Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-TADQIQ MAQOLASI

Yahova ko‘nglingizni ko‘tarishiga yo‘l qo‘ying

Yahova ko‘nglingizni ko‘tarishiga yo‘l qo‘ying

Tashvishlar girdobida qolganimda, menga tasalli berib, ko‘nglimni ko‘tarding. ZAB. 94:19

44-QO‘SHIQ Shikasta qalb nolasi

BU MAQOLADA *

1. Xavotirlanishga nima sabab bo‘lishi va bu bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

O‘ZINGIZNI xavotirlar * o‘rab olganday his qilganmisiz? Ehtimol, boshqalarning gapi yoki ishi qalbingizni jarohatlaganidan xavotirlanayotgandirsiz. Yoki o‘zingiz biron nima aytganingiz yoki qilgan ishingiz dastidan tashvishlanayotgandirsiz. Masalan, qandaydir xatoga yo‘l qo‘ydingiz va endi Yahova meni hech qachon kechirmaydi, deb xavotirga tushyapsiz. Ustiga-ustak, xavotirlarga berilganingiz tufayli o‘zingizni imoni sust va yomon odamday his etayotgandirsiz. Xo‘sh, aslida ham shundaymi?

2. Muqaddas Kitobdagi qaysi misollar xavotirlanish imoni sust ekanlikning belgisi emasligini ko‘rsatmoqda?

2 Muqaddas Yozuvlardagi bir nechta misolga diqqat qarataylik. Shomuil payg‘ambarning onasi Xanna kuchli imonga ega edi. Shunga qaramay, oilasidagi bir kishining yomon munosabati tufayli u xavotirga berilgan. (1 Shoh. 1:7) Qolaversa, havoriy Pavlusning imoni kuchli bo‘lgan, ammo u jamoatlar uchun qattiq tashvishlangan. (2 Kor. 11:28) Bundan tashqari, shoh Dovud kuchli imon sohibi edi va Yahova ham uni juda yaxshi ko‘rgan. (Havor. 13:22) Ammo shunda ham Dovud uni tashvishga solgan xatolarga yo‘l qo‘ygan. (Zab. 38:4) Tangri Yahova ularning har biriga tasalli berib, ko‘nglini ko‘targan. Keling, ularning misollaridan qanday saboq olishimiz mumkinligini bilib olaylik.

SADOQATLI XANNADAN QANDAY SABOQ OLYAPMIZ?

3. Qay yo‘sin boshqalarning gaplari tashvishlanishimizga sabab bo‘lishi mumkin?

3 Boshqalar qattiq gapirsa yoki qo‘pol muomala qilsa, xavotirlanishimiz mumkin. Ayniqsa, qalbimizni yaralagan inson yaqin do‘stimiz yoki qarindoshimiz bo‘lsa bunday bo‘lishi hech gap emas. O‘sha inson bilan bo‘lgan munosabatlarimiz barbod bo‘ldi, deb tashvishlanishimiz turgan gap. Ba’zida bizni xafa qilgan inson o‘ylamay gapirishi va bu bizni qilichday jarohatlashi mumkin! (Hik. 12:18) Yoki kimdir qalbimizni og‘ritish maqsadida atayin biron nima aytar. Bir singlimiz bunday qiyinchilikka duch keldi. «Bir necha yil avval,— deydi u — yaqin do‘stim deb bilgan inson Internet orqali men haqimda mish-mishlar tarqata boshladi. Bu og‘ir botdi va xavotirlandim. U nima uchun orqamdan pichoq urayotganini tushuna olmasdim». Agar yaqin do‘stingiz yoki qarindoshingiz qalbingizni og‘ritgan bo‘lsa, Xannaning misolidan ko‘p narsaga o‘rgana olasiz.

