Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-TADQIQ MAQOLASI

Xudoning hadyalari uchun minnatdormisiz?

Xudoning hadyalari uchun minnatdormisiz?

Qilgan ishlaring behisobdir, ey, Allohim Yahova, ajoyib ishlaring-u bizga qaratilgan niyatlaring ko‘pdan-ko‘pdir. ZAB. 40:5

5-QO‘SHIQ Allohning ajoyib ishlari

BU MAQOLADA *

1, 2. Zabur 40:5 ga ko‘ra, Yahova bizga qanday hadyalarni taqdim etdi va nega ularni muhokama qilamiz?

YAHOVA saxiy Xudodir. U bizga taqdim etgan hadyalarning ayrimlari haqida bir o‘ylab ko‘ring: go‘zal va noyob uyimiz bo‘lmish Yer sayyorasi; qoyilmaqom qilib yaratilgan miyamiz; Xudoning bebaho Kalomi — Muqaddas Kitob. Mazkur uchta hadyasi orqali Yahova yashashimiz uchun joy taqdim etdi, fikr yuritish va muloqot qilish qobiliyatini ato etdi hamda bizda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng muhim savollarga javob berdi. (Zabur 40:5 ni o‘qing.)

2 Mazkur maqolada ushbu uchta hadyani qisqacha muhokama qilamiz. Ular ustida qancha ko‘p mulohaza yuritsak, ular uchun minnatdorchiligimiz shuncha oshadi. Bundan tashqari, sevuvchi Yaratuvchimiz Yahovani mamnun qilish istagimiz yanada kuchayadi. (Vah. 4:11) Shuningdek, evolyutsiya nazariyasiga aldangan va ishonadigan odamlar bilan samaraliroq muzokara qila olamiz.

NOYOB SAYYORAMIZ

3. Nima uchun Yer sayyorasi noyob?

3 Uyimiz bo‘lmish yer yuzi qanday yaratilganidan Xudoning donoligi aniq ko‘rinmoqda. (Rim. 1:20; Ibron. 3:4) Quyosh atrofida boshqa sayyoralar ham aylanadi, ammo inson yashay olishi uchun kerakli sharoitlar yer yuzida bo‘lgani tufayli u noyobdir.

4. Nima sababdan Yer sayyorasi har qanday kemadan yaxshiroq, deb ayta olamiz?

4 Qaysidir ma’noda koinotdagi Yer sayyorasini ummondagi kemaga o‘xshatsa bo‘ladi. Lekin odam to‘la kema va Yer sayyoramiz o‘rtasida muhim farqlar bor. Masalan, tom ma’nodagi kemadagilar o‘zlari kislorod, oziq-ovqat va suv ishlab chiqarishi kerak bo‘lsa, chiqindini esa kema tashqarisiga tashlashning iloji bo‘lmasa, ular qanchagacha yashay oladi? Ko‘p o‘tmay kemadagilar halok bo‘ladi. Bundan farqli ravishda, yer yuzi milliardlab tirik mavjudotlarni hayot bilan ta’minlaydi. U biz muhtoj bo‘lgan kislorod, oziq-ovqat va suvni ishlab chiqaradi hamda bu narsalarning bari doim yetarlichadir. Uning chiqindilari koinotga tashlanmaydi, shunga qaramay, yer yuzi go‘zal bo‘lib qolmoqda va yashash uchun sharoit mavjud. Xo‘sh, buning qanday iloji bor? Yahova Yerni o‘z resurslarini qayta ishlash imkoniyati bilan yaratgan. Keling, kislorod qayta hosil bo‘lishi va suv aylanishida Yahovaning donoligi qanday aks etganini qisqacha ko‘rib chiqamiz.

