Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-TADQIQ MAQOLASI

Yahova uchun azizsiz!

Yahova uchun azizsiz!

Yahova O‘z xalqini yaxshi ko‘radi. 2 SOL. 2:11

108-QO‘SHIQ Allohning mehr-sadoqati

BU MAQOLADA *

Samoviy Otamiz har birimizni «yaxshi ko‘radi» (1-xatboshiga qarang.)

1. Yahova xizmatchilarida nimalarni ko‘radi?

XUDOVAND YAHOVA «O‘z xalqini yaxshi ko‘radi». (2 Sol. 2:11) Naqadar daldali so‘zlar, shunday emasmi? Yahova fazilatlarimizga e’tibor beradi. Qanday yaxshi inson bo‘lishimiz mumkinligini ko‘radi va bizni O‘ziga jalb qiladi. Agar Xudoga sodiq bo‘lib qolsak, U biz bilan abadiy do‘st tutinadi. (Yuhan. 6:44)

2. Nega ba’zilar uchun Yahova ularni sevishiga ishonish qiyin?

2 Ba’zilar shunday aytishi mumkin: «Yahova xalqini guruh sifatida yaxshi ko‘rishini bilaman, lekin qay yo‘sin U shaxsan meni qadrlashiga amin bo‘la olaman?» Qiziq, nega ba’zilarda bunday savol tug‘iladi? Bolaligida azob chekkan Oksana * shunday deb bo‘lishdi: «Suvga cho‘mganimda va kashshof sifatida xizmat qila boshlaganimda juda baxtiyor edim. Biroq 15-yil o‘tgach, og‘riqli xotiralar meni qiynay boshladi. Yahova mendan mamnun emas va Uning sevgisiga loyiq emasman, deb o‘ylay boshladim». Bolaligi og‘ir o‘tgan Yua ismli kashshof quyidagicha dedi: «Men hayotimni Yahovaga bag‘ishladim, chunki Uni xursand qilmoqchi edim. Biroq U meni hech qachon sevmasligiga amin edim».

3. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Bu ikkita imondoshimiz singari siz ham Yahovani yaxshi ko‘rasiz. Lekin U sizni sevishiga shubhalanayotgandirsiz. Nega Uning diqqat-e’tiborida ekaningizga amin bo‘lishingiz kerak? Salbiy fikrlar bilan kurashganda sizga nima yordam bera oladi? Keling, bu savollarni ko‘rib chiqaylik.

YAHOVANING SEVGISIDAN SHUBHALANISH XAVFLI

4. Nega Yahova bizni sevarmikin, deb shubhalanish xavfli?

4 Sevgi qudratli undovchi kuchdir. Agar Yahovaning sevgisiga va qo‘llab-quvvatlashiga amin bo‘lsak, qiyinchiliklarga qaramay sidqidildan xizmat qilishga jon kuydiramiz. Lekin Xudo bizni yaxshi ko‘rishiga shubhalansak, kuchimiz «zaiflashadi». (Hik. 24:10) Tushkunlikka tushib, Yahova bizni sevishiga ishonmay qo‘ysak, Shayton bizga bemalol hujum qila oladi. (Efes. 6:16)

5. Xudoning sevgisidan shubhalanish ba’zilarga qanday ta’sir qilgan?

5 Ayrim sadoqatli birodar-u opa-singillarimiz shubhalar dastidan ma’nan zaiflashgan. Jeyms ismli oqsoqol quyidagicha dedi: «Baytilda xizmat qilardim va o‘zga tilda gapiradigan jamoatdagi hamkorligimdan quvonch topardim. Ammo shunda ham Yahova qurbonliklarimni qabul qilyaptimi, deb o‘ylab qolardim. Bir safar hatto U ibodatlarimni eshityaptimikin, degan savol tug‘ildi». To‘la vaqtli xizmatda ishtirok etayotgan Yeva ismli imondoshimiz shunday dedi: «Shuni bildimki, Yahovaning sevgisidan shubhalanish xavfli, chunki bu sizni tushkunlik domiga tortib ketadi. Bu ma’naviy ishtahangizni bo‘g‘adi va Yahovaga quvonch ila xizmat qilishingizga xalaqit beradi». Doimiy kashshof va oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Maykl quyidagicha bo‘lishdi: «Agar Xudo menga befarq, deb o‘ylasangiz, Undan uzoqlashib ketasiz».