4. Xanna qanday qiyin muammolarga duch kelgandi?

4 Xanna bir nechta jiddiy muammo bilan kurashishiga to‘g‘ri kelgan. U ko‘p yillar mobaynida farzandli bo‘la olmagan. (1 Shoh. 1:2) Isroilliklarning madaniyatida bepusht ayol la’natlangan deb hisoblanardi. Bu tufayli u juda uyalgan. (Ibt. 30:1, 2) Bunisi yetmaganday, uning eri Paninna ismli boshqa ayolni ham xotinlikka olgandi. U esa eriga farzandlar tug‘ib bergandi. Paninna Xannani raqibi deb bilardi va «uni mazax qilib, tinmay dilini og‘ritardi». (1 Shoh. 1:6) Boshida bu qiyinchilik bilan kurashish Xanna uchun oson bo‘lmagan. U siqilganidan «yig‘lab, tuz ham totmadi». Xanna «qattiq qayg‘urgandi». (1 Shoh. 1:7, 10) Xanna qanday qilib tasalli topdi?

5. Qay yo‘sin ibodat Xannaga yordam berdi?

5 Xanna Yahovaga ibodat qilib, qalbidagini Unga to‘kib soldi. Ibodat qilgach, u o‘z vaziyatini oliy ruhoniy Elaxga tushuntirib berdi. U esa Xannaga: «Eson-omon bor. Isroilning Tangrisi tilagingni bajo keltirsin»,— dedi. Xo‘sh, buning natijasi qanday bo‘ldi? Xanna «u yerdan ketib ovqat yedi, endi uning chehrasi ochiq edi». (1 Shoh. 1:17, 18) U ibodat yordamida tinchlandi.

Qay yo‘sin Xanna singari ichki xotirjamlikka ega bo‘la olamiz? (6–10-xatboshilariga qarang.)

6. Ibodat borasida Xannadan va Filippiliklarga 4:6, 7 dagi maslahatdan nimani o‘rganyapmiz?

6 Ibodatda sabotli bo‘lsak, tinchlikka ega bo‘la olamiz. Xanna uzoq vaqt davomida samoviy Otasi bilan suhbat qurdi. (1 Shoh. 1:12) Siz ham uzoq vaqt mobaynida Yahovaga tashvishlaringiz, qo‘rquvlaringiz va zaifliklaringiz haqida aytishingiz mumkin. Ibodatlarimiz shoirona yoki mukammal tarzda aytilishi shart emas. Ba’zida bizni qayg‘uga botirayotgan narsalar to‘g‘risida Yahovaga aytayotib hatto yig‘larmiz. Lekin baribir Yahova bizni tinglashdan aslo charchamaydi. Muammolarimiz borasida ibodat qilishdan tashqari, Filippiliklarga 4:6, 7 dagi (o‘qing) maslahatni yodda tutishimiz lozim. Pavlus alohida eslatganiday, ibodatda minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Yahovadan minnatdor bo‘lishimiz uchun ko‘p sabablarimiz bor. Misol uchun, hayot in’omi, U yaratgan go‘zal ijodlar, mehr-sadoqati va bizga bergan ajoyib umidi uchun Unga rahmat ayta olamiz. Xo‘sh, Xannadan yana qanday saboq olyapmiz?

7. Xanna va uning eri muntazam ravishda nima qilgan?

7 Muammolarga qaramay, Xanna eri bilan birgalikda Shilo‘ga — Yahovaga topinadigan joyga muntazam borishda davom etgan. (1 Shoh. 1:1–5) Xanna muqaddas chodirda bo‘lganida, oliy ruhoniy Yahova uning ibodatiga javob berishiga umid qilishini aytib, unga dalda bergan. (1 Shoh. 1:9, 17)

8. Qay yo‘sin yig‘ilishlar bizga yordam bera oladi? Tushuntiring.

8 Yig‘ilishlarga borishda davom etsak, tinchlikka ega bo‘la olamiz. Ko‘pincha birodar yig‘ilish boshida ibodat qilganida Xudodan muqaddas ruh so‘raydi. Tinchlik esa o‘sha ruhning samarasidir. (Galat. 5:22) Tashvishlar girdobida qolganda ham yig‘ilishlarga boraversak, Yahova hamda imondoshlarimiz bizga dalda berishi va ongimiz-u qalbimizda tinchlikka ega bo‘lishimizga yordamlashishi uchun ularga imkon bergan bo‘lamiz. Yahova ko‘nglimizni ko‘tarishida ibodat va yig‘ilishlar muhim ahamiyat kasb etadi. (Ibron. 10:24, 25) Xo‘sh, Xannadan yana qanday saboq olishimiz mumkin?

