Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-TADQIQ MAQOLASI

Hasad bilan kurashib, tinchlik payida bo‘ling

Hasad bilan kurashib, tinchlik payida bo‘ling

Kelinglar, tinchlik keltiradigan va bir-birimizni mustahkamlashga ko‘maklashadigan narsalar payida bo‘laylik. RIM. 14:19

113-QO‘SHIQ Tinchlik — Alloh bergan ne’mat

BU MAQOLADA *

1. Hasad dastidan Yusufning oilasida nima yuz berdi?

YOQUB barcha o‘g‘illarini yaxshi ko‘rardi, lekin 17 yoshli o‘g‘li Yusufga mehri o‘zgacha edi. Xo‘sh, akalari Yusufga qanday munosabatda bo‘lgan? Hasad qilgani dastidan ular undan nafratlanadigan bo‘lishgan. Yusuf akalari undan nafratlanishiga sabab bo‘ladigan hech narsa qilmagan. Shunday bo‘lsa-da, ular uni qullikka sotib yuborishdi va suyukli o‘g‘lini yirtqich hayvon tilka-pora qilganini aytib otasini aldashdi. Hasad dastidan oilaning tinchligi buzildi va ular otasining dilini og‘ritishdi. (Ibt. 37:3, 4, 27–34)

2. Galatiyaliklarga 5:19–21 ga ko‘ra, nega hasad o‘ta xavfli?

2 Muqaddas Yozuvlarda hasad * o‘limga yetaklovchi «tana ishlari» qatorida sanaladigan va Xudoning Shohligini meros qilib olishga to‘sqinlik qiladigan narsalar orasida tilga olingan. (Galatiyaliklarga 5:19–21 ni o‘qing.) Ko‘pincha adovat, janjalkashlik va darg‘azab bo‘lish kabi zaharli mevalarning ildizi hasadga borib taqaladi.

3. Ushbu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

3 Yusufning akalari misolidan shuni ko‘ryapmizki, hasad oiladagi munosabatlarni va tinchlikni barbod qila oladi. Garchi hech qachon ularday yo‘l tutmasak ham, har birimiz nomukammalmiz va qalbimiz o‘ta aldamchi. (Yerm. 17:9) Shu sababli ham, gohida hasad qilish tuyg‘usi bilan kurashib turamiz. Keling, Muqaddas Kitobdagi ba’zi ogohlantiruvchi misollarga diqqat qarataylik. Ular nega bu illat qalbimizda ildiz otishi mumkinligini tushunishimizga ko‘maklashadi. Qolaversa, hasad bilan kurashib, tinchlik o‘rnatishimizga yordam beradigan ba’zi amaliy yo‘llarni muhokama qilamiz.

HASAD NIMA SABABLI PAYDO BO‘LADI?

4. Nega filistimliklar Is’hoqqa hasad qilishgan?

4 Mol-mulkka ega bo‘lishganda. Is’hoq boy inson edi va filistimliklar unga hasad qilardi. (Ibt. 26:12–14) U hayvonlariga suv berish uchun foydalangan quduqlarni ular ko‘mib qo‘yishdi. (Ibt. 26:15, 16, 27) Filistimliklar kabi, bugun ham ayrimlar ulardan ko‘proq mol-mulkka ega bo‘lgan kishilarga hasad qilishadi. Ular nafaqat ularning narsalariga ega bo‘lishni, balki bu narsalaridan mahrum qilishni ham istaydi.

5. Nima uchun yahudiy din rahbarlari Isoga hasad qilishgan?

5 Kimnidir yaxshi ko‘rishganda. Yahudiy din rahbarlari Isoga hasad qilishgan, chunki ko‘pchilik uni yaxshi ko‘rardi. (Mat. 7:28, 29) Iso Xudoning vakili edi va haqiqatni o‘rgatardi. Shu bois, ular Isoning nomiga dog‘ tushirish uchun bo‘lmag‘ur gap-so‘zlarni tarqatishgan. (Mark 15:10; Yuhan. 11:47, 48; 12:12, 13, 19) Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Jamoatimizda yaxshi fazilatlari tufayli hammaga yoqadigan imondoshlarimizga hasad qilish moyilligimiz bilan kurashimiz kerak. Buning o‘rniga, ular mehr ila qilgan yaxshiliklariga taqlid qilishga intilishimiz lozim. (1 Kor. 11:1; 3 Yuhan. 11)

6. Diotref hasad qilganining oqibati qanday bo‘lgan?

6 Tashkilotda sharafli vazifalarga ega bo‘lishganda. Birinchi asrda Diotref imonlilar jamoatida boshchilikni zimmasiga olganlarga hasad qilgan. U jamoat a’zolari «orasida o‘zini katta olishni» xohlagan. Shu sababli, havoriy Yuhanno va mas’uliyatli boshqa birodarlar haqida yomon gaplar tarqatgan. (3 Yuhan. 9, 10) Garchi sira ham u kabi yo‘l tutmasak-da, orzu qilgan sharafli vazifalarga ega bo‘lgan imondoshlarimizga — ayniqsa bu vazifani bajarishga o‘zimizni ular kabi qobiliyatli his etsak — hasad qila boshlashimiz hech gap emas.

