Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-TADQIQ MAQOLASI

«Uning izidan og‘may yuring»

«Uning izidan og‘may yuring»

Masih ham sizlar uchun azob chekib, uning izidan og‘may yurishingiz uchun o‘rnak ko‘rsatdi. 1 BUTR. 2:21

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

BU MAQOLADA *

Iso uning izidan og‘may yurishimiz uchun izlarini qoldirdi (1-, 2-xatboshilariga qarang.)

1, 2. Qay yo‘sin Isoning izidan yurishimiz mumkin? Misol keltiring.

TASAVVUR QILING, qor bilan qoplangan bepoyon va xavfli hudud bo‘ylab ketayotgan bir guruh odamlar orasidasiz. Sizlarni tajribali yo‘lboshchi yetaklab ketyapti. U yurishda davom etar ekan, yumshoq qorda oyoq izlari qolyapti. Bir payt yo‘lboshchi ko‘rinmay qoldi, lekin siz vahimaga tushmayapsiz. Aksincha, siz va yoningizdagilar o‘sha yo‘lboshchining izlaridan og‘may yurishga harakat qilyapsizlar.

2 Xudoning xizmatchilari ekanmiz, qaysidir ma’noda xavfli hududda — ushbu yovuz dunyodamiz. Shunisi quvonchliki, Yahova izidan og‘may yura olishimiz uchun mukammal Yo‘lboshchi bo‘lmish O‘g‘lini — Iso Masihni yuborgan. (1 Butr. 2:21) Muqaddas Kitobning bir lug‘atiga ko‘ra, havoriy Butrus bu yerda Isoni yo‘lboshchiga qiyoslayapti. Yo‘lboshchi ortidan iz qoldirgani kabi Iso unga ergashishimiz uchun iz qoldirgan. Keling, bu borada quyidagi uchta savolga javob topamiz: Isoning izidan yurish nima degani? Nega uning izidan yurish kerak? Qay yo‘sin uning izidan og‘may yurishimiz mumkin?

ISONING IZIDAN YURISH NIMA DEGANI?

3. Kimningdir izidan yurish nimani anglatadi?

3 Kimningdir izidan yurish nimani anglatadi? Muqaddas Kitobda «yurmoq» va «oyoqlar» so‘zlari ba’zida kishining hayot tarziga ishora qiladi. (Hik. 3:23; 6:18) Inson kechiradigan hayot tarzini yo‘lovchi ortida qoldirib ketayotgan izlarga o‘xshatsa bo‘ladi. Shunday ekan, kimningdir izidan yurish uning o‘rnagiga ergashishni yoki unga taqlid qilishni anglatadi.

4. Isoning izidan yurish nimani anglatadi?

4 Xo‘sh, Isoning izidan yurish nima degani? Oddiy qilib aytganda, bu uning o‘rnagiga taqlid qilishni anglatadi. Ochqich oyatda havoriy Butrus Isoning azoblar paytida sabr-bardoshli bo‘lgani borasidagi ajoyib misolini alohida ta’kidlab o‘tgan. Shu bilan birga Isoga taqlid qilishimiz mumkin bo‘lgan ko‘pgina sohalar ham bor. (1 Butr. 2:18–25) Darhaqiqat, Isoning butun hayot tarzi — aytgan so‘zlari-yu qilgan ishlari taqlid qilishimiz uchun o‘rnakdir.

5. Nomukammal odamlar Isoning mukammal o‘rnagiga chindan ham taqlid qila oladimi? Tushuntiring.

5 Nomukammal bo‘lishimizga qaramay, Isoning o‘rnagiga chindan ham taqlid qila olamizmi? Bo‘lmasam-chi! Yodingizda bo‘lsa, Butrus bizni Isoning izidan mukammal ravishda emas, balki «og‘may yurishga» undagan. Nomukammal bo‘lsak-da, qo‘limizdan kelganini qilib uning izidan og‘may yursak, havoriy Yuhannoning quyidagi so‘zlariga quloq solgan bo‘lamiz: «Iso kabi yo‘l tutinglar». (1 Yuhan. 2:6)

NEGA ISONING IZIDAN YURISH KERAK?

