Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-TADQIQ MAQOLASI

Siz suvga cho‘mishga tayyormisiz?

Siz suvga cho‘mishga tayyormisiz?

Suvga cho‘mish... sizlarni... qutqaradi. 1 BUTR. 3:21

28-QO‘SHIQ «Yahova, kim do‘sting erur?»

BU MAQOLADA *

1. Uy qurishdan oldin odam nima qilishi kerak?

UY QURISHGA qaror qilgan odamni ko‘z oldingizga keltiring. U qanday uy qurmoqchi ekanini biladi. Darhol do‘konga borib qurilish mollarini sotib olib qurishni boshlaydimi? Yo‘q. Ishni boshlashdan oldin u bitta muhim narsa qilishi — uy qurish qanchaga tushishini hisoblab chiqishi lozim. Nega? Chunki uyni qurib bitkazish uchun puli yetish-yetmasligini bilishi darkor. Agar bu unga qanchaga tushishini yaxshilab hisoblab chiqsa, yangi uyni qurib bitkazish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi.

2. Luqo 14:27–30 ga ko‘ra, suvga cho‘mishdan avval nimalar haqida obdan o‘ylab ko‘rishingiz kerak?

2 Yahovaga nisbatan sevgingiz va minnatdorchiligingiz sizni suvga cho‘mishga undayaptimi? Unda siz uy qurmoqchi bo‘lgan kishi kabi qaror oldida turibsiz. Bu nima degani? Keling, Isoning Luqo 14:27–30 da (o‘qing) yozilgan so‘zlarini ko‘rib chiqaylik. Iso uning shogirdi bo‘lish nimani anglatishi haqida gapirgan edi. Uning izdoshi bo‘lish uchun biz «xarajat»ni — qiyinchiliklar va qilinadigan qurbonliklarni ko‘tara bilishimiz lozim. (Luqo 9:23–26; 12:51–53) Bu degani, suvga cho‘mishdan avval nimalarga duch kelishingiz haqida obdan o‘ylab ko‘rishingiz kerak. Shunda suvga cho‘mgan masihiy sifatida Yahovaga sadoqat bilan xizmat qilishga yaxshiroq tayyor bo‘lasiz.

3. Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 Masihning suvga cho‘mgan shogirdi bo‘lish boshdan kechiradigan qiyinchiliklarga va qilinadigan qurbonliklarga arziydimi? Albatta arziydi! Suvga cho‘mish hozir va kelajakda ko‘pdan-ko‘p barakalarga yo‘l ochadi. Keling, suvga cho‘mishga tegishli ba’zi muhim savollarni muhokama qilamiz. Bunday qilish «Suvga cho‘mishga tayyormanmi?» degan savolga javob topishingizga ko‘maklashadi.

BAG‘ISHLANISH VA SUVGA CHO‘MISH HAQIDA NIMANI BILISHINGIZ KERAK?

4. a) Bag‘ishlanish o‘zi nima? b) Matto 16:24 da aytilgan o‘zidan kechish qanday ma’noga ega?

4 Bag‘ishlanish o‘zi nima? Suvga cho‘mishdan oldin bag‘ishlanishingiz kerak. Bag‘ishlanganda siz Yahovaga chin dildan ibodat qilib, Unga abadiy xizmat qilmoqchi ekaningizni aytasiz. Xudoga bag‘ishlanganingizda o‘zingizdan kechasiz. (Matto 16:24 ni o‘qing.) Bundan keyin Yahovaga tegishli bo‘lasiz. Bu esa katta sharaf! (Rim. 14:8) Siz Unga: «Endi o‘zimni mamnun qilmay, diqqatimni Senga xizmat qilishga qarataman»,— degan bo‘lasiz. Bag‘ishlanish qasam bo‘lib, Xudoga berilgan rasmiy va’da hisoblanadi. Yahova bunday qasamni ichishga bizni majbur qilmaydi. Biroq bu qasamni ichsak, bizdan uni bajarishni kutadi. (Zab. 116:12, 14)

