Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

24-TADQIQ MAQOLASI

Shaytonning tuzoqlaridan qutula olasiz!

Shaytonning tuzoqlaridan qutula olasiz!

Iblisning tuzog‘idan qutuling. 2 TIM. 2:26

36-QO‘SHIQ Qalbingizni asrang

BU MAQOLADA *

1. Nega Shaytonni ovchi bilan solishtirsa bo‘ladi?

OVCHINING asosiy maqsadi o‘ljani qo‘lga tushirish yoki uni o‘ldirish bo‘ladi. U turli xil tuzoqlardan yoki qopqonlardan foydalanishi mumkin. Hatto Ayubning soxta yupatuvchilaridan biri ham bu haqda aytgan. (Ayub 18:8–10) Qay yo‘sin ovchi o‘ljasini tuzoqqa tushirishi mumkin? U hayvonni yaxshilab kuzatadi: qayerga boradi, nimani yoqtiradi, qanday qopqon eng yaxshisi ekani haqida o‘ylaydi. Shayton ham shunday ovchiga o‘xshaydi. U bizni o‘rganib chiqadi: qayerga borishimizga hamda nimani yaxshi ko‘rishimizga diqqat qaratadi. So‘ng u tuzoq turini tanlaydi va biz kutmagan paytda unga tushishimizga umid qiladi. Biroq Muqaddas Kitobda aytilishicha, agar tuzoqqa tushib qolsak, undan qutulishimiz mumkin. Qolaversa, Kalomdan qay yo‘sin bu tuzoqlardan qochishimiz mumkinligini bilib olamiz.

Mag‘rurlik va ochko‘zlik Shaytonning ikkita eng samarali quroli bo‘lib kelmoqda (2-xatboshiga qarang.) *

2. Shaytonning eng ko‘p ish berayotgan ikkita tuzog‘i qanday?

2 Shaytonning eng ko‘p ish beradigan tuzoqlaridan ikkitasi mag‘rurlik va ochko‘zlikdir *. Minglab yillardan beri Shayton bunday illatlardan muvaffaqiyat ila qo‘llanib kelyapti. U qush tutuvchi kabi o‘ljasini tuzoq yoki to‘rdan foydalanib ushlab olmoqchi. (Zab. 91:3) Ammo Shaytonning tuzog‘idan qochishimiz mumkin. Qiziq, qanaqasiga? Yahova Shayton qo‘llayotgan hiylalarni bizga ochib beryapti. (2 Kor. 2:11)

Ogohlantiruvchi misollardan saboq olib, Iblisning tuzoqlaridan qocha olamiz yoki qutula olamiz (3-xatboshiga qarang.) *

3. Nega Yahova muayyan misollarni Muqaddas Kitobga yozdirgan?

3 Yahova turli yo‘llar orqali mag‘rurlik va ochko‘zlik borasida ogohlantiradi. Masalan, U bizni hayotiy misollardan o‘rganishga undaydi. Shayton Yahovaga hatto ko‘p yillardan beri xizmat qilgan ba’zilarni qay yo‘sin tuzoqqa tushirganini ko‘rib chiqamiz. Bu mag‘rur hamda ochko‘z bo‘lmaslikning imkoni yo‘q deganimi? Aslo. Yahova bu misollarni biz uchun «ogohlantirish sifatida» Muqaddas Kitobga yozdirgan. (1 Kor. 10:11) U ogohlantiruvchi misollardan o‘rganishimiz hamda Iblisning tuzoqlaridan qochishimiz yoki qutula olishimiz mumkinligini biladi.

MAG‘RURLIK TUZOG‘I

See paragraph 4-xatboshiga qarang.

4. Mag‘rurlik nimaga olib keladi?

4 Shayton mag‘rur bo‘lib qolishimizni xohlaydi. U shuni biladiki, mag‘rurlik bizni boshqarishiga yo‘l qo‘ysak, u kabi bo‘lib qolamiz va abadiy hayotni qo‘ldan boy beramiz. (Hik. 16:18) Shuning uchun, havoriy Pavlus inson «mag‘rurlanib Iblisga chiqarilgan hukm ostida» qolishi mumkin, deb ogohlantirgan. (1 Tim. 3:6, 7) Yahovaga ko‘p yillardan buyon xizmat qilyapsizmi yoki endi boshladingizmi, bu har birimiz bilan yuz berishi hech gap emas.

