Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-TADQIQ MAQOLASI

Ko‘zga ko‘rinmaydigan xazinalar uchun minnatdorchilik ko‘rsating

Ko‘zga ko‘rinmaydigan xazinalar uchun minnatdorchilik ko‘rsating

Nigohimiz... ko‘rinmaydigan narsalarga qaratilgan. Chunki ko‘rinadiganlari vaqtinchalik, ko‘rinmaydiganlari esa abadiydir. 2 KOR. 4:18

45-QO‘SHIQ Qalbim o‘ylari

BU MAQOLADA *

1. Iso samoviy xazinalar haqida nima degan?

ENG qimmatbaho xazinalar ko‘zga ko‘rinmaydi. Tog‘dagi va’zida Iso moddiy boyliklardan ancha ustun turuvchi samoviy xazinalar to‘g‘risida aytib o‘tgan. So‘ng u shunday deb qo‘shib qo‘ygan: «Xazinangiz qayerda bo‘lsa, yuragingiz ham o‘sha yerda bo‘ladi». (Mat. 6:19–21) Nimani xazina deb bilsak yoki yuqori qadrlasak, qalbimiz o‘sha narsaning payida bo‘lishga undaydi. Xudo oldida yaxshi nom yoki obro‘ orttirsak, «xazinani osmonda to‘pla»gan bo‘lamiz. Iso tushuntirganidek, bunday xazinalar aslo yo‘q qilinmaydi yoki o‘g‘irlanmaydi.

2. a) 2 Korinfliklarga 4:17, 18 ga binoan, Pavlus bizni nimaga diqqat qaratishga undagan? b) Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

2 Havoriy Pavlus bizni «nigohimiz... ko‘rinmaydigan narsalarga qaratilgan» bo‘lishi kerakligiga undagan. (2 Korinfliklarga 4:17, 18 ni o‘qing.) Ushbu ko‘rinmaydigan xazinalarga biz yangi dunyoda bahramand bo‘ladigan barakalar ham kiradi. Bu maqolada biz hozirning o‘zida foyda olishimiz mumkin bo‘lgan to‘rtta ko‘zga ko‘rinmas xazinani, ya’ni Xudo bilan do‘stlik, ibodat qilish in’omi, muqaddas ruhning ko‘magi hamda xizmatimizda oladigan samoviy madadni muhokama qilamiz. Shuningdek, ushbu ko‘zga ko‘rinmas xazinalar uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsatishimiz mumkinligini ham ko‘rib chiqamiz.

YAHOVA BILAN DO‘STLIK

3. Eng qimmatbaho ko‘zga ko‘rinmas xazina nima va nima tufayli biz unga ega bo‘la olamiz?

3 Eng qimmatbaho ko‘zga ko‘rinmas xazina Xudovand Yahova bilan do‘stlikdir. (Zab. 25:14) Qanaqasiga muqaddas Alloh gunohkor odamlar bilan do‘st bo‘lishi mumkin? Iso «dunyoning gunohini bartaraf etadigan» to‘lov qurbonligini taqdim etgani uchun buning iloji bor. (Yuhan. 1:29) Yahova insoniyat uchun Najotkor yuborish borasidagi niyati albatta amalga oshishini oldindan bilgan. Shu sababli Xudo Masihning o‘limidan oldin yashagan odamlar bilan ham do‘stlasha olgan. (Rim. 3:25)

4. Masihgacha yashab o‘tgan va Xudoning do‘sti bo‘lgan ayrim kishilarning misolini keltiring.

4 Masihgacha yashab o‘tgan va Xudoning do‘sti bo‘lgan ayrim kishilarning misolini ko‘rib chiqaylik. Ibrohim nihoyatda kuchli imonga ega inson bo‘lgan. Ibrohim o‘lganidan 1 000-yildan oshiq vaqt o‘tgach ham Yahova uni «do‘stim» deb atagan. (Ishayo 41:8) Hatto o‘lim ham Yahovani do‘stlaridan ajrata olmaydi. Ibrohim Yahovaning xotirasida tirik. (Luqo 20:37, 38) Boshqa bir misol — Ayub payg‘ambar. Barcha farishtalar osmonda yig‘ilgan paytda Yahova Ayub to‘g‘risida ishonch bilan gapirgan. Yahova u haqida: «Benuqson, to‘g‘ri, xudotars va yomonlikdan uzoq yuradi»,— deb aytgan. (Ayub 1:6–8) Butparastlarning yurtida deyarli 80-yil yashab Xudoga sadoqat ila xizmat qilgan Doniyor haqida-chi, U qanday fikrda bo‘lgan? Uch marotaba farishta ushbu keksa kishini u Xudo uchun «nihoyatda aziz» inson ekaniga ishontirgan. (Don. 9:23; 10:11, 19) Ha, Yahova sevimli do‘stlarini yana hayotga qaytaradigan paytni intiqib kutayotganidan shubhalanmasak ham bo‘ladi. (Ayub 14:15)

