Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

52-TADQIQ MAQOLASI

Qay yo‘sin tushkunlikka qarshi kurasha olasiz?

Qay yo‘sin tushkunlikka qarshi kurasha olasiz?

G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla, Uning O‘zi senga tayanch bo‘ladi. ZAB. 55:22

33-QO‘SHIQ G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla

BU MAQOLADA *

1. Tushkunlik bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

HAR kuni muammolarga duch kelamiz va ularga bardoshli bo‘lish uchun jon kuydiramiz. Biroq ruhimiz tushsa ular bilan kurashish qiyin kechadi. Shunday ekan, ishonch, jasorat va quvonchimizga soya soladigan tushkunlikka o‘g‘ri kabi qarashimiz kerak. Hikmatlar 24:10 da shunday deyilgan: «Og‘ir kunda ruhing tushsa, kuching ham zaiflashadi». Darhaqiqat, tushkunlik hayotdagi muammolarni muvaffaqiyat ila yengish uchun kerak bo‘ladigan kuchimizni zaiflashtiradi.

2. Tushkunlikka tushishimizga nima sabab bo‘lishi mumkin va ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Tushkunlikka tushishimizga ko‘p narsa — tashqi va ichki omillar sabab bo‘lar. Bularga nomukammalligimiz, zaifliklarimiz hamda sog‘liq muammolari kirishi mumkin. Qolaversa, Yahovaning xizmatida o‘zimiz istagan vazifaga tayinlanmasak yoki odamlar xushxabarga beparvo bo‘lgan hududlarda xizmat qilayotgan bo‘lsak ham tushkunlikka tushishimiz hech gap emas. Mazkur maqolada tushkunlik bilan kurashishimizga ko‘maklashadigan ba’zi fikrlarni ko‘rib chiqamiz.

NOMUKAMMALLIK VA ZAIFLIKLAR BILAN KURASHGANDA

3. To‘g‘ri nuqta nazarga ega bo‘lishimizga nima yordam beradi?

3 Nomukammalligimiz va zaifliklarimizga nisbatan noto‘g‘ri nuqtai nazarni rivojlantirishimiz oson. Buning dastidan muvaffaqiyatsizliklarimiz tufayli Yahova yangi dunyoda yashashimizga aslo yo‘l qo‘ymaydi, deb o‘ylarmiz. Bu kabi fikrlash tarzi esa juda xavfli bo‘lishi mumkin. Nomukammalligimizga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerak? Muqaddas Kitobga ko‘ra, Isodan tashqari «hamma gunoh qilgan». (Rim. 3:23) Yahova tirnoq tagidan kir izlamaydi yoki mukammal bo‘lishimizni kutmaydi. Aksincha, U bizga yordam berishni istaydigan sevuvchi Otadir. Qolaversa, U sabr-toqatli. Xudo o‘zimizga nisbatan noto‘g‘ri nuqtai nazarni yengish va zaifliklarimiz bilan kurashish maqsadida qilayotgan harakatlarimizni ko‘ryapti hamda U bizga ko‘maklashishga doim tayyor. (Rim. 7:18, 19)

Yahova o‘tmishda va hozirda qilayotgan yaxshiliklarimizni biladi (5-xatboshiga qarang.) *

4, 5. Yuhannoning birinchi maktubi 3:19, 20 dagi so‘zlar ikkita imondoshimizga qay yo‘sin tushkunlikka qarshi kurashishga yordam berdi?

4 Keling, Debora va Mariyaning * misollarini ko‘rib chiqamiz. Ko‘pincha Debora unga qilingan muomala tufayli o‘zini kamsitilganday his qilardi. U deyarli maqtov so‘zlarini eshitmagan. Shu bois, u o‘ziga nisbatan salbiy nuqtai nazarda bo‘lgan. Hatto kichik xatolar qilganda ham, o‘zini hech narsaning uddasidan chiqa olmaydigan odamday his qilgan. Mariya ham shunga o‘xshash muammoga duch kelgan. Qarindoshlari uni uyaltirib turishgan. Bu tufayli u o‘ziga past nazar bilan qarash tuyg‘usi bilan kurashgan. Suvga cho‘mganidan keyin ham, u o‘zini Yahovaning Shohidi bo‘lishga noloyiq his etgan.

