Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28-TADQIQ MAQOLASI

Haqiqat yo‘lida ekaningizga ishonch hosil qiling

Haqiqat yo‘lida ekaningizga ishonch hosil qiling

Sen bo‘lsa, olgan ta’limingga va to‘g‘riligiga o‘zing ishonch hosil qilgan narsalarga rioya qil. 2 TIM. 3:14

56-QO‘SHIQ Haqiqat yo‘li hayot yo‘ling bo‘lsin

BU MAQOLADA *

1. «Haqiqat» deganda biz nimani nazarda tutamiz?

«HAQIQATGA qanday kelgansiz?» «Haqiqatda o‘sganmisiz?» «Necha yildan buyon haqiqatdasiz?» Ehtimol, sizga shu kabi savollarni berishgandir yoki o‘zingiz birovdan shunday, deb so‘ragandirsiz. «Haqiqat» deganda biz nimani nazarda tutamiz? Odatda e’tiqodlarimiz, qanday topinishimiz va hayot yo‘limizga ta’rif berish uchun bu so‘zni qo‘llaymiz. «Haqiqatda» bo‘lgan kishilar Muqaddas Kitobda nima deyilganini bilishadi va undagi prinsiplarga muvofiq yashashadi. Bu tufayli ular soxta diniy ta’limotlardan ozod bo‘lib, Shayton dunyosida mumkin qadar baxtli hayot kechirishadi. (Yuhan. 8:32)

2. Yuhanno 13:34, 35 ga ko‘ra, insonni haqiqatga nima jalb qilishi mumkin?

2 Sizni ilk bor haqiqatga nima jalb qilgan? Balki Yahova xalqining yaxshi xulqidir. (1 Butr. 2:12) Yoki ular namoyon etgan sevgi bo‘lishi mumkin. Ko‘plar birinchi marta yig‘ilishga kelganda sahnadan aytilgan so‘zlar emas, balki ko‘rsatilgan sevgi ularda katta taassurot qoldirganini ta’kidlaydi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki Iso ham uning shogirdlarini oralaridagi sevgidan bilib olishlarini aytgandi. (Yuhanno 13:34, 35 ni o‘qing.) Biroq kuchli imonga ega bo‘lishni istasak, buning o‘zi yetarli emas.

3. Imonimiz Xudoning xalqi orasidagi sevgigagina asoslansa nima yuz berishi mumkin?

3 Imonimiz Xudoning xalqi orasidagi sevgigagina asoslanmasligi kerak. Nega? Faraz qiling, imondoshingiz — hatto oqsoqol yoki kashshof — jiddiy gunoh sodir etdi. Yoxud birodar yo opa-singil sizni qattiq ranjitdi. Kimdir murtadga aylanib, biz adashayotganimizni ta’kidlayapti. Agar bunday hodisa ro‘y bersa, qoqinib, Yahovaga xizmat qilmay qo‘yasizmi? Bundan chiqaradigan saboq quyidagicha: agar imoningizni Yahova bilan shaxsiy munosabatlar emas, boshqa odamlarning ishlari asosida qursangiz, u mustahkam bo‘lmaydi. Uyga o‘xshatilgan imoningizni faqatgina his-tuyg‘ular kabi yumshoq qurilish materiallaridan emas, balki inkor etib bo‘lmaydigan dalillar va qat’iy mantiqdan foydalanib ham bunyod etishingiz kerak. Siz Muqaddas Kitobda Yahova to‘g‘risida haqiqat yozilganiga shaxsan ishonch hosil qilishingiz lozim. (Rim. 12:2)

4. Matto 13:3–6, 20, 21 ga ko‘ra, imon sinovi ba’zilarga qanday ta’sir qilgan?

4 Iso ayrimlar haqiqatni «quvonch bilan» qabul qilishi, biroq sinovlar paytida imoni zaiflashib qolishi haqida aytgan edi. (Matto 13:3–6, 20, 21 ni o‘qing.) Balki ular Isoga ergashganlar qiyinchilik va muammolarga duch kelishini tushunmagandir. (Mat. 16:24) Yoki masihiy bo‘lish betashvish hayot kechirish, ya’ni qiyinchiliklarsiz yashab, faqat baraka olishni anglatadi, deb o‘ylagandir. Biroq bu nomukammal dunyoda qiyinchiliklar bo‘ladi. Vaziyatlar o‘zgarishi quvonchimizni biroz yo‘qotishga sabab bo‘lishi mumkin. (Zab. 6:6; Voiz 9:11)