Ko‘zga ko‘rinmas xazinalar uchun minnatdorchilik bildirishning ayrim yo‘llari qanday? (5-xatboshiga qarang.) *

5. Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lish uchun nima qilish lozim?

5 Bugungi kunda qancha nomukammal odamlar Yahova bilan yaqin do‘stlikdan bahramand bo‘lyapti? Ularning soni millionlarcha. Dunyo bo‘ylab ko‘plab erkaklar, ayollar va bolalar o‘z xulq-atvori bilan Xudoning do‘sti bo‘lishni istayotganini tasdiqlamoqda. Yahova «to‘g‘ri kishi bilan yaqin do‘st bo‘ladi». (Hik. 3:32) Ular Isoning to‘lov qurbonligiga ishonishgani uchun bunday do‘stlikning iloji bor. Aynan shu to‘lov asosida Yahova mehribonlik ila o‘zimizni Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mishimizga izn bergan. Ushbu muhim qadamlarni qo‘yganimizda, Xudoga bag‘ishlanib suvga cho‘mgan va koinotdagi eng ulug‘ Shaxs bilan «yaqin do‘st»likdan zavq olayotgan millionlab masihiylar qatoriga qo‘shilamiz.

6. Xudo bilan do‘stlikni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

6 Xudo bilan do‘stlikni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? Yuz yildan oshiqroq vaqt davomida Xudoga sadoqatini saqlab qolgan Ibrohim va Ayub singari biz ham Yahovaga bu eski zamonada qancha uzoq xizmat qilmaylik sadoqatimizni saqlab qolishimiz lozim. Doniyor kabi biz ham Xudo bilan do‘stligimizni hayotimizdan ustun qo‘yishimiz kerak. (Don. 6:7, 10, 16, 22) Yahovaning madadi bilan biz duch kelayotgan har qanday qiyinchilikka sabr-bardosh qilib, U bilan yaqin munosabatlarni saqlab qola olamiz. (Filip. 4:13)

IBODAT QILISH IN’OMI

7. a) Hikmatlar 15:8 ga ko‘ra, Yahova ibodatlarimizga qanday munosabatda? b) Yahova ibodatlarimizga qanday javob beradi?

7 Ko‘zga ko‘rinmas yana bir xazina ibodatdir. Yaqin do‘stlar fikrlari hamda tuyg‘ulari haqida gaplashishni yaxshi ko‘rishadi. Yahova bilan do‘stligimiz haqida ham shunday desa bo‘ladimi? Albatta! Yahova bizga O‘z Kalomi orqali gapiradi va fikrlari-yu tuyg‘ularini ochib beradi. Biz esa Unga ibodat orqali gapiramiz va qalbimiz tubidagi fikrlar-u tuyg‘ularimiz bilan bo‘lishamiz. Yahovaga ibodatlarimizni tinglash yoqadi. (Hikmatlar 15:8 ni o‘qing.) Sevuvchi Do‘st sifatida Yahova nafaqat ibodatlarimizni tinglaydi, balki ularga javob ham beradi. Ba’zan javobni tezda olamiz. Ba’zan esa muayyan masala haqida uzoq vaqt ibodat qilishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shunga qaramay, ibodatimizning javobini ayni kerakli paytda va eng a’lo yo‘l bilan olishimizdan shubhalanmasak ham bo‘ladi. To‘g‘ri, Xudoning javobi biz kutganimizdan farq qilishi mumkin. Masalan, qiyinchilikni bartaraf qilish o‘rniga U «chiday olishi»miz uchun donolik va kuch ato etadi. (1 Kor. 10:13)

