Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-TADQIQ MAQOLASI

Yahova doim siz bilan, siz yolg‘iz emassiz

Yahova doim siz bilan, siz yolg‘iz emassiz

Yahova Uni chaqirayotgan kishilarga... yaqindir. ZAB. 145:18

28-QO‘SHIQ Yahova, kim do‘sting erur?

BU MAQOLADA *

1. Nega ba’zida Yahovaning xizmatchilari o‘zini yolg‘iz his qilishi mumkin?

AKSARIYATIMIZ vaqti-vaqti bilan o‘zimizni yolg‘iz his etamiz. Ba’zilar bunday tuyg‘ular bilan qisqa, boshqalar esa uzoq vaqt davomida kurashishi mumkin. Atrofimizda odamlar bo‘lsa ham, o‘zimizni yolg‘iz his qilishimiz hech gap emas. Ba’zilar uchun yangi jamoatga ko‘nikish qiyin kechadi. Boshqalar qarindoshlari bilan yaqin munosabatlarga ega. Lekin ulardan uzoqroqqa ko‘chib o‘tganda, o‘zini yolg‘iz his qilib qiynalishi mumkin. Ayrimlar hayotdan ko‘z yumgan yaqinini qattiq sog‘inadi va u bilan vaqt o‘tkazishni istaydi. Ba’zi masihiylar, ayniqsa, yaqinda haqiqatni bilganlar oila a’zolari va do‘stlari ulardan voz kechgani yoki ta’qiblarga duch kelgani tufayli o‘zini ajralib qolganday his qiladi.

2. Bu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

2 Yahova biz haqimizda hammasini biladi va bizni tushunadi. O‘zimizni yolg‘iz his etganimizda, Yahova buni ko‘radi va bu tuyg‘ularni yengishimiz uchun yordam berishni istaydi. Yahova bizga qay yo‘sin yordam beradi? O‘zimizga ko‘maklashish uchun nima qilishimiz mumkin? Jamoatimizda o‘zini yolg‘iz his qiladiganlarga qanday yordam bera olamiz? Keling, bu savollarning javobini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVA BIZGA BEFARQ EMAS

Yahova farishtasini yuborib, Ilyosni yolg‘iz emasligiga ishontirgan (3-xatboshiga qarang.)

3. Yahova Ilyos uchun qayg‘urayotganini qay yo‘sin ko‘rsatdi?

3 Yahova Uning barcha xizmatchilari baxtiyor bo‘lishini xohlaydi. U har birimizga yaqin va qayg‘urganimizda yoki ruhimiz tushganda bunga befarq bo‘lmaydi. (Zab. 145:18, 19) Yahova Ilyos payg‘ambarga qay yo‘sin e’tiborli bo‘lganiga diqqat qarating. Bu sadoqatli kishi Isroil tarixidagi qiyin davrda yashagan. Yahovaning topinuvchilari shiddatli ta’qiblar ostida edi. Ilyos esa Xudoga qarshi chiqqan qudratli dushmanlarning nishoniga aylangandi. (3 Shoh. 19:1, 2) Bundan tashqari, Ilyos o‘zini Yahovaga xizmat qilayotgan yolg‘iz payg‘ambar, deb o‘ylab xavotirlangan bo‘lishi mumkin. (3 Shoh. 19:10) Shunda Xudo unga yordam berish uchun darhol chora ko‘rdi. Yahova bu payg‘ambarni yolg‘iz emasligiga ishontirish uchun farishtasini yubordi. U Ilyosga boshqa ko‘pgina xudotars isroilliklar borligini aytdi. (3 Shoh. 19:5, 18)

4. Qay yo‘sin Mark 10:29, 30 dan Yahova boshqalarning yordamiga muhtoj bo‘layotgan xizmatchilari haqida qayg‘urayotganini ko‘rsak bo‘ladi?

