Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45-TADQIQ MAQOLASI

Boshqalarga Masihning amrlariga amal qilishga yordam bering

Boshqalarga Masihning amrlariga amal qilishga yordam bering

Shuning uchun boringlar... shogird tayyorlanglar... Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar. MAT. 28:19, 20

89-QO‘SHIQ Tingla, quloq sol va ol baraka

BU MAQOLADA *

1. Matto 28:19, 20 ga ko‘ra, Iso qanday amr bergan?

ISO tirilgach, Jalila shahrida shogirdlariga ko‘ringan. U ularga muhim bir narsani aytmoqchi bo‘lgan. Qiziq, bu nima ekan? Iso nima deganini Matto 28:18–20 dan (o‘qing) bilib olishimiz mumkin.

2. Bu maqolada qaysi savollarni muhokama qilamiz?

2 Isoning shogird tayyorlash amri bugungi kunda ham Xudoning har bir xizmatchisiga taalluqli. Shunday ekan, keling, Iso bizga topshirgan vazifa bilan bog‘liq uchta savolni muhokama qilamiz. Birinchisi, Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan kishiga Xudoning talablarini o‘rgatishdan tashqari, yana nima qilishimiz kerak? Ikkinchisi, qanday qilib jamoatdagi barcha va’zgo‘ylar tadqiq qilayotgan kishining ma’nan o‘sishiga hissa qo‘sha oladi? Uchinchisi, qay yo‘sin faoliyatsiz va’zgo‘ylarga shogird tayyorlash ishida yana qatnashishga yordam bera olamiz?

ULARGA ISONING AMRLARIGA AMAL QILISHNI O‘RGATING

3. Iso shogird tayyorlash amrini berganida, nima qilish kerakligini aytib o‘tgan?

3 Iso aniq yo‘l-yo‘riqlar bergan. Odamlarga uning amrlarini o‘rgatishimiz lozim. Shu bilan birga muhim bir narsani e’tibordan chetda qoldirmasligimiz darkor. Iso: «Men sizlarga amr etgan hamma narsani ularga o‘rgatinglar»,— demagan. Aksincha, u: «Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar»,— degan. Iso aytganiday yo‘l tutish uchun Kalomni tadqiq qilayotganlarga nafaqat nima qilish kerakligini o‘rgatishimiz, balki buni qay yo‘sin amalga oshirish lozimligini ko‘rsatishimiz zarur. Nima uchun?

4. Amrga amal qilish nima degani? Misol keltiring.

4 Amrga amal qilish unga itoat etish demakdir. Qanday qilib boshqalarga Masihning amrlariga amal qilishni, ya’ni ularga itoatli bo‘lishni o‘rgata olamiz? Quyidagi misolga e’tibor bering. Mashina haydashni o‘rgatadigan ustoz qay yo‘sin o‘quvchilariga yo‘l qoidalariga amal qilishni o‘rgatadi? Avval u sinfda yo‘l qoidalarini tushuntirib berishi mumkin. So‘ng yana bir qadam qo‘yishi, ya’ni ularga mazkur qoidalarga rioya qilishni o‘rgatishi kerak. Keyin esa o‘quvchilar mashina haydab, bilib olganlarini amalda qo‘llashga intilar ekan, o‘qituvchi ularga hamroh bo‘lib, yo‘l-yo‘riqlar berishi darkor. Xo‘sh, bu misoldan qanday saboq olyapmiz?

5. a) Yuhanno 14:15 va 1 Yuhanno 2:3 ga binoan, Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlarga nima qilishni o‘rgatishimiz lozim? b) Qay yo‘sin Kalomni o‘rganayotganlarga Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilishni o‘rgata olamiz?

5 Boshqalar bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazganimizda, ularga Xudo bizdan nimalarni talab qilishini o‘rgatamiz. Lekin bizdan bundan ham ko‘prog‘ini qilish kutiladi. Biz ularga bilib olganlarini kundalik hayotiga tatbiq etishga o‘rgatishimiz kerak. (Yuhanno 14:15; 1 Yuhanno 2:3 ni o‘qing.) O‘rnagimiz bilan ularga maktabda, ishda yoki dam olishda Muqaddas Kitobning asosiy prinsiplariga qay yo‘sin amal qilishni o‘rgata olamiz. Qolaversa, hayotimizdan biron misol keltirib, Kalomdagi yo‘l-yo‘riq qay yo‘sin bizni zarardan himoya qilgani yoki dono qaror chiqarishimizga ko‘maklashgani to‘g‘risida aytib bersak bo‘ladi. Tadqiq o‘tuvchilar bilan bo‘lganimizda, Yahova ularni muqaddas ruhi ila yo‘naltirishini so‘rab ibodat qilishimiz mumkin. (Yuhan. 16:13)

