Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

29-TADQIQ MAQOLASI

«Zaif bo‘lganimda, kuchliman»

«Zaif bo‘lganimda, kuchliman»

Masihni deb zaif bo‘lishdan, tahqirlanishdan, muhtoj bo‘lishdan, ta’qib qilinishdan va qiyinchiliklardan mamnuniyat topaman. 2 KOR. 12:10

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

BU MAQOLADA *

1. Havoriy Pavlus nimani ochiqchasiga tan olgan?

HAVORIY PAVLUS gohida o‘zini zaif his qilganini ochiqchasiga tan olgan. Pavlus tanasi «so‘lib borayotgan»ini, to‘g‘ri bo‘lgan narsani qilish uchun kurashganini hamda Yahova ibodatlariga doim ham u kutganday javob bermaganini aytib o‘tgan. (2 Kor. 4:16; 12:7–9; Rim. 7:21–23) Ustiga-ustak, u dushmanlari unga zaif * insonday qaraganini ta’kidlagan. Ammo boshqalarning nuqtai nazari yoki uning zaifliklari o‘zini yaroqsiz his qilishiga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. (2 Kor. 10:10–12, 17, 18)

2. Korinfliklarga ikkinchi maktub 12:9, 10 ga ko‘ra, Pavlus qanday qimmatli saboq olgandi?

2 Pavlus qimmatli saboq olgandi: kishi o‘zini zaif his etganda ham, kuchli bo‘la oladi. (2 Korinfliklarga 12:9, 10 ni o‘qing.) Yahova unga: «Qudratim zaif bo‘lganingda kamol topadi»,— deb aytgan, ya’ni Xudo Pavlusga u muhtoj bo‘lgan kuchni bera olardi. Keling, birinchi navbatda dushmanlar bizni tahqirlaganda, nima uchun tashvishlanishga hojat yo‘qligini ko‘rib chiqaylik.

«TAHQIRLANISHDAN» MAMNUNIYAT TOPING

3. Nima uchun tahqirlanishdan mamnuniyat topishimiz mumkin?

3 Tahqirlanish hech kimga yoqmaydi. Dushmanlarimiz bizni tahqirlasa va ularning so‘zlari tufayli haddan ortiq tashvishlansak, tushkunlikka tushishimiz hech gap emas. (Hik. 24:10) Xo‘sh, ularning tahqirlariga qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz lozim? Pavlus kabi biz ham «tahqirlanishdan» mamnuniyat topishimiz mumkin. (2 Kor. 12:10) Nega deganda, tahqirlar va qarshiliklar Isoning haqiqiy shogirdlari ekanimizning belgisidir. (1 Butr. 4:14) Iso uning izdoshlari ta’qiblarga duch kelishini aytgan. (Yuhan. 15:18–20) Ilk masihiylar bilan ham shunday bo‘lgan. O‘sha paytlari yunon madaniyati ta’siri ostida masihiylarga o‘qimagan va zaif insonlardek qarashgan. Yahudiylar orasida ham masihiylarni, masalan, havoriy Butrus va Yuhannoni «o‘qimagan va oddiy odamlar», deb hisoblashgan. (Havor. 4:13) Masihiylar zaifdek ko‘ringan, boisi, ular na siyosiy ta’sir o‘tkaza olgan, na harbiy kuchga ega bo‘lgan. Qolaversa, odamlar ularni hurmat qilishmagan.

4. Ilk masihiylar ularga qarshi chiqqanlarning salbiy nuqtai nazariga qanday munosabat ko‘rsatgan?

4 Ilk masihiylar dushmanlarining salbiy nuqtai nazari ularni to‘xtatishiga yo‘l qo‘yganmi? Aslo. Misol uchun, havoriy Butrus va Yuhanno Isoning izdoshi bo‘lishgani va uning ta’limotlarini o‘rgatishgani uchun ta’qib qilinishni sharaf, deb bilishgan. (Havor. 4:18–21; 5:27–29, 40–42) Ha, shogirdlarda uyalish uchun hech qanday sabab bo‘lmagan. Garchi jamiyatdagi odamlar ularni hurmat qilishmagan bo‘lsa-da, ilk masihiylar boshqalarga ularni ta’qib qilganlardan ko‘ra ko‘proq yordam berishgan. Masalan, o‘sha masihiylarning ayrimlari ilohiy ilhom ostida yozgan kitoblar millionlab odamlarga yordam berishda va umid baxsh etishda davom etmoqda. Ular va’z qilgan Shohlik esa hozir nafaqat mavjud, balki tez orada butun insoniyat ustidan boshqaradi. (Mat. 24:14) Masihiylarni ta’qib qilgan qadimgi qudratli Rim imperiyasi allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan. O‘sha sadoqatli shogirdlar esa hozir osmonda shohlardir. Ammo ularga qarshi chiqqanlar o‘lgan va hatto tirilgan taqdirda ham, o‘zlari nafratlangan masihiylar va’z qilib yurgan Shohlikka bo‘ysunishadi. (Vah. 5:10)