5. Birodar-u opa-singillarimizning aksariyati haqiqat yo‘lida ekaniga ishonchi komil ekanini qanday isbotlayapti?

5 Birodar-u opa-singillarimizning aksariyati haqiqat yo‘lida ekaniga ishonchi komil ekanini isbotlayapti. Qanday qilib? Hatto imondoshi ularni qattiq ranjitsa yoki masihiylarga xos bo‘lmagan xulq-atvorni namoyon etsa ham, ularning ishonchi tebranmayapti. (Zab. 119:165) Har bir sinov ularning imonini zaif emas, balki yanada kuchli qilib qo‘ymoqda. (Yoqb. 1:2–4) Bunday kuchli imonni nima asosida bunyod eta olasiz?

XUDO TO‘G‘RISIDA ANIQ BILIMGA EGA BO‘LING

6. Birinchi asrda yashagan shogirdlar o‘z imonini nima asosida bunyod etishgan?

6 Birinchi asrda yashagan shogirdlar o‘z imonini Muqaddas Yozuvlardagi bilimlar va «haqiqat bo‘lmish xushxabar», ya’ni Iso Masihning ta’limotlari asosida bunyod etishgan. (Galat. 2:5) Ushbu haqiqatga masihiylarning barcha ta’limotlari, jumladan, Isoning to‘lov qurbonligi va tirilganiga oid dalillar kiradi. Havoriy Pavlus bu ta’limotlar haqiqat ekaniga amin bo‘lgan. Nega bunday deya olamiz? Chunki u «Masih azob chekib o‘lishi, keyin esa tirilishi kerak bo‘lganini» Muqaddas Yozuvlar asosida isbotlagan. (Havor. 17:2, 3) Birinchi asrdagi shogirdlar o‘sha ta’limotlarni qabul qilib, Xudoning Kalomini tushunishda muqaddas ruh ularga yordam berishiga ishonishgan. Ular bu ta’limotlar Muqaddas Yozuvlarga asoslanganiga o‘zlari ishonch hosil qilishgan. (Havor. 17:11, 12; Ibron. 5:14) Ular o‘z imonini faqatgina his-tuyg‘ular asosida bunyod etishmagan va imondoshlari bilan vaqt o‘tkazib o‘zlarini baxtiyor his qilishgani uchungina Yahovaga xizmat qilishmagan. Aksincha, ularning imoni Xudo to‘g‘risidagi aniq bilim asosida qurilgan. (Kolos. 1:9, 10)

7. Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarga bo‘lgan ishonch bizga qanday yordam beradi?

7 Xudo Kalomidagi haqiqatlar o‘zgarmaydi. (Zab. 119:160) Masalan, imondoshimiz bizni ranjitsa yoki jiddiy gunoh sodir etsa ular o‘sha-o‘shaligicha qoladi. Biz muammolarga duch kelsak ham ular o‘zgarmaydi. Shu bois, Muqaddas Kitobdagi ta’limotlarni yaxshi bilishimiz va ular ishonchli ekaniga amin bo‘lishimiz kerak. Kemaga kuchli bo‘ron paytida o‘z joyida qolishga ko‘maklashadigan langar singari, Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar asosida qurilgan imonimiz ham bizga sinovlar paytida barqaror qolishga yordam beradi. Haqiqat yo‘lida ekaningizga bo‘lgan ishonchni qanday mustahkamlay olasiz?

ISHONCH HOSIL QILING

8. Timo‘tiyga ikkinchi maktub 3:14, 15 dan o‘qiganimizdek, haqiqat yo‘lida ekaniga Timo‘tiyni nima ishontirgan?

8 Haqiqat yo‘lida ekaniga Timo‘tiyning ishonchi komil bo‘lgan. Uni nima ishontirgan? (2 Timo‘tiyga 3:14, 15 ni o‘qing.) U «Muqaddas Yozuvlar»dagi ta’limotlarni onasi bilan buvisidan o‘rgangan. Lekin o‘sha Yozuvlarni o‘rganish uchun shaxsan vaqt va kuch sarflagani shubhasiz. Natijada ularda haqiqat yozilganiga o‘zi «ishonch hosil qilgan». Keyinchalik Timo‘tiy, onasi va buvisi masihiylarning ta’limotlarini o‘rganishgan. Timo‘tiy Isoning izdoshlari namoyon etgan sevgidan taassurotda bo‘lgani shubhasiz. U ma’naviy aka-uka hamda opa-singillari bilan vaqt o‘tkazishni va ularga g‘amxo‘rlik qilishni juda istagan. (Filip. 2:19, 20) Biroq uning imoni insonlarga bo‘lgan tuyg‘ularga emas, balki uni Yahovaga yanada yaqin qilgan dalillarga asoslangan edi. Siz ham Muqaddas Kitobdan Yahova haqida bilib olganlaringiz ustida mantiqan mulohaza yuritishingiz darkor.

