Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

«Biz boramiz! Bizni yubor!»

«Biz boramiz! Bizni yubor!»

Ehtiyoj katta bo‘lgan joyga, ehtimol, o‘zga yurtga ko‘chib, xizmatingizni kengaytirishni istaysizmi? Agar shunday bo‘lsa, Bergeym juftligining misoli siz uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Jek va Meri-Layn 1988-yildan beri to‘la vaqtli xizmatda birgalikda qatnashib kelyapti. Ular turli sharoitlarga moslasha oladi hamda Gvadelupa va Fransiya Gvianasida turli vazifalarni bajargan. Mazkur ikkala joy ham hozir Fransiya filiali nazorati ostida. Keling, Jek va Meri-Laynga bir nechta savol beraylik.

To‘la vaqtli xizmatni boshlashga sizni nima undagan?

Meri-Layn: Gvadelupada ulg‘ayar ekanman, ko‘pincha oyim bilan kuni bo‘yi va’z qilardim. U g‘ayratli va’zgo‘y edi. Odamlarni yaxshi ko‘raman, shu sababli 1985-yili maktabni tugatishim bilan kashshoflikni boshladim.

Jek: Yoshligimdanoq xizmatni sevgan to‘la vaqtli xizmatchilar bilan doim hamkorlik qilardim. Maktabda ta’tilga chiqqanda, ko‘makchi kashshoflikni olardim. Dam olish kunlari ba’zida avtobusda kashshoflarga qo‘shilib, ularning hududiga borardik. Kuni bilan va’z qilardik va oxiri sohil bo‘yida dam olardik. O‘sha paytlari maza edi!

1988-yili Meri-Layn bilan oila qurganimizdan ko‘p o‘tmay, o‘zimga shunday dedim: «Erkinmiz, demak ko‘proq xizmat qilishimiz kerak». Xullas, men ham Meri-Layn kabi kashshoflikni oldim. Bir yil o‘tgach, kashshoflar maktabida o‘qidik va biz maxsus kashshof etib tayinlandik. Gvadelupada bizga quvonch keltirgan bir nechta vazifani bajardik. So‘ng bizga Fransiya Gvianasiga ko‘chishni taklif qilishdi.

Yillar davomida vazifalaringiz ko‘p marta o‘zgargan. Yangi sharoitlarga moslashishingizga nima yordam bergan?

Meri-Layn: Fransiya Gvianasi Baytilidagi birodarlar yoqtirgan oyatimiz Ishayo 6:8 ekanini bilishardi. Shu bois, bizni chaqirishganda ko‘pincha hazillashib: «Yoqtirgan oyatingiz esingizdami?» — deyishardi. Shunda bizni yangi vazifa kutayotganini tushunardik. Shu bois: «Biz boramiz! Bizni yubor!» — derdik.

Yangi vazifamizni oldingilari bilan solishtirishdan qochardik. Chunki bu quvonchni yo‘qotishga sabab bo‘lishi mumkin edi. Qolaversa, birodar-u opa-singillar bilan yaqinroq tanishish uchun tashabbus ko‘rsatardik.

Jek: Oldinlari ayrim do‘stlarimiz yaxshi niyatlar ila bizni ko‘chish fikridan qaytarishga urinishgan. Ularga yaqin bo‘lishimizni istashgan. Lekin Gvadelupadan ketganimizda, bitta birodar Isoning Matto 13:38 dagi «dala — dunyo» degan so‘zlarini eslatgan. Shuning uchun vazifamiz o‘zgarganida, qayerda bo‘lmaylik, o‘sha-o‘sha dalada xizmat qilayotganimizni o‘zimizga eslatamiz. Axir eng muhimi odamlar va hudud-ku!

Yangi hududga kelganimizda, boshqalar bu yerda baxtiyor yashayotganining guvohi bo‘lamiz. Shunga mahalliy aholi kabi yashashga harakat qilamiz. Oziq-ovqati farq qilishi mumkin, ammo sog‘lik borasida o‘rinli choralar ko‘rgan holda, ular yegan narsani yeyishga va ichganini ichishga intilamiz. Har bir vazifamiz to‘g‘risida ijobiy gapirishga harakat qilamiz.

Meri-Layn: Mahalliy imondoshlardan ham ko‘p narsani o‘rganamiz. Masalan, Fransiya Gvianasiga ilk bor kelganimni eslayman. Qattiq yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Shu bois, yomg‘ir tingach va’zgo‘ylikka chiqamiz, deb o‘yladik. Lekin bir opamiz mendan: «Ketdikmi?» — deb so‘radi. Men hayron qolib: «Qanaqasiga?»— dedim. U bo‘lsa: «Soyaboningizni oling. Velosipedda boramiz»,— dedi. Shunday qilib bir vaqtning o‘zida ham soyabon ushlashni, ham velosiped haydashni o‘rgandim. Aks holda, yomg‘ir mavsumida xizmatga chiqa olmagan bo‘lardim!

Taxminan 15-marta ko‘chgansiz. Ko‘chish borasida boshqalarga qanday maslahatlar bera olasiz?

