Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47-TADQIQ MAQOLASI

Fikrlash tarzingizni to‘g‘rilashda davom etasizmi?

Fikrlash tarzingizni to‘g‘rilashda davom etasizmi?

Xullasi kalom birodarlar, xursand bo‘lib yuringlar, fikringizni to‘g‘rilab turinglar. 2 KOR. 13:11

54-QO‘SHIQ «Mana yo‘l»

BU MAQOLADA *

1. Matto 7:13, 14 ga ko‘ra, qaysi ma’noda sayohatdamiz?

HAMMAMIZ sayohatdamiz. Biz mo‘ljallagan manzil, ya’ni maqsad Yahova sevgi ila boshqaradigan yangi dunyoda yashashdir. Biz har kuni hayotga eltuvchi yo‘ldan yurishga intilamiz. Lekin Iso aytganiday, bu yo‘l tor va gohida undan yurish qiyin kechadi. (Matto 7:13, 14 ni o‘qing.) Nomukammal ekanmiz, bu yo‘ldan osongina og‘ib ketishimiz hech gap emas. (Galat. 6:1)

2. Bu maqolada nimalarni bilib olamiz? (« Kamtarlik tor yo‘lda qolishimizga yordam beradi» nomli ramkaga ham qarang.)

2 Tor yo‘lda qolishni istasak, fikrlash tarzimizni, nuqtai nazarimizni va xatti-harakatlarimizni o‘zgartirishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Havoriy Pavlus Korinfdagi masihiylarni fikrlarini to‘g‘rilab turishda davom etishga undagan. (2 Kor. 13:11) Mazkur maslahat bizga ham tegishlidir. Bu maqolada qay yo‘sin Muqaddas Kitob yordamida o‘zgarishlar qilishimiz mumkinligi va yetuk do‘stlarimiz hayot yo‘lida qolishimizga qanday qilib ko‘maklasha olishi muhokama qilinadi. Shuningdek, Yahovaning tashkiloti bergan yo‘l-yo‘riqqa amal qilish qachon qiyin kechishi mumkinligi ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, qay yo‘sin kamtarlik fazilati yordamida Yahovaga xizmat qilishda quvonchimizni yo‘qotmay o‘zgarishlar qilishimiz haqida bilib olamiz.

XUDONING KALOMI SIZNI TO‘G‘RILASHIGA YO‘L QO‘YING

3. Xudoning Kalomi nima qilishingizga yordam bera oladi?

3 Fikrlarimiz-u his-tuyg‘ularimizni tekshirganimizda qiyinchilikka duch kelamiz. Qalbimiz o‘ta aldamchi ekan, u bizni qayerga yetaklayotganini bilish qiyin bo‘lishi mumkin. (Yerm. 17:9) «Haqiqatga zid fikrlar» bilan o‘zimizni aldash oson. (Yoqb. 1:22) Shunday ekan, o‘zimizni tekshirganda Xudoning Kalomidan foydalanishimiz lozim. Muqaddas Kitob aslida qanday shaxs ekanimizni — yuragimizdagi «niyat-u fikrlarni» aniqlashga ko‘maklashadi. (Ibron. 4:12, 13) Qaysidir ma’noda, Xudoning Kalomini rentgen apparatiga o‘xshatsa bo‘ladi. Uning yordamida ichimizda nima borligini ko‘ra olamiz. Lekin Muqaddas Kitobdagi yoki boshchilikni zimmasiga olganlar bergan maslahatdan foyda olish uchun kamtar bo‘lishimiz darkor.

4. Shoh Shoul mag‘rurlanib ketganini qayerdan bilamiz?

4 Kamtarlikni namoyon etmaganimizda nima yuz berishi mumkinligini shoh Shoulning misolidan ko‘rsak bo‘ladi. U shunchalik mag‘rurlanib ketganki, fikrlash tarzini va xatti-harakatlarini o‘zgartirishi zarurligini hatto qalbida ham tan olmadi. (Zab. 36:1, 2; Xab. 2:4) Yahova Shoulga u omoleklarni mag‘lub qilgach, qanday yo‘l tutishi kerakligi borasida aniq yo‘l-yo‘riq berganida bu yaqqol ko‘rindi. Ammo Shoul Yahovaga quloq solmadi. Shomuil payg‘ambar unga itoatsizlik qilgani haqida aytganida, Shoul xatosini tan olmadi. Aksincha, u qilmishining ahamiyatini pasaytirib va uni boshqalarga to‘nkab, o‘zini oqlashga tushdi. (1 Shoh. 15:13–24) Ustiga-ustak, Shoul bundan oldin ham shunga o‘xshash yo‘l tutgan edi. (1 Shoh. 13:10–14) Afsuski, u qalbi mag‘rur bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ydi. Shoul fikrlash tarzini o‘zgartirmagani uchun Yahova unga tanbeh berib, uni rad etdi.

