Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-TADQIQ MAQOLASI

Isoning so‘nggi so‘zlaridan saboqlar

Isoning so‘nggi so‘zlaridan saboqlar

Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman. Unga quloq solinglar. MAT. 17:5

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

BU MAQOLADA *

1, 2. Iso so‘nggi so‘zlarini aytganida vaziyat qanday bo‘lganini tasvirlab bering.

MILODIY 33-yil 14 nison, kunduzi. Isoga tuhmat qilishgach va sodir etmagan jinoyatida ayblashgach, uni haqoratlashdi, shafqatsizlarcha qiynashdi, so‘ng azob ustuniga mixlashdi. Uning oyoq-qo‘llari mixlangan. U har nafas olganda va gapirganida og‘riqni his etyapti. Lekin u gapirishi kerak. U aytishi kerak bo‘lgan muhim narsalar bor.

2 Keling, Iso azob ustunida o‘layotganida aytgan so‘zlarni va ulardan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik. Boshqacha qilib aytganda, keling, «unga quloq solamiz». (Mat. 17:5)

«OTAJON, BULARNI KECHIR»

3. Iso: «Otajon, bularni kechir»,— deb aytganda, kimlarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin?

3 Iso nima degan? Azob ustuniga mixlangach, Iso: «Otajon, bularni kechir»,— deb ibodat qilgan. Iso kimlarni nazarda tutgan? Quyidagi so‘zlaridan buni tushunish mumkin: «Ular nima qilishayotganini bilishmaydi». (Luqo 23:33, 34) Ehtimol, Iso uning oyoq-qo‘llarini mixlagan Rim askarlariga ishora qilgan. Chunki ular u aslida kimligini bilishmagan. Balki Iso uning qatl etilishini talab qilgan, ammo keyinchalik unga ishongan olomon orasidagi ba’zi kishilarni nazarda tutgandir. (Havor. 2:36–38) Iso adolatsizlik dastidan azob chekayotgan bo‘lsa ham, bu achchiqlanishiga va kek saqlashiga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. (1 Butr. 2:23) Aksincha, u Yahovadan uni o‘ldirayotganlarni kechirishni so‘ragan.

4. Iso unga qarshi chiqqanlarni kechirishga tayyor bo‘lganidan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

4 Isoning so‘zlaridan qanday saboq olsak bo‘ladi? Iso kabi boshqalarni kechirishga tayyor bo‘lishimiz kerak. (Kolos. 3:13) Ba’zilar, jumladan, qarindosh-urug‘imiz e’tiqodimizni va hayot tarzimizni tushunmagani uchun bizni ta’qib qilishi mumkin. Ular biz haqimizda yolg‘on gapirishi, boshqalarning oldida kamsitishi, adabiyotimizni yo‘q qilishi yo hatto jismoniy zarar yetkazishini aytib, do‘q-po‘pisa qilishi mumkin. Kek saqlashning o‘rniga, Yahovadan bizga qarshi chiqayotganlarning ko‘zini ochishni so‘rasak bo‘ladi. (Mat. 5:44, 45) Shunda ular bir kunmas-bir kun bu haqiqat ekanini tushunishlari mumkin. Gohida, ayniqsa, bizga nisbatan adolatsiz yo‘l tutishganida, kechirish qiyin bo‘lar. Ammo g‘azab va xusumat tuyg‘ulari yuragimizda ildiz otishiga yo‘l qo‘ysak, o‘zimizni jarohatlaymiz, xolos. Bir imondoshimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Kechirimli bo‘lish, meni xafa qilganlarni oqlash yoki boshqalar mendan foydalanishiga yo‘l qo‘yish emasligini tushunaman. Bu xusumat kabi tuyg‘uni qo‘yib yuborish degani». (Zab. 37:8) Kechirishga qaror qilganimizda, salbiy vaziyat bizni g‘azablantirishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lamiz. (Efes. 4:31, 32)

«SIZ MEN BILAN BIRGA JANNATDA BO‘LASIZ»