6. Xudoning sevgisi haqida shubhalar xayolimizni chulg‘ab olsa, nima qilishimiz kerak?

6 Mazkur misollardan salbiy fikrlash qanchalik ma’nan zarar yetkazishi mumkinligini ko‘ryapmiz. Lekin Xudoning sevgisi haqidagi shubhalar xayolimizni chulg‘ab olayotgan bo‘lsa, nima qilishimiz kerak? Ularga darhol chek qo‘yishimiz lozim. Yahovaga ibodat qilib, «tashvishli o‘y-fikrlardan» qutulishga hamda qalbingiz-u ongingizni himoya qiladigan «Xudoning tinchligi»ga ega bo‘lishingizga yordam berishini so‘rang. (Zab. 139:23; Filip. 4:6, 7) Unutmangki, bunday his-tuyg‘ularni boshqalar ham boshdan o‘tkazmoqda. Boshqa imondoshlarimiz ham salbiy tuyg‘ular bilan kurashyapti. Yahovaning hatto o‘tmishdagi xizmatchilari shu kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Keling, havoriy Pavlusning misolidan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

PAVLUSNING MISOLIDAN SABOQLAR

7. Pavlus qanday muammolarga duch kelgan?

7 Gohida vazifalaringiz ko‘p va barchasini qilish qiyin kechayotganday bo‘ladimi? Agar shunday bo‘lsa, havoriy Pavlusni tushunsangiz kerak. U nafaqat bitta, balki «barcha jamoatlar» uchun tashvishlangan. (2 Kor. 11:23–28) Surunkali sog‘lik muammolari quvonchingizni tez-tez o‘g‘irlaydimi? Havoriy Pavlus badanini «go‘yo tikandek» azoblaydigan bir darddan qiynalardi. Bu sog‘lik muammosi bo‘lishi mumkin va u bu muammodan xalos bo‘lmoqchi edi. (2 Kor. 12:7–10) Nomukammallik dastidan ba’zida tushkunlikka tushganingizni his qilasizmi? Pavlusdan ham shunday ichki kechinmalar o‘tib turgan. U nomukammalligi bilan tinimsiz kurashgani tufayli o‘zini «baxtsiz odam» deb atagan. (Rim. 7:21–24)

8. Pavlusga duch kelgan muammolari bilan kurashishga nima yordam bergan?

8 Turli sinovlarni va tushkunlikka olib keladigan qiyinchiliklarni boshdan kechirganiga qaramay, Pavlus Yahovaga xizmat qilishda davom etdi. Xo‘sh, bunday qilishga unga nima kuch berib turgan? Garchi nomukammal ekanini yaxshi bilsa-da, to‘lovga bo‘lgan ishonchi kuchli edi. U Isoning quyidagi va’dasini bilardi: «[Isoga] ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhan. 3:16; Rim. 6:23) Ha, Pavlus to‘lovga ishongan. U shunga amin ediki, hatto jiddiy gunoh qilgan kishi tavba qilsa, Yahova bunday kishini kechirishga tayyor. (Zab. 86:5)

9. Pavlusning Galatiyaliklarga 2:20 dagi so‘zlaridan qanday saboq olyapmiz?

9 Pavlus Yahova uni qattiq sevishiga ishongan. Sababi, Xudo Isoni u uchun o‘lishga yuborganini bilgan. (Galatiyaliklarga 2:20 ni o‘qing.) Bu oyatning oxirida keltirilgan daldali so‘zlarga e’tibor bering. Pavlus: «Masih meni sevgan va men uchun o‘zini fido qilgan»,— deb aytgan. U o‘zini Xudoning sevgisiga noloyiq his etmagan va quyidagicha o‘ylamagan: «Yahova nima uchun imondoshlarimni sevishini ko‘ryapman, ammo u meni sevishi ehtimoldan yiroq». Pavlus Rimliklarga: «Biz hali gunohkor bo‘lganimizda, Masih biz uchun vafot etgan»,— deb eslatgan. (Rim. 5:8) Ha, Xudoning sevgisi chegara bilmaydi.

10. Rimliklarga 8:38, 39 dan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

10 Rimliklarga 8:38, 39 ni o‘qing. Pavlus Yahova bizni qattiq sevishiga ishonchi komil edi. U hech narsa «bizni Xudoning sevgisidan judo qilishga qodir emas», deb yozgan. Pavlus Yahova Isroil xalqi bilan qay yo‘sin sabr ila muomala qilganini bilgan. Qolaversa, Yahova unga rahm-shafqat ko‘rsatganini tushungan. Boshqacha qilib aytganda, Pavlus quyidagicha demoqchi bo‘lgan: «Agar Yahova men uchun O‘g‘lini yuborgan bo‘lsa, Uning sevgisidan shubhalanishga sababim bormi?» (Rim. 8:32)

Alloh uchun o‘tmishdagi xatolarimiz emas, hozirgi va kelajakdagi ishlarimiz ahamiyatga ega (11-xatboshiga qarang.) *