5. Bag‘ishlanish suvga cho‘mish bilan qanday bog‘liq?

5 Bag‘ishlanish suvga cho‘mish bilan qanday bog‘liq? Bag‘ishlanishni shaxsan va yolg‘iz o‘zingiz qilasiz; bu siz bilan Yahova o‘rtasida bo‘ladi. Suvga cho‘mish esa omma oldida qilinadi; bu odatda tuman yoki hududiy anjumanlarda boshqalar oldida amalga oshiriladi. Suvga cho‘mganingizda boshqalarga o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganingizni ko‘rsatgan bo‘lasiz *. Suvga cho‘mish bilan siz boshqalarga Xudoyingiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz, butun ongingiz va butun quvvatingiz bilan sevishingizni hamda Unga abadiy xizmat qilishga qaror qilganingizni bildirasiz. (Mark 12:30)

6–7. Butrusning birinchi maktubi 3:18–22 ga ko‘ra, suvga cho‘mish muhimligining qanday ikkita sababi bor?

6 Suvga cho‘mish shunchalik muhimmi? 1 Butrus 3:18–22 dagi (o‘qing) so‘zlarni ko‘rib chiqamiz. Nuh qurgan kema u Xudoga ishonganini ko‘rsatganidek, suvga cho‘mib siz ham o‘zingizni Xudoga bag‘ishlaganingizni odamlarga namoyon etgan bo‘lasiz. Lekin suvga cho‘mish shunchalik muhimmi? Albatta. Butrus buning sababini tushuntirgan. Birinchidan, bu sizni «qutqaradi». Agar Isoga va u biz uchun o‘lganiga, tirilib osmonga ketganiga, hozir esa «Tangrining o‘ng tomoniga o‘tirgan»iga ishonayotganimizni ko‘rsatuvchi zaruriy qadamlar qo‘ysak, suvga cho‘mish bizni qutqara oladi.

7 Ikkinchidan, suvga cho‘mish tufayli «pok vijdon»ga ega bo‘lamiz. O‘zimizni Xudoga bag‘ishlab suvga cho‘mganimizda biz U bilan o‘zgacha munosabatga kirishamiz. Samimiy tavba qilganimiz va to‘lovga ishonganimiz uchun Tangri gunohlarimizni kechiradi. Natijada pok vijdonga ega bo‘lamiz.

8. Suvga cho‘mish qarorini chiqarishingizga nima asos bo‘lib xizmat qilishi kerak?

8 Suvga cho‘mish qarorini chiqarishingizga nima asos bo‘lib xizmat qilishi kerak? Muqaddas Kitobni puxta tadqiq qilish natijasida siz Yahova haqida — Uning shaxsiyati va yo‘llari to‘g‘risida ko‘p narsani bilib oldingiz. U haqda bilib olganlaringiz qalbingizga iliqlik baxsh etib, Unga bo‘lgan sevgingizni oshirdi. Yahovaga bo‘lgan sevgingiz suvga cho‘mish qarorini chiqarishingiz uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kerak.

9. Matto 28:19, 20 dagi Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mish nima degani?

9 Suvga cho‘mish qarorini chiqarishga Muqaddas Kitobdan bilib olgan ta’limotlar ham asos bo‘lib xizmat qiladi. Keling, Iso shogird tayyorlash vazifasini berganda nima deganini ko‘rib chiqaylik. (Matto 28:19, 20 ni o‘qing.) Uning so‘zlariga ko‘ra, suvga cho‘madiganlar buni «Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan» qilishlari kerak. Bu nima degani? Siz Yahova, Uning O‘g‘li Iso va muqaddas ruh to‘g‘risidagi Muqaddas Kitob haqiqatlariga chin dildan ishonishingiz kerak. Bu juda kuchli va qalbingizga qattiq ta’sir qiladigan haqiqatlar. (Ibron. 4:12) Keling, ularni ko‘rib chiqaylik.

10–11. Ota to‘g‘risidagi qanday haqiqatlarni o‘rgandingiz va qabul qildingiz?