Meri-Layn: Ko‘chish qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Lekin xizmatdan keyin o‘zingizni bemalol his eta oladigan joy topishingiz muhim.

Jek: Odatda yangi uyimizning ichki qismini bo‘yab chiqardim. Filialdagi birodarlar u yerda uzoq vaqt qolmasligimiz mumkinligini tushunib, gohida shunday deyishardi: «Jek, bu uyni bo‘yamang!»

Meri-Layn narsalarni joylash borasida ustasi farang! U barcha narsani qutilarga joylab, «vannaxona», «yotoqxona», «oshxona» va shunga o‘xshash yozuvlar qo‘yib chiqadi. Yangi uyimizga kelganimizda, qutilarni tezda kerakli xonaga joylashtiramiz. Kerakli narsani osonlikcha topa olishimiz uchun u har bir qutiga ichida nima borligini yozib qo‘yadi.

Meri-Layn: Tartibli bo‘lishga o‘rganganimiz tufayli xizmatga tezda kirishib keta olamiz.

«Xizmatingni to‘la ado et» degan so‘zlarga amal qilish uchun qanday jadval tuzasiz? (2 Tim. 4:5)

Meri-Layn: Dushanba kunlari dam olamiz va yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘ramiz. Seshanbadan boshlab xizmatga chiqamiz.

Jek: Garchi biz uchun soat normasi belgilangan bo‘lsa-da, bu bilan chegaralanib qolmaymiz. Xizmat hayotimizda markaziy o‘rinni egallaydi. Uydan chiqib ketganimizdan boshlab to qaytib kelgunimizcha, barchaga va’z qilishga harakat qilamiz.

Meri-Layn: Masalan, tabiat qo‘yniga chiqqanimizda, doim o‘zim bilan buklamalar olaman. Ba’zida hatto Yahovaning Shohidlari ekanimizni aytmasak ham, odamlar bizga murojaat qilib adabiyotlarimizni so‘raydi. Shu bois, kiyimimiz va xulqimiz o‘rinli bo‘lishiga diqqat qaratamiz. Odamlar bunday narsalarni sezadi.

Jek: Qo‘shnilarimizga yaxshiliklar qilib ham shohidlik berishga intilamiz. Misol uchun, uyimiz atrofidagi qog‘oz va axlatni yig‘aman, ko‘chani barglardan tozalayman. Qo‘shnilarimiz buni sezadi va gohida: «Balki biz uchun Muqaddas Kitobingiz ham bordir?» — deyishadi.

Ko‘pincha olis hududlarda xizmat qilgansiz. Shu safarlardan birida bo‘lgan qaysi voqea esingizda qolgan?

Jek: Gviananing ayrim hududlariga yetib borish qiyin. Ko‘pincha g‘adir-budur yo‘llardan yurib, bir hafta ichida 600 kilometr masofani bosib o‘tamiz. Amazonka o‘rmonidagi Sen-Eli qishlog‘iga borganimiz unutilmas voqea bo‘lgan. U yerga yetib borish uchun bir necha soat ketdi. Yo‘l tanlamas avtomobil va motorli qayiqdan foydalandik. U yerdagi aksariyat aholi oltin qidiruvchilar edi. Adabiyotlarimiz uchun minnatdorchilik bildirish maqsadida, ba’zilar xayr-ehson sifatida sof oltinning kichik bo‘lakchalarini berishdi. Oqshomda ularga tashkilotimiz videolarini ko‘rsatdik. Mahalliy aholining ko‘pi tashrif buyurdi.

Meri-Layn: Yaqinda Jekdan Kamopi qishlog‘ida Qutlug‘ Kechlik nutqini aytishni so‘rashdi. U yerga Oyapok daryosi bo‘ylab to‘rt soat motor qayiqda suzib yetib oldik. Bu taassurotli voqea bo‘lgan!

Jek: Daryoning suv yuqori bo‘lgan qismlarida uning tez oqadigan joyi juda xavfli bo‘lishi mumkin edi. Sizni ishontirib aytamanki, bunday tez oqimlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish odamni esankiratib qo‘yadi. Qayiqchi qayiqni yo‘naltira olish uchun mahoratli bo‘lishi kerak. Lekin bu ajoyib bo‘lgan. Garchi u yerda atigi 6 ta Shohid bo‘lsa-da, Qutlug‘ Kechlik marosimiga taxminan 50 ta odam, jumladan, Amerika hindulari tashrif buyurgan.

Meri-Layn: Yahovaga ko‘proq berishni istagan yoshlarni shunday ajoyib voqealar kutmoqda. Bunday vaziyatlarda Yahovaga tayanishingiz kerak va imoningiz mustahkamlanadi. Yahova bizga yordam berganining tez-tez guvohi bo‘lamiz.

Bir nechta tilni o‘rgangansiz. Siz uchun bu osonmi?

