TARJIMAI HOL
Yahovaga aslo yo‘q demaslikni o‘rgandik
KUCHLI bo‘rondan so‘ng daryo juda loyqalanib ketgandi va suvlari shunchalik tez oqqanidan xarsangtoshlarni ham oqizib ketayotgandi. Biz narigi tarafga o‘tishimiz kerak edi, ammo shiddat bilan oqqan suvlar ko‘prikni yuvib ketgandi. Turmush o‘rtog‘im Xarvi, men va ami tilida gapiradigan tarjimonimiz rosa qo‘rqib, o‘zimizni chorasizday his qilgandik. Narigi qirg‘oqda birodarlar xavotirlanib kuzatib turar ekan, daryoni kechib o‘ta boshladik. Avval kichkina mashinamizni sal kattaroq yuk mashinasining orqasiga haydab chiqardik. So‘ng mashinani joyida ushlash uchun arqon yoki zanjir bo‘lmagani sababli, yuk mashinasi tez oqar daryo suvlaridan asta-sekin o‘ta boshladi. Buning oxiri yo‘qday tuyulardi, ammo eson-omon o‘tib oldik. Bu vaqt davomida Yahovaga tinmay ibodat qildik. Bu 1971-yil edi. Biz tug‘ilib o‘sgan joylarimizdan minglab kilometr olisda bo‘lgan Tayvanning sharqiy sohilida edik. Keling, sizga o‘z hikoyamizni aytib beray.
YAHOVANI SEVISHNI O‘RGANDIK
Xarvi to‘rtta aka-ukaning to‘ng‘ichi. Uning oilasi 1930-yillarda iqtisodiy vaziyat og‘ir bo‘lganida G‘arbiy Avstraliyaning Midlend Jankshen shaharchasida haqiqatga kelgan. Xarvi Yahovani sevib ulg‘aygan va 14 yoshida suvga cho‘mgan. Ko‘p o‘tmay u tashkilotimizdagi vazifalarga yo‘q demaslikka o‘rgandi. Bir safar Xarvi o‘smirligida o‘zini layoqatsiz hisoblab, «Qo‘riqchi minorasi»ning qiroati bilan chiqishdan bosh tortgan. Lekin bitta birodar Xarviga quyidagi fikrni aytib, mulohaza yuritishiga yordam bergan: «Yahovaning tashkilotida kimdir sizdan biron nima qilishni so‘rasa, demak, u sizni bunga layoqatli, deb hisoblaydi». (2 Kor. 3:5)
Men esa onam va opam bilan birga haqiqatni Angliyada bilib olganman. Otam ancha vaqt o‘tib haqiqatni qabul qilgan, lekin boshida u qarshi bo‘lgan. Garchi u istamagan bo‘lsa-da, o‘n yoshga to‘lmasimdan suvga cho‘mganman. Kashshof va so‘ng to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lishni maqsad qilganman. Ammo otam 21 ga kirmagunimcha kashshof bo‘lishimga ruxsat bermoqchi emasdi. Mening esa bunchalik uzoq kutish niyatim yo‘q edi. Shunday qilib, 16 ga kirganimda otam Avstraliyaga ko‘chib ketgan katta opam bilan yashashimga ijozat berdi. Nihoyat 18 ga to‘lganimda kashshoflikni boshladim.
Avstraliyada Xarvi bilan tanishdik. Ikkalamiz ham Yahovaga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilishni istardik. 1951-yili turmush qurdik. Birgalikda ikki yil kashshoflik qilgach, tuman nozirlik xizmatini boshladik. Hududimiz G‘arbiy Avstraliyaning ulkan qismidan iborat edi. Shu bois, qaqragan va olis hududlar bo‘ylab tez-tez safarga chiqardik.
ORZUYIMIZ USHALDI!
1954-yili bizni Gilad maktabining 25- sinfiga taklif qilishdi. Ko‘p o‘tmay to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lish orzuyimiz ushaldi! Nyu-Yorkka kemada keldik va Muqaddas Kitobni puxta tadqiq qila boshladik. O‘quv jarayonining bir qismi sifatida ispan tilini ham o‘rganishimiz kerak edi. Xarvi «r» harfini to‘g‘ri talaffuz qila olmagani sababli bu unga qiyin bo‘lgan.
