Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-TADQIQ MAQOLASI

«Har bir erkakning boshi Masih»

«Har bir erkakning boshi Masih»

Har bir erkakning boshi Masih. 1 KOR. 11:3

12-QO‘SHIQ Buyuk Alloh Yahova

BU MAQOLADA *

1. Erkak kishi boshchilikni namoyon etishiga qaysi omillar ta’sir qilishi mumkin?

«BOSHCHILIK» so‘zi siz uchun nimani anglatadi? Ba’zi erkaklar urf-odat, madaniyat yoki oilasining kelib chiqishi turmush o‘rtog‘i-yu bolalariga qilayotgan muomalasiga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yadi. Yevropada yashaydigan Yanita ismli imondoshimiz shunday dedi: «Hududimizda ayollarni erkaklardan quyi pog‘onada deb bilish va ularga cho‘rilarday qarash keng tarqalgan». Qo‘shma Shtatlarda yashaydigan Lyuk ismli birodar esa quyidagicha dedi: «Ba’zi otalar o‘g‘illariga ayollarga e’tibor bermaslik va ularni tinglamaslik kerak, ularning fikri muhim emas, deb o‘rgatadi». Lekin Yahova erkaklar boshchilikni bunday tarzda namoyon etishini istamaydi. (Mark 7:13 ni solishtiring.) Xo‘sh, unda qay yo‘sin erkak kishi yaxshi oila boshi bo‘la oladi?

2. Oila boshi nimalarni bilishi kerak va nega?

2 Erkak kishi yaxshi oila boshi bo‘lish uchun birinchi navbatda Yahova undan nimani talab qilayotganini tushunishi kerak. Shuningdek, u Yahova nega boshchilikni o‘rnatganini va Uning hamda Isoning o‘rnagiga aynan qay yo‘sin taqlid qila olishi mumkinligini bilishi darkor. Nima uchun erkak kishi bularni bilishi lozim? Chunki Yahova oila boshilariga muayyan darajada hokimiyat bergan va U ulardan bu hokimiyatdan to‘g‘ri foydalanishlarini kutadi. (Luqo 12:48b)

BOSHCHILIK O‘ZI NIMA?

3. Korinfliklarga birinchi maktub 11:3 dan boshchilik haqida nimani bilib olyapmiz?

3 Korinfliklarga birinchi maktub 11:3 ni o‘qing. Bu oyatda Yahova osmon-u yerdagi oilasini tashkillashtirgani tushuntirilgan. Boshchilik ikkita muhim omilni — hokimiyat va javobgarlikni o‘z ichiga oladi. Yahova «bosh», ya’ni U mutlaq hokimiyatga ega va Uning barcha farzandlari — ham farishtalar, ham odamlar — Unga hisobot beradi. (Rim. 14:10; Efes. 3:14, 15) Yahova Isoni jamoatning boshi etib tayinlagan. Ammo Iso bizga qanday muomala qilayotgani borasida Yahovaga hisobot beradi. (1 Kor. 15:27) Qolaversa, Yahova erga xotini va bolalari ustidan hokimlikni topshirgan. Lekin er ularga qanday munosabat ko‘rsatayotgani borasida ham Yahovaga, ham Isoga javob beradi. (1 Butr. 3:7)

4. Yahova hamda Isoda qanday hokimiyat bor?

4 Osmon-u yerdagi oilasining Boshi sifatida Yahova farzandlari o‘zlarini qanday tutishi kerakligi borasida qoidalar o‘rnatishga haqli va ularga itoat qilishni talab qila oladi. (Ishayo 33:22) Iso masihiy jamoatning boshi ekan, u ham qoidalar o‘rnatishga va ularga quloq solishni talab qilishga haqli. (Galat. 6:2; Kolos. 1:18–20)

5. Masihiy oila boshining nimaga haqqi bor, lekin u qay yo‘sin chegaralangan?

5 Yahova hamda Isoning o‘rnagiga taqlid qilgan holda masihiy oila boshi oilasi uchun qoidalar o‘rnatishga haqli. (Rim. 7:2; Efes. 6:4) Ammo uning hokimiyati chegaralangan. Masalan, u o‘rnatgan qoidalar Xudoning Kalomidagi prinsiplarga asoslanishi lozim. (Hik. 3:5, 6) Biroq oila boshi uning oila a’zosi bo‘lmaganlar uchun qoidalar o‘rnatishga haqqi yo‘q. (Rim. 14:4) Bundan tashqari, o‘g‘li va qizi ulg‘ayib, uyini tark etsa, uni hurmat qilishda davom etadi, lekin ular endi uning boshchiligi ostida emas. (Mat. 19:5)

NEGA YAHOVA BOSHCHILIKNI O‘RNATGAN?