11. Pavlus 1 Timo‘tiyga 1:12–15 da aytilgan gunohlarga qo‘l urgan bo‘lsa ham nega Yahova uni sevishiga amin edi?

11 Timo‘tiyga birinchi maktub 1:12–15 ni o‘qing. Pavlus o‘tmishini eslab siqilgan paytlari bo‘lgandir. U o‘zini «gunohkorlarning birinchisi» deb atagan va buning ajablanarli joyi yo‘q. Pavlus haqiqatni bilishidan oldin masihiylarni bir shahardan boshqasiga ta’qib qilib yurgan. Ba’zilarni qamoqqa tashlagan, ayrimlar o‘limga mahkum etilayotganda esa ularga qarshi ovoz bergan. (Havor. 26:10, 11) Pavlus o‘tmishda ota-onasini o‘limga mahkum etgan yosh masihiyni uchratganda o‘zini qanday his qilganini bir o‘ylab ko‘ring. U qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan. Ammo u o‘tmishini o‘zgartira olmasligini bilgan. Pavlus Masih u uchun o‘lganiga ishongan va aminlik ila quyidagicha yozgan: «Xudoning inoyati bilan shu mavqega ega bo‘ldim». (1 Kor. 15:3, 10) Bundan qanday saboq olyapmiz? Masih siz uchun o‘lganiga hamda Yahova bilan iliq va shaxsiy munosabatlarga ega bo‘lishingiz uchun yo‘l ochganiga ishoning. (Havor. 3:19) Alloh uchun biz o‘tmishda — o‘shanda Yahovaning Shohidlari bo‘lganmizmi yoki yo‘qmi — qilgan xatolarimiz emas, balki hozir hamda kelajakda qiladigan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega. (Ishayo 1:18)

12. Yuhannoning birinchi maktubi 3:19, 20 dagi so‘zlar o‘zimizni arzimas va sevgiga noloyiq his qilganimizda, qay yo‘sin yordam berishi mumkin?

12 Masih gunohingizni poklash uchun o‘layotganini tasavvur qilganingizda: «Men bunday sharafga arzimayman»,— deb aytishingiz mumkin. Nega bunday tuyg‘ular paydo bo‘ladi? Nomukammal qalbimiz bizni aldab, o‘zimizni arzimas va sevgiga noloyiq his qilishimizga sabab bo‘lishi hech gap emas. (1 Yuhanno 3:19, 20 ni o‘qing.) Bunday paytlarda «Xudo qalbimizdan ulug‘» ekanini yodda tutishimiz kerak. Samoviy Otamizning sevgisi va kechirimli ekani, ehtimol, qalbimiz tubida yashiringan har qanday salbiy fikrdan ancha kuchlidir. Biz o‘zimizni Yahovaning sevgisiga ishontirishimiz kerak. Buning uchun tez-tez Uning Kalomini o‘rganishimiz, tinmay ibodat qilishimiz va sadoqatli xizmatchilari bilan doimo muloqotda bo‘lishimiz lozim. Nega bu ishlarni qilish shunchalik muhim?

MUQADDAS KITOB TADQIQI, IBODAT VA SADOQATLI DO‘STLARNING YORDAMI

13. Qay yo‘sin Xudoning Kalomini tadqiq qilish bizga yordam berishi mumkin? (« Xudoning Kalomi ularga qay yo‘sin yordam berdi?» nomli ramkaga ham qarang.)

13 Xudoning Kalomini har kuni tadqiq qiling. Shunda Yahovaning go‘zal shaxsiyatini aniqroq ko‘ra olasiz. Shuningdek, U sizni qanchalik qattiq sevishini bilib olasiz. Xudoning Kalomidagi bir parcha ustida mulohaza qilish aniqroq fikr yuritishingizga yordam beradi, chunki u fikrlaringizni va xohish-istaklaringizni tuzatadi. (2 Tim. 3:16) O‘ziga past nuqtai nazarda bo‘lish kabi his-tuyg‘u bilan kurashgan Kevin ismli oqsoqol quyidagicha dedi: «Zaburning 103- sanosini o‘qish va ustida mulohaza yuritish o‘zimga kelishimga hamda Yahova aslida menga qanday nuqtai nazarda ekanini ko‘rishimga yordam berdi». Yuqorida tilga olingan Yeva shunday deb bo‘lishdi: «Men kunning oxirida, tinch muhitda Yahovaning fikrlari ustida mulohaza yuritaman. Bu menga ichki xotirjamlikka ega bo‘lishga va imonimni mustahkamlashga ko‘maklashadi».

