Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-TADQIQ MAQOLASI

«Sizlarni do‘stlarim deb atayman»

«Sizlarni do‘stlarim deb atayman»

Sizlarni do‘stlarim deb atayman, zero Otamdan nimaiki eshitgan bo‘lsam, barchasini sizlarga oshkor etdim. YUHAN. 15:15

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

BU MAQOLADA *

1. Biron kishi bilan yaqin do‘st bo‘lish uchun nima qilasiz?

ODATDA kishi bilan yaqin do‘stlikni rivojlantirish uchun qo‘yiladigan birinchi qadam u bilan vaqt o‘tkazishdir. U bilan suhbatlashib o‘y-fikrlaringiz-u his-tuyg‘ularingizni bo‘lishar ekansiz, do‘stlik rishtalari ildiz otadi. Biroq Iso bilan yaqin do‘st bo‘lishga kelganda, qiyinchiliklarga duch kelamiz. Xo‘sh, ularning ba’zilari qanday?

2. Biz duch keladigan birinchi qiyinchilik qanday?

2 Birinchi qiyinchilik — biz Isoni shaxsan ko‘rmaganmiz. Birinchi asrdagi ko‘pgina masihiylar shunday qiyinchilikka duch kelishgan. Ammo havoriy Butrus: «Masihni hech qachon ko‘rmagan bo‘lsangiz-da, uni sevasizlar. Hozir ham ko‘rmayotganingizga qaramay, unga ishonasizlar»,— deb yozgan. (1 Butr. 1:8) Ha, Isoni ko‘rmay turib ham uning do‘stlari bo‘lishning imkoni bor.

3. Biz duch keladigan ikkinchi qiyinchilik qanday?

3 Ikkinchi qiyinchilik — Iso bilan gaplasha olmaymiz. Ibodat qilganimizda, Yahova bilan suhbatlashamiz. To‘g‘ri, Isoning nomidan ibodat qilamiz, lekin u bilan gaplashmaymiz. Darvoqe, Iso unga ibodat qilishimizni istamaydi. Nega? Boisi, ibodat ham topinishning bir shakli va biz faqatgina Yahovaga sajda qilishimiz zarur. (Mat. 4:10) Ammo shunda ham Isoga bo‘lgan sevgimizni ko‘rsata olamiz.

4. Uchinchi qiyinchilik qanday va bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

4 Uchinchi qiyinchilik — Iso osmonda yashagani tufayli u bilan tom ma’noda vaqt o‘tkaza olmasligimiz. Ammo uning yonida bo‘lmasdan turib ham, uni tanib-bilishimiz mumkin. Iso bilan munosabatlarimizni mustahkamlashga yordam beradigan to‘rtta narsani ko‘rib chiqamiz. Lekin avval Iso bilan yaqin do‘st bo‘lish nega muhim ekaniga diqqat qarataylik.

NEGA ISONING DO‘STI BO‘LISHIMIZ KERAK?

5. Nima uchun Iso bilan do‘st bo‘lishimiz kerak? (« Iso bilan do‘stlik Yahova bilan do‘stlikka yetaklaydi» va « Isoga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lish» nomli ramkalarga qarang.)

5 Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishni istasak, Iso bilan do‘st tutinishimiz darkor. Nima uchun? Buning faqatgina ikkita sababiga diqqat qarataylik. Birinchidan, Iso shogirdlariga shunday degan: «Otam sizlarni sevadi, chunki sizlar meni sevdingiz». (Yuhan. 16:27) Qolaversa, u: «Mensiz hech kim Otamning oldiga kela olmaydi»,— deb aytgan. (Yuhan. 14:6) Iso bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirmay turib Yahova bilan do‘st bo‘lishga intilish binoga eshikdan foydalanmay kirishga o‘xshaydi. Iso ham o‘zi haqida quyidagicha degan: «Men qo‘ylar uchun eshikman». (Yuhan. 10:7) Ikkinchidan, Iso Otasining fazilatlarini mukammal darajada aks ettirgan. U shogirdlariga: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi»,— degan. (Yuhan. 14:9) Shunday ekan, Yahova to‘g‘risida bilib olishning muhim yo‘li Isoning hayotini o‘rganib chiqishdir. Iso haqida bilib olganimiz sayin, unga bo‘lgan sevgimiz kuchayadi. U bilan bo‘lgan do‘stlik rishtalari mustahkamlangani sayin esa, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz oshadi.

