Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-TADQIQ MAQOLASI

«Isming muqaddas bo‘lsin»

«Isming muqaddas bo‘lsin»

Ey Yahova, isming abadiy bor bo‘ladi. ZAB. 135:13

10-QO‘SHIQ Allohimiz Yahovani ulug‘lang!

BU MAQOLADA *

1, 2. Qaysi mavzular Yahovaning Shohidlari uchun juda muhim?

BUGUNGI kunda ikkita juda muhim masala oldida turibmiz — Xudoning hukmdorligi va Uning ismi muqaddas bo‘lishi. Yahovaning Shohidlari sifatida bunday qiziqarli mavzularni muhokama qilishni yaxshi ko‘ramiz.

2 Barchamiz Xudoning ismi muqaddas bo‘lishi kerakligini tushunamiz. Bundan tashqari, biz Yahovaning hukmdorligi, ya’ni boshqarish usuli eng a’losi ekani isbotlanishi kerakligini bilib oldik. Ikkala masala ham muhim. Bu ikkita har xil masalami? Yo‘q.

3. Yahova ismi nimani o‘z ichiga oladi?

3 Aslida Yahova ismi U haqidagi barcha narsani, jumladan, Uning boshqaruv usulini ham o‘z ichiga oladi. Demak, agar biz Xudoning ismi har qanday isnoddan poklanishi eng muhim masala ekanini aytsak, Yahovaning boshqaruv usuli eng a’lo ekani tasdiqlanishi kerakligini ham aytgan bo‘lamiz. Xudoning ismi qodir Hukmdor sifatida boshqarishi bilan chambarchas bog‘liq. (« Munozarali masalaning qirralari» nomli ramkaga qarang.)

4. Zabur 135:13 da Xudoning ismi haqida nima deyilgan va ushbu maqolada qaysi savollarga javob topamiz?

4 Yahova degan ism o‘z turida yagonadir. (Zabur 135:13 ni o‘qing.) Nega Xudoning ismi shunchalik muhim? Qachon birinchi marotaba bu ism qoralangan? Qanday qilib Xudo uni muqaddas qilyapti? Qay yo‘sin bu ismni himoya qilishga yordam bera olamiz? Keling, bu savollarga javob topamiz.

ISMNING MUHIMLIGI

5. Ba’zilar Xudoning ismi muqaddas bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylaganda qanday savollar berishlari mumkin?

5 «Isming muqaddas bo‘lsin». (Mat. 6:9) Iso Xudoning ismi muqaddas bo‘lishi haqida so‘rash ibodatlarimizda muhim o‘rinni egallashi kerakligini aytgan. Isoning so‘zlari nimani anglatadi? Biron-bir narsani muqaddas qilish uni tozalash yoki poklashni anglatadi. Ba’zilar: «Xudoning ismi shundoq ham muqaddas, toza va pok emasmi?» — deb so‘rashi mumkin. Bu savolga javob berish uchun ism nimani o‘z ichiga olishi borasida o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

6. Nega ism shunchalik muhim?

6 Ism qog‘ozda yozilgan yoki ovoz chiqarib aytilgan harflar yig‘indisidan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Muqaddas Kitobda nima deyilganiga e’tibor bering: «Yaxshi nom katta boylikdan afzalroq». (Hik. 22:1; Voiz 7:1) Nega ism shunchalik muhim? Chunki ism insonning obro‘yini, ya’ni boshqalar bu ismning sohibi haqida qanday fikrda ekanini o‘z ichiga oladi. Eng muhimi ism qog‘ozda qanday yozilishi yoki talaffuz etilishi emas, balki boshqalar bu ismni eshitganida ularning ongi-yu qalbida qanday inson gavdalanishidir.