6, 7. Nega Isoning izidan yurish bizni Yahovaga yaqinlashtiradi, deya olamiz?

6 Isoning izidan yurish bizni Yahovaga yaqinlashtiradi. Nega bunday deya olamiz? Birinchidan, Iso qay yo‘sin Xudoga ma’qul tarzda hayot kechirish borasida ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan. (Yuhan. 8:29) Demak, Isoning izidan yurib Yahovani mamnun qilamiz. Qolaversa, shunga aminmizki, samoviy Otamiz U bilan do‘st bo‘lish uchun jon kuydirganlarga yaqinlashadi. (Yoqb. 4:8)

7 Ikkinchidan, Iso Otasiga mukammal darajada taqlid qilgan. Shu bois, u quyidagicha deya olgan: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi». (Yuhan. 14:9) Isoning fazilatlariga va boshqalar bilan qilgan muomalasiga taqlid qilishimiz mumkin. Masalan, u moxov kishiga rahmdillik ko‘rsatgan, og‘ir darddan azob chekkan ayolga achingan va yaqini hayotdan ko‘z yumgan odamlarga hamdardlikni namoyon etgan. Isoga taqlid qilganimizda, Yahovaga ham taqlid qilgan bo‘lamiz. (Mark 1:40, 41; 5:25–34; Yuhan. 11:33–35) Yahovaning fazilatlariga qancha ko‘p taqlid qilsak, Unga shuncha ko‘p yaqinlashamiz.

8. Isoning izidan yurish nega bizga «dunyoni yengishga» yordam berishini tushuntiring.

8 Isoning izidan yurish bizga bu yovuz dunyoda chalg‘imaslikka ko‘maklashadi. Yer yuzidagi hayotining so‘nggi kechasida Iso: «Men dunyoni yengdim»,— deb ayta olgan. (Yuhan. 16:33) Shu yo‘sin u bu dunyoning fikrlash tarzi, maqsadlari va ishlari unga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymaganini aytmoqchi bo‘lgan. Iso yer yuziga nima maqsadda yuborilganini ko‘zdan qochirmaslikka harakat qilgan. Uning maqsadi Xudoning ismini muqaddas qilish edi. Biz haqimizda-chi, nima desa bo‘ladi? Bu dunyoda bizni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan narsalar talaygina. Biroq Iso kabi diqqatimizni doim Yahovaning irodasini bajarishga qaratsak, biz ham dunyo ustidan «g‘alaba qozonamiz». (1 Yuhan. 5:5)

9. Abadiy hayotga olib boradigan yo‘lda qolish uchun nima qilishimiz kerak?

9 Isoning izidan yurish abadiy hayotga yetaklaydi. Bir boy yigit abadiy hayotga erishish uchun nima qilishi kerakligini so‘raganida, Iso unga shunday javob bergan: «Kelib, mening izdoshim bo‘ling». (Mat. 19:16–21) Iso u Masih ekaniga ishonmagan ba’zi yahudiylarga shunday degan: «Qo‘ylarim... orqamdan ergashyapti. Men ularga abadiy hayotni ato etaman». (Yuhan. 10:24–29) Oliy Kengash a’zosi Nikodim Isoning ta’limotlariga qiziqish bildirganida, u «unga ishongan»lar «mangu hayotga ega bo‘lishini» aytgan. (Yuhan. 3:16) Isoning so‘zlari va o‘rnagi bo‘yicha yashash orqali unga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz. Bunday qilsak, hayotga olib boradigan yo‘lda qolamiz. (Mat. 7:14)

QAY YO‘SIN ISONING IZIDAN OG‘MAY YURISHIMIZ MUMKIN?