6. Iso bilan do‘st bo‘lishimiz kerakligining yana bir sababi qanday? Tushuntiring.

6 Ibodatlarimizga javob olish uchun Iso bilan do‘st bo‘lishimiz lozim. Bu shunchaki ibodatda rasmiyatchilik uchun «Iso nomidan» deb aytishdan ko‘proq narsani anglatadi. Yahova ibodatlarimizga javob berishda Isodan qanday foydalanishini tushunishimiz lozim. Iso havoriylariga quyidagicha degan: «Mening nomimdan nimaiki tilasangiz, uni bajo keltiraman». (Yuhan. 14:13) To‘g‘ri, faqat Yahova ibodatlarimizni tinglab, ularga javob beradi. Lekin U chiqargan qarorlarini bajarish vazifasini Isoga topshirgan. (Mat. 28:18) Shunday qilib, Xudo ibodatlarimizga javob berishdan avval Isoning maslahatiga amal qilgan yo qilmaganimizga diqqat qaratadi. Masalan, Iso shunday degan: «Boshqalarning xatolarini kechirsangiz, samoviy Otangiz ham sizlarni kechiradi. Agar kechirmasangiz, unda Otangiz ham xatolaringizni kechirmaydi». (Mat. 6:14, 15) Darhaqiqat, biz ham boshqalarga Yahova hamda Iso kabi munosabatda bo‘lishimiz juda muhim!

7. Isoning to‘lov qurbonligidan kimlar foyda oladi?

7 Iso bilan yaqin do‘st bo‘lganlargina uning to‘lov qurbonligidan foyda oladi. Buni qayerdan bilamiz? Iso «o‘z do‘stlari uchun jonini berishini» aytgan. (Yuhan. 15:13) Iso yer yuziga kelishidan avval yashagan sadoqatli kishilar kelajakda u haqida o‘rganib, unga nisbatan sevgini rivojlantirishlari kerak bo‘ladi. Ibrohim, Sora, Muso va Rahoba kabi erkag-u ayollar tiriladi. Yahovaning hatto shunday adolatli xizmatchilari ham abadiy hayotga erishish uchun Iso bilan do‘st tutinishlari kerak bo‘ladi. (Yuhan. 17:3; Havor. 24:15; Ibron. 11:8–12, 24–26, 31)

8–9. Yuhanno 15:4, 5 ga ko‘ra, Iso bilan do‘st bo‘lish tufayli nimaga erisha olamiz va nega bu muhim?

8 Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilishda va ta’lim berishda Iso bilan hamkorlik qilib quvonchga to‘lamiz. Iso yer yuzida yashaganida ustoz bo‘lgan. Osmonga qaytganidan beri Iso jamoat boshi sifatida va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishini boshqarishda davom etyapti. Imkon qadar ko‘proq odamga u hamda Yahova to‘g‘risida bilib olishga yordam berish uchun qilayotgan harakatlaringizni u ko‘radi va qadrlaydi. Darhaqiqat, bu ishni faqatgina Yahova hamda Isoning yordami bilan uddalay olamiz. (Yuhanno 15:4, 5 ni o‘qing.)

9 Xudoning Kalomidan shuni aniq ko‘ryapmizki, Yahovaga ma’qul kelish uchun Isoga nisbatan sevgini rivojlantirishimiz zarur. Shunday ekan, keling, Isoning do‘sti bo‘la olishimizga yordam beradigan to‘rtta narsani ko‘rib chiqaylik.

QAY YO‘SIN ISO BILAN DO‘ST BO‘LA OLAMIZ?

1) Isoni tanib-bilish, 2) uning fikrlash tarziga va ishlariga taqlid qilish, 3) Masihning birodarlarini va 4) jamoatning qarorlarini qo‘llab-quvvatlash orqali Isoning do‘sti bo‘la olasiz (10–14-xatboshilariga qarang.) *