5. Voiz 7:16, 20 ga ko‘ra, qay yo‘sin kishi mag‘rurlikni namoyon etishi mumkin?

5 Mag‘rur odamlar xudbin bo‘ladi. Shayton, ayniqsa, qiyinchiliklarga duch kelganimizda diqqatimizni Yahovaga emas, ko‘proq o‘zimizga qaratishimizni va xudbin bo‘lishimizni xohlaydi. Misol uchun, tuhmatga qolganmisiz yoki sizga nohaq munosabatda bo‘lishganmi? Shayton siz Yahovani yoki birodarlaringizni ayblashingizni ko‘rishni yaxshi ko‘radi. Qolaversa, Iblis muammoning yagona yechimi Yahova O‘z Kalomi orqali berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish emas, balki o‘zingizga tayanish, deb bilishingizni istaydi. (Voiz 7:16, 20 ni o‘qing.)

6. Niderlandiyadagi opamizdan qanday saboq olishingiz mumkin?

6 Niderlandiyadagi bir opamizning misoliga nazar solaylik. Boshqalarning nomukammalligi uning g‘ashini keltirardi. U bunday odamlar bilan boshqa vaqt o‘tkazishni xohlamagan. U shunday dedi: «O‘zimni juda yolg‘iz his qilardim va ularni kechira olmasdim. Erimga boshqa jamoatga o‘tishni aytgandim» Keyin u JW Internet-televideniesining 2016-yil mart oyining. dasturini tomosha qildi. O‘sha dasturda boshqalarning nomukammalligiga qay yo‘sin sabr-bardosh qilish borasida ayrim tavsiyalar keltirilgan. U yana shunday dedi: «Jamoatdagi birodar-u opa-singillarni o‘zgartirishga intilish emas, balki rostgo‘ylik va kamtarinlik ila o‘z xatolarimga diqqatli bo‘lishim kerakligini tushundim. O‘sha dastur e’tiborimni Yahova hamda Uning hukmdorligiga qaratishga ko‘maklashdi». Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Biron muammoga duch kelsangiz, Yahovaga ko‘z tiking. Yahovadan boshqalarga U kabi nuqtai nazarda bo‘lishingizga yordam berishini iltijo qilib so‘rang. Samoviy Otamiz ularning xatolarini ko‘rib turibdi. Shunday bo‘lsa-da, ularni kechirishga tayyor. U siz ham shunday yo‘l tutishingizni istaydi. (1 Yuhan. 4:20)

7-xatboshiga qarang.

7. Shoh Uzziyo bilan nima sodir bo‘ldi?

7 Yahudo shohi Uzziyoning mag‘rurligi maslahatni rad etishiga hamda o‘zbilarmonlarcha yo‘l tutishiga sabab bo‘ldi. Uzziyo juda qobiliyatli edi. U harbiy yurishlarda, shaharlar-u minoralar qurishda hamda qishloq xo‘jaligi rivojida muvaffaqiyatli bo‘lgandi. «Haq Tangri unga qut-barakalar yog‘dirdi». (2 Sol. 26:3–7, 10) «Ammo u kuchayganidan keyin, nihoyatda mag‘rurlanib ketdi va bu uni halokatga yetakladi». Yahova oldinroq ma’badda faqat ruhoniylar tutatqi tutatishi mumkin, deb amr bergan edi. Biroq shoh Uzziyo o‘zbilarmonlarcha ma’badga kirib, tutatqi tutatdi. Bu Yahovaga ma’qul kelmadi va mag‘rurlikka berilgan shohni moxov kasalligiga duchor qildi. Uzziyo umrining oxirigacha sog‘aymadi. (2 Sol. 26:16–21)

8. Qanday qilib 1 Korinfliklarga 4:6, 7 ga amal qilish mag‘rurlikdan qochishimizga ko‘maklashadi?

8 Biz ham Uzziyo kabi mag‘rur bo‘lib, gunohga qo‘l urishimiz mumkinmi? Keling, Xosening misoliga e’tibor beraylik. U ishi yurishgan tadbirkor va jamoatda oqsoqol edi. Hamma uni hurmat qilardi. U anjumanlarda nutqlar so‘zlardi va tuman nozirlari undan maslahat so‘rashardi. Xose shunday deb bo‘lishdi: «Men qobiliyatim va tajribamga tayanardim. Men Yahovaga tayanmasdim, o‘zimni kuchli deb Uning ogohlantiruvlariga va maslahatlariga quloq solmasdim». Xose jiddiy gunohga qo‘l urdi va jamoatdan chetlatildi. Bir necha yil oldin u tiklandi. Hozir u shunday demoqda: «Yahova menga unvon emas, balki bizga aytayotgan narsalarni qilishimiz eng muhimi ekanini o‘rgatdi». Keling, har qanday qobiliyatimiz va jamoatdagi vazifamiz Yahovadan ekanini unutmaylik. (1 Korinfliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.) Mag‘rur bo‘lsak, Yahova bizdan foydalanmaydi.