6. Nega Yahova boshchilikni o‘rnatgan?

6 Yahova oilasini sevgani uchun boshchilikni o‘rnatgan. Bu Uning hadyasidir. Boshchilik tufayli Yahovaning oilasi tinchlik va tartib ila faoliyat yurita oladi. (1 Kor. 14:33, 40) Boshchilik borasidagi vazifalar aniq belgilanmaganida, Yahovaning oilasida tartib va quvonch bo‘lmasdi. Misol uchun, oxirgi qarorlarni kim chiqarishi va ularni amalga oshirishda kim yetakchilik qilishi kerakligini bilmagan bo‘lardik.

7. Efesliklarga 5:25, 28 ga ko‘ra, Yahova erkaklar ayollar ustidan ustuvorlik qilishini istaganmi?

7 Boshchilik Xudo o‘rnatgan ajoyib tartib bo‘lsa, nega ko‘pgina ayollar o‘zlarini erlari ularga beshafqatlarcha muomala va ularning ustidan ustuvorlik qilayotganday his etyapti? Buning sababi ko‘p erkaklar Yahovaning oila borasidagi me’yorlarini rad etib, mahalliy urf-odatlarga amal qilishni afzal ko‘rganidadir. Shuningdek, ular ayrim xudbin istaklarini qondirish uchun xotinlarini tahqirlashi mumkin. Masalan, er xotinidan muhimroq ekanini yoki boshqalarga «haqiqiy erkak» ekanini ko‘rsatish niyatida xotinining ustidan ustuvorlik qiladi. U: «Xotinimni sevishga majburlay olmasam-da, mendan qo‘rqishiga majburlay olaman»,— deb o‘ylashi mumkin. Er bu qo‘rquvdan foydalanib, xotinini boshqarishi hech gap emas *. Bunday fikrlash tarzi va munosabat ayollarni ular loyiq bo‘lgan e’tibor va hurmatdan mahrum qilishi aniq. Qolaversa, bu Yahovaning aytganlariga umuman zid. (Efesliklarga 5:25, 28 ni o‘qing.)

QAY YO‘SIN ERKAK KISHI YAXSHI OILA BOSHI BO‘LISHNI O‘RGANA OLADI?

8. Qay yo‘sin erkak kishi yaxshi oila boshi bo‘lishni o‘rgana oladi?

8 Erkak kishi Yahova hamda Iso boshchiligidan qay yo‘sin foydalanayotganiga taqlid qilib yaxshi oila boshi bo‘la oladi. Yahova hamda Iso namoyon etgan fazilatlardan ikkitasini ko‘rib chiqaylik. Oila boshi xotini va bolalari bilan muomala qilganida, bu fazilatlarni qay yo‘sin namoyon etishi mumkinligiga e’tibor bering.

9. Qay yo‘sin Yahova kamtarinlikni ko‘rsatadi?

9 Kamtarinlik. Yahova borliqdagi eng dono Shaxs bo‘lsa ham xizmatchilarining fikrlarini tinglaydi. (Ibt. 18:23, 24, 32) Shuningdek, U hokimiyati ostidagilarga o‘z takliflarini bildirishga ijozat beradi. (3 Shoh. 22:19–22) Yahova mukammal, lekin U hozir bizdan mukammallikni kutmaydi. Aksincha, Xudo nomukammal xizmatchilariga muvaffaqiyatli bo‘lishga yordam beradi. (Zab. 113:6, 7) Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda Yahova «madadkor» va «yordamchi» sifatida ta’riflangan. (Zab. 27:9; Ibron. 13:6) Shoh Dovud unga topshirilgan ulkan ishni Yahovaning kamtarligi tufayligina bajara olganini tan olgan. (2 Shoh. 22:36)