5. Kislorodning qayta hosil bo‘lish jarayoni qanday yuz beradi va bu nimani tasdiqlamoqda?

5 Kislorod odamlar va hayvonlar yashashi uchun kerak bo‘lgan gazdir. Hisobotlarga ko‘ra, tirik mavjudotlar nafas olganda har yili yuz milliard tonna kislorod yutadi. Xuddi shu mavjudotlar nafas chiqarganida karbonat angidrid deb nomlangan gaz hosil bo‘ladi. Biroq bu tirik mavjudotlar hech qachon bor kislorodni yutib yubormaydi, atmosfera esa «chiqindi» gazi — karbonat angidrid — bilan ifloslanib ketmaydi. Nima uchun? Boisi, Yahova karbonat angidridni yutib kislorod chiqaradigan boshqa organizmlarni — ulkan daraxtlardan tortib mayda suv o‘tlarigacha — yaratgan. Darhaqiqat, kislorod qayta hosil bo‘lishi Havoriylar 17:24, 25 dagi Alloh «hammaga hayot, nafas» berib kelayotgani to‘g‘risidagi so‘zlarni tasdiqlamoqda.

6. Suv aylanish jarayoni qanday yuz beradi va bu nimani tasdiqlamoqda? (« Suv aylanish jarayoni Yahovaning hadyasidir» nomli ramkaga qarang.)

6 Yer sayyoramiz quyoshdan kerakli masofada joylashgani tufayli bu yerda suv suyuq holatda mavjuddir. Bordi-yu, u quyoshga ozgina yaqin bo‘lganida, suv bug‘lanib ketardi va yer yuzi issiq hamda quruq bo‘lib, hayot mavjud bo‘lmasdi. Yer yuzi quyoshdan ozgina uzoqda bo‘lganida, suv muzlab qolardi va sayyoramiz bahaybat muz shariga aylangan bo‘lardi. Yahova Yerni kerakli masofada joylashtirgani uchun undagi suv aylanishi hayotni ta’minlaydi. Quyosh ummonlardagi va yer yuzidagi suvlarni isitadi. Qolaversa, bulut hosil bo‘lishi uchun suvlarni bug‘lantiradi. Har yili bug‘lanadigan suv miqdori uzunligi, kengligi va chuqurligi 1 kilometrga yetadigan 500 000 ta hovuzni to‘ldirishi mumkin. Bug‘langan suv yomg‘ir yoki qor ko‘rinishida yerga tushishidan avval taxminan o‘n kun davomida atmosferada bo‘ladi. Oxiri suv ummon va boshqa suv havzalariga qayta tushadi va bu jarayon takrorlanadi. Yahova yer yuzida suv doim mavjud bo‘lishi uchun mazkur jarayonni yaratdi. Bu Yahova ham dono, ham qudratli ekanini tasdiqlamoqda. (Ayub 36:27, 28; Voiz 1:7)

7. Zabur 115:16 da tilga olingan hadya uchun minnatdorchilik bildirishning ba’zi yo‘llari qanday?

7 Ajoyib sayyoramiz va undagi barcha yaxshi narsalar uchun qay yo‘sin yanada minnatdor bo‘la olamiz? (Zabur 115:16 ni o‘qing.) Buning bir yo‘li Yahova yaratgan narsalar ustida mulohaza yuritishdir. Bu Yahova berayotgan barcha yaxshi narsalar uchun bizni har kuni Unga minnatdorchilik bildirishga undaydi. Bundan tashqari, yashayotgan hududimizni iloji boricha toza saqlab yer yuzini qadrlayotganimizni ko‘rsata olamiz.

NOYOB MIYAMIZ

8. Nima uchun miyani muhandislik sohasidagi mo‘jiza, deb ayta olamiz?

8 Odam miyasi muhandislik sohasidagi mo‘jizadir. Onaning bachadonida homilaning miyasi oldindan belgilangan rejaga binoan shakllanadi va har daqiqada minglab yangi miya hujayralari paydo bo‘ladi. Tadqiqotchilarning aytishicha, katta odamning miyasida neyronlar deb ataladigan 100 milliardga yaqin hujayra mavjud. Taxminan 1,5 kilogramm chiqadigan miyamiz mazkur hujayralardan tashkil topgan. Miyaning atigi bir nechta ajoyib imkoniyati ustida o‘ylab ko‘ring.