5. Yuhanno 15:19 ga binoan, nima uchun Yahovaning Shohidlariga past nazar bilan qarashadi?

5 Yahovaning Shohidlari ekanmiz, ba’zida odamlar bizga past nazar bilan qaraydi yoki o‘qimagan va zaif, deb haqorat qiladi. Nima uchun? Sababi atrofimizdagi odamlar kabi nuqtai nazarda emasmiz. Biz kamtar, muloyim va itoatkor bo‘lishga harakat qilamiz. Bundan farqli ravishda, bugungi kunda odamlar mag‘rur, takabbur va isyonkorlarni yuksaltirishadi. Qolaversa, siyosatga aralashmaymiz va hech qaysi mamlakatning harbiy kuchlariga qo‘shilmaymiz. Ha, bu dunyoning odamlaridan farq qilamiz, shu bois ular bizni mensimaydi. (Yuhanno 15:19 ni o‘qing; Rim. 12:2)

6. Yahova xizmatchilaridan foydalanib nimalarni amalga oshirmoqda?

6 Dunyo biz haqda qanday nuqtai nazarda bo‘lmasin, Yahova bizdan foydalanib ajoyib ishni amalga oshirmoqda. U insoniyat tarixidagi eng ulkan va’zgo‘ylik kampaniyasini olib bormoqda. Bugungi kunda Uning xizmatchilari jurnallarni ko‘plab tillarga tarjima qilib, tarqatmoqda va Muqaddas Kitob yordamida millionlab odamlarga hayotini yaxshi tarafga o‘zgartirishga ko‘maklashmoqda. Bu ajoyib yutuqlar uchun Yahova sharafga loyiqdir. U zaif ko‘ringan odamlar guruhidan foydalanib qudratli ishlarni amalga oshirmoqda. Xo‘sh, har birimiz haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Yahova kuchli bo‘lishimizga yordam bera oladimi? Agar yordam bersa, bu ko‘makni olish uchun nima qilishimiz kerak? Keling, havoriy Pavlusning misolidan qanday uchta saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

O‘Z KUCHINGIZGA TAYANMANG

7. Pavlusning misolidan olishimiz mumkin bo‘lgan birinchi saboq qanday?

7 Pavlusning misolidan olishimiz mumkin bo‘lgan birinchi saboq quyidagicha: Yahovaga xizmat qilar ekansiz, o‘z kuchingizga yoki qobiliyatlaringizga tayanmang. Insoniy nuqtai nazardan qaraganda, mag‘rurlanish va o‘ziga tayanish uchun Pavlusda sabablar bor edi. U Rim viloyatining poytaxt shahri Tarsda ulg‘aygan. Tars gullab-yashnagan va taniqli o‘quv yurti joylashgan shahar edi. Pavlus o‘qimishli edi: u o‘z davrining hurmatga sazovor yahudiy rahbarlaridan biri bo‘lgan Gamalieldan ta’lim olgan. (Havor. 5:34; 22:3) Qaysidir payt Pavlus yahudiylar orasida muayyan mavqega ega bo‘lgan. U: «Men xalqimdagi tengdoshlarimdan ko‘ra, yahudiy dinida ko‘proq muvaffaqiyat qozonganman»,— deb aytgan. (Galat. 1:13, 14; Havor. 26:4) Biroq Pavlus o‘ziga tayanmagan.

Pavlus bu dunyoda yutuqday ko‘ringan narsalarni Masihning izdoshi bo‘lish sharafi oldida «axlat», deb hisoblagan (8-xatboshiga qarang.) *

8. Filippiliklarga 3:8 ga ko‘ra, Pavlus ortda qoldirgan narsalariga qanday nuqtai nazarda bo‘lgan va nima uchun u: «Zaif bo‘lishdan... mamnuniyat topaman»,— deb aytgan?