10. Qanday qilib Iso kamtarlikni namoyon etdi?

10 Endi Isoning misoliga diqqat qarataylik. U shogirdlarining Ustozi va Hazrati bo‘lganiga qaramay, ularning oyoqlarini yuvgan. Yahova bu voqea Muqaddas Kitobda yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilganining sabablaridan biri qanday? Shubhasizki, U oila boshilariga va boshqalarga taqlid qilish uchun yaqqol o‘rnak ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Isoning o‘zi ham: «Men sizlarga nima qilgan bo‘lsam, sizlar ham shunday qilinglar deya o‘rnak ko‘rsatdim»,— deb aytgan. (Yuhan. 13:12–17) Iso ulkan hokimiyatga ega bo‘lsa-da, unga xizmat qilishlarini kutmagan. Aksincha, uning o‘zi boshqalarga xizmat qilgan. (Mat. 20:28)

Oila boshi uy yumushlarini bajarish va oilasining ma’naviy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish orqali kamtarinlik va sevgi ko‘rsata oladi (11-, 13-xatboshilariga qarang.)

11. Oila boshi Yahova hamda Isoning o‘rnagidan kamtarinlik borasida qanday saboqlar olishi mumkin?

11 Bundan qanday saboqlar olyapmiz? Oila boshi turli yo‘llar orqali kamtarlikni ko‘rsata oladi. Misol uchun, u xotini va bolalaridan mukammallikni kutmaydi. Oila boshi hatto oila a’zolari uning fikriga qo‘shilmasa ham ularni tinglaydi. Qo‘shma Shtatlarda yashovchi Marley quyidagicha bo‘lishdi: «Ba’zida erim bilan fikrlarimiz turlicha bo‘ladi. Lekin u meni qadrlashini va hurmat qilishini his etaman. Chunki u fikrimni so‘raydi va qaror chiqarishdan avval uni inobatga oladi». Bundan tashqari, kamtarin er — hatto bu uning hududida ayollarning ishi hisoblansa ham — uy yumushlarini bajarishga tayyor. Bu oson bo‘lmasligi mumkin. Nima uchun? «Bizning hududda,— deydi Reychel ismli imondoshimiz,— er idish yuvishda yoki uy yig‘ishtirishda yordam bersa, qo‘ni-qo‘shnilar va qarindoshlar bu qanaqa erkak o‘zi, deb aytishadi. Ular bu er xotiniga gapini o‘tkaza olmayapti, deb o‘ylashadi». Sizning hududingizda ham bunday munosabat keng tarqalgan bo‘lsa, unutmang, Iso — hatto bu qullarning vazifasi hisoblangan bo‘lsa ham — shogirdlarining oyoqlarini yuvgan. Yaxshi oila boshi o‘zini zo‘r ko‘rsatish emas, balki xotini va bolalarini baxtli qilish haqida o‘ylaydi. Xo‘sh, yaxshi oila boshi bo‘lish uchun kamtarinlikdan tashqari yana qaysi fazilat kerak?

12. Yahova hamda Iso bizni sevgani tufayli nimalar qilib kelyapti?

12 Sevgi. Yahova qilgan barcha ishlarning asosida sevgi yotadi. (1 Yuhan. 4:7, 8) U Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob va tashkiloti orqali ma’naviy ehtiyojlarimizga sevgi ila g‘amxo‘rlik qiladi. Qolaversa, U bizni O‘z sevgisiga ishontirib hissiy ehtiyojlarimizni qondiradi. Jismoniy ehtiyojlarimiz haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Yahova «zavq olishimiz uchun har narsani mo‘l-ko‘l qilib taqdim etyapti». (1 Tim. 6:17) Xatolar qilganimizda, U bizni to‘g‘rilaydi, lekin sevishdan to‘xtamaydi. Yahova bizni sevgani tufayli to‘lovni taqdim etdi. Isoga kelsak, u bizni shunchalik qattiq sevganidan, biz uchun jonini fido qildi. (Yuhan. 3:16; 15:13) Yahova hamda Isoning ularga sadoqatli kishilarga bo‘lgan sevgi rishtalarini hech narsa uza olmaydi. (Yuhan. 13:1; Rim. 8:35, 38, 39)

13. Nima sababdan oila boshi oilasiga sevgi ko‘rsatishi muhim? (« Yaqinda uylangan kishi xotinining hurmatiga qay yo‘sin sazovor bo‘la oladi?» nomli ramkaga ham qarang.)

