Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

26-TADQIQ MAQOLASI

Shogird tayyorlash ishida yordam bera olasizmi?

Shogird tayyorlash ishida yordam bera olasizmi?

Tangri O‘ziga yoqadigan ishlarni qilish uchun sizlarda istak uyg‘otib, kuch ato etadi. FILIP. 2:13

64-QO‘SHIQ O‘rim-yig‘imda quvonch ila qatnashamiz

BU MAQOLADA *

1. Yahova siz uchun nima qildi?

QAY YO‘SIN Yahovaning Shohidi bo‘lgansiz? «Xushxabar»ni ota-onangiz, hamkasbingiz yoki sinfdoshingizdan eshitgandirsiz. Yo bo‘lmasa, Yahovaning Shohidlari uyma-uy va’z qilganda xushxabarni sizga aytgandir. (Mark 13:10) So‘ng kimdir siz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish uchun anchagina vaqti-yu kuchini bag‘ishlagan. Tadqiq davomida Yahovaga nisbatan sevgingiz paydo bo‘lgan va U sizni sevishini tushungansiz. Yahova sizni haqiqatga jalb qildi. Endi Iso Masihning shogirdisiz va abadiy yashash umidiga egasiz. (Yuhan. 6:44) Shubhasizki, Yahova sizga haqiqatni o‘rgatish uchun o‘sha insonni undagani va sizni xizmatchilaridan biri sifatida qabul qilgani uchun Undan minnatdorsiz.

2. Mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

2 Hozir haqiqatni bilamiz va boshqalarga biz bilan hayot yo‘lida yurishga ko‘maklashish kabi sharafga egamiz. Ehtimol, boshqalarga va’z qilish biz uchun osondir, ammo Muqaddas Kitob tadqiqini ularga taklif qilish va ularni o‘tkazish qiyin bo‘lishi mumkin. Siz ham o‘zingizni shunday his qilyapsizmi? Agar «ha» bo‘lsa, ushbu maqoladagi ayrim tavsiyalarni foydali, deb toparsiz. Shogird tayyorlash ishida qatnashishga bizni nima undashini bilib olamiz. Shuningdek, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishga xalaqit berayotgan qiyinchiliklarni qay yo‘sin yengishimiz mumkinligini muhokama qilamiz. Keling, avvaliga nima uchun nafaqat va’z qilishimiz, balki Isoning amrlariga amal qilishni o‘rgatishimiz ham kerakligini ko‘rib chiqamiz.

ISO BIZGA VA’Z QILISH VA TA’LIM BERISH ISHINI TOPSHIRGAN

3. Nega va’z qilamiz?

3 Iso yer yuzida bo‘lganida, izdoshlariga ikkita vazifani topshirgan. Avvalo, u Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni va’z etishni aytgan va ularga buni qay yo‘sin qilishni ko‘rsatgan. (Mat. 10:7; Luqo 8:1) Bundan tashqari, Iso shogirdlariga odamlar Shohlik xabarini qabul qilganida va qabul qilmaganida qanday yo‘l tutish kerakligini aytgan. (Luqo 9:2–5) Qolaversa, u izdoshlarining va’zgo‘ylik faoliyati keng quloch yozishi to‘g‘risida bashorat qilib, ular «hamma xalqlarga shahodat berishini» aytgan. (Mat. 24:14; Havor. 1:8) Odamlar va’zgo‘ylik ishiga qanday munosabat bildirishidan qat’i nazar, shogirdlar Xudoning Shohligi va u nimalarni amalga oshirishi to‘g‘risida ularga aytishi kerak edi.

4. Matto 28:18–20 ga binoan, Shohlik haqida va’z qilishdan tashqari yana nima qilishimiz lozim?

4 Iso yana qanday topshiriq bergan? Iso izdoshlariga odamlarga u amr etgan barcha narsaga amal qilishni o‘rgatishni aytgan. Ba’zilar va’z qilish hamda shogird tayyorlash ishini faqat birinchi asrdagi masihiylarga amr etilgan, deb aytishi mumkin, biroq bu to‘g‘rimi? Yo‘q. Iso bu muhim ish bizning davrimizda, ya’ni zamonaning oxirigacha davom etishini aytgan. (Matto 28:18–20 ni o‘qing.) Iso mazkur topshiriqni, ehtimol, 500 dan oshiq shogirdiga ko‘ringanida bergan. (1 Kor. 15:6) Yuhannoga berilgan vahiyda Iso barcha shogirdlari boshqalarga Yahova haqida bilib olishga ko‘maklashishi kerakligiga ishora qilgan. (Vah. 22:17)