4 Yahovaga xizmat qilishni tanlaganimizda, ba’zilarimiz ko‘p narsadan voz kechishimizga to‘g‘ri kelishini U yaxshi tushunadi. Bu Yahovaga xizmat qilmaydigan qarindoshlar va sobiq do‘stlarimizning yordamini ham o‘z ichiga olishi mumkin. Ehtimol, havoriy Butrus Isodan g‘amgin ohangda shunday deb so‘ragandir: «Biz bor-yo‘g‘imizni qoldirib, orqangizdan ergashib keldik. Buning evaziga biz nimaga ega bo‘lamiz?» (Mat. 19:27) Iso iliqlik ila shogirdlarini ular ulkan ma’naviy oilaga ega bo‘lishiga ishontirdi. (Mark 10:29, 30 ni o‘qing.) Qolaversa, ma’naviy oilamizning Boshi bo‘lmish Yahova Unga xizmat qilishni istaydiganlarni qo‘llab-quvvatlashga va’da bermoqda. (Zab. 9:10) Yolg‘izlik tuyg‘usi bilan kurashganingizda, Yahovaning yordamini olish uchun qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan ba’zi amaliy qadamlarga diqqat qarating.

O‘ZINGIZNI YOLG‘IZ HIS QILAYOTGAN BO‘LSANGIZ, NIMA QILISHINGIZ MUMKIN?

5. Yahova sizni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlayotganiga diqqat qaratishdan qanday foyda olasiz?

5 Yahova sizni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlayotganiga diqqat qarating. (Zab. 55:22) Bu sizga vaziyatingizga muvozanatli nuqtai nazarni saqlashga ko‘maklashadi. Turmush qurmagan Kerol * ismli singlimiz oilasida yolg‘iz o‘zi Yahovaning Shohidi. U shunday deydi: «Ortga qarab, Yahova barcha qiyinchiliklarimda meni qanday qo‘llab-quvvatlagani haqida fikr yuritish yolg‘iz emasligimni his qilishimga ko‘maklashyapti. Qolaversa, bu kelajakda ham Yahova yonimda bo‘lishiga ishontiryapti».

6. Qanday qilib 1 Butrus 5:9, 10 yolg‘izlik tuyg‘usi bilan kurashayotganlarga dalda berishi mumkin?

6 O‘zini yolg‘iz his qilayotgan imondoshlarimizga Yahova qanday yordam berayotgani haqida o‘ylang. (1 Butrus 5:9, 10 ni o‘qing.) Ko‘p yillardan beri oilada yolg‘iz o‘zi Yahovaga xizmat qilib kelayotgan Xiroshi ismli birodarimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Jamoatda shuni ko‘rish mumkinki, hammada o‘ziga yarasha muammosi bor. Barchamiz Yahovaga xizmat qilish uchun eng a’losini berayotganimizni bilish haqiqatda yolg‘iz bo‘lganlarga dalda berishi mumkin».

7. Ibodat sizga qanday yordam beradi?

7 Muntazam ravishda ibodat qiling, Kalomni o‘qing va yig‘ilishlarga qatnang. Bu ichimizdagi borini Yahovaga to‘kib-solishni o‘z ichiga oladi. (1 Butr. 5:7) Massiel shunday deb bo‘lishdi: «Yolg‘izlik bilan kurashishimga yordam bergan eng muhim narsalardan biri Yahovaga sidqidildan ibodat qilishim bo‘ldi». Bu yosh singlimiz haqiqat tarafini egallaganida, o‘zini oila a’zolaridan ajralib qolganday his etgan. U quyidagicha qo‘shib qo‘ydi: «Yahova men uchun chinakam Otamday edi va har kuni ko‘p marta Unga ibodat qilardim. Nimalarni his qilayotganimni bilishini istardim».

Muqaddas Kitob va adabiyotlarimizning audioyozuvlarini tinglash o‘zini yolg‘iz his qilayotganlarga yordam berishi mumkin (8-xatboshiga qarang.) *

8. Muqaddas Kitobni o‘qish va ustida mulohaza yuritish sizga qay yo‘sin yordam beradi?

8 Yahovaning shaxsan sizga nisbatan sevgisi namoyon bo‘lgan aniq bayonotlar ustida mulohaza yuritib, Muqaddas Kitobni muntazam ravishda o‘qing. Biyanka ismli imondoshimiz oila a’zolarining qattiq botadigan gaplariga sabr-bardosh qilishiga to‘g‘ri keladi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Muqaddas Kitobdagi bayonotlarni hamda vaziyatimga o‘xshash qiyinchiliklarni boshdan kechirgan imondoshlarimizning tarjimai hollarini o‘qish va ular ustida mulohaza yuritish menga juda yordam beryapti». Ba’zi masihiylar Zabur 27:10 va Ishayo 41:10 kabi, ayniqsa, tasalli baxsh etadigan oyatlarni yodlab oladi. Ayrimlarga esa yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rganda yoki Muqaddas Kitobni o‘qiganda, audioyozuvlarni tinglash o‘zini kamroq yolg‘iz his etishga ko‘maklashadi.