13 Bundan qanday saboqlar olyapmiz? Oila boshi qilgan har bir ishning asosida sevgi bo‘lishi lozim. Nega bu shunchalik muhim? Havoriy Yuhanno bunga quyidagicha javob bergan: «Biron kim... ko‘rib turgan birodarini [yoki oilasini] seva olmasa, ko‘rmagan Xudoni qanday seva oladi?!» (1 Yuhan. 4:11, 20) Darhaqiqat, oilasini sevgan va Yahova hamda Isoga taqlid qilishni istagan erkak kishi oilasining ma’naviy, hissiy va moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qiladi. (1 Tim. 5:8) U farzandlariga ta’lim-tarbiya beradi. Qolaversa, u Yahovaga sharaf, oilasiga esa foyda keltiradigan qarorlar chiqarishni o‘rganishdan to‘xtamaydi. Keling, bu talablarning har birini va qay yo‘sin oila boshi Yahova hamda Isoga taqlid qilishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

OILA BOSHI NIMA QILISHI KERAK?

14. Qay yo‘sin oila boshi oilasining ma’naviy ehtiyojlarini qondira oladi?

14 Oilasining ma’naviy ehtiyojlarini qondirishi kerak. Iso Otasiga taqlidan uning qaramog‘i ostida bo‘lganlar ma’nan to‘q bo‘lishi uchun qayg‘urgan. (Mat. 5:3, 6; Mark 6:34) Shu sababli, oila boshi birinchi navbatda uyidagilarining ma’naviy ehtiyojlarini qondirishi kerak. (Qonun. 6:6–9) Masalan, u oilasi Xudoning Kalomini o‘qishiga va tadqiq qilishiga, yig‘ilishlarga borishiga, xushxabarni va’z qilishiga hamda Yahova bilan do‘stlik rishtalarini mustahkamlashiga g‘amxo‘rlik qilib buni amalga oshira oladi.

15. Oila boshi oilasining hissiy ehtiyojlarini qondira olishining yo‘llaridan biri qanday?

15 Oilasining hissiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Yahova Isoni yaxshi ko‘rishini ochiqchasiga aytgan. (Mat. 3:17) Iso qilgan ishlari-yu aytgan gaplari bilan izdoshlariga bo‘lgan sevgisini yashirmagan. O‘z navbatida, ular ham Isoni yaxshi ko‘rishini aytgan. (Yuhan. 15:9, 12, 13; 21:16) Shu singari oila boshi, masalan, xotini va bolalari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilib ularni sevishini ko‘rsata oladi. Bundan tashqari, u ularni yaxshi ko‘rishi va qadrlashini aytishi hamda o‘rinli bo‘lganida, boshqalar oldida maqtashi lozim. (Hik. 31:28, 29)

Yahovaga ma’qul kelish uchun oila boshi uyidagilarining moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishi darkor (16-xatboshiga qarang.)

16. Oila boshi nima qilishi kerak va u qay yo‘sin muvozanatni saqlay oladi?

16 Oilasining moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Isroil xalqi itoatsizligi uchun jazolanganida ham Yahova ularning asosiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilgan. (Qonun. 2:7; 29:5) Bugungi kunda ham U asosiy ehtiyojlarimizni qondiradi. (Mat. 6:31–33; 7:11) Shunga o‘xshab, Iso ham unga ergashganlarning qornini to‘ydirgan. (Mat. 14:17–20) Qolaversa, u ularning jismoniy sog‘ligiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Mat. 4:24) Yahovaga ma’qul kelish uchun oila boshi uyidagilarining moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishi darkor. Ammo shu bilan birga u muvozanatni yo‘qotmasligi lozim. U oilasining ma’naviy va hissiy ehtiyojlarini e’tibordan chetda qoldiradigan darajada dunyoviy ishi bilan band bo‘lmasligi kerak.

