Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Voiz 5:8 da faqat insoniy hukmdorlar nazarda tutilganmi yoki Yahova hammi?

▪ Bu oyatda shunday qiziq so‘zlar yozilgan: «Agar yurtingda kambag‘alga zulm o‘tkazilayotganini, adolat va haqqoniyat poymol qilinayotganini ko‘rsang, hayron bo‘lma. Chunki mansabdor odam ustidan boshqasi nazorat qiladi. Lekin ularning ustidan ham yuqoriroq mavqeni egallaganlar bor». (Voiz 5:8)

Insoniy nuqtai nazardan qaraganda, bu oyatda faqatgina hokimiyat tepasidagi kishilar haqida aytilganday tuyuladi. Ammo chuqurroq mulohaza qilib ko‘rsak, mazkur oyat Yahova haqida bir haqiqatni ochib beradi. Bu esa bizga tasalli hamda aminlik baxsh etadi.

Voiz 5:8 da kambag‘allarga zulm o‘tkazayotgan hamda adolatsizlarcha yo‘l tutayotgan boshqaruvchi tilga olingan. Bu boshqaruvchi shuni yodda saqlashi kerakki, uni ham o‘zidan yuqoriroq mavqega yoki hokimiyatga ega boshqa kishi nazorat qilishi mumkin. Shu bilan birga, bu kishidan ham yuqoriroq mavqega ega odamlar bordir. Afsuski, insoniy hukumatlardagi bu barcha boshqaruvchilar buzilgan bo‘lishi hech gap emas. Odamlar esa ularning adolatsiz boshqaruvidan azob chekadi.

Biroq hech qanday umid yo‘qday tuyulganda ham Yahova insoniy hukumatdagi «mansabdor odam»lar ustidan nazorat qilayotganini bilish bizga tasalli baxsh etishi mumkin. Biz ibodatda Xudodan yordam so‘rashimiz va barcha g‘am-tashvishimizni Unga tashlashimiz mumkin. (Zab. 55:22; Filip. 4:6, 7) «Yahova Unga chin dildan sadoqatli bo‘lganlarga qudratini namoyon etish niyatida butun yer yuzini ko‘zdan» kechirishini bilamiz. (2 Sol. 16:9)

Demak, Voiz 5:8 biz yashayotgan dunyoda doim kimdir boshqasidan ko‘proq hokimiyatga ega bo‘lishini eslatyapti. Eng asosiysi, bu oyat bizga Yahova eng buyuk mavqega ega ekanini, ha, oliy hokimiyat Sohibi ekanini eslatishi mumkin. Hozir U Samoviy Shohlikning Shohi — O‘g‘li Iso Masih orqali boshqaryapti. Barcha narsani ko‘rib turuvchi Qodir Alloh va Uning O‘g‘li mutlaq adolatlidir.