5 Biroq bu ikkita imondoshimiz Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatmagan. Qanday qilib? Ular Yahovaga astoydil ibodat qilib g‘am-tashvishlarini Unga tashladi. (Zab. 55:22) Ular shuni tushundiki, sevuvchi samoviy Otamiz o‘tmishimiz hamda noto‘g‘ri fikrlash tarzi bizga qanday ta’sir qilganini biladi. Qolaversa, U qalbimizdagi yaxshi narsalarni, hatto o‘zimiz ko‘ra olmagan fazilatlarimizni ko‘radi. (1 Yuhanno 3:19, 20 ni o‘qing.)

6. Kishi oldin qilgan xatosini yana takrorlasa, nima qilishi mumkin?

6 Kishi chuqur o‘rnashgan biror yomon odati bilan kurashayotib yana o‘sha ishni takrorlashi va bu uni tushkunlikka tushirishi mumkin. Albatta, gunoh qilganda muayyan darajada o‘zimizni aybdor his qilishimiz tabiiy. (2 Kor. 7:10) Lekin muvozanatni yo‘qotmasligimiz va quyidagicha fikrlab o‘zimizni hukm qilmasligimiz lozim: «Men hech narsaga arzimayman. Yahova meni hech qachon kechirmasa kerak». Bunday fikrlash tarzi haqiqatga zid va bu bizni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatishi mumkin. Hikmatlar 24:10 da ruhimiz tushsa, kuchimiz ham zaif bo‘lishi haqida aytilganini unutmang. Aksincha, Yahovaga ibodat qilish va Uning rahm-shafqatini izlash orqali U bilan orangizdagi masalani hal qiling. (Ishayo 1:18) Chin ko‘ngildan qilgan tavbangizni ko‘rib, U sizni kechiradi. Shuningdek, oqsoqollarga murojaat qiling. Ular sizga yana ma’nan tiklanishingizga sabr ila ko‘maklashadi. (Yoqb. 5:14, 15)

7. To‘g‘ri yo‘l tutishda qiynalsak, nega tushkunlikka tushmasligimiz kerak?

7 Jan-Lyuk ismli oqsoqol zaifliklari bilan kurashayotganlarga quyidagicha aytar ekan: «Yahovaning nazaridagi odil inson aslo xato qilmaydigan shaxs emas, balki xatolari uchun kechirim so‘rab, doim tavba qiladigan kishidir». (Rim. 7:21–25) Shu bois, zaifliklaringiz bilan kurashar ekansiz, o‘zingizni hukm qilmang. Shuni yodda tutingki, hech birimiz Yahovaning oldida o‘z kuchimiz bilan odil bo‘la olmaymiz. Barchamiz Xudo to‘lov orqali namoyon etadigan inoyatga muhtojmiz. (Efes. 1:7; 1 Yuhan. 4:10)

8. Ruhan ezilganimizda yordam so‘rab kimga murojaat qilishimiz mumkin?

8 Ma’naviy oilamiz bo‘lmish birodar-u opa-singillar bizga dalda beradi! Suhbatdoshga muhtoj bo‘lsak, ular bizni tinglashi va dalda berishi mumkin. (Hik. 12:25; 1 Salon. 5:14) Tushkunlikdan aziyat chekkan Joy ismli imondoshimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Imondoshlarim bo‘lmaganida holim ne kechardi?! Birodar-u opa-singillarim Yahova ibodatlarimga javob berayotganining yaqqol dalilidir. Ulardan hatto ruhi ezilganlarga qanday dalda berish kerakligini o‘rgandim». Shuni ham yodda tutishimiz lozimki, har doim ham birodar-u opa-singillarimiz daldaga muhtoj ekanimizni bilmasligi mumkin. Shu bois, tashabbus ko‘rsatib ma’nan yetuk imondoshimizdan kerakli yordamni so‘rashimizga to‘g‘ri kelar.

SOG‘LIK MUAMMOLARI BILAN KURASHGANDA

9. Qay yo‘sin Zabur 41:3 va 94:19 dagi so‘zlar bizga dalda baxsh etadi?

9 Yahovadan yordam so‘rang. O‘zimizni yomon his qilganimizda, ayniqsa, surunkali kasalliklar bilan kurashganimizda ijobiy nuqtai nazarni saqlashimiz qiyin kechar. To‘g‘ri, hozirda Yahova bizni mo‘jizaviy tarzda tuzatmaydi, biroq U bizga dalda berib, sabr-bardoshli bo‘lishimiz uchun kerakli kuchni ato eta oladi. (Zabur 41:3, 94:19 ni o‘qing.) Masalan, uy ishlarida yoki bozor-o‘char qilishda yordamga muhtoj bo‘lganimizda, Yahova imondoshlarimizni bizga ko‘maklashishga undar. Shuningdek, ularni biz bilan ibodat qilishga ruhlantirar. Yoki Kalomidagi daldali so‘zlar orqali yangi dunyoda kasallik va og‘riqdan holi ajoyib umidimizni, ya’ni mukammal hayotni yodimizga solishi mumkin. (Rim. 15:4)

