Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7-TADQIQ MAQOLASI

Jamoatdagi oqsoqollarning hokimiyatini tushunish

Jamoatdagi oqsoqollarning hokimiyatini tushunish

Masih jamoatning, ya’ni tananing qutqaruvchisi va boshi. EFES. 5:23

137-QO‘SHIQ Yahovaga vafodor ayol-qizlar

BU MAQOLADA *

1. Yahovaning oilasida birlik hukm surayotganining sabablaridan biri qanday?

YAHOVANING oilasiga tegishli ekanimizdan baxtiyormiz. Nega oilamizda tinchlik va birlik hukm surmoqda? Buning sabablaridan biri barchamiz Yahova o‘rnatgan boshchilikni hurmat qilishda jon kuydirayotganimizdir. Darhaqiqat, boshchilik tartibini yaxshiroq tushunsak, yanada yakdil bo‘lib qola olamiz.

2. Mazkur maqolada qaysi savollarga javob topamiz?

2 Ushbu maqolada jamoatda kimlar hokimiyatga ega ekanini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, quyidagi savollarga javob topamiz: jamoatda opa-singillarning o‘rni qanday? Barcha birodarlar jamoatdagi har bir opa-singilning boshimi? Oila boshi xotini va farzandlari ustidan hokimiyatga ega bo‘lgani kabi oqsoqollar ham birodar-u opa-singillar ustidan xuddi shunday hokimiyatga egami? Avvaliga, keling, opa-singillarga qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerakligini ko‘rib chiqaylik.

OPA-SINGILLARGA QANDAY NUQTAI NAZARDA BO‘LISHIMIZ KERAK?

3. Opa-singillarimiz bajarayotgan ishlari uchun minnatdorchiligimizni qay yo‘sin oshira olamiz?

3 Biz oilasiga g‘amxo‘rlik qilish, xushxabarni va’z qilish hamda jamoatni qo‘llab-quvvatlash uchun qattiq mehnat qiladigan opa-singillarni qadrlaymiz. Yahova hamda Iso opa-singillarimizga qanday nuqtai nazarda ekanini ko‘rib chiqish, ularga nisbatan minnatdorchiligimizni yanada oshiradi. Shuningdek, havoriy Pavlus ayollarga qanday munosabatda bo‘lganini bilib olish ham bizga foyda keltiradi.

4. Muqaddas Kitobdagi qaysi misollardan Yahova erkag-u ayollarni qadrlashini bilib olsa bo‘ladi?

4 Muqaddas Kitobga ko‘ra, Yahova erkag-u ayollarni qadrlaydi. Misol uchun, buni birinchi asrda Yahova muqaddas ruhini erkag-u ayollarga berganidan va ular har xil tillarda gapirish kabi mo‘jizalar yaratganidan ko‘rsa bo‘ladi. (Havor. 2:1–4, 15–18) Yahova ham erkaklarni, ham ayollarni muqaddas ruhi bilan moylab, Masih bilan birga boshqarish umidini ato etgan. (Galat. 3:26–29) Shuningdek, erkag-u ayollar yer yuzida abadiy yashash mukofotiga ega bo‘lishadi. (Vah. 7:9, 10, 13–15) Bundan tashqari, erkag-u ayollarga xushxabarni va’z qilish va ta’lim berish vazifasi topshirilgan. (Mat. 28:19, 20) Masalan, Havoriylar kitobida Priskilla ismli opamiz eri Akila bilan o‘qimishli Apollosga haqiqatni aniqroq tushuntirib bergani to‘g‘risida aytilgan. (Havor. 18:24–26)

5. Qay yo‘sin Luqo 10:38, 39, 42 Isoning ayollarga bo‘lgan nuqtai nazarini ochib bermoqda?

5 Iso erkag-u ayollarni hurmat qilgan. Ayollarni mensimagan va Muqaddas Yozuvlarni muhokama qilish u yoqda tursin, hatto omma oldida ular bilan gaplashmagan farziylardan farqli ravishda Iso bunday yo‘l tutmagan. Aksincha, u boshqa shogirdlari qatorida ayollar bilan chuqur ma’naviy suhbatlarni olib borgan *. (Luqo 10:38, 39, 42 ni o‘qing.) Qolaversa, ular Isoning va’zgo‘ylik safarlarida hamroh bo‘la olgan. (Luqo 8:1–3) Iso tirilganini havoriylarga e’lon qilish sharafini ayollarga bergan. (Yuhan. 20:16–18)