Jek: Yo‘q. Ehtiyoj bo‘lgani uchun tillarni o‘rganganman. Hatto Muqaddas Kitob qiroati topshirilmasidan avval, menga sranan-tongo tilida * «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqini o‘tkazish vazifasi berildi. Keyin birodardan meni tushundimi yo‘qmi so‘radim. U: «Ba’zi so‘zlarni tushunmadik, lekin juda yaxshi bajardingiz»,— dedi. Bolalar menga ancha yordam berdi. Xato qilganimda, ular buni aytishardi. Biroq kattalar bunday qilmasdi. Yoshlardan ko‘p narsani o‘rgandim.

Meri-Layn: Hududimizda fransuz, portugal va sranan-tongo tillarida tadqiq o‘tkazardim. Bir opa tadqiqni men uchun eng qiyin bo‘lgan tilda boshlashni va tushunishim uchun eng oson bo‘lgan tilda tugatishni maslahat berdi. Tez orada bu dono maslahat bo‘lganini tushundim.

Bir kuni sranan-tongo va portugal tillarida tadqiq o‘tkazishim kerak edi. Ikkinchi tadqiqni boshlaganimda, opamiz menga: «Meri-Layn, menimcha, qandaydir muammo bor!» — dedi. O‘shanda braziliyalik ayolga portugal tilida gapirishning o‘rniga, sranan-tongo tilida gapirayotgan ekanman!

Sizlar bilan xizmat qilganlar sizlarni juda qadrlaydi. Qanday qilib imondoshlar bilan yaqin bo‘la oldingiz?

Jek: Hikmatlar 11:25 da: «Saxiy inson ravnaq topadi»,— deyilgan. Boshqalar bilan vaqt o‘tkazish va ular uchun biron nima qilishdan tortinmaymiz. Yig‘ilish zallarini ta’mirlash ishlariga kelsak, ba’zilar menga: «Buni va’zgo‘ylar qilsin»,— deyishadi. Shunda: «Ha, men ham va’zgo‘yman. Qandaydir ish qilish kerak bo‘lsa, men tayyorman»,— deb javob qaytaraman. O‘zimiz uchun vaqt ajratishimiz kerak bo‘lsa-da, bu bizni boshqalar uchun yaxshiliklar qilishdan to‘xtatmasligi kerakligini o‘zimizga tez-tez eslatamiz.

Meri-Layn: Birodar-u opa-singillarimizga shaxsiy qiziqish ko‘rsatishga harakat qilamiz. Shunday qilib kimning bolalariga qarab turish yoki maktabdan olib kelish kerakligini bilib olamiz. Shunda ularga ko‘maklashish uchun rejalarimizni qayta ko‘rib chiqishimiz mumkin. Boshqalar muhtoj bo‘lganda, ularga yordamlashishga tayyor bo‘lish orqali ular bilan yaqin munosabatlarni rivojlantiramiz.

Ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilib qanday barakalar oldingiz?

Jek: To‘la vaqtli xizmat hayotimizni boyitdi. Ko‘pincha tabiat qo‘yniga chiqib, Yahovaning turli-tuman ijodlaridan zavq olardik. Qiyinchiliklar bo‘lgan bo‘lsa-da, qalbimizda tinchlik hukm suradi, chunki qayerda bo‘lmaylik, Xudoning xizmatchilari bizni qo‘llab-quvvatlashini bilamiz.

Yoshligimda harbiy xizmatdan bosh tortganim uchun Fransiya Gvianasida qamoqqa tashlangan edim. Bir kun kelib bu yerga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida qaytishimni va mahbuslarga va’z qila olishimni hatto tasavvur qilmagan edim! Ha, Yahova saxiylik bilan baraka beradi!

Meri-Layn: O‘zimni boshqalar uchun taqdim etish menga ulkan quvonch bag‘ishlaydi. Yahovaga xizmat qilishdan baxtiyormiz. Bu tufayli nikohimiz ham mustahkamlandi. Ba’zida Jek tushkunlikda bo‘lgan juftlikni ovqatga taklif qilish haqida so‘raydi. Ko‘pincha: «Men ham aynan shu haqida o‘ylayotgandim!» — deyman. Ikkovimiz bir xil narsa haqida o‘ylagan bo‘lamiz.

Jek: Yaqinda menga prostata saratoni tashxisi qo‘yildi. Meri-Layn buni eshitishni yoqtirmasa-da, unga shunday dedim: «Azizam, ertaga o‘lishimga to‘g‘ri kelsa, “uzoq umr” ko‘rmay ketgan bo‘laman. Lekin hayotdan mamnun bo‘lib ketgan bo‘laman, sababi hayotim ma’naviy va arzigulik ishlarga to‘la!» (Ibt. 25:8)

Meri-Layn: Yahova biz uchun kutilmagan eshiklarni ochdi va tasavvur qilganimizdan ham ko‘prog‘ini qilishimizga yo‘l qo‘ydi. Hayotimiz ajoyib barakalarga to‘la. Xudoga butkul ishonib shuni aytamizki, Uning tashkiloti bizni qayerga tayinlamasin, o‘sha yerga borishga tayyormiz!

^ 32- x.b. Sranan-tongo ingliz, nemis, portugal va Afrika tillarining qo‘shilishi natijasida qullar orasida paydo bo‘lgan til.