Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-TADQIQ MAQOLASI

Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlarga suvga cho‘mishga yordam bering

Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlarga suvga cho‘mishga yordam bering

Har biringiz... suvga cho‘ming. HAVOR. 2:38

72-QO‘SHIQ Shohlik haqda va’z qilamiz

BU MAQOLADA *

1. Birinchi asrda xaloyiqqa nima qilish kerakligi aytildi?

ERKAG-U ayollardan tashkil topgan katta xaloyiq Quddusga kelgan edi. Ular har xil yurtlardan bo‘lib, turli tillarda gapirardi. O‘sha kuni o‘zgacha bir voqea yuz berdi. Kutilmaganda bir guruh oddiy yahudiylar o‘sha odamlarning ona tilida gapira boshladi. Bu xaloyiqni hayratda qoldirdi. Biroq yahudiylar ularga nima degani va, ayniqsa, havoriy Butrus hammaga aytgan so‘zlar ahamiyatliroq edi. O‘shanda xaloyiq Iso Masihga ishonish orqali qutqarib qolinishi mumkinligini bilib oldi. Bu xabar ularga qattiq ta’sir qildi va shunday deb so‘rashdi: «Biz nima qilishimiz kerak?» Ularga javoban Butrus: «Har biringiz... suvga cho‘minglar»,— dedi. (Havor. 2:37, 38)

Birodar va uning rafiqasi «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobi yordamida bir yigit bilan tadqiq o‘tkazyapti (2-xatboshiga qarang.)

2. Mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz? (Muqovadagi rasmga qarang.)

2 O‘sha kuni yana bir ajoyib voqea yuz berdi. Taxminan 3 000 ta odam suvga cho‘mib, Masihning shogirdi bo‘ldi. Bu Iso izdoshlariga topshirgan ulkan ishning boshlanishi bo‘lib, bugungi kungacha davom etib kelmoqda. Hozirda kishi bilan atigi bir necha soat gaplashganimizdan keyin u suvga cho‘mishga tayyor bo‘lmaydi. U bu maqsadga erishishi uchun oylar, bir yil yo hatto bundan ham ko‘proq vaqt talab qilinishi mumkin. Biron kishi bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, shogird tayyorlash uchun ancha ter to‘kish kerakligini yaxshi bilasiz. Mazkur maqolada tadqiq o‘tayotgan kishiga suvga cho‘mishga yordam berish uchun nimalar qilishingiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

TADQIQ O‘TAYOTGAN KISHI BILIB OLAYOTGANLARINI AMALDA QO‘LLASHIGA KO‘MAKLASHING

3. Matto 28:19, 20 ga binoan, tadqiq o‘tuvchi suvga cho‘mish uchun nima qilishi kerak?

3 Suvga cho‘mishdan avval tadqiq o‘tuvchi Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni hayotida qo‘llashi kerak. (Matto 28:19, 20 ni o‘qing.) Tadqiq o‘tuvchi bilib olayotganlariga amal qilganda, u Isoning masalidagi yerni chuqurroq kovlab, uyini mustahkam qoyatosh ustida qurgan «aqlli kishiga» o‘xshab yo‘l tuta boshlaydi. (Mat. 7:24, 25; Luqo 6:47, 48) Kalomni o‘rganayotgan kishiga bilib olayotganlariga amal qilishga qay yo‘sin yordam berishimiz mumkin? Keling, uchta tavsiyaga nazar solaylik.

4. Qay yo‘sin tadqiq o‘tuvchiga suvga cho‘mishga yordam bera olamiz? (« Tadqiq o‘tuvchiga maqsadlar qo‘yib, ularga erishishga yordamlashing» nomli ramkaga ham qarang.)

4 Tadqiq o‘tuvchiga maqsadlar qo‘yishga yordam bering. Nega bunday qilishingiz kerak? Quyidagi misolga diqqat qarating: uzoq safarga otlanayotgan bo‘lsangiz, ehtimol, yo‘l-yo‘lakay ayrim chiroyli joylarda to‘xtashga qaror qilarsiz. Shunda, masofa unchalik uzoq ko‘rinmaydi. Shu singari, Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan kishi qisqa vaqtda erishiladigan maqsadlar qo‘yib, ularga yetishsa, suvga cho‘mish maqsadiga ham erishishi mumkinligini tushuna oladi. Tadqiq o‘tayotgan kishiga ma’nan o‘sishga yordam berish uchun «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobidagi «Maqsad» qismidan foydalaning. Har bir darsning oxirida qo‘yiladigan maqsad u o‘sha darsda o‘rganganlari bilan qay yo‘sin bog‘liq ekanini muhokama qiling. Bordi-yu, u uchun qo‘shimcha maqsad ko‘zlayotgan bo‘lsangiz, uni «Bundan tashqari» qismiga yozib qo‘ying. Tadqiq o‘tuvchi bilan birga qisqa va uzoq vaqtda erishiladigan maqsadlarni tadqiqning bir qismi sifatida muntazam ravishda muhokama qiling.