9. Xannaning vaziyatida nima o‘zgarmagan, ammo nima unga yordam bergan?

9 Xanna xavotirlanishiga sabab bo‘lgan muammo shu zahoti hal bo‘lmadi. Xanna muqaddas chodirda topinib qaytgach, yana o‘sha xonadonda Paninna bilan yashashda davom etgan. Qolaversa, Paninnaning munosabati o‘zgargani haqida Muqaddas Kitobda hech narsa aytilmagan. Aftidan, Xanna uning og‘ir botadigan so‘zlariga chidashda davom etgan. Biroq Xanna ichki xotirjamlikka ega bo‘lgan. U muammosini ibodatda Yahovaga aytgach, bu haqda boshqa tashvishlanmagan. U Yahova unga tasalli berishiga va ko‘nglini ko‘tarishiga yo‘l qo‘ygan. Muayyan vaqt o‘tgach, Yahova Xannaning ibodatiga javob bergan va u bir nechta farzand ko‘rgan. (1 Shoh. 1:19, 20; 2:21)

10. Xannaning misolidan qanday saboq olyapmiz?

10 Hatto muammolarimiz bartaraf bo‘lmasa-da, tinchlikka ega bo‘la olamiz. Ibodat qilsak ham, yig‘ilishlarga muntazam qatnasak ham, ayrim muammolar o‘z yechimini topmasligi mumkin. Xannaning misolidan ko‘ryapmizki, xavotirga berilganimizda, ko‘nglimizni ko‘tarish uchun Yahovaga hech nima to‘sqinlik qila olmaydi. Yahova bizni aslo unutmaydi va ertami yo kechmi sadoqatimiz uchun mukofotlaydi. (Ibron. 11:6)

HAVORIY PAVLUSDAN QANDAY SABOQ OLYAPMIZ?

11. Tashvishlanishi uchun Pavlusda qanday sabablar bor edi?

11 Tashvishlanishi uchun Pavlusda sabablar ko‘p edi. Masalan, u birodar-u opa-singillarini sevgan va ular duch kelgan muammolar Pavlusga tinchlik bermagan. (2 Kor. 2:4; 11:28) Pavlus va’z qilganida, qarshi chiqqan odamlar uni do‘pposlashgan va qamoqqa tashlashgan. Shuningdek, u «muhtojlik» kabi xavotirlanishga sabab bo‘ladigan qiyinchiliklarga duch kelgan. (Filip. 4:12) Buning ustiga, Pavlus kamida uch marta kema halokatiga uchragani ustida mulohaza yuritsak, u qanchalar xavotirlanganini tasavvur qila olamiz, xolos. (2 Kor. 11:23–27) Qanday qilib Pavlus tashvishlari bilan kurashgan?

12. Pavlusga haddan ortiq tashvishlanmaslikka nima yordam bergan?

12 Birodar-u opa-singillarining qiyinchiliklari Pavlusga tinchlik bermagan, lekin u o‘sha muammolarning barchasini yolg‘iz hal qilishga intilmagan. Chunki yolg‘iz o‘zi yechim topa olmasligini bilgan. U boshqalardan jamoat ishlarida yordam berishlarini so‘ragan. Misol uchun, u Timo‘tiy va Titus kabi ishonchli kishilarga ko‘pgina mas’uliyatli vazifalar topshirgan. Shubhasizki, o‘sha birodarlarning yordami tufayli Pavlusning tashvishlari kamaygan. (Filip. 2:19, 20; Titus. 1:1, 4, 5)

Havoriy Pavlusning misolidan ko‘rganimizday, ortiqcha xavotirlarga berilmaslik uchun nima qila olamiz? (13–15-xatboshilariga qarang.)

13. Qay yo‘sin oqsoqollar Pavlusga taqlid qila oladi?

13 Boshqalardan sizga yordam berishlarini so‘rang. Pavlus singari mehribon oqsoqollarning ko‘pi jamoatdagi imondoshlari duch kelayotgan qayg‘ular tufayli xavotirga berilishadi. Ammo bitta oqsoqol jamoatdagi barchaga yordam bera olmasligi mumkin. Agar u buni tan olsa, talablarga mos keladigan boshqa birodarlardan yordam so‘raydi va jamoat ishlariga g‘amxo‘rlik qilishda yoshlarga ta’lim beradi. (2 Tim. 2:2)