17. Bizga ta’lim-tarbiya berishda Yahova hamda Iso qanday o‘rnak ko‘rsatmoqda?

17 Ta’lim-tarbiya berishi kerak. Yahova foydamizni ko‘zlab bizga ta’lim-tarbiya beradi. (Ibron. 12:7–9) Otasi singari, Iso ham hokimiyati ostida bo‘lganlarga sevgi ila ta’lim beradi. (Yuhan. 15:14, 15) U jiddiy, ammo mehr ila maslahat beradi. (Mat. 20:24–28) Iso nomukammalligimizni va xatolar qilishga moyil ekanimizni tushunadi. (Mat. 26:41)

18. Yaxshi oila boshi nimani yodda tutadi?

18 Yahova hamda Isoga taqlid qiladigan oila boshi xotini va bolalari nomukammal ekanini yodda tutadi. U «ularga g‘azablanmaydi». (Kolos. 3:19) Aksincha, u o‘zi ham nomukammal ekanini esda saqlab, Galatiyaliklarga 6:1 dagi prinsipga amal qiladi va ularni «muloyimlik bilan tuzatishga» urinadi. Iso kabi u ham ta’lim berishning eng a’lo usuli o‘rnak ko‘rsatish ekanini tushunadi. (1 Butr. 2:21)

19, 20. Qarorlar chiqarishga kelganda, qay yo‘sin oila boshi Yahova hamda Isoga taqlid qila oladi?

19 Xudbin qarorlar chiqarmasligi kerak. Yahova qarorlar chiqarganida, boshqalarning manfaatini ko‘zlaydi. Masalan, U hayotni yaratishga qaror qilganida, buni O‘zi foyda ko‘rishi emas, balki biz hayotdan zavq olishimiz uchun qildi. Gunohlarimiz uchun O‘g‘lini qurbon qilishga hech kim Uni majburlay olmasdi. Xudo manfaatimizni ko‘zlab O‘z ixtiyori bilan bu qurbonlikni qilishga qaror qildi. Iso ham asosan boshqalarga foyda keltiradigan qarorlar chiqargan. (Rim. 15:3) Masalan, u xaloyiqqa ta’lim berish uchun dam olishdan voz kechgan. (Mark 6:31–34)

20 Yaxshi oila boshi shuni biladiki, u qilishi kerak bo‘lgan eng qiyin narsalardan biri — oilasi uchun dono qaror chiqarish. Oila boshi bu mas’uliyatiga jiddiy yondashadi. U asossiz yoki his-tuyg‘ularga berilib qarorlar chiqarishdan qochishga urinadi. U Yahova uni to‘g‘ri qaror chiqarishga o‘rgatishiga yo‘l qo‘yadi *. (Hik. 2:6, 7) Shunda u o‘ziga emas, boshqalarga foyda keltirish haqida o‘ylaydi. (Filip. 2:4)

21. Navbatdagi maqolada nimani muhokama qilamiz?

21 Yahova oila boshilarining zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklagan va ular bu mas’uliyatni qay yo‘sin bajarayotgani borasida Yahovaga hisobot beradi. Agar er Yahova hamda Isoning o‘rnagiga taqlid qilishga jon kuydirsa, yaxshi oila boshi bo‘ladi. Qolaversa, xotin o‘z vazifalarini bajarsa, ularning nikohi baxtli bo‘ladi. Xo‘sh, xotin boshchilikka qanday qarashi kerak va u qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin? Navbatdagi maqolada bu haqida gap boradi.

16-QO‘SHIQ Yahni ulug‘lang Shohanshoh-chun

^ 5- x.b. Erkak kishi uylanganida, yangi oilaning boshi bo‘ladi. Ushbu maqolada boshchilik nima ekanini, nega Yahova uni o‘rnatganini va erkaklar Yahova hamda Isoning o‘rnagidan qanday saboqlar olishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Navbatdagi maqolada er-xotinlar Isoning o‘rnagi va Muqaddas Kitobdagi misollardan nimalarni o‘rganishi mumkinligiga diqqat qaratamiz. Undan keyingisida esa jamoatdagi boshchilik mavzusini muhokama qilamiz.

^ 7- x.b. Erkak kishi xotiniga yomon muomalada bo‘lishi, hatto jismonan tahqirlashi tabiiy ekani ba’zida film, kulgili hikoyalar va hatto hajviy teledasturlarda ham ko‘rsatiladi. Shu bois, keng tarqalgan nuqtai nazar er xotini ustidan ustuvorlik qilishining yomon joyi yo‘q, degan fikr olg‘a surilishi mumkin.

^ 20- x.b. To‘g‘ri qarorlar chiqarish haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2011-yil 15-aprel sonidagi 13–17- sahifalarda keltirilgan «Xudoni sharaflaydigan qarorlar qabul qiling» nomli maqolaga qarang.