Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

31-TADQIQ MAQOLASI

«Poydevori mustahkam... shaharni» kutyapsizmi?

«Poydevori mustahkam... shaharni» kutyapsizmi?

Ibrohim poydevori mustahkam, loyihachisi va bunyodkori Alloh bo‘lgan shaharni kutardi. IBRON. 11:10

22-QO‘SHIQ Shohlik yerga ham kelsin!

BU MAQOLADA *

1. Ko‘plar qanday fidoyiliklarga bormoqda va nega?

HOZIRDA Xudoning millionlab xizmatchilari fidoyiliklarga bormoqda. Masalan, ko‘pgina birodar-u opa-singillar oila qurmaslikka qaror qiladi. Juftliklar esa ayni paytda farzand ko‘rmaslikni tanlaydi. Ba’zi oilalar sodda hayot kechiradi. Ular bunday fidoyiliklarga borishining asosiy sabablaridan biri — Yahovaga iloji boricha ko‘proq xizmat qilish istagi. Ular baxtiyor hamda Yahova asosiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonishadi. Xo‘sh, ularning ishonchi oqlanadimi? Bo‘lmasam-chi! Nega bunga amin bo‘lishimiz mumkin? Sabablaridan biri Tangri Yahova «imoni borlarning otasi» bo‘lmish Ibrohimga baraka yog‘dirganidadir. (Rim. 4:11)

2. a) Ibroniylarga 11:8–10, 16 ga ko‘ra, nima uchun Ibrohim Ur shahridan ketishga tayyor bo‘lgan? b) Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz?

2 Ibrohim Ur shahridagi qulay hayotdan tayyorlik ila voz kechgan. Nega deganda, u «poydevori mustahkam... shaharni» kutgan. (Ibroniylarga 11:8–10, 16 ni o‘qing.) Bu «shahar» nimani bildiradi? Ibrohim mazkur shahar qurilishini kutayotib qanday qiyinchiliklarga duch kelgan? Ibrohimga va bugungi kunda uning o‘rnagiga ergashganlarga qanday taqlid qila olamiz?

«POYDEVORI MUSTAHKAM... SHAHAR» NIMANI BILDIRADI?

3. Ibrohim kutgan «shahar» nimani biliradi?

3 Ibrohim kutgan shahar Xudoning Shohligidir. Bu Shohlik Iso Masih va 144 000 ta moylangan masihiylardan tashkil topgan. Havoriy Pavlus bu Shohlikka «barhayot Xudoning shahri samoviy Quddus» deb ta’rif bergan. (Ibron. 12:22; Vah. 5:8–10; 14:1) Iso shogirdlariga osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Xudoning irodasi bajo bo‘lishi uchun bu Shohlik kelishini so‘rab ibodat qilishni o‘rgatgan. (Mat. 6:10)

4. Ibtido 17:1, 2, 6 ga ko‘ra, Ibrohim Xudo va’da qilgan shahar, ya’ni Shohlik haqida nimalarni bilgan?

4 Ibrohim Xudoning Shohligi qanday tashkillashtirilishi borasida tafsilotlarni bilganmi? Yo‘q. Bu tafsilotlar ko‘p asrlar davomida «muqaddas sir» bo‘lib kelgan. (Efes. 1:8–10; Kolos. 1:26, 27) Lekin Ibrohim uning avlodidan ba’zilar shoh bo‘lishini bilgan. Mazkur va’dani Yahova aynan unga bergan. (Ibtido 17:1, 2, 6 ni o‘qing.) Ibrohim Xudoning va’dalariga shunchalik ishonganki, u go‘yoki Xudo Shohligining Shohi Masihni ko‘rganday bo‘lgan. Shu bois, Iso o‘z davridagi yahudiylarga: «Otangiz Ibrohim men qilayotgan ishlarni ko‘rishga umid bog‘lab, juda quvongandi. Endi ko‘rib, shod-xurram bo‘ldi»,— deb ayta olgan. (Yuhan. 8:56) Ibrohim uning avlodidan ba’zilar Yahova o‘rnatadigan Shohlikning bir qismi bo‘lishini bilgani aniq. Qolaversa, u Xudo bu va’dasini amalga oshirishini tayyorlik ila kutgan.