10. Iso bilan do‘st bo‘lish uchun qo‘yishimiz kerak bo‘lgan birinchi qadam qanday?

10 Birinchidan, Isoni tanib-biling. Muqaddas Yozuvlardagi Matto, Mark, Luqo va Yuhanno kitoblarini o‘qib, Isoni tanib-bilishimiz mumkin. Isoning hayoti haqidagi Muqaddas Kitob bayonotlari ustida mulohaza qilar ekanmiz, u odamlarga mehr ila muomala qilganini ko‘rib, unga bo‘lgan sevgimiz rivojlanadi va uni hurmat qila boshlaymiz. Masalan, garchi u Xo‘jayin bo‘lgan bo‘lsa-da, shogirdlariga qullarday munosabatda bo‘lmagan. Aksincha, u ular bilan o‘y-fikrlari va tuyg‘ularini bo‘lishgan. (Yuhan. 15:15) Iso ularning dardiga sherik bo‘lgan va ular bilan yig‘lagan. (Yuhan. 11:32–36) Hatto dushmanlari ham Isoning xabarini qabul qilganlar uning do‘stlariga aylanganini ko‘rishgan. (Mat. 11:19) Iso shogirdlariga qanday muomala qilganiga taqlid qilsak, boshqalar bilan munosabatlarimiz yaxshilanadi, o‘zimizni baxtliroq his etamiz hamda Masihga bo‘lgan sevgimiz-u hurmatimiz oshadi.

11. Iso bilan do‘st bo‘lish uchun qo‘yishimiz kerak bo‘lgan ikkinchi qadam qanday va nega u muhim?

11 Ikkinchidan, Isoning fikrlash tarziga va ishlariga taqlid qiling. Isoning fikrlash tarzini qanchalik yaxshi bilib, unga taqlid qilsak, u bilan do‘stlik rishtalarimiz shunchalik yaqin bo‘ladi. (1 Kor. 2:16) Xo‘sh, Isoga qanday taqlid qila olamiz? Birgina misol ustida fikr yuritib ko‘ring. Iso faqat o‘z manfaatini ko‘zlamay, boshqalarga yordam berish haqida ko‘proq o‘ylagan. (Mat. 20:28; Rim. 15:1–3) Bu uning fikrlash tarziga aylangani uchun u fidoyi va kechirimli bo‘lgan. Iso odamlar u haqida aytayotgan gaplardan tezda xafa bo‘lmagan. (Yuhan. 1:46, 47) Iso odamning o‘tmishda qilgan xatosi tufayli u haqida yomon fikrga bormagan. (1 Tim. 1:12–14) U: «Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi», — degan. (Yuhan. 13:35) O‘zingizga quyidagicha savol bersangiz yaxshi bo‘lardi: «Isoning o‘rnagiga taqlid qilib, birodar-u opa-singillar bilan tinchlikni saqlash uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilyapmanmi?»

12. Iso bilan do‘st bo‘lish uchun qo‘yishimiz kerak bo‘lgan uchinchi qadam qanday va qay yo‘sin uni qo‘ya olamiz?

12 Uchinchidan, Masihning birodarlarini qo‘llab-quvvatlang. Isoning moylangan birodarlari uchun qilayotgan harakatlarimizni u o‘zi uchun qilingan ishday qabul qiladi. (Mat. 25:34–40) Moylanganlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘li, Iso izdoshlariga topshirgan Shohlik haqida va’z qilish va shogird tayyorlash ishida to‘laqonli qatnashishdir. (Mat. 28:19, 20; Havor. 10:42) Masihning birodarlari «boshqa qo‘ylarning» yordami bilangina jahon aro olib borilayotgan ulkan va’zgo‘ylik ishini amalga oshira oladi. (Yuhan. 10:16) Boshqa qo‘ylardan bo‘lsangiz, har safar bu ishda qatnashib nafaqat moylanganlarni, balki Isoni ham sevishingizni ko‘rsatasiz.

13. Isoning Luqo 16:9 dagi maslahatiga qay yo‘sin amal qila olamiz?

13 Bundan tashqari, Yahova hamda Iso olib borayotgan ishni qo‘llab-quvvatlash uchun xayr-ehson qilish orqali ular bilan do‘st bo‘la olamiz. (Luqo 16:9 ni o‘qing.) Masalan, olis hududlarda xushxabarni va’z qilish, haq topinish uchun qo‘llaniladigan binolarni qurish va ularni yaxshi holatda saqlash hamda tabiiy ofat yoki baxtsiz hodisalardan zarar ko‘rganlarga moddiy yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oladigan umumjahon faoliyatga xayr-ehson qilsak bo‘ladi. Shuningdek, o‘z jamoatimizni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlashimiz va kimdir muhtojlikda ekanini bilsak, unga yordam berishimiz mumkin. (Hik. 19:17) Bunday yo‘l tutib Masihning birodarlarini qo‘llab-quvvatlay olamiz.