5. Iso yonidagi qaroqchilardan biriga nimani va’da qilgan va nega u bunday va’dani bergan?

5 Iso nima degan? Isoning yonida ikkita qaroqchi ham qatl qilinayotgan edi. Avvaliga ikkalasi ham uni haqoratladi. (Mat. 27:44) Ammo keyin ulardan biri qalb holatini o‘zgartirdi. U Iso hech qanday yomonlik qilmaganini angladi. (Luqo 23:40, 41) Qolaversa, u Iso tirilishiga va bir kun kelib shoh sifatida boshqarishiga ishonishini bildirdi. U jon berayotgan Najotkorga: «Iso, Shox bo‘lganingizda meni eslang»,— dedi. (Luqo 23:42) Ha, bu kishi kuchli imonni ko‘rsatdi. Javoban Iso unga quyidagicha dedi: «Sizga va’da beraman, siz men bilan birga [Shohlikda emas, balki] jannatda bo‘lasiz». (Luqo 23:43) E’tibor bering, Iso «sizga» va «men» kabi so‘zlardan foydalanib, unga shaxsan va’da berayotganini ko‘rsatgan. Iso Otasi shafqatli ekanini bilgani uchun qaroqchiga umid baxsh etuvchi so‘zlarni aytgan. (Zab. 103:8)

6. Iso qaroqchiga aytgan so‘zlardan qanday saboq olyapmiz?

6 Isoning so‘zlaridan qanday saboq olsak bo‘ladi? Iso Otasining shaxsiyatini mukammal tarzda aks ettiradi. (Ibron. 1:3) O‘tmishdagi yomon ishlarimizdan chin dildan pushaymon bo‘lsak va Iso Masihning to‘kkan qoni orqali gunohlarimiz kechirilishiga ishonsak, Yahova bizni kechirishga va rahm-shafqat ko‘rsatishga tayyor. (1 Yuhan. 1:7) Ba’zilar Yahova ularning o‘tmishdagi xatolarini kechirishiga ishonishga qiynalar. Siz ham gohida shunday o‘ylayotgan bo‘lsangiz, quyidagi fikrga diqqat qarating: Iso o‘limidan sal oldin yonidagi qaroqchi endigina ishonch hosil qilishni boshlaganda unga rahm-shafqat ko‘rsatgan. Unda Yahova Uning amrlariga bo‘ysunish uchun qo‘lidan kelganini qilayotgan sadoqatli xizmatchilariga qanchalik rahm-shafqat ko‘rsatishini bir tasavvur qiling. (Zab. 51:1; 1 Yuhan. 2:1, 2)

«BU SIZNING O‘G‘LINGIZ... BU SIZNING ONANGIZ»

7. Yuhanno 19:26, 27 ga ko‘ra, Iso Maryam va Yuhannoga nima degan va nega u bunday aytgan?

7 Iso nima degan? (Yuhanno 19:26, 27 ni o‘qing.) Iso, ehtimol, beva bo‘lib qolgan onasi haqida qayg‘urgan. Balki uka-singillari onasining jismoniy va moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilgandir. Ammo ma’naviy ehtiyojlariga kim g‘amxo‘rlik qila olardi? Isoning ukalari o‘sha paytda uning shogirdlari bo‘lgani haqida hech narsa aytilmagan. Ammo Yuhanno ham sadoqatli havoriy, ham Isoning yaqin do‘stlaridan biri edi. Iso Yahovaga topinishda unga qo‘shilganlarni ma’naviy oilasi deb bilgan. (Mat. 12:46–50) Shu bois, Iso onasini yaxshi ko‘rgani va u haqida qayg‘urgani uchun Yuhannoga unga g‘amxo‘rlik qilishni topshirgan. Sababi, uning ma’naviy ehtiyojlariga Yuhanno g‘amxo‘rlik qilishini bilgan. Iso onasiga: «Bu sizning o‘g‘lingiz», Yuhannoga esa: «Bu sizning onangiz»,— deb aytgan. O‘sha kundan boshlab, Yuhanno Maryam uchun o‘g‘ilday bo‘lib qoldi va unga o‘z onasiday g‘amxo‘rlik qilgan. Ha, Iso tug‘ilganidan beri unga mehr ila g‘amxo‘rlik qilgan va o‘layotganida yonida turgan onasini qattiq yaxshi ko‘rishini ko‘rsatgan.