5. Va’z qilish va ta’lim berish o‘rtasidagi bog‘liqlikni havoriy Pavlus qaysi misol yordamida ko‘rsatgan? (1 Korinfliklarga 3:6–9)

5 Havoriy Pavlus shogird tayyorlash ishini hosil o‘stirish bilan solishtirib, bu shunchaki urug‘ ekishdan ko‘prog‘ini o‘z ichiga olishini ko‘rsatgan. U korinfliklarga: «Men ekkanman, Apollos sug‘organ. [...] Sizlar esa Allohning ekinzori»,— deb eslatgan. (1 Korinfliklarga 3:6–9 ni o‘qing.) «Allohning ekinzori»dagi ishchilar sifatida nafaqat urug‘larni ekamiz, balki ularni sug‘oramiz va qay yo‘sin o‘sayotganini muntazam tekshiramiz. (Yuhan. 4:35) Shu bilan birga, urug‘ni o‘stirgan Alloh ekanini tan olamiz.

6. Ta’lim berish ishi nimalarni o‘z ichiga oladi?

6 «Mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lganlarni» izlayapmiz. (Havor. 13:48) Ularga Isoning shogirdi bo‘lishga ko‘maklashish uchun Muqaddas Kitobdan bilib olayotganlarini 1) tushunishga, 2) qabul qilishga va 3) amalda qo‘llashga yordam berishimiz kerak. (Yuhan. 17:3; Kolos. 2:6, 7; 1 Salon. 2:13) Jamoatdagilar tadqiq o‘tayotganlarga sevgi ko‘rsatishda namuna bo‘lish va yig‘ilishga kelganda ularni iliq qarshi olish orqali ularga yordam berishi mumkin. (Yuhan. 13:35) Tadqiq o‘tuvchiga «mustahkam qal’alarday» o‘rnashib olgan e’tiqodi yoki odatlaridan voz kechishga ko‘maklashish uchun tadqiq o‘tkazayotgan kishi ko‘p vaqt hamda kuch sarflashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. (2 Kor. 10:4, 5) U suvga cho‘mish maqsadiga erishishi uchun ko‘p oylar davomida hayotida bunday o‘zgarishlar qilishiga yordam berishimizga muhtoj bo‘lar. Lekin bu harakat qilishimizga arziydi.

SEVGI SHOGIRD TAYYORLASHGA UNDAYDI

7. Va’zgo‘ylik hamda shogird tayyorlash ishida qatnashishga bizni nima undaydi?

7 Nega va’z qilish va shogird tayyorlash ishida qatnashamiz? Birinchidan, Yahovani sevamiz. Va’z qilish hamda shogird tayyorlash amrini bajarish uchun jon kuydirganingizda, Xudoga bo‘lgan sevgingizni namoyon etgan bo‘lasiz. (1 Yuhan. 5:3) Quyidagilar haqida bir o‘ylab ko‘ring: Yahovani sevganingiz uchun odamlarga va’z qilyapsiz. Xo‘sh, mazkur amrga amal qilish osonmi? Ehtimol, unchalik emas. Ilk bor va’zgo‘ylikka chiqqaningizda hayajonlanganmisiz? Shubhasizki, ha. Biroq Iso bu ishda qatnashishingizni istashini bilgansiz va amriga bo‘ysungansiz. Vaqt o‘tgach, va’z qilish siz uchun osonroq bo‘lgandir. Xo‘sh, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Bu haqda o‘ylashning o‘zi sizni cho‘chityaptimi? Balki. Ammo Yahovaga ibodat qilib, U sizga jasoratli bo‘lishga va Muqaddas Kitob tadqiqini boshqalarga taklif qilishga yordam berishini so‘rasangiz, U shogird tayyorlash istagiga ega bo‘lishingizga ko‘maklashadi.

