Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Havoriy Pavlusning 1 Korinfliklarga 15:29 dagi so‘zlaridan o‘sha paytdagi ayrim masihiylar o‘lganlar uchun suvga cho‘mishgan, deb xulosa qilsa bo‘ladimi?

▪ Muqaddas Kitobda ham, tarixda ham buning isboti yo‘q.

Ko‘p Muqaddas Kitoblarda bu oyat qanday o‘girilgani ayrim insonlarning ilk masihiylar o‘lganlar uchun suvga cho‘mishgan, degan xulosaga kelishiga sabab bo‘lgan. Misol uchun, bir tarjimada shunday deyilgan: «Ba’zilaringiz o‘lganlar uchun suvga cho‘mdirilayotgan ekansiz. O‘liklar tirilmas ekan, ularning o‘rniga cho‘mdirilishning qanday foydasi bor?» (Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti)

Biroq ikkita ilohiyotshunosning sharhlariga e’tibor bering. Doktor Gregori Lokvudning aytishicha, kimdir o‘lgan kishi uchun suvga cho‘mganini na Muqaddas Kitob, na tarix isbotlaydi. Boshqa bir ilohiyotshunos, professor Gordon Fi bu fikrga qo‘shiladi. Uning yozishicha, Muqaddas Kitobda ham, tarixda ham bunday suvga cho‘mish namunasi mavjud emas. Uning aytishicha, Yangi ahdda bu haqda hech qachon gap yuritilmagan va ilk masihiylardan kimdir yoki havoriylarning o‘limidan so‘ng ko‘p o‘tmay tashkil etilgan biron-bir cherkov bunday qilganining tasdig‘i yo‘q.

Muqaddas Kitobda aytilishicha, Iso izdoshlariga shunday amr bergan: «Barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar. Ularni... suvga cho‘mdiringlar. Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar». (Mat. 28:19, 20) Inson suvga cho‘mgan shogird bo‘lishi uchun Yahova hamda Uning O‘g‘li haqida bilim olishi, ularga ishonishi va itoatkor bo‘lishi darkor. O‘lgan va qabrda yotgan inson uchun bu imkonsiz; hayot bo‘lgan masihiy ham marhumning o‘rniga buni qila olmaydi. (Voiz 9:5, 10; Yuhan. 4:1; 1 Kor. 1:14–16)

Unda Pavlus nima demoqchi bo‘lgan?

Ayrim korinfliklar o‘lganlarning tirilishini inkor etishgan. (1 Kor. 15:12) Pavlus bunday qarashlarning noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatgan. Qanday qilib? U har «kuni o‘limga ro‘baro‘» bo‘lganini ta’kidlagan. Xavf-xatarlarga qaramay, u o‘lganidan keyin Isoga o‘xshab qudratli ruhiy shaxs sifatida tirilishiga ishonchi komil bo‘lgan. (1 Kor. 15:30–32, 42–44)

Korinfliklar shuni tushunishi kerak ediki, moylangan masihiy bo‘lish tirilishdan oldin ular har kuni sinovlarga duch kelishini va o‘lishini anglatardi. «Iso Masihga cho‘mdirilgan» degani «uning o‘limiga» ham cho‘mdirilishni bildirardi. (Rim. 6:3) Ramziy ma’noda suvga cho‘mish natijasida ularda tom ma’noda o‘lish va samoda yashash uchun tirilish imkoni paydo bo‘lardi.

Suvga cho‘mganidan bir necha yil o‘tgach, Iso ikkita havoriysiga quyidagi so‘zlarni aytgan: «Men boshdan kechirayotgan narsani [cho‘mdirilishni] sizlar ham boshdan kechira olasizlar». (Mark 10:38, 39, izoh) Lekin o‘shanda Iso suvga cho‘mdirilmagan. Bu so‘zlari bilan u Xudoga sodiq qolishi tom ma’nodagi o‘limga olib kelishini nazarda tutgan. Pavlus moylanganlarga shunday deb yozgan: «Agar Masih bilan birga azob cheksak, u bilan birga ulug‘lanamiz». (Rim. 8:16, 17; 2 Kor. 4:17) Demak, samoviy hayotga tirilish uchun ular ham o‘lishi kerak edi.

Pavlusning ushbu so‘zlarini mana bunday deb aniqroq yetkazsa bo‘ladi: «Tirilish bo‘lmasa, unda o‘lish uchun suvga cho‘mayotganlarga qanday foyda bor? O‘lganlar umuman tirilmas ekan, o‘lish uchun suvga cho‘mishga ne hojat?»