5. Shoul kabi mag‘rurlikka berilib ketmaslik uchun nima qilsak bo‘ladi?

5 Shoul kabi mag‘rurlikka berilib ketmaslik uchun o‘zimizga quyidagi savollarni bersak yaxshi bo‘lardi: «Xudoning Kalomidan biron maslahatni o‘qiganimda, o‘zimni oqlashga moyilmanmi? Qilmishimning ahamiyatini pasaytiramanmi? Aybni boshqalarga to‘nkaymanmi?» Mazkur savollarning hatto bittasiga «ha» deb javob bergan bo‘lsak, fikrlarimizni va nuqtai nazarimizni o‘zgartirishimiz zarur. Aks holda, qalbimiz mag‘rurlikka berilib ketganidan Yahova bizni do‘sti sifatida rad etadi. (Yoqb. 4:6)

6. Shoh Shoul va shoh Dovud o‘rtasidagi farqni tushuntiring.

6 Keling, shoh Shoul va shoh Dovud o‘rtasidagi farqni ko‘rib chiqamiz. Dovud «Yahovaning qonuni»ni yaxshi ko‘rgan. (Zab. 1:1–3) Yahova kamtarlarni qutqarishini, biroq kekkayganlarga qarshi chiqishini u bilgan. (2 Shoh. 22:28) Shu sababli, Dovud Xudoning qonuni uning fikrlash tarzini o‘zgartirishiga yo‘l qo‘ygan. U quyidagicha yozgan: «Menga pand-nasihat bergan Yahovani sharaflayman. Hatto tunda ham chuqur o‘y-fikrlarim menga ta’lim beradi». (Zab. 16:7)

XUDONING KALOMI

Yo‘ldan og‘ganimizda Xudoning Kalomi bizni ogohlantirishi mumkin. Kamtar bo‘lsak, Xudoning Kalomi noto‘g‘ri fikrlarimizni to‘g‘rilashiga yo‘l qo‘yamiz (7-xatboshiga qarang.)

7. Kamtar bo‘lsak, nima qilamiz?

7 Kamtar bo‘lsak, biron ish qilishdan avval Xudoning Kalomi noto‘g‘ri fikrlarimizni to‘g‘rilashiga yo‘l qo‘yamiz. Muqaddas Kitob bizga go‘yoki: «Mana yo‘l, shu yo‘ldan yuring»,— deganday bo‘ladi. Ha, yurayotgan yo‘limizdan yo chapga, yo o‘ngga og‘sak, u bizni ogohlantiradi. (Ishayo 30:21) Yahovaga quloq solish bizga ko‘p foyda keltiradi. (Ishayo 48:17) Masalan, kimdir bizni tuzatishiga va xijolat bo‘lishimizga to‘g‘ri keladigan vaziyatga tushmaymiz. Shunda Yahovaga yaqinlashamiz, chunki U bizga sevimli farzandi kabi muomala qilayotganini tushunamiz. (Ibron. 12:7)

8. Yoqub 1:22–25 da aytib o‘tilganiday, qanday qilib Xudoning Kalomi biz uchun ko‘zguday bo‘lishi mumkin?

8 Xudoning Kalomi biz uchun ko‘zguday bo‘lishi mumkin. (Yoqub 1:22–25 ni o‘qing.) Aksariyatimiz har tong ko‘chaga chiqishdan oldin ko‘zguga qaraymiz. Shunda boshqalarga ko‘rinishdan avval qayerimizni to‘g‘rilash kerakligini ko‘ramiz. Shu singari, Muqaddas Kitobni kunda o‘qiganimizda, qaysi masalalarda fikrlarimiz-u nuqtai nazarimizni o‘zgartirishimiz lozimligini ko‘ra olamiz. Ko‘plar har kuni ertalab uydan chiqishdan avval kunlik oyatni o‘qishni foydali, deb topdi. Ular o‘qiganlari fikrlash tarziga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yadi. So‘ng kun davomida ular Xudoning Kalomidan olgan maslahatni amalda qo‘llash yo‘llarini izlaydi. Bundan tashqari, Muqaddas Kitobni har kuni o‘qishimiz va ustida mulohaza yuritishimiz darkor. Bu oddiy so‘zlarday eshitilar, ammo ushbu qadam hayotga eltuvchi tor yo‘lda qolishimiz uchun eng ko‘p yordam beradigan muhim ishlardan biridir.