14. Pavlus nimadan tashvishlanmagan va bundan qanday saboq olyapmiz?

14 Tasalliga muhtoj ekaningizni tan oling. Pavlus kamtarin bo‘lgani uchun do‘stlarining tasallisiga muhtoj ekanini bilgan. U boshqalarning tasallisiga muhtoj ekanini tan olsa, odamlar uni zaif deb o‘ylashidan xavotirlanmagan. Filimo‘nga yo‘llagan maktubida Pavlus quyidagicha yozgan: «Sevgingiz menga ko‘p quvonch va tasalli keltirdi». (Filim. 7) Shuningdek, Pavlus qiyinchiliklar paytida unga yaxshigina tasalli bergan boshqa bir nechta imondoshini ham eslatib o‘tgan. (Kolos. 4:7–11) Daldaga muhtoj ekanimizni tan olsak, birodar-u opa-singillarimiz bizni qo‘llab-quvvatlashdan xursand bo‘ladi.

15. Pavlus qayg‘uli vaziyatga duch kelganida qay yo‘sin tasalli topgan?

15 Xudoning Kalomiga tayaning. Pavlus Muqaddas Yozuvlardan tasalli topa olishini bilgan. (Rim. 15:4) Qolaversa, Xudoning so‘zlari tufayli qiyinchiliklar paytida donolikka ega bo‘lishi mumkin edi. (2 Tim. 3:15, 16) Pavlus Rimda ikkinchi safar qamoqda bo‘lganida o‘limi yaqin ekanini his etgan. Bunday qayg‘uli vaziyatga ro‘baro‘ kelganda, u nima qilgan? Pavlus Timo‘tiydan uning oldiga tezroq kelishini va «o‘rama bitiklarni» olib kelishini so‘ragan. (2 Tim. 4:6, 7, 9, 13) Nima uchun? Ehtimol, o‘sha bitiklar Ibroniycha yozuvlarning qismlari bo‘lgan va Pavlus shaxsiy tadqiqida ulardan foydalana olgan. Pavlusga ergashib Muqaddas Kitobni doim tadqiq qilsak, qanday qiyinchiliklarga duch kelishimizdan qat’i nazar, ko‘nglimizni ko‘tarish uchun Yahova Kalomidan foydalanadi.

SHOH DOVUDDAN QANDAY SABOQ OLYAPMIZ?

Shoh Dovudning vaziyatidan ko‘rganimizday, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ysak, bizga nima yordam bera oladi? (16–19-xatboshilariga qarang.)

16. Dovud jiddiy xatosi tufayli nimalarni his qilgan?

16 Dovud vijdoni qiynagani tufayli xavotirga berilgan. U Botsheva bilan zino qilgan, uning eri o‘ldirilishini tashkillashtirgan va muayyan vaqt davomida qilmishlarini yashirishga uringan. (2 Shoh. 12:9) Boshida Dovud vijdoniga quloq solmagan. Oqibatda u nafaqat ma’nan, balki hissan va jismonan ham qiynalgan. (Zab. 32:3, 4) Jiddiy xatolari tufayli orttirgan xavotirlarini yengishga Dovudga nima yordam bergan? Bordi-yu, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ysak bizga nima ko‘maklasha oladi?

17. Zabur 51:1–4 dan Dovud chin dildan tavba qilganini qay yo‘sin ko‘rishimiz mumkin?

17 Kechirim so‘rab ibodat qiling. Oxiri Dovud Yahovaga ibodat qildi. U chin dildan tavba qilib, gunohlarini tan oldi. (Zabur 51:1–4 ni o‘qing.) Bunday yo‘l tutib u tinchlandi va quvonchini qaytara oldi. (Zab. 32:1, 2, 4, 5) Jiddiy gunohga qo‘l ursangiz, uni yashirishga harakat qilmang. Aksincha, Yahovaga ibodat qilib, gunohingizni ochiqchasiga tan oling. Bunday yo‘l tutib tinchlikka ega bo‘lasiz va o‘zingizni boshqa aybdor his etmaysiz. Lekin Yahova bilan do‘stligingizni tiklamoqchi bo‘lsangiz, ibodatdan ko‘prog‘ini qilishingiz zarur.