8 Pavlus dunyoning nuqtai nazarida uni kuchli qilgan narsalardan bajonidil voz kechgan. Qolaversa, u oldin erishgan va yutuqday ko‘ringan narsalarni «axlat» deb hisoblagan. (Filippiliklarga 3:8 ni o‘qing.) Masihning izdoshi bo‘lgani uchun Pavlus ko‘pgina qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. O‘z xalqi undan nafratlangan. (Havor. 23:12–14) Hamyurtlari, ya’ni Rim fuqarolari uni do‘pposlab, qamoqqa tashlashgan. (Havor. 16:19–24, 37) Buning ustiga, Pavlus nomukammal ekanini va to‘g‘ri ish qilish oson emasligini tushungan. (Rim. 7:21–25) Lekin u dushmanlari yoki o‘z kamchiliklari uni to‘xtatishiga yo‘l qo‘ymagan. Aksincha, Pavlus: «Zaif bo‘lishdan... mamnuniyat topaman»,— degan. Nega? Sababi zaif bo‘lganida, Xudo unga qay yo‘sin yordam berganini ko‘rgan. (2 Kor. 4:7; 12:10)

9. Dunyoda odamlarni muhim qiladigan narsalarga ega bo‘lmasak, bunga qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerak?

9 Yahovadan kuch olishni istasak, qanchalar qadrli ekanimiz jismoniy kuchimiz, bilimimiz, madaniyatimiz yoki boyligimizga bog‘liq, deb o‘ylamasligimiz darkor. Yahovaning oldidagi o‘rnimiz bu narsalar bilan belgilanmaydi. Bundan tashqari, Yahovaning xizmatchilari orasida donishmand, qudratli va asilzodalar ko‘p emas. Aksincha, Yahova «dunyoning... nazarida nodon bo‘lganlarni tanladi». (1 Kor. 1:26, 27) Shunday ekan, yuqorida tilga olingan narsalarga ega bo‘lmasangiz ham, Yahovaga xizmat qila olasiz. Unutmangki, dunyoda odamlarni muhim qiladigan narsalarga ega bo‘lmaganingizda, Yahova qay yo‘sin sizga kuch berishining guvohi bo‘lasiz. Agar e’tiqodingiz borasida shubha uyg‘otishga urinayotganlar do‘q-po‘pisa qilsa, imoningizni himoya qilish uchun Yahova sizga jasorat berishini so‘rab ibodat qiling. (Efes. 6:19, 20) Jiddiy kasallik dastidan muammolarni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, xizmatda imkon boricha ko‘proq ishtirok etish uchun Yahovadan kuch so‘rang. Har safar Yahovaning yordamini ko‘rganingizda, imoningiz mustahkamlanadi va yanada kuchli bo‘lasiz.

MUQADDAS KITOBDAGI MISOLLARDAN O‘RNAK OLING

10. Nega Ibroniylarga 11:32–34 da keltirilgan sadoqatli kishilarniki kabi misollarni tadqiq qilishimiz lozim?

10 Pavlus Muqaddas Yozuvlarni puxta tadqiq qilgan. U Xudoning Kalomi asosida tez-tez tadqiq o‘tkazgan va u yerda tilga olingan sadoqatli xizmatchilarning misollaridan ko‘p saboq olgan. Masalan, Pavlus ibroniy masihiylarga maktub yozganida, ularni Yahovaning ko‘plab sadoqatli xizmatchilari qoldirgan o‘rnak ustida mulohaza yuritishga undagan. (Ibroniylarga 11:32–34 ni o‘qing.) Keling, ularning birini — shoh Dovudning misolini ko‘rib chiqamiz. U nafaqat dushmanlari, balki qachonlardir uning do‘stlari bo‘lgan ba’zilar tarafidan ham qarshiliklarga duch kelgan. Dovudning misoliga nazar tashlasak, nima uchun uning ustida mulohaza yuritish Pavlusga yordam berganini va qay yo‘sin unga taqlid qilishimiz mumkinligini tushunamiz.

Dovud yosh va zaifday ko‘ringan bo‘lsa-da, Go‘liyotga qarshi jang qilishdan qo‘rqmagan. Dovud Yahovaga tayangan, chunki Go‘liyotning ustidan g‘alaba qozonish uchun Yahova unga kuch berishiga amin bo‘lgan. Shunday bo‘lgan ham (11-xatboshiga qarang.)