10. Baxtsiz hodisadan keyin Isangga taslim bo‘lmaslikka nima yordam berdi?

10 Nigeriyada yashovchi Isang ismli imondoshimiz baxtsiz hodisaga uchraydi. Shifokor unga boshqa hech qachon yura olmasligini aytadi. U shunday deb bo‘lishdi: «Qalbim tilka-pora bo‘lib, ruhan ezildim» Qiziq, u taslim bo‘ldimi? Yo‘q! Unga nima yordam berdi? «Turmush o‘rtog‘im bilan birga Yahovaga tinmay ibodat qilardik va Kalomni kunda o‘qirdik,— deb aytdi Isang. — Ega bo‘lgan barakalarimizni, jumladan, Xudo va’da qilgan yangi dunyoda yashash umidini ko‘z oldimizga keltirish qarorimiz qat’iy edi».

Jismoniy imkoniyatlari cheklanganlar ham xizmatda samara keltirib, quvonch topa oladi (11–13-xatboshilariga qarang.)

11. Qay yo‘sin Sindi sog‘liq muammolariga qaramay quvona oldi?

11 Meksikada yashovchi Sindi ismli imondoshimiz hayotiga xavf soluvchi kasallikka chalindi. Sabr-bardosh qila olishi uchun u nima qildi? U muolaja olar ekan, har kuni va’z qilishni oldiga maqsad qildi. Sindi quyidagicha yozdi: «Bunday yo‘l tutib diqqatimni jarrohlik amaliyotiga, og‘riqqa yoki kasalligimga emas, balki boshqalarga qarata oldim. Odatda shifokorlaru hamshiralar bilan suhbatlashganda, ulardan uydagilarining hol-ahvoli haqida so‘rar edim. So‘ng nega ular bu mashaqqatli kasbni tanlashgani haqida so‘rar edim. Shunda qaysi mavzu ularning qalbiga ta’sir qilishi mumkinligini bilib olardim. Ularning ko‘pi odatda bemorlar ulardan hol-ahvol so‘ramasligini aytishardi va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorchilik bildirishardi. Hatto ba’zilari menga uy manzilini yoki telefon raqamini bergan. Bunday qiyin paytda Yahova menga ichki quvonchni bergani, hatto o‘zimni lol qoldirgan!» (Hik. 15:15)

12, 13. Qay yo‘sin kasal yoki sog‘ligi zaif insonlar va’zgo‘ylik ishida qatnasha olmoqda va bu qanday natijalar keltirmoqda?

12 Kasal yoki sog‘ligi zaif insonlar va’zgo‘ylik ishida o‘zlari istagancha xizmat qila olmagani tufayli tushkunlikka tushishlari mumkin. Biroq ko‘plar va’z qilish yo‘llarini topishmoqda. Qo‘shma Shtatlarda yashovchi Lorel ismli imondoshimiz nafas olishi uchun 37-yil davomida apparatning ichida yotishiga to‘g‘ri kelgan. U saraton, bir qancha jarrohlik amaliyoti va teri bilan bog‘liq surunkali kasalliklarni boshdan kechirgan. Biroq bu kabi o‘ta jiddiy muammolar ham uni va’z qilishdan to‘xtata olmagan. Lorel hamshiralarga va uni ko‘rish uchun uyiga kelganlarga va’z qilgan. Natijasi qanday bo‘lgan? U kamida 17 kishiga Yahovaning Shohidi bo‘lishga ko‘maklashgan *.

13 Fransiyada yashovchi Richard ismli oqsoqol uyidan chiqa olmaydigan va qariyalar uyida yashaydiganlarga quyidagicha amaliy fikr bildirdi: «Odamlar ko‘ra olishi uchun kichik stol ustiga kitob va adabiyotlarimizning ba’zilarini qo‘ysa bo‘ladi. Bu odamlarda katta qiziqish uyg‘otadi va suhbatlar boshlashga zamin yaratadi. Bu uyma-uy xizmat qila olmaydigan aziz birodar-u opa-singillarimizga dalda baxsh etishi mumkin». Qolaversa, uydan chiqa olmaydigan imondoshlarimiz xat yozib, telefon orqali shohidlik berib xizmatda qatnasha oladi.