Ibrohim Yahovaning va’dalariga ishonishganini qay yo‘sin ko‘rsatgan? (5-xatboshiga qarang.)

5. Ibrohim loyihachisi Alloh bo‘lgan shaharni kutganini qayerdan bilamiz?

5 Ibrohim loyihachisi Alloh bo‘lgan shaharni, ya’ni Shohlikni kutayotganini qanday ko‘rsatgan? Birinchidan, u yer yuzidagi hech qaysi shohlikning fuqarosi bo‘lmagan. Ibrohim musofir bo‘lib, bir yerdan boshqasiga ko‘chib yurgan va hech qaysi shohni qo‘llab-quvvatlamagan. Ikkinchidan, u o‘z shohligini o‘rnatishga intilmagan. Aksincha, Ibrohim doim Yahovaga itoat qilgan va U O‘z va’dasini amalga oshirishini kutgan. Shu yo‘sin Ibrohim Yahovaga qattiq ishonishini ko‘rsatgan. Keling, u duch kelgan ba’zi qiyinchiliklarni va uning o‘rnagidan qanday saboqlar olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

IBROHIM QANDAY QIYINCHILIKLARGA DUCH KELGAN?

6. Ur qanday shahar bo‘lgan?

6 Ibrohim tark etgan Ur shahri yaxshi himoyalangan bo‘lib, qulay va aholisi o‘qimishli hamda boy edi. U ulkan devorlar va uchta tarafdan chuqur suv kanallari bilan himoyalangan edi. Ur aholisi ham yozishda, ham arifmetikada ustasi farang bo‘lgan. O‘sha hududda tijoratga oid ko‘pgina hujjatlar topilganiga qaraganda, shahar tijorat markazi bo‘lganga o‘xshaydi. Odamlarning uylari g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, devorlari suvalgan va oqlangan edi. Ularning ayrimlarida 13 yoki 14 ta xona bo‘lib, tosh yotqizilgan hovli atrofida qad ko‘targan edi.

7. Nima uchun Ibrohim Yahova uni va oilasini himoyalashiga ishonishi kerak edi?

7 Ibrohim Yahova uni va oilasini himoyalashiga ishonishi kerak edi. Nima uchun? Esingizda bo‘lsa, Ibrohim va Sora Kan’on yurtidagi dashtlarda chodirda yashash uchun Ur shahridagi bexatar va qulay uyini tark etishgan. Endi uni va oilasini himoya qiladigan qalin devorlar-u chuqur suv kanallari yo‘q edi. Aksincha, dushmanlar ularga osonlikcha hujum qilishi mumkin edi.

8. Bir safar Ibrohim qanday vaziyatga duch kelgan?

8 Ibrohim Xudoning irodasini bajargan, ammo bir safar oilasini to‘ydirish uchun unda yetarlicha oziq-ovqat bo‘lmagan. Yahova unga borishni aytgan yurtda qattiq ocharchilik bo‘lgan. Ocharchilik shunchalik kuchayganidan, Ibrohim oilasi bilan vaqtinchalik Misrga ko‘chishga qaror qilgan. Lekin u Misrda bo‘lganida, yurtning boshqaruvchisi fir’avn Sorani o‘z xotini qilish maqsadida uyiga olib ketgan. Yahova fir’avnni jazolamaguncha va fir’avn Sorani Ibrohimga qaytarmaguncha, u qanchalar xavotirlanganini bir tasavvur qiling. (Ibt. 12:10–19)

9. Ibrohim qanday oilaviy qiyinchiliklarga duch kelgan?

9 Ibrohimning oilaviy hayoti ham qiyinchiliklardan holi bo‘lmagan. Uning suyukli turmush o‘rtog‘i Sora farzand ko‘ra olmas edi. Yillar davomida bu ularning ko‘nglini tushirib kelgan. Oxiri Sora cho‘risi Hojar u va Ibrohim uchun farzand tug‘ib bersin, deb uni Ibrohimga xotinlikka bergan. Ammo Hojar Ismoilga homilador bo‘lganida, Sorani mensimay qo‘ygan. Vaziyat shunchalik taranglashganki, Hojar Soradan qochib ketgan. (Ibt. 16:1–6)