10 Ota to‘g‘risidagi haqiqatlarni: ismi «Yahova», zamin uzra yolg‘iz U «Alloh Taolo» va «haq Xudo» ekanini bilib olgan paytingiz haqida o‘ylab ko‘ring. (Zab. 83:18; Ishayo 37:16) Yahova bizning Yaratuvchimiz va «najotkor»imizdir. (Zab. 3:8; 36:9) Bizni gunoh va o‘limdan qutqarish uchun chora ko‘rdi hamda abadiy yashash istiqbolini berdi. (Yuhan. 17:3) Bag‘ishlanib va suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi ekaningizni ko‘rsatgan bo‘lasiz. (Ishayo 43:10–12) Siz Xudoning ismi bilan atalishdan faxrlanadigan va boshqalarga bu ismni tanitadigan topinuvchilardan iborat umumjahon oilaning bir qismi bo‘lasiz. (Zab. 86:12)

11 Ota haqidagi Muqaddas Kitob haqiqatlarini tushunish katta sharaf! Ushbu qimmatbaho haqiqatlarni qabul qilgach, qalbingiz sizni o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashga va suvga cho‘mishga undaydi.

12–13. O‘g‘il haqidagi qanday haqiqatlarni o‘rgandingiz va qabul qildingiz?

12 O‘g‘il to‘g‘risida quyidagi haqiqatlarni o‘rgangach, ularga qanday munosabat bildirgansiz? Iso olamdagi ikkinchi muhim shaxs. U bajonidil o‘z hayotini biz uchun to‘lov sifatida berdi. Ishlarimiz bilan to‘lovga ishonayotganimizni ko‘rsatsak, gunohlarimiz kechiriladi, Xudo bilan do‘stligimiz rivojlanadi va abadiy hayotga ega bo‘lamiz. (Yuhan. 3:16) Iso Oliy ruhoniyimizdir. U bizga to‘lovdan foyda olishimizga va Tangri bilan yaqin munosabatga ega bo‘lishimizga yordam berishni istaydi. (Ibron. 4:15; 7:24, 25) U Xudo Shohligining Shohi ekan, Yahova O‘z ismini muqaddas qilish, yovuzlikka chek qo‘yish va yaqinlashib kelayotgan jannatda abadiy barakalar berishda undan foydalanadi. (Mat. 6:9, 10; Vah. 11:15) Iso biz uchun o‘rnakdir. (1 Butr. 2:21) U hayotini Xudoning irodasini bajarishga bag‘ishlagan edi va shu tariqa bizga o‘rnak ko‘rsatdi. (Yuhan. 4:34)

13 Iso haqidagi Muqaddas Kitobda yozilgan ta’limotlarni qabul qilganingizda, sizda Xudoning aziz O‘g‘liga nisbatan sevgi paydo bo‘ladi. Bunday sevgi sizni Iso kabi hayotingizni Xudoning irodasini bajarishga undaydi. Natijada bu Yahovaga bag‘ishlanib suvga cho‘mishga turtki bo‘ladi.

14–15. Muqaddas ruh to‘g‘risida qanday haqiqatlarni o‘rgandingiz va qabul qildingiz?

14 Xudoning Kalomidan muqaddas ruh to‘g‘risida quyidagi haqiqatlarni o‘rganganingizda qanday fikrda edingiz? Bu shaxs emas, balki Xudoning faol qudratidir. Yahova Muqaddas Kitob yozilishida muqaddas ruhdan foydalangan. Shuningdek, bu ruh Kalomda yozilganlarni tushunishimizga va ularni hayotga tatbiq etishimizga ko‘maklashadi. (Yuhan. 14:26; 2 Butr. 1:21) O‘z ruhi orqali Yahova bizga «insonlarnikidan ustun turgan kuch»ni beradi. (2 Kor. 4:7) Ruh xushxabarni va’z qilish, vasvasaga qarshi turish, tushkunlik bilan kurashish va sinovlarni yengish uchun bizga kuch ato etadi. «Muqaddas ruh samarasi» bo‘lmish go‘zal fazilatlarni namoyon etishda ham ruh bizga yordam beradi. (Galat. 5:22) Xudo Unga tayanadigan va chin dildan bu ruhni so‘ragan kishilarga uni saxiylik bilan beradi. (Luqo 11:13)