11. Nima uchun Dovud zaifday ko‘ringan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

11 Jismonan kuchli jangchi Go‘liyotning nazarida Dovud zaifday ko‘ringan. Go‘liyot Dovudni ko‘rganida, «uni nazar-pisand qilmay iljayib qo‘ygan». Axir Go‘liyot kattaroq, yaxshiroq qurollangan va jang qilishga o‘rgatilgan edi. Undan farqli ravishda, Dovud jangga yaxshi qurollanmagan tajribasiz boladay ko‘ringan. Ammo Dovudning zaifday ko‘ringan tarafi uning kuchli tarafi bo‘lib chiqqan. U Yahovaning qudratiga tayangan va dushmanini yenggan. (1 Shoh. 17:41–45, 50)

12. Dovud yana qanday qiyinchilik bilan kurashishiga to‘g‘ri kelgan?

12 Dovud o‘zini zaifday his qilishiga sabab bo‘lgan boshqa qiyinchilik bilan ham kurashishiga to‘g‘ri kelgan. U Yahova Isroilning shohi etib tayinlagan Shoulga sadoqat ila xizmat qilgan. Shoh Shoul boshida Dovudni hurmat qilgan. Keyinchalik esa mag‘rurligi unga hasad qilishiga sabab bo‘lgan. Shoul Dovudga yomon muomalada bo‘lgan, hatto uni o‘ldirishga uringan. (1 Shoh. 18:6–9, 29; 19:9–11)

13. Shoh Shoulning adolatsiz munosabatiga Dovud qanday javob qaytargan?

13 Shoh Shoulning adolatsiz munosabatiga qaramay, Dovud Yahova tayinlagan shohga hurmat ko‘rsatishda davom etgan. (1 Shoh. 24:6) Shoulning yomonliklari uchun u Yahovani ayblamagan. Aksincha, bu qiyinchilikda bardoshli bo‘la olishi uchun Yahova kerakli kuchni berishiga ishongan. (Zab. 18:1, so‘zboshi)

14. Pavlus Dovudnikiga o‘xshash qanday vaziyatga duch kelgan?

14 Havoriy Pavlus ham Dovudnikiga o‘xshash vaziyatga duch kelgan. Pavlusning dushmanlari undan ancha kuchliroq bo‘lgan. O‘z davrida ta’sir doirasi keng bo‘lgan rahbarlar undan nafratlanishgan. Ular uni tez-tez do‘pposlab, qamoqqa tashlashgan. Dovud singari Pavlus ham aslida do‘stlari bo‘lishi kerak bo‘lgan odamlar tomonidan yomon munosabatga duch kelgan. Hatto masihiylar jamoatidagi ayrimlar unga qarshi chiqqan. (2 Kor. 12:11; Filip. 3:18) Lekin Pavlus unga qarshi bo‘lganlarning barchasini yenggan. Qanaqasiga? Qarshilikka qaramay, u va’z qilishda davom etgan. Hatto birodar-u opa-singillari Pavlusning hafsalasini pir qilgan bo‘lsa-da, u ularga sadoqatli qolgan. Eng asosiysi, Pavlus umrining oxirigacha Xudoga sodiq bo‘lgan. (2 Tim. 4:8) U shuncha qiyinchilikni jismonan kuchli bo‘lgani uchun emas, balki Yahovaga tayangani tufayli yenggan.

E’tiqodingizni shubha ostiga qo‘yganlar bilan muzokara qilar ekansiz, hurmat va mehr ko‘rsating (15-xatboshiga qarang.) *

15. Maqsadimiz nima va unga qanday erisha olamiz?

15 Sinfdoshlaringiz, hamkasblaringiz yoki Yahovaning Shohidi bo‘lmagan oila a’zolaringiz tomonidan tahqirlar-u ta’qiblarga duch kelyapsizmi? Jamoatdan kimdir sizga yomon muomalada bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, Dovud va Pavlusning misollarini yodga oling. «Yomonlikni hamisha yaxshilik bilan mag‘lub qila» olasiz. (Rim. 12:21) Bizga qarshi chiqishganda, Dovud Go‘liyot bilan kurashgani singari, kurashishimizga hojat yo‘q. Aksincha, boshqalarga Yahova hamda Muqaddas Kitob haqida bilib olishga ko‘maklashib yomonlikni yaxshilik bilan mag‘lub qilamiz. Odamlarning savollariga javob berish uchun Muqaddas Kitobdan foydalanib, sizga yomon muomalada bo‘lganlarga hurmat va mehr ko‘rsatib hamda barchaga, hatto dushmanlik qilayotganlarga yaxshilik qilib bu maqsadga erisha olasiz. (Mat. 5:44; 1 Butr. 3:15–17)

BOSHQALARNING YORDAMINI QABUL QILING

16, 17. Pavlus nimani aslo yodidan chiqarmagan?

