Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari.

O‘quvchilarning savollari.

Havoriy Pavlus: «Qonun uchun qonun orqali o‘ldim»,— deb aytganda nimani nazarda tutgan? (Galat. 2:19)

Pavlus shunday deb yozgan: «Endi men Xudo uchun yashay deb, qonun uchun qonun orqali o‘ldim». (Galat. 2:19)

Pavlusning yozganlari Rimning Galatiya viloyatidagi jamoatlarga aytgan asosiy fikrlariga mos edi. U yerdagi ba’zi masihiylar soxta ustozlarning ta’siri ostida edi. Ular najotga erishish uchun kishi Musoning Qonunidagi talablarga, ayniqsa, sunnat masalasiga amal qilish kerakligi to‘g‘risida ta’lim berardi. Lekin Pavlus Alloh xudojo‘y kishilardan sunnat qilinishni boshqa talab qilmasligini bilardi. U mantiqan muzokara yuritib, ushbu ta’limotlar soxta ekanini isbotlardi hamda birodarlarini Iso Masihning to‘lov qurbonligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlardi. (Galat. 2:4, 5:2)

Muqaddas Kitobda odam o‘lsa, hech narsani bilmasligi yoki atrofidagi bironta narsa unga ta’sir qilmasligi aniq qilib aytilgan. (Voiz 9:5) Pavlus «qonun uchun o‘ldim» deganda, endi Musoning Qonuni bo‘yicha yashamayapman, deb aytmoqchi bo‘lgan. U to‘lov qurbonligiga bo‘lgan ishonchi orqali «Xudo uchun yashayotganiga» amin edi.

Pavlusning vaziyatidagi bu o‘zgarish «qonun orqali» sodir bo‘lgan edi. Qanday qilib? U buni sal avvalroq quyidagicha tushuntirgan: «Odam qonunga amal qilgani tufayli emas, Iso Masihga bo‘lgan imoni orqali odil deb e’lon qilinadi». (Galat. 2:16) To‘g‘ri, Musoning Qonuni muhim vazifani bajargan. Pavlus galatiyaliklarga buni quyidagicha tushuntirgan: «Tavrot... va’dani olgan zurriyot kelmaguncha jinoyatlarni oshkor etish uchun... berilgan». (Galat. 3:19) Ha, Musoning Qonunidan nomukammal gunohkor odamlar bu qonunga a’lo darajada amal qila olmasligi va ular so‘nggi mukammal qurbonlikka muhtoj ekani yaqqol ko‘ringan. Xullas, Musoning Qonuni odamlarni «zurriyot», ya’ni Masihga yetaklagan. Iso Masihga ishonish orqali kishi Xudo tomonidan odil, deb e’lon qilinishi mumkin. (Galat. 3:24) Pavlus Musoning Qonuni orqali Masihni qabul qilgani va unga ishongani tufayli odil, deb e’lon qilingan. Buning natijasida, Pavlus «qonun uchun» o‘lgan, «Xudo uchun» esa yashay boshlagan. Endi, u Qonunning kuchi ostida emas, balki Xudoning qudrati ostida edi.

Pavlus rimliklarga yo‘llagan maktubida ham shunga o‘xshash fikrni aytib o‘tgan: «Birodarlarim, sizlar ham Masih badani vositasida Tavrot uchun o‘lgansiz. [...] Bizni qachonlardir mahkam ushlab turgan Tavrot uchun o‘lib, undan ozod bo‘ldik». (Rim. 7:4, 6) Bu oyatlarda va Galatiyaliklarga 2:19 da Pavlus Musoning Qonuni ostida hukm etilgan gunohkor sifatida o‘lish kerakligi haqida aytmagan. Aksincha, u ozod bo‘lish to‘g‘risida aytgan. Endi, Musoning Qonuni Pavlus va unga o‘xshab Masihning to‘loviga ishongan va ozod etilganlar ustidan hech qanday kuchga ega emas edi.