Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Vazifangizni sidqidildan bajaring

Vazifangizni sidqidildan bajaring

YAQIN do‘stingizdan mehrga to‘la xat olganingizda nimalarni his qilasiz? Masihiy shogird Timo‘tiy havoriy Pavlusdan shunga o‘xshash xat olgan va bilamizki, u Muqaddas Kitobda Timo‘tiyga yo‘llangan ikkinchi maktub deb nomlangan. Timo‘tiy qadrli do‘stidan kelgan maktubni o‘qish uchun tinch joy izlagani shubhasiz. Balki u quyidagicha o‘ylagandir: «Pavlusning ahvoli yaxshimikin? Vazifalarimni qanday bajarish borasida biron maslahat yozganmikin? Uning maslahatlari yaxshiroq va’z qilishga va ta’lim berishga hamda boshqalarga yordamlashishga ko‘maklasharmikin?» Timo‘tiy bu qadrli maktubdan nafaqat savollariga javob topdi, balki bundan ham ko‘prog‘ini bilib oldi. Hozir bu haqida gap boradi. Keling, mazkur maktubdan biz uchun foydali bo‘ladigan ba’zi asosiy fikrlarni ko‘rib chiqamiz.

«HAMMA NARSAGA DOSH BERYAPMAN»

Timo‘tiy maktubning kirish so‘zlarini o‘qiboq, Pavlus u haqida qayg‘urayotganini his qilgan. Pavlus mehr ila uni «sevikli o‘g‘lim» deb atagan. (2 Tim. 1:2) Timo‘tiy maktubni olganida taxminan mil. 65-yil edi. Ehtimol, uning yoshi 30 dan oshgan bo‘lib, u tajribali oqsoqol bo‘lgan. Timo‘tiy Pavlus bilan hamkorlik qilayotganiga o‘n yildan oshgan edi. U bu orada Pavlusdan ko‘p narsalarni o‘rgangan.

Pavlus Rimda zanjirband qilingan bo‘lib, o‘lim yoqasida turgan. Lekin uning maktubidan shu ayon ediki, u bardoshli bo‘lishda va sadoqatli qolishda davom etgan. (2 Tim. 1:15, 16; 4:6–8) Qolaversa, Pavlus oldinda uni kutayotgan voqealardan qo‘rqmayotgani aniq-ravshan ko‘ringan. Zero, u: «Hamma narsaga dosh beryapman»,— deb yozgan. (2 Tim. 2:8–13) Bularning barchasi haqida bilib, Timo‘tiy rosa dalda olgani aniq. Pavlusning bardoshli bo‘lishda qoldirgan o‘rnagi bizga ham kuch bera oladi.

«IN’OMNI ALANGALATIB TUR»

Pavlus Timo‘tiyni Xudoning xizmatidagi topshirig‘ini xazina deb bilishga undagan. U Timo‘tiy «Tangridan olgan in’omni alangalatib» turishini istagan. (2 Tim. 1:6, izoh) Pavlus «in’om» so‘zini yetkazish uchun «xarisma» so‘zidan foydalangan. Yunoncha bu so‘zning asosiy ma’nosi ixtiyoriy va inoyat ila berilgan hadya deganidir. Timo‘tiy jamoatlarga yordam berish uchun maxsus vazifaga tayinlanganida bu hadyani olgan edi. (1 Tim. 4:14)

Xo‘sh, Timo‘tiy bu hadyadan qanday foydalanishi kerak edi? U «alangalatib tur» degan so‘zlarni o‘qiganida, uydagi gulxan ba’zida bazo‘r yonayotgan cho‘g‘larga aylanishi to‘g‘risida o‘ylagandir. Cho‘g‘lar ko‘proq olov va issiqlik berishi uchun ularni alangalatish lozim edi. Bir lug‘atda aytilishicha, Pavlus foydalangan yunoncha fe’l (anazopereo) «o‘t oldirmoq, jonlantirmoq, olovga aylantirmoq», ramziy ma’noda esa «yangi ishga nisbatan zavqqa to‘lmoq» degan ma’noni anglatadi. Ha, Pavlus Timo‘tiyga vazifasini «sidqidildan bajarishni» maslahat berayotgan edi. Bugungi kunda biz ham xuddi shunday yo‘l tutishimiz lozim, ya’ni vazifamizni g‘ayrat ila bajarishimiz darkor.