6. Boshqalarga Isoning amrlariga amal qilishni o‘rgatish nimani o‘z ichiga oladi?

6 Boshqalarga Isoning amrlariga amal qilishni o‘rgatish nimani o‘z ichiga oladi? Ularga shogird tayyorlash istagini rivojlantirishga ko‘maklashishimiz kerak. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlarning ba’zilari va’z qilishdan qo‘rqishi mumkin. Shu bois, ularning tushunchasini oshiradigan, qalbiga ta’sir qiladigan va harakatga undaydigan yo‘l-yo‘riqlar berar ekanmiz, sabrli bo‘lishimiz kutiladi. Xo‘sh, Kalomni o‘rganayotganlarga va’z qilish istagini rivojlantirishga yordam berish uchun nimalar qilsak bo‘ladi?

7. Qanday qilib Kalomni o‘rganayotgan kishiga xushxabarni boshqalar bilan bo‘lishish istagini rivojlantirishga ko‘maklasha olamiz?

7 Ularga quyidagi savollarni bersak bo‘ladi: «Muqaddas Kitob ta’limotlariga amal qilish sizga qanday foyda keltirdi? Nima deb o‘ylaysiz, boshqalar bunga muhtojmi? Ularga yordam berish uchun nima qilsangiz bo‘ladi?» (Hik. 3:27; Mat. 9:37, 38) Shuningdek, «Ta’lim berish “qutimizdagi”» buklamalarni ko‘rsating va uning fikricha, qay biri qarindoshlari, do‘stlari yoki hamkasblariga mos kelishi haqida so‘rang. Keyin esa unga o‘sha buklamalardan bir nechta bering. Buklamani boshqalarga hurmat ila taklif qilishni u bilan birga mashq qiling. Darhaqiqat, biz bilan Kalomni o‘rganayotgan kishi suvga cho‘mmagan va’zgo‘y bo‘lgach, unga yordam berish uchun u bilan birga va’z qilishimiz lozim. (Voiz 4:9, 10; Luqo 6:40)

QAY YO‘SIN JAMOATDAGILAR MUQADDAS KITOBNI O‘RGANAYOTGAN KISHINING MA’NAN O‘SISHIGA HISSA QO‘SHA OLADI?

8. Nima uchun tadqiq o‘tayotgan kishi Xudoga hamda yaqiniga nisbatan sevgini rivojlantirishi muhim? (« Qay yo‘sin Kalomni o‘rganayotganlarga Xudoga bo‘lgan sevgisini kuchaytirishga yordam bera olasiz?» nomli ramkaga ham qarang.)

8 Esingizda bo‘lsa, Iso boshqalarga u amr etgan «hamma narsaga amal qilishni» o‘rgatishni aytgan. Shubhasizki, bu ikkita eng muhim amrga — Xudoni va yaqinimizni sevish amriga amal qilishni o‘z ichiga oladi. Zero, mazkur ikkita amr va’z qilish hamda shogird tayyorlash ishi bilan uzviy bog‘liq. (Mat. 22:37–39) Qanaqasiga? Va’zgo‘ylikda qatnashayotganimizning asosiy sababi Xudoga va yaqinimizga bo‘lgan sevgidir. Tadqiq o‘tayotganlarning ayrimlari va’z qilish haqida o‘ylashdan qo‘rqishi mumkinligini tushunsa bo‘ladi. Ammo ularni Yahovaning yordami bilan odamlardan qo‘rqish tuyg‘usini asta-sekin yenga olishiga ishontirsak bo‘ladi. (Zab. 18:1–3; Hik. 29:25) Ushbu maqolaga keltirilgan ramkada tadqiq o‘tayotgan kishiga Xudoga bo‘lgan sevgisini kuchaytirishga yordam berish uchun qanday qadamlar qo‘yishimiz mumkinligi to‘g‘risida aytilgan. Bundan tashqari, yangi shogirdlar Yahovaga hamda yaqinlariga yanada ko‘proq sevgi ko‘rsatishlariga ko‘maklashish uchun jamoat a’zolari nima qilsa bo‘ladi?