10. Isoni yaxshiroq «tanib-bilish» nimani o‘z ichiga oladi? (Yuhanno 17:3)

10 Isoning izidan og‘may yurishdan avval uni tanib-bilishimiz kerak. (Yuhanno 17:3 ni o‘qing.) Isoni «tanib-bilish» doimiy jarayondir. Isoning fazilatlari, fikrlash tarzi va me’yorlarini o‘rganish orqali uni yanada yaxshiroq bilib olishimiz kerak. Haqiqatda qancha vaqtdan beri bo‘lishimizdan qat’i nazar, Yahova hamda Iso Masihni «tanib-bilishda» davom etishimiz lozim.

11. Injil nimalarni o‘z ichiga oladi?

11 Yahova O‘g‘lini yaxshiroq tanib-bilishimizga ko‘maklashish uchun uning yerdagi hayoti va xizmati haqida yozilgan to‘rtta kitobni sevgi ila O‘z Kalomida taqdim etgan. Ulardan Isoning gaplarini, ishlarini va his-tuyg‘ularini bilib olamiz. Bu to‘rtta kitob Isoning misoli haqida o‘ylashga ko‘maklashadi. (Ibron. 12:3) Darhaqiqat, ular Iso o‘zidan keyin qoldirgan izlarni o‘z ichiga oladi. Shu bois, Injilni tadqiq qilib Isoni yaxshiroq tanib-bilishimiz mumkin. Natijada, uning izidan og‘may yura olamiz.

12. Qay yo‘sin Iso haqidagi bayonotlardan to‘liq foyda olishimiz mumkin?

12 Iso haqidagi bayonotlardan to‘liq foyda olish uchun ularni shunchaki o‘qishdan ko‘prog‘ini qilishimiz darkor. Ularni sidqidildan tadqiq qilishga va ustida chuqur mulohaza yuritishga vaqt ajratishimiz kerak. (Yoshua 1:8 ni, izohni solishtiring.) Keling, bu bayonotlar ustida mulohaza yuritishga va bilib olganlarimizni amalda qo‘llashga yordam beradigan ikkita maslahatga diqqat qarataylik.

13. Injildagi bayonotlarni qanday qilib jonlantirishingiz mumkin?

13 Birinchidan, Injil bayonotlarini jonlantiring. Tasavvuringizni ishga solib, yuz berganlarni ko‘rishga, eshitishga va his qilishga intiling. Buning uchun Yahovaning tashkiloti taqdim etgan adabiyotlar yordamida tadqiq o‘tkazing. Tadqiq qilayotgan oyatning matn tarkibini, ya’ni undan oldin yoki keyin sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganing. Bayonotda tilga olingan insonlarning kelib chiqishi va sharoitlari haqida ma’lumot izlang. Siz tadqiq qilayotgan bayonot Injilning boshqa kitobida qanday yoritilganini solishtiring. Ba’zida yozuvchilardan biri boshqalari qoldirib ketgan muhim tafsilotni keltirgan bo‘lishi mumkin.

14, 15. Iso haqida bilib olganlarimizni amalda qo‘llash uchun nima qilishimiz kerak?

14 Ikkinchidan, Injil bayonotidan olgan saboqlarni hayotingizda qo‘llang. (Yuhan. 13:17) Injildagi bayonotlarni chuqur tadqiq qilgandan so‘ng o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Bu yerda hayotimda qo‘llashim mumkin bo‘lgan qanday saboq bor? Qay yo‘sin mazkur voqeadan foydalanib boshqalarga yordam berishim mumkin?» Muayyan kishi haqida o‘ylashga harakat qiling. So‘ng qanday saboq olganingizni ma’qul vaqtda sevgi va muloyimlik ila bo‘lishing.

15 Keling, bu ikkita maslahatga qanday amal qilishimiz mumkinligini bilib olaylik. Iso ma’badda diqqat qaratgan kambag‘al beva ayol haqidagi voqeani ko‘rib chiqamiz.