«SENGA ISHONIB TOPSHIRILGAN XAZINANI... ASRAGIN»

Timo‘tiy qadrdon do‘stidan kelgan maktubni o‘qishda davom etar ekan, xizmatida muvaffaqiyatli bo‘lishga yordam beradigan yana bir iboraga duch keladi. Pavlus unga shunday yozgan edi: «Senga ishonib topshirilgan xazinani ichimizda bo‘lgan muqaddas ruh yordamida asragin». (2 Tim. 1:14) Bu qanday xazina edi? Timo‘tiyga nima ishonib topshirilgandi? Bundan oldingi oyatda Pavlus Muqaddas Yozuvlardagi «sog‘lom so‘zlar» haqida aytib o‘tgandi. (2 Tim. 1:13) Masihiy sifatida Timo‘tiy ham birodar-u opa-singillariga, ham hududidagi odamlarga haqiqatni yetkazishi kerak edi. (2 Tim. 4:1–5) Bundan tashqari, Timo‘tiy Xudoning suruviga cho‘ponlik qilish uchun oqsoqol etib tayinlangan edi. (1 Butr. 5:2) Timo‘tiy Yahovaning muqaddas ruhiga va Kalomga tayanib, unga ishonib topshirilgan xazinani — o‘rgatishi kerak bo‘lgan haqiqatni — asray olardi. (2 Tim. 3:14–17)

Bugungi kunda ham bizga haqiqat ishonib topshirilgan va biz uni boshqalarga o‘rgatamiz. (Mat. 28:19, 20) Tinmay ibodat qilish va Xudoning Kalomini muntazam o‘rganish orqali bu ajoyib hadya uchun minnatdorchiligimizni oshira olamiz. (Rim. 12:11, 12; 1 Tim. 4:13, 15, 16) Ehtimol, jamoatda oqsoqol sifatida xizmat qilish yoki to‘la vaqtli xizmatda qatnashish kabi qo‘shimcha vazifamiz bordir. Bu kabi sharafga ega bo‘lsak, kamtarin bo‘lishimiz darkor. Shuningdek, vazifamizni bajarish uchun Xudoning yordamiga tayanishimiz lozim. Bunday yo‘l tutsak, Xudo bizga bergan xazinani chinakamiga qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz.

«MENDAN ESHITGAN NARSALARNI... ISHONCHLI INSONLARGA HAM YETKAZ»

Yana Timo‘tiyning vazifasiga boshqalarga o‘zi bajarayotgan ishlarni o‘rgatish kirgan. Shu sababli, Pavlus uni quyidagicha undagan: «Mendan eshitgan narsalarni, boshqalarga ta’lim berishga munosib bo‘ladigan ishonchli insonlarga ham yetkaz». (2 Tim. 2:2) Ha, Pavlus Timo‘tiyga bilib olgan barcha narsasini boshqalarga ham o‘rgatishi kerakligini eslatib o‘tgan. Hozirda ham masihiylar jamoatidagi har bir nozir xuddi shunday yo‘l tutishga intilishi muhimdir. Yaxshi nozir vazifani qanday bajarish borasida bilganlarini yashirmaydi. Aksincha, boshqalar ham uni bajara olishi uchun ularga ta’lim beradi. Qolaversa, bunday nozir ular ko‘proq bilimga ega bo‘lib yoki yaxshiroq qobiliyatlarini namoyon etib, uning ahamiyatini pasaytiradi, deb qo‘rqmaydi. Shu bois, u vazifani qanday bajarish borasida asosiy fikrlarni aytish bilan chegaralanib qolmaydi. U ta’lim berayotgan kishilariga zakovatli va mulohazakor bo‘lishga — ma’nan o‘sishga yordam berishni istaydi. Buning natijasida «ishonchli kishilar» jamoatga ko‘proq foyda keltira oladi.

Shubhasizki, Timo‘tiy Pavlusdan olgan mehrga to‘la bu maktubni qadrlagan. U qimmatli maslahatlarni qayta-qayta o‘qiganini hamda vazifasini bajarish uchun qay yo‘sin ularni to‘laqonli amalda qo‘llay olishi ustida mulohaza yuritganini tasavvur qilsak bo‘ladi.

Biz ham mazkur maslahatlarni amalda qo‘llashni istaymiz. Qanaqasiga? In’omimizni olov kabi alangalatish, xazinamizni himoya qilish va tajribamiz-u bilimimizni boshqalar bilan bo‘lishish uchun jon kuydirishimiz kerak. Shunda, Pavlus Timo‘tiyga yozgani kabi xizmatimizni to‘la ado eta olamiz. (2 Tim. 4:5)