Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

27-TADQIQ MAQOLASI

Tangri Yahova kabi sabr-bardoshli bo‘ling

Tangri Yahova kabi sabr-bardoshli bo‘ling

Sabr-bardosh qilib joningizni qutqarasizlar. LUQO 21:19

114-QO‘SHIQ «Sabr-toqat qiling»

BU MAQOLADA *

1, 2. Qay yo‘sin Yahovaning Ishayo 65:16, 17 dagi so‘zlari taslim bo‘lmasligimizga ko‘maklashmoqda?

«TASLIM BO‘LMANG!» — 2017-yilgi hududiy anjuman dasturining dalda baxsh etuvchi nomi. Mazkur dasturdan boshimizga tushayotgan muammolarda qay yo‘sin sabr-bardoshli bo‘lishimiz mumkinligini bilib oldik. Mana, oradan to‘rt yil o‘tdi va hanuzgacha ushbu yovuz dunyoda yashayapmiz.

2 Yaqin orada qanday muammolarga duch keldingiz? Oila a’zoingiz yoki yaqin do‘stingiz vafot etdimi? Jiddiy kasallikka yo‘liqdingizmi? Yoshingiz o‘tgani tufayli hayot qiyinlashyaptimi? Tabiiy ofat, zo‘ravonlik yo ta’qiblarga duch keldingizmi? Yoki COVID-19 pandemiyasi kabi kasallik asoratidan azob chekyapsizmi? Barchamiz bularning bari ortda qoladigan, unutiladigan va aslo takrorlanmaydigan paytni intiqib kutyapmiz. (Ishayo 65:16, 17 ni o‘qing.)

3. Hozir nima qilishimiz kerak va nega?

3 Bu dunyodagi hayot qiyin va kelajakda bundan ham mushkulroq muammolarga duch kelishimiz mumkin. (Mat. 24:21) Shunisi aniqki, yanada sabr-bardoshli bo‘lishni o‘rganishda davom etishimiz kerak. Negaki, Iso: «Sabr-bardosh qilib joningizni qutqarasizlar»,— deb aytgan. (Luqo 21:19) Boshqalar biznikiga o‘xshash muammolarga qay yo‘sin sabr-bardosh qilib kelayotgani haqida o‘ylasak, yanada sabr-bardoshli bo‘lamiz.

4. Nega Yahovani sabr-bardosh borasida eng a’lo namuna deb ayta olamiz?

4 Sabr-bardosh borasida eng a’lo namuna kim? Tangri Yahova. Javobidan hayronmisiz? Ehtimol. Lekin bir narsa haqida o‘ylab ko‘ring. Bu dunyo Iblisning nazorati ostida va u muammolarga to‘lib-toshgan. Yahova ularni bir zumda bartaraf etishga qodir, biroq U maqbul vaqtni kutyapti. (Rim. 9:22) Ammo Alloh bu dunyoni yo‘q qilguniga qadar sabr-bardosh qiladi. Keling, Yahova sabr-bardosh qilayotgan to‘qqizta sohani ko‘rib chiqamiz.

YAHOVA NIMALARGA SABR-BARDOSH QILYAPTI?

5. Xudoning ismi qay yo‘sin oyog‘osti qilinmoqda va bundan nimalarni his qilyapsiz?

5 Yahovaning ismiga dog‘ tushirilgan. Yahova ismini yaxshi ko‘radi va barcha bu ismga nisbatan hurmat ko‘rsatishini istaydi. (Ishayo 42:8) Biroq so‘nggi olti ming yil davomida Uning ismi oyog‘osti qilinyapti. (Zab. 74:10, 18, 23) Bu Adan bog‘ida boshlangan. O‘shanda Iblis (ma’nosi «tuhmatchi») Xudoni Odamato va Momohavo baxtli bo‘lmasligi uchun ulardan bir narsani yashirishda ayblagan. (Ibt. 3:1–5) O‘shandan beri Xudovand Yahova odamlardan ular muhtoj bo‘lgan narsani yashirishda ayblanmoqda. Iso Otasining ismiga dog‘ tushirilayotganidan xavotirlangan. Shuning uchun, shogirdlarini shunday ibodat qilishga o‘rgatgan: «Osmondagi Otamiz, isming muqaddas bo‘lsin». (Mat. 6:9)