9. Mashina haydashni o‘rganayotgan kishi qay yo‘sin qimmatli saboqlar chiqara oladi?

9 Keling, mashina haydashni o‘rganayotgan kishining misoliga yana qaytamiz. U ustozi bilan birga tirband yo‘llarda harakatlanar ekan, nimalarni o‘rganadi? U ustozini tinglash va atrofdagi ehtiyotkor haydovchilarni kuzatish orqali saboq chiqaradi. Misol uchun, ustozi uning diqqatini boshqasiga hurmat ila yo‘l bergan haydovchiga qaratishi mumkin. Yoki uning e’tiborini burilish ishorasini yoqib harakatlanayotgan haydovchiga qaratib, uni ham xuddi shunday yo‘l tutishga undashi mumkin. Bu kabi misollar u uchun qimmatli saboqlar bo‘lib, mashina haydaganida asqatadi.

10. Kalomni o‘rganayotgan kishi ma’nan o‘sishiga nima yordam bera oladi?

10 Shu singari, Kalomni o‘rganib Yahovaga xizmat qilishni boshlagan odam nafaqat u bilan tadqiq o‘tkazayotgan va’zgo‘ydan, balki Yahovaning boshqa ajoyib xizmatchilaridan ham saboqlar olishi mumkin. Xo‘sh, ularning ma’nan o‘sishiga nima katta yordam berishi mumkin? Yig‘ilishlarga qatnash. Nega deganda, yig‘ilishlarda Muqaddas Kitobga asoslangan yo‘l-yo‘riqlar olamiz. Bu tufayli esa ularning bilimi oshadi, imoni mustahkamlanadi va Yahovaga bo‘lgan sevgisi kuchayadi. (Havor. 15:30–32) Shuningdek, Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlarni yig‘ilishlarda ularnikiga o‘xshash vaziyatlarni boshdan kechirayotgan imondoshlar bilan tanishtirsangiz bo‘ladi. Qolaversa, u jamoatda sevgi ko‘rsatayotgan birodar-u opa-singillarimizning o‘rnagini ko‘radi.

11. Tadqiq o‘tuvchi jamoatdan kimlar bilan tanishishi va bu unga qanday ta’sir qilishi mumkin?

11 Quyidagi misollar borasida bir o‘ylab ko‘ring. Aytaylik, Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishi farzandini yolg‘iz tarbiyalaydi. U xuddi shunday vaziyatdagi opamizni kuzatadi. O‘sha imondoshimiz kichkina bolalari bilan Yig‘ilish zaliga kelish uchun qancha harakat qilayotganini ko‘rish uning qalbiga ta’sir qiladi. Yoki chekishni tashlay olmayotgan tadqiq o‘tuvchi shunga o‘xshash qiyinchilikni yengib o‘tgan va’zgo‘y bilan tanishadi. Va’zgo‘y u bilan Yahovaga bo‘lgan sevgisi oshgani uni Xudoning amrlariga itoat etishga undagani haqida bo‘lishadi. (2 Kor. 7:1; Filip. 4:13) Birodar shaxsiy misolini aytib bergach, tadqiq o‘tuvchiga: «Sizning ham qo‘lingizdan keladi!» — deb dalda beradi. Natijada uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada oshadi. Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan o‘smir qiz esa singlimiz Yahovaning Shohidi sifatida yashashdan xursandligini ko‘radi. Bu o‘smir qiz singlimiz quvonchga to‘la ekanini ko‘rib, nima uni baxtiyor qilishi haqida ko‘proq bilgisi keladi.

12. Nima uchun jamoatdagi barcha Kalomni o‘rganayotganlar ma’nan o‘sishiga hissa qo‘shadi, deb ayta olamiz?

12 Kalomni o‘rganayotganlar ko‘pgina sadoqatli imondoshlar bilan yaqindan tanishib, ularning misollaridan Xudoni hamda yaqinini sevish haqidagi Masihning amri nimani anglatishini tushuna oladi. (Yuhan. 13:35; 1 Tim. 4:12) Bundan tashqari, yuqorida aytib o‘tilganiday, tadqiq o‘tayotgan kishi unikiga o‘xshash qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan imondoshlardan ham saboq olishi mumkin. U bu kabi misollardan o‘rnak olib, Masihning shogirdi bo‘lish uchun o‘zgarishlar qilishning iloji borligini ko‘radi. (Qonun. 30:11) Ha, jamoatdagi har bir va’zgo‘y tadqiq o‘tayotgan kishi ma’nan o‘sishiga hissa qo‘sha oladi. (Mat. 5:16) Kalomni o‘rganib, yig‘ilishlarga qatnaydiganlarga dalda berish uchun shaxsan siz nimalar qilasiz?