O‘quv jarayonida ustozlar Yaponiyada xizmat qilishni istaganlar yapon tili guruhiga qo‘shilish uchun ismlarini yozishlari mumkinligini e’lon qilishdi. Biz uchun vazifani Yahovaning tashkiloti tayinlasin degan qarorga keldik. Ko‘p o‘tmay Gilad ustozlaridan biri Albert Shryoder ismlarimizni yozmaganimizga e’tibor berdi. U bizga: «Yaxshilab o‘ylab ko‘ring»,— dedi. Baribir ikkilanganimizda, u shunday dedi: «Boshqa ustozlar va men ismlaringizni kiritib qo‘ydik. Yapon tilini o‘rganishga harakat qilib ko‘ring». Bu tilni o‘rganish Xarvi uchun qiyin bo‘lmadi.
1955-yili Yaponiyaga kelganimizda, butun mamlakat bo‘ylab faqatgina 500 ta va’zgo‘y bor edi. Xarvining yoshi 26 da, meniki esa 24 da edi. Biz port shahar Kobega tayinlandik va bu yerda to‘rt yil xizmat qildik. So‘ng yana tuman nozirlik xizmatiga qaytdik va Nagoya shahri yaqinida xizmat qildik. Vazifamizni bajarar ekanmiz, barchasi — imondoshlar, ovqatlar va tabiat yoqardi. Biroq ko‘p o‘tmay Yahovaga yo‘q demaslik uchun yana bir imkoniyat paydo bo‘ldi.
YANGI VAZIFA — YANGI QIYINCHILIKLAR
Tuman nozirlik xizmatida uch yil qatnashganimizdan so‘ng Yaponiya filiali Tayvanga borib, u yerda ami tilida gapiradigan tub aholi bilan hamkorlik qilishni taklif qildi. U yerda murtadlik yuzaga kelgandi va Tayvandagi filial vaziyatni hal qilish uchun yapon tilida bemalol gapiradigan birodarga muhtoj edi *. Yaponiyadagi xizmatimizga ko‘ngil qo‘ygandik va bu borada qaror chiqarish qiyin bo‘lgan. Ammo Xarvi vazifalarga aslo yo‘q demaslikni o‘rgangan edi va men uning qarorini qo‘llab-quvvatladim.
U yerga 1962-yili keldik. Tayvanda 2 271 ta va’zgo‘y bo‘lib, ularning aksariyati ami tilida gapirardi. Lekin avvaliga xitoy tilini o‘rganishimiz kerak edi. Bizda bittagina kitob va ingliz tilini bilmaydigan ustoz bor edi. Biroq bu tilni o‘rgandik.
Tayvanga kelganimizdan ko‘p o‘tmay Xarvi bu mamlakatdagi faoliyatimizni nazorat qilish uchun filialga tayinlandi. Filial kichkina bo‘lgani sababli Xarvi u yerdagi vazifalarini bajargach, har oy deyarli uch hafta mobaynida ami tilida gapiradigan birodarlar bilan ham hamkorlik qilardi. Qolaversa, u vaqti-vaqti bilan viloyat noziri sifatida xizmat qilardi va bu tuman anjumanlarida nutqlar bilan chiqishni o‘z ichiga olardi. Xarvi nutqlarni yapon tilida aytishi mumkin edi va ami tilida gapiradigan birodarlar uni tushunardi. Lekin hukumat diniy yig‘ilishlarni faqatgina xitoy tilida o‘tkazishga ruxsat berdi. Shu bois, Xarvi bu tilda gapirishga qiynalsa ham xitoy tilida nutqlar aytardi va birodar uni ami tiliga o‘girardi.
O‘shanda Tayvanda harbiy holat e’lon qilingani tufayli birodarlar tuman anjumanini o‘tkazish uchun ruxsat olishi zarur edi. Ruxsat olish oson emasdi va ko‘pincha politsiya bu masalani cho‘zardi. Agar politsiya anjuman bo‘ladigan haftagacha ruxsat bermasa, Xarvi ularning mahkamasiga borib, ruxsat berishmaguncha o‘sha yerda o‘tirardi. Politsiya chet ellik kishi ularning mahkamasida kutib o‘tirganidan o‘zini noqulay his etib, tezda ruxsat berardi.