OCHKO‘ZLIK TUZOG‘I

9-xatboshiga qarang.

9. Shayton va Momohavoning ochko‘zligi nimaga olib keldi?

9 Ochko‘zlik borasida o‘ylaganimizda, ehtimol, Shayton Iblis xayolimizga kelar. Yahovaning farishtalaridan biri sifatida Shayton ko‘p sharafli vazifalarga ega bo‘lgandir. Biroq u bu bilan kifoyalanmadi. U faqatgina Yahova haqli ravishda loyiq bo‘lgan topinishni istadi. Shu bois, Shayton biz unga o‘xshashimizni va noshukur bo‘lishimizni xohlaydi. U ilk bor Momohavo bilan gaplashganida, bunday qilishga intilgan. Yahova sevgi ila Momohavo hamda uning eriga oziq-ovqatni mo‘l-ko‘l qilib bergan edi. Ular bitta daraxtdan tashqari bog‘dagi «har qanday daraxtning mevasidan» yeya olardi. (Ibt. 2:16) Biroq Shayton Momohavoning ongini zaharlab, taqiqlangan mevadan yeyish kerakligini uqtirdi. Momohavo o‘zida bori bilan qoniqmadi, u bundan ham ko‘prog‘ini istadi. Keyin nima bo‘lganini yaxshi bilamiz. Momohavo gunohga qo‘l urdi va oxiri o‘ldi. (Ibt. 3:6, 19)

10-xatboshiga qarang.

10. Qanday qilib ochko‘zlik shoh Dovud uchun tuzoqqa aylandi?

10 Ochko‘zlik shoh Dovudni Yahova unga bergan narsalarni, jumladan, boylik, mashhurlik va ko‘pgina dushmanlari ustidan qozongan g‘alabani unutishiga olib keldi. Dovud Xudo unga ato etgan hadyalarning «sanog‘iga yeta olmayman», deb buni minnatdorchilik ila tan olgan edi. (Zab. 40:5) Lekin bir safar Dovud Yahova unga bergan narsalar haqida unutib qo‘ydi. U o‘zida boriga shukur qilmadi va ko‘prog‘ini xohladi. Garchi Dovudning bir nechta xotini bo‘lgan bo‘lsa-da, u boshqa kishining xotiniga nisbatan qalbida noo‘rin istak paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ydi. O‘sha ayolning ismi Botsheva, uning eri esa xetiy Uriyo edi. Dovud xudbinlarcha Botsheva bilan jinsiy axloqsizlik qildi va u homilador bo‘ldi. Dovud zino qilgani yetmaganiday, Uriyo o‘ldirilishini ham tashkillashtirdi. (2 Shoh. 11:2–15) Qiziq, u o‘zi nima haqida o‘yladi? Nahotki, u Yahova hammasini ko‘rib turibdi, deb o‘ylamagan bo‘lsa?! Qachonlardir Yahovaga sadoqat ila xizmat qilgan bu inson ochko‘zlikka berildi va bu unga qimmatga tushdi. Yaxshiyamki, Dovud vaqt o‘tgach, gunohini tan oldi va tavba qildi. Yahovaning marhamatiga yana sazovor bo‘lganidan u qanchalar minnatdor bo‘lgandir-a?! (2 Shoh. 12:7–13)

11. Efesliklarga 5:3, 4 ga ko‘ra, ochko‘zlik bilan kurashishimizga nima yordam berishi mumkin?

11 Dovudning misolidan nimani o‘rganyapmiz? Yahova bizga bergan barcha narsa uchun minnatdor bo‘lsak, ochko‘zlik bilan kurashishimiz mumkinligini bilib oldik. (Efesliklarga 5:3, 4 ni o‘qing.) Biz boriga qanoat qilishimiz darkor. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlarga Yahova bergan aniq bir baraka haqida o‘ylashga hamda bu uchun Unga minnatdorchilik bildirishga o‘rgatishimiz mumkin. Agar kishi haftada har kuni bunday qilsa, u yettita turli mavzu haqida ibodat qilgan bo‘ladi. (1 Salon. 5:18) Siz ham shunday yo‘l tutyapsizmi? Yahova sizga qilayotgan yaxshiliklari borasida mulohaza yuritsangiz, bu Undan minnatdor bo‘lishingizga ko‘maklashadi. Minnatdor bo‘lsangiz, boriga qanoat qila olasiz. Boriga qanoat qilsangiz, ochko‘zlik sizdan uzoqlashadi.