O‘ZIMIZ ISTAGAN VAZIFAGA TAYINLANMAGANDA

14. Shoh Dovud qanday ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan?

14 Ko‘pgina sabablarga ko‘ra, Yahovaning xizmatida o‘zimiz istagan vazifaga tayinlanmasligimiz mumkin. Masalan, bunga yoshimiz, sog‘liq muammolari va boshqa omillar sabab bo‘lar. Agar shunday vaziyatda bo‘lsak, shoh Dovudning misolidan saboq olishimiz mumkin. U Xudoning ma’badini qurishni juda istagan, biroq Yahova bu vazifani boshqasiga topshirgan. Dovud Yahova tanlagan kishini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlab, bu qurilish uchun juda ko‘p miqdorda oltin-u kumush taqdim etgan. Taqlid qilishga arzigulik o‘rnak, shunday emasmi? (2 Shoh. 7:12, 13; 1 Sol. 29:1, 3–5)

15. Qanday qilib Gyug tushkunlikni yenggan?

15 Fransiyada yashovchi Gyug ismli birodarimiz sog‘liq muammolari tufayli oqsoqollik xizmatini to‘xtatgan. U hatto oddiy uy yumushlariga ham yordamlasha olmagan. Gyug quyidagicha yozdi: «Boshida o‘zimni keraksizday his qilib, qattiq tushkunlikka tushgandim. Lekin biroz vaqt o‘tgach, oldin qila olgan ishlarni endi qila olmasligim haqida o‘ylab, xafa bo‘lmaslik naqadar muhim ekanini tushundim. Shunda Yahovaning xizmatida qo‘limdan keladigan ishlarni qilib quvona oldim. Taslim bo‘lmaslik qarorim qat’iy. Gido‘n va uning 300 ta odami charchaganiga qaramay, dushmanlarini ta’qib qilishda davom etgani kabi, men ham kurashishda davom etmoqchiman». (Hak. 8:4)

16. Sadoqatli farishtalardan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?

16 Sadoqatli farishtalar ham ajoyib o‘rnakdir. Shoh Axabning hukmronligi davrida Yahova farishtalardan yovuz shohni aldash borasida takliflarini so‘ragan. Bir nechta farishta o‘z taklifini aytgan. Biroq Xudo ulardan birini tanlab, uning taklifi muvaffaqiyat qozonishini aytgan. (3 Shoh. 22:19–22) Xo‘sh, boshqa sadoqatli farishtalar tushkunlikka tushib: «Bekorga taklif bildirib bunga vaqt sarflabman»,— deganmi? Yo‘q albatta! Farishtalar chinakamiga kamtarin va ular barcha sharafni Yahovaga berishni istaydi. (Hak. 13:16–18; Vah. 19:10)

17. Muayyan sharafli vazifalarga ega bo‘lmaganimiz uchun ruhimiz tushsa, qanday yo‘l tutishimiz kerak?

17 Xudoning ismi bilan atalish va Uning Shohligi haqida e’lon qilish sharafiga ega ekanimizni yodda tuting. Vazifalar keladi va ketadi. Biroq Yahovaning nazarida bizni qadrli qiladigan narsa bu emas. Kamtarin bo‘lsakkina ham Yahova, ham imondoshlarimiz uchun chinakamiga qadrli bo‘lamiz. Kamtarin bo‘lib qolish uchun Yahovadan yordam so‘rab iltijo qiling. Muqaddas Kitobdan kamtarlikni namoyon etishda ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan kishilarning ko‘plab misollarini o‘qib, ular ustida mulohaza yuriting. Turli yo‘llar orqali imondoshlaringizga bajonidil xizmat qiling. (Zab. 138:6; 1 Butr. 5:5)

ODAMLAR XUSHXABARGA BEFARQ BO‘LGAN HUDUDDA XIZMAT QILGANIMIZDA

18, 19. Odamlar xushxabarga qiziqish ko‘rsatmaydiganday tuyulgan hududda qay yo‘sin quvonchni saqlay olasiz?