8. Isoning Maryam hamda Yuhannoga aytgan so‘zlaridan nimani o‘rganishingiz mumkin?

8 Isoning so‘zlaridan qanday saboq olsak bo‘ladi? Yaqin qarindoshlarimizga qaraganda imondoshlarimiz bilan bo‘lgan munosabatlarimiz qalinroq bo‘lishi mumkin. Qarindoshlarimiz qarshilik qilishi yo hatto bizdan yuz o‘girishi mumkin. Biroq Iso va’da berganiday, Yahovaga va tashkilotga yaqin bo‘lsak, yo‘qotganlarimizdan yuz barobar ortig‘iga ega bo‘lamiz. Ko‘plar biz uchun suyukli o‘g‘il, qiz, ona yoki ota kabi bo‘lishi mumkin. (Mark 10:29, 30) Imon va sevgi, ya’ni Yahovaga hamda bir-birimizga bo‘lgan sevgi birlashtirgan ma’naviy oilaning a’zosi bo‘lishdan nimalarni his qilyapsiz? (Kolos. 3:14; 1 Butr. 2:17)

«ALLOHIM, NEGA MENI TASHLAB QO‘YDING?»

9. Matto 27:46 dagi Isoning so‘zlaridan nimalarni bilib olyapmiz?

9 Iso nima degan? O‘limidan sal oldin Iso baland ovozda quyidagicha degan: «Allohim, Allohim, nega meni tashlab qo‘yding?» (Mat. 27:46) Muqaddas Kitobda Iso nega bu so‘zlarni aytgani tushuntirilmagan. Bu so‘zlardan nimani o‘rganishimiz mumkinligiga diqqat qarating. Masalan, Iso mazkur so‘zlarni aytganida Zabur 22:1 dagi bashorat amalga oshgan *. Shuningdek, bu so‘zlar Tangri Yahova O‘g‘lini «himoya qilib turmaganini» isbotlayapti. (Ayub 1:10) Iso shuni tushunganki, Otasi dushmanlar uning imonini to‘liq sinashiga yo‘l qo‘ygan. Insoniyat tarixi davomida hali hech kim Iso kabi sinalmagan. Qolaversa, bu so‘zlar Iso beayb ekanini va o‘limga loyiq hech qanday jinoyat qilmaganini tasdiqlardi.

10. Iso Otasiga aytgan so‘zlardan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

10 Isoning so‘zlaridan qanday saboq olsak bo‘ladi? Misol uchun, imonimiz sinalganda Yahova bizni qiyinchiliklardan himoya qilishini kutmasligimiz kerak. Iso o‘limigacha sinalgani kabi, biz ham kerak bo‘lsa so‘nggi nafasgacha sadoqatli qolishga tayyor turishimiz darkor. (Mat. 16:24, 25) Lekin shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, Xudo dosh bera olmaydigan darajada sinalishimizga yo‘l qo‘ymaydi. (1 Kor. 10:13) Qolaversa, biz ham Iso kabi adolatsizlarcha azob chekishimiz mumkin. (1 Butr. 2:19, 20) Bizga qarshi chiqayotganlar biron noto‘g‘ri ish qilayotganimiz emas, balki bu dunyoga tegishli bo‘lmaganimiz va haqiqatni va’z qilayotganimiz uchun bunday yo‘l tutyapti. (Yuhan. 17:14; 1 Butr. 4:15, 16) Iso Yahova nega u azob chekishiga yo‘l qo‘yganining sababini tushungan. Bundan farqli ravishda, sadoqatli topinuvchilar qiyinchilik paytida ba’zida nega Yahova bu narsalar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ydi, deb hayron qolishi mumkin. (Xab. 1:3) Shafqatli va sabrli Alloh bunday insonlarning imoni sust emasligini biladi. Xudo ular faqat U taqdim etishi mumkin bo‘lgan tasalliga muhtoj ekanini tushunadi. (2 Kor. 1:3, 4)

«CHANQADIM»