FAOLIYATSIZLARGA XIZMATDA YANA ISHTIROK ETISHLARIGA YORDAM BERING

13, 14. Iso tushkunlikda bo‘lgan havoriylariga qanday muomala qilgan?

13 Faoliyatsiz bo‘lib qolgan birodar-u opa-singillarimizga Masihning shogird tayyorlash amrini bajarishda yana ishtirok etishlariga ko‘maklashishni istaymiz. Iso tushkunlikda bo‘lgan havoriylariga qanday muomala qilgani bugungi kunda biz nima qila olishimizni ko‘rsatadi.

14 Isoning yer yuzidagi xizmatining so‘ngida, ya’ni o‘limidan sal oldin havoriylari uni «qoldirib, qochib ket»gan. (Mark 14:50; Yuhan. 16:32) Havoriylarning ruhi tushganida, Iso nima qilgan? U tirilgach izdoshlariga: «Qo‘rqmanglar! Borib, birodarlarimga [tirilganim haqida] xabar beringlar»,— degan. (Mat. 28:10a) Ha, Iso havoriylaridan voz kechmagan. Garchi ular Isoni tashlab ketgan bo‘lsa-da, u ularni «birodarlarim» deb atagan. Iso Yahova singari rahm-shafqatli va kechirimli bo‘lgan. (4 Shoh. 13:23)

15. Xizmatda ishtirok etmay qo‘yganlar haqida o‘ylaganimizda, nimalarni his qilamiz?

15 Biz ham xizmatda ishtirok etmay qo‘yganlar haqida chin dildan qayg‘uramiz. Ular birodar-u opa-singillarimizdir va biz ularni yaxshi ko‘ramiz! Shuningdek, o‘tmishda bu imondoshlarimizning sevgi ila qilgan mehnati hanuzgacha yodimizda. Ularning ayrimlari o‘nlab yillar mobaynida xizmat qilgan. (Ibron. 6:10) Ularning o‘rni bilinadi. (Luqo 15:4–7) Qay yo‘sin Isoga taqlidan ular haqida qayg‘urayotganimizni ko‘rsata olamiz?

16. Faoliyatsiz imondoshlarimiz haqida qayg‘urayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

16 Ularni mehr ila yig‘ilishlarga taklif qiling. Masalan, Iso ruhi tushgan havoriylarini yig‘ilishga taklif qilish orqali ularga dalda bergan. (Mat. 28:10b; 1 Kor. 15:6) Shunga o‘xshab, bugungi kunda ham biz faoliyatsiz bo‘lib qolganlarni yig‘ilishlarga taklif qilsak bo‘ladi. Ehtimol, ular yig‘ilishlarga kelishga rozi bo‘lishi uchun bu haqida bir necha bor aytishimizga to‘g‘ri kelar. Shubhasizki, havoriylar uning taklifini qabul qilganida, Iso juda xursand bo‘lgan. (Mat. 28:10; Luqo 15:6 ni solishtiring.)

17. Faoliyatsiz bo‘lib qolgan imondoshimiz Yig‘ilish zaliga kelganida, qanday munosabatda bo‘lamiz?

17 Ularni samimiylik ila qarshi oling. Shogirdlari Iso bilan ko‘rishishga kelganida, u ularni qarshi olgan va suhbat boshlashda tashabbus ko‘rsatgan. (Mat. 28:18) Xo‘sh, faoliyatsiz bo‘lib qolgan imondoshimiz Yig‘ilish zaliga kelganida, qanday munosabatda bo‘lamiz? Ularni iliq qarshi olib tashabbus ko‘rsataylik. Boshida nima deyishni bilmay xavotirlanarmiz. Bunday imondoshlarimizni noqulay ahvolga qo‘ymay, ularni ko‘rishdan bag‘oyat xursand ekanimizni aytsak bo‘ladi.