14. Ibodat bizga qanday yordam berishi mumkin?

14 Tinmay ibodat qiling. (1 Salon. 5:17) Kimdir bilan do‘st tutinishni xohlasangiz u bilan tez-tez va chin yurakdan muloqot qilib turish kerak. Yahova bilan do‘stlik haqida gap ketganda ham xuddi shunday. Ibodatda his-tuyg‘ularimiz, fikrlarimiz-u tashvishlarimiz bilan bo‘lishganda Unga ishonayotganimizni va U bizni sevishini bilishimizni ko‘rsatamiz. (Zab. 94:17–19; 1 Yuhan. 5:14, 15) Yuqorida tilga olingan Yua shunday dedi: «Ibodat qilganimda kun mobaynida nimalar qilganimni aytish bilan kifoyalanib qolmayman. Unga nimalar haqida o‘ylayotganim-u aslida nimalarni his qilayotganimni aytaman. Shu yo‘sin, Yahovani ulkan bir kompaniyaning boshlig‘i emas, balki farzandlarini chinakamiga sevadigan Ota sifatida ko‘raman». (« Uni o‘qidingizmi?» nomli ramkaga qarang.)

15. Qay yo‘sin Yahova bizga shaxsiy qiziqish ko‘rsatmoqda?

15 Sadoqatli do‘stlar bilan muloqot qiling. Ular Yahovadan hadyadir. (Yoqb. 1:17) Bizni «hamma vaqt sevadigan» birodar-u opa-singillardan iborat ma’naviy oilani taqdim etib, samoviy Otamiz har birimizga shaxsiy qiziqish ko‘rsatmoqda. (Hik. 17:17) Pavlus Kolosaliklarga yo‘llangan maktubda uni qo‘llab-quvvatlagan muayyan masihiylarni tilga olgan va ular haqida «menga yaxshigina tasalli berishgan», deb aytgan. (Kolos. 4:10, 11) Hatto Iso Masih ham o‘zgalarning, ya’ni farishtalar-u odamlarning yordamiga muhtoj edi va ularning ko‘magi uchun minnatdor bo‘lgan. (Luqo 22:28, 43)

16. Sodiq do‘stlar Yahovaga yaqinlashishimizga qanday yordam berishi mumkin?

16 Yahovaning sodiq do‘stlari bilan do‘stlashib ularning yordamini qabul qilyapsizmi? Ma’nan yetuk do‘stimiz bilan tashvishlarni bo‘lishish zaiflikning belgisi emas, aksincha, bu himoya bo‘lishi mumkin. Yuqorida tilga olingan Jeyms nima deganiga e’tibor bering: «Yetuk masihiylar bilan do‘stlashish menga anchagina foyda keltirdi. Salbiy tuyg‘ular girdobida qolganimda, bunday qimmatbaho do‘stlar meni diqqat ila tinglaydi va yaxshi ko‘rishlarini eslatadi. Ular orqali Yahova meni shaxsan sevishini va menga g‘amxo‘rlik qilayotganini his etaman». Ma’naviy birodar-u opa-singillarimiz bilan qalin do‘stlik rishtalarini rivojlantirish va ularni saqlab qolish juda muhim.

YAHOVANING SEVGISIDAN AYRILMANG

17, 18. Kimga quloq solishimiz kerak va nega?

17 To‘g‘ri yo‘l tutish uchun olib borayotgan kurashimizda Shayton taslim bo‘lishimizni istaydi. U Yahova bizni sevmaydi va biz najot topishga arzimaymiz, degan fikrga borishimizni xohlaydi. Lekin ko‘rib chiqqanimizdek, bu g‘irt yolg‘on.

18 Yahova sizni sevadi. Siz Uning nazarida bebaho xazinasiz. Agar Xudoga itoatli bo‘lsangiz, Iso Masih kabi Uning sevgisidan hech qachon «ayrilmaysiz». (Yuhan. 15:10) Shu bois, Shaytonga yoki aldamchi qalbingizga quloq solmang. Buning o‘rniga har birimizda yaxshi narsani ko‘radigan Yahovaga quloq soling. U «O‘z xalqini», jumladan, sizni «yaxshi ko‘rishiga» ishoning!

141-QO‘SHIQ Hayot — mo‘jizadir

^ 5- x.b. Ba’zi imondoshlarimiz Yahova ularni yaxshi ko‘rishiga shubhalanadi. Mazkur maqolada nima uchun Yahova shaxsan har birimizni sevishiga ishonchimiz komil bo‘lishi mumkinligini bilib olamiz. Qolaversa, qay yo‘sin U bizni sevishi borasidagi har qanday shubhani yengishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

^ 2- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 67- x.b. RASMGA SHARH. Qadimda Pavlus ko‘p masihiylarni qamoqqa tashlagan. Ammo Pavlus Iso u uchun nimalar qilganini tushunganida o‘zgargan va imondoshlariga dalda bergan. Ehtimol, o‘tmishda u o‘sha masihiylarning qarindoshlarini ta’qib qilgandir.