10. Ismoil va Is’hoq bilan bog‘liq qaysi vaziyatlar Ibrohimning Yahovaga bo‘lgan ishonchini sinagan?

10 Nihoyat Sora homilador bo‘lib, Ibrohimga o‘g‘il tug‘ib bergan. Ibrohim unga Is’hoq deb ism qo‘ygan. U ikkala o‘g‘lini — Ismoil va Is’hoqni yaxshi ko‘rgan. Biroq Ismoil Is’hoqqa yomon muomalada bo‘lgani tufayli Ibrohim uni va Hojarni jo‘natib yuborishiga to‘g‘ri kelgan. (Ibt. 21:9–14) Ko‘p yillar o‘tgach, Yahova Ibrohimdan Is’hoqni qurbonlikka keltirishini so‘ragan. (Ibt. 22:1, 2; Ibron. 11:17–19) Ikkala vaziyatda ham Ibrohim Yahova uning o‘g‘illari borasida bergan va’dasini amalga oshirishiga ishonishi lozim edi.

11. Nima uchun Ibrohim Yahovani sabr ila kutishiga to‘g‘ri kelgan?

11 Bu vaqt davomida Ibrohim Yahovani sabr ila kutishni o‘rganishiga to‘g‘ri kelgan. Ibrohim oilasi bilan Ur shahrini tark etganida, yoshi yetmishdan oshgan bo‘lsa kerak. (Ibt. 11:31–12:4) U deyarli yuz yil davomida Kan’on yurti bo‘ylab ko‘chib, chodirlarda yashab yurgan. Ibrohim 175 yoshida vafot etgan. (Ibt. 25:7) Ammo Ibrohim u kezib yurgan yurt avlodlariga berilishi haqidagi Yahovaning va’dasi amalga oshganining guvohi bo‘lmagan. Qolaversa, u shahar, ya’ni Xudoning Shohligi o‘rnatilganini ko‘rmagan. Lekin shunda ham Ibrohim haqida «hayotdan mamnun bo‘lib, nuroniy bir yoshda vafot etdi» deyilgan. (Ibt. 25:8) Garchi ko‘pgina qiyinchiliklar bilan kurashishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham, Ibrohim kuchli imonni rivojlantirgan hamda Yahovani kutishga tayyor bo‘lgan. Xo‘sh, u nima uchun sabotli bo‘la olgan? Sababi Yahova Ibrohimni butun hayoti davomida himoya qilgan va uni do‘sti deb bilgan. (Ibt. 15:1; Ishayo 41:8; Yoqb. 2:22, 23)

Qay yo‘sin Xudoning xizmatchilari Ibrohim va Sora singari imon hamda sabr-toqatni namoyon etishmoqda? (12-xatboshiga qarang.) *

12. Nimani kutyapmiz va nimani ko‘rib chiqamiz?

12 Ibrohim kabi biz ham poydevori mustahkam shaharni kutyapmiz. Lekin biz mazkur shahar qurilishini kutmayapmiz. Chunki Xudoning Shohligi 1914-yili o‘rnatildi va butun osmonni boshqarib kelmoqda. (Vah. 12:7–10) Biz bu Shohlik butun yer yuzi ustidan boshqarishini kutyapmiz. Bu vaqtni kutar ekanmiz, Ibrohim va Soranikiga o‘xshash ko‘pgina qiyinchiliklar bilan kurashishimizga to‘g‘ri kelishi hech gap emas. Yahovaning bugungi xizmatchilari Ibrohimning o‘rnagiga taqlid qilib kelmoqda. «Qo‘riqchi minorasi»dagi tarjimai hollardan ko‘rinyaptiki, hozirda ko‘plar Ibrohim va Sora kabi imon va sabr-bardoshni namoyon etmoqda. Keling, ulardan atigi bir nechtasiga diqqat qaratib, qanday saboqlar olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

IBROHIMNING O‘RNAGIGA TAQLID QILIB...