BIRINCHI MARTA TOQQA CHIQISHIM
Birodarlar bilan o‘tkazgan haftalarimiz mobaynida odatda tog‘larga chiqib va daryolarni kechib o‘tib, bir soat yoki undan ham ko‘proq yurardik. Birinchi marta toqqa chiqqanim esimda. Tezda nonushta qilib, olisdagi qishloqqa borish uchun sahar besh yarimda avtobusga o‘tirdik, keng daryo suvlarini kechib o‘tdik va toqqa ko‘tarildik. Tog‘ shunchalik tik ediki, unga ko‘tarilayotgan birodarning oyoqlari shundoqqina ro‘paramda edi.
O‘sha tong Xarvi ba’zi mahalliy birodarlar bilan hamkorlik qildi. Men esa yapon tilida gapiradigan odamlar yashaydigan qishloqchada yolg‘iz o‘zim shohidlik berdim. Soat to‘qqizlarga yaqin qornim ocha boshladi, chunki hech narsa yemaganimga bir necha soat bo‘lgandi. Nihoyat Xarvi bilan ko‘rishdik, u yolg‘iz edi. U bir nechta jurnalni uchta xom tuxumga almashtirgan ekan. Xarvi tuxumning har ikki tomonini teshib, uni qanday yeyishni ko‘rsatdi. Bu ishtahani unchalik ochmasa-da, bittasini yeb ko‘rdim. Xo‘sh, uchinchisini kim yedi? Ochlikdan hushimni yo‘qotsam, Xarvi meni tog‘dan ko‘tarib tushira olmasdi. Shu bois, uchinchisini ham men yeb qo‘ydim.
O‘ZGACHA SHAROITLARDA CHO‘MILISH
Bir tuman anjumanida o‘zgacha qiyinchilikka duch keldim. Yig‘ilish zalining yonginasida yashaydigan birodarning uyida to‘xtagan edik. Ami tilida gapiradigan odamlar yuvinishni juda muhim hisoblagani uchun tuman nozirining xotini cho‘milishimiz uchun kerakli narsalarni tayyorlab qo‘ygan ekan. Xarvi band bo‘lgani tufayli menga birinchi borishni aytdi. Cho‘milish uchun uchta tos tayyorlangan edi: birinchisida sovuq suv, ikkinchisida issiq suv bor edi va uchinchisi bo‘sh edi. Tuman nozirining xotini ularni hovliga — birodarlar anjumanga tayyorgarlik ko‘rayotgan Yig‘ilish zalining to‘g‘risiga qo‘yganini ko‘rib, hayron qoldim. Undan biron parda berishini so‘radim. U menga tiniq plastik bo‘lagini olib chiqdi. Toslarni uyning orqasiga ko‘chirish haqida o‘yladim, ammo u yerda yaqinlashgan har kimni cho‘qishga tayyor bo‘lgan g‘ozlar panjaradan boshlarini chiqargancha qarab turardi. O‘zimcha, shunday o‘yladim: «Birodarlar juda band va cho‘milayotganimga e’tibor qilmaydi. Cho‘milmasam, uy egalari xafa bo‘ladi. Tezda bo‘laman». Shunday qilib cho‘mildim.
AMI TILIDA GAPIRADIGAN ODAMLAR UCHUN ADABIYOT
Xarvi shuni tushundiki, ami tilida gapiradigan birodarlar o‘qishni bilmagani va ularning tilida adabiyot bo‘lmagani sababli ma’nan o‘sishga qiynalayotgandi. O‘shanda ami tili lotincha harflar bilan yozila boshlangandi va birodarlarga o‘z tilida o‘qishni o‘rgatish amaliy ko‘rindi. Bu katta ish edi, lekin oxiri birodarlarimiz Yahova to‘g‘risida o‘z ona tilida o‘rgana oladigan bo‘ldi. 1960-yillarning oxirida ami tilida adabiyotlarimiz chiqa boshladi va 1968-yildan beri bu tilda «Qo‘riqchi minorasi» chop etilmoqda.