6. Nega Yahova hukmdorligiga tegishli masala hal qilinishi uchun shuncha vaqt o‘tishiga yo‘l qo‘ymoqda?

6 Ko‘plar Xudoga va Uning hukmdorligiga qarshi. Yahova osmon-u yerni boshqarish huquqiga mutlaq loyiq bo‘lib, Uning boshqarish tarzi eng a’losidir. (Vah. 4:11) Biroq Iblis farishtalar-u odamlar Xudo bunday huquqqa ega emas, degan fikrga borishini istab, ularni yo‘ldan ozdirishga harakat qildi. Hukmdorlik qilishga Yahova haqli ekani borasidagi masalani bir kechada hal qilib bo‘lmasdi. Xudo odamlar uzoq vaqt davomida mustaqil ravishda hukmronlik qilishiga yo‘l qo‘ydi. Bu bilan U odamlar Yaratuvchisiz muvaffaqiyatga erishmasligini ko‘rsatmoqchi. (Yerm. 10:23) Xudoning sabr-bardoshi tufayli U yer-u osmonni boshqarish huquqiga ega ekaniga hech kimning shubhasi qolmaydi. Yahovaning boshqarish tarzi eng a’losi ekanini va faqat Uning Shohligi yer yuzida haqiqiy tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishini barcha bilib oladi!

7. Yahovaga qarshi kim isyon ko‘tardi va U qanday chora ko‘radi?

7 Uning ba’zi farzandlari isyon ko‘tardi. Yahova farishtalarni va odamlarni mukammal, ya’ni nuqsonsiz qilib yaratgandi. Lekin keyinchalik Shayton (ma’nosi «dushman») bo‘lgan bitta farishta ilk mukammal juftlikni Yahovaga qarshi isyon ko‘tarishga undadi. Boshqa farishtalar va odamlar bu isyonga qo‘shildi. (Yahd. 6) Keyinchalik hatto Xudo tanlagan xalqdagi — Isroil xalqidagi ba’zilar Yahovani rad etib, soxta xudolarga sajda qila boshladi. (Ishayo 63:8, 10) Ha, ular Yahovaga xiyonat qildi. Biroq U sabr-bardosh qilmoqda. Barcha isyonchilarni yo‘q qilish vaqti kelguniga qadar U sabr-bardosh qilishda davom etadi. O‘sha vaqt kelganida esa Yahova hamda Unga sadoqatli bo‘lganlar sabr-bardosh qilishga hojat bo‘lmagani uchun quvonadi!

8, 9. Yahova haqida qanday yolg‘onlar aytilyapti va bu borada biz nima qilishimiz mumkin?

8 Iblisning cheksiz yolg‘onlari. Shayton Yahovaning benuqson xizmatchisi Ayubni ayblagan. Shu yo‘sin, u Yahovaning barcha sadoqatli topinuvchilari Unga xudbin niyatlari tufayli xizmat qilishini aytgan. (Ayub 1:8–11; 2:3–5) Iblis ayblovlaridan hozirgacha tingani yo‘q. (Vah. 12:10) Qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lish va Yahovani sevganimiz uchun Unga sodiq qolish orqali Shayton yolg‘onchi ekanini isbotlashga hissa qo‘sha olamiz. Ayub kabi biz ham sabr-bardosh qilganimiz uchun baraka olamiz. (Yoqb. 5:11)

9 Shayton Yahovani shafqatsiz va azob-uqubatlarga sababchi qilib ko‘rsatishda soxta din rahbarlaridan foydalanyapti. Ba’zilar hatto bolalar hayotdan ko‘z yumsa, osmonda ko‘proq farishtalar kerak bo‘lgani uchun Xudo ularni O‘z huzuriga olib ketadi, deb aytadi. Axir bu g‘irt yolg‘on-ku! Biroq Yahova sevuvchi Ota ekanini bilamiz. Jiddiy kasallikka yo‘liqsak yoki yaqinimiz hayotdan ko‘z yumsa, hech qachon Xudoni ayblamaymiz. Aksincha, kuni kelib U barcha narsani o‘z o‘rniga qo‘yishiga ishonamiz. Tinglashga tayyor bo‘lgan har bir insonga Yahova mehribon Xudo ekanini aytishimiz mumkin. Shunda Yahova Uni mazax qiluvchilarga bemalol javob bera oladi. (Hik. 27:11)

10. Zabur 22:23, 24 dan Yahova to‘g‘risida nimani bilib olyapmiz?

10 Qadrli xizmatchilarining azob-uqubatlari. Yahova rahmdil Xudodir. Qiyinchiliklar, ehtimol, quvg‘un, kasallik yoki nomukammalligimiz dastidan azob chekkanimizni ko‘rish Yahovaga og‘ir botadi. (Zabur 22:23, 24 ni o‘qing.) Yahova og‘rig‘imizni his qilyapti, U bunga chek qo‘ymoqchi va buni albatta qiladi. (Chiqish 3:7, 8; Ishayo 63:9 ni solishtiring.) Shunday kun keladiki, Yahova ko‘zlarimizdagi «har qanday yoshni artib oladi. O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi». (Vah. 21:4)