MA’BADDAGI KAMBAG‘AL BEVA AYOL

16. Mark 12:41 da keltirilgan vaziyatni tasvirlab bering.

16 Voqeani jonlantiring. (Mark 12:41 ni o‘qing.) Bo‘lib o‘tgan voqeani tasavvur qiling. Mil. 33-yil 11 nison — bir necha kundan keyin Iso o‘ladi. Iso bu kunning aksariyat qismini ma’badda ta’lim berish bilan o‘tkazdi. Din rahbarlari unga qarshilik qilishyapti. Bundan sal oldin ularning ba’zilari Isodan bu ishlarni qanday huquq bilan qilayotganini so‘rashgan. Boshqalar esa uni so‘zidan tuzoqqa ilintirish maqsadida qiyin savollar bergan. (Mark 11:27–33; 12:13–34) Endi Iso ma’badning boshqa tomoniga o‘tdi. Bu yerdan — Ayollar hovlisi deb atalgan tarafdan — Iso hovlining devorlari yonidagi xayr-ehson idishlarini ko‘ra olyapti. Odamlar xayr-ehson idishlariga pul solar ekan, Iso o‘tirib ularni kuzata boshlaydi. U ko‘p boyvachchalar anchagina pul tashlayotganini ko‘ryapti. Ehtimol, Iso o‘sha idishlardan uncha uzoq bo‘lmagan joyda turib, birin-ketin dumalab tushayotgan tangalarning tovushini ham eshitayotgandir.

17. Mark 12:42 da tilga olingan beva ayol nima qildi?

17 Mark 12:42 ni o‘qing. Sal o‘tgach bir ayol Isoning e’tiborini tortadi. Bu «kambag‘al beva ayol» edi. (Luqo 21:2) Hayot u uchun oson emas. Ehtimol, u bazo‘r kun kechiradi. Lekin u xayr-ehson idishlarining yoniga borib, ulardan biriga ikki chaqasini tashlaydi. Ularning tovushi eshitilmagandir ham, ammo Iso u nimani — ikki chaqani ehson qilganini biladi. Ikki chaqa o‘sha paytdagi eng kichik qiymatdagi tanga edi. Bu pul oziq-ovqat sifatida ishlatilgan eng arzon qushlar orasidagi birgina chumchuqni sotib olishga ham yetmasdi.

18. Mark 12:43, 44 ga ko‘ra, beva ayolning xayr-ehsoni to‘g‘risida Iso nima dedi?

18 Mark 12:43, 44 ni o‘qing. Beva ayolning bu harakati Isoga qattiq ta’sir qiladi. Shunda Iso shogirdlarini chaqirib, ularning diqqatini ushbu beva ayolga qaratadi va shunday deydi: «Bu kambag‘al beva ayol hammadan ko‘proq soldi». So‘ng quyidagilarni tushuntiradi: «O‘sha kishilar [ya’ni ayniqsa boy odamlar] o‘zlaridan ortib qolganini solishdi, bu ayol esa o‘zi muhtoj bo‘la turib, qo‘lida borini ehson qildi». O‘sha kuni sadoqatli beva ayol oxirgi pulini ehson qilib, hayotini Yahovaning qo‘llariga topshirdi. (Zab. 26:3)

Boshqalar Yahovaga eng yaxshisini berayotgani uchun Iso singari ularni maqtang (19-, 20-xatboshilariga qarang.) *