Lekin hukumat xitoy tilida bo‘lmagan adabiyotlarni taqiqlab qo‘ydi. Muammolardan qochish uchun ami tilidagi «Qo‘riqchi minorasi» turli yo‘llar orqali chop etilardi. Masalan, muayyan vaqt davomida «Qo‘riqchi minorasi» ham xitoy tilining mandarin dialektidagi, ham ami tilidagi maqolalardan iborat edi. Agar kimdadir savollar tug‘ilsa, biz go‘yoki mahalliy odamlarga xitoy tilini o‘rgatayotganday ko‘rinardik. O‘shandan beri Yahovaning tashkiloti bu qadrli odamlarga Muqaddas Kitob haqiqatlarini o‘rganishga yordam berish maqsadida ami tilida juda ko‘p adabiyotlarni taqdim etib kelmoqda. (Havor. 10:34, 35)
TOZALANISH DAVRI
1960 va 1970-yillar mobaynida ami tilida gapiradigan birodarlarning ko‘pi Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashamayotgan edi. Muqaddas Kitob prinsiplarini to‘liq tushunmagani sababli, ba’zilar axloqsiz hayot kechirardi, ichkilikka berilgandi, tamaki chekardi yoki betel yong‘og‘ini chaynardi. Xarvi ko‘pgina jamoatlarga tashrif buyurib, birodarlarga Yahovaning bu masalalarga bo‘lgan nuqtai nazarini tushunishga yordam berishga urindi. Bu kabi safarlardan birida yuqorida keltirilgan voqea yuz bergandi.
Kamtarin birodarlar o‘zgarishlar qilishga tayyor edi, biroq afsuski, ko‘plar bunday yo‘l tutmadi. 20-yillik davr mobaynida Tayvandagi 2 450 dan oshiq va’zgo‘ylar soni taxminan 900 taga tushdi. Bu juda qayg‘uli edi. Ammo Yahova nopok tashkilotga hech qachon baraka bermasligini bilardik. (2 Kor. 7:1) Nihoyat nopok odatlarga chek qo‘yildi va Yahovaning barakasi bilan hozir Tayvanda va’zgo‘ylar soni 11 000 dan oshgan.
1980-yillardan boshlab ami tilida gapiradigan jamoatlar ma’nan mustahkamlanganiga guvoh bo‘ldik va Xarvi ko‘proq vaqtini xitoyliklarga ajrata olardi. U bir qancha imondoshimizning erlariga Yahovaning Shohidi bo‘lishga yordam berganidan juda xursand edi. Ulardan biri Yahovaga ilk marotaba ibodat qilganida, u qanchalar quvonganini aytgani haliyam esimda. Men ham ko‘pgina samimiy odamlarga Yahovaga yaqinlashishga ko‘maklashganimdan rosa xursandman. Hatto men oldin tadqiq o‘tgan ayolning o‘g‘li va qizi bilan birgalikda Tayvan filialida xizmat qilganimdan g‘oyat baxtiyorman.
QAYG‘ULI YO‘QOTISH
Hozir umr yo‘ldoshim yonimda emas. Turmush qurganimizdan deyarli 59-yil o‘tgach, azizim Xarvi saraton bilan kurashib 2010-yili 1-yanvarda hayotdan ko‘z yumdi. U deyarli 60-yil to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etdi. Uni qattiq sog‘inaman. Ikkita ajoyib mamlakatda u bilan birga xizmat qilganimdan rosa baxtliman! Biz Osiyoning ikkita qiyin tilida gapirishni o‘rgandik. Xarvi esa bu tillarda yozishni ham o‘rgandi.
Bir necha yil o‘tgach, Yetakchi kengash keksayib qolganim tufayli men uchun Avstraliyaga ko‘chish yaxshiroq ekanini aytdi. Hayolimga kelgan birinchi fikr shunday edi: «Tayvandan ketishni istamayman». Lekin Xarvi Yahovaning tashkilotiga aslo yo‘q demaslikni o‘rgatgan edi, shu bois, buning aksini qilmoqchi emasdim. Keyinchalik bu dono qaror bo‘lganini tushundim.
Hozir hafta mobaynida Avstralosiyo filialida, dam olish kunlari esa mahalliy jamoat bilan xizmat qilaman. Baytilda yapon va xitoy tillarida ekskursiyalar o‘tkazishdan xursandman. Shu bilan birga Yahovaga aslo yo‘q demaslikni o‘rgangan Xarvi hozir Uning xotirasida ekanini bilib, tirilish haqidagi va’da amalga oshishini intiqib kutyapman. (Yuhan. 5:28, 29)
^ 14- x.b. Garchi hozir Tayvanning rasmiy tili xitoy tili bo‘lsa-da, ko‘p yillar mobaynida rasmiy til yapon tili bo‘lgan. Shu bois, Tayvandagi turli irqiy guruhlar yapon tilida gapirardi.