5. Mark 10:17–22 ga binoan, Iso boy kishiga nima qilishi kerakligini aytgan va nega?

5 Tadqiq o‘tuvchiga hayotiga o‘zgarishlar kiritishga ko‘maklashing. (Mark 10:17–22 ni o‘qing.) Iso boy kishi uchun bor-yo‘g‘ini sotib yuborish qiyin bo‘lishini bilgan. (Mark 10:23) Lekin Iso o‘sha kishi hayotiga katta o‘zgarish kiritishi kerakligini aytgan. Nima uchun? Sababi Iso uni yaxshi ko‘rgan. Gohida tadqiq o‘tuvchini bilib olayotganlariga amal qilishga undashni ortga surishimiz mumkin. Chunki u hali kerakli o‘zgarishlar kiritishga tayyor emas, deb o‘ylarmiz. Odamlar uchun eski odatlarni tashlab, yangi o‘zlikni kiyib olish qiyin bo‘lishi hech gap emas. (Kolos. 3:9, 10) Ammo masalani qancha tez ochiqchasiga muhokama qilsangiz, u shuncha tez hayotiga o‘zgarishlar kirita boshlar. Bunday yo‘l tutib, unga g‘amxo‘rlik qilayotganingizni ko‘rsatasiz. (Zab. 141:5; Hik. 27:17)

6. Nima uchun nuqtai nazarni bilishga yordam beradigan savollardan foydalanishimiz kerak?

6 Tadqiq o‘tayotgan kishining nuqtai nazarini ochib beradigan savol orqali mavzu borasida fikr-mulohazalarini so‘rang. Tadqiq o‘tuvchi nimani tushunayotgani va nimaga ishonayotganini aniqlash uchun bu kabi savoldan foydalaning. Muntazam ravishda bunday qilib tursangiz, kelajakda nozik masalalarni ham muhokama qilish osonroq bo‘ladi. «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobida kishining nuqtai nazarini bilishga ko‘maklashadigan savollar bisyor. Masalan, 4-darsda «Xudo Uning ismini qo‘llaganimizda nimalarni his qiladi?» degan savol bor. 9-darsda esa «Nimalar haqida ibodat qilishni xohlardingiz?» degan savol keltirilgan. Boshida tadqiq o‘tuvchi bunday savollarga javob berishga qiynalar. Keltirilgan oyatlar hamda rasmlar ustida mulohaza yuritishga o‘rgatish orqali unga ko‘maklasha olasiz.

7. Qay yo‘sin hayotiy misollarni samarali qo‘llay olamiz?

7 Tadqiq o‘tuvchi nima qilishi kerakligini anglaganida, uni bunday qilishga undash uchun hayotiy misollardan foydalaning. Masalan, tadqiq o‘tayotgan kishi yig‘ilishlarga borishga qiynalayotgan bo‘lsa, unga 14-darsdagi «Qo‘shimcha manbalar» qismida keltirilgan «Yahova menga g‘amxo‘rlik qildi» nomli videoni ko‘rsatishingiz mumkin. «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobidagi anchagina darslarda «Ko‘proq bilib oling» yoki «Qo‘shimcha manbalar» qismlarida shu kabi misollarni topa olasiz *. «Uning qo‘lidan kelgan bo‘lsa, siz ham buning uddasidan chiqa olasiz»,— deb tadqiq o‘tayotgan kishini birov bilan solishtirishdan ehtiyot bo‘ling. Tadqiq o‘tuvchining o‘zi bunday xulosaga kelsin. Videodagi insonga Muqaddas Kitob ta’limotlariga amal qilishga nima yordam bergani borasidagi asosiy fikrlarni muhokama qiling. Ehtimol, asosiy oyat yoki o‘sha kishi qilgan muayyan harakatni ta’kidlab o‘tarsiz. Imkon bo‘lsa, Yahova unga qay yo‘sin yordam berganiga diqqat qarating.