11. Hayotdan ko‘z yumgan sadoqatli xizmatchilarga kelsak, Yahova nimalarni his qilyapti?

11 U do‘stlaridan ayrilgan. Yahova hayotdan ko‘z yumgan sadoqatli xizmatchilariga kelsak, nimalarni his qilyapti? U ularni yana ko‘rishga mushtoq. (Ayub 14:15) Yahova do‘sti Ibrohimni qanchalar sog‘inganini tasavvur qila olasizmi? (Yoqb. 2:23) U «yuzma-yuz so‘zlashgan» Muso haqida-chi, nima desa bo‘ladi? (Chiq. 33:11) Qolaversa, Yahova Dovud va boshqa sano bastakorlari kuylagan chiroyli madhlarni eshitishni juda qo‘msagandir. (Zab. 104:33) Yahovaning bu do‘stlari o‘lim uyqusiga ketgan bo‘lsa-da, U ularni unutmagan. (Ishayo 49:15) U ularning shaxsiyatiga xos barcha tafsilotlarni yodida saqlamoqda. Muqaddas Kitobda yozilishicha, Xudo uchun «ularning hammasi tirikdir». (Luqo 20:38) Bir kun kelib Xudo ularni hayotga qaytaradi va yana ularning chin dildan qilgan ibodatlarini tinglab, topinishini qabul qiladi. Yaqiningiz hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, mazkur fikrlar sizni yupatishi va tasalli baxsh etishi mumkin.

12. Ushbu so‘nggi yovuz kunlarda, ayniqsa, nima Yahovani qayg‘uga solyapti?

12 Razil odamlar boshqalarga zarar yetkazyapti. Adan bog‘ida isyon boshlanganda Yahova vaziyat yaxshilanishidan oldin yomonlashishini bilgan. Yahova bu dunyodagi yovuzlik, adolatsizlik va zo‘ravonlikdan nafratlanadi. U, ayniqsa, zaif, kuchsiz, himoyasiz va yetim-u bevalarga hamdardlik ko‘rsatib kelyapti. (Zakr. 7:9, 10) Yahova sadoqatli xizmatchilari ta’qib qilinayotganini va qamoqqa tashlanayotganini ko‘rishdan juda qayg‘uda. Shunga amin bo‘lingki, Yahova U bilan sabr-bardosh qilib kelayotgan barchangizni yaxshi ko‘radi.

13. Odamlar Xudoning nazarida qanday tanazzulga uchragan va U bu borada qanday chora ko‘radi?

13 Insoniyat oilasining axloqiy tanazzulga uchrashi. Xudoga monand qilib yaratilgan insonlar axloqsiz ishlarga qo‘l urganda, Shayton zavqlanadi. Nuhning davrida odamlar «qabihlikka botib ketganini» ko‘rganida, «Yahova yer yuzida insonni yaratganiga achinib, qalbi ezilib ketdi». (Ibt. 6:5, 6, 11) Xo‘sh, o‘shandan beri vaziyat yaxshilandimi? Aslo. Iblis jinsiy axloqsizlikning barcha turi, jumladan, o‘zga jinsdagi va jinsdosh odamlar orasidagi axloqsiz ishlar keng tarqalayotganini ko‘rib, rosa quvonayotgandir-a?! (Efes. 4:18, 19) Shayton, ayniqsa, Xudoning xizmatchilarini gunoh tuzog‘iga ilintira olsa, juda suyunadi. Yahovaning sabr kosasi to‘lganida, U axloqsiz xulqdan qay darajada nafratlanishini ko‘rsatadi.

14. Odamlarning xatti-harakati yer yuzi va hayvonlarga qanday ta’sir qilyapti?

14 Tabiatga yetkazilayotgan zarar. Nafaqat «insonning inson ustidan hukmronlik qilayotgani» zarar keltiryapti, balki Yahova ularga ishonib topshirgan yer va hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilinmayapti. (Voiz 8:9; Ibt. 1:28) Ayrim olimlarning aytishicha, odamlarning xatti-harakati dastidan hayvonlar va o‘simliklarning bir milliondan oshiq turi yaqin bir necha yil davomida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Ular bejizga tabiat jar yoqasida, deb aytmayapti. Biroq quvonarlisi shuki, Yahova «yerni xarob etuvchilarni xarob qilishini» va butun yer yuzini jannatga aylantirishini va’da qilgan. (Vah. 11:18; Ishayo 35:1)

YAHOVANING SABR-BARDOSHIDAN QANDAY SABOQ OLYAPMIZ?

15, 16. Yahova kabi sabr-bardosh qilishga bizni nima undashi kerak? Misol keltiring.