16 Havoriy Pavlus Masihning shogirdi bo‘lishdan avval uning izdoshlarini ta’qib qilgan surbet kishi bo‘lgan. (Havor. 7:58; 1 Tim. 1:13) O‘sha paytda Shoul deb tanilgan Pavlusni masihiylar jamoatiga tahdid qilishdan Isoning o‘zi to‘xtatgan. U Pavlusga osmondan gapirib, uni ko‘r qilib qo‘ygan. Yana ko‘ra olishi uchun Pavlus o‘zi ta’qib qilgan odamlardan yordam so‘rashiga to‘g‘ri kelgan. Uning ko‘rish qobiliyatini tiklagan Hananiya ismli shogirdning yordamini Pavlus kamtarlik ila qabul qilgan. (Havor. 9:3–9, 17, 18)

17 Vaqt o‘tib Pavlus masihiylar jamoatining taniqli a’zolaridan biriga aylangan. Lekin Damashqqa ketayotganida Iso unga qanday saboq berganini aslo yodidan chiqarmagan. Pavlus doim kamtarin bo‘lgan va birodar-u opa-singillarining yordamini tayyorlik ila qabul qilgan. U imondoshlari unga «yaxshigina tasalli» berganini, ya’ni qo‘llab-quvvatlaganini tan olgan. (Kolos. 4:10, 11)

18. Nima uchun boshqalarning yordamini qabul qilish qiyin kechishi mumkin?

18 Pavlusning misolidan qanday saboq olsak bo‘ladi? Yahovaning xizmatchilari bilan endi muloqot qilishni boshlaganimizda, ma’naviy tarafdan chaqaloq ekanimizni va ko‘p narsani o‘rganishimiz kerakligini tushunib, boshqalarning yordamini tayyorlik ila qabul qilgandirmiz. (1 Kor. 3:1, 2) Hozir-chi? Yahovaga ancha yillardan beri xizmat qilib, ko‘p tajribaga ega bo‘lgan bo‘lsak, boshqalarning, ayniqsa, haqiqatga nisbatan yaqinda kelganlarning yordamini tayyorlik ila qabul qilish qiyin kechishi mumkin. Ammo Yahova bizni mustahkamlash uchun ko‘pincha birodar-u opa-singillarimizdan foydalanadi. (Rim. 1:11, 12) Agar Yahova bizga kuch berishini istasak, buni tushunishimiz lozim.

19. Nega Pavlus muvaffaqiyatli bo‘la olgan?

19 Masihiy bo‘lgach, Pavlus ko‘p ajoyib ishlarni amalga oshirgan. Nima uchun? Chunki u muvaffaqiyat odamning jismoniy kuchi, bilimi, boyligi yoki ijtimoiy kelib chiqishiga emas, kamtarligi-yu Yahovaga tayanishiga bog‘liq ekanini anglagan. Keling, 1) Yahovaga tayanib, 2) Muqaddas Kitobdagi misollardan saboq olib va 3) imondoshlarning yordamini qabul qilib Pavlusga taqlid qilaylik. Shunda o‘zimizni qanchalik zaif his etsak ham, Yahova bizni kuchli qiladi.

71-QO‘SHIQ Biz — Yahovaning lashkarimiz!

^ 5- x.b. Ushbu maqolada havoriy Pavlusning misolini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, kamtar bo‘lsak, haqoratlarga duch kelganimizda bardoshli bo‘lishga va zaifliklarimizni yengishga Yahova kuch berishiga diqqat qaratamiz.

^ 1- x.b. IBORA MA’NOSI. Nomukammallik, kambag‘allik, kasallik yoki kamsavodlik kabi bir qancha sabablar tufayli o‘zimizni zaif his etishimiz mumkin. Buning ustiga, dushmanlarimiz bizga yomon gaplar aytib yoki jismoniy zarar yetkazib, o‘zimizni zaif his etishimizga harakat qilishadi.

^ 57- x.b. RASMGA SHARH. Pavlus Iso to‘g‘risida va’z qilgani ketayotib, sobiq farziy sifatida foydalangan muayyan narsalarini ortda qoldirib ketyapti. Masalan, bu dunyoviy qo‘lyozmalar va ichiga Muqaddas Yozuvlardan parchalar solingan quti bo‘lgandir.

^ 61- x.b. RASMGA SHARH. Birodarimiz tug‘ilgan kun bazmiga qo‘shilishi uchun hamkasblari unga bosim o‘tkazyapti.