Qalbimiz tuproqqa, go‘zal fazilatlarimiz esa chiroyli gullarga o‘xshaydi. Lekin hasad go‘yo zaharli o‘simlikday. Hasad sevgi, mehr-shafqat va mehribonlik kabi go‘zal fazilatlarni bo‘g‘ib qo‘yishi mumkin (7-xatboshiga qarang.)

7. Hasad bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

7 Hasadni zaharli o‘simlikka o‘xshatsa bo‘ladi. Uning urug‘i qalbimizda ildiz otsa, uni yo‘q qilish qiyin kechadi. Rashk, mag‘rurlik va xudbinlik kabi salbiy tuyg‘ular hasadni oziqlantiradi. Xuddi zaharli o‘simlik gulning o‘sishiga to‘sqinlik qilganiday, hasad ham sevgi, mehr-shafqat va mehribonlik kabi go‘zal fazilatlarni rivojlantirishga xalaqit qiladi. Hasad ildiz otishni boshlaganini sezganimiz zahoti uni sug‘urib tashlashimiz lozim. Qanday qilib hasad bilan kurasha olamiz?

KAMTARLIK VA QANOAT FAZILATLARINI RIVOJLANTIRING

Qanday qilib zaharli o‘simlik kabi bo‘lgan hasad bilan kurasha olamiz? Xudoning muqaddas ruhi yordamida qalbimizdagi hasadni sug‘urib tashlab, o‘rniga kamtarlik va qanoat fazilatlarini eka olamiz (8–9-xatboshilariga qarang.)

8. Qaysi fazilatlar bizga hasad bilan kurashishga yordam beradi?

8 Kamtarlik va qanoat fazilatlarini rivojlantirib hasad bilan kurasha olamiz. Qalbimiz bu ajoyib fazilatlarga to‘lsa, u yerda hasadga joy ham qolmaydi. Kamtarlik o‘zimiz haqimizda juda ham yuqori fikrda bo‘lmasligimizga ko‘maklashadi. Kamtar kishi boshqalardan ko‘ra ko‘prog‘iga loyiqman deb o‘ylamaydi. (Galat. 6:3, 4) O‘zida bori bilan qanoat qiladigan inson o‘zini boshqalar bilan solishtirmaydi. (1 Tim. 6:7, 8) Kamtar va qanoat qiladigan kishi kimdir biron yaxshi narsalarga erishsa, u uchun xursand bo‘ladi.

9. Galatiyaliklarga 5:16 va Filippiliklarga 2:3, 4 ga ko‘ra, muqaddas ruh nima qilishimizga yordam beradi?

9 Tanaga oid ishlarga xos bo‘lgan hasaddan qochib, kamtarlig-u qanoat fazilatlarini rivojlantirmoqchi bo‘lsak, Xudoning muqaddas ruhi yordamiga muhtojmiz. (Galatiyaliklarga 5:16; Filippiliklarga 2:3, 4 ni o‘qing.) Yahovaning muqaddas ruhi ich-ichimizdagi fikrlar-u niyatlarimizni tekshirishga ko‘maklashadi. Ha, Xudoning yordami bilan yomon fikrlar-u tuyg‘ulardan qutulib, mustahkamlovchi fazilatlarni rivojlantira olamiz. (Zab. 26:2; 51:10) Muso va Pavlusning misollariga diqqat qarataylik. Ular hasad qilish moyilligini muvaffaqiyat ila yenga olgan.

Isroillik bola Muso va Yoshuaning yoniga borib, qarorgohda ikkita kishi o‘zlarini xuddi payg‘ambarlarday tuta boshlaganini aytadi. Yoshua Musodan ularni bunday qilishdan to‘xtatishni so‘raydi, lekin u unamaydi va Yahova o‘sha ikki kishiga baraka berganidan xursand ekanini unga aytadi (10-xatboshiga qarang.)

