Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Hikmatlar 24:16 da: «Odil kishi yetti marta yiqilsa ham, yana turadi»,— deyilgan. Xo‘sh, mazkur so‘zlar odam qayta-qayta gunoh qilsa-da, Xudo uni kechirishini anglatadimi?

▪ Endi bu so‘zlar qayta-qayta gunoh qiladiganlarga tegishli emas. Aksincha, ular birin-ketin muammolar-u qiyinchiliklarga duch kelgan, ammo oyoqqa turib sabr-bardoshni namoyon etgan odamga ishora qiladi.

Keling, bu oyatning matn tarkibiga diqqat qaratamiz. U yerda quyidagicha yozilgan: «Odilning uyi oldida yovuz kishiday pistirma qo‘yma, uning turar joyini vayron qilma. Odil kishi yetti marta yiqilsa ham, yana turadi, yovuz odam bo‘lsa falokat paytida yengiladi. Dushmaning yiqilsa quvonma, qoqilsa ich-ichingdan sevinma». (Hikmatlar 24:15–17)

Ba’zilarning o‘ylashicha, 16-oyatda gunohga qo‘l urgan, so‘ng esa tavba qilib, Xudo bilan yana yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgan odam to‘g‘risida gap ketgan. Masalan, britaniyalik ikkita ruhoniyning yozishicha, «ham qadimgi, ham zamonaviy ruhoniylar mazkur oyatni» shunday tushuntirishgan. Qolaversa, o‘sha ruhoniylarning aytishicha, oyatga yuqorida aytilganiday yondashish «yaxshi odam qayta-qayta... jiddiy gunoh qilishi mumkinligini, ammo Xudo doim uni sevishini va u har safar tavba qilib, yana oyoqqa turishini» bildiradi. Bunday fikr gunohga qarshi turishni istamayotgan odamga yoqishi mumkin. U qayta-qayta gunohga qo‘l ursa ham, Xudo uni kechiradi, deb o‘ylashi hech gap emas.

Lekin 16-oyatning mag‘zi umuman boshqacha.

16- va 17-oyatlarda «yiqilsa» deb tarjima qilingan ibroniycha so‘zni turlicha qo‘llash mumkin. Misol uchun, u tom ma’noda yiqilishni yoki biron nima yerga tushishini anglatadi — buqa yo‘lda yiqiladi, kimdir tomdan yiqilib tushadi yoki tosh yerga tushadi. (Qonun. 22:4, 8; Amos 9:9) Yoki mazkur so‘z quyidagi oyatlarda ifoda etilganiday, ramziy ma’noda qo‘llanilishi mumkin: «Yahova insonning yo‘llaridan mamnun bo‘lsa, uning qadamlarini yo‘naltiradi. U qoqinib ketsa ham, yuztuban yiqilmaydi, chunki Yahova uning qo‘lidan ushlab turadi». (Zab. 37:23, 24; Hik. 11:5; 13:17; 17:20)

Professor Edvard Plamptre nima deganiga e’tibor bering: «Bu yerda ishlatilgan ibroniycha so‘z [yiqilsa] qayta-qayta gunoh qilish ma’nosida hech qachon qo‘llanilmagan». Boshqa bir ilohiyotshunos 16- oyatni quyidagicha tushuntirdi: «Xudoning xalqiga adolatsizlarcha munosabatda bo‘lish befoydadir. Boisi, ular doim muvaffaqiyat qozonadi, yovuzlar esa yo‘q».

Shunday qilib, Hikmatlar 24:16 da odam gunohga botishi emas, balki muammolarga yoki qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘lishi va bu hatto qayta-qayta yuz berishi mumkinligi haqida gap ketgan. Ushbu yovuz dunyoda odil kishi sog‘lik bilan bog‘liq yoki boshqa muammolarga duch kelishi hech gap emas. U hatto davlat xodimlari tomonidan ta’qib qilinishi mumkin. Ammo u Xudo uni qo‘llab-quvvatlashiga, qiyinchilikka qarshi kurashishiga va g‘alaba qozonishiga yordam berishiga ishona oladi. Vaziyat Xudo xizmatchilariga foyda keltiradigan tarzda hal bo‘lganiga qanchalik tez-tez guvoh bo‘lganingiz to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Nega? Sababi quyidagi so‘zlar bizga ishonch baxsh etadi: «Yiqilayotganlarga Yahova tirgak bo‘ladi, qaddi bukilganlarni esa rostlaydi». (Zab. 41:1–3; 145:14–19)

«Odil kishi» boshqalar muammolarga duch kelayotganidan xursand bo‘lmaydi. Aksincha, u «Allohdan qo‘rqqanlar yaxshilik topishini» bilishdan tasalli oladi. (Voiz 8:11–13; Ayub 31:3–6; Zab. 27:5, 6)