6. Qay yo‘sin Pavlus ayollarni hurmat qilishini ko‘rsatgan?

6 Havoriy Pavlus Timo‘tiyga ayollarni hurmat qilishni alohida eslatgan. U Timo‘tiyga «yoshi ulug‘ xotinlarga onangdek, yosh ayollarga opa-singillaringdek» muomala qil, deb nasihat qilgan. (1 Tim. 5:1, 2) Pavlus Timo‘tiyga ma’nan yetuk masihiy bo‘lishga ko‘p yordam bergan bo‘lsa-da, birinchi bo‘lib onasi va buvisi Muqaddas Yozuvlarni unga o‘rgatishganini ham tan olgan. (2 Tim. 1:5; 3:14, 15) Pavlus Rimliklarga yozgan maktubida opa-singillarning ismlarini alohida tilga olib, salom yo‘llagan. U nafaqat opa-singillar nimalar qilganini aytib o‘tgan, balki bajargan ishlari uchun minnatdorchilik ham bildirgan. (Rim. 16:1–4, 6, 12; Filip. 4:3)

7. Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

7 Yuqoridagi xatboshilaridan shuni ko‘rsa bo‘ladiki, Muqaddas Kitobda ayollar erkaklarga qaraganda quyi pog‘onada turishi haqida hech narsa aytilmagan. Mehribon va saxiy opa-singillarimiz haqiqiy tayanch bo‘lib, oqsoqollar ular jamoatning tinchligi-yu birligini saqlashda yordam berishiga ishonadi. Biroq ba’zi savollar ochiq qolyapti. Misol uchun, nega Yahova opa-singillardan muayyan vaziyatlarda boshlarini yopishni talab qiladi? Faqat birodarlar oqsoqol yoki jamoat xizmatkori sifatida tayinlanar ekan, bu barcha birodarlar jamoatdagi har bir opa-singilning boshi ekanini anglatadimi?

BARCHA BIRODARLAR HAR BIR OPA-SINGILNING BOSHIMI?

8. Efesliklarga 5:23 ga binoan, barcha birodarlar har bir opa-singilning boshimi? Tushuntiring.

8 Barcha birodarlar har bir opa-singilning boshimi? Qisqa qilib aytganda yo‘q. Ularning boshi Iso Masihdir. (Efesliklarga 5:23 ni o‘qing.) Oilada er xotini ustidan hokimiyatga ega. Suvga cho‘mgan o‘g‘il onasining boshi emas. (Efes. 6:1, 2) Jamoatda esa oqsoqollar birodar-u opa-singillar ustidan faqat cheklangan hokimiyatga ega. (1 Salon. 5:12; Ibron. 13:17) Ota-onasidan alohida yashaydigan turmushga chiqmagan opa-singillar ularni va oqsoqollarni hurmat qilishda davom etishadi. Biroq jamoatdagi barcha birodarlar kabi ularning ham yagona boshi Isodir.

Turmush qurmay ota-onasidan alohida yashaydiganlar Isoning boshchiligi ostida bo‘ladi (8-xatboshiga qarang.)

9. Nega ba’zida opa-singillar boshini yopishi kerak?

9 To‘g‘ri, Yahova ta’lim berish va topinishda boshchilik qilish mas’uliyatini erkaklarning zimmasiga yuklagan, biroq U xuddi shu vazifalarni ayollarga bermagan. (1 Tim. 2:12) Nega? Yahova oilasida tartib bo‘lishi uchun Isoni erkakning boshi etib tayinlagan. Xuddi shu sababga ko‘ra, Xudo erkakni ayolning boshi etib tayinlagan. Opa yoki singil odatda birodarlar qiladigan vazifani bajarishiga to‘g‘ri kelsa, Yahova ulardan boshini yopishni talab qiladi *. (1 Kor. 11:4–7) Yahova opa-singillarni kamsitish emas, ular U o‘rnatgan boshchilik tartibiga hurmat ko‘rsatishlari uchun buni talab qilyapti. Bularni yodda tutgan holda, keling, ushbu savolga javob topamiz: oila boshi va oqsoqol qanday hokimiyatga ega?