10. Muso qanday sinovga duch kelgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

10 Muso Xudoning xalqi ustidan katta hokimiyatga ega edi, lekin u boshqalar ham bunday hokimiyatga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qilmagan. Masalan, bir safar Yahova Musodagi muqaddas ruhdan bir qismini olib, uchrashuv chodiri yaqinida turgan Isroil oqsoqollarining guruhiga bergan. Ko‘p o‘tmay Muso uchrashuv chodiriga kelmagan ikkita oqsoqol ham muqaddas ruh olgani va o‘zlarini xuddi payg‘ambarlarday tuta boshlaganidan xabar topgan. Yoshua ularni bunday qilishdan to‘xtatishni so‘raganda, Muso qanday yo‘l tutgan? Bu ikkita oqsoqol Yahovaning barakasiga ega bo‘lgani uchun ularga hasad qilmagan. Aksincha, u kamtarin bo‘lib, ular bashorat qilishganidan quvongan. (Sah. 11:24–29) Musodan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?

Qanday qilib oqsoqollar Muso kabi kamtarin bo‘la oladi? (11–12-xatboshilariga qarang.) *

11. Oqsoqollar Musodan qanday o‘rnak olishi mumkin?

11 Aytaylik, oqsoqolsiz va yaxshi ko‘rib bajargan vazifangizni jamoatingizdagi boshqa birodar bajara olishi uchun sizdan unga yordam berishni so‘rashdi. Masalan, har hafta «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqini o‘tkazishni yoqtirasiz. Lekin Musoday kamtarin bo‘lsangiz, agar boshqa birodarni bunga o‘rgatib qo‘ysam, ahamiyatsizroq bo‘lib qolaman va keyinchalik u buni a’lo tarzda qiladi, degan xayolga bormaysiz. Aksincha, birodaringizga yordam berishdan baxtiyor bo‘lasiz.

12. Qanday qilib ko‘plar kamtarlik va qanoat qilish fazilatlarini ko‘rsatmoqda?

12 Ko‘pgina yoshi ulug‘ birodarlarimiz duch kelgan boshqa vaziyatga diqqat qarataylik. Ko‘p yillar mobaynida ular oqsoqollar kengashining raislari sifatida xizmat qilardi. Biroq 80 yoshga kirgan birodarlar bu vazifani tayyorlik ila boshqalarga topshirdi. 70 yoshga kirgan tuman nozirlari esa kamtarlik ila bu vazifani boshqalarga topshirib, boshqa vazifalarga ega bo‘lishdi. So‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab ko‘p baytilchilar xizmatning boshqa turlariga tayinlandi. Ushbu sadoqatli birodar-u opa-singillar ular qachondir bajargan vazifalarini hozir qilayotgan imondoshlariga hasad qilmaydi.

13. Nega Pavlus 12 ta havoriyga hasad qilish vasvasasiga berilishi mumkin edi?

13 Havoriy Pavlus ham kamtarlik va qanoat qilish fazilatlarini namoyon etishda yaxshi o‘rnak. U qalbida hasad ildiz otishiga yo‘l qo‘ymagan. Pavlus xizmatda jon kuydirgan, lekin kamtarlik ila: «Men havoriylarning eng kichigiman va havoriy deb nomlanishga ham noloyiqman»,— degan. (1 Kor. 15:9, 10) Iso yer yuzida xizmat qilganda 12 ta havoriy unga ergashib yurgan, ammo Pavlus Iso o‘lganidan va tirilganidan so‘ng masihiy bo‘lgan. Garchi u keyinchalik «o‘zga xalqlarga yuborilgan havoriy» etib tayinlangan bo‘lsa ham, 12 ta havoriy qatoriga kirmagan. (Rim. 11:13; Havor. 1:21–26) Pavlus o‘sha 12 ta kishiga va ular Iso bilan yaqindan hamkorlik qilishganiga hasad qilmay, o‘zida bor narsalariga qanoat qilgan.

14. Qanoat qilsak va kamtar bo‘lsak, natijasi qanday bo‘ladi?

14 Agar biz ham qanoat qilsak va kamtar bo‘lsak, Pavlusga o‘xshab, Yahova tayinlagan insonlarga hurmat ko‘rsatamiz. (Havor. 21:20–26) Xudo masihiylar jamoatida oqsoqollar boshqarishini tashkil etgan. Nomukammalligiga qaramay, Yahova ularni «hadya sifatida» biladi. (Efes. 4:8, 11) Ushbu tayinlangan birodarlarni hurmat qilib, yo‘l-yo‘rig‘iga kamtarlik ila amal qilsak, Yahova bilan do‘st bo‘lib qolamiz va imondoshlarimiz bilan tinch yashashdan quvonamiz.

«TINCHLIK KELTIRADIGAN... NARSALAR PAYIDA BO‘LAYLIK»

15. Biz nima qilishimiz zarur?

15 Hasad gullab-yashnagan joyda tinchlik bo‘lmaydi. Zaharli o‘simlik kabi hasadni qalbimizdan sug‘urib tashlashimiz kerak va bu tuyg‘uni boshqalarning qalbiga ekishdan qochishimiz lozim. Yahovaning «tinchlik keltiradigan va bir-birimizni mustahkamlashga ko‘maklashadigan narsalar payida bo‘laylik», degan amriga itoat qilishni istasak, bu muhim qadamlarni qo‘yishimiz zarur. (Rim. 14:19) Boshqalarga hasad bilan kurashishga biz aynan qanday yordam berishimiz va qay yo‘sin tinchlik o‘rnatishimiz mumkin?