8. Mark 6:34 ga ko‘ra, yana nima bizni boshqalarga ta’lim berishga undashi mumkin?

8 Ikkinchidan, yaqinimizga bo‘lgan sevgi bizni boshqalarga haqiqatni o‘rgatishga undaydi. Bir safar Iso va uning shogirdlari ko‘p va’z qilib, charchab qolgandi. Ular dam olish uchun joy qidirayotgandi. Shunda xaloyiq ularni izlab keldi. Iso ularga achindi va ularga «ko‘p narsalarni» o‘rgata boshladi. (Mark 6:34 ni o‘qing.) U charchagan bo‘lsa ham odamlarga yordam berdi. Nima sababli? U o‘zini o‘sha odamlarning o‘rniga qo‘yib ko‘rdi. Iso ular qanchalar azob chekayotganini — umidga nechog‘lik muhtoj ekanini — ko‘rdi va ularga yordam berishni istadi. Hozir ham odamlar xuddi shunday ahvolda. Ularning tashqi ko‘rinishiga qarab oldindan xulosa chiqarmang. Ular adashgan qo‘ylarday va cho‘ponning yo‘naltirishiga muhtoj. Havoriy Pavlus ularni umidsiz va Xudodan bexabar insonlarday tasvirlagan. (Efes. 2:12) Ular «halokatga olib boradigan» yo‘ldan ketyapti. (Mat. 7:13) Hududimizda yashovchi odamlarning ma’naviy holati borasida mulohaza yuritganimizda, sevgi va rahm-shafqat bizni ularga ko‘maklashishga undaydi. Ularga Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qilish eng zo‘r yordamdir.

9. Filippiliklarga 2:13 ga binoan, qay yo‘sin Yahova sizga yordam bera oladi?

9 Tadqiqqa tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga ko‘p vaqt ketishini bilganingiz uchun Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qilishga ikkilanayotgandirsiz. Agar shunday bo‘lsa, bularni Yahovaga aytib bering. Undan Muqaddas Kitob tadqiqini topish va uni o‘tkazish uchun sizda istak uyg‘otishiga yordam berishini so‘rang. (Filippiliklarga 2:13 ni o‘qing.) Havoriy Yuhanno ibodatlarimiz Allohning irodasiga muvofiq bo‘lsa, ular ijobat bo‘lishini aytgan. (1 Yuhan. 5:14, 15) Shunga amin bo‘lishingiz mumkinki, Yahova shogird tayyorlash ishida qatnashish istagiga ega bo‘lishingizga yordam beradi.

BOSHQA QIYINCHILIKLARNI YENGISH

10, 11. Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishimizga nimalar to‘sqinlik qilishi mumkin?

10 Shogird tayyorlash ishida istaganimizcha ko‘p qilishga to‘sqinlik qiladigan qiyinchiliklarga duch kelsak-da, ta’lim berish amriga jiddiy yondashamiz. Keling, shu kabi qiyinchiliklarning ayrimlarini va ularni qay yo‘sin yengishni ko‘rib chiqamiz.

11 Istaganimizday ko‘p qila olmasligimiz mumkin. Misol uchun, ba’zi va’zgo‘ylarning yoshi o‘tyapti yoki sog‘ligi zaif. Sizning ham vaziyatingiz shunga o‘xshashmi? Shunday bo‘lsa, COVID-19 pandemiyasi tufayli o‘rgangan saboqlarimizdan birini ko‘rib chiqaylik. Telefon yoki boshqa elektron qurilmalardan foydalanish orqali Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazishimiz mumkinligini bilib oldik. Balki o‘z uyingizdan turib Muqaddas Kitob tadqiqlarini boshlashingiz va ularni o‘tkazishingiz mumkin. Shuningdek, buning boshqa foydali tomoni bor. Ba’zilar tadqiq o‘tishdan xursand bo‘ladi. Biroq birodarlar vaqt ajratganda o‘sha kishilarda fursat bo‘lmaydi. Ularning vaqti sahar ertalab yoki kechki payt oqshomda bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, bu paytlarda ular bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkaza olasizmi? Iso Nikodimga kechasi ta’lim bergan, sababi bu vaqt Nikodim uchun qulay edi. (Yuhan. 3:1, 2)