9. Yig‘ilishlarga qatnash sizga qanday foyda keltiradi?

9 Yig‘ilishlarga muntazam borishga jon kuydiring. U yerda daldali dasturdan foyda olasiz va birodar-u opa-singillar bilan yaxshiroq tanishasiz. (Ibron. 10:24, 25) Yuqorida tilga olingan Massiel quyidagicha bo‘lishdi: «Uyatchan bo‘lishimga qaramay, uchrashuvlarning har biriga borishga hamda sharh berishga qaror qildim. Bu o‘zimni jamoatning bir qismiday his qilishimga ko‘maklashdi».

10. Nima sababdan sadoqatli masihiylar bilan do‘stlashish muhim?

10 Sadoqatli masihiylar bilan do‘stlashing. Jamoatdan sizga o‘rnak bo‘la oladigan do‘stlarni izlang. Ularning yoshi yoki kelib chiqishi siznikidan farq qilishi mumkin. Muqaddas Kitobda «hikmat yoshi ulug‘larda» ekani aytilgan. (Ayub 12:12) Yoshi kattalar ham sadoqatli yoshlardan ko‘p narsani o‘rganishi mumkin. Masalan, Dovud Yo‘natandan ancha yosh edi, lekin bu ular yaqin do‘st bo‘lishiga to‘sqinlik qilmagan. (1 Shoh. 18:1) Dovud va Yo‘natan jiddiy qiyinchiliklarga qaramay, bir-biriga Yahovaga xizmat qilishga yordam bergan. (1 Shoh. 23:16–18) Hozirda yolg‘iz o‘zi Yahovaga xizmat qiladigan Irina shunday dedi: «Chindan ham, birodar-u opa-singillarimiz ma’naviy ota-ona, aka-uka va opa-singillarimizga aylanishi mumkin. Yahova ulardan foydalanib, ehtiyojlarimizni qondira oladi».

11. Yaqin do‘st orttirish uchun nima qilishimiz lozim?

11 Do‘st orttirish, ayniqsa, uyatchan bo‘lsangiz, oson bo‘lmasligi mumkin. Ratna ismli tortinchoq singlimiz ta’qiblarga qaramay, haqiqatni o‘rgangan. U shunday dedi: «Ma’naviy oilamning ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj ekanimni tushunganman». Balki his-tuyg‘ularingizni kim bilandir bo‘lishish qiyindir, ammo bu kabi ochiq muloqot yaqin do‘stlikning asosidir. Do‘stlaringiz sizga dalda berishni va qo‘llab-quvvatlashni istaydi. Biroq ular buni qilishi uchun siz nimaga muhtoj ekaningizni bilishi kerak.

12. Qay yo‘sin xizmat yaxshi do‘stlar orttirishingizga ko‘maklashishi mumkin?

12 Do‘st orttirishning eng yaxshi yo‘llaridan biri xizmatda imondoshlar bilan hamkorlik qilishdir. Yuqorida tilga olingan Kerol quyidagicha dedi: «Opa-singillar bilan va’zgo‘ylikda hamkorlik qilib hamda Yahovaning xizmatida boshqa ishlarni bajarib, ko‘p yaxshi do‘stlar orttirdim. Yahova meni bunday do‘stlar orqali yillar mobaynida qo‘llab-quvvatlab kelyapti». Darhaqiqat, sadoqatli masihiylar bilan do‘stlashish uchun jon kuydirish arziydi. Yahova bunday do‘stlardan foydalanib, yolg‘izlik kabi tushkunlikka tushiradigan tuyg‘ular bilan kurashishingizga yordam beradi. (Hik. 17:17)