14. Efesliklarga 4:15, 16 ga binoan, Iso bilan do‘st bo‘lish uchun qo‘yishimiz kerak bo‘lgan to‘rtinchi qadam qanday?

14 To‘rtinchidan, masihiylar jamoatining qarorlarini qo‘llab-quvvatlang. Bizga g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlanganlar bilan hamkorlik qilganimizda, jamoat boshi bo‘lmish Iso bilan do‘stligimiz yanada mustahkamlanadi. (Efesliklarga 4:15, 16 ni o‘qing.) Masalan, hozirda barcha Yig‘ilish zallaridan to‘laqonli foydalanishga harakat qilyapmiz. Shu bois, ba’zi jamoatlar boshqalari bilan birlashtirildi va hududlar qaytadan bo‘lindi. Bunday o‘zgarishlar tufayli anchagina xayr-ehson tejab qolindi. Lekin shu bilan birga ayrim va’zgo‘ylar yangi sharoitlarga moslashishiga to‘g‘ri keldi. Balki o‘sha sadoqatli va’zgo‘ylar ko‘p yillar davomida muayyan jamoatda xizmat qilib, u yerdagi birodar-u opa-singillarga bog‘lanib qolishgandir. Endi esa ulardan boshqa jamoatda xizmat qilishni so‘rashdi. Iso bu qarorni qo‘llab-quvvatlayotgan sadoqatli shogirdlarni ko‘rishdan juda mamnun!

ISONING ABADIY DO‘STLARI

15. Qay yo‘sin kelajakda Iso bilan do‘stligimiz qalinlashadi?

15 Muqaddas ruh ila moylanganlar Xudoning Shohligida Iso bilan boshqarishadi. Ular Isoning yonida bo‘lish, ya’ni abadiyat davomida uni ko‘rish, u bilan suhbatlashish va birga vaqt o‘tkazish umidiga ega. (Yuhan. 14:2, 3) Yer yuzida yashashga umid qilayotganlar ham Isoning sevgisi-yu e’tiborini o‘zlarida his etishadi. Garchi ular Isoni ko‘rishmasa-da, Yahova hamda u taqdim etgan abadiy hayotdan zavq olib yashar ekan, ularning Iso bilan bo‘lgan do‘stligi qalinlashadi. (Ishayo 9:6, 7)

16. Iso bilan do‘st bo‘lish tufayli nimalarga erishamiz?

16 Isoning do‘stlari bo‘lish taklifini qabul qilganimizda, ko‘pgina barakalarga erishamiz. Masalan, hozirning o‘zida uning sevgisi va yordamini his etyapmiz. Abadiy yashash istiqboliga egamiz. Eng asosiysi Iso bilan do‘st bo‘lish uning Otasi Yahova bilan yaqin va shaxsiy munosabatlarga ega bo‘lish kabi ajoyib xazinaga yetaklaydi. Ha, Isoning do‘stlari deb atalish katta sharaf!

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

^ 5- x.b. Havoriylar bir necha yil mobaynida Iso bilan suhbatlashib, hamkorlik qilib, uning do‘stlariga aylanishgan. Iso biz ham uning do‘stlari bo‘lishimizni istaydi. Lekin biz havoriylar duch kelmagan qiyinchiliklarni yengishimiz lozim. Ushbu maqolada bunday qiyinchiliklardan ayrimlarini muhokama qilamiz. Shuningdek, qay yo‘sin Isoning yaqin do‘stlari bo‘lishimiz va bu do‘stlikni saqlab qolishimizga asqatadigan maslahatlarni bilib olamiz.

^ 55- x.b. RASMGA SHARHLAR. 1. Oilaviy topinish paytida Isoning hayoti va xizmatini tadqiq qilishimiz mumkin. 2. Jamoatda boshqalar bilan tinchlikni saqlashga intilsak bo‘ladi. 3. Xizmatda to‘laqonli qatnashib Masihning birodarlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. 4. Jamoatlar birlashtirilganda oqsoqollarning qarorlarini qo‘llab-quvvatlasak bo‘ladi.