11. Nega Iso Yuhanno 19:28 dagi so‘zlarni aytgan?

11 Iso nima degan? (Yuhanno 19:28 ni o‘qing.) Nega Iso: «Chanqadim»,— deb aytgan? Iso «Muqaddas Yozuvlardagi so‘zlar», ya’ni Zabur 22:15 dagi bashorat «bajo bo‘lsin deb» shunday qilgan. U yerda quyidagicha aytilgan: «Kuchim tugadi, sopol idish parchasiday bo‘lib qoldim, tilim tanglayimga yopishib qoldi». Bundan tashqari, Iso shuncha qiyinchilikni, jumladan, azob ustunidagi dahshatli og‘riqni boshdan kechirgach, juda chanqagan bo‘lsa kerak. Isoga chanqog‘ini qondirish uchun yordam kerak edi.

12. Iso: «Chanqadim»,— deb aytganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

12 Isoning so‘zlaridan qanday saboq olsak bo‘ladi? Iso his-tuyg‘ularini aytishni zaiflik belgisi, deb bilmagan. Biz ham u kabi yo‘l tutishimiz darkor. Ba’zilarimiz boshqalardan yordam so‘rashni yoqtirmasmiz. Biroq yordamga muhtoj bo‘lsak, ko‘mak so‘rashdan tortinmasligimiz kerak. Masalan, yoshimiz o‘tgan bo‘lsa yoki kasal bo‘lsak, do‘stimizdan do‘konga yo shifokor ko‘rigiga olib borib kelishni so‘rashimiz mumkin. Ruhimiz tushsa yoki g‘amga botsak, oqsoqol yo yetuk masihiy do‘stimizdan bizni tinglashni yo bo‘lmasa, «yaxshi so‘zi» bilan ko‘nglimizni ko‘tarishini so‘rasak bo‘ladi. (Hik. 12:25) Birodar-u opa-singillarimiz bizni yaxshi ko‘rishini va ular «og‘ir damda» bizga ko‘maklashishni istayotganini yodda tutaylik. (Hik. 17:17) Lekin ular ichimizda nimalar bo‘layotganini bilmaydi. Tashabbusni qo‘lga olib nima bizni bezovta qilayotgani bilan bo‘lishmasak, ular yordamga muhtoj ekanimizni sezmasligi mumkin.

«AMALGA OSHDI!»

13. Iso o‘limigacha benuqsonlikni saqlab nimalarni amalga oshirdi?

13 Iso nima degan? 14 nison kunduzi soat uchlarda Iso baland ovozda: «Amalga oshdi!» — deb aytdi. (Yuhan. 19:30) Bir pastdan keyin Isoning nafasi uzildi va u Yahova undan kutgan barchasini amalga oshirdi. Iso benuqsonlikni saqlab bir nechta narsani amalga oshirdi. Birinchidan, u Shayton yolg‘onchi ekanini isbotladi. U Shaytonning urinishlariga qaramay, mukammal odam mutlaq benuqson bo‘lib qolishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ikkinchidan, Iso hayotini to‘lov sifatida berdi. Uning fidoyi o‘limi tufayli nomukammal insonlar Xudoning oldida odil deb sanalishi va abadiy yashash umidiga ega bo‘lishi mumkin. Uchinchidan, Iso Yahovaning hukmdorligi adolatli ekanini isbotladi va Uning ismini oqladi.

14. Har bir kunni nima deb bilishimiz kerak? Tushuntiring.

14 Isoning so‘zlaridan qanday saboq olsak bo‘ladi? Har kuni benuqson bo‘lib qolish qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim. Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabida ta’lim bergan Maksvel Frend birodarimiz nimalar deganiga e’tibor bering. Xalqaro anjumanda u sadoqat borasidagi nutqida shunday degan: «Bugun qilishingiz yoki aytishingiz mumkin bo‘lgan narsalarni ertangi kunga qoldirmang. Ertaga hayot bo‘lishingizga aminmisiz? Har bir kunni abadiy yashashga loyiq ekaningizni ko‘rsatishning so‘nggi imkoni deb biling». Keling, har bir kunni benuqsonligimizni saqlash uchun so‘nggi imkoniyat deb bilaylik. Shunda, o‘limga duch kelsak ham quyidagicha ayta olamiz: «Yahova, benuqson bo‘lib qolish, Shayton yolg‘onchi ekanini isbotlash hamda ismingni va hukmdorligingni oqlash uchun qo‘limdan kelganini qildim».

