Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yaxshi inson bo‘lish porloq kelajakni kafolatlaydimi?

Yaxshi inson bo‘lish porloq kelajakni kafolatlaydimi?

Asrlar davomida ko‘pchilik yaxshi inson bo‘lish porloq kelajakka yetaklaydi, deb hisoblagan. Masalan, Sharqda faylasuf va ustoz bo‘lgan Konfutsiyning (mil. avv. 551–479 y.) mana bu so‘zlari juda mashhur: «Sen nimani orzu qilmasang, uni boshqalarga ravo ko‘rma».

KO‘PCHILIK TANLAGAN YO‘L

Aksariyat odamlarning o‘ylashicha, yaxshi xulq-atvor porloq kelajakka yetaklaydi. Ular hurmat ko‘rsatishga, odobli bo‘lishga, jamiyatdagi o‘rnini tushunishga va shunga muvofiq yo‘l tutishga hamda vijdonini toza saqlashga intilishadi. Tayvanlik Lin ismli ayol shunday bo‘lishdi: «Rostgo‘y va samimiy bo‘lsam, baraka olishimga doim ishonardim».

Ba’zilarni yaxshilik qilishga diniy e’tiqodlari undaydi. Tayvanda yashovchi Shu Yun ismli kishi shunday dedi: «Menga shuni o‘rgatishganki, agar inson yaxshilik qilsa, o‘lganidan keyin baxtli bo‘ladi, yomonlik qilsa, azob chekadi».

BUNING FOYDASI BORMI?

To‘g‘ri, boshqalarga yaxshilik qilish ancha foyda keltiradi. Ammo boshqalarga chin dildan yaxshilik qilganlarning ko‘pi odamlar hamisha ularga yaxshilik bilan javob qaytaravermasligini tushundi. Gonkongda yashovchi Syu Ping ismli ayol shunday bo‘lishdi: «Yaxshilik qilganlarga doim ham yaxshilik qaytavermasligini o‘z tajribamda ko‘rdim. Men oilam uchun qo‘ldan kelgancha qayg‘urib, yaxshilik qilishga intilardim. Biroq turmushim barbod bo‘ldi va erim o‘g‘lim ikkimizni tashlab ketdi».

Ko‘pchilik dindor insonlarning hammasi ham yaxshi inson emasligiga amin bo‘ldi. Yaponiyada yashovchi Esuko ismli ayol shunday bo‘lishdi: «Men bir diniy tashkilotga qo‘shildim va unga a’zo bo‘lgan yoshlar uchun tadbirlar uyushtirardim. Ammo ushbu cherkovda pullardan noto‘g‘ri foydalanishayotganini va axloqsizlik hamda hokimiyat uchun kurashni ko‘rib hayron qoldim».

«Men oilam uchun qo‘ldan kelgancha qayg‘urib, yaxshilik qilishga intilardim. Biroq turmushim barbod bo‘ldi va erim o‘g‘lim ikkimizni tashlab ketdi». (SYU PING, GONKONG)

Dinga o‘ta berilgan ayrim odamlar yaxshilik qilishganiga qaramay, ular bilan baribir yomonlik yuz bergani uchun xafa bo‘lishgan. Vetnamlik Ven ismli ayol ham buni o‘zida his qilgan. U quyidagicha so‘zlab berdi: «Kelajakda barakalardan bahramand bo‘lish niyatida har kuni mevalar, gullar va oziq-ovqat sotib olib, ularni o‘lgan ajdodlarim ruhiga bag‘ishlardim. Yillar davomida boshqalarga yaxshilik qilganim va diniy amallarni bajarganimga qaramay, erim qattiq kasal bo‘lib qoldi. Bunisi yetmagandek, chet elda o‘qiydigan 20 yoshli qizim olamdan o‘tdi».

Agar yaxshi inson bo‘lish porloq kelajakni kafolatlamasa, unda nima buning garovi bo‘lishi mumkin? Ushbu savolga javob topish uchun bizga ishonchli ma’lumotlarni taqdim eta oladigan manba kerak. U yerda savollarimizga javob va porloq kelajakka erishish yo‘li yozilgan bo‘lishi lozim. Bu qanday manba ekan?