18. Qay yo‘sin faoliyatsiz va’zgo‘ylarga dalda bera olamiz?

18 Ularga dalda bering. Ehtimol, Isoning shogirdlari xushxabarni butun dunyo bo‘ylab va’z qilolmaymiz, deb o‘ylagandir. Iso: «Zamonaning oxirigacha men doimo sizlar bilan bo‘laman»,— deb izdoshlariga dalda bergan. (Mat. 28:20) Qiziq, bu shogirdlariga yordam berganmi? Bo‘lmasam-chi! Ko‘p o‘tmay ular «ta’lim berib,.. xushxabarni yoyishdan» tinmaganlar. (Havor. 5:42) Faoliyatsiz va’zgo‘ylar ham daldaga muhtojdir. Yana va’z qilish borasida o‘ylash ularni xavotirga solishi mumkin. Bunday imondoshlarimizga yolg‘iz va’z qilmasliklarini aytib dalda bersak bo‘ladi. Yana va’z qilishni boshlashganida esa ular bilan hamkorlik qilsak bo‘ladi. Va’zgo‘ylik faoliyatini tiklashar ekan, ularni qo‘llab-quvvatlayotganimiz uchun minnatdor bo‘lishadi. Faoliyatsiz bo‘lib qolganlarga birodar-u opa-singillarimizday munosabat ko‘rsatganimizda, bu jamoatda ijobiy natijalar keltirishining guvohi bo‘lamiz.

BIZGA ISHONIB TOPSHIRILGAN ISHNI OXIRIGACHA YETKAZISHNI ISTAYMIZ

19. Nima qilishga qarorimiz qat’iy va nega?

19 Xo‘sh, shogird tayyorlash ishi qachongacha davom etadi? Bu zamonaning oxirigacha. (Mat. 28:20; Lug‘atdagi «Oxirzamon» so‘ziga qarang.) Bu vaqt kelguncha Isoning topshirig‘ini bajara olamizmi? Bunday qilish qarorimiz qat’iydir! «Mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan»larni topish uchun vaqtimizni, kuchimizni va mablag‘imizni sarflashdan xursandmiz. (Havor. 13:48) Shunday yo‘l tutib, Isoning o‘rnagiga ergashamiz. U quyidagicha ta’kidlagan: «Mening ovqatim, meni Yuborganning irodasini bajarish va Uning ishini yakuniga yetkazishdir». (Yuhan. 4:34; 17:4) Biz buni chin dildan xohlaymiz. Ha, bizga ishonib topshirilgan ishni oxirigacha yetkazishni istaymiz. (Yuhan. 20:21) Qolaversa, boshqalar, jumladan, faoliyatsiz bo‘lib qolganlar bu ishda biz bilan oxirigacha chidashini xohlaymiz. (Mat. 24:13)

20. Filippiliklarga 4:13 ga ko‘ra, nima uchun Isoning topshirgan vazifani bajara olamiz?

20 To‘g‘ri, Iso bizga topshirgan ulkan vazifani bajarish oson emas. Lekin uni bajarishda yolg‘iz emasmiz. Axir Iso biz bilan bo‘lishini aytgan. «Tangrining xizmatdoshlari» va «Masihning izdoshlari» sifatida buning uddasidan chiqyapmiz. (1 Kor. 3:9; 2 Kor. 2:17) Shuning uchun ham Isoning topshirig‘ini bajarish qo‘limizdan keladi. Darvoqe, bu vazifani bajarish va boshqalarga ham bunda ko‘maklashish katta sharaf bo‘lib, quvonch baxsh etadi! (Filippiliklarga 4:13 ni o‘qing.)

79-QO‘SHIQ Pok qalbga sobit qolishni o‘rgataylik

^ 5- x.b. Iso izdoshlariga shogird tayyorlash va ularga amr etgan hamma narsaga amal qilishni o‘rgatish vazifasini topshirgan. Ushbu maqolada qay yo‘sin Isoning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishimiz mumkinligi ko‘rib chiqiladi. Mazkur maqola qisman «Qo‘riqchi minorasi»ning 2004-yil iyul sonining 14–19-sahifalaridagi ma’lumotga asoslangan.

^ 66- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgan imondoshimiz qiziquvchiga Xudoga bo‘lgan sevgisini kuchaytirishi uchun qanday qadamlar qo‘yish kerakligini tushuntiryapti. Keyin esa qiziquvchi imondoshimiz aytgan uchta maslahatni qo‘llayapti.