15 Samoviy Otamiz minglab yillar davomida og‘riq keltiradigan barcha muammolarga sabr-bardosh qilib kelayotgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. (« Yahova nimalarga sabr-bardosh qilyapti?» nomli ramkaga qarang.) Yahova bu yovuz dunyoga istagan paytda chek qo‘ya olardi. Lekin Uning sabri biz uchun barakaga aylandi. Buni tasavvur qilish uchun quyidagi misolni ko‘z oldingizga keltiring. Aytaylik, bir juftlikka tug‘ilmagan farzandida jiddiy jismoniy muammolar borligi, tug‘ilsa-da, hayot kechirish unga oson bo‘lmasligi va bevaqt o‘lishi aytildi. Juftlik bu ularga oson bo‘lmasligini bilsa ham bolasining tug‘ilishidan baxtiyor bo‘ladi. Ular bolasini sevgani sababli u uchun iloji boricha eng yaxshi sharoitlarni yaratib berish niyatida har qanday qiyinchilikka bardosh qiladi.

16 Shu singari, Odamato va Momohavoning barcha avlodlari dunyoga kelganida nomukammal bo‘ladi. Shunda ham Yahova ularni sevadi va ularga g‘amxo‘rlik qiladi. (1 Yuhan. 4:19) Misoldagi juftlikdan farqli ravishda, Yahova vaziyatni o‘zgartira oladi. U odamlar boshidan kechirayotgan barcha qiyinchilikka chek qo‘yadigan kunni belgilab qo‘ygan. (Mat. 24:36) Yahovaning sevgisi bizni ham qancha kerak bo‘lsa, shuncha sabr-bardosh qilishga undayapti, shunday emasmi?!

17. Qay yo‘sin Ibroniylarga 12:2, 3 dagi Isoning misoli sabr-bardoshli bo‘lib qolishimizga ko‘maklashadi?

17 Sabr-bardoshli bo‘lishda Yahova eng a’lo o‘rnakdir. Iso Otasining sabr-bardoshiga taqlid qilgan. Iso bizni deb haqoratlangan, sharmanda qilingan va azob ustuniga osilgan. (Ibroniylarga 12:2, 3 ni o‘qing.) Shubhasizki, Yahovaning sabr-bardosh borasidagi o‘rnagi Isoga sabr qilishga kuch bergan. Bu bizga ham kuch berishi mumkin.

18. Yahova sabrini namoyon etayotgani nimaga yo‘l ochyapti? (2 Butrus 3:9)

18 Butrusning ikkinchi maktubi 3:9 ni o‘qing. Yahova bu yovuz dunyoga chek qo‘yishning maqbul paytini biladi. Xudo sabrli bo‘lgani tufayli Unga topinadigan va Uni madh etadigan millionlab odamlardan iborat ulkan olomon yig‘ilishiga yo‘l ochildi. Ularning barchasi Yahovaning sabr-bardoshi uchun minnatdor. Sababi, bu tufayli ular dunyoga keldi, Uni sevishga o‘rgandi va o‘zini Unga bag‘ishladi. Yahova oxirigacha bardosh qilgan millionlab odamlarni quvonch ila mukofotlaydi. O‘shanda U sabrini namoyon etgani oqilona qaror bo‘lgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

19. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim va bu qanday mukofot keltiradi?

19 Yahovadan quvonch ila sabr-bardosh qilishni o‘rganyapmiz. Shayton keltirib chiqarayotgan barcha muammolar-u azob-uqubatlarga qaramay, Yahova «baxtiyor Tangri» bo‘lib qolmoqda. (1 Tim. 1:11) Yahovaning ismi muqaddas bo‘lishini, Uning hukmdorligi oqlanishini, barcha yovuzliklarga chek qo‘yilishini hamda hozirgi muammolarga barham berilishini sabr ila kutar ekanmiz, biz ham quvonchni saqlay olamiz. Keling, samoviy Otamiz ham sabr-bardoshli ekanini yodda tutgan holda, sabr-bardoshli bo‘lish va boshqalarga tasalli berish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Shunday qilsak, mazkur so‘zlar har birimizda amalga oshadi: «Sinovlarni sabr-toqat bilan boshdan kechirayotgan inson baxtlidir. Zero u Yahovaning marhamatiga ega bo‘lib, Uni sevganlarga va’da qilgan hayot tojini oladi». (Yoqb. 1:12)

139-QO‘SHIQ Yangi dunyoga sayr etaylik

^ 5- x.b. Barchamiz turli muammolarni boshdan kechiryapmiz. Ayni paytda ularning ko‘piga yechim yo‘q. Faqat sabr-bardosh qilishimiz kerak. Lekin yolg‘iz emasmiz, Yahova ham ko‘p narsaga sabr-bardosh qilyapti. Ushbu maqolada ulardan to‘qqiztasini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, Yahovaning sabr-bardoshi natijasida nimalarga erishilganini va Uning o‘rnagidan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.