12-xatboshiga qarang.

12. Ochko‘zlik dastidan Yahudo Ishqariyot nima qildi?

12 Ochko‘zlik dastidan Yahudo Ishqariyot razil xoinga aylandi. Lekin u doim ham yomon inson bo‘lmagan. (Luqo 6:13, 16) Iso uni havoriy sifatida tanlagan edi. Yahudo Ishqariyot qobiliyatli va ishonchli inson bo‘lganga o‘xshaydi. Chunki Iso uni pul qutisiga mas’ul qilib qo‘ygandi. Iso va havoriylar o‘sha pullardan va’zgo‘ylik faoliyatidagi sarf-xarajatlarini qoplash uchun foydalanardi. O‘sha pullarni bugungi kunda umumjahon ishiga beriladigan xayr-ehsonlarga o‘xshatsa bo‘ladi. Lekin vaqt o‘tgach, Yahudo Ishqariyot Isoning qayta-qayta ochko‘zlik haqida ogohlantirishlarini eshitganiga qaramay, o‘g‘irlik qila boshladi. (Mark 7:22, 23; Luqo 11:39; 12:15) Yahudo Ishqariyot o‘sha ogohlantirishlarni nazariga ilmadi.

13. Yahudo Ishqariyotning ochko‘zligi qachon ayon bo‘ldi?

13 Yahudoning ochko‘zligi Isoni o‘ldirishganidan sal oldin bo‘lgan voqeada yaqqol fosh bo‘ldi. Iso hamda uning shogirdlari, shu jumladan, Maryam va uning opasi Marta o‘tmishda moxov bo‘lgan Simunning uyiga mehmondorchilikka boradi. Ovqatlanayotgan mahal Maryam o‘rnidan turadi va Isoning boshiga anchagina pulga sotib olingan xushbo‘y moyni quyadi. Yahudo hamda boshqa shogirdlar ranjiydi. Ba’zi shogirdlar o‘sha pullar xizmatda ishlatilsa yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylagandir. Biroq Yahudo Ishqariyot ulardan farqli ravishda boshqa narsa sabab xafa bo‘ladi. U «o‘g‘ri» edi va pullarni qutidan o‘g‘irlashni istardi. Yahudo Ishqariyot ochko‘z bo‘lganligi tufayli pulni deb Isoni sotadi. (Yuhan. 12:2–6; Mat. 26:6–16; Luqo 22:3–6)

14. Qanday qilib bir juftlik Luqo 16:13 dagi maslahatga amal qildi?

14 Iso izdoshlariga quyidagi muhim haqiqatni eslatdi: «Sizlar ham Xudoning, ham boylikning qullari bo‘la olmaysizlar». (Luqo 16:13 ni o‘qing.) U hozir ham o‘z kuchini yo‘qotmagan. Keling, Ruminiyadagi bir juftlik Isoning bu so‘zlariga qanday amal qilganiga e’tibor beraylik. Ular rivojlangan bir mamlakatda vaqtincha ishlashga taklif etilgan edi. Ular shunday dedi: «Biz bankka qarz to‘lashimiz kerak edi. Shuning uchun avvaliga o‘sha ishni Yahovaning barakasi, deb o‘yladik». Lekin u tuzoq edi. Agar ular o‘sha ishni qabul qilganida, Yahovaga xizmat qilish uchun kamroq vaqt qolardi. Ular «Qo‘riqchi minorasi»ning 2008-yil 15-avgust sonidagi «Butun qalbingiz bilan Yahovaga sodiq bo‘ling» nomli maqolani o‘qigandan keyin qaror chiqarishdi. «Boshqa mamlakatga ko‘proq pul ishlash uchun borsak, Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarni ikkinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardik. Bu tufayli ma’naviy sog‘ligimizga putur yetishiga amin edik»,— dedi ular. Shu bois, ular o‘sha taklifni rad etdi. Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Eri ularga aynan kerak bo‘lgan ish haqi to‘lanadigan ishni o‘z mamlakatida topdi. Xotini: «Yahovaning qo‘li qisqa emas»,— deb aytdi. Bu juftlik pulni emas, Yahovani Xo‘jayini deb tanlaganidan juda baxtiyor.

