O‘quvchilarning savollari
Nima uchun masihiylar tezkor xabarlashuv ilovalaridan foydalanganda ehtiyotkor bo‘lishlari lozim?
Ba’zi masihiylar zamonaviy texnologiyalar yordamida oilasi va imondoshlari bilan xabarlashib turadi. Albattaki, ma’nan yetuk masihiy quyidagi maslahatni yodda tutadi: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi, tajribasiz esa olg‘a qadam bosib jazosini tortadi». (Hik. 27:12)
Yahova bizni himoya qilmoqchi va buning uchun minnatdormiz. Shu bois, bo‘linishlarga sabab bo‘ladigan, jamoatdan chetlatilgan yoki noto‘g‘ri tushunchalarni olg‘a suradigan kishilar bilan muloqot qilmaymiz. (Rim. 16:17; 1 Kor. 5:11; 2 Yuhan. 10, 11) Jamoatdagi ba’zilar Muqaddas Kitobdagi qonunlarga itoatli bo‘lmasliklari mumkin. Kim bilandir do‘stlashganda buni yodda tutamiz. (2 Tim. 2:20, 21) Lekin messenjerlardan foydalanganimizda, yaxshi do‘stlar orttirish oson bo‘lmasligi mumkin.
Tezkor xabarlashuv ilovalaridagi yoki messenjerlardagi katta guruhlarga kelganda, yaxshi do‘stlarni tanlash haqida puxta o‘ylab ko‘rish ayniqsa muhimdir. Bu kabi guruhlarga qo‘shilib qolgan ayrim masihiylar salbiy oqibatlarga duch keldi. Xo‘sh, qay yo‘sin birodar-u opa-singillar yuzlab yo hatto minglab kishilardan iborat guruhga qo‘shilganida ehtiyot bo‘lishlari mumkin? O‘sha insonlarning har biri aslida qanday ekanini va o‘sha guruhdagilarning ma’naviy holatini bilishning imkoni yo‘q. Zabur 26:4 da shunday deb yozilgan: «Yolg‘onchi odamlarga qo‘shilmayman, ikkiyuzlamachilardan yiroqda yuraman». Bundan ko‘ryapmizki, messenjerlardan siz shaxsan tanigan insonlar bilan muloqot qilish uchun foydalanish yaxshiroq, shunday emasmi?
Hatto messenjerdagi guruh kichikroq bo‘lsa ham, qancha vaqtingiz ketayotganini va u yerda nimalar haqida gap ketayotganini tekshirib ko‘ring. Yozishmalardagi mavzu nima haqida bo‘lishidan va qancha vaqt olishidan qat’i nazar, men ham javob berishim kerak, deb o‘ylamasligimiz lozim. Pavlus Timo‘tiyni «g‘iybat qilib, boshqalarning ishiga» aralashadiganlar haqida ogohlantirgan edi. (1 Tim. 5:13) Bugungi kunda elektron qurilmalar orqali ham bunday qilish hech gap emas.
Hech bir ma’nan yetuk masihiy imondoshi haqida birorta tanqidiy fikrni yoki maxfiy ma’lumotni gapirmaydi ham, tinglamaydi ham. (Zab. 15:3; Hik. 20:19) Qolaversa, u shov-shuvga aylangan yoki tasdiqlanmagan xabarlardan qochadi. (Efes. 4:25) Biz jw.org saytidan hamda JW Internet televideniesida ko‘rsatiladigan oylik dasturlardan yetarlicha ma’naviy ozuqani va ishonchli ma’lumotlarni olamiz.
Ayrim Yahovaning Shohidlari messenjerlardan oldi-sotdi va reklama yoki ish taklif qilish maqsadida foydalanadi. Savdo-sotiqqa aloqador bu kabi ishlar topinishimiz bilan bog‘liq emas. Pulparastlikdan xoli hayot kechirishni istaydigan masihiylar imondoshlardan foyda olishni ko‘zlamaydi. (Ibron. 13:5)
Xo‘sh, yordamga muhtoj bo‘lgan yoki tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan imondoshlarimizga moddiy jihatdan yordam bermoqchi bo‘lsak, pul yig‘ish maqsadida messenjerlardan foydalanish o‘rinlimi? Biz doim bir-birimizga samimiy qiziqish ko‘rsatamiz va dalda beramiz. (Yoqb. 2:15, 16) Ammo buni messenjerlardagi katta guruhlar orqali qilish mahalliy filial yoki jamoat tomonidan tuziladigan rejalarga xalaqit berishi mumkin. (1 Tim. 5:3, 4, 9, 10, 16) Albattaki, hech birimiz boshqalarda biz Xudoning suruviga g‘amxo‘rlik qilish uchun alohida tayinlanganmiz, degan fikr paydo bo‘lishini xohlamaymiz.
Hamma narsani Xudoni sharaflash uchun qilishni istaymiz. (1 Kor. 10:31) Shunday ekan, messenjerlardan foydalanasizmi yo boshqa qurilmalardanmi, paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra biling va ehtiyot bo‘ling.