Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28-TADQIQ MAQOLASI

Raqobatga undovchi ruhdan qochib, tinchlik payida bo‘ling

Raqobatga undovchi ruhdan qochib, tinchlik payida bo‘ling

Manmanlik qilmaylik, bir-birimizni raqobatga undamaylik va hasad qilmaylik. GALAT. 5:26

101-QO‘SHIQ Bahamjihat xizmat qilaylik

BU MAQOLADA *

1. Raqobat ruhi odamlarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

BUGUNGI kundagi ko‘pgina odamlar raqobat ruhi tufayli xudbinlarcha yo‘l tutadi. Tadbirkor boshqalardan ilgarilab ketish uchun hiyla-nayrang ishlatar. Sportchi musobaqada g‘olib chiqish maqsadida boshqa jamoadagi o‘yinchiga atayin jarohat yetkazishi mumkin. Abiturient obro‘li o‘quv yurtiga kirish uchun g‘irromlik qilishi hech gap emas. Biz masihiy sifatida bunday qilish noto‘g‘ri ekanini tushunamiz; bu «tana ishlari»ga kiradi. (Galat. 5:19–21) Biroq Yahovaning ba’zi xizmatchilari hatto bilmagan holda jamoatda raqobat ruhini keltirib chiqarishi mumkinmi? Bu muhim masala, sababi raqobat ruhi birodarligimizning yakdilligiga ta’sir qilishi mumkin.

2. Ushbu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

2 Mazkur maqolada imondoshlarimiz orasida raqobat ruhini keltirib chiqaradigan illatlarni muhokama qilamiz. Shuningdek, raqobat ruhiga berilmagan qadimgi sadoqatli erkag-u ayollarning misollariga e’tibor beramiz. Avvaliga keling, qay yo‘sin niyatlarimizni tekshirish haqida gap yuritaylik.

NIYATLARINGIZNI TEKSHIRING

3. O‘zimizga qaysi savollarni berishimiz kerak?

3 Vaqti-vaqti bilan niyatlarimizni tekshirish yaxshidir. O‘zimizdan shunday deb so‘rarmiz: «O‘zimni boshqalar bilan solishtirib qadr-qimmatimni o‘lchayapmanmi? Jamoatda eng zo‘r bo‘lishni istaganim yoki hech bo‘lmaganda qaysidir imondoshdan yaxshiroq ko‘rinishni xohlaganim uchun biron nima qilamanmi? Yoki shunchaki Yahovaga eng yaxshisini berishni istayapmanmi?» Nega bu savollarni o‘zimizga berishimiz kerak? Xudoning Kalomida nima deyilganiga e’tibor bering.

4. Nima uchun o‘zimizni boshqalar bilan solishtirmasligimiz kerak? (Galatiyaliklarga 6:3, 4)

4 Muqaddas Kitob o‘zimizni boshqalar bilan solishtirmaslikka undayapti. (Galatiyaliklarga 6:3, 4 ni o‘qing.) Qiziq, nega? Bir tarafdan o‘zimizni birodarimizdan yaxshiroq, deb o‘ylasak, mag‘rurlikka berilishimiz hech gap emas. Boshqa tarafdan esa ular bizdan yaxshiroq, deb o‘ylasak, bu bizni tushkunlikka tushirishi turgan gap. Ha, ikkala vaziyatda ham aqli rasolikni namoyon etmagan bo‘lamiz. (Rim. 12:3) Gretsiyadagi Katerina * quyidagicha bo‘lishdi: «O‘zimni mendan chiroyliroq, xizmatda samaraliroq va osongina do‘st orttiradiganlar bilan solishtirardim. Natijada o‘zimni arzimas his qila boshladim». Darhaqiqat, shuni unutmasligimiz kerakki, Yahova chiroyimiz, yaxshi notiq bo‘lganimiz yoki hamma bizni yaxshi ko‘rgani uchun O‘ziga jalb qilmagan. Aksincha, Uni sevishga va O‘g‘liga quloq solishga tayyor bo‘lganimiz tufayli haqiqatga jalb qilgan. (Yuhan. 6:44; 1 Kor. 1:26–31)