9. Gapirish qobiliyati Xudoning hadyasi ekaniga sizni nima ishontiryapti?

9 Gapirish qobiliyatimiz mo‘jizadir. Gapirganimizda nima yuz berishi ustida bir o‘ylab ko‘ring. Har bir so‘zni aytganingizda miyangiz til, tomoq, lab va ko‘krak qafasidagi deyarli 100 ta mushakni uyg‘unlikda harakatga keltirishi kerak. So‘zlarni aniq talaffuz qilishingiz uchun bu mushaklar muayyan tartibga ko‘ra harakatlanishi zarur. Turli tillarda gapira olish qobiliyati borasida 2019-yili nashr etilgan izlanishlarga binoan, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar muayyan so‘zlarni anglay olishar ekan. Mazkur izlanish tadqiqotchilarning quyidagi taxminini tasdiqladi: biz anglash va tillarni o‘rganish qobiliyati bilan tug‘ilamiz. Darhaqiqat, gapirish qobiliyati Xudoning hadyasidir. (Chiq. 4:11)

10. Xudoning hadyasi bo‘lmish gapirish qobiliyati uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

10 Gapirish qobiliyati uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatishning yo‘llaridan biri — evolyusiya nazariyasiga ishonadiganlarga Xudoga nega e’tiqod qilishimizni tushuntirish. (Zab. 9:1; 1 Butr. 3:15) Bu nazariyani olg‘a suradiganlar yer yuzi va undagi bor narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, deb hisoblaydi. Muqaddas Kitob va ushbu maqoladagi ba’zi fikrlar yordamida samoviy Otamizni himoya qilishimiz va tinglashga tayyor bo‘lganlarga Yahova osmon-u yerni yaratganiga nima uchun amin ekanimizni tushuntirishimiz mumkin. (Zab. 102:25; Ishayo 40:25, 26)

11. Miyamiz ajoyib ekanining sabablaridan biri qanday?

11 Eslab qolish qobiliyatimiz ajoyibdir. O‘tmishda bir yozuvchi inson miyasi 20 millionta kitobga sig‘adigan ma’lumotni eslab qola olishini aytgandi. Lekin hozir biz ancha ko‘proq ma’lumotni eslab qola olamiz, deb hisoblanadi. Ha, odamlarda noyob qobiliyat bor!

12. Axloqiy saboq olish qobiliyati bizni hayvonlardan qanaqasiga ajratib turadi?

12 Yer yuzidagi barcha mavjudotlar orasida faqatgina odamlar o‘tmishdagi voqealarni eslash va ularni tahlil qilish orqali axloqiy saboq olish qobiliyatiga ega. Buning natijasida fikrlash va hayot tarzimizni o‘zgartirishimiz hamda yaxshiroq insonga aylanishimiz mumkin. (1 Kor. 6:9–11; Kolos. 3:9, 10) Shuningdek, yaxshini yomondan ajratish uchun vijdonimizni tarbiyalay olamiz. (Ibron. 5:14) Sevgi, rahm va mehr-shafqat ko‘rsatishga o‘rgana olamiz. Shuningdek, Yahovaning adolatiga taqlid qilishga o‘rganishimiz mumkin.

13. Zabur 77:11, 12 ga binoan, xotira kabi hadyadan qay tarzda foydalanishimiz kerak?

13 Xotira kabi hadya uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatishning yo‘llaridan biri — o‘tmishda Yahova bizga yordam va tasalli berganini yodda saqlashga harakat qilish. Bu tufayli Yahova kelajakda ham bizga yordam berishiga bo‘lgan ishonchimiz mustahkamlanadi. (Zabur 77:11, 12 ni o‘qing; 78:4, 7) Yana bir yo‘li boshqa odamlar bizga qilayotgan yaxshiliklarini unutmaslik va bular uchun minnatdor bo‘lishdir. Tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, minnatdor odamlarda baxtli bo‘lish ehtimoli ko‘proq ekan. Lekin shu bilan birga Yahovaga taqlid qilgan holda ba’zi narsalarni unutsak, yaxshi bo‘lardi. Misol uchun, Yahovaning xotirasi mukammal bo‘lsa-da, tavba qilganimizda U bizni kechiradi va xatolarimizni unutadi. (Zab. 25:7; 130:3, 4) Ko‘nglimizni og‘ritgan kishilar bizdan kechirim so‘raganida, Yahova ularga nisbatan xuddi shunday yo‘l tutishimizni istaydi. (Mat. 6:14; Luqo 17:3, 4)

Miyamizdan Yahovani ulug‘lash yo‘lida foydalanib, bu hadya uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsata olamiz (14- xatboshiga qarang.) *