8. Tadqiq o‘tuvchiga Yahovani sevishga qanday yordam bera olamiz?

8 Tadqiq o‘tuvchiga Yahovani yaxshi ko‘rishga ko‘maklashing. Buni qanday qilish mumkin? Uning diqqatini Yahovaning fazilatlariga qaratish imkoniyatlarini izlang. U Yahovani Uni sevuvchilarni qo‘llab-quvvatlaydigan baxtiyor Tangri, deb bilishiga ko‘maklashing. (1 Tim. 1:11; Ibron. 11:6) Tadqiq o‘tuvchi bilib olayotganlarini qo‘llab, foyda olishini ko‘rsating va bu Yahovaning unga nisbatan sevgisini aks ettirayotganini tushuntiring. (Ishayo 48:17, 18) Tadqiq o‘tayotgan kishining Yahovaga nisbatan sevgisi qancha oshsa, kerakli o‘zgarishlar qilish istagi ham shuncha kuchayadi. (1 Yuhan. 5:3)

TADQIQ O‘TUVCHINI BIRODAR-U OPA-SINGILLAR BILAN TANISHTIRING

9. Kishiga suvga cho‘mib, shogird bo‘lishi uchun fidoyiliklar qilishga nima yordam berishi mumkin? (Mark 10:29, 30)

9 Tadqiq o‘tayotgan kishi suvga cho‘mish uchun fidoyiliklar qilishi kerak. Yuqorida tilga olingan boy kishi singari ayrim tadqiq o‘tuvchilar moddiy narsalarini qurbon qilishi kerak bo‘lar. Agar ishi Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga zid bo‘lsa, uni o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelar. Ehtimol, ko‘plar Yahovani yaxshi ko‘rmaydigan do‘stlari bilan aloqani uzishi kerak bo‘lar. Ayrimlardan esa Yahovaning Shohidlarini yoqtirmaydigan qarindoshlari voz kechishi mumkin. Iso Masih ba’zilar uchun bu kabi fidoyiliklar qilish oson bo‘lmasligi mumkinligini tushungan. Biroq u unga ergashadiganlarning hafsalasi pir bo‘lmasligini va’da qilgan. Ular sevuvchi, ma’naviy oila kabi ajoyib barakaga ega bo‘ladi. (Mark 10:29, 30 ni o‘qing.) Tadqiq o‘tuvchiga bu ajoyib hadyadan foyda olishga qanday yordam berishingiz mumkin?

10. Manyuelning misolidan qanday saboq oldingiz?

10 Tadqiq o‘tayotgan kishi bilan do‘stlashing. Tadqiq o‘tayotgan kishiga g‘amxo‘rlik qilayotganingizni ko‘rsatish o‘ta muhim. Nima uchun? Meksikada yashovchi Manyuel nima deganiga e’tibor bering. Tadqiq o‘tgan paytlarini eslab, u quyidagicha bo‘lishdi: «Har bir tadqiqdan oldin tadqiq o‘tkazuvchi hol-ahvolimni so‘rardi. O‘zimni bemalol his etishga yordam berardi va har qanday mavzuda fikrlarimni ayta olardim. U men bilan chin ko‘ngildan qiziqayotganini his qilardim».

11. Tadqiq o‘tuvchilar bilan birga vaqt o‘tkazsak, bu ularga qanday foyda keltirishi mumkin?

11 Iso izdoshlari bilan vaqt o‘tkazgani kabi, siz ham tadqiq o‘tayotganlar bilan vaqt o‘tkazing. (Yuhan. 3:22) O‘rinli bo‘lsa, hayotiga o‘zgarishlar kiritayotgan tadqiq o‘tuvchini uyingizga yoki oylik ko‘rsatuvlarimizdan birini tomosha qilishga taklif qilarsiz. Tadqiq o‘tuvchi, ayniqsa, bu dunyodagi bayramlar mavsumida o‘zini yolg‘iz his qilar va taklifingizdan quvonishi hech gap emas. Ugandada yashovchi Kazibve shunday dedi: «Menimcha, tadqiqda bo‘lganiday, birga vaqt o‘tkazganimizda ham Yahova haqida ko‘p narsani bilib oldim. Yahova O‘z xizmatchilariga qanchalar g‘amxo‘rlik qilishini va ular naqadar baxtiyor ekanini ko‘rganman. Men ham shunday yashashni istaganman».

