shu qatorda bizga yo‘l-yo‘riq bermoqda. Bu va boshqa yo‘llar bilan Yahova barchamizga otadek qiziqish ko‘rsatmoqda. (Zab. 32:8)

14. Nega Yahova bizga tarbiya beradi va U buni qanday qiladi?

14 Yahova bizga ta’lim beradi. Isodan farqli o‘laroq biz nomukammalmiz. Ta’lim berish jarayonining bir qismi sifatida sevuvchi Otamiz kerak bo‘lganda bizga tarbiya beradi. Uning Kalomida: «Yahova O‘zi sevgan insonga tarbiya beradi»,— degan eslatmani o‘qiymiz. (Ibron. 12:6, 7) Yahova bizga turli yo‘llar bilan tarbiya beradi. Masalan, Kalomidan o‘qiganlarimiz yoki yig‘ilishlarda eshitganlarimiz bizni tuzatadi. Yoxud kerakli yordamni oqsoqollardan olishimiz mumkin. Tarbiya qay tarzda berilmasin, uning ortida hamisha Yahovaning sevgisi turadi. (Yerm. 30:11)

15. Yahova bizni qaysi yo‘llar bilan himoya qilmoqda?

15 Yahova sinovlar paytida bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Qiyin damlarda farzandlarini qo‘llab-quvvatlagan ota singari, samoviy Otamiz ham sinovlar paytida bizga madad beradi. Bizni ma’naviy zarardan himoya qilish maqsadida O‘z muqaddas ruhidan foydalanadi. (Luqo 11:13) U bizni hissiy tomondan ham himoya qiladi. Misol uchun, U bizga ajoyib umid bermoqda. Kelajakka bo‘lgan umid qiyinchiliklarni yengishimizga yordam beradi. Bir o‘ylab ko‘ring, boshimizga qanday kulfatlar tushmasin, sevuvchi Otamiz ko‘rilgan har qanday zararni bartaraf etishga qodir. Biz duch kelayotgan sinovlar vaqtinchalik, biroq Yahovaning barakalari abadiydir. (2 Kor. 4:16–18)

OTAMIZ BIZNI ASLO TARK ETMAYDI

16. Odamato sevuvchi Otasiga itoatsizlik qilganda nima yuz berdi?

16 Yahova bizni sevishini Odamato Unga itoatsizlik qilganda muammolarga qanday munosabat ko‘rsatganidan bilishimiz mumkin. Odamato samoviy Otasiga itoatsizlik qilganda o‘zini ham, farzandlarini ham Yahovaning baxtli oilasidagi o‘rnidan mahrum qildi. (Rim. 5:12; 7:14) Biroq Odamatoning farzandlariga yordam berish uchun Yahova chora ko‘rdi.

17. Odamatoning isyonidan keyin Yahova darhol nima qildi?

17 Yahova Odamatoni jazoladi, biroq uning dunyoga kelmagan avlodlarini umidsiz qoldirmadi. U itoatkor odamlar Uning oilasiga qaytishini darhol va’da qildi. (Ibt. 3:15; Rim. 8:20, 21) Bu va’da amalga oshishi uchun Yahova suyukli O‘g‘li Isoni to‘lov qurbonligi sifatida berdi. O‘z O‘g‘lini biz uchun berib, Yahova bizni qanchalik qattiq sevishini isbotladi. (Yuhan. 3:16)

Yo‘ldan adashib Xudodan uzoqlashsak, biroq tavba qilsak, sevuvchi Otamiz Yahova bizni quchoq ochib kutib olishga tayyor (18-xatboshiga qarang.)

18. Hatto yo‘ldan adashib Undan uzoqlashsak ham, Yahova Uning farzandlari bo‘lishimizni istayotganiga bizni nima ishontiryapti?

18 Nomukammal bo‘lsak-da, Yahova bizni O‘z oilasida ko‘rishni istaydi va hech qachon bizga og‘ir yukdek qaramaydi. Biz Uning umidini puchga chiqarishimiz yoki yo‘ldan adashib Undan uzoqlashishimiz mumkin, biroq Yahova Unga qaytishimizga doim umid qiladi. Yahova farzandlarini qanchalik qattiq sevishini Iso darbadar o‘g‘il haqidagi masalida ko‘rsatgan. (Luqo 15:11–32) Ushbu masaldagi ota o‘g‘li qaytib kelishidan aslo umidini uzmagan. O‘g‘li uyga qaytganida ota quchog‘ini ochib uni kutib olgan. Biz ham yo‘ldan adashib Yahovadan uzoqlashsak, biroq tavba qilsak, sevuvchi Otamiz bizni quchoq ochib kutib olishga tayyor ekaniga ishonchimiz komil bo‘lishi mumkin.

19. Odamato yetkazgan zararni Yahova qanday bartaraf etadi?

19 Odamato yetkazgan barcha zararni Otamiz bartaraf etadi. Odamatoning isyonidan keyin, Yahova O‘g‘li bilan samoda shohlar va ruhoniylar bo‘lib xizmat qilishi uchun insonlar orasidan 144 000 kishini farzandlikka qabul qilishni niyat qilgan edi. Iso va u bilan birga boshqaradiganlar yangi dunyoda itoatkor insoniyatga mukammal bo‘lishga ko‘maklashishadi. Ular yakuniy sinovdan o‘tgach, Xudo ularga abadiy hayotni tuhfa etadi. Yer mukammal o‘g‘il-qizlari bilan to‘la ekanini ko‘rib Otamiz nihoyatda mamnun bo‘ladi. Bu naqadar ajoyib davr bo‘ladi!

20. Yahova bizni qattiq sevishini qanday ko‘rsatmoqda va keyingi maqolada nima haqida gap boradi?

20 Yahova bizni qattiq sevishini ko‘rsatmoqda. U eng yaxshi Otadir. U ibodatlarimizni tinglaydi, bizni moddiy va ma’naviy tomondan ta’minlaydi, bizga ta’lim berib, qo‘llab-quvvatlaydi. Buning ustiga, bizga ajoyib barakalar hozirlab qo‘ygan. Otamiz bizni sevishini va g‘amxo‘rlik qilishini bilish bizni baxtiyor qilyapti! Navbatdagi maqolada biz farzandlar sifatida Uning sevgisiga qanday javob berishimiz haqida gap boradi.

108-qo‘shiq A llohning mehr-sadoqati

^ 5- x.b. Ko‘pincha Yahovani Yaratuvchi va Oliy Hukmdor sifatida bilamiz. Biroq Uni sevuvchi va g‘amxo‘r Ota deb hisoblashimiz uchun talaygina sabablarimiz bor. Ushbu maqolada ayrim sabablarini ko‘rib chiqamiz. Bundan tashqari, Yahova bizni aslo tark etmasligiga ishonch hosil qilamiz.

^ 59- x.b. RASMGA SHARHLAR. Har bir rasmda ota va farzandi tasvirlangan: ota o‘g‘lini diqqat bilan tinglayapti, ota qizining zaruriy ehtiyojini qondiryapti, ota o‘g‘liga ta’lim beryapti va ota o‘g‘liga tasalli beryapti. Suratlar ortida tasvirlangan Yahovaning qo‘li, U bizga ham xuddi shunday g‘amxo‘rlik qilishini eslatadi.