5. Xyun ismli birodarning misolidan nimani o‘rgandingiz?

5 O‘zimizdan yana shunday deb so‘rashimiz mumkin: «Boshqalar meni tinchliksevar inson deb biladimi? Yoki tez-tez bahs-munozaralar o‘chog‘idamanmi?» Keling, Janubiy Koreyada yashovchi Xyun ismli birodarimizning misoliga diqqat qarataylik. Muayyan vaqt davomida u sharafli vazifalarga ega ba’zi birodarlarni raqibi sifatida ko‘rgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Men bunday birodarlarni tanqid qilardim va tez-tez fikriga qo‘shilmasdim». Natijasi nima bo‘ldi? U quyidagicha tan oldi: «Nuqtai nazarim jamoatda bo‘linish yuz berishiga sabab bo‘ldi». Xyunning ba’zi do‘stlari muammo nimada ekanini tushunishga yordam berdi. Xyun kerakli o‘zgarishlarni kiritdi va u hozirda mehribon oqsoqol sifatida xizmat qilyapti. Agar o‘zimizda tinchlik emas, raqobat ruhini keltirib chiqarish moyilligini sezsak, darhol harakat qilishimiz kerak.

XUDBINLIK VA HASADGA QARSHI TURING

6. Galatiyaliklarga 5:26 ga binoan, qaysi illatlar raqobat ruhini keltirib chiqaradi?

6 Galatiyaliklarga 5:26 ni o‘qing. Qaysi illatlar raqobat ruhini keltirib chiqaradi? Ulardan biri — xudbinlik. Xudbin inson mag‘rur bo‘ladi va faqat o‘zini o‘ylaydi. Yana bir illat — hasad. Hasadgo‘y inson nafaqat boshqasi ega bo‘lgan narsani xohlaydi, balki uni o‘sha narsadan mahrum etishni istaydi. Darvoqe, hasad nafratning bir ko‘rinishidir. Shubhasizki, o‘latga o‘xshagan bu illatlardan qochishni istaymiz.

7. Qaysi misol xudbinlik va hasad yomon ekanini ko‘rsatyapti?

7 Xudbinlik va hasad kabi illatlarni samolyot yonilg‘isiga qo‘shilgan iflos narsaga o‘xshatsa bo‘ladi. Samolyot havoga ko‘tarilar, ammo o‘sha iflos narsa yonilg‘i o‘tadigan quvurni to‘sib qo‘yishi mumkin. Natijada samolyot qo‘nish oldidan kuchini yo‘qotadi va halokatga uchraydi. Shu singari, odam muayyan vaqt davomida Yahovaga xizmat qilishi mumkin, biroq u buni xudbinlik va hasad tufayli qilsa, halokatga yo‘liqadi. (Hik. 16:18) U Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatadi va nafaqat o‘ziga, balki boshqalarga ham zarar keltiradi. Qay yo‘sin xudbinlik va hasadga qarshi tura olamiz?

8. Qay yo‘sin xudbinlikka qarshi tura olamiz?

8 Havoriy Pavlusning filippiliklarga aytgan quyidagi maslahatini yodda tutib, xudbinlikka qarshi kurasha olamiz. «Hech narsani izzattalablik yoki manmanlik bilan qilmay, aksincha, kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar». (Filip. 2:3) Boshqalarni o‘zimizdan ustun qo‘ysak, bizdan qobiliyatliroq va iste’dodliroq bo‘lgan imondoshlar bilan raqobatlashmaymiz. Aksincha, ular uchun xursand bo‘lamiz. Ular bu qobiliyatlaridan Yahovani sharaflash uchun Unga xizmat qilish yo‘lida foydalanganda, rosa quvonamiz. O‘z navbatida, qobiliyatli birodar-u opa-singillarimiz Pavlusning maslahatiga amal qilsa, bizning yaxshi fazilatlarimizni ko‘ra oladi. Natijada jamoatda tinchlik va birlik hukm surishiga barchamiz hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