9. Qaysi uchta muhim haqiqatga ishonch hosil qilishingiz darkor?

9 Avvaliga kamida uchta muhim haqiqatga ishonch hosil qilishingiz darkor. Birinchidan, Tangri Yahova barcha narsaning Yaratuvchisi ekaniga amin bo‘lishingiz kerak. (Chiq. 3:14, 15; Ibron. 3:4; Vah. 4:11) Ikkinchidan, Muqaddas Kitob Xudoning insoniyatga yo‘llagan ilohiy xabari ekaniga ishonchingiz komil bo‘lishi lozim. (2 Tim. 3:16, 17) Uchinchidan, Yahova Masihning boshchiligida Unga topinadigan kishilar guruhini tashkillashtirganiga va bu guruh Yahovaning Shohidlari ekaniga ishonch hosil qilishingiz zarur. (Ishayo 43:10–12; Yuhan. 14:6; Havor. 15:14) Aytib o‘tilgan asosiy haqiqatlarga amin bo‘lish uchun Muqaddas Kitobdagi bilimlarga ega “jonli ensiklopediya”ga aylanishingiz shart emas. Maqsadingiz — «aqlingizni ishga solib» haqiqat yo‘lida ekaningizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash. (Rim. 12:1)

BOSHQALARGA HAQIQAT YO‘LIDA YURISHGA YORDAM BERING

10. Haqiqatni bilib olishdan tashqari, yana nima qila olishimiz kerak?

10 Xudo, Muqaddas Kitob va Uning xalqi to‘g‘risidagi asosiy uchta haqiqatga ishonch hosil qilgach, Muqaddas Yozuvlardan foydalanib boshqalarga ham bu haqiqat ekaniga amin bo‘lishga yordam bering. Nega? Chunki masihiylar sifatida bizni tinglamoqchi bo‘lganlarga o‘zimiz bilib olgan haqiqatlarni o‘rgatish mas’uliyatiga egamiz *. (1 Tim. 4:16) Boshqalarni Muqaddas Kitobdagi ta’limotlar haqiqat ekaniga ishontirayotib, biz o‘sha haqiqatlarga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz.

11. Odamlarga ta’lim berish borasida havoriy Pavlus qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

11 Havoriy Pavlus odamlarga ta’lim berganda «Musoning Tavrot kitobi va payg‘ambarlar kitoblaridan Iso haqida ishontirarli dalillar keltirar» edi. (Havor. 28:23) Odamlarga haqiqatni o‘rgatganda Pavlusga qanday taqlid qilsak bo‘ladi? Dalillarni aytishning o‘zi yetarli emas. Tadqiq o‘tayotgan kishilar Yahovaga yaqinlashgani sayin ularga Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara yuritishga yordam berishimiz kerak. Ular bizni hurmat qilgani uchun emas, balki sevuvchi Xudoyimiz to‘g‘risida haqiqatlarni o‘rganib, ularga ishonch hosil qilgani uchun haqiqatni qabul qilishini istaymiz.

Ota-onalar, farzandlaringizga «Xudoning chuqur donoligini» o‘rgatib imonni rivojlantirishga yordamlashing (12-13-xatboshilariga qarang.) *

12, 13. Qanday qilib ota-onalar farzandlariga haqiqat yo‘lida qolishga ko‘maklasha oladi?

12 Ota-onalar, farzandlaringiz haqiqatda qolishini istashingiz shubhasiz. Agar ular jamoatda yaxshi do‘stlarga ega bo‘lsa, ma’nan tez o‘sadi, degan fikrda bo‘lishingiz mumkin. Biroq farzandlaringiz haqiqat yo‘lida ekaniga ishonch hosil qilishini istasangiz, ular yaxshi do‘stlarga ega bo‘lishining o‘zi yetarli emas. Ular Yahova bilan shaxsiy munosabatlarni rivojlantirishi va Muqaddas Kitob ta’limotlari haqiqat ekaniga ishonchi komil bo‘lishi darkor.