(8-xatboshiga qarang.) *

8. Ibodat qilishdek bebaho in’om uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

8 Ibodat qilishdek bebaho in’om uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz? Yo‘llaridan biri «tinmay ibodat qilinglar» degan ilohiy maslahatga amal qilishdir. (1 Salon. 5:17) Yahova bizni ibodat qilishga majburlamaydi. Aksincha, U iroda erkinligimizni hurmat qiladi va «doimo ibodat» qilishga undaydi. (Rim. 12:12) Kun davomida tez-tez ibodat qilib bu in’omni qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz. Qolaversa, ibodatlarimizda Yahovaga rahmat aytishimiz va Uni sharaflashimiz darkor. (Zab. 145:2, 3)

9. Bitta birodar ibodat to‘g‘risida nima dedi va siz qanday fikrdasiz?

9 Yahovaga qancha uzoq xizmat qilsak va U ibodatlarimizga javob berayotganini qancha ko‘p kuzatsak, bu in’om uchun minnatdorchiligimiz shuncha ortishi kerak. Misol uchun, so‘nggi 47-yildan beri to‘la vaqt xizmat qilib kelayotgan Kris birodarimizni olaylik. U shunday deydi: «Erta tongdan uyg‘onib Yahovaga ibodat qilish nihoyatda yoqimli. Quyoshning ilk nurlari shudringni porlatayotgan paytda Yahova bilan gaplashish rosa tetiklik baxsh etadi! Bu meni barcha hadyalarini, jumladan, ibodat qilish sharafini bergani uchun Unga minnatdorchilik bildirishga undaydi. Kun oxirida esa ibodat qilib bo‘lgach, toza vijdon bilan uyquga ketish qanchalar yoqimli».

MUQADDAS RUH IN’OMI

10. Nega Xudoning muqaddas ruhini qadrlashimiz kerak?

10 Qadrlashimiz kerak bo‘lgan yana bir ko‘zga ko‘rinmas xazina Xudoning faol qudratidir. Iso bizni doim muqaddas ruh so‘rab ibodat qilishga undagan. (Luqo 11:9, 13) O‘z ruhi orqali Yahova bizga kuch — hatto «insonlarnikidan ustun turgan» kuch ato etadi. (2 Kor. 4:7; Havor. 1:8) Biz duch kelishimiz mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchilikka muqaddas ruhning madadi bilan dosh bera olamiz.

(11-xatboshiga qarang.) *

11. Muqaddas ruh bizga qay yo‘sin yordam beradi?

11 Muqaddas ruh Xudo xizmatidagi vazifalarimizni bajarishga ko‘maklashadi. Xudoning ruhi bizda bor iste’dod-u qobiliyatlarni yanada kuchaytira oladi. Xudoga xizmat qilayotib faqatgina Uning ruhi tufayli yaxshi natijalarga erishganimizni tan olamiz.

12. Zabur 139:23, 24 ga ko‘ra, muqaddas ruh nima qilishimizga yordam berishini so‘rasak bo‘ladi?

12 Xudoning muqaddas ruhini qadrlayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz? Buning yo‘llaridan biri — muqaddas ruh qalbimizdagi noto‘g‘ri fikrlar-u istaklarni aniqlashga yordam berishini so‘rab ibodat qilish. (Zabur 139:23, 24 ni o‘qing.) Bu haqida so‘rasak, Yahova O‘z ruhi orqali noto‘g‘ri fikrlar-u moyilliklarimizni ko‘rishga yordam beradi. Noto‘g‘ri fikrlar yoki istaklarimiz borligini payqagach, ularga qarshi turish uchun ibodatda Xudoning muqaddas ruhini so‘rashimiz lozim. Shunday yo‘l tutib, Yahova bizga muqaddas ruhi orqali yordam berishiga to‘sqinlik qiladigan har qanday narsadan qochishni istayotganimizni ko‘rsatamiz. (Efes. 4:30)