14. Mo‘jizaviy hadya bo‘lmish miyamiz uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

14 Miyamizdan uni taqdim etgan Shaxsni ulug‘lash yo‘lida foydalanib, bu mo‘jizaviy hadya uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsata olamiz. Ayrimlar miyasidan xudbin istaklarini qondirish — nima yaxshi va nima yomon ekani borasida o‘z me’yorlarini o‘rnatish — uchun foydalanadi. Ammo bizni Yahova yaratgan ekan, Uning me’yorlari biz o‘zimiz uchun o‘rnatadigan har qanday me’yorlardan yaxshiroq deb xulosa qilish oqilonadir. (Rim. 12:1, 2) Uning me’yorlari bo‘yicha yashasak, hayotimizda tinchlik hukm suradi. (Ishayo 48:17, 18) Boz ustiga, yashashimizdan aniq maqsad bor: Yaratuvchimiz va Otamizni ulug‘lashni hamda Uning qalbini quvontirishni istaymiz. (Hik. 27:11)

MUQADDAS KITOB — NOYOB HADYA

15. Qay yo‘sin Muqaddas Kitob Yahovaning odamlarga bo‘lgan sevgisini aks ettirmoqda?

15 Muqaddas Kitob Xudo sevgi ila taqdim etgan hadyadir. Samoviy Otamiz yer yuzidagi farzandlarini juda sevgani uchun insonlarni bu kitobni yozishga ilhomlantirgan. Muqaddas Kitob orqali Yahova bizda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan quyidagi kabi muhim savollarga javob bermoqda: qanday paydo bo‘lganmiz? Hayotning mazmuni nimada? Kelajakda bizni nima kutmoqda? Yahova Uning barcha farzandlari yuqoridagi savollarga javob topishini istaydi. Shu sababli U asrlar davomida odamlarni Muqaddas Kitobni ko‘p tillarga tarjima qilishga undagan. Bugungi kunda Muqaddas Kitob butunlayin yoki qisman 3 000 dan oshiq tilda mavjud. Muqaddas Kitob tarixda eng ko‘p tarjima qilingan va tarqatilgan kitobdir. Odamlar qayerda yashashidan yoki qaysi tilda gapirishidan qat’i nazar, ularning aksariyati Muqaddas Kitobdagi xabarni ona tilida o‘qishi mumkin. (« Muqaddas Kitobni Afrika tillariga o‘girish» nomli ramkaga qarang.)

16. Matto 28:19, 20 ga binoan, Muqaddas Kitob uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

16 Muqaddas Kitobni kunda o‘qib, unda yozilganlar ustida mulohaza yuritib va bilib olganlarimizni amalda qo‘llash uchun jon kuydirib, bu hadya uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsata olamiz. Shuningdek, Muqaddas Kitobdagi xabarni imkon boricha ko‘proq odam bilan bo‘lishib, Xudoga minnatdorchilik bildira olamiz. (Zab. 1:1–3; Mat. 24:14; Matto 28:19, 20 ni o‘qing.)

17. Mazkur maqolada qaysi hadyalarni ko‘rib chiqdik va navbatdagi maqolada nima haqida gap boradi?

17 Ushbu maqolada uyimiz bo‘lmish Yer sayyorasi, qoyilmaqom qilib yaratilgan miyamiz va Xudoning ilhomlantirilgan Kalomi — Muqaddas Kitob kabi Xudoning hadyalarini ko‘rib chiqdik. Lekin Yahova ko‘zga ko‘rinmaydigan boshqa hadyalarni ham bergan. Navbatdagi maqolada ushbu ko‘zga ko‘rinmas xazinalar haqida gap boradi.

12-QO‘SHIQ Buyuk Alloh Yahova

^ 5- x.b. Ushbu maqola Yahovaga hamda U bizga taqdim etgan uchta hadya uchun minnatdorchiligimizni oshiradi. Qolaversa, Xudo mavjud ekanidan shubhalanadiganlar bilan muzokara qilishimizga ko‘maklashadi.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Imondoshimiz muhojirlarga Xudo Kalomidagi haqiqatlarni aytish uchun o‘zga tilni o‘rganyapti.