MA’NAN YETUK DO‘STLARINGIZGA QULOQ SOLING

MA’NAN YETUK DO‘STLAR

Ma’nan yetuk imondoshimiz bizni mehr ila ogohlantirishi mumkin. Do‘stimiz jasorat topib bizga gapirgani uchun minnatdor bo‘lamizmi? (9-xatboshiga qarang.)

9. Nima uchun do‘stingiz sizni to‘g‘rilashi mumkin?

9 Sizni Yahovadan uzoqlashtiradigan yo‘ldan yurganmisiz? (Zab. 73:2, 3) O‘shanda ma’nan yetuk do‘stingiz jasorat topib sizni to‘g‘rilaganida, maslahatiga quloq solib, unga amal qilganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘l tutgansiz va shubhasizki, do‘stingiz sizni ogohlantirgani uchun minnatdorsiz. (Hik. 1:5)

10. Do‘stingiz sizni to‘g‘rilasa, qanday munosabat ko‘rsatishingiz kerak?

10 Xudoning Kalomida shunday deyilgan: «Do‘stning yaralashi sadoqatidan darakdir». (Hik. 27:6) Qiziq, mazkur so‘zlar nimani anglatadi? Quyidagi misol borasida bir o‘ylab ko‘ring: aytaylik, gavjum ko‘chani kesib o‘tish uchun kutib turibsiz. Shunda telefoningizga chalg‘ib qolasiz. Atrofga qaramay ko‘chadan yura boshlaysiz. Do‘stingiz shu zahoti qo‘lingizdan ushlab sizni trotuarga tortadi. U qattiq tortganidan qo‘lingiz ko‘karadi, ammo uning tezkor harakati sizni mashina urib ketishidan saqlab qoladi. Hatto uning harakati tufayli qo‘lingiz bir necha kun og‘risa ham, qilgan ishi uchun do‘stingizdan xafa bo‘larmidingiz? Albattaki, yo‘q! Aksincha, yordami uchun minnatdor bo‘lasiz. Shunga o‘xshab, do‘stingiz gap-so‘zlaringiz yoki harakatlaringiz Xudoning adolatli me’yorlariga to‘g‘ri kelmayotganini aytsa, avvaliga bu og‘ir botishi mumkin. Lekin sizga maslahat bergani uchun jahlingiz chiqmasin yoki undan ranjimang. Bu ahmoqlik bo‘lardi. (Voiz 7:9) Buning o‘rniga, do‘stingiz jasorat topib sizga bu haqida aytgani uchun minnatdor bo‘ling.

11. Do‘stning asosli maslahatini rad etishga nima sabab bo‘lishi mumkin?

11 Mehribon do‘stning asosli maslahatini rad etishga nima sabab bo‘lishi mumkin? Mag‘rurlik. Bunday odamlar «quloqlariga yoqadigan narsalarni» eshitishni yoqtiradi. «Ular haqiqatni tinglamaydi». (2 Tim. 4:3, 4) Mag‘rur odam o‘zini boshqalardan donoroq va muhimroq, deb bilgani uchun maslahatga muhtoj emasman, deb o‘ylaydi. Ammo havoriy Pavlus: «Agar biror kishi hech kim bo‘lmay turib o‘zi haqida yuqori fikrda bo‘lsa, u o‘zini aldagan bo‘ladi»,— deb yozgan. (Galat. 6:3) Shuningdek, shoh Sulaymon buni juda yaxshi tushuntirgan. U quyidagicha degan: «Keksa, lekin maslahatga quloq solmaydigan nodon shohdan ko‘ra, kambag‘al dono yigit yaxshiroqdir». (Voiz 4:13)

