Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Ma’bad soqchilari kim bo‘lishgan? Ularning vazifasiga nimalar kirgan?

Ruhoniylar qatoriga kirmagan levilar bajargan ko‘plab vazifalar ichida soqchilar sifatida xizmat qilish ham bo‘lgan. Ularni ma’bad soqchilarining nazoratchisi boshqargan. Yahudiy yozuvchisi Filon ushbu soqchilarning vazifalarini quyidagicha ta’riflagan: «Ularning [levilarning] ayrimlari har bir eshik oldida darvozabonlik qilishgan, boshqalari esa ichkarida [ma’bad hududida] muqaddas maskan oldida turib, u yerga kirishga haqqi bo‘lmagan kishilar atayin yoki adashib kirib ketmasligini nazorat qilishgan. Ularning ba’zilari ma’bad hududini qo‘riqlash uchun aylanib yurishgan va almashib-almashib kecha-yu kunduz soqchilik qilishgan».

Bu soqchilar Oliy Kengashga bo‘ysunishgan. Rim hukumati yahudiylarning faqatgina ushbu guruhiga qurol olib yurishga ruxsat bergan.

Ilohiyotshunos Ioaxim Ieremiasning tushuntirishicha, Iso uni hibsga olish uchun kelgan soqchilardan, nega u ma’badda ta’lim berib yurganida ular uni hibsga olishmagani haqida so‘ragan. Agar o‘sha odamlar ma’bad soqchilari bo‘lishmaganida Iso ularga bu savolni bermagan bo‘lardi. Bu ilohiyotshunos ushbu voqeadan avvalroq Isoni hibsga olish uchun yuborilgan odamlar ham ma’bad soqchilari bo‘lishganiga ishonadi. (Yuhan. 7:32, 45, 46) Keyinchalik ma’bad soqchilari va ularning nazoratchisi Isoning shogirdlarini Oliy Kengashga olib kelish uchun yuborilgan edi. Shuningdek, Pavlusni ma’baddan tashqariga sudrab chiqarganlar ham ma’bad soqchilari bo‘lishganga o‘xshaydi. (Havor. 4:1–3; 5:17–27; 21:27–30)