16. Boshqalarga hasad bilan kurashishga qanday yordam bera olamiz?

16 Nuqtai nazarimiz hamda xatti-harakatlarimiz boshqalarga qattiq ta’sir qilishi mumkin. Bu dunyo ega bo‘lgan narsalarimiz bilan «maqtanishimizni» istaydi. (1 Yuhan. 2:16) Lekin bunday nuqtai nazar hasadni keltirib chiqaradi. Biz ega bo‘lgan yoki sotib olmoqchi bo‘lgan narsalarimiz haqida hadeb gapiraversak, boshqalarda hasad tuyg‘usi rivojlanishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Shuningdek, biz ega bo‘lgan sharafli vazifalarimizga nisbatan kamtarin bo‘lsak, hasad paydo bo‘lishidan qochishimiz mumkin. Agar bajarayotgan sharafli vazifalarimiz to‘g‘risida gapiraversak, hasad gullab-yashnashiga zamin yaratamiz. Aksincha, boshqalarga samimiy qiziqish ko‘rsatganimizda va ular qilayotgan yaxshiliklariga diqqat qaratganimizda, qanoat qilishlariga yordam beramiz hamda jamoatimizda birlik va tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shamiz.

17. Yusufning akalari nima qila oldi va nima uchun?

17 Hasadga qarshi kurashda g‘olib chiqishimiz mumkin! Keling, yana Yusufning akalarini eslaylik. Ular unga yomon munosabat qilganidan bir necha yil o‘tgach, Misrda u bilan uchrashib qolishadi. Yusuf akalariga kimligini oshkor etishdan avval, o‘zgarganini aniqlash uchun ularni sinaydi. U ziyofat uyushtirib, kenja ukasi Benyaminga boshqalardan ko‘proq ovqat beradi. (Ibt. 43:33, 34) Lekin akalari Benyaminga hasad qilishmaydi. Aksincha, ular ukasiga va otasi Yoqubga chin dildan g‘amxo‘rlik qilishadi. (Ibt. 44:30–34) Akalari hasad qilmay qo‘yishgani bois, oiladagi tinchlikni tiklay olishdi. (Ibt. 45:4, 15) Shu singari, biz ham hasad tuyg‘usidan qutulsak, oilamiz va jamoatimizda tinchlik hukm surishiga hissa qo‘shamiz.

18. Yoqub 3:17, 18 ga binoan, tinch muhit yaratilishiga hissa qo‘shsak nima yuz beradi?

18 Yahova biz hasad bilan kurashib, tinchlik payida bo‘lishimizni istaydi. Bunday qilish uchun jon kuydirishimiz kerak. Ushbu maqoladan bilib olganimizday, hasad qilishga moyilmiz. (Yoqb. 4:5) Buning ustiga, hasad olg‘a suriladigan dunyoda yashayapmiz. Biroq kamtarlik, qanoat va minnatdorlik fazilatlarini rivojlantirsak, qalbimizda hasadga joy qolmaydi. Aksincha, adolat hosili o‘sadigan tinch muhit yaratilishiga hissa qo‘shamiz. (Yoqub 3:17, 18 ni o‘qing.)

130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik

^ 5- x.b. Tangri Yahovaning tashkiloti tinchliksevar. Ammo hasad tuyg‘usi rivojlanishiga yo‘l qo‘ysak, bu tinchlik buzilishi mumkin. Ushbu maqolada hasad qilishga nima sabab bo‘lishi mumkinligini bilib olamiz. Shuningdek, bu illat bilan qay yo‘sin kurashishimiz va qanday qilib tinchlik o‘rnatishimiz mumkinligi haqida gap boradi.

^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Muqaddas Kitobda tushuntirilganday, hasad dastidan inson nafaqat boshqalarning narsasini xohlaydi, balki ularni undan mahrum qilishni ham istaydi.

^ 61- x.b. RASMGA SHARH. Oqsoqollar kengashining uchrashuvida «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqini o‘tkazadigan yoshi katta birodardan yoshroq oqsoqolga bu sharafli vazifani bajarishni o‘rgatishni so‘rashdi. Garchi bu birodar vazifasini yaxshi ko‘rsa-da, oqsoqollarning qarorini chin yurakdan qo‘llab-quvvatlab, yosh birodarga amaliy maslahatlar beradi va sidqidildan maqtaydi.