13 Ota-onalar farzandlariga Xudo to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatayotib, Muqaddas Kitobni tadqiq qilish borasida o‘zlari yaxshi o‘rnak ko‘rsatishi lozim. Qolaversa, ular o‘rganganlari ustida mulohaza yuritishga vaqt ajratishi kerak. Shundagina farzandlariga bularni o‘rgata oladi. Ota-ona Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishiga qaysi qo‘llanmalardan foydalanib shaxsiy tadqiq qilishni o‘rgatsa, farzandlariga ham ulardan foydalanishni o‘rgatishi kerak. Bunday yo‘l tutib ular farzandlariga Yahovadan hamda U ma’naviy ozuqani tarqatish uchun foydalanayotgan ishonchli va aqlli xizmatkordan minnatdor bo‘lishni o‘rgatishadi. (Mat. 24:45–47) Ota-onalar, farzandlaringizga Muqaddas Kitobdagi asosiy haqiqatlarni o‘rgatish bilan kifoyalanmang. Yoshi va qobiliyatlarini inobatga olib ularga «Xudoning chuqur donoligini» o‘rgating, shunda imoni kuchli bo‘lishiga yordam berasiz. (1 Kor. 2:10)

BASHORATLARNI TADQIQ QILING

14. Nega Muqaddas Kitob bashoratlarini tadqiq qilishimiz kerak? (« Bu bashoratlarni tushuntirib bera olasizmi?» nomli ramkaga ham qarang.)

14 Bashoratlar Xudoning Kalomidan muhim o‘rin egallagan bo‘lib, Yahovaga bo‘lgan imonimizni kuchli qilishga ko‘maklashadi. Qaysi bashoratlar sizning imoningizni mustahkamlaydi? Ehtimol, «oxirzamon» haqidagi bashoratlar, deb aytarsiz. (2 Tim. 3:1–5; Mat. 24:3, 7) Biroq amalga oshgan qaysi bashoratlar ishonchingizni mustahkamlay oladi? Misol uchun, Doniyor 2- bob yoki 11- bobdagi bashoratlar qanday amalga oshganini va oshayotganini tushuntirib bera olasizmi? * Imoningiz baquvvat poydevor bo‘lmish Muqaddas Kitob ustida qurilsa, u mustahkam bo‘ladi. Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniyada kuchli ta’qiblardan aziyat chekkan imondoshlarimizning misolini ko‘rib chiqaylik. Garchi ular oxirzamonga tegishli Muqaddas Kitob bashoratlarini to‘liq tushunmagan bo‘lsa-da, Xudoning Kalomiga bo‘lgan ishonchi mustahkam edi.

Muqaddas Kitobni, shu qatorda, undagi bashoratlarni tadqiq qilish qiyinchiliklar paytida bizga aminlik baxsh etadi (15–17-xatboshilariga qarang.) *

15–17. Qay yo‘sin Muqaddas Kitobni tadqiq qilish nasistlar tomonidan ta’qib qilingan imondoshlarimizga kuch bergan?

15 Germaniyada nasistlar boshqarganda minglab birodar-u opa-singillarimiz konsentrasion lagerlarga yuborilgan. Gitler va Genrix Gimmler ismli mansabdor kishi Yahovaning Shohidlaridan nafratlangan. Bir opamizning aytib berishicha, Gimmler konsentrasion lagerdagi opa-singillarimizdan iborat guruhga quyidagicha degan: «Balki Yahovangiz osmonda boshqarar, ammo yer yuzida biz boshqaramiz! Kim oxirigacha qolishini — sizmi yoki bizmi — hali ko‘rsatib qo‘yamiz!» Xo‘sh, Yahovaning xizmatchilariga sadoqatli qolishga nima yordam bergan?

16 O‘sha Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Xudoning Shohligi 1914-yili boshqara boshlaganini bilgandi. Ular shiddatli ta’qiblarga duch kelayotganidan hayron qolmagandi. Chunki Yahovaning xalqi hech qaysi insoniy hukumat Uni O‘z niyatini amalga oshirishdan to‘xtata olmasligiga amin edi. Gitler na haq topinishni yo‘q qila oldi, na Xudoning Shohligidan kuchliroq hukumat o‘rnata oldi. Ertami-kechmi Gitlerning boshqaruvi o‘z nihoyasiga yetishiga imondoshlarimizning ishonchi komil edi.