12. Samarali tadqiq o‘tkazishda ishonchimizni oshirishga qaysi omillar yordam beradi?

12 Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish qo‘limdan kelmaydi, deb o‘ylayotgandirmiz. Ehtimol, tadqiq o‘tkazishdan avval qobiliyatliroq bo‘lish yoki ko‘proq bilimga ega bo‘lish kerak, deb o‘ylayotgandirmiz. Shunday bo‘lsa, keling, ishonchingizni oshirishga ko‘maklashadigan uchta omilga diqqat qarataylik. Birinchidan, Yahova sizni boshqalarga ta’lim berishda layoqatli deb biladi. (2 Kor. 3:5) Ikkinchidan, «yer-u osmondagi butun hokimiyatga» ega Isoning o‘zi sizga bu vazifani topshirdi. (Mat. 28:18) Uchinchidan, uni bajarishda boshqalarning yordamiga tayanishingiz mumkin. Iso nima deb aytish kerakligi borasida Otasi unga ta’lim berishiga ishongan. Siz ham bunga ishonishingiz mumkin. (Yuhan. 8:28; 12:49) Bundan tashqari, va’zgo‘ylik guruhingizning noziri, qobiliyatli kashshof yoki tajribali va’zgo‘ydan Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashda va o‘tkazishda sizga yordam berishini so‘rasangiz bo‘ladi. Bunday va’zgo‘ylarning biri tadqiq o‘tkazayotganda, u bilan hamkorlik qilish sizga yordam berishi mumkin.

13. Nega moslashuvchan bo‘lishimiz kerak?

13 Yangi usullarga va yangi asboblarga moslashishga qiynalayotgandirmiz. Gap shundaki, hozir Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish usuli o‘zgargan. Tadqiq uchun mo‘ljallangan asosiy adabiyotimiz — «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobi yordamida tayyorlanish va uni o‘tkazish oldingidan farq qiladi. Bir nechta xatboshini o‘qib, tadqiq o‘tuvchi bilan ko‘proq suhbatlar quramiz. Endi ta’lim berganda, saytimizdagi va «JW Library®» ilovasidagi videolar-u turli ma’lumotlardan ko‘proq foydalanishimiz mumkin. Agar bu asboblardan qanday foydalanishni bilmayotgan bo‘lsangiz, yordam so‘rang. Biz insonlar biron nimani o‘rganganimizday qilishga odatlanganmiz. Ha, nimanidir yangi uslubda qilishni o‘rganishga moslashish biz uchun oson bo‘lmasligi mumkin. Lekin Yahovaning va boshqalarning ko‘magi bilan unga moslashish osonroq bo‘ladi va tadqiq o‘tkazish sizga ko‘proq zavq keltiradi. Bir kashshof aytganiday, ta’lim berishning bu usuli «ham tadqiq o‘tayotgan kishi, ham va’zgo‘y uchun qiziqarlidir».

14. Va’z qilish qiyin bo‘lgan hududda xizmat qilsak, nimani yodda tutishimiz lozim va qay yo‘sin 1 Korinfliklarga 3:6, 7 bizga dalda beryapti?

14 Muqaddas Kitob tadqiqlarini boshlash qiyin bo‘lgan hududda yashayotgandirmiz. Biz va’z qilayotgan xabar odamlarga qiziq bo‘lmasligi yoki hatto ular bunga qarshi chiqishi mumkin. Xo‘sh, ijobiy bo‘lib qolishimizga nima yordam beradi? Unutmang, bu tashvishli dunyoda odamlarning vaziyati tezda o‘zgarishi va qachonlardir qiziqish bildirmaganlar ma’naviy narsalarga chanqoqlikni his qilishi hech gap emas. (Mat. 5:3) Ayrimlar o‘tmishda adabiyotlarimizni olishdan doim bosh tortgandir. Hozir esa Muqaddas Kitob tadqiqiga rozi bo‘lyapti. Shuningdek, Yahova hosil Egasi ekanini bilamiz. (Mat. 9:38) Xudo ekishda va sug‘orishda davom etishimizni istaydi, ammo urug‘ni o‘stirishga U mas’uldir. (1 Kor. 3:6, 7) Bundan tashqari, shuni yodda tutish daldaliki, hozirda Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkaza olmasak-da, Yahova natija emas, harakatlarimiz asosida bizni mukofotlaydi *.