15 Yahovaga topinadigan kishilar Unga xizmat qilishda muqaddas ruhga tayana olishlarini bilish naqadar daldali! Muqaddas ruh to‘g‘risida o‘rgangan haqiqatlarni qabul qilganingizda, ular Yahovaga bag‘ishlanib suvga cho‘mishingizga turtki bo‘ladi.

16. Muhokamamizdan nimalarni bilib oldingiz?

16 O‘zingizni Xudoga bag‘ishlab suvga cho‘mganingizda hayotingizda muhim qadam qo‘yasiz. Bilib olganimizday, siz «xarajat»ni — qiyinchiliklar va qilinadigan qurbonliklarni ko‘tara bilishingiz kerak. Ammo barakalar xarajatlardan ortiqroq bo‘ladi. Suvga cho‘mish sizni qutqaradi va Xudo oldida pok vijdonga ega bo‘lishingizga olib keladi. Suvga cho‘mish qaroringiz avvalo Tangri Yahovaga bo‘lgan sevgiga asoslangan bo‘lishi kerak. Shuningdek, Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh to‘g‘risida bilib olgan haqiqatlarga chin dildan ishonishingiz darkor. Shuncha narsani muhokama qilgach, «Suvga cho‘mishga tayyormanmi?» degan savolga qanday javob berasiz?

SUVGA CHO‘MISHDAN OLDIN NIMA QILISHINGIZ KERAK?

17. Qanday qadamlar suvga cho‘mishga yetaklaydi?

17 Suvga cho‘mishga tayyor ekaningizni his qilayotgan bo‘lsangiz, demak, Yahova bilan yaxshi munosabatlarni qurish uchun bir nechta qadam qo‘yib bo‘lgansiz *. Muqaddas Kitobni muntazam tadqiq qilish natijasida Yahova hamda Iso to‘g‘risida ko‘p narsani bilib oldingiz. Imoningiz rivojlandi. (Ibron. 11:6) Yahovaning Muqaddas Kitobdagi va’dalariga to‘liq ishonadigan bo‘ldingiz va Isoning qurbonligiga ishonchingiz sizni gunoh va o‘limdan qutqarishiga aminsiz. Gunohlaringizdan tavba qildingiz; qilgan yomon ishlaringizdan pushaymonsiz va Yahovadan sizni kechirishini so‘radingiz. Hayotingizni o‘zgartirdingiz; ilgarigi yomon hayot tarzidan voz kechdingiz va Xudoni mamnun qilib yashay boshladingiz. (Havor. 3:19) E’tiqodingiz to‘g‘risida boshqalarga aytib berishga intilyapsiz. Suvga cho‘mmagan va’zgo‘y bo‘lish talablariga mos keldingiz va jamoat bilan va’z qila boshladingiz. (Mat. 24:14) Bunday zaruriy qadamlar qo‘yganingizdan Yahova faxrlanmoqda. Siz Uning qalbini quvontiryapsiz. (Hik. 27:11)

18. Suvga cho‘mishdan oldin yana nimalar qilishingiz kerak?

18 Suvga cho‘mishingizdan oldin yana ayrim narsalarni qilish kerak. Aytib o‘tganimizdek o‘zingizni Xudoga bag‘ishlashingiz lozim. Xoli qolib unga murojaat qiling, samimiy ibodat qiling va Uning irodasini bajarishga va’da bering. (1 Butr. 4:2) Keyin oqsoqollar kengashining raisiga suvga cho‘mmoqchi ekaningizni ayting. U ayrim oqsoqollardan siz bilan uchrashishni so‘raydi. Ular bilan uchrashishdan qo‘rqmang. Esda tuting, bu aziz birodarlar sizni bilishadi va sevishadi. Ular siz bilan Muqaddas Kitobdagi asosiy ta’limotlarni ko‘rib chiqishadi. Ular siz bu ta’limotlarni va bag‘ishlanish hamda suvga cho‘mish muhim ekanini tushunayotganingizga ishonch hosil qilishni istashadi. Tayyor ekaningizni ko‘rishsa, keyingi tuman yoki hududiy anjumanda suvga cho‘mishingiz mumkinligini sizga aytishadi.