7. Qanday qilib insonlar Xudoning ismini qoralashmoqda?

7 Insonlar Yahova haqida yolg‘on gapirganida boshqalar U haqida yomon fikrga borishini maqsad qilishadi. Bu kabi yomon narsalarni eshitganlar esa Xudoni ayblashadi va Uning ismini qoralashadi. Ilk bor Adan bog‘ida bir shaxs Xudo to‘g‘risida yomon narsalar aytib insonlar U haqida yomon fikrga borishini maqsad qilgandi. Bu voqeadan nimani o‘rganishimiz mumkin?

XUDONING ISMI ILK BOR QANDAY QORALANGAN?

8. Odamato bilan Momohavo nimalarni bilishgan va qanday savollar tug‘ilyapti?

8 Odamato bilan Momohavo Xudoning ismi Yahova ekanini bilishgan. Shuningdek, U haqida ko‘p muhim narsalardan xabardor bo‘lishgan. Misol uchun, ular U Yaratuvchi ekanini, ularga hayot, yashash uchun chiroyli joy hamda mukammal umr yo‘ldosh taqdim etganini bilishardi. (Ibt. 1:26–28; 2:18) Ular mukammal ongini ishga solib Yahova taqdim etgan barcha narsalar ustida mulohaza yuritishda davom etishdimi? Bu ism ortida turgan Shaxsga nisbatan sevgisini mustahkamlab, minnatdorchiligini oshirishdimi? Xudoning dushmani ularni sinaganida bu savollarning javobi aniq bo‘ldi.

9. Ibtido 2:16, 17 hamda 3:1–5 ga ko‘ra, Yahova ilk juftlikka nima dedi va qanday qilib Shayton haqiqatni buzib ko‘rsatdi?

9 Ibtido 2:16, 17; 3:1–5 ni o‘qing. Ilonni go‘yo gapirayotganday ko‘rsatib Shayton Momohavodan shunday deb so‘radi: «Xudo bog‘dagi hech bir daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytgani rostmi?» Shaytonning savoli Xudo haqida yolg‘ondan iborat edi va shu sababli Momohavo Xudo to‘g‘risida salbiy fikr yurita boshladi. Aslida Xudo ular faqat bitta daraxtdan tashqari barcha daraxtlarning mevasidan yeyishlari mumkinligini aytgandi. Odamato va Momohavo turli xil daraxtlarning mevasidan yeya olishardi. (Ibt. 2:9) Ha, chindan ham Yahova saxiy Xudo. Lekin Xudo Odamato bilan Momohavoga faqat bitta daraxtning mevasidan yeyishni taqiqlagandi. Shaytonning savoli esa haqiqatni buzib ko‘rsatgan. Shayton Xudo saxiy emas degan fikrga olib borgan. Momohavo shubhalanib: «Xudo biror yaxshi narsani yashirmayaptimikin?» — deb o‘ylagandir.

10. Qanday qilib Shayton Xudoning ismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoraladi va buning natijasi qanday bo‘ldi?

10 Shayton bu savolni berganida, Momohavo hali ham Yahovani o‘z Hukmdori deb bilar edi. U Shaytonga javoban Xudoning aniq amrini takrorladi. Momohavo hatto daraxtga tegmaslik kerakligini ham aytdi. U itoatsizlik o‘limga olib kelishi haqidagi Xudoning ogohlantiruvini bilardi. Shayton esa javoban: «Aslo o‘lmaysizlar»,— dedi. (Ibt. 3:2–4) Endi Shayton shunchaki Yahova yolg‘onchi ekanini aytmayotgandi. U Momohavoga Yahovani yolg‘onchi, deb Xudoga tuhmat qildi va Uning ismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoraladi. Shu yo‘sin u Iblis, ya’ni tuhmatchiga aylandi. Momohavo Shaytonga ishonib qattiq aldandi. (1 Tim. 2:14) U Yahovadan ko‘ra unga ko‘proq ishondi. Bu tufayli Momohavo osonlikcha eng yomon qarorni chiqardi. U Yahovaga quloq solmaslikka qaror qildi. Momohavo Yahova taqiqlagan mevani yeyishni boshladi. Keyin esa Odamatoga berdi. (Ibt 3:6)