Tadqiqqa turli va’zgo‘ylarni taklif qilsangiz, Kalomni o‘rganayotgan kishi yig‘ilishlarga borishga ko‘proq qiziqadi (12-xatboshiga qarang.) *

12. Nima uchun tadqiqqa turli va’zgo‘ylarni taklif qilishimiz lozim?

12 Muqaddas Kitob tadqiqiga turli va’zgo‘ylarni taklif qiling. Gohida tadqiqni yolg‘iz o‘zimiz o‘tkazishni yoki o‘sha-o‘sha va’zgo‘ylarni taklif qilishni osonroq, deb o‘ylarmiz. Balki bu ancha qulaydir, ammo vaqt o‘tgani sayin turli va’zgo‘ylar taklif qilinsa, tadqiq o‘tuvchi bundan ko‘proq foyda olishi mumkin. Moldaviyada yashovchi Dmitriy quyidagicha bo‘lishdi: «Men bilan tadqiq o‘tkazishga kelgan va’zgo‘y mavzuni o‘ziga xos tarzda tushuntirar edi. Bu menga bilib olayotganlarimni hayotimda yana qay yo‘sin qo‘llashim mumkinligini ko‘rishimga ko‘maklashgan. Bundan tashqari, birinchi safar yig‘ilishga borganimda uncha uyalmaganman. Sababi, u yerdagi ko‘pgina birodar-u opa-singillarni tanirdim».

13. Nega tadqiq o‘tuvchilarga yig‘ilishlarga borishga yordam berishimiz darkor?

13 Tadqiq o‘tayotganlarga yig‘ilishga borishga ko‘maklashing. Nega deganda, Yahova xizmatchilari birga yig‘ilishini amr etgan. Bu topinishimizning bir qismi. (Ibron. 10:24, 25) Qolaversa, birodar-u opa-singillarimiz ma’naviy oilamizdir. Ular bilan yig‘ilishlarda bo‘lganimizda, go‘yo uyda birga mazali taomni baham ko‘rganday bo‘lamiz. Tadqiq o‘tuvchiga yig‘ilishlarga borishga ko‘maklashsangiz, unga suvga cho‘mishiga asqatadigan muhim qadamni qo‘yishga yordam bergan bo‘lasiz. Ammo bu qadamni qo‘yish u uchun oson bo‘lmasligi mumkin. Qay yo‘sin «Hayotdan toabad zavqlaning!» adabiyoti yordamida tadqiq o‘tuvchiga u duch kelishi mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchilikni yengishga ko‘maklasha olasiz?

14. Tadqiq o‘tuvchini yig‘ilishlarga borishga qanday undashimiz mumkin?

14 Tadqiq o‘tayotgan kishini uchrashuvlarga borishga undash uchun «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobidagi 10-darsdan foydalaning. Bu kitob chiqishidan avval ba’zi va’zgo‘ylar ular o‘tkazadigan tadqiqlarida mazkur darsni qo‘llashdi. Ularning aytishicha, bu yaxshi ish berdi. Albatta, tadqiq o‘tuvchini yig‘ilishlarga taklif qilish uchun 10-darsgacha kutishga hojat yo‘q. Uni imkon qadar tezroq taklif qiling va muntazam ravishda bunday qilib turing. Tadqiq o‘tuvchilarning har biri turli qiyinchiliklarga duch kelib turadi. Shu bois, tadqiq o‘tuvchining ehtiyojlariga diqqat qarating va unga qanday amaliy yordam taklif qila olishingiz haqida o‘ylab ko‘ring. U yig‘ilishga borishi uchun biroz vaqt talab etilsa, tushkunlikka tushmang. Sabrli bo‘ling, ammo uni taklif etishda davom eting.

TADQIQ O‘TUVCHIGA QO‘RQUVLARINI YENGISHGA KO‘MAKLASHING

15. Tadqiq o‘tayotgan kishida qanday qo‘rquvlar bo‘lishi mumkin?

15 Yahovaning Shohidi bo‘lishdan biroz qo‘rqqan paytingiz esingizdami? Boshqalarga hech qachon va’z qila olmayman, deb o‘ylagandirsiz. Yoki, ehtimol, oila a’zolaringiz yo do‘stlaringiz sizga qarshi chiqishi mumkinligi haqida o‘ylab qo‘rqqandirsiz. Unday bo‘lsa, tadqiq o‘tayotgan kishining tuyg‘ulari sizga ham tanishdir. Iso ba’zi odamlar bu kabi qo‘rquvlarga duch kelishi mumkinligini aytgan. Biroq u izdoshlarini bunday qo‘rquv ularni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatishiga yo‘l qo‘ymaslikka undagan. (Mat. 10:16, 17, 27, 28) Iso izdoshlariga qo‘rquvlarini yengishga qay yo‘sin ko‘maklashgan? Uning misoliga qanday taqlid qila olasiz?