19. Isoning kambag‘al beva ayol to‘g‘risida aytgan so‘zlaridan qanday saboq olishimiz mumkin?

19 Bilib olganlarni hayotingizda qo‘llang. O‘zingizga quyidagicha savol bering: «Isoning beva ayol haqidagi so‘zlaridan nimani o‘rgansam bo‘ladi?» O‘sha beva ayol to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘ring. Shubhasizki, u Yahovaga bundan ham ko‘proq berishni istagan. Ammo u qo‘lida borini bergan. U Yahovaga eng yaxshisini bergan. Iso bu ayolning xayr-ehsoni Otasining nazarida qadrli ekanini bilgan. Bundan quyidagicha muhim saboq olishimiz mumkin: o‘zimizdagi eng yaxshisini berganimizda — butun qalbimiz-u jonimiz bilan xizmat qilganimizda Yahova mamnun bo‘ladi. (Mat. 22:37; Kolos. 3:23) Tangri Yahova qo‘limizdan kelgan barchasini qilayotganimizni ko‘rib quvonadi. Bu prinsip topinishimizga, jumladan, xizmatimiz-u yig‘ilishlarga qancha vaqt hamda kuch sarflashimizga ham tegishli.

20. Beva ayol haqidagi bayonotdan olgan saboqni qanday qo‘llashingiz mumkin? Misol keltiring.

20 Beva ayol haqidagi bayonotdan olgan saboqni qanday qo‘llashingiz mumkin? Muayyan odamlar haqida o‘ylashga harakat qiling. Ehtimol, ularni Yahova harakatidan mamnun ekaniga ishontirish kerakdir. Sog‘lig‘i yoki kuchi zaiflashib qolgani tufayli xizmatda oldingidek ko‘p qatnasha olmagani sababli o‘zini aybdor yo keraksiz his qilayotgan qariya opamizni tanirsiz. Yoki surunkali og‘riqli kasallikka chalingan va Yig‘ilish zalida o‘tadigan hamma uchrashuvga ham bora olmayotganidan ruhi tushayotgan birodarni bilarsiz. Bu kabi imondoshlarimizga «mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni gapiring». (Efes. 4:29) Ular bilan kambag‘al beva ayol borasida bilib olgan daldali saboqlaringizni bo‘lishing. Jonga oro kiritadigan so‘zlaringiz ularga qo‘limizdan kelganini qilganimizda, Yahova mamnun bo‘lishini eslatishi mumkin. (Hik. 15:23; 1 Salon. 5:11) Boshqalarni — bu hatto arzimasday ko‘rinsa ham — Yahovaga eng a’losini berayotgani uchun maqtasangiz, Isoning izidan og‘may yurgan bo‘lasiz.

21. Nima qilishga qaroringiz qat’iy?

21 Injil bayonotlarida Isoning hayoti haqida ko‘p tafsilotlar borligi uchun juda minnatdormiz. Chunki ular tufayli Isoning o‘rnagiga taqlid qilishimiz va izidan og‘may yurishimiz mumkin. Balki bu bayonotlar asosida shaxsiy tadqiq yoki oilaviy topinish loyihasini boshlarsiz. Keling, bu kabi tadqiqlardan to‘laqonli foyda olish uchun o‘qigan bayonotlarni jonlantirishimiz hamda o‘rganganlarimizni amalda qo‘llashimiz lozimligini yodda tutaylik. Biz nafaqat Isoning ishlariga taqlid qilishimiz, balki so‘zlariga ham quloq solishimiz lozim. Navbatdagi maqolada Iso o‘limidan oldin aytgan so‘nggi so‘zlardan nimani o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

15-QO‘SHIQ Yahovaning O‘g‘lini madh eting!

^ 5- x.b. Xudoning haqiqiy xizmatchilari sifatida Isoning «izidan og‘may yurishimiz» kerak. Iso ergashishimiz mumkin bo‘lgan qanday «iz» qoldirgan? Mazkur maqolada bu savolning javobini bilib olamiz. Qolaversa, nima uchun uning izidan og‘may yurishimiz kerakligini va qay yo‘sin buni amalga oshirishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Imondoshimiz Isoning kambag‘al beva ayol haqidagi fikrlari ustida mulohaza yuritgach, keksa opamizni sidqidildan qilayotgan xizmati uchun maqtayapti.