13. Muqaddas ruh uchun minnatdorchiligimizni qay yo‘sin oshira olamiz?

13 Muqaddas ruh uchun minnatdorchiligimizni oshirishning yana bir yo‘li bizning davrimizda uning yordamida nimalar amalga oshgani haqida mulohaza yuritishdir. Osmonga ko‘tarilishidan oldin Iso shogirdlariga shunday degan edi: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib,.. yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havor. 1:8) Ushbu so‘zlar ajoyib tarzda amalga oshmoqda. Muqaddas ruhning madadi bilan taxminan sakkiz yarim million Yahovaning topinuvchilari yerning turli chekkalaridan to‘plandi. Shuningdek, Allohning ruhi sevgi, sevinch, tinchlik, sabr-toqat, mehribonlik, himmat, imon, muloyimlik va o‘zini tuta bilish kabi go‘zal fazilatlarni rivojlantirishimizga ko‘maklashmoqda. Bu tufayli biz ma’naviy jannatdan bahra olyapmiz. Ushbu fazilatlar «muqaddas ruh samarasi»dir. (Galat. 5:22, 23) Muqaddas ruh bebaho in’om, shunday emasmi?!

XIZMATIMIZDAGI SAMOVIY MADAD

14. Xizmatda qatnashganimizda kimlar bizni qo‘llab-quvvatlaydi?

14 Yahova, Iso va farishtalar «bilan birga mehnat» qilish ham ko‘zga ko‘rinmas xazinadir. (2 Kor. 6:1) Har qachon xizmat qilganimizda ular bilan birga mehnat qilgan bo‘lamiz. Pavlus o‘zi hamda bu ishda qatnashgan boshqalar haqida: «Biz Tangrining xizmatdoshlarimiz»,— deb aytgan. (1 Kor. 3:9) Xizmatda ishtirok etganimizda Iso bilan ham hamkorlik qilgan bo‘lamiz. Iso izdoshlariga: «Barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar»,— deya amr bergach, «sizlar bilan bo‘laman» deganini eslaylik. (Mat. 28:19, 20) Farishtalar haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Farishtalarning boshchiligi ostida «abadiy xushxabar»ni «yer yuzida yashovchilarga» e’lon qilish katta baraka! (Vah. 14:6)

15. Muqaddas Kitobdan xizmatimizda ishning asosiy qismini Yahova bajarishini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

15 Bunday samoviy madad bilan nimalarni amalga oshiryapmiz? Shohlik xabarini «separ» ekanmiz, ayrim urug‘lar xushxabarni qabul qilishga moyil bo‘lgan insonlarning qalbiga tushib, unib chiqadi. (Mat. 13:18, 23) Bu haqiqat urug‘lari unib, hosil berishiga kim sababchi bo‘ladi? Iso: «Otam birovni jalb qilmasa, hech kim oldimga kela olmaydi»,— deb tushuntirgan edi. (Yuhan. 6:44) Muqaddas Kitobda buning yaqqol misoli bor. Pavlus Filippi shahrining tashqarisida bir guruh ayollarga shohidlik bergan voqeani eslaylik. Ulardan biri bo‘lgan Lidiya ismli ayol haqida Muqaddas Kitobda nima deyilganiga e’tibor bering: «Pavlusning gaplarini qabul qilsin, deya Yahova uning yuragini ochdi». (Havor. 16:13–15) Lidiya singari millionlab odamlarni Yahova jalb qilgan.

16. Xizmatda erishayotgan muvaffaqiyatimiz uchun kim sharafga loyiq?

16 Xizmatda erishayotgan muvaffaqiyatimiz uchun kim sharafga loyiq? Pavlus Korinfdagi jamoat haqida quyidagi so‘zlarni yozganida, bu savolga javob bergan: «Men ekkanman, Apollos sug‘organ, ammo o‘stirgan Xudodir. Demak, ekkan ham, sug‘organ ham emas, balki o‘stirgan Alloh ulug‘lanishi lozim». (1 Kor. 3:6, 7) Pavlus kabi biz ham xizmatda erishilgan yaxshi natijalar uchun sharafni Yahovaga yo‘llashimiz darkor.