BOSHQALARGA O‘ZINI OILAMIZ A’ZOSIDAY HIS QILISHIGA YORDAM BERING

13. Jamoatdagi barcha qanday mas’uliyatga ega?

13 Hech kim o‘zini yolg‘iz his qilmasligi uchun barchamiz jamoatda sevgi hamda tinchlik hukm surishiga hissa qo‘shish kabi mas’uliyatga egamiz. (Yuhan. 13:35) Qilgan ishimiz va aytgan gapimiz boshqalarga dalda berishi mumkin. Bir opamiz nima deb aytganiga e’tibor bering: «Haqiqatga kelganimda jamoat oilamga aylandi. Ularning ko‘magisiz Yahovaning Shohidi bo‘la olmasdim». Haqiqatda yolg‘iz bo‘lganlar o‘zini jamoatning bir qismiday his etishi uchun nima qilsangiz bo‘ladi?

14. Yangi kelganlar bilan qay yo‘sin do‘stlasha olasiz?

14 Do‘st tutinishda tashabbus ko‘rsating. Jamoatga yangi kelganlarni iliq qarshi olishdan boshlashimiz mumkin. (Rim. 15:7) Lekin iliq salom-alik qilishning o‘zi yetarli emas. Vaqt o‘tgani sayin, do‘stligimiz yanada mustahkam bo‘lishini xohlaymiz. Shunday ekan, yangi kelganlarga iliq va samimiy qiziqish ko‘rsating. Xijolatga soladigan savollarni bermay, ular qanday muammolarni boshdan kechirayotganini tushunishga intiling. Ba’zilar uchun his-tuyg‘ularini ifoda qilish oson bo‘lmasligi mumkin. Shu bois, gapirishga majburlashdan ehtiyot bo‘ling. Buning o‘rniga mulohazakorlik ila savollar berib, sabr bilan tinglang. Shu yo‘sin, muloyimlik ila ularning fikrlari-yu his-tuyg‘ularini biling. Masalan, ular haqiqatni qanday bilib olganini so‘rasangiz bo‘ladi.

15. Qay yo‘sin ma’nan yetuk masihiylar jamoatdagilarga ko‘maklasha oladi?

15 Ma’nan yetuk masihiylar, ayniqsa, oqsoqollar jamoatdagi barchaga qiziqish ko‘rsatsa, ular ma’nan o‘sadi. Melissa haqiqatda ulg‘aygan va faqat onasi Yahovaga xizmat qiladi. Melissa shunday dedi: «Yillar davomida birodarlar men uchun ma’naviy ota bo‘lib, doim yonimda bo‘lgani uchun juda minnatdorman. Har qachon gaplashmoqchi bo‘lganimda, meni tinglaydigan odam bo‘lardi». Maurisio ismli yosh birodar bilan tadqiq o‘tkazgan birodar faoliyatsiz bo‘lib qolgan. O‘shanda Maurisio o‘zini tashlab ketilganday his qilgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Oqsoqollarning ko‘rsatgan shaxsiy qiziqishi menga katta yordam berdi. Ular muntazam ravishda men bilan suhbatlashardi, xizmat qilardi, shaxsiy tadqiqida topgan marvaridlar bilan bo‘lishardi va hatto sport o‘yinlarini o‘ynardi». Melissa hamda Maurisio to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etishni davom ettirmoqda.

Jamoatingizda kim, ayniqsa, u bilan vaqt o‘tkazishingizga muhtoj? (16–19-xatboshilariga qarang.) *

16, 17. Qanday amaliy yo‘llar orqali boshqalarga yordam berishimiz mumkin?

16 Amaliy yordam ko‘rsating. (Galat. 6:10) Oila a’zolaridan uzoqda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilayotgan Leo quyidagilarni aytdi: «Ko‘pincha siz muhtoj bo‘lgan narsa o‘z vaqtida qilingan yaxshilik, xolos. Bir safar avtohalokatga uchragandim. Uyga kelganimda rosa stressda edim. Ammo bir juftlik meni uyiga mehmonga taklif qildi. Nima yeganimiz esimda yo‘q, lekin meni diqqat ila tinglashgani hali ham yodimda. Natijada o‘zimni ancha yaxshi his qildim».