11. Ilk ota-onamiz Shaytonning yolg‘oniga qanday javob berishi mumkin edi, ammo ular qay yo‘sin yo‘l tutishdi?

11 Bir zumga Momohavo Shaytonga nima deyishi kerak bo‘lgani haqida o‘ylab ko‘ring. U shunday deganini bir tasavvur qiling: «Men seni tanimayman, lekin Otam Yahovani bilaman, Uni yaxshi ko‘raman hamda Unga ishonaman. U Odam bilan menga biz ega bo‘lgan barcha narsani berdi. U haqida bunday yomon gapirishga qanday jur’at etding? Yo‘qol bu yerdan!» Yahova sevikli qizidan sadoqatni ko‘rsatuvchi shunday so‘zlarni eshitganida qanchalar mamnun bo‘lar edi! (Hik. 27:11) Lekin na Odamatoda, na Momohavoda Yahovaga nisbatan mehr-sadoqat bor edi. Odamato va Momohavoda Otasiga nisbatan bunday sevgi yetmaganligi tufayli, ular Uning ismini qoralanishdan himoya qilishmadi.

12. Qanday qilib Shayton Momohavoning qalbiga shubha urug‘larini ekdi va Odamato bilan Momohavo nima qilishmadi?

12 Ko‘rib chiqqanimizday, Shayton Momohavoning qalbiga shubha urug‘larini eka boshladi. Shayton savol berib Yahova ismi ortida qanday Shaxs turgani borasida Momohavoda shubha uyg‘otdi. Odamato bilan Momohavo esa Yahovaning ismini va obro‘yini himoya qilishmadi. Bu tufayli ular osonlikcha Shaytonga quloq solib, Otasiga qarshi isyon ko‘tarishdi. Bugungi kunda ham Shayton shunga o‘xshash usullardan foydalanyapti. U Yahova haqida yomon narsalar gapirib Uning ismini qoralayapti. Shaytonning yolg‘oniga ishongan insonlar Yahovaning adolatli hukmdorligini osonlikcha rad etishyapti.

XUDO O‘Z ISMINI MUQADDAS QILADI

13. Qanday qilib Hizqiyo 36:23 da Muqaddas Kitobdagi asosiy xabar ta’kidlanmoqda?

13 Yahova O‘zini himoya qilmay bu tuhmatga ko‘z yumdimi? Yo‘q, U bunday qilmadi! Butun Muqaddas Kitobda Yahova Adan bog‘ida U haqida aytilgan yolg‘onlarning noto‘g‘riligini isbotlashi haqida gap boradi. (Ibt. 3:15) Xulosa qiladigan bo‘lsak, Muqaddas Kitobdagi asosiy xabar quyidagicha: Yahova O‘g‘li tomonidan boshqariladigan Shohlik orqali O‘z ismini muqaddas qilib, yer yuzida adolat va tinchlikni tiklaydi. Muqaddas Kitobdagi ma’lumot bizga Yahova qanday qilib O‘z ismini muqaddas qilishini tushunishga yordam beradi. (Hizqiyo 36:23 ni o‘qing.)

14. Xudo O‘z ismini muqaddas qilish uchun Adan bog‘idagi isyonga qanday munosabat bildirdi?

14 Yahova O‘z niyatiga erisha olmasligi uchun Shayton qo‘lidan kelgancha harakat qildi. Lekin u qayta-qayta muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Muqaddas Kitobdan Yahova qanday yo‘l tutganini hamda U chinakamiga mehribon Ota va eng yaxshi Hukmdor ekanini bilib olyapmiz. Haqiqatan ham Shayton va uning tomonini egallaganlarning isyoni Yahovaning dilini qattiq og‘ritdi. (Zab. 78:40) Yahova ushbu masalani donolik, sabr va adolat bilan hal qildi. Shuningdek, U buyuk qudratini turli yo‘llar bilan ko‘rsatdi. Bundan tashqari, U barcha qilgan ishlarida sevgini namoyon etdi. (1 Yuhan. 4:8) Xudo O‘z ismini muqaddas qilish uchun tinmasdan harakat qildi.