SHOGIRD TAYYORLAB QUVONING

Va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishi insonning hayotiga qanday ta’sir qilishiga e’tibor bering (15–17-xatboshilariga qarang.) *

15. Odam Muqaddas Kitobni tadqiq qilib, o‘rganayotganlarini amalda qo‘llasa, Yahova nimalarni his qiladi?

15 Yahova kishi haqiqatni qabul qilganida va uni boshqalar bilan bo‘lishganida xursand bo‘ladi. (Hik. 23:15, 16) Ha, U bugungi kunda nimalar sodir bo‘layotganini ko‘rib, juda quvonayotgandir. Masalan, butun dunyoda pandemiya bo‘lishiga qaramay, 2020 xizmat yili davomida 7 705 765 ta tadqiq o‘tkazildi va 241 994 ta odam o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mdi. O‘z navbatida, bu yangi shogirdlar Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazib, ko‘proq shogird tayyorlashda hissa qo‘shadi. (Luqo 6:40) Shubhasizki, shogird tayyorlash ishida qatnashib, Yahovani xursand qilyapmiz.

16. Qanday maqsad qo‘yishimiz mumkin?

16 Shogird tayyorlash oson emas, ammo Yahovaning yordami bilan bu ishda qatnashib, yangi shogirdlarga Uni yaxshi ko‘rishni o‘rgata olamiz. Kamida bitta tadqiq boshlab, uni o‘tkazishni maqsad qilib qo‘ya olamizmi? Biz uchratgan odamlarga tadqiq taklif qilish uchun har fursatdan foydalanganda, bu qanday natija keltirishi bizni hayron qoldirishi mumkin. Aminmizki, Yahova harakatlarimizga baraka yog‘diradi.

17. Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazsak, nimani his qilamiz?

17 Haqiqatni va’z qilish va o‘rgatish sharafiga egamiz. Bundan rosa baxtiyormiz. Salonikada ko‘plarga Masihning shogirdi bo‘lishga yordam bergan havoriy Pavlus his-tuyg‘ularini quyidagicha ifodalagan: «Hazratimiz Isoning hozir bo‘lish paytida uning oldida umidimiz yoki quvonchimiz yo faxrlanadigan tojimiz kim? Sizlar emasmi? Ha, bizning shon-sharafimiz va quvonchimiz sizlarsiz». (1 Salon. 2:19, 20; Havor. 17:1–4) Ko‘plar o‘zini shunday his qilyapti. Eri bilan ko‘plarga suvga cho‘mishga yordam bergan Stefani quyidagicha dedi: «Odamlarga o‘zini Yahovaga bag‘ishlashga yordam berishdan ulkan quvonch yo‘q».

57-QO‘SHIQ Har turli odamlarga va’z qilamiz

^ 5- x.b. Yahova bizga nafaqat boshqalarga va’z qilish, balki ularga Iso amr etgan barcha narsaga amal qilishni o‘rgatish sharafini ham bergan. Bunday qilishga bizni nima undaydi? Va’z qilish va shogird tayyorlash ishida qanday qiyinchiliklarga duch kelyapmiz? Ularni qay yo‘sin yenga olamiz? Mazkur maqolada ushbu savollarning javobini ko‘rib chiqamiz.

^ 14- x.b. Shogird tayyorlashda qay yo‘sin hissa qo‘sha olishimiz borasida ko‘proq bilish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2021-yil mart sonidagi «Jamoatdagi barcha Kalomni o‘rganayotganlarga suvga cho‘mishga yordam bera oladi» nomli maqolaga qarang.

^ 53- x.b. RASMGA SHARH. Tadqiq yordamida insonning hayoti o‘zgarishi mumkinligiga e’tibor bering. Boshida kishi haqiqatni bilmaydi va hayoti mazmunsizday ko‘rinyapti. So‘ng Yahovaning Shohidlari va’z qilayotib, uni uchratdi va u tadqiq o‘tishga rozi bo‘ldi. O‘rganganlari uni o‘zini Xudoga bag‘ishlashga va suvga cho‘mishga yetakladi. Vaqt o‘tib u ham shogird tayyorlash ishida qatnashdi. Nihoyat jannatda abadiy hayotdan zavq olyapti.