SHAYTONNING TUZOQLARIDAN QOCHING

15. Nega Shaytonning tuzoqlaridan qutulish imkoni borligiga amin bo‘lishimiz mumkin?

15 Agar o‘zimizda mag‘rurlik yoki ochko‘zlikni sezsak, nima qilamiz? Undan qutulishimiz mumkin. Pavlusning aytishicha, Iblis tomonidan «tiriklayin tutilgan» kishilar uchun uning tuzog‘idan qutulishing iloji bor. (2 Tim. 2:26) Dovud bilan ham shunday bo‘ldi. U Natanning jiddiy maslahatiga quloq solib, ochko‘zligidan tavba qildi hamda Yahova bilan bo‘lgan munosabatini qayta tikladi. Yahova Shaytondan kuchliroq ekanini aslo yoddan chiqarmang. Shuning uchun Yahovaning yordamini qabul qilsangiz, Iblis qo‘ygan har qanday qopqon yoki tuzoqdan qutula olasiz.

16. Shaytonning tuzoqlaridan qochishimizga nima yordam beradi?

16 Shaytonning qopqoni yoki tuzoqlaridan qutulish yaxshi. Lekin ularga tushib qolishdan yiroqlashish undan ham yaxshiroqdir. Buni faqat Allohning ko‘magi bilan qila olamiz. Ammo o‘zimizga ishonib, mag‘rur bo‘lib qolmayman, deb aslo o‘ylamasligimiz kerak. Yahovaga hatto ancha yillar mobaynida xizmat qilayotganlar mag‘rur yoki ochko‘z bo‘lib qolishi hech gap emas. Yahovaga har kuni iltijo qilib, fikr-xayollaringiz-u xatti-harakatlaringizni tekshirishga yordam berishini so‘rang. (Zab. 139:23, 24) Mag‘rur yoki ochko‘z bo‘lib qolmaslik uchun doim jon kuydiring!

17. Yaqinda dushmanimiz Iblis bilan nima yuz beradi?

17 Shayton minglab yillardan beri ovchilik qilib kelmoqda. Biroq yaqinda u kishanlanadi va oxiri yo‘q qilinadi. (Vah. 20:1–3, 10) O‘sha kunni intiqib kutyapmiz. Ungacha esa Shaytonning tuzoqlaridan ogoh bo‘ling. Mag‘rurlik yoki ochko‘zlik sizni boshqarmasligi uchun jon-jahdingiz bilan harakat qiling. «Iblisga qarshi turish» qaroringiz qat’iy bo‘lsin, «o‘shanda u sizlardan qochadi». (Yoqb. 4:7)

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

^ 5- x.b. Shayton mohir ovchiga o‘xshaydi. Tangri Yahovaga qancha vaqtdan beri xizmat qilishimizdan qat’i nazar, u bizni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘ladi. Bu maqolada qanday qilib Shayton mag‘rurlik va ochko‘zlikdan foydalanib, Alloh bilan bo‘lgan munosabatlarimizga putur yetkazishga intilayotganini bilib olamiz. Shuningdek, mag‘rurlik va ochko‘zlik tuzog‘iga tushib qolgan ba’zilarning misollariga diqqat qaratamiz. Qolaversa, qanday qilib bunday tuzoqlardan qochishimiz mumkinligi haqida gap yuritamiz.

^ 2- x.b. IBORALAR MA’NOSI. Mazkur maqolada mag‘rurlik kishi o‘zini boshqalardan yaxshiroq, deb bilishini anglatishiga diqqat qaratiladi. Shuningdek, ochko‘zlik ko‘proq pulga va kuch-qudratga ega bo‘lishni istashni, jinsiy munosabatlarni yoki shu kabi narsalar birinchi o‘ringa qo‘yishni anglatishi haqida gap ketadi.

^ 53- x.b. RASMGA SHARH. Birodar mag‘rurlik ila oqilona yo‘l-yo‘riqni rad etyapti. Shundoq ham ko‘p narsa olgan opamiz yanada ko‘prog‘iga ega bo‘lishni istayapti.

^ 55- x.b. RASMGA SHARH. Hatto farishta mag‘rurlik tuzog‘iga tushgan va shoh Uzziyo mag‘rurlikka berilgan. Momohavo mevadan yeganining, Dovud Botsheva bilan zino qilganining va Yahudo pul o‘g‘irlaganining sababi ochko‘zlik edi.