Shayton Momohavoga Yahova haqida yolg‘on gapirgan va asrlar osha Xudoga tuhmat qilishda davom etyapti (9-, 10-, 15-xatboshilariga qarang.) *

15. Qanday qilib bugungi kunda Shayton Xudoning ismini qoralayapti va buning natijasi qanday?

15 Shayton hanuzgacha Xudoning ismini qoralayapti. U insonlarda Xudoning kuchi, adolati, donoligi va sevgisi borasida shubha uyg‘otishga harakat qilyapti. Misol uchun, Shayton insonlarni Yahova Yaratuvchi emasligiga ishontirmoqchi. Bordi-yu, insonlar Xudoning mavjudligiga ishonishsa, unda Shayton ularga Xudo va Uning me’yorlari chegaralaydigan va adolatsiz degan fikrni singdirmoqchi bo‘ladi. Bundan tashqari, Shayton Xudo shafqatsiz hamda odamlarni olovli do‘zaxda yondiradi, deb o‘rgatmoqda. Agar insonlar ushbu dahshatli yolg‘onlarga ishonishsa, ular osonlikcha Yahovaning adolatli hukmdorligini rad etishadi. Shayton yo‘q qilinmagunicha, Yahovaga tuhmat qilishda davom etadi hamda sizni ham Undan yuz o‘girishga og‘dirmoqchi bo‘ladi. U buning uddasidan chiqadimi?

MUHIM MASALADA SIZNING O‘RNINGIZ

16. Odamato va Momohavo qila olmagan qaysi ishni siz qilishingiz mumkin?

16 Yahova O‘z ismi muqaddas bo‘lishida nomukammal insonlar ham hissa qo‘shishiga yo‘l qo‘yyapti. Bu tufayli Odamato va Momohavo qila olmagan ishni siz qilishingiz mumkin. Xudoning ismini qoralab haqorat qiladigan odamlarga to‘la dunyoda yashayotganingizga qaramay, sizda haqiqat tomon turib Yahova muqaddas, adolatli, himmatli va sevuvchi ekanini aytish imkoni bor. (Ishayo 29:23) Uning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlay olasiz. Siz boshqa insonlarga faqat Yahovaning hukmdorligi butkul adolatli ekanini hamda barcha mavjudotga tinchlik va baxt keltirishini tushunishga yordam berishingiz mumkin. (Zab. 37:9, 37; 146:5, 6, 10)

17. Iso Otasining ismini tanitish uchun nima qilgan?

17 Xudoning ismini himoya qilib, biz Iso Masihning o‘rnagiga ergashgan bo‘lamiz. (Yuhan. 17:26) Iso nafaqat Otasining ismini qo‘llab, balki obro‘yini himoya qilib Uning ismini tanitgan. Misol uchun, u Yahovani jahldor, talabchan, odamlardan olis va mehr-shafqatsiz qilib ko‘rsatgan farziylarga qarshi chiqqan. Iso insonlarga Otasi mulohazakor, sabr-toqatli, sevuvchi va kechirimli ekanini ko‘rishga yordam bergan. Bundan tashqari, kundalik hayotida mukammal darajada Otasining fazilatlariga taqlid qilib odamlarga Yahovani shaxs sifatida tanib-bilishga ko‘maklashgan. (Yuhan. 14:9)