17. Yahova, Iso va farishtalar «bilan birga mehnat» qilayotganimizdan minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

17 Yahova, Iso va farishtalar «bilan birga mehnat» qilishdek sharaf uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz? Masalan, boshqalar bilan xushxabarni bo‘lishish uchun g‘ayrat ila imkoniyat izlasak bo‘ladi. Buning bir nechta yo‘li bor, misol uchun, «el oldida hamda uyma-uy yurib» shohidlik berish. (Havor. 20:20) Ko‘pchilikka norasmiy shohidlik berish ham juda yoqadi. Ular odamni uchratganida xushmuomalalik ila salomlashadi va suhbat boshlashga intiladi. Agar odam ijobiy munosabat bildirsa, ular muloyimlik ila Shohlik haqidagi xushxabarni aytishadi.

(18-xatboshiga qarang.) *

18, 19. a) Haqiqat urug‘larini qanday sug‘oramiz? b) Yahova Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan bir kishiga qanday yordam berganini aytib bering.

18 «Tangrining xizmatdoshlari» sifatida biz nafaqat haqiqat urug‘larini ekishimiz, balki ularni sug‘orishimiz ham lozim. Kimdir qiziqish ko‘rsatganida, biz Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashni ko‘zlaymiz. Shu bois, u bilan o‘zimiz qayta ko‘rishishga yoki kimdir bog‘lanishiga qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz. Tadqiq davomida Yahova bo‘lajak shogirdning qalbi-yu ongini qanday shakllantirayotganini ko‘rib xursand bo‘lamiz.

19 O‘tmishda azayimxon bo‘lgan Janubiy Afrikada yashovchi bitta birodarning misolini ko‘rib chiqaylik. Muqaddas Kitob tadqiqi davomida bilib olganlari unga juda yoqqan. Ammo Muqaddas Kitobda ajdodlarning ruhi bilan aloqa qilish to‘g‘risida aytilganlarni qabul qilish u uchun qiyin bo‘lgan. (Qonun. 18:10–12) Asta-sekin u Xudo fikrlash tarzini shakllantirishiga yo‘l qo‘ygan. Bu uning yagona daromad manbai bo‘lishiga qaramay, vaqti kelib u azayimxonlikni tashlagan. Hozir 60 yoshda bo‘lgan bu birodarimiz shunday deydi: «Yahovaning Shohidlari menga har tomonlama, jumladan, ish topishimga ham yordam berishgani uchun nihoyatda minnatdorman. Hammasidan ham hayotimga o‘zgarishlar kiritishga ko‘maklashgani uchun Yahovadan minnatdorman, chunki endi suvga cho‘mgan Shohidlardan biri sifatida xizmatda qatnasha olaman».

20. Nima qilishni istaysiz?

20 Mazkur maqolada biz ko‘zga ko‘rinmaydigan to‘rtta xazinani muhokama qildik. Ular ichida eng qimmatbahosi Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lish sharafidir. Bu esa ko‘zga ko‘rinmaydigan boshqa xazinalardan foyda olishimizga yo‘l ochadi, jumladan, Unga ibodat qilish, muqaddas ruhning ko‘magini his qilish hamda xizmatimizda samoviy madad olish. Ushbu ko‘zga ko‘rinmas xazinalar uchun minnatdorchiligimizni yanada oshirishni istaymiz. Shunchalik ajoyib Do‘st bo‘lgani uchun Yahovaga rahmat aytishdan to‘xtamaylik!

145-QO‘SHIQ Alloh va’da qilgan jannat

^ 5- x.b. Oldingi maqolada Xudo taqdim etgan ko‘zga ko‘rinadigan xazinalardan bir nechtasini muhokama qildik. Mazkur maqola esa biz ko‘ra olmaydigan xazinalarga hamda ular uchun minnatdorchilikni qanday namoyon etishimiz mumkinligiga diqqat qaratadi. Shuningdek, bunday xazinalarning Manbai bo‘lmish Xudovand Yahovaga minnatdorchiligimizni oshiradi.

^ 58- x.b. RASMGA SHARH. 1) Yahovaning ijodlarini kuzatayotib, imondoshimiz U bilan do‘stligi haqida mulohaza yurityapti.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. 2) O‘sha imondoshimiz shohidlik berish uchun Yahovadan kuch so‘rayapti.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. 3) Muqaddas ruh yordamida imondoshimiz jasorat ila Shohlik xabarini bo‘lishyapti.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. 4) Imondoshimiz o‘zi norasmiy tarzda shohidlik bergan ayol bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazyapti. Imondoshimiz farishtalarning ko‘magi bilan va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishida qatnashyapti.