OILA BOSHI VA OQSOQOLNING HOKIMIYATI

10. Nega ba’zida oqsoqol jamoatdagilar uchun qoidalar o‘rnatishni xohlashi mumkin?

10 Oqsoqollar Masihni yaxshi ko‘radi va Yahova hamda Iso ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun topshirgan «qo‘zilarni» ham sevadi. (Yuhan. 21:15–17) Yaxshi niyatlar ila oqsoqol o‘zini jamoatdagilarning otasiday his qilishi mumkin. Shu bois, u oila boshi uyidagilarini himoya qilish uchun qoidalar o‘rnatishga haqqi bor ekan, oqsoqol ham Xudoning qo‘zilarini himoya qilish umidida qoidalar o‘rnatishga haqli, deb o‘ylar. Ba’zi birodar-u opa-singillar oqsoqollarni ma’naviy boshi sifatida ko‘rgani uchun ulardan qaror chiqarishlarini so‘rashi mumkin. Biroq jamoat oqsoqollari hamda oila boshlari bir xil hokimiyatga egami?

Oqsoqollar jamoatdagilarning ma’naviy va hissiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishmoqda. Yahova ularga jamoatni axloqan pok saqlash mas’uliyatini bergan (11-, 12-xatboshilariga qarang.)

11. Oila boshi hamda oqsoqolning mas’uliyatlari o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor?

11 Havoriy Pavlus oila boshi hamda oqsoqolning mas’uliyatlari o‘rtasidagi ba’zi o‘xshashliklarni aytib o‘tgan. (1 Tim. 3:4, 5) Masalan, Yahova oiladagilar oila boshiga quloq solishlarini istaydi. (Kolos. 3:20) Qolaversa, U jamoatdagilar oqsoqollarga itoatli bo‘lishlarini xohlaydi. Yahova ham oila boshi, ham oqsoqoldan ularning g‘amxo‘rligi ostidagilar ma’nan sog‘lom ekaniga amin bo‘lishlarini kutadi. Shuningdek, ularning har ikkalasi hokimiyati ostida bo‘lganlarning hissiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Yaxshi oila boshi kabi, oqsoqol ham g‘amxo‘rligi ostidagilar qiyinchilikka duch kelganida, ularga yordam ko‘rsatilayotganiga amin bo‘lishi darkor. (Yoqb. 2:15–17) Bundan tashqari, Yahova oqsoqollar-u oila boshlaridan Uning me’yorlarini olg‘a surishlarini hamda Muqaddas Kitobda «yozilganlardan tashqariga chiqmasliklarini» kutadi. (1 Kor. 4:6)

Oila boshiga uydagilari ustidan boshchilik qilish hokimiyatini Yahova bergan. Mehribon oila boshi qarorlar chiqarishdan oldin rafiqasi bilan maslahatlashadi (13-xatboshiga qarang.)

12, 13. Rimliklarga 7:2 ga binoan, oqsoqol hamda oila boshining mas’uliyatlari o‘rtasida qanday farq bor?

12 Biroq oqsoqol hamda oila boshining mas’uliyatlari o‘rtasida farqli tomonlar ham bor. Masalan, Yahova oqsoqollarni hakamlar sifatida tayinlagan va tavba qilmagan gunohkorlarni jamoatdan chetlatish mas’uliyatini ularga bergan. (1 Kor. 5:11–13)

13 Boshqa tomondan, Yahova oila boshlariga bergan ba’zi mas’uliyatlarni oqsoqollarga taqdim etmagan. Masalan, U oila boshiga uydagilari uchun qoidalar o‘rnatish va ularga bo‘ysunishni talab qilish huquqini bergan. (Rimliklarga 7:2 ni o‘qing.) Misol uchun, oila boshi farzandlari uyga kechasi nechada kelishini hal qilish huquqiga ega. Shuningdek, farzandlari o‘sha qoidani buzsa, ularni jazolashga oila boshining haqqi bor. (Efes. 6:1) Albatta, mehribon oila boshi uydagilari uchun qoidalar o‘rnatishdan oldin rafiqasi bilan maslahatlashadi, axir ularning ikkovi «bir tanku» *. (Mat. 19:6)

MASIHNI JAMOAT BOSHI SIFATIDA HURMAT QILING

Iso Yahovaning boshchiligi ostida masihiylar jamoatiga yo‘l-yo‘riq bermoqda (14-xatboshiga qarang.)