18. Qanday qilib Yahova haqidagi yolg‘onlar va tuhmatlar noto‘g‘ri ekanini ko‘rsata olamiz?

18 Iso kabi biz ham boshqalar bilan Yahova haqida bilganlarimizni bo‘lishib, U qanchalar sevuvchi va mehribon Xudo ekanini o‘rgatishimiz mumkin. Agar shunday qilsak, Xudo haqidagi yolg‘onlar va tuhmatlar noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatamiz. Boshqalarga Xudoning ismini tabarruk tutishga ko‘maklashib Uning ismini muqaddas qilgan bo‘lamiz. Shuningdek, Yahovaga taqlid qilishimiz mumkin. Nomukammal bo‘lsak-da, buning iloji bor. (Efes. 5:1, 2) So‘zlarimiz va ishlarimiz bilan insonlarga Yahova aslida qanday Xudo ekanligini ko‘rsatib, Uning ismi muqaddas bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Odamlarga bu boradagi noto‘g‘ri tushunchalaridan ozod bo‘lishga ko‘maklashib Uning ismini oqlagan bo‘lamiz *. Bundan tashqari, nomukammal insonlar benuqsonlikni saqlay olishini isbotlaymiz. (Ayub 27:5)

Muqaddas Kitobni tadqiq qiluvchilarga Yahova mehribon va sevuvchi Shaxs ekanini tushunishga yordam berishni xohlaymiz (18-, 19-xatboshilariga qarang.) *

19. Ishayo 63:7 ga binoan, ta’lim berganimizda asosiy maqsadimiz nima bo‘lishi kerak?

19 Xudoning ismini sharaflash uchun yana bir narsa qila olamiz. Odamlarga Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rgatayotib ko‘pincha Xudoning hukmdorligiga, ya’ni Yahova butun koinot ustidan hukmdorlik qilish huquqiga ega ekaniga urg‘u beramiz. Bu haqiqatdir. Garchi Xudoning qonunlariga diqqat qaratish muhim bo‘lsa-da, bizning asosiy maqsadimiz boshqalarga Otamiz Yahovani sevish va Unga sadoqatli qolishga yordam berishdir. Shu bois, Yahova ismi ortida qanday Shaxs turganiga diqqat qaratib, Uning yoqimli fazilatlariga e’tibor berishimiz kerak. (Ishayo 63:7 ni o‘qing.) Shu yo‘sin ta’lim berar ekanmiz, boshqalarga Yahovani sevishga va Unga sadoqatli qolishni istaganlari uchun quloq solishga yordamlashamiz.

20. Keyingi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

20 Xatti-harakatlarimiz va qay yo‘sin ta’lim berayotganimiz boshqalarga Xudoning ismi haqida to‘g‘ri fikrga borishga yordam berayotganiga qanday ishonch hosil qilishimiz mumkin? Keyingi maqola ushbu savolga javob beradi.

2-QO‘SHIQ Ismingdir Yahova

^ 5- x.b. Barcha ongli mavjudotlar qanday muhim masalaga duch kelyapti? Nega bu masala shunchalik muhim va u hal qilinishida biz qanday o‘rin egallaymiz? Bu va ular bilan bog‘liq savollarning javobini tushunish Yahova bilan munosabatlarimizni mustahkamlashga yordam beradi.

^ 18- x.b. Oldinlari adabiyotlarimizda Xudoning ismi oqlanishga muhtoj emas, chunki hech kim Xudoning bu ismga ega bo‘lish huquqini shubha ostiga qo‘ymagan, deb o‘rgatilardi. Lekin 2017-yili bo‘lib o‘tgan yilgi majlisda bu boradagi tushunchamiz oydinlashgani haqida aytilgandi. Dastur raisi shunday degandi: «Oddiy qilib aytsak, Yahovaning ismi oqlansin, deb ibodat qilish noto‘g‘ri emas, chunki Uning obro‘yi oqlanishi zarur». 2018-yilgi yanvar oyi ko‘rsatuvini jw.org® saytida tomosha qiling. KUTUBXONA > JW INTERNET-TELEVIDENIESI sarlavhasi ostiga qarang.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. Shayton Momohavoga Xudo yolg‘onchi ekanini aytib Unga tuhmat qilgan. Xudo shafqatsiz va Yaratuvchi emas kabi noto‘g‘ri fikrlarni Shayton asrlar davomida olg‘a suryapti.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Birodar Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotib Xudoning shaxsiyatiga diqqat qaratyapti.