9. Hasad qilish moyilligimizdan qay yo‘sin qocha olamiz?

9 Imkoniyatlarimiz chegaralanganini esda saqlab, hasad qilish moyilligimizni nazorat qila olamiz. Agar imkoniyatlarimiz chegaralanganini tan olsak, boshqalardan ko‘ra iqtidorliroq yoki qobiliyatliroq ekanimizni isbotlashga intilmaymiz. Aksincha, diqqatimizni bizdan qobiliyatliroq bo‘lganlardan nimani o‘rganishimiz mumkinligiga qaratamiz. Deylik, jamoatingizda birodar zo‘r nutqlar bilan chiqadi. Biz undan nutqlarga qay yo‘sin tayyorgarlik ko‘rishini so‘rasak bo‘ladi. Opamiz yaxshi pazanda bo‘lsa, undan bu sohada yaxshilanishimizga yordam beradigan maslahatlarni so‘rarmiz. Yosh masihiy do‘st orttirishga qiynalayotgan bo‘lsa, osonlikcha do‘stlashib ketadigan imondoshdan yordam so‘rashi mumkin. Shu yo‘sin, hasadgo‘ylikdan qocha olamiz va qobiliyatlarimizni yaxshilaymiz.

MUQADDAS KITOBDAGI MISOLLARDAN SABOQ OLING

Gido‘n kamtarin bo‘lgani uchun efrayimliklar bilan tinchlik o‘rnatdi (10–12-xatboshilariga qarang.)

10. Gido‘n qanday qiyinchilikka duch keldi?

10 Keling, Manashe qabilasidan bo‘lgan Gido‘n va Efrayim qabilasidan bo‘lgan erkaklar bilan bog‘liq bir voqeani ko‘rib chiqamiz. Yahovaning yordami bilan Gido‘n va uning 300 ta odami ajoyib g‘alabaga erishdi va bu tufayli mag‘rurlikka berilishi mumkin edi. Efrayim erkaklari Gido‘nni maqtash emas, balki janjallashish niyatida u bilan uchrashdi. Gido‘n Xudo dushmanlariga qarshi kurashda efrayimliklarni boshidanoq taklif qilmagani uchun ularning jahli chiqqandi. Ular qabilasining obro‘yini himoyalashga haddan ortiq diqqat qaratgani uchun muhimroq masalani — Gido‘n Yahovaning ismini sharaflashga va Uning xalqini himoyalashga yordam berganini unutib qo‘ydi. (Hak. 8:1)

11. Gido‘n Efrayim erkaklariga nima dedi?

11 Gido‘n kamtarlik ila Efrayim erkaklariga shunday dedi: «Sizlar bilan solishtirganda men nima qildim?» So‘ng u Yahova ularga qay yo‘sin baraka berganini ko‘rsatuvchi aniq misol keltirdi. Natijada erkaklar «tinchlanib qoldi». (Hak. 8:2, 3) Gido‘n Xudo xalqining orasida tinchlikni saqlash maqsadida tayyorlik ila mag‘rurlikni chetga surdi.

12. Efrayimliklar va Gido‘nning misolidan qanday saboqlar olyapmiz?

12 Xo‘sh, mazkur voqeadan qanday saboq olyapmiz? Efrayimliklarning misolidan shuni o‘rganishimiz mumkinki, obro‘yimizni himoya qilishga emas, balki Yahovani sharaflashga ko‘proq diqqat qaratishimiz kerak. Oila boshi va oqsoqollar sifatida Gido‘ndan o‘rnak olishimiz mumkin. Bordi-yu, kimdir qilgan ishimizdan ranjisa, vaziyatga uning nuqtai nazari bilan qarab ko‘rishimiz lozim. O‘sha insonni qilgan biron yaxshi ishi uchun maqtasak bo‘ladi. Ayniqsa, u nohaq bo‘lsa, kamtar bo‘lishimiz talab qilinadi. Lekin haq ekanimizni isbotlashdan ko‘ra, imondoshlarimiz bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lish muhimroqdir.