17 Tuman anjumanlari va hududiy anjuman kabi ma’naviy tadbirlardan zavq olamiz. Buning sabablaridan biri birgalikda vaqt o‘tkazamiz va dastur to‘g‘risida suhbatlashamiz. Ammo yuqorida tilga olingan Kerol shunday dedi: «Anjumanlarda o‘zimni juda yolg‘iz his qilaman». Nima uchun? «Garchi atrofimda yuzlab, hatto minglab birodar-u opa-singillar bo‘lsa-da, ko‘pincha ularning barchasi oilasi bilan bo‘ladi. Bu paytda menda yolg‘izlik tuyg‘usi, ayniqsa, kuchli bo‘ladi». Boshqalar uchun esa turmush o‘rtog‘i hayotdan ko‘z yumgandan keyin ilk bor anjumanga borish qiyin kechadi. Bu kabi qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazayotgan biron kishini bilasizmi? Balki keyingi ma’naviy tadbirda unga oilangiz bilan birga bo‘lishni taklif etarsiz.

18. Mehmondorchilik ko‘rsatganingizda, qay yo‘sin 2 Korinfliklarga 6:11–13 ni qo‘llay olasiz?

18 Birga vaqt o‘tkazing. Turli birodar-u opa-singillar, ayniqsa, o‘zini yolg‘iz his qilishi mumkin bo‘lganlar bilan vaqt o‘tkazishga harakat qiling. Ha, bunday imondoshlarimizga «bag‘rimizni keng ochishni» istaymiz. (2 Korinfliklarga 6:11–13 ni o‘qing.) «Birodar-u opa-singillarimiz bizni mehmonga taklif qilganda juda xursand bo‘lardik»,— deb aytdi yuqorida tilga olingan Melissa. Jamoatingizdan kimga mehmondorchilik ko‘rsatishingiz mumkin?

19. Ayniqsa, qachon imondoshlarimiz bilan vaqt o‘tkazish ularga yordam berishi mumkin?

19 Gohida shunday paytlar bo‘lishi mumkinki, imondoshlarimiz ular bilan birga vaqt o‘tkazganimiz uchun juda minnatdor bo‘ladi. Ba’zilar uchun bayramlar paytida Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan qarindoshlari orasida bo‘lish qiyin kechishi mumkin. Boshqalar uchun esa muayyan sanalar, masalan, yaqinining o‘lgan kuni juda og‘riqli kechar. Bu kabi qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazayotgan birodar-u opa-singillarga vaqt ajratsak, ular uchun «chin dildan g‘am chekayotganimizni» ko‘rsatamiz. (Filip. 2:20)

20. Isoning Matto 12:48–50 dagi so‘zlari o‘zimizni yolg‘iz his etganda, qanday yordam berishi mumkin?

20 Masihiylar nega gohida o‘zlarini yolg‘iz his qilishining ko‘pgina sabablari bor. Biroq Yahova bunday hissiy kechinmalarimizdan to‘liq boxabar ekanini aslo yodimizdan chiqarmasligimiz darkor. U biz muhtoj bo‘lgan narsani ko‘pincha imondoshlar orqali taqdim etadi. (Matto 12:48–50 ni o‘qing.) Birodar-u opa-singillarimizga yordam berish uchun qo‘ldan kelganini qilganimizda, Yahova ato etgan jamoat uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. Ba’zida o‘zimizni qanday his qilishimizdan qat’i nazar, aslo yolg‘iz emasmiz, chunki Yahova doim yonimizda!

46-QO‘SHIQ Rahmat Senga, Yahova

^ 5- x.b. Ba’zida yolg‘izlik tuyg‘usi bilan kurashib turasizmi? Unday bo‘lsa, amin bo‘lingki, Yahova bu kurashingizdan xabardor va sizni qo‘llab-quvvatlashni istaydi. Bu maqolada yolg‘izlik tuyg‘usini yengish uchun nima qilishingiz mumkinligini muhokama qilamiz. Qolaversa, o‘zini yolg‘iz his qilayotgan imondoshlarimizga qay yo‘sin dalda berish mumkinligini bilib olamiz.

^ 5- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Xotini hayotdan ko‘z yumgan birodar Muqaddas Kitob va adabiyotlarimizning audioyozuvlarini tinglashdan foyda olyapti.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. Birodar qizi bilan jamoatidagi yoshi katta birodarnikiga kelib mehribonlik ko‘rsatyapti.