«HAYOTIMNI SENING QO‘LLARINGGA TOPSHIRYAPMAN»

15. Luqo 23:46 ga ko‘ra, Iso nimaga amin bo‘lgan?

15 Iso nima degan? (Luqo 23:46 ni o‘qing.) Iso to‘la aminlik ila: «Ota, hayotimni Sening qo‘llaringga topshiryapman»,— deb aytgan. Iso kelajagi Yahovaga bog‘liq ekanini bilgan. Qolaversa, u Otasi uni esidan chiqarmasligiga amin bo‘lgan.

16. Joshua bilan yuz bergan voqeadan nimani o‘rganyapsiz?

16 Isoning so‘zlaridan qanday saboq olsak bo‘ladi? O‘zingizni Yahovaning qo‘llariga topshirishga tayyor bo‘ling. Buning uchun Yahovaga butun qalbingiz bilan tayanishingiz lozim. (Hik. 3:5) Og‘ir kasallikka chalingan 15 yoshli Joshuaning misoliga diqqat qarating. U Xudoning qonuniga zid bo‘lgan tibbiy muolajadan bosh tortgan. O‘limidan sal oldin u onasiga quyidagicha degan: «Onajon, men Yahovaning qo‘llaridaman. Onajon, shuni ishonch bilan ayta olamanki, tirilish bo‘lganda, Yahova meni albatta hayotga qaytaradi. U qalbimdagilarni biladi. Men uni juda yaxshi ko‘raman» *. Har birimiz o‘zimizga quyidagi savolni berishimiz o‘rinlidir: «Xavfli va imonimni sinaydigan vaziyatga duch kelganimda, hayotimni Yahovaning qo‘llariga topshirib, U meni eslashiga ishonamanmi?»

17, 18. Qanday saboqlar oldik? (« Isoning so‘nggi so‘zlaridan nimalarni o‘rganyapmiz?» nomli ramkaga ham qarang.)

17 Isoning so‘nggi so‘zlaridan ajoyib saboqlar olishimiz mumkin. Masalan, boshqalarni kechirishimiz va Yahova bizni kechirishiga ishonishimiz kerakligini esladik. Yordam berishga tayyor bo‘lgan birodar-u opa-singillarimizdan tashkil topgan ajoyib ma’naviy oilamiz kabi barakaga egamiz. Biroq yordamga muhtoj bo‘lganimizda, tashabbusni qo‘lga olib ko‘mak berishlarini so‘raymiz. Aminmizki, biz duch kelayotgan har qanday qiyinchilikni yengishimizga Yahova yordam beradi. Hayotdan ko‘z yumsak, Yahova bizni tiriltirishiga to‘liq ishonib, har bir kunni benuqsonligimizni isbotlashning so‘nggi imkoni, deb bilishimiz muhim ekanini ko‘rdik.

18 Darhaqiqat, Iso azob ustunida jon berayotib aytgan so‘zlari chuqur ma’noga ega. Bu maqolada bilib olgan saboqlarimizni hayotimizda qo‘llab, Yahova O‘g‘li haqida aytgan quyidagi so‘zlarga amal qilgan bo‘lamiz: «Unga quloq solinglar». (Mat. 17:5)

126-QO‘SHIQ Mustahkam, hushyor va mard bo‘ling

^ 5- x.b. Matto 17:5 ga ko‘ra, Yahova Uning O‘g‘liga quloq solishimizni istaydi. Ushbu maqolada Iso azob ustunida o‘layotganda aytgan so‘zlaridan qanday saboqlar olishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

^ 9- x.b. Nega Iso Zabur 22:1 dan iqtibos keltirgan bo‘lishi mumkinligining sabablarini bilish uchun ushbu sondagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

^ 16- x.b. «Uyg‘oning!» jurnalining 1995-yil 22-yanvar (ingl.) «Joshuaning imoni — bolalar huquqlari borasida g‘alaba» nomli maqolaga qarang.