12. Galatiyaliklarga 2:11–14 ga binoan, havoriy Butrusning misolidan qanday saboq olyapmiz?

12 Pavlus odamlar oldida havoriy Butrusni to‘g‘rilaganida, u qanday o‘rnak qoldirganiga diqqat qarating. (Galatiyaliklarga 2:11–14 ni o‘qing.) Pavlus buni qay yo‘sin aytganiga va boshqalar oldida qilganiga diqqat qaratib, Butrusning jahli chiqishi mumkin edi. Lekin Butrus dono kishi bo‘lgan. U maslahatni qabul qilgan va Pavlusga nisbatan gina saqlab yurmagan. Aksincha, vaqt o‘tib u Pavlusni «aziz birodarimiz» deb tilga olgan. (2 Butr. 3:15)

13. Boshqalarga maslahat berganda, nimalarni yodda tutishimiz kerak?

13 Bordi-yu, do‘stingiz maslahatga muhtoj, deb o‘ylasangiz, nimalarni yodda tutishingiz lozim? Unga murojaat qilishdan avval o‘zingizga shunday savol bering: «Bu inson chindan ham maslahatga muhtojmi yoki men “haddan oshiq odil” bo‘lib ketyapmanmi?» (Voiz 7:16) Haddan oshiq odil odam boshqalarni Yahovaning emas, balki o‘z me’yorlari bo‘yicha hukm qiladi va u rahm-shafqatli bo‘lishi ehtimoldan yiroq. O‘zingizni tekshirgandan keyin ham do‘stingiz bilan gaplashib olishingiz kerakligini ko‘rsangiz, muammo nimada ekanini unga aniq ko‘rsating va nuqtai nazarini bilish uchun savollar bering. U qanday fikrda ekanini bilsangiz, xatosini tushunishiga yordam berish osonroq bo‘ladi. Do‘stingiz sizning emas, balki Yahovaning hakamlik kursisi oldida turishi kerakligini unutmay, aytayotganlaringiz Muqaddas Kitobga asoslanganiga ishonch hosil qiling. (Rim. 14:10) Xudoning Kalomidagi donolikka tayaning va kimgadir maslahat berganingizda, Isoning rahmdilligiga taqlid qiling. (Hik. 3:5; Mat. 12:20) Nega? Chunki boshqalarga qanday munosabat ko‘rsatsak, Yahova ham bizga xuddi shunday munosabatda bo‘ladi. (Yoqb. 2:13)

XUDONING TASHKILOTI BERGAN YO‘L-YO‘RIQQA AMAL QILING

XUDONING TASHKILOTI

Bu tashkilot Xudoning Kalomidagi maslahatlarni amalda qo‘llashimizga yordam berish maqsadida videolar, adabiyotlar va yig‘ilishlarni taqdim etmoqda. Ularning bari Muqaddas Kitobga asoslangan. Ba’zida Yetakchi kengash faoliyatimizga tegishli o‘zgarishlar qilishi mumkin (14-xatboshiga qarang.)

14. Xudoning tashkiloti bizga nimalarni taqdim etmoqda?

14 Hayotga eltuvchi tor yo‘ldan yurishimiz uchun Yahova tashkilotining yer yuzidagi qismi orqali bizni yo‘naltiradi. Bu tashkilot Xudoning Kalomidagi maslahatlarni amalda qo‘llashimizga yordam berish maqsadida videolar, adabiyotlar va yig‘ilishlarni taqdim etmoqda. Ularning bari Muqaddas Kitobga qat’iy asoslangan. Va’zgo‘ylik ishini qay yo‘sin a’lo tarzda tashkillashtirish borasida qaror chiqarayotib, Yetakchi kengash muqaddas ruhga tayanadi. Shunga qaramay, Yetakchi kengash faoliyatimiz qanday tashkillashtirilishi borasidagi qarorlarini muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqadi. Nega deganda, «bu dunyoning sahnasi o‘zgarib boryapti» va Xudoning tashkiloti yangi sharoitlarga moslashishi lozim. (1 Kor. 7:31)