18. Dovud tarbiyaga qanday munosabat ko‘rsatgan?

18 Tarbiyani qabul qiling. Yahova Dovudning gunohini oshkor qilish uchun Natan payg‘ambarni yuborganida, u o‘zini oqlamagan yoki gunohining ahamiyatini pasaytirmagan. U nafaqat Botshevaning eriga, balki birinchi navbatda Yahovaga qarshi gunoh qilganini shu zahoti tan olgan. Dovud Yahovaning tarbiyasini qabul qilgan va Yahova uni kechirgan. (2 Shoh. 12:10–14) Jiddiy gunohga qo‘l urgan bo‘lsak, Yahova cho‘pon sifatida tayinlagan birodarlarga murojaat qilishimiz zarur. (Yoqb. 5:14, 15) Shuningdek, o‘zimizni oqlashdan qochishimiz lozim. Biz berilgan har qanday tarbiyani qancha tez qabul qilsak, tinchlik va quvonchga shuncha tez erishamiz.

19. Nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

19 O‘sha-o‘sha xatolarni takrorlamaslik qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Dovud yana o‘sha-o‘sha gunohlarga qo‘l urmaslik uchun Yahovaning yordamiga muhtoj ekanini bilgan. (Zab. 51:7, 10, 12) Yahova Dovudni kechirgach, u yomon fikrlash tarzidan qochishga qat’iy qaror qilgan. Natijada ichki xotirjamlikka ega bo‘lgan.

20. Yahova bizni kechirgani uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

20 Tavba qilsak, Yahovaning tarbiyasini qabul qilsak va xatolarimizni takrorlashdan qochsak, Uning kechirimi uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. Bu qadamlarni qo‘ygach, qalbimizdagi tinchlik tiklanadi. Jiddiy gunohga qo‘l urgan Jeyms birodarimiz mazkur so‘zlar chin ekaniga amin bo‘ldi. U shunday dedi: «Gunohim haqida oqsoqollarga aytganimda, yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Qalbimda yana tinchlik hukm sura boshladi». Quyidagi so‘zlar bizga naqadar dalda baxsh etadi: «Yahova qalbi o‘ksiganlarga yaqindir, ruhan ezilganlarni U qutqaradi». (Zab. 34:18)

21. Yahova ko‘nglimizni ko‘tarishiga qay yo‘sin yo‘l qo‘ya olamiz?

21 Oxirzamon o‘z nihoyasiga yetar ekan, tashvishlanishimiz uchun sabablar ko‘payishi mumkin. Sizni xavotirga soluvchi fikrlar paydo bo‘lsa, Yahovadan yordam izlashni orqaga surmang. Muqaddas Kitobni qunt bilan tadqiq qiling. Xanna, Pavlus va Dovudning misollaridan saboq oling. Tashvishlaringizga nima sabab bo‘layotganini aniqlash uchun samoviy Otangizdan yordam so‘rang. (Zab. 139:23) U yukingizni, ayniqsa, siz uncha yoki umuman nazorat qila olmaydiganlarini ko‘tarishiga yo‘l qo‘ying. Shunda o‘zingizni quyidagi so‘zlarni aytgan sano bastakoriday his etasiz: «Tashvishlar girdobida qolganimda, menga tasalli berib, ko‘nglimni ko‘tarding». (Zab. 94:19)

4-QO‘SHIQ «Yahova mening Cho‘ponimdir»

^ 5- x.b. Vaqti-vaqti bilan barchamiz muammolarimiz dastidan xavotirlanamiz. Bu maqolada xavotirlar bilan kurashgan Xudoning qadimgi uchta xizmatchisining misoliga diqqat qaratamiz. Shuningdek, Yahova qay yo‘sin ularning har biriga tasalli berib, ko‘nglini ko‘targanini bilib olamiz.

^ 1- x.b. IBORA MA’NOSI. Xavotirlanish biron nimadan qo‘rqish yoki tashvishlanish. Pul bilan bog‘liq tashvishlar, sog‘lik masalasi, oilaviy muammolar yoki boshqa qiyinchiliklar bunga sabab bo‘lishi mumkin. Buning ustiga, o‘tmishdagi xatolarimiz yoki kelajakda qanday qiyinchiliklarga duch kelishimiz haqida o‘ylab tashvishlarga berilishimiz hech gap emas.