Xanna Yahovaga tayangani uchun ichki xotirjamlikni his qila oldi (13-, 14-xatboshilariga qarang.)

13. Xanna qanday qiyinchilikka duch keldi va uni qay yo‘sin yengdi?

13 Xannaning misoli borasida ham bir o‘ylab ko‘ring. U uni qattiq sevadigan Levi qabilasidan bo‘lgan Elqanaga turmushga chiqqandi. Biroq Elqananing Paninna ismli boshqa xotini ham bor edi. Elqana unga qaraganda Xannani ko‘proq sevardi. Lekin «Paninnaning farzandlari bor edi, ammo Xanna befarzand edi». Shu sababdan, Paninna uni mazax qilib, «tinmay dilini og‘ritardi». Xanna o‘zini qanday his qildi? U qattiq ozor chekkanidan «yig‘lab, tuz ham totmadi». (1 Shoh. 1:2, 6, 7) Ammo Muqaddas Kitobda Xanna qaysidir yo‘l orqali Paninnadan qasos olishga harakat qilgani to‘g‘risida aytilmagan. Aksincha, u qalbidagilarni Yahovaga to‘kib-solgan hamda vaziyatni o‘nglashiga ishongan. Paninnaning Xannaga nisbatan nuqtai nazari o‘zgardimi? Bu borada Muqaddas Kitobda hech narsa yozilmagan. Biroq Xanna yana ichki xotirjamlikka ega bo‘lganini va uni saqlaganini bilamiz. Zero, Muqaddas Kitobda: «Uning chehrasi ochiq edi»,— deb yozilgan. (1 Shoh. 1:10, 18)

14. Xannaning misolidan qanday saboq olyapmiz?

14 Xannaning misolidan qanday saboq olyapmiz? Bordi-yu, kimdir siz bilan raqobatlashishga harakat qilsa, unutmang, vaziyatni nazorat qilish sizning qo‘lingizda. Bu raqobatga berilish yo berilmaslikni o‘zingiz hal qilasiz. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmang, aksincha, o‘sha inson bilan tinchlikni o‘rnatishga intiling. (Rim. 12:17–21) Hatto u o‘zgarmasa ham siz ichki xotirjamligingizni saqlaysiz va quvonchingizni yo‘qotmaysiz.

Apollos va Pavlus Yahova voizlik ishiga baraka berishini tushungani uchun raqobatlashmagan (15–18-xatboshilariga qarang.)

15. Apollos hamda Pavlusning qanday o‘xshash tomonlari bor edi?

15 Nihoyat, keling, Apollos hamda havoriy Pavlusning misollaridan nimani o‘rganishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik. Ikkalasi ham Muqaddas Yozuvlarni yaxshi bilgan. Ular taniqli bo‘lgan va ajoyib tarzda ta’lim bergan. Ikkovi ko‘plab shogirdlar tayyorlashda yordamlashgan. Biroq ular bir-birini raqib deb bilmagan.

16. Apollos qanday odam bo‘lgan?

16 Apollos «iskandariyalik» edi. Mil. birinchi asrda Iskandariya o‘quv dargohlarining markazi bo‘lgan. Aftidan, Apollos qobiliyatli notiq bo‘lgan va «Muqaddas Yozuvlarni yaxshi bilgan». (Havor. 18:24) U Korinfda muayyan vaqt o‘tkazgach, jamoatdagi ba’zilar uni boshqa birodarlardan, jumladan, Pavlusdan ustun qo‘yayotganini ochiq-oydin ko‘rsatgan. (1 Kor. 1:12, 13) Xo‘sh, Apollos bu jamoatda bo‘linishlar keltirib chiqarishiga yo‘l qo‘ydimi? Buni tasavvur qilish qiyin. Darvoqe, Apollos Korinfni tark etganidan muayyan vaqt o‘tgach, Pavlus uni u yerga qaytishga undagan. (1 Kor. 16:12) Bordi-yu, Pavlus Apollos jamoatda bo‘linishlar yuzaga kelishiga sababchi bo‘lyapti, deb o‘ylaganida bunday qilmagan bo‘lardi. Darhaqiqat, Apollos qobiliyatlaridan to‘g‘ri yo‘lda, ya’ni xushxabarni va’z qilish va birodarlarini mustahkamlash uchun foydalandi. Shubhasizki, u kamtarin inson bo‘lgan. Masalan, Akila va Priskilla unga «Allohning yo‘lini aniqroq tushuntirib berishganida», u xafa bo‘lgani haqida Muqaddas Kitobda aytilmagan. (Havor. 18:24–28)