SUVGA CHO‘MGANDAN KEYIN NIMA QILISHINGIZ KERAK?

19–20. Suvga cho‘mgandan keyin nima qilishingiz kerak va bunga qanday erishsa bo‘ladi?

19 Suvga cho‘mgandan keyin nima qilishingiz kerak? * Bag‘ishlanish qasam ekanini va Yahova sizdan uni bajarishni kutishini esda tuting. Suvga cho‘mgandan keyin bag‘ishlovingizga muvofiq yashashingiz kerak. Buni qanday qilsa bo‘ladi?

20 Jamoatingiz bilan yaqin bo‘ling. Suvga cho‘mgan masihiy sifatida endi siz «imondoshlar» safiga qo‘shilasiz. (1 Butr. 2:17) Jamoatdagi birodar-u opa-singillar ma’naviy oilangizdir. Yig‘ilishlarga muntazam qatnab ular bilan rishtalaringizni mustahkamlaysiz. Har kuni Xudoning Kalomini o‘qib, mulohaza yuriting. (Zab. 1:1, 2) Muqaddas Kitobdan bir parcha o‘qigach, ular ustida chuqur mulohaza yuritishga vaqt ajrating. Shunda ular qalbingizga ta’sir qiladi. «Doim ibodat qiling». (Mat. 26:41) Samimiy ibodatlar qilib Yahovaga yanada yaqin bo‘lasiz. «Xudoning Shohligi... hamisha birinchi o‘rinda bo‘lsin». (Mat. 6:33) Va’zgo‘ylik ishi hayotingizda ustuvor bo‘lsa bunga rioya qilgan bo‘lasiz. Xizmatda muntazam ishtirok etib imoningizni mustahkam saqlaysiz va boshqalarga abadiy hayotga eltuvchi yo‘ldan yurishga ko‘maklashasiz. (1 Tim. 4:16)

21. Suvga cho‘mishingiz nimaga yo‘l ochadi?

21 O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlash va suvga cho‘mish hayotingizdagi eng muhim qarordir. To‘g‘ri, o‘ziga yarasha «xarajatlari» ham bor. Xarajatlar qilish arziydimi? Albatta! Bu eski dunyoda duch kelishingiz mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchilik «yengil va qisqa muddatlidir». (2 Kor. 4:17) Va aksincha, suvga cho‘mish hozirning o‘zida ko‘p mamnuniyat keltirib, kelajakda «haqiqiy hayot»ga yo‘l ochadi. (1 Tim. 6:19) Shu uchun, iltimos, «Suvga cho‘mishga tayyormanmi?» degan savolning javobi ustida yaxshilab o‘ylab ko‘rib, ibodat qiling.

50-QO‘SHIQ Bag‘ishlanish ibodati

^ 5- x.b. Suvga cho‘mish haqida o‘ylayapsizmi? U holda bu maqola aynan siz uchun. Bu maqolada mazkur muhim mavzuga tegishli ayrim jiddiy savollar muhokama qilinadi. Javoblaringiz suvga cho‘mishga tayyor yoki tayyor emasligingizni aniqlashga ko‘maklashadi.

^ 17- x.b. «Muqaddas Kitob haqiqatlari» kitobining 18- bobiga qarang.

^ 19- x.b. Agar «Muqaddas Kitob haqiqatlari» va «Keling, Xudoning mehr-muhabbatida qolaylik» kitoblarini tadqiq qilishni tugatmagan bo‘lsangiz, ikkalasini ham tadqiq o‘tkazuvchi bilan o‘rganib, oxiriga yetkazing.