15. Ayrim imondoshlarimiz qanday qiyinchilikka duch kelishdi?

15 Shubhasizki, ta’limotlarimiz va odob-axloq masalasida Muqaddas Kitobga asoslangan yo‘l-yo‘riqlarga tayyorlik ila amal qilamiz. Xo‘sh, Xudoning tashkiloti hayotimizning boshqa sohalariga ta’sir etadigan o‘zgarishlar qilsa-chi, qanday munosabat ko‘rsatamiz? Misol uchun, so‘nggi yillarda topinish uchun mo‘ljallangan binolarni qurish va ularga xizmat ko‘rsatishning bahosi ancha oshdi. Shu bois, Yetakchi kengash Yig‘ilish zallaridan to‘laqonli foydalanish borasida yo‘l-yo‘riq berdi. Bunday o‘zgarishlar natijasida jamoatlar birlashtirildi va ayrim Yig‘ilish zallari sotildi. Tushgan mablag‘dan esa Yig‘ilish zallariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlarda ularni barpo etish uchun foydalanilmoqda. Siz yashayotgan hududda ham zallar sotilgan va jamoatlar birlashtirilgan bo‘lsa, ehtimol, yangi sharoitlarga moslashishga qiynalayotgandirsiz. Endi ba’zi va’zgo‘ylar yig‘ilishga borishi uchun uzoq yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Yig‘ilish zalini qurishda yoki unga xizmat ko‘rsatishda qatnashganlar esa: «Nega endi bu zal sotilyapti?» — deb o‘ylab qolishi mumkin. Ular vaqti va kuchi bekor ketdi, degan fikrga borar. Biroq shunda ham ular bu qarorlarni qabul qilib, itoatkorlikni namoyon etishyapti. Buning uchun ular maqtovga sazovor.

16. Qay yo‘sin Kolosaliklarga 3:23, 24 ga amal qilish quvonchni yo‘qotmaslikka yordam beradi?

16 Barcha ishni Yahova uchun qilayotganimizni va U tashkilotini yo‘naltirayotganini yodda saqlasak, quvonchimizni saqlay olamiz. (Kolosaliklarga 3:23, 24 ni o‘qing.) Ma’bad uchun ehson qilishda shoh Dovud yaxshi o‘rnak qoldirgan. U quyidagicha degan: «Men va xalqim kim bo‘libmizki, Senga mana shunday ixtiyoriy nazrlar keltirsak?! Axir barcha narsalarning manbai Sensan! Sening qo‘lingdan olgan narsamizni O‘zingga qaytaryapmiz». (1 Sol. 29:14) Biz ham ehson qilganimizda, Yahovadan olganlarimizni O‘ziga qaytaramiz. Bunga qaramay, Uning ishini bajarish uchun vaqtimizni, kuchimizni va mablag‘imizni sarflasak, Yahovani xursand qilamiz. (2 Kor. 9:7)

TOR YO‘LDA QOLING

17. Yo‘lingizni o‘zgartirishingiz kerakligini ko‘rsangiz, nega tushkunlikka tushmasligingiz kerak?

17 Hayotga eltuvchi tor yo‘lda qolish uchun barchamiz Isoning izidan og‘may yurishimiz kerak. (1 Butr. 2:21) Yo‘limizni o‘zgartirish kerakligini ko‘rsak, tushkunlikka tushmaylik. Aslida bu Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga quloq solayotganimizni ko‘rsatuvchi ijobiy belgi bo‘lishi mumkin! Shuni unutmangki, hozir nomukammal ekanmiz, Yahova Isoning o‘rnagiga mukammal tarzda taqlid qilishimizni kutmaydi.

18. Manzilimizga yetish uchun nima qilishimiz kerak?

18 Barchamiz diqqatimizni kelajakka qaratib, fikrlarimizni, nuqtai nazarimizni va xatti-harakatlarimizni o‘zgartirishga tayyor bo‘laylik. (Hik. 4:25; Luqo 9:62) Kamtarin bo‘lib qolaylik, xursand bo‘lib yuraylik va fikrlarimizni to‘g‘rilab turaylik. (2 Kor. 13:11) Shunday yo‘l tutsak, «sevgi va tinchlik Xudosi» biz bilan bo‘ladi. Qolaversa, nafaqat manzilimizga yetamiz, balki sayohatdan zavq olamiz.

34-QO‘SHIQ Benuqson bo‘lib yuring

^ 5- x.b. Ba’zilarimiz uchun fikrlash tarzimizni, nuqtai nazarimizni va xatti-harakatlarimizni o‘zgartirish qiyin bo‘lishi mumkin. Bu maqolada nega barchamiz o‘zgarishlar qilishimiz kerakligi tushuntiriladi. Qolaversa, o‘zgarishlar qilayotib qay yo‘sin quvonchni saqlab qolishimiz mumkinligi ko‘rib chiqiladi.

^ 76- x.b. RASMGA SHARHLAR. Yosh birodar noto‘g‘ri qaror chiqargani tufayli u bilan nima yuz berganini aytib beryapti. Yoshi kattaroq birodar esa (o‘ngda) uni diqqat ila tinglab, maslahat berish-bermaslik haqida o‘ylayapti.