Bill Uolden fidoyiliklarga borishga tayyor bo‘lgan hamda Yahovadan barakalar olgan

13. Uolden birodarning misolidan qanday saboq oldingiz?

13 Fidoyiliklarga borishga tayyor bo‘ling. Xudoning shahrini — Shohligini — hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yishni istasak, Xudoni mamnun qilish uchun Ibrohim kabi fidoyiliklarga borishga tayyor bo‘lishimiz darkor. (Mat. 6:33; Mark 10:28–30) Bill Uolden * ismli birodarimizning misoliga diqqat qarataylik. Bill 1942-yili Qo‘shma Shtatlardagi bir universitetni bitirib arxitektor muhandisligi bo‘yicha bakalavr darajasini olish arafasida bo‘lganida, Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq o‘tishni boshlagan. Billning professorlaridan biri u o‘qishni bitirganidan so‘ng ishlashi uchun ish hozirlab qo‘ygan, lekin u rad etgan. U Xudoga ko‘proq xizmat qilish uchun yaxshi maoshli ishdan voz kechishga qaror qilganini tushuntirgan. Ko‘p o‘tmay Bill harbiy xizmatni o‘tashga chaqirilgan. U buni hurmat ila rad etgan va oqibatda unga 10 000 dollar jarima solinib, besh yillik qamoq jazosi tayinlangan. Uch yildan so‘ng Bill ozod etilgan. Keyinchalik u Gilad maktabiga taklif etilgan va Afrikada to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilgan. Vaqt o‘tib Bill Yeva ismli imondoshimiz bilan oila qurgan va ular birgalikda Afrikada xizmat qilishgan. Bu esa fidoyiliklarga borishni talab qilgan. Bir necha yil o‘tgach, Billning onasiga g‘amxo‘rlik qilish maqsadida ular Qo‘shma Shtatlarga qaytishgan. Bill butun hayoti borasida quyidagicha xulosaga kelgan: «70 yildan oshiq vaqt davomida Yahovaga xizmat qilish kabi ajoyib sharafga ega bo‘lganim haqida o‘ylaganimda, ko‘zlarimda yosh qalqiydi. Butun hayotim davomida Unga xizmat qilishimga yordam bergani uchun Yahovaga tez-tez minnatdorchilik bildiraman». Siz ham to‘la vaqtli xizmatni hayot yo‘lingizga aylantira olasizmi?

Eleni va Aristotelis Apostolidis Yahova ularga kuch berganini his etgan

14, 15. Apostolidis juftligining misolidan qanday saboq oldingiz?

14 Hayotingiz tashvishlardan holi bo‘lishini kutmang. Ibrohimning misolidan shuni ko‘rdikki, butun hayotini Yahovaga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar ham muammolar bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi. (Yoqb. 1:2; 1 Butr. 5:9) Aristotelis Apostolidisning * misoli buni qay yo‘sin tasdiqlayotganini ko‘rib chiqaylik. U 1946-yili Gresiyada suvga cho‘mgan va 1952-yili Eleni ismli opamiz bilan unashtirilgan. Ular birgalikda Yahovaga to‘la vaqtli xizmat qilishni istashgan. Ammo Eleni kasal bo‘lgan va miyasida o‘simta borligi aniqlangan. O‘simta olib tashlangan, biroq bu juftlik turmush qurganidan atigi bir necha yil o‘tib, o‘simta yana paydo bo‘lgan. Shifokorlar Elenini yana operasiya qilishgan, lekin u qisman shol va yaxshi gapira olmaydigan bo‘lib qolgan. Kasalligi va o‘sha paytda hukumat quvg‘un qilganiga qaramay, Eleni g‘ayratini yo‘qotmagan.

15 Aristotelis 30-yil davomida xotiniga g‘amxo‘rlik qilgan. Bu vaqt mobaynida u oqsoqol sifatida va anjuman qo‘mitalarida xizmat qilgan, Anjuman zalining qurilishida ko‘maklashgan. 1987-yili Eleni va’z qilayotganida baxtsiz hodisa yuz berib, jarohat olgan. Eleni uch yil davomida koma holatida bo‘lgan va oxiri vafot etgan. Aristotelis boshidan kechirganlari borasida shunday xulosaga kelgan: «Yillar davomida ko‘pgina muammolarga duch keldim va ulardan ba’zilari to‘satdan yuz berdi. Shu bois, sabotli bo‘lishga qat’iy bel bog‘lashim va hech narsa meni tushkunlikka tushirishiga yo‘l qo‘ymasligim kerak edi. Bu muammolarni yengishim uchun Yahova doim menga kerakli kuchni berib kelgan». (Zab. 94:18, 19) Ha, qiyinchiliklarga qaramay, Unga qo‘ldan kelgancha xizmat qilayotganlarni Yahova qattiq sevadi!