16. Tadqiq o‘tuvchini bilib olayotganlarini bo‘lishishga qanday o‘rgata olamiz?

16 Tadqiq o‘tuvchini bilib olayotganlari bilan bo‘lishishga asta-sekin o‘rgating.  Iso shogirdlarini va’z qilishga jo‘natganida, ehtimol, ular xavotirlanishgandir. Ammo Iso ularga kimga va nima to‘g‘risida va’z qilishni aytib yordam bergan. (Mat. 10:5–7) Xo‘sh, Isoga qay yo‘sin taqlid qila olasiz? Tadqiq o‘tuvchiga kimga va’z qilishi mumkinligini tushunishga yordam bering. Masalan, undan Muqaddas Kitobdagi bironta haqiqatni aynan kimga aytmoqchi ekanini so‘rang. Haqiqatni bo‘lishishning oson yo‘lini ko‘rsatish orqali tayyorlanishiga ko‘maklashing. O‘rinli bo‘lsa, «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobidagi «Ba’zilarning fikri» yoki «Ba’zilarning savoli» qismidan mashq sifatida foydalansangiz bo‘ladi. Bunday yo‘l tutganingizda, tadqiq o‘tuvchini Muqaddas Kitob yordamida sodda va muloyimlik ila javob berishga o‘rgatishga diqqat qarating.

17. Tadqiq o‘tuvchiga Yahovaga tayanishga yordam berar ekanmiz, qay yo‘sin Matto 10:19, 20, 29–31 dan foydalansak bo‘ladi?

17 Tadqiq o‘tayotgan kishiga Yahovaga tayanishga yordam bering. Iso shogirdlarini Yahova ularni sevgani uchun ularga yordam berishiga ishontirgan. (Matto 10:19, 20, 29–31 ni o‘qing.) Tadqiq o‘tuvchiga Yahova unga ham yordam berishini eslating. Uning maqsadlari borasida birga ibodat qilish orqali unga Yahovaga tayanishga ko‘maklasha olasiz. Polshada yashovchi Francheshek quyidagicha dedi: «Men bilan tadqiq o‘tkazgan va’zgo‘y ibodat qilganda, ko‘pincha maqsadlarimni aytib o‘tardi. Yahova ibodatlariga qanday javob berayotganini ko‘rganimda, men ham darrov ibodat qilishga tushardim. Yig‘ilishlarga va anjumanga borish uchun yangi ishimdan ruxsat olganimda, Yahovaning yordamini his qilganman».

18. Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazuvchilar borasida Yahova qanday fikrda?

18 Yahova Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan insonlarga g‘amxo‘rlik qiladi. Yahova tadqiq o‘tkazuvchilar odamlar Unga yaqinlashishiga yordam berish uchun zahmat chekib mehnat qilayotganini qadrlaydi va bu uchun ularni sevadi. (Ishayo 52:7) Ayni paytda tadqiq o‘tkazmayotgan bo‘lsangiz ham boshqa va’zgo‘ylar bilan tadqiqlarda hamkorlik qilib, Kalomni o‘rganayotganlarga ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishlariga yordam bera olasiz.

60-QO‘SHIQ Najotbaxsh xabar

^ 5- x.b. Mazkur maqolada Iso odamlarga qay yo‘sin uning shogirdlari bo‘lishga yordam berganini hamda unga qanday taqlid qilishimiz mumkinligini bilib olamiz. Qolaversa, «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli yangi kitobdan qay yo‘sin foydalanish mumkinligiga diqqat qaratamiz. U tadqiq o‘tuvchilarga ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishga yordam berish uchun mo‘ljallangan.

^ 7- x.b. Hayotiy voqealarni «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma» nomli adabiyotning «Muqaddas Kitob» sarlavhasi ostidagi «Amaliy qadr-qimmati» va «Qo‘riqchi minorasi»ning «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi» turkumidan yoki JW Library® ilovasining multimedia sarlavhasi ostidagi «Intervyu va hayotiy voqealar»dan topishingiz mumkin.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. Birodar va xotini bir yigit bilan tadqiq o‘tkazyapti. Boshqa paytlari tadqiqda turli birodarlar qatnashyapti.