17 O‘sha birodar-u opa-singillarimiz qat’iy ishongan narsa chindan ham ro‘y berdi. Tez orada nasistlar rejimi barham topdi va «yer yuzida biz boshqaramiz» degan Genrix Gimmler hayotini saqlab qolish uchun qochishga majbur bo‘ldi. Qochib ketayotganida u ilgari qamoqda o‘tirgan birodar Lyubkeni uchratdi va uni tanidi. Qattiq tushkunlikda bo‘lgan Gimmler birodar Lyubkedan: «Xo‘sh, Muqaddas Kitob tadqiqotchisi, hozir nimalar bo‘lyapti?» — deb so‘radi. Lyubke Yahovaning Shohidlari nasistlar rejimi barham topishidan va ular ozod bo‘lishidan aslo shubhalanmaganini Gimmlerga tushuntirib berdi. Oldinlari Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida ko‘p yomon gaplar aytgan Gimmler endi lom-mim deya olmadi. Ko‘p o‘tmay u joniga qasd qildi. Bundan qanday saboq olyapmiz? Muqaddas Kitobni, shu qatorda, undagi bashoratlarni tadqiq qilish Xudoga nisbatan mustahkam imonni rivojlantirishga ko‘maklashib, qiyinchiliklar paytida aminlik baxsh etadi. (2 Butr. 1:19–21)

18. Yuhanno 6:67, 68 ga ko‘ra, nima uchun aniq bilim va to‘liq tushunchaga ega bo‘lishimiz lozim?

18 Har birimiz Xudoning chinakam xizmatchilarini ajratib turadigan sevgini namoyon etishimiz kerak. Bundan tashqari, aniq bilim va to‘liq tushunchaga ega bo‘lishi miz lozim. (Filip. 1:9) Aks holda, «ayyorlik bilan yo‘ldan uradigan odamlarni tinglab, har turli ta’limotning», jumladan, murtadlarning ta’siriga berilishimiz mumkin. (Efes. 4:14) Milodiy birinchi asrda ko‘p shogirdlar Isoning izidan yurmay qo‘yganida, havoriy Butrus Isoda «abadiy hayotning so‘zlari» borligiga ishonchi komil ekanini ko‘rsatgan. (Yuhanno 6:67, 68 ni o‘qing.) O‘sha paytda Butrus Iso o‘rgatgan ta’limotlarning tafsilotlarini oxirigacha tushunmagan bo‘lsa-da, Isoni Xudo yuborganiga amin bo‘lgani uchun sadoqatli qolgan. Siz ham Muqaddas Kitob ta’limotlariga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlay olasiz. Bunday yo‘l tutsangiz, nima bo‘lishidan qat’i nazar, imoningiz mustahkam bo‘lib qoladi. Shuningdek, boshqalarga kuchli imonni rivojlantirishga ko‘maklasha olasiz. (2 Yuhan. 1, 2)

72-QO‘SHIQ Shohlik haqda va’z qilamiz

^ 5- x.b. Ushbu maqola Xudoning Kalomidagi ishonchli ta’limotlarni qadrlashimizga yordam beradi. Ishonayotgan narsalarimiz haqiqat ekaniga bo‘lgan ishonchimizni qanday mustahkamlashimiz mumkinligini ham muhokama qilamiz.

^ 10- x.b. Boshqalar bilan Muqaddas Kitob ta’limotlari asosida muzokara yuritish uchun «Qo‘riqchi minorasi»da chiqqan ayrim so‘nggi maqolalarga qarang. Masalan, «Iso payg‘ambar haqidagi savollarga javoblar», «Xudoga yaqinlashtiradigan haqiqat» va «Xudoning Shohligi yer yuzi ustidan qachon boshqarishni boshlaydi?» nomli maqolalar.

^ 14- x.b. Mazkur bashoratlarni ko‘rib chiqish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 15-iyun va 2020-yil may sonlariga qarang.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Oilaviy topinish paytida ota-ona farzandlari bilan buyuk musibat borasidagi Muqaddas Kitob bashoratlarini tadqiqi qilyapti.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. Buyuk musibat paytida o‘sha oila bo‘layotgan voqealardan hayron qolmayapti.