Odri Xayd nigohini kelajakka qaratib ijobiy nuqtai nazarni saqlagan

16. Norr birodar turmush o‘rtog‘iga qanday maslahat bergan?

16 Nigohingizni kelajakka qarating. Ibrohim nigohini Yahova kelajakda unga beradigan mukofotlarga qaratgani muammolarini yengishiga yordam bergan. Odri Xayd * opamiz birinchi turmush o‘rtog‘i Neytan Norr saratondan vafot etganiga, ikkinchi eri Glenn Xayd esa Alsgeymer kasalligiga chalinganiga qaramay, ijobiy nuqtai nazarni saqlashga intilgan. Odri opamizning aytishicha, Norr birodarimiz o‘limidan atigi bir necha hafta oldin aytgan gaplari unga yordam bergan. U quyidagicha bo‘lishgan: «Neytan: “O‘lim bu hammasi tugadi, degani emas. Mustahkam umidimiz bor. Boshqa hech qachon azob-uqubat chekmaymiz”,— deb eslatdi. Keyin esa: “Oldinga intiling, chunki mukofotingiz o‘sha yerda”,— deb undadi. [...] So‘ng u shunday deb qo‘shib qo‘ydi: “Hayotingiz davomida boshqalar uchun nimadir qilish bilan band bo‘ling. Bu quvonchni yo‘qotmasligingizga yordam beradi”». Boshqalarga doim yaxshilik qilish bilan band bo‘lish va umidimiz bo‘lgani uchun sevinish naqadar ajoyib maslahat!

17. a) Nigohimizni kelajakka qaratish uchun qanday asosli sababimiz bor? b) Qay yo‘sin Mixo 7:7 dagi so‘zlarga amal qilish kelajakdagi barakalardan zavq olishimizga ko‘maklashadi?

17 Nigohimizni kelajakka qaratish uchun hozirda sabablarimiz ko‘proqdir. Zero, dunyodagi voqealardan aniq ko‘rinyaptiki, oxirzamonning so‘nggi kunlarida yashayapmiz. Tez orada poydevori mustahkam shahar butun yer yuzi ustidan boshqarishini kutishimizga to‘g‘ri kelmaydi. Biz erishadigan ko‘pgina ajoyib barakalardan biri tirilgan yaqinlarimizni kutib olish bo‘ladi. O‘shanda Yahova Ibrohimni va oilasini hayotga qaytarib, uni imoni va sabr-toqati uchun mukofotlaydi. Xo‘sh, o‘shanda ularni kutib olasizmi? Ibrohim singari Xudoning Shohligi uchun fidoyiliklarga borishga tayyor bo‘lsangiz, muammolarga qaramay, imoningizni saqlasangiz va Yahovani sabr ila kutsangiz, buni qila olasiz. (Mixo 7:7 ni o‘qing.)

74-QO‘SHIQ Keling, Shohlik haqda kuylaylik

^ 5- x.b. Biron va’da amalga oshishini kutar ekanmiz, sabrimiz va ba’zi hollarda imonimiz sinalishi mumkin. Yahovaning va’dalari amalga oshishini sabr ila kutish qarorimizni mustahkamlashda Ibrohimdan qanday saboqlar olsak bo‘ladi? Yahovaning bugungi xizmatchilari qanday o‘rnak ko‘rsatmoqda?

^ 13- x.b. Uolden birodarning tarjimai holi «Qo‘riqchi minorasi»ning 2013-yil 1-dekabr (rus) sonidagi 8-10-sahifalarda keltirilgan.

^ 14- x.b. Aristotelis Apostolidisning tarjimai holi «Qo‘riqchi minorasi»ning 2002-yil 1-fevral (rus) sonidagi 24-28-sahifalarda keltirilgan.

^ 16- x.b. Xayd opamizning tarjimai holi «Qo‘riqchi minorasi»ning 2004-yil 1-iyul (rus) sonidagi 23-29-sahifalarda keltirilgan.

^ 56- x.b. RASMGA SHARH. Qiyinchiliklarga qaramay, keksa juftlik Yahovaga xizmat qilishda davom etyapti. Ular nigohini Yahovaning kelajak borasidagi va’dalariga qaratib imonini mustahkam saqlayapti.