17. Qay yo‘sin Pavlus tinchlik payida bo‘lgan?

17 Havoriy Pavlus Apollos qilgan yaxshi ishlardan xabardor edi. Biroq u odamlar Apollosni undan yaxshiroq deb bilishidan xavotirlanmagan. Pavlus kamtarin va mulohazakor bo‘lgani, imkoniyatlari cheklanganini tan olgani Korinf jamoatiga bergan maslahatidan ko‘rinyapti. U odamlar: «Men Pavlusning shogirdiman»,— deb aytishini yoqtirmagan. Aksincha, u barcha diqqatni Tangri Yahovaga hamda Iso Masihga qaratgan. (1 Kor. 3:3–6)

18. Apollos va Pavlusning misollaridan qanday saboq olyapmiz? (1 Korinfliklarga 4:6, 7)

18 Apollos va Pavlusning misollaridan qanday saboq olyapmiz? Yahova uchun jon kuydirib mehnat qilishimiz va ko‘plarga suvga cho‘mishga yordam berishimiz mumkin. Ammo shuni tushunamizki, faqatgina Yahovaning yordamida muvaffaqiyatga erishamiz. Apollos va Pavlusning misollaridan yana bir narsani o‘rganyapmiz. Jamoatda vazifalarimiz qancha ko‘p bo‘lsa, tinchlik payida bo‘lish uchun shuncha ko‘p hissa qo‘shish imkoniyatiga egamiz. Tayinlangan birodarlar maslahatini Xudoning Kalomiga asoslab, diqqatni o‘ziga emas, balki namunamiz bo‘lgan Iso Masihga qaratib tinchlik payida bo‘layotgani va birlikni olg‘a surayotgani uchun ulardan juda minnatdormiz. (1 Korinfliklarga 4:6, 7ni o‘qing.)

19. Har birimiz nima qila olamiz? (« Raqobat ruhidan qoching» nomli ramkaga ham qarang.)

19 Har birimizda Xudo in’om etgan iste’dod yoki qobiliyat bor. Ulardan foydalanib, bir-birimizga «xizmat qilishimiz» mumkin. (1 Butr. 4:10) Bajarayotgan ishimiz biz uchun uncha muhimday ko‘rinmas. Biroq kiyim mayda choklar yordamida bir butun bo‘lganiday, kichik harakatlarimiz ham birlik saqlanishiga ko‘maklashadi. Keling, raqobat ruhi kabi tuzoqqa tushib qolmaslik uchun jon kuydirib harakat qilaylik. Jamoatda tinchlik va birlik hukm surishi uchun qo‘limizdan kelganini qilishga bel bog‘laylik. (Efes. 4:3)

80-QO‘SHIQ «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»

^ 5- x.b. Yoriqlari bor sopol idish tezda parchalanganiday, jamoatda ham raqobat ruhi hukm sursa, unda bo‘linishlar yuz beradi. Jamoat mustahkam va yakdil bo‘lmasa, u yerda tinchlik ila Xudoga topinishning imkoni bo‘lmaydi. Ushbu maqolada nega raqobatga undovchi ruhdan qochishimiz kerakligi hamda jamoatda tinchlikni olg‘a surish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ 4- x.b. Ismlar o‘zgartirilgan.