14. a) Mark 10:45 ga ko‘ra, nega Yahova Isoni jamoat boshi etib tayinlagani o‘rinli? b) Yetakchi kengash qanday mas’uliyatga ega? (« Yetakchi kengashning mas’uliyati» nomli ramkaga qarang.)

14 Yahova to‘lov orqali jamoatdagi har bir kishining va umuman olganda, barchaning hayotini sotib olgan. (Mark 10:45 ni o‘qing; Havor. 20:28; 1 Kor. 15:21, 22) Shu bois, o‘z hayotini to‘lov sifatida bergan Isoni Yahova jamoat boshi etib tayinlagani o‘rinli. Bosh sifatida Iso har bir kishi, oila va butun jamoatning yurish-turishi borasida qoidalar o‘rnatishga va ularga amal qilishni talab qilishga haqli. (Galat. 6:2) Biroq Iso qoidalar o‘rnatishdan ko‘prog‘ini qiladi. U har birimizga g‘amxo‘rlik qilib, bizni yaxshi ko‘radi. (Efes. 5:29)

15, 16. Marley va Benjamin aytgan so‘zlardan nimani o‘rgandingiz?

15 Opa-singillar ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlangan birodarlar tomonidan berilgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilib, Masihni hurmat qilayotganini ko‘rsatishmoqda. Ko‘pgina opa-singillarimiz Qo‘shma Shtatlarda yashovchi Marley ismli imondoshimizning quyidagi fikriga qo‘shiladi: «Turmush o‘rtoq va jamoatda opa sifatidagi o‘rnimni juda qadrlayman. Yahova o‘rnatgan boshchilikka nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarni rivojlantirishga doim harakat qilaman. Erim va jamoatdagi birodarlar meni hurmat qilgani va mehnatim uchun ko‘rsatgan minnatdorchiligi tufayli bunday yo‘l tutishim osonroq kechyapti».

16 Birodarlar opa-singillarni hurmat qilayotgani bilan boshchilik tartibini tushunayotganini ko‘rsatmoqda. Angliyada yashovchi Benjamin shunday dedi: «Opa-singillarning yig‘ilishlarda bergan sharhlari-yu qay yo‘sin tadqiq qilish hamda xizmatda samarali bo‘lish borasidagi takliflaridan ko‘p narsalarni bilib oldim. Ularning mehnatini bebaho, deb bilaman».

17. Nega boshchilik tartibini hurmat qilishimiz kerak?

17 Jamoatdagi barcha — erkak, ayol, oila boshi va oqsoqol boshchilik tartibini tushunib, uni hurmat qilsa, jamoatda tinchlik hukm suradi. Eng asosiysi, sevuvchi samoviy Otamiz Yahovani madh etamiz. (Zab. 150:6)

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz

^ 5- x.b. Jamoatda opa-singillarning o‘rni qanday? Barcha birodarlar jamoatdagi har bir opa-singilning boshimi? Oqsoqollar hamda oila boshilari bir xil hokimiyatga egami? Mazkur maqolada Xudoning Kalomidagi yorqin misollar yordamida ushbu savollarga javob topamiz.

^ 5- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2020-yil sentabr sonidagi «Jamoatingizdagi opa-singillarni qo‘llab-quvvatlang» nomli maqolaning 6-xatboshiga qarang.

^ 13- x.b. Oila qaysi jamoatda xizmat qilishi borasida kim qaror qabul qilishi haqida «Qo‘riqchi minorasi»ning 2020-yil avgust sonidagi «Yahovaning jamoatidagi har bir kishini hurmat qiling» nomli maqolaning 17–19-xatboshilariga qarang.

^ 64- x.b. Yetakchi kengashning mas’uliyati borasida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2013-yil 15-iyul sonidagi 20–25-sahifalarga qarang.