18 Odamlar xushxabarga qiziqish ko‘rsatmaydiganday tuyulgan yoki ularni uydan topish qiyin bo‘lgan hududlarda xizmat qilganingizda, hech tushkunlikka tushganmisiz? Bunday vaziyatda quvonchni yo‘qotmaslik yoki quvonchga quvonch qo‘shish uchun nima qilsa bo‘ladi? Ba’zi amaliy maslahatlar « Xizmatni yaxshilash yo‘llari» nomli ramkada keltirilgan. Shuningdek, xizmatga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lish ham muhim ahamiyatga ega. Bu nimani o‘z ichiga oladi?

19 Va’z qilishdan asosiy maqsad, Xudoning ismini e’lon etish hamda Shohlik haqida odamlarga aytish ekanini yodda tuting. Iso hayotga olib boradigan yo‘lni oz kishi topishi haqida aniq qilib aytgan. (Mat. 7:13, 14) Xizmatga chiqqanimizda Yahova, Iso va farishtalar bilan hamkorlik qilish sharafiga egamiz. (Mat. 28:19, 20; 1 Kor. 3:9; Vah. 14:6, 7) Yahova Unga xizmat qilishni istaydigan kishilarni O‘ziga jalb qiladi. Agar kishi boshida xushxabarga qiziqish bildirmasa, biz tushkunlikka tushmaymiz. Chunki boshqa safar o‘sha insonga yana va’z qilishimiz va u bu safar bizni diqqat ila tinglashi mumkin.

20. Yeremiyo 20:8, 9 dan tushkunlik bilan kurashish haqida nimani bilib olyapmiz?

20 Yeremiyo payg‘ambardan ko‘p narsani o‘rgansak bo‘ladi. U uning xabariga befarq bo‘lgan odamlar orasida va’z qilishi kerak edi. Odamlar uni «kun bo‘yi» haqorat qilishgan va piching otishgan. (Yeremiyo 20:8, 9 ni o‘qing.) Bir marta u tushkunlikka tushganidan va’z qilishni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Lekin u bunday yo‘l tutmagan. Nega? Yahovaning so‘zi Yeremiyoning yuragida yongan olovday bo‘lgan va u buni ichida saqlay olmagan. Qalbimiz-u ongimizni Xudo Kalomidagilar bilan to‘ldirsak, biz bilan ham shunday bo‘ladi. Bu Muqaddas Kitobni kunda o‘qib, ustida mulohaza yuritishimiz uchun yana bir sabab. Bunday yo‘l tutsak, quvonchimiz oshadi hamda xizmatimiz samaraliroq bo‘ladi. (Yerm. 15:16)

21. Tushkunlik sababi qanday bo‘lmasin qay yo‘sin unga qarshi kurashda g‘alaba qozona olamiz?

21 Yuqorida tilga olingan Debora shunday deb bo‘lishdi: «Shayton bizga qarshi kuchli qurol sifatida tushkunlikdan foydalanadi». Biroq uning qurollari Yahovaga kelganda o‘z kuchini yo‘qotadi. Shu bois, qandaydir sababga ko‘ra tushkunlikka tushsangiz, Yahovadan yordam so‘rab iltijo qiling. U nomukammalligingiz va zaifliklaringizga qarshi turishga ko‘maklashadi. Kasallik chog‘ida ham U sizga tayanch bo‘ladi. Vazifalaringizga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarga ega bo‘lishingizga yordamlashadi. Qolaversa, xizmatga nisbatan ijobiy nuqtai nazarni saqlashingizga ko‘maklashadi. Shu bois, barcha g‘am-tashvishlaringizni samoviy Otangizga to‘kib soling. Uning yordamida tushkunlikka qarshi kurashda g‘alaba qozona olasiz.

41-QO‘SHIQ Yo Rab, qabul et duomni

^ 5- x.b. Ba’zida barchamiz tushkunlikka tushamiz. Mazkur maqolada ruhimiz tushganida nima qilishimiz mumkinligining muayyan yo‘llarini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, Yahovaning yordami bilan tushkunlikka qarshi kurashda g‘alaba qozona olishimizni ham bilib olamiz.

^ 4- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 12- x.b. Lorel Nisbetning tarjimai holi «Uyg‘oning» jurnalining 1993-yil 22-yanvar (ingl.) sonida keltirilgan.

^ 69- x.b. RASMGA SHARHLAR. Imondoshimiz bir muddat tushkunlikka tushgandi, biroq o‘tmishdagi xizmati ustida mulohaza yuritib, Yahovaga ibodat qilyapti. U nima qilgani va hozir qilayotganini Yahova unutmasligiga bo‘lgan ishonchi komil.